Bosh sahifa Blog Sahifa 13

Oracle O‘zbekistonda bulutli xizmatlarni joriy qilishi mumkin

0

AQSHning Oracle kompaniyasi O‘zbekistonda bulutli xizmatlarni joriy qilishi mumkin. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi xabar berdi.

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov AQSHga xizmat safari doirasida Oracle kompaniyasining hukumat ishlari bo‘yicha boshqaruvchi direktori Ellison O‘Brayen bilan uchrashdi

Uchrashuvda “O‘zbekiston-2030” raqamli transformatsiya strategiyasi, mamlakatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish va bulutli texnologiyalar bozori masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Tomonlar bulutli xizmatlarni nafaqat O‘zbekistonda, balki butun Markaziy Osiyoda keng joriy etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.

Bu, o‘z navbatida, raqamli iqtisodiyotni jadal rivojlantirish, IT-xizmatlar eksportini oshirish va mahalliy startap ekotizimini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.

2025-yil yanvar oyida orezident “bulutli” (Cloud) texnologiya asosida ishlovchi ma’lumotlarni qayta ishlash markazini yaratish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishni topshirgandi.

Unga ko‘ra, bu bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi, Markaziy bank, Adliya vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Kiberxavfsizlik markaziga topshiriq berildi. 2025-yilning mart oyigacha amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilandi.

Bunda takliflar shaxsga doir hamda maxfiy ma’lumotlarni va bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni axborot xavfsizligi hamda kiberxavfsizlikni ta’minlagan holda ishlab chiqilishi belgilangan.

Dekabr oyida prezidentning tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan yig‘ilishida “TBC Bank Group»ning xalqaro biznes bo‘limi rahbari Oliver Xyuz davlat rahbariga bank ma’lumotlarini saqlash talablarini yumshatish taklifini bildirgandi.

Oliver Xyuz banklarga o‘rnatilgan shaxsga doir va bank ma’lumotlarini saqlash bo‘yicha qat’iy talablar mamlakatda texnologik kompaniyalarning rivojlanishiga to‘sqinlik qilishi mumkinligini qayd etdi.

Undan keyin, 27-dekabr kuni prezident huzurida bo‘lib o‘tgan sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha taqdimotda 2025-yilda Buxoro, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida “bulutli” ma’lumotlar markazi ishga tushirilishi ma’lum qilindi.

Oracle— bulutli infratuzilma (OCI), korporativ dasturiy ta’minot (ERP, HCM, SCM) va relyatsion ma’lumotlar bazasini boshqarishning flagman tizimiga ixtisoslashgan yetakchi transmilliy texnologiya kompaniyasidir. 1977-yilda tashkil etilgan kompaniya bank, sog‘liqni saqlash va chakana savdo kabi sohalar uchun sun’iy intellektga asoslangan, integratsiyalashgan bulutli ilovalarni taqdim etadi.

O‘zbekistonda yangi xarid qilingan uy-joy uchun keshbek qaytarish bo‘yicha taklif ishlab chiqildi

0

O‘zbekistonda yangi qurilgan uylardan ko‘chmas mulk sotib olinganda keshbek joriy etish taklifi ishlab chiqildi. Bu haqda 27-mart kuni Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jahongir Abdiyev media-muloqotda ma‘lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tayyorlangan hujjat loyihasiga yangi uylardan ko‘chmas mulk xarid qilinganda to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘ining bir qismini qaytarish taklifi kiritilgan. Hozirda hujjatning tartibi va tafsilotlari muhokama qilinmoqda, yakuniy bosqichga yaqinlashgan.

“Faqatgina aniq tartibni belgilab beradigan ayrim tafsilotlar qoldi: QQSni qaytarish foizi, qiymatning qaysi qismiga, qaysi uylarga nisbatan qo‘llanishi va aynan qachon — qabul qilish-topshirish dalolatnomasi deb ataladigan xavfsizlik talablariga muvofiqlik to‘g‘risidagi xulosa olingandan keyinmi yoki to‘lov amalga oshirilgan vaqtdami, degan masala qolgan. Bu jihatlar muhokama bosqichida. O‘ylaymanki, yaqin kunlarda ushbu keshbekka oid hujjatlar e‘lon qilinadi”, — dedi Abdiyev.

Spot muxbirining qaytarish miqdori haqidagi aniqlashtiruvchi savoliga javoban Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari foiz stavkasi bo‘yicha hali aniq taklif yo‘qligini, hukumat esa 3−4 ta variantni ko‘rib chiqayotganini ta‘kidladi.

Uning aytishicha, QQS qaytarilishi, odatda, 3−6% ni tashkil etadigan samarali foiz stavkasiga yaqin miqdordan kelib chiqib hisoblanadi. “Ammo bu masala bo‘yicha yakuniy qaror hali qabul qilinmadi”, — deya ta‘kidladi mansabdor shaxs.

2025-yil dekabr oyida Shavkat Mirziyoyev naqd pulsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan edi. Hujjatda yashirin iqtisodiyotni qisqartirish bo‘yicha birinchi navbatdagi choralar qatorida fuqarolar tomonidan qurilish tashkilotlaridan yangi ko‘p qavatli uylardagi turar va noturar joylarni banklar orqali sotib olishda to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasining bir qismini keshbek sifatida qaytarish ko‘zda tutilgan.

2026-yil 1-fevralga qadar Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Soliq qo‘mitasi hamda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligiga uy-joy xaridida keshbek joriy etish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritish topshirilgan edi.

O‘tgan yozda Savdo-sanoat palatasi rahbari Davron Vahobov fuqarolarga uy-joy sotib olishda soliq keshbekini joriy etish masalasi ko‘rib chiqilayotganini ma‘lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, uy-joylarning atigi 10% ga yaqini QQS bilan, qolgan 90%i esa QQSsiz sotib olinmoqda.

“Jismoniy shaxslar uchun 4−5% lik [soliq] keshbekini joriy etish haqida o‘y-fikrlar bor, shunda ular quruvchiga murojaat qilib, [oldi-sotdi bitimi summasidan] 5−6% miqdorida keshbek olish uchun hisobvaraq-fakturani talab qilishadi. Balki bu [qurilishdagi yashirin iqtisodiyot bilan bog‘liq] vaziyatni o‘zgartirishga yordam berar?”, — deya savol bilan yuzlandi u.

2026-yil 1-apreldan boshlab qiymati 25 mln so‘mdan yuqori bo‘lgan barcha tovar va xizmatlar uchun to‘lovlar faqat bank kartalari hamda to‘lov servislar orqali qabul qilinishi shart. Shuningdek, ko‘chmas mulk xaridi ham faqat naqd pulsiz shaklda amalga oshiriladi.

Janubiy Koreyada «Vatandoshlar» xalqaro biznes marafoni ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi!

0

Joriy yilning 26-mart kuni Janubiy Koreya poytaxti Seul shahrida «Vatandoshlar» xalqaro biznes marafoni bo’lib o’tdi.

Mazkur tadbir nafaqat biznes aloqalarni mustahkamlash, balki vatandoshlar o‘rtasida samimiy muloqot maydonini yaratish maqsadida tashkil etildi.

Tadbir davomida tajribali spikerlar o‘z muvaffaqiyat sirlari va biznes strategiyalari bilan o‘rtoqlashdi. B2B uchrashuvlar o‘tkazilib, tadbirkorlar o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlik kelishuvlariga erishildi.

Savol-javob sessiyasi yoshlar uchun ayni muddao bo‘ldi — ular o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri javob olishdi.

Tadbirning badiiy qismidagi kuy-qo‘shiqlar barchaga o‘zgacha zavq bag‘ishlab, uchrashuvga bayramona kayfiyat baxsh etdi. Do‘stona va samimiy muhitda o‘tgan ushbu marafon yangi g‘oyalar va kuchli motivatsiya manbai bo‘ldi.

Barcha suratlarni tomosha qilish

O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida o‘zaro savdo 2030-yilgacha $2 mlrdga yetkaziladi

0

26-mart kuni Ko‘ksaroy qarorgohida Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon tor doirada muzokara va Oliy davlatlararo kengashning birinchi yig‘ilishini o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbari Tojikiston prezidentining ushbu davlat tashrifi tarixiy ahamiyatga ega bo‘lib, ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro hurmat rishtalarini mustahkamlashda yana bir muhim qadam ekanini alohida taʼkidladi.

“Bugun biz Oliy davlatlararo kengashning birinchi yig‘ilishini boshlab bermoqdamiz. Ushbu format, shubhasiz, ikki tomonlama hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘taradi, O‘zbekiston — Tojikiston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini amaliy mazmun va ilg‘or tashabbuslar bilan boyitishga xizmat qiladi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Hukumatlar, parlamentlar va idoralar darajasidagi faol va yaqin aloqalar mamnuniyat bilan qayd etildi.

Yig‘ilishda tomonlar hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini batafsil muhokama qilib, ishga solinmagan imkoniyatlardan foydalanish yo‘llarini tahlil qildi hamda o‘zaro manfaatli O‘zbekiston — Tojikiston hamkorligini mustahkamlashga katta surʼat bag‘ishlaydigan bir qator muhim qarorlarni qabul qildi.

O‘zaro savdo hajmini oshirish, sanoat kooperatsiyasini rag‘batlantirish, transport sohasida o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash, suv va energetika xavfsizligini kuchaytirish choralariga alohida eʼtibor qaratildi.

O‘tgan yili tovar ayirboshlash hajmi, eng avvalo, tayyor mahsulotlarni o‘zaro yetkazib berish hisobiga qariyb $1 mlrdga yetdi.

Sanoat, qurilish, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, elektrotexnika, farmatsevtika va boshqa ko‘plab sohalarda qator kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani aytildi. Bugungi kunda ikki mamlakat poytaxtlari o‘rtasida aviareyslar, avtobus va poyezd qatnovlari yo‘lga qo‘yilib, yuk tashish hajmi jadal o‘sib borayotgani qayd etildi.

2030-yilga kelib, o‘zaro savdoni $2 mlrdga yetkazish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Bundan tashqari, tog‘-kon, energetika, qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika, yengil sanoat, qurilish va boshqa sohalardagi loyihalarni o‘z ichiga olgan alohida Sanoat kooperatsiyasi dasturi qabul qilinmoqda.

Istiqbolli loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shma Investitsiya kompaniyasining kapitalini kengaytirish muhimligi taʼkidlandi. Shuningdek, bugun ikki mamlakat hududida yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga start beriladi.

Energetika, suv resurslarini boshqarish, transport va boshqa ko‘plab sohalardagi sheriklik atroflicha ko‘rib chiqilib, hamkorlik istiqbollari belgilab olindi.

Yetakchilar hududlararo aloqalarni yana-da rivojlantirish, gumanitar, taʼlim va ilmiy almashinuvlarni rag‘batlantirishga kelishib oldi.

Yirik diasporalar mavjudligini hisobga olib, madaniy va gumanitar aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha besh yillik chora-tadbirlar rejasini qabul qilish taklif qilindi.

Davlat rahbarlari mintaqaviy kun tartibi va xalqaro siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashdi.

Markaziy Osiyoda ko‘p tomonlama tuzilmalar va mintaqaviy formatlar doirasida yaqin muloqot va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish muhimligi taʼkidlandi. Xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni faollashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Yig‘ilishda Hukumatlararo komissiya hamraislari — ikki mamlakat Bosh vazirlarining hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari yuzasidan hisobotlari tinglandi.

Yakunda erishilgan kelishuvlarning to‘liq amalga oshirilishini taʼminlash uchun keng qamrovli “yo‘l xaritasi” qabul qilinishi belgilandi.

Choʻntak kutubxona: telefonda kitob oʻqish uchun eng qulay 8 ilova

0

Kitobni qo‘lda tutib varaqlash albatta boshqa gap, ammo telefonimiz endi cho‘ntakdagi butun bir kutubxona bo‘lib qolgani ham bor gap, undan foydalanish kerak. O‘zingiz xohlagan joyda, xohlagan vaqtda o‘qish imkoniyati — ajoyib emasmi? Telefon uchun bunday ilovalar juda koʻp, keling shularning ichidan Afisha muharriri versiyasi boʻyicha eng yaxshi 8 tasini koʻrib chiqamiz. Oxirida esa bitta bonus bor.


Mutolaa

Bu ilovani o‘zimizniki deb aytsa bo‘ladi. O‘zbekistonning o‘zida ishlab chiqilgan, elektron, audio va hatto video kitoblar jamlangan platforma. Mutolaa nafaqat klassik adabiyotlar, balki zamonaviy o‘zbek yozuvchilarining yangi asarlarini ham taklif qiladi.

Ko‘z uchun qulay tungi rejim, shriftni kattalashtirish kabi funksiyalari bor. Ilovada premium tarif sotib olish mumkin, u bir nechta qulayliklar beradi: ayrim adabiyotlarni bepul oʻqish, faollikni kuzatib boruvchi statistika, audio kitoblarni oflayn rejimda eshitish imkoniyati va ularga tovushbezak qoʻshish funksiyasi va boshqalar. “Market” boʻlimi orqali ayrim kitoblarni alohida sotib olish mumkin.

Ilovani yuklab olish uchun: Play Market | App Store.


Яндекс Книги

Mashhur Bookmate platformasining Yandex brendi ostidagi versiyasi. Bu yerda elektron va audiokitoblar bir joyda. O‘zbekistonlik foydalanuvchilar uchun eng yaxshi afzalligi katta xalqaro katalog. Shriftlarni sozlash, tungi rejim va kitobni audio shaklga o‘tkazib tinglash imkoniyati bor.

Ilovada bir kitobni audio eshitsang, uning matnli varianti avtomatik sinxronizatiya qilib boriladi. Ya’ni siz oʻqiyotgan joyingizdan audio variantda davom ettirishingiz mumkin boʻladi.

Ilovani yuklab olish uchun: Play Market | App Store.


Litres: Books and Audiobooks

Rossiyadan chiqqan yana bir yirik platforma. Uning o‘ziga xosligi — nafaqat badiiy adabiyot, balki darsliklar, qo‘llanmalar, ilmiy va amaliy kitoblar ham mavjud. Ko‘z uchun qulay boʻlsinga fon rangini o‘zgartirish, shriftni moslash kabi imkoniyatlar mavjud. O‘zbek foydalanuvchilari orasida “audio-kitob” funksiyasi sabab mashhur.

Ushbu ilovada asosan rus tilidagi kitoblar bor. Ilovada xuddi yuqoridagidek funksiya bor: audio va tekst oʻrtasidagi sinxronizatsiya. Unda hatto podkastlar ham tinglash mumkin.

Ilovani yuklab olish uchun: Play Market | App Store.


Google Play Books

Bu ilova Android foydalanuvchilarning ko‘pchiligida allaqachon o‘rnatilgan boʻladi. Kutubxonaga o‘z PDF va EPUB fayllaringni yuklab o‘qish imkoniyati ham bor. “Night Light” funksiyasi kechasi ko‘zni charchatmaydi. Oddiy interfeysi sabab bu ilova ko‘pchilik uchun “birinchi qadam” bo‘lib xizmat qiladi.

Agar telefoningizda ilova boʻlmasa, bu yerdan yuklab olishingiz mumkin.


Apple Books

Navbat “tishlangan olma” foydalanuvchilariga. Ular uchun ham maxsus ilova bor. Ushbu ilova keng kutubxona va imkoniyatlarga ega. Masalan, Books ilovasini bir ekotizimdagi istalgan gadjetda ishlatishingiz mumkin.

Ilovada audiokitoblar va elektron kitoblarni bir joyda topish, sotib olish, tinglash va o‘qish mumkin. Tanlangan to‘plamlar, eng sara audiokitoblar va eng sara elektron kitoblarni ko‘rib chiqishingiz va hatto moslashtirilgan tavsiyalarni olishingiz mumkin. Agar ilovani qurilmangizda topa olmasangiz, bu yerdan yuklab olishingiz mumkin.


Amazon Kindle

Elektron kitob deyilganida eng birinchi esga tushadigan ilova. Kindle’da millionlab kitoblar mavjud. Foydalanuvchilar uchun asosiy afzallik — sinxronizatsiya: masalan, telefonda boshlangan kitobni planshet yoki kompyuterda xuddi shu sahifadan davom ettirish mumkin. Ko‘z uchun sozlamalar juda keng — shrift, fon, satrlar oralig‘i, hatto maxsus “sepia” rejimi ham bor. Xuddi shunday nomdagi bukrider ham bor, buni bilsangiz kerak.

Afsuski, hozirgi kunda bu ilova PlayMarket’da Oʻzbekiston hududi uchun mavjud emas, ammo AppStore orqali yuklab olishingiz mumkin.


ReadEra

Android foydalanuvchilari uchun haqiqiy topilma. Reklamasiz, bepul va ko‘p formatlarni (EPUB, FB2, PDF, DOCX va boshqalar) qo‘llab-quvvatlaydi. Dizayni oddiy, ammo ilovaning oʻzi juda tezkor. Foydalanuvchilar uni “kitobxonning eng yaxshi do‘sti” deb atashadi.

Ilovani yuklab olish uchun: PlayMarket | AppStore


Asaxiy Books

Toʻplamni oʻzbekcha ilovadan boshladik, endi shundayi bilan tugatishimiz ham kerak. Tavsiyalarimizning soʻnggisi — Asaxiy Books ilovasi. Ushbu loyihaning kitoblari koʻpchilikka yaxshi tanish. Agar qogʻoz variantini oʻqishga imkoningiz boʻlmasa yoki elektron kitob oʻqish qulayroq boʻlsa, uning ilovasidan foydalanishingiz mumkin. Unda koʻp kitoblarning audio variantlari ham bor.

Ilovani yuklab olish uchun: PlayMarket | AppStore


Bonus — GoodReads

Kitobni o‘qib bo‘lgach, uni baholash yoki do‘stlaringiz bilan muhokama qilishni xohlaysizmi? Demak, Goodreads’dan foydalanishingiz kerak. Bu — ijtimoiy tarmoq va kutubxona birlashmasi. Kitob tavsiyalari, “reading challenge” funksiyalari uni kitobxonlar orasida mashhur qilgan. O‘qish funksiyasi emas, balki kitoblar atrofidagi suhbatlar uchun afzal.

Yangi Toshkentdagi “Buyuk Ipak yoʻli” loyihasi taqdimot qilindi

0

Prezident Shavkat Mirziyoyevga Yangi Toshkent shahri hududida amalga oshirilishi rejalashtirilgan “Buyuk Ipak yoʻli” loyihasi taqdimot qilindi.

Maʼlumki, Yangi Toshkent shahrini barpo etish doirasida birinchi bosqichda 6 ming gektar hududda qurilish ishlarini amalga oshirish koʻzda tutilgan. Ushbu bosqich yakunida 600 ming aholi uchun zamonaviy infratuzilma yaratiladi. Loyiha toʻliq roʻyobga chiqarilganda esa Yangi Toshkent 2 million nafar aholi yashaydigan zamonaviy megapolisga aylanadi.

Maydoni 32 gektar boʻlgan “Buyuk Ipak yoʻli” majmuasi Yangi Toshkentning muhim jamoat va madaniy makonlaridan biri boʻlishi rejalashtirilgan. Bu yerda turar joylar, tijorat binolari, mehmonxonalar, madaniyat va taʼlim markazlari, shuningdek, boshqa zamonaviy infratuzilma obyektlari quriladi.

Konsepsiyaga koʻra, majmua hududida Buyuk Ipak yoʻli bilan bogʻliq turli sivilizatsiyalarga bagʻishlangan mavzuli mahallalar tashkil etiladi. Har bir hudud Buyuk Ipak yoʻli boʻyida joylashgan mamlakatlarni ifodalaydi.

Taqdimotda Oʻzbekiston mahallasiga alohida eʼtibor qaratildi. Bu yerda har bir bino, har bir koʻcha va maydon orqali xalqimizning tarixi, madaniyati va qadriyatlarini aks ettirish zarurligi qayd etildi.

Mamlakatimizning boy tarixiy merosini yanada keng namoyon etish, ajdodlarimizning ilm-fan, madaniyat va meʼmorchilik sohalaridagi ulkan yutuqlarini yosh avlodga yetkazish, shuningdek, xalqaro turizm salohiyatini oshirishga qaratilgan bir qator muzeylarni renovatsiya qilish rejalari ham koʻrib chiqildi.

Jumladan, Imom Moturidiy ziyoratgohida muzey tashkil etish, unda “Yangi Oʻzbekistonda Imom Moturidiy merosiga eʼtibor”, “Imom Moturidiy hayoti” kabi mavzuli zallar va moturidiylik taʼlimotiga bagʻishlangan boʻlimlar joylashtirish rejalashtirilgan. Shuningdek, “Bahouddin Naqshband” ilmiy-innovatsion muzeyi faoliyatini mazmunan boyitish, ayniqsa, “Yetti pir” zalida ulugʻ allomalar hayoti va merosini zamonaviy shaklda keng yoritish boʻyicha takliflar bildirildi.

Bundan tashqari, Temuriylar tarixi davlat muzeyini zamonaviy muzeyshunoslik va dizayn yechimlari asosida renovatsiya qilish rejasi haqida ham axborot berildi. Unda ekspozitsiya zallarini qayta shakllantirish va tashrif buyuruvchilarga yuqori darajadagi vizual va maʼrifiy tajribani taklif etish koʻzda tutilgan. Har bir zal alohida tarixiy davr va mavzuga bagʻishlanadi.

Taqdimot qilingan loyihalarning umumiy maqsadi milliy tariximizni ilmiy asosda chuqur yoritish, zamonaviy madaniy infratuzilmani shakllantirish va mamlakatimizga keluvchi mehmonlar uchun jozibador turizm makonlarini yaratishdan iborat.

Loyihalar davlatimiz rahbari tomonidan maʼqullandi, ularni amalga oshirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.