Bosh sahifa Blog Sahifa 98

Intellektual mulk obektlarini huquqiy himoya qilish tizimi takomillashtiriladi

0

Prezident tomonidan imzolangan qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.

Intellektual mulk obektlaridan qonunga xilof ravishda foydalanganlik uchun huquq egasining talabiga ko‘ra huquqbuzar tomonidan tovon to‘lash tartib-taomili joriy etilishini nazarda tutuvchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

“Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, patent egasi o‘zining mutlaq huquqini buzgan holda sanoat mulki obektidan foydalanayotgan shaxsdan zararlarning qoplanishi o‘rniga BHMning 20 baravaridan 1000 baravarigacha miqdorda tovon to‘lashini talab qilishi mumkin.

Bunda tovon zararlar yetkazilishi faktidan qat’i nazar, huquqbuzarlikning xususiyatidan va patent egasining mutlaq huquqini buzgan holda sanoat mulki obektidan foydalanayotgan shaxsning aybi darajasidan kelib chiqib, ish muomalasi odatlari hisobga olingan holda to‘lanadi.

Tovon miqdori taraflarning kelishuviga muvofiq yoki sud tomonidan belgilanadi.

Ilgari bunday normalar mavjud emas edi. Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.

Yana 50 ming gektar yer kambag‘al oilalarga bo‘lib beriladi

0

Bir yil davomida yana 50 ming gektar yerni 100 mingta kambag‘al oilaga bo‘lib berish rejalashtirilgan. Bu haqda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha prezident selektorida ma’lum qilindi.

Ta’kidlanishicha, bu yerlarda “kompaniya – kooperativ – dehqon xo‘jaligi” tamoyili asosida dehqonchilik va bog‘dorchilik tashkil etiladi.

Bunda, yerdan uch xil daromad olinadigan yangi tizim yaratiladi:

  • qishloq xo‘jaligi mahsuloti yetishtiruvchi va eksport qiluvchi katta kompaniya kambag‘al oilalardan yerni ikkilamchi ijaraga oladi;
  • yoki yer egalari ulushdor sifatida kooperatsiyaga birlashib, kompaniyalardan buyurtma oladi va topilgan daromad ular o‘rtasida taqsimlanadi;
  • har ikki holatda ham ushbu aholi yerda o‘zi mahsulot yetishtirib, buning uchun oylik oladi.

“Ya’ni, kambag‘al oila o‘ziga berilgan yerdan yanada samarali foydalanib, oylik olish bilan birga, ijara yoki dividenddan daromad ko‘radi”, deyiladi rasmiy xabarda.

Mutasaddilarga viloyat hokimlari bilan birgalikda bu orqali kamida 200 ming aholini band qilish topshirildi.

Yig‘ilishda aytilishicha, umumiy ovqatlanish sohasiga berilgan yengilliklarga javoban sohadagi yirik brendlar qisqa muddatda Samarqand, Andijon va poytaxtda 2 ming odamga ish bergan.

Ikki yil avval umumiy ovqatlanish sohasi tadbirkorlariga ijtimoiy soliqdan imtiyoz berilgan edi. Tadbirkorlarga shu imtiyoz yana 2 yilga uzaytirib berilsa, ular 150 ming ehtiyojmand aholini ish bilan ta’minlashga tayyor.

Ayrim korxonalar koll-markaz tashkil qilib, hozirni o‘zida 2 ming nafar nogironligi bo‘lgan aholiga kompyuter va telefon olib berish orqali ularni uyini o‘zida ish bilan ta’minlamoqchi.

Xizmatlar sohasidagi tadbirkorlar kambag‘al aholini ishli qilaman desa, imtiyoz muddatini yana uzaytirish mumkinligi ta’kidlandi.

Hozir sanoatda eng ko‘p ish o‘rni yaratadigan soha – to‘qimachilik.

Tadbirkorlar 2 yil avval tayyor trikotaj, bo‘yalgan mato va gazlama korxonalariga ijtimoiy soliqdan berilgan imtiyozni uzaytirib berishni so‘ramoqda.

Agar korxonalar kambag‘al aholini band qilsa, o‘sha ishchiga ijtimoiy soliqdan imtiyoz yana uch yilga saqlanib qoladi.

Ushbu imtiyoz nafaqat to‘qimachilikka, balki barcha sohadagi korxonalarga beriladi.

Bu imkoniyatdan foydalanib, to‘qimachilik, qurilish materiallari, charm-poyabzal va hunarmandchilikda 120 ming, dehqonchilik va chorvachilikda 120 ming, qurilish sohasida 25 ming, elektrotexnikada 20 ming kambag‘al aholini ishli qilish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.

O‘zbekiston ilk bor sumo bo‘yicha jahon chempionatida medal oldi

0

O‘zbekistonlik sportchi Durdona Abdujabborova sumo bo‘yicha 25-jahon chempionatida bronza medalini qo‘lga kiritdi, deb xabar berdi «Dunyo». Bu O‘zbekistonning ushbu sport turi bo‘yicha xalqaro maydondagi ilk yutug‘i bo‘ldi.

7−8 sentabr kunlari Polshaning Krotoshin shahrida jahon chempionati bo‘lib o‘tdi. Turnirda 33 davlatdan 200 nafarga yaqin sportchi ishtirok etdi. O‘zbekiston sharafini Abduqodir Usmonov (80 kilogrammgacha), Mahmudjon Maqsudov (115 kilogrammgacha), Faridaxon To‘lashova (73 kilogrammgacha) va Durdona Abdujabborova (mutlaq og‘ir vazn) himoya qildi.

Abdujabborova o‘z toifasida Estoniya, Polsha va Ukrainadan kelgan raqiblari bilan o‘tkazilgan janglarda ikkita g‘alaba va ikkita mag‘lubiyat qayd etdi va bu unga uchinchi o‘rinni egallash imkonini berdi. U bronza medalni yaponiyalik sportchi Ayri Hisano bilan baham ko‘rdi. Norvegiyalik Katrin Frilset kumush medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, ukrainalik Irina Pasechnik chempionlik unvoniga sazovor bo‘ldi.

O‘zbekistonda o‘zini o‘zi band qilganlar 3,9 mln nafardan oshdi

0

2024-yil 1-sentabr holatiga — o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar 3,9 mln nafardan oshdi. Bu haqda Soliq qo‘mitasining matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 97,8% ga (1,9 mln nafarga) oshgan.

O‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar umumiy sonining 57%ini erkaklar, 43%ini ayollar tashkil qiladi.

O‘sish ko‘rsatkichi eng yuqori sohalar:

  • maishiy xizmatlar — 150,8% (984,1 mingta);
  • ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish — 137,3% (212 mingta);
  • axborot-kommunikatsiya — 116,3% (54,1 mingta).

Hududlar kesimida eng ko‘p Samarqand viloyatida (456 ming) fuqaro o‘zini o‘zi band qilgan. Undan keyingi o‘rinlarda Qashqadaryo (399 ming) va Andijon viloyatlari (360 ming) turibdi.

Joriy yilda 318,2 ming fuqaro yengil avtotransportda yo‘lovchi tashish faoliyati bo‘yicha o‘zini o‘zi band qilgan.

Kichik tadbirkorlarga 100 mln so‘mgacha garovsiz mikrokreditlar beriladi

0

“Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” kompleks dasturi takomillashtiriladi. Bu bo‘yicha 7-sentabr kuni prezident qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan, bir loyiha doirasida 300 mln so‘mgacha mikrokreditlarning 100 mln so‘m garovsiz qismi “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” mablag‘lari hisobidan, 200 mln so‘mgacha qismi esa bank va mikromoliya tashkilotlarining o‘z mablag‘lari hisobidan ajratiladi.

Garovsiz ajratilgan 100 mln so‘m doirasida mikrokreditlar bo‘yicha kredit tavakkalchiligini davlat va mikrokredit beruvchilar o‘rtasida taqsimlash yoki ular bo‘yicha kompaniyaning portfel kafilligini taqdim etish joriy qilinadi.

Shu bilan birga, mikrokredit beruvchilar tomonidan o‘z mablag‘lari hisobidan ajratilgan 100 mln so‘mgacha garovsiz mikrokreditlarni qayta moliyalashtirish tizimiga o‘tiladi.

Dastur doirasida 100 mln so‘mgacha garovsiz mikrokreditlar kamida bir yildan buyon faoliyat yuritayotgan va ijobiy kredit tarixiga ega kichik tadbirkorlarga ajratiladi.

Joriy yilning 1-noyabridan kichik tadbirkorlar ro‘yxatdan o‘tgan va faoliyat yuritayotgan hudud toifasidan kelib chiqib, “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” tomonidan mikrokredit beruvchilarga quyidagi stavkalarda qayta moliyalashtiriladi:

  • 5-toifa uchun — 12,5%;
  • 4-toifa uchun — 13,5%;
  • 3-toifa uchun — 14,5%;
  • 2-toifa uchun — 17%;
  • 1-toifa uchun — 18%.

30-avgust kuni prezidentning tadbirkorlar bilan to‘rtinchi ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish to‘g‘risidagi farmoni qabul qilingandi. Unda davlat dasturlari asosida kichik va o‘rta tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga barcha banklar va mikromoliya tashkilotlari jalb qilinishi belgilangan.

Shu bilan birga, “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” kompleks dasturi doirasida kichik tadbirkorlikka ajratiladigan 100 mln so‘mgacha garovsiz mikrokreditlar miqdori 300 mln so‘mga oshirildi.

Joriy yilning 20-avgust kuni o‘tkazilgan prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida mikrokreditlar miqdorini 3 barobargacha oshirish ma’lum qilindi. Bunda kreditning 100 mln so‘mgacha bo‘lgan qismiga garov talab qilinmaydi. Bu maqsadga bir yilda 10 trln so‘m beriladi.

Eksport qiluvchilar uchun QQS qoplash tartibi soddalashtirildi

0

Endilikda eksport operatsiyalari bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) summasi o‘rnini qoplash osonlashadi. Bu haqda biznes-ombudsman xabar qildi.

Soliq to‘lovchilardan tovarlarning eksport qilinganini tasdiqlovchi bojxona hujjatlarini soliq organlariga taqdim etish talab qilinmaydi.

Bojxona organlari tomonidan elektron tarzda taqdim etilgan ma’lumotlar eksportni tasdiqlash uchun yetarli hisoblanadi.

Ushbu yangi tartib joriy farmon kuchga kirgunga qadar bo‘lgan davrdagi QQS qoplash uchun berilgan arizalarga ham tatbiq etiladi.

Import qilinadigan asbob-uskunalar va (yoki) butlovchi qismlarni yetkazib berish muddati 180 kundan ortiq bo‘lgan kontraktlar bo‘yicha aktivlarni repatriatsiya qilish muddati sifatida kontraktda ko‘rsatilgan yetkazib berish muddati tan olinadi.