Bosh sahifa Blog Sahifa 120

Qishloq xo‘jaligida eksportni ko‘paytirish masalalari muhokama qilindi

0

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 18-mart kuni qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati sohalarida investitsiyalar jalb qilish hamda eksportni ko‘paytirish masalalari muhokamasi bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

O‘tgan yili yurtimizda 23 million tonna meva-sabzavot yetishtirilib, oziq-ovqat sanoatida 86 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, buncha mahsulotda 5 milliard dollarlik eksport qilish mumkin edi. Lekin vazirlar va hokimlar ishni to‘g‘ri tashkil qila olmagani, eksportchilar muammosini hal qilmagani sababli bu ko‘rsatkich 2 milliard dollardan oshmagan.

Yig‘ilishda eksport tarkibi va geografiyasi tahlil qilindi. Xususan, o‘tgan bir yilda Avstraliya, Yangi Zelandiya, Singapur, Kolumbiya, Indoneziya kabi 10 dan ortiq yangi bozorlar ochilib, ularning soni 85 taga yetdi. Lekin, eksportning 80 foizi 5 ta davlat bozoriga to‘g‘ri kelayapti. Shuningdek, 10 turdagi mahsulotning ulushi jami meva-sabzavot eksportida 60 foizni tashkil qiladi.

Har yili qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini qo‘llab-quvvatlashga 700 milliard so‘m, ishlab chiqarishni ko‘paytirishga 1 trillion so‘m yo‘naltirilmoqda. Lekin natija shunga yarasha emas. Bu borada 1 million gektar g‘alladan bo‘shaydigan maydon, 508 ming gektar aholi tomorqasi, 260 ming gektar odamlarga bo‘lib berilgan yerlar imkoniyatidan to‘liq foydalanilmayapti. Ayrim tumanlar umuman meva-sabzavot eksport qilmagan.

Davlatimiz rahbari bu yil qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat eksportini jadal oshirish uchun yana qanday sharoit kerak bo‘lsa, ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirdi.

– Inflyatsiyani jilovlash va valyuta barqarorligini ta’minlash eksport bilan chambarchas bog‘liq. Ko‘p mahsulot yetishtirish bilan birga eksportga qulayliklarni kengaytirmasak, natija kutilgandek bo‘lmaydi, – dedi davlatimiz rahbari.

Yig‘ilishda eksportchi tadbirkorlar va logistika korxonalari vakillari ishtirok etdi. Prezident ular bilan muloqot qilib, muammo va tashabbuslarini eshitdi.

Jumladan, Germaniya, Vengriya, Polsha, Ispaniya, AQSH va Qozog‘istondagi savdo uylarini tadbirkorlar boshqaruviga berish, Nagoya, Mersin, Rotterdam, Sindao, Klaypeda, Doha kabi yirik port shaharlarda savdo uyi ochish taklifi qo‘llab-quvvatlandi.

Yaqinda Yuqori Chirchiqdagi Agroxizmatlar markazida xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgan ilk xususiy laboratoriya ochildi. Bu yil 8 million dollar investitsiya hisobiga Zangiota tumani, Farg‘ona va Samarqand shaharlarida ham xuddi shunday zamonaviy laboratoriyalar ishga tushadi.

Toshkent shahrida Referens laboratoriya tashkil etilib, xususiy laboratoriyalar ishining xalqaro standartlarga mosligi ta’minlanadi. Bunga Jahon bankidan jalb qilingan mablag‘lar hisobidan 12 million dollar beriladi. Bundan buyon, xalqaro tan olingan reagentlar import bojidan ozod qilinadi, ularga majburiy ekologik sertifikat olish talab etilmaydi.

Mutasaddilarga boshqa laboratoriyalarni ham xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish, meva-sabzavot sifatiga xorijiy davlatlarning milliy talablarini o‘rganib, yurtimiz eksportchilariga yetkazish bo‘yicha topshiriq berildi.

Xalqaro ko‘rgazmalarda qatnashish tizimini qayta ko‘rib chiqish kerakligi aytildi. Bunda tadbirkorlarning reytingi asosi qilib olinadi. Yuqori va o‘rta reytingga ega bo‘lgan tadbirkorlar uchun ko‘rgazmalarda qatnashish xarajati 100 foiz oldindan to‘lanadi. Past reytinglilar ko‘rgazmada ishtirok etganini tasdiqlovchi hujjat taqdim etgandan keyin, xarajatining 50 foiz qismi qoplab beriladi.

Ko‘plab eksportchi korxonalarni qiynayotgan masala bu – aylanma mablag‘. Shu bois joriy yilda Biznesni rivojlantirish bankidan ushbu maqsadlar uchun 1,5 trillion so‘m resurs yo‘naltiriladi. Bu mablag‘lar evaziga, eksportchi korxonaga fermer va tayyorlov ombori bilan tuzgan shartnoma summasining 50 foizigacha imtiyozli kredit beriladi. Kreditlar 18 foiz stavkada 6 oy imtiyozli davr bilan 1,5 yil muddatga ajratiladi.

Ma’lumki, meva-sabzavot sanoat mahsulotlariga qaraganda tez buziladi, sifatini yo‘qotadi. Shu bois mahsulot turidan kelib chiqib, yo‘qotish miqdori 10 foizgacha belgilanadi. Ho‘l meva, sharbat, qandolat, murabbo, jem kabi bir xil haroratda yetkazish talab etiladigan mahsulotlar uchun sovutgichli yuk konteynerlari olib kelinadi.

Tabiiy yo‘qotish va sifat buzilishini kamaytirish uchun qadoqlashga ham alohida e’tibor qaratish lozim. Bu yo‘nalishda zamonaviy korxona tashkil qilib, tajribali dizaynerlarni jalb etish muhimligi ta’kidlandi.

Aholi tomorqalari va ekin yerlarida sarxil meva-sabzavotlar yetishtiriladi. Ularni naqd pulga sotib olib, eksportga tayyorlab beradigan ta’minotchilar ko‘p. Endi ular o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar kabi faoliyat yuritadi va aylanmasidan qat’iy nazar barcha soliqlardan ozod bo‘ladi.

Yig‘ilishda oziq-ovqat sanoatidagi imkoniyatlar ham tahlil qilindi.

Joriy yil bu yo‘nalishda kamida 100 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish va 1 milliard dollar eksport qilish, hududiy dasturlar doirasida 833 million dollarlik 528 ta loyihani ishga tushirish reja qilingan. Bu sohadagi loyihalarga yo‘naltirish uchun banklarga 310 million dollar mablag‘ taqsimlangan. Ushbu choralar orqali tayyor oziq-ovqat eksportini 200 million dollarga olib chiqish imkoniyati borligi ko‘rsatib o‘tildi.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalardan kelib chiqib, meva-sabzavot va oziq-ovqat eksporti bo‘yicha Bosh vazir rahbarligida komissiya tuzilishi belgilandi.

Shuningdek, ekishdan boshlab, mahsulotni saqlash, qadoqlash, qayta ishlash va sotish zanjirini to‘liq qamrab oladigan uch yillik dastur tayyorlanadi. Qishloq xo‘jaligi eksporti bilan shug‘ullanuvchi 2 ming 362 ta korxonaga ko‘maklashish, ularning safini kengaytirish choralari ko‘riladi. Eksportchilar bilan doimiy “muloqot maydoni” yaratilib, hududlarda mavjud mahsulotlar, tashqi bozordagi talab va narxlar to‘g‘risida ma’lumot almashib boriladi.

Markaziy bank asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi

0

Markaziy bank boshqaruvi iqtisodiyotda talab va taklif mutanosibligiga erishish bo‘yicha noaniqliklar va inflyatsiyani oshiruvchi kutilmalarning saqlanib qolayotganligini inobatga olib hamda inflyatsiyaning 5 foizlik targetigacha pasaytirish uchun zarur pul-kredit sharoitlarini taʼminlash maqsadida asosiy stavkani o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Umumiy inflyatsiya yil boshidan pasayib, fevral oyida 8,3 foizni tashkil etdi. Biroq, so‘nggi oylarda yuqori talab va bir qator tartibga solinadigan narx va tariflarning oshishi fonida xizmatlar inflyatsiyasi tezlashishi kuzatildi. Bundan tashqari, aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari deyarli o‘zgarishsiz, yuqoriligicha qolmoqda.

Joriy yil oxiriga inflyatsiya 8-9 foizlik prognoz diapazoni doirasida shakllanishi kutilmoqda. Prognoz davrida tartibga solinadigan narxlar o‘zgarishi va ularning inflyatsion kutilmalarga taʼsiri bo‘yicha noaniqliklar saqlanib qolmoqda.

Dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, asosiy ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari o‘tgan yilning yanvar-fevral oylariga
nisbatan yuqori surʼatlarda o‘sdi. Shuningdek, ayrim tarmoqlarda, xususan yil boshidan oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish dinamikasining sustlashishi qisqa muddatli istiqbolda ichki bozorda talab va taklif nomutanosibligini keltirib chiqarishi yoki importga qo‘shimcha bosimni yaratishi mumkin.

Umuman olganda, birinchi chorak yakunlari bo‘yicha iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlari nisbatan yuqoriroq shakllanishi, keyingi choraklarda esa bazaviy prognoz doirasida 5,5-6 foiz bo‘lishi borasidagi kutilmalarni kuchaytirmoqda.

O‘tgan yilgi va joriy yil boshidagi yuqori fiskal xarajatlar kelgusi choraklarda yalpi isteʼmol faolligini qo‘llab-quvvatlovchi asosiy drayverlardan bo‘ladi.

Ayni paytda, transchegaraviy pul o‘tkazmalarining o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlar doirasida shakllanayotganligi hamda aholi real daromadlarining joriy o‘sish surʼatlari kelgusida isteʼmol talabiga qo‘shimcha proinflyatsion bosim yaratmaydi.

Mehnat bozorida yuqori faollik va ishchi kuchiga talabning oshishi kuzatilmoqda. Ishchi kuchiga talabning asosiy o‘sishi xizmatlar sohasiga to‘g‘ri kelib, ushbu sohada ish haqilarning yuqori shakllanishga ham olib kelmoqda. Ayni paytda, xizmatlar sohasida narxlar va daromadlarning muntazam oshishi sharoitida iqtisodiyotda mazkur sohalarga investitsiyalar hajmi va joriy isteʼmol xarajatlaridagi ulushi ortib boradi.

Import dinamikasida mashina va uskunalar, energetika va neft mahsulotlari, qora metallar importining yuqori o‘sishi davom etishi bir tomondan kelgusida ishlab chiqarish hajmlari oshishiga zamin yaratsa, ikkinchi tomondan savdo balansi taqchilligining saqlanib qolishini ham bildiradi.

Joriy operatsiyalar hisobining muvozanatga kelishi belgilangan fiskal intizomning taʼminlanishi, xorijiy investitsiyalar oqimi va iqtisodiyotni ekspor salohiyatini oshirishga qaratilgan tarkibiy islohotlarning natijadorligiga bog‘liq bo‘ladi.

Nisbatan qatʼiy pul-kredit sharoitlari keyingi choraklarda ham saqlanib qoladi. Banklararo pul bozorida yil boshidan yuqori faollik va pul-kredit instrumentlaridan foydalanish hajmining ortib borishi fonida UZONIA foiz stavkasi asosiy stavkaga yaqin darajada shakllanib boradi.

Jamg‘arish faolligi oshishda davom etib, bu xususan, milliy valyutadagi depozitlar hajmi o‘sishida namoyon bo‘ladi. Umuman olganda, depozitlarning yillik o‘sish surʼatlari kreditlash hajmining o‘sishidan sezilarli darajada yuqori bo‘lishi kutilmoqda.

Banklarning resurs bazasida ichki va xususiy manbalar ulushi ortib borishi, o‘z navbatida, bozor foiz stavkalarida aks etadi.

Milliy valyutada ajratilgan kreditlar bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkalarida so‘nggi oylarda sezilarli o‘zgarish kuzatilmadi.

Ayni paytda, pul-kredit siyosati operatsion mexanizmiga kiritilgan so‘nggi o‘zgartirishlar qisqa muddatli pullar narxini pasaytirish orqali kelgusida kreditlar bo‘yicha foiz stavkalarining ham pasayishiga zamin yaratib boradi.

Markaziy bank inflyatsiyaning 5 foizlik targetiga erishishga qaratilgan izchil pul-kredit siyosatini amalga oshirishda davom etadi. Bunda iqtisodiyotdagi talab va taklif mutanosibligiga, inflyatsion kutilmalarga va tartibga solinadigan narxlarning o‘zgarish dinamikasiga alohida eʼtibor qaratiladi.

Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 2024 yil 25 aprelga belgilangan.

Bir qop pistadan xalqaro bozorgacha: Ermak asoschisi 30 yillik biznes, tabiiy mahsulotning nega muhimligi va kadrlar tanqisligi haqida

0

Valijon Solixov bu biznesni boshlashiga nima sabab bo‘lgani, tadbirkor ustidan nega kulishgani, O‘zbekistondagi biznes iqlimi va tadbirkorlarga maslahatlarni bilan bo‘lishdi.

Ermak” kompaniyasiga asos solinganiga 30 yildan oshdi. Bugungi kunda ushbu brend ostida respublikada zavodda qayta ishlash, urug‘lar, qurt va qurutilgan mevalar ishlab chiqarildi. 2023-yilda sharbatlar sotuvi ham yo‘lga qo‘yildi.

Kompaniya asoschisi Valijon Solixov bu biznesni boshlashdagi qiyinchiliklar, birinchi foydalanilgan uskunalar bilan hozirgilarining farqi, xodimlar bilan qanday ishlash mumkinligi va bozordagi raqobatbardoshlik haqidagi fikrlarini Spot bilan o‘rtoqlashdi.

Biznesning yaratilishi

O‘zbekiston endi mustaqillikka erishgan davrlarda eski iqtisodiy aloqalar tugab, ishlab chiqarishda ham qator muammolar vujudga kela boshlagan edi. Mamlakatda ko‘plab mahsulotlarning yetishmasligi, qolaversa o‘zimizni yangi ishda sinab ko‘rish istagi biznega kirib kelishga turtki bo‘lgan. Ishni boshlash uchun 1992-yil oktyabr oyida ariza topshirdik, u ikki oy davomida o‘rganilib, “Zafarxon” nomidagi kichik korxona tuzishga ruxsat berildi.

Dastlab ko‘pchilik qatori savdo-sotiq bilan shug‘ullandik. Chet el davlatlaridan, misol uchun, Ukrainadan go‘sht, sariyog‘ va mebel mahsulotlari olib kelib sotdik. Ammo, asosiy yo‘nalishimiz ishlab chiqarishga qaratilgani uchun quritish sexi tuzib, unda uzum, qovun va piyoz mahsulotlarini quritib, qayta ishlashni boshlamoqchi bo‘ldik. Biroq buning uchun bizda mahsulot hajmi kamlik qildi va bu hajm bilan ko‘p narsaga erisha olmasligimizni tushunib yetdik. O‘sha vaqtlari Toshkentga “FoodMash” nomli oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi uskunalarni yaratadigan kompaniya kirib kelgandi. Shu kompaniya maslahati bilan qahva qovuradigan MKP nomli mashinani o‘sha vaqtda hozirgi hisob-kitob bilan $5000ga xarid qilganmiz. Bu mashina orqali birinchi kungaboqar pistasini qayta ishlab, o‘z faoliyatimizni yo‘lga qo‘ydik.

Birinchi foydalanilgan uskuna shu darajada qadrli bo‘lganki, u bojxona omboriga keltirilganidan so‘ng ikki oy davomida borib darvoza tuynugidan ko‘rib kelganman. Hozir esa bunga qaraganda 500 barobar katta mashinalardan foydalanmoqdamiz.

Bugungi kunda fabrikada bir kunda 10 tonnadan ko‘p mahsulotlar, jumaladan, qurt, qurtoba, yong‘oq va shinni mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda.

O‘zbekistonga ilk urug‘lar Qozog‘istondan keltirildi. Hozir mahalliy urug‘lar bilan ham, Xitoy urug‘lari bilan ham ishlayapmiz. Xitoy urug‘lari katta, mazali va qayta ishlash uchun ham qulay. Bizning urug‘larimiz ham yomon emas, lekin biz undan-da yaxshiroq bo‘lishini xohlaymiz. Balki yangi texnologiyalarni joriy qilsak, sifatli urug‘ga ega bo‘lib, xomashyoni o‘zimizda qayta ishlashimiz mumkin.

Qurtga keladigan bo‘lsak, ko‘pchilikda bu mahsulotning asl o‘ramiga ega emasligi sababli sanitariya talablariga javob bermaydi degan tushuncha shakllangan. Aksincha, qurt juda to‘yimli va sog‘lik uchun foydali mahsulot bo‘lib, tarkibida bifidobakteriyalar va laktobakterin mavjud. Biz birinchilardan bo‘lib bu mahsulotni qadoqlab iste’molga chiqardik, keyin esa qurtoba — suyuq qurt mahsulotini taqdim etdik.

Yaqinda butun dunyoda mashhur bo‘lgan sharbat konsentrati — shinnini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydik. Shu qatorda, desert pastasini yaratish g‘oyasini rejalashtirib, uni ham ishga tushirishga tayyorgarlik ko‘rmoqdamiz.

Mahsulot sifati

Tabiiy, sog‘lom va mazali bo‘lgan hamma narsa o‘z xaridorini topishiga ishonaman, sababi iste’molchi mahsulotning yuqori sifatli, o‘zgacha ta’mga egaligi, muhimi sog‘ligi uchun mutlaqo zararsizligiga ishonch hosil qilishi kerak. Bu jarayon hissiyotlarga boydek ko‘rinishi mumkin, lekin tadbirkorda barcha g‘oyalar mahsulotga bo‘lgan muhabbatidan boshlanishi kerak. Bizning asosiy qadriyatlarimizdan biri bu — biz tayyorlaydigan va ishlab chiqaradigan hamma narsa tabiiy tarkibdan iborat bo‘lishi lozim. Bu biroz qiyin jarayon, ya’ni bizda shakar yoki qo‘shimchalardan foydalanish mumkin emas, ammo buning natijasi har doim o‘zini oqlaydi.

Yildan-yilga to‘g‘ri va sog‘lom ovqatlanadigan insonlar soni ko‘payib borayotgani juda quvonarli holat, albatta. Bunday insonlar to‘lqini shakllanishiga COVID-19 davri ma’lum darajada yordam bergan.

Aksariyat shifokorlar supermarketlardagi oziq-ovqatlarni iste’mol qilishdan ko‘ra, bozordan sotib olishni maslahat berishadi, sababi ular ko‘p marotaba qayta ishlanmagan mahsulotlar hisoblanadi. Qayta ishlashdan keyin har qanday holatda ham mahsulotning sifati tushib, faqatgina uni saqlab turish holati oshishi mumkin.

Ko‘pchilik shakar singari arzon mahsulotlarni iste’mol qiladi va bu juda keng tarqalgan jarayon. Natijada arzon mahsulotlarni iste’mol qilish orqali sog‘lig‘imizga zarar yetkazamiz, bu esa oxir-oqibat o‘nlab, yuzlab marta qimmatga tushishiga sabab bo‘ladi.

Tabiiy mahsulotning narxi nisbatan qimmat bo‘lishi mumkin, ammo u har doim salomatlikni ta’minlab bera oladi.

Uch kishilik jamoa bugun 500 nafarga yetdi

Bu biznes dastlab shaxsiy kompaniya sifatida ochilgandi, biz bilan birga bir nechta hamkorlarimiz ham bo‘lgan. O‘sha davrda vaziyat ham, pul ham boshqa bo‘lgan va odamlar kreditlarni oyiga 10−20%da berishardi.

Ba’zida chet davlatlaridan olib kelgan mahsulotlarimizni sota olmaganimiz bizga qiyinchiliklar tug‘dirgan. Konvertatsiya yopilishi natijasida, biz ham bir necha o‘n minglarni yo‘qotganmiz. Birinchi joylashgan binoyimizni 33 ming ($1000) so‘m-kuponga xarid qilishimiz uchun pulning bir qismini qarzga olgan bo‘lsak, bir qismini shaxsiy hisobimdan sarflaganman.

Xodimlar. Eng boshida biz ishni uch kishi bo‘lib boshlagandik, vaqt o‘tib 50 kishi, 100 kishi va hozir umumiy 500 nafardan ko‘proq jamoamiz bor.

Aynan kompaniya imiji va obro‘yi 98% xodimlar bilan bog‘liq va ularning harakatlari, mehnatlari orqali bugun biz yanada o‘smoqdamiz. Men esa faqat ularni rag‘batlantiruvchi, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatuvchi vazifasini bajaraman, xolos.

Xodimlarimiz bu kompaniyada ishlayotganliklari uchun ham moddiy jihatdan, ham ma’naviy tomondan manfaatdor bo‘lishi kerak. Kompaniyamizning qanday rejalari, orzu-istaklari bo‘lsa, jamoamizning ham shunday maqsad-istaklari bor, albatta. Biz ularni amalga oshishida asosiy qatnashchi sifatida harakat qilmoqdamiz.

Ish vaqti va maoshdan tashqari, ijodiy muhit hosil qilganmiz, sababi bu yerda bosim bo‘lsa, xodimlar qo‘rquv evaziga ishlashadi. Bosim ostidagi ishchidan esa natijaviy va kutilayotgan mahsulotni olish qiyinlashadi.

Yetkazib berish jarayonlari

Mahsulotni ishlab chiqarishning o‘zi murakkab bir jarayon bo‘lsa, uning savdosini tashkil qilish undan-da qiyin. Savdo to‘g‘ri tashkil qilinsagina kompaniya mahsulotining o‘z xaridori bo‘ladi. Buni tashkil qilish, kompaniya marketinggi va reklama qilish yo‘l-yo‘riqlari men tenggi tadbirkorlar uchun yangilik bo‘lishi tabiiy hol.

Eng boshida urug‘larni qadoqlab chiqarish g‘oyasi g‘alati tuyulgan va odamlar ham oldiniga bu jarayonni tushunishmagan. Katta o‘g‘lim diplomatiya institutini tamomlab, fabrikada bir muddat ishladi. U mahsulotlarni do‘konlargacha olib borar, kimdir ularni qabul qilsa, ko‘pchilik rad etgan holatlar ham bo‘lgan. Ba’zida: “ha, nima qilyapsan? Aqldan ozganmisiz? Do‘konda urug‘larni kim sotadi?” deyishgan. Shunday bo‘lsa-da, mahsulotlarimizning asta-sekin o‘z mijozlari paydo bo‘la boshladi, sababi ularda, E vitamini va tokoferol mavjud edi. Bu vitaminlar organizm uchun juda zarur bo‘lgan antioksidantlar sanaladi.

Mijozlarning ayrimlari bilan mahsulotlar foydasi haqida gaplashsak, boshqalarga bir qancha jihatlarini aytib o‘tdik, ayrimlarga jarayonni ham ko‘rsatib berdik. Shu tariqa, ularda ishonch paydo bo‘lib, asta-sekin ish jarayonlari ham boshlandi. Eng boshida hamma ish bir qop mahsulotni ishlash bilan boshlangan, deyarli barcha ishni qo‘lda bajarganmiz. Mahsulotlarimiz 3 yoki 5 yil ichida brendga aylanmagan, bu darajaga yetish uchun 10−15 yil vaqtimiz ketgan.

Shuningdek, mahsulotlarning yaroqlilik muddatini uzaytirmoqchi bo‘lsak, ularni saqlashda ham qiyinchiliklar yuzaga kelishi mumkin. Buning uchun qattiq mustahkamlovchi qadoqlash materiallaridan foydalanish va murakkab mashinalarni, masalan, vakuumli qadoqlash uchun kerakli vositalarni ishlatish kerak bo‘ladi.

Ba’zi mahsulotlarning yaroqlilik muddati bir yil, ammo bizda atigi 12 kun saqlanadigan mahsulotlar ham bor. Misol uchun, qurtoba faqat 10 kun davomida iste’mol qilinishi mumkin.

Eksport. Dastlab ishni AQShga qurtni eksport qilishdan boshlab, keyin pista mahsulotlariga o‘tgan bo‘lsak, hozirda har ikkala mahsulotdan jo‘natamiz. Shuningdek, qo‘shni Qirg‘iziston va Isroilga eksportni yo‘lga qo‘yib, Turkmanistonga ham yetkazib berishni boshladik.

Endigi rejamiz — Fors ko‘rfazi davlatlariga eksportni amalga oshirmoqchimiz. Barcha mahsulotlarimiz xalqaro xavfsizlik sertifikati bilan tasdiqlangan bo‘lib, jumladan, halollik sertifikatini ham olishga erishdik. Bu yuqori darajadagi sertifikat hisoblanadi va uni olganimiz bizga yanada ko‘proq ishlashga turtki bo‘ldi.

Hozirda Litva bilan muzokaralar jarayonidamiz, u yerga Boltiqbo‘yi davlatlari uchun sinov partiyasini ham yubordik. Dubay va Quvayt kompaniyalari bilan dilerlik munosabatlari tuzilgan bo‘lib, ular bilan birga Fors ko‘rfaziga shirin makaron va qurtni eksport qilmoqchimiz.

O‘tgan yili eksport hajmi $1 mlndan oshgan bo‘lsa-da, bu hali nisbatan kichik ko‘rsatkich sanaladi. Umid qilamizki, bu yil sonlar ikki baravarga balki undan-da ko‘proqqa oshadi.

30 yillik biznes iqlimi

Dastlabki 15 yil ancha og‘ir kechdi. Oxirgi besh-olti yilda esa yuqori daraja bo‘ldi. Yevropa, Turkiya, Amerika davlatlariga tez-tez sayohat qilganim uchun ko‘pgina sohalarni solishtirish imkoniyatiga egaman. Bugungi kunda mamlakatdagi qonunlar ancha erkinlashgan va konvertatsiya qilish bilan bog‘liq muammolar deyarli yo‘q.

Umid qilamanki, bundan keyin ham bu jarayonlar yanada yaxshilanadi. Bizda sarmoya kiritish uchun juda katta bozor bor va bu bozorga bugun ko‘p narsalarni olib kelmoqdamiz, garchi buni o‘zimizda ham ishlab chiqarishimiz mumkin bo‘lsa-da. Hatto, ba’zi nuqtalarda biz liberallikda va faoliyatimizni cheklaydigan harakatlarda ancha oldinga chiqdik, albatta buning ham o‘z qiyinchiligi bo‘ldi. Masalan, mahsulot sifatini, uning tarkibini belgilaydigan jahon miqyosidagi litsenziyalash laboratoriyalarini tashkil etishdagi holatlar. Lekin nazarimda bu masala ham hozir hal qilinmoqda.

Kompaniya daromadi va ishlab chiqarish hajmi

Hozirgi paytda faqat yillik natijalarni sarhisob qilmoqdamiz, shu sababdan, hali aniq miqdorni bilmayman. Aytishim mumkinki, ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun 80 mlrd so‘mga yaqin sarmoya kiritdik. Kompaniya bank kreditlari va o‘z mablag‘lari hisobiga rivojlanmoqda. Hozirda yillik tovar aylanmamiz 100 mlrd so‘mlik chegarani bosib o‘tdi.

Raqobat. Oldin biz bozorning 10%dan ko‘p bo‘lmagan qismini egallagan edik, bugungi kunda esa vaziyat biroz o‘zgardi va bu ko‘rsatkich taxminan 30%ni tashkil etmoqda. Birinchidan, biz hajm jihatdan va umumiy bozordagi ulushimiz tarafdan o‘sdik, ya’ni so‘nggi olti oy ichida urug‘lar va qurt ishlab chiqarish hajmini taxminan 1,5 baravar oshirishga muvaffaq bo‘ldik.

Ikkinchidan, mahsulotlarimiz yuqori sifatga egaligi sababli, bozorning 50−70% talabini bajara olmayapmiz. Ya’ni, barcha talabgorlarga mahsulot yetkazib berish uchun hajmlarni yana bir yarim baravar oshirishimiz kerak.

Biznesdagi eng to‘g‘ri yo‘l

Bugungi kunda yoshlarni oldida ikkita yo‘l bor bo‘lib, birinchisi, biznesiga o‘zi egalik qilgan holatda ish boshlashi, ikkinchisi yuqori malakali mutaxassis bo‘lishi. Agar siz tadbirkor bo‘lsangiz, har doim o‘z ishingiz ustida yangilik qilishdan to‘xtamaysiz, aksincha mutaxassis bo‘lsangiz belgilangan vaqtda ishlab, oylik maoshingizni olasiz.

Bu ikkita yo‘lning avvalida boshlayotgan ish uchun istak-xohish bo‘lishi esa eng muhimi hisoblanadi. Mahsulot kamroq va kichkinaroq bo‘lsa ham yuqori sifatga ega bo‘lishi lozim. Yana bir eslatma, tezroq boyib ketish, ko‘p pul topish niyatidan uzoqroq bo‘lib, asosiy e’tiborni sifatli mahsulot ishlab chiqarishga qaratish kerak. O‘zbekiston bozorida hali egallanmagan sohalar juda ko‘p va yangi ochiladigan bizneslarning ham rivojlanish ehtimoli katta.

Qiyinchiliklar. Bugungi kunda malakali texnolog, dizayner, marketolog kabi kadrlarni topish masalasi dolzarb hisoblanadi. Hozircha biz bir shaklda barcha jarayonlarni nazorat qilyapmiz, ammo kompaniya undagi mutaxassislar malakasiga qaraganda shiddat bilan o‘sib bormoqda.

Respublikada yetarli darajada tayyor, yuqori malakali kadrlar mavjud emas. Ta’lim masalasi ham tobora qiyinlashib borayotganiga qaramasdan, xodimlarimizni tayyorlashga, ingliz tilini o‘rgatishga, kurslar tashkil etishga, chet ellik mutaxassislarni taklif qilishga harakat qilyapmiz.

Ushbu muammoni iloji boricha o‘zimizning kuchimiz bilan chetlab o‘tishga harakat qilayotganimizga qaramasdan baribir malakali kadrlar yetishmasligi dolzarbligicha qolmoqda.

Rejalar. Bizda g‘oyalar juda ko‘p, bunga faqat vaqt, mablag‘ va sarmoya kerak. Hozir yong‘oq, asal, mevalardan iborat energetik “batonchik»lar ustida ishlayapmiz. Shuningdek, urug‘dan yog‘, uzum va anor urug‘idan moy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Umuman olganda, chiqindisiz mahsulot ishlab chiqarishga intilyapmiz. G‘oyalarning chek-chegarasi yo‘q. Shunchaki harakat qilish va ishlash kerak. Bu vaqt va kuchdan boshqa hech narsa talab qilmaydi.

Savdo korxonalari uchun yangi sanitariya-gigiyena talablari belgilanmoqda

0

Shu bilan birga oziq-ovqat savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar faoliyatiga to‘sqinlik qiluvchi ayrim talablar bekor qilinmoqda.

Adliya vazirligi Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqilgan yangi tahrirdagi oziq-ovqat savdosi bilan shug‘ullanuvchi korxonalarga qo‘yiladigan sanitariya-gigiyena talablarini hisobga oldi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Hujjat mulkchilik shaklidan qat’iy nazar qurilayotgan, qayta qurilayotgan va faoliyat yuritayotgan barcha oziq-ovqat korxonalarining joylashuvi, jihozlanishi va ularning sanitariya-gigiyenik holati, hamda xodimlarning shaxsiy gigiyenasiga oid talablarni belgilaydi.

Tadbirkorlar faoliyatiga to‘sqinlik qiluvchi ayrim talablar bekor qilinmoqda. Bular qatorida qo‘mita bilan kelishib, tasdiqlangan oziq-ovqat turlari ro‘yxatiga o‘zgartirshlar kiritish mumkin emasligi, savdo korxonasi qurilishi uchun yer tanlash kabilar bor.

Quyidagi sanitariya-gigiyena talablari belgilangan:

  • savdo korxonalarini suv bilan ta’minlash uchun markazlashtirilgan maishiy va ichimlik suv ta’minotiga ulangan, markazlashtirilgan suv ta’minoti mavjud bo‘lmaganda, mustaqil tizim qurilgan bo‘lishi;
  • oziq-ovqat va ularning tarkibiy qismlari, nooziq-ovqat mahsulotlari, kimyoviy moddalarni (tozalash vositalari, moylash materiallari, yoqilg‘ilar) saqlash uchun alohida sharoit (quruq va tabiiy yoki sun’iy ventilyatsiyasi mavjud) yaratilgan xonalar bo‘lishi;
  • qadoqlash uchun ishlatiladigan bir marotabalik idishlar salomatlik uchun xavfsiz materiallardan (plastik, kartonli, qog‘oz) tayyorlangan va toza, quruq bo‘lishi.

Shu bilan birga, xavf-xatarning oldini olish maqsadida ishchi xodimlarda ochiq yaralar, tirnalgan, kesilgan yoki boshqa teri jarohati bo‘lganda, jarohatni plastir bilan berkitish lozimligi ham keltirilgan.

Xodimlar quyidagi hollarda qo‘llarni suyuq sovun bilan yuvishi va dezinfeksiya qilishi lozim:

  • ish boshlashdan oldin;
  • ishdagi har bir tanaffusdan keyin;
  • bir jarayondan ikkinchisiga o‘tishda;
  • ifloslangan narsalarga qo‘l orqali tegilgandan keyin;
  • hojatdan oldin va keyin ikki marta;
  • toza maxsus kiyim (poyabzal bilan birgalikda) kiyishdan va ish boshlashdan oldin.

Fevral oyida mamlakatda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident farmoni qabul qilingandi. Hujjat bilan, oziq-ovqat mahsulotlari sohasiga $220 mlngacha mablag‘lar ajratiladi.

Ramazon oyini yuqori saviyada o‘tkazish, diniy-ma’rifiy, madaniy qadriyatlarni ulug‘lash chora-tadbirlari belgilandi

0

Prezident Shavkat Mirziyoyev «Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi.

Qarorda O‘zbekiston xalqi uchun ezgulik, birdamlik, olijanoblik va shukronalik timsoli bo‘lgan qutlug‘ Ramazon oyini munosib kutib olish va yuqori saviyada o‘tkazish, diniy-ma’rifiy, madaniy qadriyatlarni asrab-avaylash va ulug‘lash chora-tadbirlari belgilangan.

Qayd qilinishicha, 2024 yilda muborak Ramazon oyining boshlanishi 11 mart kuniga to‘g‘ri keladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda hududlarda Ramazon oyini milliy an’ana va qadriyatlarga mos tarzda o‘tkazishga doir chora-tadbirlarni amalga oshiradi.

Kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanadi, oila va mahallalarda mehr-oqibat va o‘zaro hurmat muhitini mustahkamlash, muqaddas qadamjo va ziyoratgohlar, qabristonlarni obodonlashtirishga qaratilgan tadbirlar kuchaytiriladi.

Milliy teleradiokompaniyasi, Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Ramazon oyini o‘tkazish bilan bog‘liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ramazon oyi 2024-yil 11-mart, dushanba kunidan boshlanishini e’lon qildi.

0

O‘tgan haftada O‘zbekiston musulmonlari idorasi tashabbusi bilan Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya va Ozarbayjon kabi turkiy davlatlar Fatvo hay’atlarining onlayn majlisi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda ulamolar va soha mutaxassislari tomonidan Ramazon oyi hilolini kuzatish bo‘yicha qilinayotgan ishlar, falakiy hisob-kitoblar, astronomik ma’lumotlar atroflicha tahlil qilindi. Shuningdek, dunyodagi yirik fatvo idoralari va nufuzli astronomiya institutlari axborotlari batafsil ko‘rib chiqildi.

🔭 Turkiy davlatlar ulamolari fiqhiy qoidalarga tayangan holda falakiy hisob-kitob va astronomik kuzatuvlarni e’tiborga olib, hijriy 1445 yil Ramazon oyining birinchi kuni milodiy 2024 yil 11 mart, dushanba kuniga to‘g‘ri kelishi haqida yakdil fikrga keldilar.