Bosh sahifa Blog Sahifa 99

Oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida 300 mln so‘mgacha shartsiz kredit beriladi

0

To‘qqiz bank aholini daromadli qilish maqsadida xorijdan $1 mlrd jalb qilishi mumkin. 2025-yilda 1 mingta og‘ir mahalla infratuzilmasiga 3,2 trln so‘m ajratilishi belgilandi.

Iqtisodiy kompleksda sustkashlik va mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan 297 nafar rahbar ishdan olindi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.

16-dekabr kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida bank xizmatlari orqali mahallalarda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha joriy yilda amalga oshirilgan ishlar va 2025-yil uchun asosiy rejalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Unda davlat rahbari mahallaga tushib, odamlar va tadbirkorlar muammosini hal qilmagan rahbar ishlamasligini, hamma o‘zgarishi kerakligini qat’iy ogohlantirish bilan qayd etdi.

2025-yilda 5 mlndan ziyod aholini daromadli qilish, 1,5 mln odamni kambag‘allikdan chiqarish mahallabay hisob-kitob qilingan. Shu bilan birga, hokim va banklarning ijobiy tajribalarini kengaytirish, muammolarni hal qilish bo‘yicha 40dan ortiq taklif va tashabbuslar tayyorlangan.

Prezident yangi imkoniyatlar va rejalarni belgilab berdi. O‘tgan 6 yilda oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida 750 ming aholi kreditini vaqtida qaytarib, daromadli biznesga ega bo‘ldi. Ulardan 58 mingi yangi korxona ham ochdi. Endi banklar bunday mijozlarini qo‘llab-quvvatlab, ularni kichik va o‘rta biznes darajasiga olib chiqishi kerakligi ta’kidlandi. Ularga “Kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash” dasturi doirasida shartsiz 300 mln so‘m kredit beriladi. Natijada, kelgusi yillarda 1,5 mln aholini ishli qilish mumkin.

Oilaviy tadbirkorlik dasturlariga kredit resurslari faqat davlat mablag‘laridan ajratilmoqda. “Xalq banki” bilan OTBning moliyaviy ommaboplik dasturi doirasida 50 mln so‘mgacha ortiqcha hujjat va garovsiz kredit berilmoqda. OTB dasturga $150 mln ajratishga tayyor ekanligi qayd etildi. Bu namuna asosida kelgusi yilda 9ta davlat bankiga chetdan $1 mlrd kredit jalb qilib, 250 ming odamni daromadli qilish tavsiya qilindi.

Mutasaddilarga kelgusi yilda 30 ta tumanda baliqchilik, quyonchilik, chorvachilik va asalarichilik bo‘yicha kooperatsiyalarni ko‘paytirish topshirildi. Bunga 500 mlrd so‘m yo‘naltirilishi belgilandi.

Bundan tashqari, hozirda 15 ming tadbirkor mahsulotlarni elektron platformalarda sotib, daromadini oshirmoqda. Bu borada BMTTD xususiy bank bilan 1 300 nafar ayolni o‘qitib, mahsulotini onlayn sotish tajribasini yaratmoqda. Ham investitsiya olib keladigan, ham ko‘p ish o‘rni yaratadigan startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash kengaytiriladi. Davlat banklari bittadan venchur kompaniya ochib, mahalla startaplariga o‘z mablag‘idan jami $50 mln ajratishi, startaplarni biznesga aylantiradigan akseleratorlar ochish kerakligini ta’kidladi.

Og‘ir tumanlarda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha alohida yondashuv joriy qilinishi ta’kidlandi.

Masalan “Sanoat qurilish banki” Quvadagi yirik eksportyor bilan Qo‘ng‘irot tumanida brokkoli ekish va yog‘ochni qayta ishlash loyihalarini amalga oshirdi. Bunga past foizli kredit ham berdi.

Bu tajriba ma’qullanib, sharoiti og‘ir 71ta tumanga boshqa hududlardan tadbirkorlarni taklif qilish uchun ularga qo‘shimcha kredit, 2025-yilda 1 mingta og‘ir mahalla infratuzilmasiga 3,2 trln so‘m ajratilishi belgilandi.

Umuman, tadbirkorlar qo‘shimcha 31 trln so‘mlik 3,5 mingta loyiha va 200 mingta yangi ish o‘rni yaratishga tayyor. Iqtisodiyot va moliya vazirligiga bu loyihalar infratuzilmasiga 1 trln so‘m ajratish topshirildi.

2025-yildan O‘zbekistonda yagona turizm platformasi ishga tushiriladi

0

U orqali mehmonxonalarni bron qilish, turlar, transport va kirish chiptalarini sotib olish mumkin bo‘ladi.

Vazirlar Mahkamasi Yagona milliy turizm platformasini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorni tasdiqladi. Qaror Lex.uz saytida e’lon qilindi.

Platformada mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun barcha turdagi xizmatlarni birlashtirish rejalashtirilgan. Bunga quyidagilar kiradi:

  • joylashtirish vositalarini onlayn bron qilish;
  • avtotransportni ijaraga olish, taksiga buyurtma berish;
  • avtobuslar, samolyotlar va poyezdlarga chiptalar sotib olish;
  • muzeylar va diqqatga sazovor joylarga kirish chiptalarini sotib olish;
  • gid-tarjimonlar, ekskursiya yetakchilari, turoperatorlar va turagentlar xizmatlari;
  • milliy va xalqaro to‘lov tizimlari orqali to‘lovni amalga oshirish.
  • Platformani 2025-yil 1-sentabrdan sinov tartibida ishga tushirish rejalashtirilmoqda. O‘sha yilning 1-dekabriga qadar u to‘liq ish holatiga o‘tishi kerak.

Turizm qo‘mitasi platformani yaratish va uni boshqarish bo‘yicha ishlarning buyurtmachisi operatorni tanlash uchun mas’ul hisoblanadi.

Qayd etilishicha, platfromani yaratish bo‘yicha ishlar Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.

Platformadagi ma’lumotlar 14ta xorijiy tilda mavjud bo‘ladi. Tizim “Uztrans” tizimi, shuningdek, “O‘zbekiston temir yo‘llari”, “Uzbekistan Airways” va boshqa tashuvchilarning chipta sotib olish tizimlari bilan integratsiya qilinadi.

Iyul oyida prezident avia, temir yo‘l va avtobus qatnovlari bo‘yicha yagona axborot platformasini yaratish va chiptalarni jo‘natish sanasidan 6 oy oldin sotib olish bo‘yicha topshiriq bergandi. Uni 1-dekabrga qadar ishga tushirish rejalashtirilgan edi.

Ilon Maskning boyligi birinchi marta $400 mlrddan oshdi

0

12-dekabr holatiga, Tesla va SpaceX kompaniyalari rahbarining boyligi $447 mlrdga baholanmoqda.

Ilon Mask boyligi $400 mlrddan oshgan birinchi shaxs bo‘ldi. Bu haqda “Bloomberg” xabar bermoqda. 12-dekabr holatiga ko‘ra, amerikalik tadbirkorning umumiy boyligi “Bloomberg Billionaire Index” ma’lumotlariga asosan $447 mlrdga baholangan.

Dunyoning eng boy odamlari reytingidagi eng yaqin raqobatchisi — “Amazon” asoschisi Jeff Bezos esa atigi $249 mlrd boylikka ega.

Kuchli uchlikni “Meta»asoschisi Mark Sukerberg $224 mlrd bilan bilan yakunladi.

Undan keyingi o‘rinni “Oracle” hammuassisi Larri Ellison $198 mlrd boylik bilan egallagan bo‘lsa, kuchli beshlikni “Louis Vuitton Moet Hennessy” rahbari va egasi Bernard Arno $181 mlrd boyligi bilan yakunladi.

“CNN” nashri xabar berishicha, Mask “SpaceX” kompaniyasining aksiyalarini ichki savdo orqali taxminan $20 mlrd miqdorida daromad olgan. Shu fonda kosmik startapning umumiy qiymati $350 mlrdga yetgan.

Bundan tashqari, “Tesla” aksiyalarining narxi yana bir bor rekord darajaga ko‘tarilgan. Chorshanba kuni fond bozorlari yopilish paytida avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniya aksiyalari $424dan sotilgan va uning bozor qiymati $1,33 trlnni tashkil etgan.

Donald Tramp ikkinchi muddatga prezidentlikka saylangandan keyin o‘tgan besh hafta ichida “Tesla” aksiyalari 65%ga qimmatlashdi. Bundan tashqari, Maskning sun’iy intellekt sohasidagi “xAI” loyihasi yangi investitsiya raundi davomida $50 mlrdga baholandi.

Tahlilchilarning ta’kidlashicha, investorlar Maskning Oq uyga yaqinligi va ma’muriyatning muhim sohalardagi qarorlariga ta’sir qilish imkoniyati tufayli uning aktivlarini yanada oshirishga intilmoqda. Saylovdan so‘ng biznesmenning boyligi $136 mlrdga oshdi.

“Informa Connect Academy” tadqiqot guruhi hisobotiga ko‘ra, Ilon Mask 2027-yilga borib dunyodagi birinchi trillioner bo‘lishi mumkin.

2025-yilda Angrenda “Angren city” kompleksi qurilishi boshlanadi

0

Loyiha doirasida 2 810ta xonadonga mo‘ljallangan 41ta ko‘p qavatli turar joy quriladi. Bundan tashqari, bu yerda maktab, bog‘cha hamda ko‘ngilochar obyektlar bo‘ladi.

Toshkent viloyatining Angren shahrida “Angren city” turar joy majmuasi quriladi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qurilish jarayonini shaharning bo‘sh turgan 35 gektar yer maydonida 2025-yildan bosqichma-bosqich amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Loyiha doirasida 2 810ta xonadondan iborat 41ta 9, 12, 14 va 16 qavatli turar joy binolari quriladi. Bu yerda maktab, bog‘cha, klinika, ijtimoiy soha muassasalari va ko‘ngilochar obyektlar bo‘ladi.

Birinchi bosqich muhandislik kommunikatsiya tarmoqlarini qurish uchun dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 96 mlrd so‘m yo‘naltirish ko‘zda tutilgan.

Loyiha natijasida 400dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilib, aholiga yillik 1,5 mlrd so‘mlik turli xizmatlar ko‘rsatiladi.

Yil yakuni: tadbirkorlar tomonidan tavsiya etilgan kitoblar

0

Ro‘yxatga badiiy adabiyotlar, avtobiografiyalar va shaxsiy o‘sish hamda biznesni rivojlantirishga oid kitoblar kiritilgan.

Yil davomida tadbirkorlar va top-menejerlar o‘zlarining shaxsiy hayot va bizneslariga ta’sir ko‘rsatgan hamda sevib o‘qiydigan kitoblari bilan o‘rtoqlashdilar. “Spot” ular tavsiya qilgan asarlardan asosiylarini saralab oldi. Ro‘yxatdan, shuningdek, iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindorlari va “Microsoft” kompaniyasi asoschisi Bill Geyts tomonidan tavsiya qilingan kitoblar o‘rin olgan.


“Sapiens: insoniyatning qisqacha tarixi”, Yuval Noy Harari

“Profi University” asoschisi Bektosh Hatamovning fikricha, asar dunyoqarashni kengaytiradi, insoniyat tarixidagi muvaffaqiyat va xatolarni chuqurroq anglashga yordam beradi. Bu orqali o‘quvchi o‘z hayoti va jamiyat rivoji uchun foydali bo‘lgan xulosalarni chiqara olishi mumkin.

Bundan tashqari, muallif murakkab savollarni, jumladan, kelajakda texnologik taraqqiyot va genetika yordamida insoniyatni qanday o‘zgarishlar kutayotganiga oid savollarni ham o‘rtaga tashlagan, deydi “Profi University” asoschisi.

“Legalmax” boshqaruvchi hamkori Muxammadali Maxmudov ham kitobxonlarga aynan shu asar mutolaasini tavsiya qilgan. Asar ko‘plab qarashlarimni qayta ko‘rib chiqishga majbur qildi, jumladan, din va inson tabiati haqida chuqur tushunchalarni anglashga yordam berdi, deydi tadbirkor.

Bu asar men uchun ilhomlantiruvchi mutolaa bo‘lib, inson motivlari va xatti-harakatlarini chuqurroq tushunishga ko‘maklashdi, deydi Muxammadali Maxmudov.

kitoblar tavsiyasi, yil sarhisobi


“Qanday qilib xato qilmaslik mumkin. Matematik fikrlash kuchi”, Jordan Ellenberg

EPAM direktori Renat Axtyamov tomonidan tavsiya qilingan bu kitob matematika nuqtayi nazaridan, sirli va hayratlanarli ko‘rinadigan ko‘pgina voqealarni tushuntirib, bu yordamida xatolarni topish mumkin.

Axtyamovning fikricha, bu kitob ko‘p narsaga nafaqat odatiy nuqtayi nazardan, balki matematik fikrlash prizmasidan ham qarash imkonini beradi, bu esa ko‘proq asosli qarorlar qabul qilishga yordam beradi.

kitoblar tavsiyasi, yil sarhisobi


“Yuqumli saxiylik”, Kris Anderson

Kitob “Microsoft” kompaniyasi asoschisi Bill Geyts tomonidan tavsiya qilingan. Asar orqali muallif faqat pul berish haqida emas, saxiylik tushunchasini kengaytirishimiz kerakligini ta’kidlaydi.

Agar siz yanada adolatli dunyoni yaratishga yordam berishni istasangiz, lekin qayerdan boshlashni bilmasangiz, bu kitob siz uchun, deydi mashhur biznesmen.

kitoblar tavsiyasi, yil sarhisobi


“Mukammal rahbar”, Isxak Kalderon Adizes

Bu kitob “Thompson school” asoschisi Shahzod Bahodirov tomonidan tavsiya qilingan bo‘lib, asar kompaniya samaradorligi uchun bir-birini to‘ldiruvchi boshqaruv uslublariga ega menejerlarni tanlash tamoyili, ular sifatli qarorlar qabul qilishda hatto ziddiyatlardan foydalanishlari uchun aloqani qanday qurishlari kerak, degan ko‘plab savollarga javob beradi.

Boshqaruv sohasida ta’lim olayotgan, ishlayotgan va o‘z biznesida haqiqiy lider bo‘lish ishtiyoqidagi har bir inson o‘qishi shart bo‘lgan kitoblardan biri deb bilaman, deydi yosh tadbirkor.

kitoblar tavsiyasi, yil sarhisobi


“Sistemologiya”, Devid Jenins

Bektosh Hatamov tomonidan tavsiya qilingan bu kitob biznes tizimlarini yaratish, jarayonlarni samarali boshqarish va tashkilot ichidagi muammolarni hal qilish usullari haqida bo‘lib, bu orqali barqarorlikka erishish, vaqt va resurslarni tejash imkoniyatinini o‘rganib olish mumkin.

Jenins yondashuvi, ayniqsa, kichik va o‘rta biznes uchun foydali bo‘lib, ularga oddiy va samarali tizimlarni yaratishni o‘rgatadi. U tartib o‘rnatishga, xaosni kamaytirishga va muhim xodimlarga qaramlikni kamaytirishga yordam beradi, deydi tadbirkor.

kitoblar tavsiyasi, yil sarhisobi


“Jamoaning ideal o‘yinchisi”, Patrik Lensioni

EPAM direktori Renat Axtyamovning fikricha bu kitob “EPAM” doirasida e’tiborga tushib ulgurgan. Kitob xodimlarni uchta asosiy mezon va ularning kombinatsiyasi asosida tasniflashning ko‘plab tizimlaridan birini taklif qiladi.

“Och”, “Kamtar”, “Aqlli” kabi jihatlarning muvozanatiga ega bo‘lish juda muhim, chunki ulardan birining mavjud emasligi xodimning karyera cho‘qqisini zabt etishiga va jamoada muvaffaqiyatli muloqotni o‘rnatishiga to‘sqinlik qiladi, deydi EPAM direktori.

kitoblar tavsiyasi, yil sarhisobi


“Boburnoma”, Zahiriddin Muhammad Bobur

Kitob O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva tomonidan mutolaaga tavsiya etilgan bo’lib, unda Osiyoning ko‘plab tog‘lari, daryolari, o‘rmon va cho‘llari, iqlimi, aholisi, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy ahvoli haqidagi maʼlumotlar, Boburning kechinmalari o‘rin olgan.

Asar o‘qib borar ekansiz, tarixga bo‘lgan qiziqishingiz ham oshib boradi. O‘sha davrdagi jonli muhitga tushib qolgandek bo‘lasiz. Asardagi voqealar ketma-ketligi aniq, hayotiy va ta’sirchan yozilgan, deydi Teshaboyeva.

kitoblar tavsiyasi, yil sarhisobi


“Bir varaqli marketing reja”, Allan Dib

“Thompson school” asoschisi Shahzod Bahodirov tomonidan tavsiya qilingan kitob tadbirkor va marketolog Allan Dib marketing rejasini qanday qilib oson va tez bitkazishni o‘rgatadi. Bu esa, o‘z o‘rnida, murakkab marketing rejani tuzib, boshlovchidan soha ustasiga aylanishga yordam beradi.

Marketing sohasiga qiziqadigan va biznesida ushbu bo‘limni rivojlantirishga harakat qilayotgan har bir inson uchun tavsiya qilaman, deydi tadbirkor.

kitoblar tavsiyasi, yil sarhisobi


“Tor yo‘lak”, Daron Ajemog‘lu va Jeyms Robinson

Iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofotini qo‘lga kiritgan Daron Ajemog‘lu va Jeyms Robinsonning bu kitobida mamlakatlar qanday rivojlanib, fuqarolarga erkinlik berishlarini, boshqalari esa mustabidlik yoki qonunsizlikka tushib qolishlari tadqiq etilgan.

Bundan tashqari, aynan shu ikki yozuvchi qalamiga mansub “Mamlakatlar tanazzuli sabablari”, “Diktatura va demokratiyaning iqtisodiy manbalari” asarlari ham mutolaachini jamiyatda sodir bo‘layotgan voqealarga chuqurroq nazar tashlashga undaydi.

Yana bir Nobel mukofoti sovrindori Saymon Jonson va Daron Ajemog‘luning “Hokimiyat va taraqqiyot” kitobi ham omma e’tiboriga tushib ulgurgan. Asar texnologiyalar jamiyat tomonidan qayta yo‘naltirilishi zarurligini ko‘rsatadi.

kitoblar tavsiyasi, yil sarhisobi


“Yangi dadil so‘zlar”, Salman Xon

Bill Geyts tomonidan tavsiya qilingan bu kitob, sun’iy intellektning ta’limni qanday yaxshilashi haqidagi “yangi dadil so‘zlar»dan iborat.

Hech kim ta’limning kelajagi haqida Salmandan ko‘ra aniqroq tushunchaga ega emas va men “Ajib yangi so‘zlar»ni tavsiya qilishdan boshqa ilojim yo‘q, deydi tadbirkor.

kitoblar tavsiyasi, yil sarhisobi


Eng yaxshi biznes kitoblar

“Forbes»ning 2023-yilning eng yaxshi biznes kitoblar ro‘yxatiga kirgan Gloriya Markning “Diqqat oralig‘i” asari inson e’tibori hamda miyani iloji boricha samarali ishlashi, uning imkoniyati buzmasligi uchun nima kerakligi haqida hikoya qiladi.

Navbatdagi kitob Anil Kumar Setning “O‘zingda bo‘l. Yangi ong nazariyasi” asari bo‘lib, unda muallif o‘zining asosiy va qisman shov-shuvli g‘oyasini shakllantiradi: bizning ongimiz aslida boshqariladigan gallyutsinatsiya.

Jozef Xenrikning “Dunyodagi eng g‘alati odamlar” kitobi ham eng yaxshi kitoblar ro‘yxatiga kiritilib, unda muallif tomonidan biz bilgan zamonaviy dunyoni shakllantirgan g‘arb madaniyati vakillarining xususiyatlari keng ko‘lamli o‘rganilib, ochib berilgan.

Eng yaxshi kitoblar ketma-ketligini Dan Uillingemning “Professional kabi o‘rganing” asari davom ettiradi. Bu Kognitiv psixologiya professori Dan Uillingemning o‘quv jarayonida miya faoliyatining o‘ziga xos xususiyatlarini o‘rganuvchi kitobi bo‘lib, u har qanday materialni o‘zlashtirishni osonlashtirish va uni yanada samarali taqdim etish uchun yetarlicha sodda va ishlaydigan vositalarni taklif etadi.

Ro‘yxatning eng so‘ngi kitobi Alvi Rey Smitning “Piksel. Bir nuqta hikoyasi” bo‘lib, asar texnologiya biznesi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar va ilm-fan tarixi va inson ongining imkoniyatlariga qiziqqan har bir kishi uchun qiziqarli bo‘ladi.

Prezident $3,7 mlrdlik muqobil energiya quvvatlarini ishga tushirdi

0

Keyingi besh yilda mamlakatda 19 ming MVt yashil quvvatlarni barpo etish orqali qayta tiklanuvchi energiya ulushini 54%ga yetkazish rejalashtirilgan.

13-dekabr kuni Xalqaro kongress markazida Shavkat Mirziyoyev ishtirokida energetika sohasida yangi quvvatlarni ishga tushirish va navbatdagi loyihalar qurilishiga start berish marosimi bo‘lib o‘tdi. Xususan, qiymati $3,7 mlrdlik 18ta yangi quvvatlar ishga tushirilmoqda, 6ta loyiha qurilishi boshlandi. Loyihalar qatorida Buxoro, Navoiy, Namangan va Toshkent viloyatlarida salkam 2,3 ming MVt quvvatga ega 5ta quyosh va shamol elektr stansiyasi hamda 5ta yuqori kuchlanishli podstansiya bor.

Shu bilan birga, birinchi marta Andijon va Farg‘onada 300 MVtli yirik saqlash tizimi barpo etildi. Qashqadaryoda 400 MVtli elektr stansiyasi, Toshkent shahrida kogeneratsiya qurilmasi, Andijon, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida 4ta kichik GES foydalanishga topshirilmoqda.

Farg‘ona, Samarqand, Navoiy, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida qiymati $3,5 mlrd bo‘lgan 2,5 ming MVtli 6ta elektr quvvatlari qurilishi boshlanmoqda. Ishga tushayotgan quvvatlar va yangi loyihalar orqali kelgusi yillarda qo‘shimcha 9,5 mlrd kVt/soat elektr ishlab chiqarilib, 2,5 mlrd kub metr tabiiy gaz tejaladi, 4,6 mln tonna zararli gazlar chiqarilishi oldi olinadi. 4 mlndan ziyod xonadon uzluksiz toza energiya bilan ta’minlanadi.

Bu iqtisodiyotning boshqa sohalarida ham $4 mlrdlik qo‘shilgan qiymat yaratishga turtki beradi. Kelgusi yili 2016-yilga nisbatan 25 mlrd kVt/soatga yoki 1,5 barobar ko‘p — jami 84 mlrd kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi.

O‘tgan 5 yilda energetika sohasiga qariyb $20 mlrd to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb qilindi. Tizimda 24ta mustaqil energiya ishlab chiqaruvchi paydo bo‘ldi.

Yashil energetikada bugunga kelib 3,5 ming MVtli yoki 10 mlrd kVt/soatga teng 16ta yirik quyosh va shamol elektr quvvatlari ishga tushirildi. Buning hisobiga 2024-yilda “yashil” energiya ulushi 16%dan oshirildi. Kelgusi 5 yilda mamlakatda elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoj hozirgidan 1,5 barobar oshib, 120 mlrd kVt/soatga yetadi.

2030-yilgacha yana 19 ming MVt “yashil” quvvatlarni barpo etib, qayta tiklanuvchi energiya ulushini 54%ga yetkazish rejalashtirilgan. Xususan, 2025-yilda 3,4 ming MVtli 18ta quyosh va shamol stansiyalari hamda 1,8 ming MVtli saqlash tizimlari ishga tushiriladi.

Kelgusi yili “yashil” energiya ishlab chiqarish hajmlari 12 mlrd kVt/soatga yetadi. Natijada, 5 mln xonadonni bir yillik iste’mol bilan ta’minlanadi va 6,5 mln tonna zararli gazlarni atmosferaga chiqarishning oldi olinadi.

Shuningdek, keyingi 2 yilda xususiy tadbirkorlar bilan birga 2 mingdan ortiq kichik va mikro-GESlar tashkil qilish bo‘yicha katta dastur amalga oshiriladi.