Bosh sahifa Blog Sahifa 100

Markaziy bank asosiy stavkani yillik 13,5% darajasida saqlab qoldi

0

Iqtisodiyotdagi joriy yuqori talab va narxlarga oshiruvchi bosimlar kuchaysa, regulyator asosiy stavkani oshirishi mumkin.

Markaziy bank boshqaruvi 12-dekabrdagi yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 13,5% darajasida saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qildi. So‘nggi oylarda iqtisodiyotda yuqori talab va narxlarga oshiruvchi bosimlarning saqlanib qolayotganligi fonida inflyatsiya darajasining prognozga nisbatan sekinroq pasayishi va inflyatsion kutilmalarning yuqori shakllanayotganligi kuzatilmoqda. Joriy yil yakunida umumiy inflyatsiya prognoz koridorining yuqori chegaralarida bo‘lishi kutilmoqda.

Inflyatsion jarayonlarni va kutilmalarni hamda o‘rta muddatli istiqbolda inflyatsiya darajasini 5%lik targetigacha pasaytirishga zamin yaratish maqsadida pul-kredit sharoitlarining qat’iyligi joriy darajada saqlab qolindi.

So‘nggi ikki oyda yillik inflyatsiya darajasi biroz pasayib, noyabr oyi yakunida 10%ni tashkil etdi. Inflyatsiyaning pasayishi, asosan, oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining barqarorlashuvi hisobiga yuzaga keldi. Iqtisodiyotda shakllanayotgan yuqori iste’mol va investitsion faollik yalpi talabni qo‘llab-quvvatlashi hisobiga xizmatlar va nooziq-ovqat tovarlari narxlarida o‘sish xatarlari saqlanib qolmoqda. Aholining birlamchi ehtiyojlari doirasidagi ayrim xarajatlarning o‘zgarishi va ob-havo sovushi bilan energiya narxlari erkinlashtirilishining ikkilamchi ta’sirlari yuzaga chiqishi iqtisodiyot subyektlarining inflyatsion kutilmalarida ham namoyon bo‘lmoqda. Noyabr oyida aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari mos ravishda 13,7 va 12,7%gacha tezlashdi.

So‘nggi to‘rt oy davomida bazaviy inflyatsiyaning 7% atrofida sezilarli o‘zgarishsiz shakllanayotgani, nooziq-ovqat tovarlari va xizmatlar bazaviy inflyatsiyasining nisbatan yuqori darajalari hamda chakana savdo va xizmatlar sohasida tushumlar hajmlarining oshib borayotgani iqtisodiyotda talab omillari ta’sirining saqlanib qolayotganligini ko‘rsatmoqda.

Yalpi talabning barqaror o‘sish sur’atlari va mehnat bozoridagi faollik mavjud inflyatsion bosimlarning uzoqroq muddat saqlanib qolishiga ishora bermoqda. Iqtisodiyotda ish haqi va transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmining oshib borayotgani aholi daromadlarini real hisobda oshirib, yuqori investitsion faollik sharoitida kelgusi oylarda ham yalpi talabni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi. Natijada, YIMning o‘sishi joriyi yilning ikkinchi yarmida ham barqaror tendensiyalarni namoyon etib, yil yakunida 6−6,5% atrofida shakllanishi kutilmoqda.

Aholi real daromadlarining oshishi sharoitida iqtisodiyotdagi inflyatsion jarayonlarni samarali jilovlash yalpi talab va taklif orasidagi muvozanatni ta’minlashni,
bu esa, o‘z navbatida, pul-kredit sharoitlari qat’iyligini joriy darajada saqlab qolishni taqozo etmoqda.

Pul bozoridagi foiz stavkalari va davlat qimmatli qog‘ozlari daromadliligi darajalari pul-kredit sharoitlari nisbatan qat’iy darajada shakllanayotganini ko‘rsatmoqda. Bank tizimidagi yuqori real foiz stavkalari aholining jamg‘arishga bo‘lgan moyilligini oshirmoqda. Kreditlash sur’atlarining maqbul darajada o‘sishi va depozitlar o‘sishining yuqori sur’atlari umumiy talabni muvozanatlashtirib, inflyatsiyaga monetar omillar ta’sirini kamaytirishi kutilmoqda. O‘rta muddatli istiqbolda inflyatsiyaning 5%lik targetigacha barqaror pasayishiga erishish uchun pul-kredit sharoitlarini yetarlicha qat’iy darajada shakllanishi ta’minlab boriladi. Bunda, iqtisodiyotdagi talab va taklif mutanosibligi, inflyatsion kutilmalar va tarkibiy islohotlar sur’atlariga alohida e’tibor qaratiladi.

Iqtisodiyotdagi joriy yuqori talab va narxlarga oshiruvchi bosimlar kelgusi choraklarda kuchayishi bo‘yicha ehtimollar va asoslar yuzaga kelgan taqdirda asosiy stavka oshirish tomonga qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.

Jizzax shahrida «BIZNES MARAFON — 5.0»ning final qismi bo’lib o’tdi

0

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, fermerlik hamda hunarmandchilik borasida qabul qilinayotgan qarorlar kichik va oʻrta sinf vakillarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularni moddiy hamda maʼnaviy jihatdan ragʻbatlantirish, ilgʻor tajribalarni ommalashtirish, yoshlarda esa tadbirkorlikka ishtiyoq uygʻotishga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir. Bu boradagi ishlar samarasini yanada oshirish maqsadida “Yoshlar — kelajagimiz” jamgʻarmasining tuzilgani esa yoshlarga oid masalalarning hamisha davlat eʼtiborida ekanligini namoyish etadi. Qayd etish joizki, jamgʻarma faoliyati yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, gʻoyalari va loyihalarini roʻyobga chiqarishga koʻmaklashish va qoʻllab-quvvatlash, band boʻlmagan yoshlarni mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan mutaxassisliklar va biznes yuritish koʻnikmalariga oʻqitish, shuningdek, umuman yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish orqali ularning bandligini taʼminlashga qaratilgan.

Shu munosabat bilan “Yoshlar – kelajagimiz” jamgʻarmasi, Yoshlar ishlari agentligi hamda “MFaktor” hamkorligida barcha hududlar qamrab olinadigan “BIZNES MARAFON”ning beshinchi mavsumiga start berilgan. Zero, koʻplab yoshlarning talab va istaklari asosida tashkil etilayotgan marafon kelajagani oʻz qoʻli bilan yaratish istagida boʻlgan yoshlar uchun ayni muddaodir. Binobarin, respublikamizda faoliyat koʻrsatayotgan eng ilgʻor tadbirkorlarlar ishtirokidagi ushbu marafon oʻzaro tajriba almashish, biznes va tadbirkorlik faoliyatiga zamonaviy texnologiyalar, innovatsion ishlanmalarni jalb etish, jahon bozoriga chiqish uchun yoʻllanma vazifasini oʻtaydi. Yurtimiz va xorijda muvaffaqiyatga erishgan tajribali tadbirkorlar va yoshlar ishtirokida ochiq muloqot shaklida oʻtkazib kelinayotgan marafonning o‘tgan toʻrt mavsumida (2021-2023-yillar) 110 ming nafardan ziyod yoshlar bevosita ishtirok etgan boʻlsa, 9 million nafarga yaqin yoshlar “onlayn” tarzda kuzatib bordi. Loyiha davomida faol ishtirok etgan yoshlarga biznes va shaxsiy rivojlanishga oid “Bestseller”, xususan, 3 ming dona bosma kitoblar tarqatildi, 24 ming nafar yoshlarga esa mobil ilova orqali elektron va audio shaklda kitoblar taqdim etildi.

2024-yilda Surxondaryo viloyatida 5-mavsumi start olgan va yurtimizning barcha hududlarida tashkil etilgan loyihaning final qismi 12-dekabr kuni soat 14:00da Jizzax shahridagi Kiber sport arenasida bo‘lib o‘tdi. Marafon bu safar o‘zgacha — shou-dastur ko‘rinishida tashkil etildi. Marafonga kelgan yoshlar uchun B2B uchrashuvlari tashkil qilindi. Biznes rejalarni tayyorlash hamda tadbirkorlikni boshlash uchun nimalar qilish kerakligi haqida tushunchalar berildi. Shuningdek, ishtirokchilar biznesni rivojlantirishda qoʻl keladigan dunyodagi ilgʻor tajriba va zamonaviy vositalar bilan tanishtirildi.

Barcha suratlarni quyidagi havola orqali ko’rishingiz mumkin:

https://teletype.in/@yoshlar_kelajagimiz/0mwu1z_BQmm

BBB reytingidagi tadbirkorlar uchun QQSni o‘zaro hisobga olish joriy etiladi

0

Mahalliy pivo mahsulotlarini sotishni vakolatli organni xabardor qilish orqali amalga oshirish mumkin bo‘ladi.

Prezident farmoni bilan davlat rahbarining ayrim hujjatlariga tadbirkorlar uchun yangi me’yorlarni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Xususan, moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan tadbirkorlarni belgilash mezonlari takomillashtiriladi. Yangidan tashkil qilingan kompaniyalarning rivojlanishini baholash ko‘rsatkichlari maqbullashtiriladi. “BBB” toifadagi tadbirkorlarga tovarlarni import qilish va tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishda to‘lanadigan QQS summalarini o‘zaro hisobga olish tartibi joriy etiladi.

Endi mahalliy pivo mahsulotlarini realizatsiya qilish faoliyati vakolatli organni xabardor qilish orqali amalga oshiriladi. O‘zgarishlar moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan korxonalar uchun ham belgilandi.

Ular davlat soliq xizmati organining taqdimnomasiga asosan ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ tomonidan bir yilga harakatsiz rejimga o‘tkaziladi. Agar ularning faoliyati bir yilda tiklanmasa, korxonalar Tadbirkorlarning yagona davlat reyestridan chiqariladi.

Kelasi yildan O‘zbekistonda ishlab chiqaruvchilar ekotizimi joriy qilinadi. Ayrim tadbirkorlarga onlayn davlat xaridlarida ishtirok etishda vositachilik yig‘imiga chegirma berilib, qo‘shimcha zakalat kiritilmaydi.

Avvalroq tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha prezident farmoni qabul qilingani haqida xabar berilgandi.

O‘zbekiston Buyuk Britaniya, Kanada va Avstraliya kabi davlatlar bilan viza tartibini soddalashtiradi

0

Work and Travel kabi dasturlarda ishtirok etuvchi talabalarning yo‘lkira xarajatlari uchun ssuda ajratiladi.

O‘zbekiston Buyuk Britaniya, Germaniya va Kanada bilan viza tartibini soddalashtiradi. Bu haqda 7-dekabr kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida aholini talab yuqori kasblarga o‘qitish va daromadli ish bilan ta’minlash bo‘yicha o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Unda rivojlangan davlatlarda talabalar uchun tashkil etilgan “Work and Travel” kabi dasturlarda o‘zbekistonlik yoshlar ta’til vaqtida chet elga borib, ham bilim olib, ham daromad topayotgani qayd etildi.

Bu dasturlardan foydalanish imkoniyatini oshirish maqsadida, kelgusi yildan Yoshlar ishlari agentligi tomonidan talabalarning yo‘lkira xarajatlari uchun ssuda ajratish yo‘lga qo‘yilishi aytildi.

Tashqi ishlar vazirligiga Buyuk Britaniya, Germaniya, Kanada, Slovakiya, Avstraliya, Yangi Zelandiya kabi mamlakatlarda o‘qish va malaka oshirish, korxonalarda ishlash istagida bo‘lgan fuqarolarga yengillik bo‘lishi uchun viza tartibini soddalashtirish bo‘yicha zarur choralar ko‘rish topshirildi.

Bundan tashqari, chet elda mehnat qilayotgan yurtdoshlar bilan muloqotni kuchaytirish, ularning ko‘proq oylik olishiga sharoit yaratish hamda ijtimoiy va huquqiy qo‘llab-quvvatlash lozimligi qayd etildi.

Ishsiz aholini talab yuqori kasblarga o‘qitish, xorijdan qaytganlarning bandligini ta’minlash bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.

Joriy yilning sentabr oyida Germaniya Ichki ishlar va Vatan vaziri Nensi Fezer migratsiya masalasida bir qator yengilliklar ishlab chiqilayotganini, nemis ish beruvchilari uchun o‘zbekistonliklar soddalashtirilgan tartibda ishga qabul qilinishini qayd etgandi.

Yil boshidan 113 ming nafardan ortiq mehnat muhojirlari qonuniy ravishda xorijga jo‘natildi. Rossiyada o‘zbekistonliklarga taklif etilayotgan o‘rtacha ish haqi miqdori ayniqsa, xizmatlar sohasida 38%ga oshgan.

Talaba va o‘quvchilar uchun qishki ta’til qachon boshlanishi ma’lum qilindi

0

OTM talabalari, texnikum, kollej va akademik litseylar o‘quvchilari uchun ta’til 25-dekabrdan 7-yanvargacha davom etadi

Talaba va o‘quvchilar uchun qishki ta’til qachon boshlanishi ma’lum qilindi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi. Vazirlikning tegishli buyrug‘i bilan joriy o‘quv yili uchun beriladigan qishki ta’til joriy yilning 25-dekabridan 2025-yilning 7-yanvariga qadar (shu kuni ham) etib belgilandi.

Bu oliy ta’lim tashkilotlari talabalari, texnikum, kollej, kasb-hunar maktabi va akademik litseylar o‘quvchilari uchun amal qiladi.

Avvalroq ayrim talabalar uchun to‘lov-kontrakt mablag‘larini to‘lash muddati 1-dekabrgacha uzaytirilgandi. Bazaviy, super-kontrakt, shuningdek, qo‘shimcha kvota asosida o‘qishga qabul qilingan qoraqalpog‘istonlik yoshlar hamda o‘qishi ko‘chirilgan talabalar mazkur muddatgacha to‘lashlari mumkin edi.

Bunda qabul parametri doirasida o‘qishga tavsiya etilgan abituriyentlar bazaviy to‘lov-kontrakt shaklida bir yillik o‘qitish qiymatining kamida 25%ini to‘lashi kerak.

Shu bilan birga, tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt (super) asosida o‘qish istagini bildirganlar belgilangan bir yillik o‘qitish qiymatining kamida 50%i miqdoridagi to‘lovlarni amalga oshirishi lozim. Ikkinchi va undan yuqori bosqich talabalar kontraktini to‘lash muddati OTM rahbari tomonidan uzaytirilishi mumkin.

Samarqand shahrida «BIZNES MARAFON — 5.0» bo’lib o’tdi

0

Tadbirkorlar va yoshlar uchrashuvi Samarqand viloyat Yoshlar markazida boʻlib oʻtdi.

Marafonga kelgan yoshlar uchun biznes rejalarni tayyorlash hamda tadbirkorlikni boshlash uchun nimalar qilish kerakligi haqida tushunchalar berildi. Shuningdek, ishtirokchilar biznesni rivojlantirishda qoʻl keladigan maslahatlarni olishdi.