Foydali manbalarTadbirkorlar"Yaponamama"ning yaratilishi, franshiza va xorij bozoriga chiqish haqida

«Yaponamama»ning yaratilishi, franshiza va xorij bozoriga chiqish haqida

Yevgeniy Pak tadbirkorlik faoliyatini maktabda o‘qib yurgan paytida boshlagan. U sotmagan narsa qolmagan: eski-tuski buyumlar, Coca-Cola, Orbit saqichlari.

12 yoshida u to‘tiqushlarni ko‘paytirishga qaror qildi. Intiluvchanlik va otasining ishonchi hozirda u erishgan natijaga — o‘zining biznesi, bo‘lgandayam, kattagina biznesning egasi bo‘lishiga olib keldi.

“Oyim mening oldimga katta amakilar kelib, yosh polaponlarni olib ketishganda va buning evaziga qushlar uchun ozuqa hamda pul qoldirishlarini ko‘rib xavotirga tushgan paytlarini eslayman”, — deydi Pak tabassum bilan.

O‘shanda 20 yil avval yosh tadbirkor oyiga 2 mln so‘mga yaqin daromad olishga muvaffaq bo‘lgan edi.

Biznes o‘sdi va bir qancha vaqt o‘tgach, qushxonada 500 dan ortiq to‘tiqushlar, shu jumladan ekzotik kakadular va jakolar bor edi.

Ikki yil davomida biznes muvaffaqiyatli bo‘ldi, lekin bir kuni Yevgeniy oilasi bilan Qozog‘istonga jo‘nab ketadi va qaytib kelganida uyda to‘tiqushlar yo‘qligini ko‘radi.

“Itni zaharlashgan, katta qushlarni esa olib ketishgan. Eng yomoni shu ediki, uyalarda saqlab qolishning imkoni qolmagan yangi avlod qolgan edi. Men bir nechtasini qo‘lda ovqatlantirishga harakat qildim”, — deydi Yevgeniy.

Bu uni qattiq qo‘rqitdi va u hammasini boshidan boshlashga jur’at eta olmadi.

Biroz vaqt o‘tgach, u Xitoydan suvenirlar olib kela boshladi. Ammo maqsadlar va ko‘proq narsa qilish istagi yangi tashabbusga olib keldi — sushi va rollar pishirib, yetkazib berishni yo‘lga qo‘yish g‘oyasi paydo bo‘ldi. Shunday qilib, 2015-yilda “Yaponamama” paydo bo‘ldi.

“Hammasi tasodifan ro‘y berdi: dastlab poytaxtga dengiz mahsulotlarini olib kirishni boshladim, kichik hajmlarda ishladim, keyin esa ko‘pchilik uchun bu [panosiyo oshxonasi] qanchalik qimmat ekanligini angladim. Do‘stim bilan suhbat qilganimizda sushi va rollarni yetkazib berishni boshlash g‘oyasi yuzaga keldi”, — deya eslaydi Pak.

Yaponamama $1000 bilan, uyga yetkazib berish xizmati bilan boshlangan. Bu oson bo‘lmagan: Pak erta tongdan oziq-ovqat uchun bozorga yugurardi, kunduzi u menejer va kuryer edi, kechqurun esa debet va kreditlarni hisoblab chiqardi.

Birinchi olti oy davomida kuniga tom ma’noda ikkita buyurtma bo‘lar, ishlar yomon ketayotgan, xarajatlar daromaddan oshib boraverardi. Yosh restoratorni bu ishni tugatishga sherigining loyihadan chiqishi undashi mumkin bo‘lgan, chunki u oshpaz ham edi.

Atrofdagilarning hammasi ishni tashlash kerakligini maslahat berishar, lekin u loyihaga ishonardi va taslim bo‘lmoqchi emas edi. Muvaffaqiyat qozonish prinsipial masalaga aylandi.

“Spot” tadbirkor bilan palov madaniyati gullab-yashnagan mamlakatda qanday qilib odamlarni pan-osiyo oshxonasiga mehr qo‘yishga unday olgani, nega qushlar savdosi bilan shug‘ullanuvchi magnatga aylana olmagani, “Yaponamama” xorijda qachon paydo bo‘lishi mumkinligi va restoran ochayotganda nimalarga e’tibor qilish kerakligi haqida suhbatlashdi.


Qushlar magnati

Ayting-chi, 12 yoshli yosh bola qanday qilib oyiga 2 mln so‘m ishlab topgan?

Agar siz boshqacha yashashni xohlasangiz, unda siz o‘zgacha fikrlashni boshlaysiz. Men har doim kichkina va bechora bo‘lib qolishni istamaganman. Va bu menga turtki berdi, o‘zimga imkonsiz ishni ham uddalash mumkinligini isbotladim.

Natijada, sevimli mashg‘ulotim biznesga aylandi va yaxshigina daromad keltira boshladi.

Siz yosh paytingizdayoq ko‘p pul topardingiz. Bunday raqamlarga erishish bir muncha harakat qilishga to‘g‘ri keladi. Va buning uchun qancha to‘tiqushni sotish talab etilgan?

Men soniga qarab narx qo‘yganman. O‘shanda bitta oddiy to‘lqinsimon to‘tiqush 10 ming so‘m turardi. Savdo har safar har xil bo‘lar, lekin ba’zida kuniga 40−50 ta qushdan sotishga erishardim.

Har yakshanba kuni “Yangiobod” bozoriga borardim. Avvaliga polaponlarni sotish va ozuqa sotib olish uchun brogan bo‘lsam, keyinchalik bir yil o‘tgach, odamlar o‘zlari menikiga kela boshlashdi.

Eshigimiz oldiga kelib Jenyani chaqirishni so‘raydigan katta yoshli erkaklarni ko‘rgan onam qanchalik hayratda qolganini eslayman (kuladi).

Tajriba orttirganimdan so‘ng, qimmatbaho ekzotik qushlarni yetishtirishni boshladim. Ammo ularning tug‘ilish darajasi past edi, shuning uchun ustunlik oddiy to‘tiqush turlariga berildi.

biznes, shaxsiy biznes, sushi, yaponamama

Va keyin ularni o‘g‘irlashdi… Hammasini qaytadan boshlashga harakat qilmadingizmi?

Yo‘q. Ularning yo‘qolishi men uchun haqiqiy zarba bo‘ldi. O‘shanda bu ish bilan boshqa shug‘ullanmayman, deya qaror qildim.

Oradan 20 yil o‘tdi va bugun men bolaligimdagi biznesimni davom ettirishga qaror qildim. Hozir qushxona qurmoqdaman, u yerga 500 ta juft qushlarni joylashtirishni rejalashtirganman.

Sevimli biznesim unutilib ketishini xohlamayman. Qolaversa, bu mening aybim bilan tugagani yo‘q.

O‘ylaymanki, agar to‘xtamaganimda, hozirga kelib, albatta, qushlar magnati bo‘lardim (kuladi).

Osh yurtida sushi va rollar

Ayting-chi, sushi va rollar tayyorlaydigan muassasa ochish g‘oyasi qanday paydo bo‘ldi?

Doim meni uydagidek kutib oladigan va ovqatlantiradigan kafem yoki restoranim bo‘lishini xohlardim.

Rostini aytsam, ishni boshlashimga mahalliy tadbirkorlar turtki bo‘ldi. Taxminan 2010-yilda dengiz mahsulotlarini import qila boshladim. Tovar aylanmasi kichik edi. Boshida byudjet qarzga olingan $500 dan iborat edi, bir yildan so‘ng esa bu raqamlar $50 minggacha oshgan.

O‘sha paytlarda katta sushi-barlarga xizmat qilardim.

Biz konsignatsiya bo‘yicha ishlashga kelishib oldik. Shu darajaga yetdiki, pulni bir necha oy kutib qolardik, bu esa, o‘z o‘rnida ishni to‘xtab qolishiga, boshqa buyurtmalar qabul qila olishimizga to‘sqinlik qildi.

Pulni “yaxshi yo‘l bilan” qaytarish uchun tanishlar va do‘stlarimni ishga solishimga to‘g‘ri keldi.

Bularning barchasi oxir-oqibat jonimga tegdi. Va men o‘yladimki, nega endi o‘zim ham xuddi shunday qila olmas ekanman — sushi va rollar pishirib, sotishga qaror qildim.

Birinchidan, pan-osiyo oshxonasi hamma yerda qimmat bo‘lib, hamma ham sotib ololmas, demak bu soha egallashga ochiq edi. Ikkinchidan, menda sotish uchun mahsulotlar tayyor bo‘lib, faqat boshlash kerak edi xolos.

Birinchi hamkor bilan vazifalarni kelishib oldik: u ishlab chiqarish uchun javobgar, men esa ta’minot, ishga tushirish va yetkazib berish uchun mas’ul edim.

Va keyin dastlabki qiyinchiliklar boshlandi. Sherigim shaxsiy sabablarga ko‘ra ketdi va men zudlik bilan uning o‘rniga oshpaz izlashim kerak edi.

Bundan tashqari, buyurtmalar soni bilan bog‘liq qiyinchiliklar mavjud edi, masalan, kuniga faqat bitta yoki ikkita buyurtma bo‘lardi. Shu holda yarim yil davom etdi. Biznesning ommalashishini kutishda davom etaverdim.

Men bozorni uzoq vaqt tahlil qildim, masalan, mijozlarga nima kerakligini va nimaga e’tibor qilishni tushunish uchun so‘rovlar o‘tkazdim. O‘sha kunlarda yetkazib berish xizmati mashhur emas va agregatorlar ham yo‘q edi. Men barcha xavf-xatarlarni o‘ylab ko‘rdim va restoran ochishga qaror qildim.

biznes, shaxsiy biznes, sushi, yaponamama

Siz birinchi filialni Shota Rustavelida ochdingiz. Bugun sizda 17 ta filial bor. Siz barcha muassasalarning yagona egasimisiz?

Aksiyador do‘stlarim bor. Ular faqat investor sifatida qatnashishadi.

Bir vaqtlar ular buning salohiyatini ko‘rib, sarmoya kiritishni taklif qilishdi, men rad etmaslikka qaror qildim.

Ular operatsion tizim va strategik masalalarda menga yordam beradigan direktorlar va top-menejerlardir.

Agar bu yo‘lda men bilan bir xil fikrlaydigan, ish va hayotda biznesga qarashlari, tamoyillari meniki bilan mos keladigan odamni uchratib qolsam, uning biznesga pul kiritish-kiritmasligidan qat’i nazar, uni albatta sherik qilib olaman.

Boshqa ishlar qatorida, bugun biz Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlik qilmoqdamiz.

Ular yordamida poytaxtimizda yana sakkizta filial qurilmoqda. Hammasi bo‘lib, 11 ta filial ochish rejada bor.

Masalan, yaqinda Samarqandda yana bir restoran ochiladi. Buning ortidan “Yaponamama” Farg‘ona va Andijonda ham paydo bo‘ladi.

Birinchi filialga qancha sarmoya kiritgansiz?

Birinchi lokatsiya uchun taxminan $60 mingkerak bo‘ldi. Men bu pulni tanishlarimdan qarzga, oyiga 5% bilan oldim.

Kredit olish qiyin bo‘lganmi?

Kreditlar meni ilhomlantiradi. Men pulni qaytarib berish kerakligini juda yaxshi tushunaman va agar bu bajarilmasa, odamlar bilan munosabatlarim buziladi. Aloqalar mening ustuvorligimdir.

Shuning uchun, bu sodir bo‘lmasligi uchun ham siz qattiq ishlashingiz kerak. Mana shunday motivatsiya.

Birinchi investitsiya nimalarga sarflandi?

Ta’mirlash ishlariga, asbob-uskunalar, idishlar sotib olish uchun.

Men shunchaki “wow” deyishga undaydigan narsa qilmoqchi edim. Shuning uchun Qozog‘istondan yaponcha sopol idishlarini olib keldim, bunga yetkazib berishni o‘z ichiga olgan holda taxminan $21 ming sarfladim.

Natijada, bir yarim oydan keyin hammasi sindi. Endi men faqat melamin idishlarni sotib olaman.

Pan-osiyo restoranini ochish uchun bugun qancha pul kerak bo‘ladi?

Qanday muassasa ochishingizga bog‘liq. Misol uchun, biz besh formatni ishlab chiqdik: Food Court, Sushi Point (format faqat yetkazib berish va olib ketish uchun ishlaydi) va 120 dan 200 gacha o‘rindiqlar soniga ega turlicha bo‘lgan uch toifadagi restoranlar.

Masalan, Sushi Point ochish uchun o‘rtacha $60 mingdan 80 minggacha kerak bo‘ladi. Hammasi jihoz va binoga bog‘liq.

Endi biz ushbu formatni optimallashtirishni, mahsulot matritsasini qisqartirishni va ochilish uchun ketadigan investitsiyalarni $50 minggacha kamaytirishni xohlayapmiz.

Lekin Food Court`ga $60 mingdan 75 minggacha ketadi.

Bizning brendbook`imizga ko‘ra, uchta toifadagi restoranlarni ochish uchun o‘rtacha $100−300 ming sarflash kerak bo‘ladi.

biznes, shaxsiy biznes, sushi, yaponamamaBrendni keng yoyish

“YouTube” —kanalingizdagivideolardan birida siz biznesni ochganingizdan keyin 15−20 kishidan iborat navbatlar paydo bo‘lganini aytgansiz. Biznesingiz tez o‘sdi va deyarli har olti oyda o‘rindiqlar sonini oshirdingiz. Bunda qanday reklama vositalari yordam berdi?

U paytlar “sarafan radiosi” yaxshi ishlardi. Bu bizga katta yordam berdi. Va keyin ijtimoiy tarmoqlarni qo‘llashni boshladik.

Men “Facebook»da target reklamalarni birinchilardan bo‘lib ishga tushirdim. Bundan tashqari, biz boshidanoq arzon segmentda edik va bu boshqalardan ajralib turardi.

Ha, bizda baliq kamroq va guruch ko‘proq edi, lekin agar inson “ko‘z-ko‘z qilish»ni xohlasa, u holda u High Class pan-osiyo oshxonasiga boradi. Bizga esa tez, qulay va mazali ovqatlanish uchun kelishardi.

Sizda 17 ta filial bor. Qanday qilib hammasini nazorat qilasiz?

Avvalo, bu avtomatlashtirish va standartlashtirish tizimidir. Shuningdek, “Oshxona fabrikasi»sini shakllantirmasdan turib masshtabni kengaytirishni amalga oshirishning iloji yo‘q.

Bizning holatimizda ichki kadrlar tayyorlash akademiyasi ham mavjud. Kuchli va professional jamoa bo‘lmasa hech qayerda biror natijaga erishib bo‘lmaydi.

Akademiya haqida batafsil ayta olasizmi. Uni ishga tushirishga muvaffaq bo‘ldingizmi?

Ha, hozir u uchta yo‘nalishda ishlaydi: ofitsiantlar, kassirlar va oshpazlar.

Bu hozircha barcha xodimlar uchun bepul ishlaydi, ammo kelajakda uni monetizatsiya qilishni rejalashtirmoqdamiz.

Shuningdek, o‘rganayotganlar uchun ham ish joylari ajratmoqchimiz.

Kurslar qancha turadi?

Hammasi toifaga bog‘liq bo‘ladi. Katta ehtimol bilan 500 ming so‘mdan boshlanadi.

Faqat “Yaponamama” bilangina emas

Boshqa loyihalar qanday paydo bo‘ldi?

“Yaponamama»ning uchinchi va eng katta filiali paydo bo‘lganda, men masshtabni o‘zgartirish jarayonida katta muammoga duch keldim — har bir filialdagi idishlarning sifati va o‘ziga xosligi yomonlasha boshladi.
Shunga ko‘ra, men standartlashtirish zarur degan xulosaga keldim. Aslida, “Oshxona fabrikasi” shunday paydo bo‘ldi, bu juda muvaffaqiyatli bo‘ldi.
Hammasi oddiygina ishlaydi: fabrikada yarim tayyor mahsulotlar tayyorlanadi, so‘rovlarga ko‘ra poytaxt va viloyatlardagi barcha filiallarga jo‘natiladi. Bu yagona ta’mni saqlab qolish va sifatni nazorat qilish imkonini beradi.

biznes, shaxsiy biznes, sushi, yaponamama

“Yaponomarket” dengiz mahsulotlari do‘konimiz ham bor. Bugungi kunda u faqat onlayn ishlamoqda. Uni yaqinda “Balichok” nomiga o‘zgartirdik.

Rejamizda uni oflayn rejimga o‘tkazish — to‘liq huquqli dengiz mahsulotlari, delikates va import mahsulotlari do‘konlari tarmog‘ini ochish masalasi turibdi.

2017-yilda “Papin Dom” ochilgan, “Mayor Tayyor” esa 2020-yilda hamda “Kaizen” 2021-yilda paydo bo‘lgan.

“Papin Dom»ni yuritib men tunda ishlaydigan muassasalar bilan “yaxshi kelisha olmasligimni” angladim. Unda turli muammolar yuzaga kelardi.

Masalan, yarim kechasi soat uchda qo‘ng‘iroq qilib, muassasa egasini qidirib, muammolarni hal qilishga chaqirishlari mumkin edi. Hozir loyiha pauzada, lekin biz uni albatta davom ettiramiz.

Darvoqe, restoranlardan tashqari sovuq va issiq dudlangan baliq ishlab chiqarishni ham yo‘lga qo‘yganmiz. Shuning uchun korxonalardagi barcha baliqlar faqat bizning mahsulotimizdir.

Bundan tashqari, yaqinda maktablarda bolalarni tushlik va kechki ovqatlar bilan ta’minlash bo‘yicha ishlashni boshlaganmiz.

Bu ishni boshlash g‘oyasini qabul qilish oson bo‘lmadi: bolalar bilan ishlash qiyin. Ular injiq, ularning o‘ziga xos xohish-istaklari bor.

Dastlabki uch oy qayg‘uli bo‘ldi: bir bolaga qaysidir narsa yoqmas, ikkinchisi esa boshqa narsani yoqtirmasdi, ota-onalar g‘azablanib, qo‘ng‘iroq qilishar va yozishardi. O‘shanda men hammani ham xursand qila olmasligimni angladim.

Muammo qiziqarli tarzda hal qilindi: nostandart bolalar menyusi taqdim etildi, unga pan-osiyo oshxonasi taomlari qo‘shildi. Va bizni ajablantiradigan narsa shundaki, hamma mamnun bo‘ldi va boshqa qo‘ng‘iroqlar bo‘lmadi.

Endilikda ishlab chiqarishni kengaytirib, yirik korxonalarga kirishni mo‘ljallayapmiz.

Franshiza va hududlarga kirish

Chirchiqda, Buxoroda, Samarqandda filiallar bor. Bularning barchasi franshizami?

Yo‘q, bu bizning loyihalarimiz.

Hududlarga chiqish vaqti kelganini qanday tushundingiz?

Bu men uchun strategik ahamiyatga ega edi. Bu yerda hikoya endi daromad haqida emas, balki masofaviy ish tajribasi haqida boradi. Ayniqsa, franshizani boshlashdan oldin bu foydalidir.

Ko‘rinib turibdiki, mentalitet hamma joyda bir xil, ammo poytaxt va viloyatlardagi odamlarning tafakkuri baribir boshqacha.

Franshizani sotish fikri bo‘lganmi?

Ha, bo‘lgan. Shunchaki, biz hali ham tajriba orttiryapmiz va faqat pul ishlash uchun franshizalarni sotishni xohlamaymiz.

Biz barcha jarayonlar shaffof bo‘lishini, hamkorlar esa investitsiya qilingan mablag‘ni tezda qaytarib olib, qayta investitsiya qilish imkoniyatiga ega bo‘lishini istaymiz.

Ammo franshiza bilan bog‘liq muammo shundaki, siz xohlaysizmi yoki yo‘qmi, dastlabki bosqichlarni shaxsan nazorat qilishingiz kerak, ya’ni sizga bir necha oy davomida ushbu viloyatda yashaydigan, u yerdagi xodimlarga ish o‘rgatadigan, biznesni yo‘lga qo‘yadigan bir guruh odamlar kerak. Ko‘pchilik uydan uzoqqa ketishni xohlashmaydi.

Lekin sizga bu borada ko‘p so‘rovlar bo‘lgandir…

Bizda ular hozir ham ko‘p. Navbatda 100 kishi turibdi, 50 nafari bilan shaxsan uchrashganman.

Ular Toshkentda ko‘proqmi yoki viloyatlarda?

Albatta, poytaxtda ko‘proq, lekin viloyatlarda ham potensial hamkorlar bor. Biz ular bilan muzokaralar olib bormoqdamiz.

Biz shunchaki puli yoki aloqasi borlarni qidirmayapmiz. Bizga bunday biznesga qiziqadigan va ruhan yaqinroq bo‘lgan insonlar kerak.

Hamkor bo‘lish uchun nima qilish kerak?

Boshlanishiga anketa to‘ldiriladi. Keyin biz buni o‘rganamiz va xavfsizlik xizmati unda yozilganlarning barchasi haqiqat ekanligiga ishonch hosil qiladi.

Keyin shaxsiy uchrashuv tashkil qilamiz.

Hududlarda “Yaponomama” franshizasini qachon kutishimiz mumkin?

Taxminan olti oydan keyin.

Raqobat hayajonlantiradi

Bugungi kunda bozorda nimani ko‘rib turibmiz — bozor muassasalarga to‘lganmi yoki ular yetishmayaptimi?

Yetishmayapti deyish to‘g‘riroq bo‘ladi. Albatta, muassasalar ko‘p, lekin yaxshi xizmat ko‘rsatish esa kam.

Biz uchun bu holat ajoyib. Men kompaniyani qayerga olib borayotganimizni, nimani o‘rganayotganimizni bilaman, strategiyani aniq ko‘rayapman.

Doim xodimlarim bizning asosiy vazifamiz nafaqat pul topish, balki kundan-kunga yaxshilanish ekanini aytaman. Agar xodim boshqacha fikrda bo‘lsa, biz u bilan xayrlashamiz.

Ovqatlanishning qaysi yo‘nalishi “yaxshi to‘yingan”?

Albatta, milliy taomlar. Bu yo‘nalish shu qadar rivojlanganki, siz istalgan joyda muassasa ochib, yaxshi pul topishingiz mumkin. Bunda eng asosiysi taomlar mazali va arzon bo‘lishidir.

So‘nggi bir-ikki yil ichida Toshkentda, ayniqsa, sizning sohangiz bo‘yicha ko‘plab turli muassasalar ochildi. Qanday raqobat qilayapsiz?

Men bozorni diqqat bilan kuzatib boraman, barcha raqiblarni bilaman. Yangilari ochilganda, ularning barcha kuchli va zaif tomonlarini bilish uchun albatta buyurtma berib ko‘raman.

Yangi o‘yinchilar menga motivatsiya beradi, raqobat esa hayajonlantiradi (kuladi).

biznes, shaxsiy biznes, sushi, yaponamama

Umumiy ovqatlanish xizmatlari bozori bu yil va keyingi uch yil ichida nimani kutishi mumkin?

Ikki yoki uch yil ichida bozor to‘lib ketadi.

Yangi binolarning deyarli barcha birinchi qavatlari bir tudagi muassasa — restoranlar bo‘ladi. Kafelarni esa hozir o‘zini dangasa deb hisoblamaydigan va puli bor hamma ochmoqda.

Umumiy ovqatlanish sohasi shaharda yomg‘irdan keyin paydo bo‘ladigan qo‘ziqorin kabi tez ko‘payadi. Va bu ajoyib.

Odamlar yangi formatlarni kashf qila boshlashadi, har bir mijoz uchun raqobatlashadilar va kurashadilar, bu esa xizmat ko‘rsatish sifati ustida ko‘proq ishlashni anglatadi. Ular mijozni ajablantirishga, yangi narsa berishga harakat qilishadi.

Bu juda yaxshi, chunki bu bilan turizm sanoati ham rivojlanadi.

Rejalar

“Yaponamama»ning global maqsadi bormi?

Albatta. Ham global, ham uzoq muddatli maqsad bor. Qaysi biridan boshlay?

Keling, uzoq muddatlisidan boshlaymiz…

Xalqaro bozorda taniqli tarmoqlar mavjud — “McDonald’s”, “KFC”, shuningdek, “Dodo Pizza” ham mavjud, ammo darhol xayolga keladigan va hamma uchun arzon bo‘ladigan pan-osiyo oshxonalari tarmog‘i yo‘q.

Avvaliga bu shunchaki fikr edi. Ammo keyin men bu haqda shunchalik uzoq o‘yladimki, bu g‘oya maqsadga aylandi.

Nega endi yo‘q? Nega endi xalqaro tarmoqqa aylanmasligimiz va o‘zimiz uchun yangi cho‘qqilarni maqsad qilmasligimiz kerak? Bolaligimdan imkonsiz ishning o‘zi yo‘qligini o‘zimga isbotlab kelaman.

Bugun menda bunga qiziqqan hamkorlar bor. Bu yil muzokaralar olib borish, til topishish, kelasi yili esa Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Turkiya va Ozarbayjonda “Yaponamama” ochishni rejalashtirganmiz.

Bu mamlakatlarning barchasida ular bizni kutishmoqda, ishlashga tayyor, bu g‘oyaga qiziqqan odamlar bor.

Xo‘sh, global maqsad nima?

Biz buni allaqachon boshlab yubordik — bu mehmonxona biznesi. Men sayohat qilish va ishlash imkoniyatiga ega bo‘lishni xohlayman.

Tasavvur qiling, siz Istanbulga yoki Maldiv orollariga keldingiz va u yerda esa sizning mehmonxonangiz va restoraningiz bor. Uxlash, ovqatlanish uchun joy bor (kuladi). Axir bu ajoyib emasmi?!

Bo‘limlar

So'nggi yangiliklar

1-iyuldan Markaziy bank fuqarolarga ipoteka va avtokreditlar berish talablarini kuchaytirmoqda

Qarz oluvchilarning kredit tavakkalchiliklarini baholashda qo‘shimcha ko‘rsatkich hisobga olinadi.1-iyuldan Markaziy bank fuqarolarga ipoteka va avtokreditlar berish talablarini kuchaytirmoqda. Regulyator raisi Mamarizo Nurmuratovning tegishli qarori 28-fevral...

1-oktabrdan xavflilik darajasi yuqori mahsulotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish joriy etiladi

Yil yakunigacha shaffoflik va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Texnik tartibga solish axborot tizimi ishga tushiriladi. 27-fevral kuni texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi davlat boshqaruvini takomillashtirishga qaratilgan...

BMT O‘zbekiston tashabbusi bilan 2027 yilni «Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yili» deb e’lon qiladi

O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan ushbu rezolyutsiyaga 80 dan ortiq a’zo mamlakat ham mualliflik qildi. 26 fevral kuni Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan «2027 yil -...

Bojxona kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi

Prezident tomonidan imzolangan qonun bilan Bojxona kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. O‘zgartirish va qo‘shimchalarga ko‘ra, tovarlarni olib kirishda bojxona qiymatini aniqlashga doir normalar xalqaro standartlarga muvofiqlashtirildi,...

O‘zbekiston qonunchiligida 1-martdan nimalar o‘zgaradi?

O‘zbekiston qonunchiligida 1-martdan boshlab bir qator o‘zgarishlar joriy etiladi.Oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qiluvchilarni moliyalashtirishOziq-ovqat mahsulotlarini eksport qiluvchilarga eksportdan oldingi va eksport savdo operatsiyalarini moliyalashtirish uchun 2...

O‘zbekistonliklar mart oyida necha kun dam olishi ma’lum bo‘ldi.

O‘zbekistonliklar mart oyida necha kun dam olishi ma'lum bo‘ldiNavro‘z bayramida o‘zbekistonliklar ketma-ket 4 kun, 8 mart kuni esa besh kunlik ish haftasi ishchilari 3...