Matbuot xizmatiYangiliklarQishloq xo‘jaligida eksportni ko‘paytirish masalalari muhokama qilindi

Qishloq xo‘jaligida eksportni ko‘paytirish masalalari muhokama qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 18-mart kuni qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati sohalarida investitsiyalar jalb qilish hamda eksportni ko‘paytirish masalalari muhokamasi bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

O‘tgan yili yurtimizda 23 million tonna meva-sabzavot yetishtirilib, oziq-ovqat sanoatida 86 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, buncha mahsulotda 5 milliard dollarlik eksport qilish mumkin edi. Lekin vazirlar va hokimlar ishni to‘g‘ri tashkil qila olmagani, eksportchilar muammosini hal qilmagani sababli bu ko‘rsatkich 2 milliard dollardan oshmagan.

Yig‘ilishda eksport tarkibi va geografiyasi tahlil qilindi. Xususan, o‘tgan bir yilda Avstraliya, Yangi Zelandiya, Singapur, Kolumbiya, Indoneziya kabi 10 dan ortiq yangi bozorlar ochilib, ularning soni 85 taga yetdi. Lekin, eksportning 80 foizi 5 ta davlat bozoriga to‘g‘ri kelayapti. Shuningdek, 10 turdagi mahsulotning ulushi jami meva-sabzavot eksportida 60 foizni tashkil qiladi.

Har yili qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini qo‘llab-quvvatlashga 700 milliard so‘m, ishlab chiqarishni ko‘paytirishga 1 trillion so‘m yo‘naltirilmoqda. Lekin natija shunga yarasha emas. Bu borada 1 million gektar g‘alladan bo‘shaydigan maydon, 508 ming gektar aholi tomorqasi, 260 ming gektar odamlarga bo‘lib berilgan yerlar imkoniyatidan to‘liq foydalanilmayapti. Ayrim tumanlar umuman meva-sabzavot eksport qilmagan.

Davlatimiz rahbari bu yil qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat eksportini jadal oshirish uchun yana qanday sharoit kerak bo‘lsa, ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirdi.

– Inflyatsiyani jilovlash va valyuta barqarorligini ta’minlash eksport bilan chambarchas bog‘liq. Ko‘p mahsulot yetishtirish bilan birga eksportga qulayliklarni kengaytirmasak, natija kutilgandek bo‘lmaydi, – dedi davlatimiz rahbari.

Yig‘ilishda eksportchi tadbirkorlar va logistika korxonalari vakillari ishtirok etdi. Prezident ular bilan muloqot qilib, muammo va tashabbuslarini eshitdi.

Jumladan, Germaniya, Vengriya, Polsha, Ispaniya, AQSH va Qozog‘istondagi savdo uylarini tadbirkorlar boshqaruviga berish, Nagoya, Mersin, Rotterdam, Sindao, Klaypeda, Doha kabi yirik port shaharlarda savdo uyi ochish taklifi qo‘llab-quvvatlandi.

Yaqinda Yuqori Chirchiqdagi Agroxizmatlar markazida xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgan ilk xususiy laboratoriya ochildi. Bu yil 8 million dollar investitsiya hisobiga Zangiota tumani, Farg‘ona va Samarqand shaharlarida ham xuddi shunday zamonaviy laboratoriyalar ishga tushadi.

Toshkent shahrida Referens laboratoriya tashkil etilib, xususiy laboratoriyalar ishining xalqaro standartlarga mosligi ta’minlanadi. Bunga Jahon bankidan jalb qilingan mablag‘lar hisobidan 12 million dollar beriladi. Bundan buyon, xalqaro tan olingan reagentlar import bojidan ozod qilinadi, ularga majburiy ekologik sertifikat olish talab etilmaydi.

Mutasaddilarga boshqa laboratoriyalarni ham xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish, meva-sabzavot sifatiga xorijiy davlatlarning milliy talablarini o‘rganib, yurtimiz eksportchilariga yetkazish bo‘yicha topshiriq berildi.

Xalqaro ko‘rgazmalarda qatnashish tizimini qayta ko‘rib chiqish kerakligi aytildi. Bunda tadbirkorlarning reytingi asosi qilib olinadi. Yuqori va o‘rta reytingga ega bo‘lgan tadbirkorlar uchun ko‘rgazmalarda qatnashish xarajati 100 foiz oldindan to‘lanadi. Past reytinglilar ko‘rgazmada ishtirok etganini tasdiqlovchi hujjat taqdim etgandan keyin, xarajatining 50 foiz qismi qoplab beriladi.

Ko‘plab eksportchi korxonalarni qiynayotgan masala bu – aylanma mablag‘. Shu bois joriy yilda Biznesni rivojlantirish bankidan ushbu maqsadlar uchun 1,5 trillion so‘m resurs yo‘naltiriladi. Bu mablag‘lar evaziga, eksportchi korxonaga fermer va tayyorlov ombori bilan tuzgan shartnoma summasining 50 foizigacha imtiyozli kredit beriladi. Kreditlar 18 foiz stavkada 6 oy imtiyozli davr bilan 1,5 yil muddatga ajratiladi.

Ma’lumki, meva-sabzavot sanoat mahsulotlariga qaraganda tez buziladi, sifatini yo‘qotadi. Shu bois mahsulot turidan kelib chiqib, yo‘qotish miqdori 10 foizgacha belgilanadi. Ho‘l meva, sharbat, qandolat, murabbo, jem kabi bir xil haroratda yetkazish talab etiladigan mahsulotlar uchun sovutgichli yuk konteynerlari olib kelinadi.

Tabiiy yo‘qotish va sifat buzilishini kamaytirish uchun qadoqlashga ham alohida e’tibor qaratish lozim. Bu yo‘nalishda zamonaviy korxona tashkil qilib, tajribali dizaynerlarni jalb etish muhimligi ta’kidlandi.

Aholi tomorqalari va ekin yerlarida sarxil meva-sabzavotlar yetishtiriladi. Ularni naqd pulga sotib olib, eksportga tayyorlab beradigan ta’minotchilar ko‘p. Endi ular o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar kabi faoliyat yuritadi va aylanmasidan qat’iy nazar barcha soliqlardan ozod bo‘ladi.

Yig‘ilishda oziq-ovqat sanoatidagi imkoniyatlar ham tahlil qilindi.

Joriy yil bu yo‘nalishda kamida 100 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish va 1 milliard dollar eksport qilish, hududiy dasturlar doirasida 833 million dollarlik 528 ta loyihani ishga tushirish reja qilingan. Bu sohadagi loyihalarga yo‘naltirish uchun banklarga 310 million dollar mablag‘ taqsimlangan. Ushbu choralar orqali tayyor oziq-ovqat eksportini 200 million dollarga olib chiqish imkoniyati borligi ko‘rsatib o‘tildi.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalardan kelib chiqib, meva-sabzavot va oziq-ovqat eksporti bo‘yicha Bosh vazir rahbarligida komissiya tuzilishi belgilandi.

Shuningdek, ekishdan boshlab, mahsulotni saqlash, qadoqlash, qayta ishlash va sotish zanjirini to‘liq qamrab oladigan uch yillik dastur tayyorlanadi. Qishloq xo‘jaligi eksporti bilan shug‘ullanuvchi 2 ming 362 ta korxonaga ko‘maklashish, ularning safini kengaytirish choralari ko‘riladi. Eksportchilar bilan doimiy “muloqot maydoni” yaratilib, hududlarda mavjud mahsulotlar, tashqi bozordagi talab va narxlar to‘g‘risida ma’lumot almashib boriladi.

Bo‘limlar

So'nggi yangiliklar

O‘zbekistonda sutkalik elektr energiyasi iste‘moli bo‘yicha rekord yangilandi

O‘zbekistonda mart oyida elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha yangi rekord qayd etildi, deya xabar berdi Energetika vazirligi. Xususan, 11-mart kuni mamlakat bo‘yicha sutkalik elektr energiyasi iste’moli 267...

Green Card dasturiga ariza berishda yangi qoidalar joriy etiladi

AQSH Green Card (Diversity Visa) dasturiga ariza berishda yangi qoidalar joriy etiladi. Davlat departamenti tomonidan 11-mart kuni e’lon qilingan yangi qoidaga ko‘ra, DV dasturiga ariza topshirish...

Forbes dunyoning eng boy odamlarini e’lon qildi

AQSHning Forbes jurnali dunyodagi milliarderlarning 40-yillik reytingini eʼlon qildi. Bu yil ro‘yxatga 3428 nafar milliarder kirdi — bu o‘tgan yilgi rekorddan 400 nafarga ko‘p, shuningdek 1987-yilda...

Joriy yilda 3000 nafar qashqadaryolik yoshlar Germaniyaga ishga yuboriladi

10-mart kuni Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatida amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Yig‘ilishda turizm salohiyatidan to‘liq foydalanish uchun, har yili...

O‘zbekistonda kambag‘al oilalarga pillachilik bilan shug‘ullanish uchun 4 mln so‘mdan subsidiya beriladi

O‘zbekistonda pillachilik sohasini rivojlantirish va aholining daromadini oshirish maqsadida kambag‘al oilalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi tartib joriy etiladi. Bu prezidentning “Ipakchilik sohasini yangi tizim asosida...

Yangi Oʻzbekistonni ayollari baxtli-saodatli yashaydigan mamlakatga aylantirish — eng ulugʻ maqsad

Koʻksaroy qarorgohida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bayram tadbiri boʻlib oʻtdi. Davlatimiz rahbari marosimda nutq soʻzlab, barcha muhtarama onaxonlar,...