Bosh sahifa Blog Sahifa 99

Tadbirkorlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash tizimi takomillashtiriladi — Prezident farmoni

0

“Kichik va o‘rta biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident farmoni qabul qilindi.

“Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati shaklida qayta tashkil qilinadi. Kompaniya tomonidan 2024 yil 1 martdan tadbirkorlarga quyidagi qo‘llab-quvvatlash choralari taqdim etiladi:

o‘rta tadbirkorlik sub’yektlarining ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish loyihalariga:

loyiha qiymatining 15 foizi, biroq ustav kapitalining 20 foizi yoki 3 milliard so‘mdan ortiq bo‘lmagan miqdorda tashabbuskorning ustav kapitaliga ko‘chmas mulk obektlari, asbob-uskunalar va boshqa ko‘rinishdagi aktivlar shaklida ulush kiritish;

ko‘chmas mulk va asbob-uskunalarning 70 foizi, biroq 10 milliard so‘mdan ortiq bo‘lmagan miqdorda mulk sotib olish va yetti yilgacha muddatga qarzdorlik qoldig‘iga Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkada yillik foiz hisoblash yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan xizmatlar ipotekasi asosida tashabbuskorga berish;

kichik va o‘rta tadbirkorlik sub’yektlarining loyihalariga:

kredit (lizing) ajratish uchun tijorat banklari, mikromoliya va lizing tashkilotlariga milliy va xorijiy valutada moliyaviy resurslarni joylashtirish;

tijorat banklari, mikromoliya va lizing tashkilotlari tomonidan milliy va xorijiy valutada ajratiladigan kredit, lizing, bank kafolati va akkreditivlarga umumiy qiymati 5 milliard so‘mdan oshmagan miqdorda kafillik taqdim etish;

kompaniya mablag‘laridan foydalanish bo‘yicha tijorat banklari bilan tuziladigan vositachilik shartnomalariga asosan belgilangan limit hamda umumiy miqdor va shartlar doirasida kreditlar bo‘yicha kafillik (portfel kafilligi) taqdim etish;

2024-2026 yillarda kichik tadbirkorlik sub’yektlariga Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori va asosiy stavkaning 1,75 baravaridan oshmagan stavkada milliy valutada 5 milliard so‘mgacha ajratiladigan kreditlar bo‘yicha asosiy stavkaning 40 foizigacha miqdorda uch yildan ortiq bo‘lmagan muddatga kompensatsiya taqdim etish.

Tahrirchi: talabalikda yaralgan g‘oya qanday qilib Microsoft bilan integratsiyalangan startapga aylandi

0

Toshkentdagi “Inha” universitetining uch nafar talabasidan iborat “Tahrirchi” jamoasi ikki yildan ortiq vaqt davomida o‘z loyihasida IT va o‘zbek tiliga bo‘lgan muhabbatni uyg‘unlashtirib, savodxonlik va tilga hurmatni targ‘ib qilmoqda.

Bugungi kunda startap imlo tekshiruvi, kirilldan lotinga va lotindan kirillga transliteratsiya kabi mahsulotlarga ega ekotizimdir.

Jamoa 2022-yil “mGovAward2022” tanlovida g‘olib chiqdi va loyiha rivoji uchun $50 mingni qo‘lga kiritdi. Hozirda “Tahrirchi” o‘z kelajagi uchun yangi moliya manbalarini izlamoqda. Rejalarda, jumladan, o‘zbek tilida matn hosil qila oladigan til modelini yaratish ham bor.

“Spot” loyiha asoschisi Muhammadsaid Mamasaidov bilan startap g‘oyasi qanday paydo bo‘lgani, dasturchilar duch kelgan qiyinchiliklar va loyiha kelajagi haqida suhbatlashdi.

Mening otam dasturchi, shuning uchun bolaligimdan kompyuterlar qurshovida katta bo‘ldim. O‘smirlik chog‘imda veb-saytlarda ishlash bilan o‘zimni IT-sohasida sinab ko‘rishni boshladim.

To‘g‘ri, o‘shanda qisqa vaqt davomida shifokor bo‘lmoqchi bo‘ldim, lekin oxir-oqibat axborot texnologiyalari yo‘nalishini tanladim. Avvaliga Toshkent axborot texnologiyalari texnikumiga, keyin esa Toshkentdagi “Inha” universitetiga o‘qishga kirdim.

“Ma’lumotlar tuzilishi” fanining ikkinchi yilida bizga tanlov asosida vazifasi yuklatildi. Men o‘zbek tilidagi matnning imlosini tekshirish bo‘yicha loyiha ustida ishlashga qaror qildim. Jarayonda ma’lum bo‘ldiki, bu juda qiyin ish ekan. Bir amallab topshirdik, o‘qituvchi ham natijalardan mamnun bo‘lmadi. O‘shanda hammasi asosiy shaklda edi.

Biz o‘zbek tili qanday ishlashini tushunmas, bizni ko‘proq texnik tomoni qiziqtirardi. To‘g‘risini aytsam, o‘shanda men o‘z tilimni tanlangan loyiha uchun talab qilinadigan darajada bilmasdim. Ish jarayonida esa unga oshiq bo‘lib qoldim.

Loyihani topshirgach, u haqidagi fikrlar miyamdan ketmadi, menimcha, bu g‘oyani yuqori saviyada amalga oshirishni xohlaganim bilan bog‘liq. Shunday qilib, tadqiqot davom etdi va birinchi natijalarga olib keldi. Bizning tilimiz imlo tekshirish jihatidan boshqalardan farq qiladi.

Men shunga o‘xshash modellarni faqat fin-ugor va turkiy til oilalarida uchratdim. Bundan biz o‘zbek tiliga oid muhim jihatni olib chiqdik, bu biz ishlab chiqqan texnologiya asosiga aylangan, ya’ni nutq va yozishda juda uzun so‘zlarni hosil qilamiz. Masalan, ba’zilari boshqa tillarga tarjima qilinganda butun jumlalarni anglatishi mumkin.

O‘zbek tilining so‘z yasalishi boshqacha — bizda 200 ga yaqin affiks (affiks — soʻzning qismi. Oʻzakka zid qoʻyiladigan, soʻz yasalishi yoki grammatik ifoda shakllanishiga xizmat qiladigan morfema — “Spot” izohi) mavjud. Va jamoaning vazifasi har bir bunday morfema uchun qoida belgilash edi — qaysi affiks qaysidan keyin keladi, so‘zning ma’nosiga qanday ta’sir qiladi va hokazo.

Faqat bu qismni ishlab chiqish uchun tilshunoslarning ikki yoki uch oylik mashaqqatli mehnati talab qilinadi. Tizim o‘zbekcha bo‘lmagan barcha so‘zlarni rad qilishi kerak.

o'zbek tili, tahrirchi, til

Dastlabki variant ustida til bo‘yicha bilimimga tayanib o‘zim ishladim. U paytda tilshunoslarning alohida jamoasi uchun mablag‘ yo‘q edi. Shu o‘rinda men ish davomida duch kelgan yana bir qiyinchilik — o‘zbek tili bo‘yicha to‘laqonli lug‘atlarining elektron shaklda yo‘qligiga e’tibor qarataman.

Qog‘oz variant va skanerlanganlari bor, lekin ular bizning maqsadlarimizga mos kelmasdi. Shuningdek, so‘z turkumlari lug‘atlarda ko‘rsatilmagan. Asosni shakllantirishda bu muhim edi, chunki nutqning har bir qismi o‘ziga xos so‘z yasalish qoidalariga ega.

Birinchi sarmoya

“Tahrirchi»ning birinchi varianti shaxsiy mablag‘larimiz hisobidan tayyorlanganmiz. Keyin moliyalashtirishni qidira boshladik. Masalan, Innovatsion rivojlanish vazirligidan (hozirda agentlik — “Spot” izohi) sarmoya jalb qilishga urinib ko‘rdilar, ammo natija bo‘lmadi.

Biroz o‘tgach, mobil ilovalar uchun “mGovAward2022” tanloviga duch keldim. Bizning yechimimiz mos keladi deb qaror qildik. G‘oyalar ko‘p emasdi, ulardan biri Android uchun o‘zbek tilida imloni tekshirish uchun bepul dasturiy ta’minot klaviaturasi edi. Ishlanmamiz afzalligi kengaytmaning kichik vazni bo‘lib, u atigi ikki megabayt’ni tashkil qilardi.

O‘shanda uch kishilik jamoa yig‘ildi — men, data scientist va dizayner, hozir ham shu tarkib bilan “Tahrirchi” ustida ishlayapmiz. Musobaqa oldidan men modelni taxminan olti oy davomida ishlab chiqdim, klaviaturaning o‘zi uchun uch oy vaqt ketdi.

Albatta, biz bunday samaradorlikka erisha olmadik va jarayonlarni, masalan, “Yandex” klaviaturasini ishlab chiquvchilari kabi optimallashtirmadik. Bizning holatda, so‘zlarni avtotuzatish yo‘q bo‘lib, foydalanuvchi xabarda xatolik borligini faqat yozgandan keyin tushunardi. O‘sha paytda o‘zbek tilidagi so‘zlarga ko‘p sonli turli affikslar qo‘shilib to‘ldirilishi mumkin bo‘lgani uchun biz buni ta’minlay olmadik.

“Tahrirchi” loyihasi tanlovning ikkinchi bosqichiga, so‘ngra finalga o‘tib, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Loyihani yanada rivojlantirish uchun berilgan mukofot jamg‘armasi $50 mingni tashkil etdi. O‘zbek tili mavzusiga e’tibor berilganidan xursand bo‘ldik.

Musobaqa natijasi keyingi rivojlanish uchun kuchli turtki bo‘ldi.

o'zbek tili, tahrirchi, til“mGovAward2022” tanlovida taqdirlash marosimi. Fotо: Muhammadsaidning shaxsiy arxividan

Grant olganimizdan so‘ng veb-muharrir ustida ishlay boshladik. Mahsulotning butun murakkabligi uning lingvistik tomonida yotadi, deb tuyulishi mumkin, lekin aslida texnik nuqtai nazardan ham qiyinchiliklar bor edi. Shuning uchun biz tilshunoslar va IT-mutaxassislaridan iborat ikki jamoa tuzdik.

O‘zbek tili bilan ishlash uchun yigit va qizlarni e’lon orqali topdik. Ishga kirishishdan oldin ular test topshirig‘ini topshirib, texnologiyamizni o‘rganishdi. Tanlangan annotatorlar affiks bazasini to‘ldirishdi, shu sabab bugungi kunda tizimimiz o‘zbek tilidagi deyarli barcha so‘zlarni taniydi. Bunga taxminan uch oy kerak bo‘ldi.

Keyin tilshunoslar jamoasi transliteratsiya ustida ishlay boshladi. Kirill alifbosidan lotin alifbosiga va aksincha belgilarni batafsil takrorlash tizimini yaratish biz uchun muhim edi. Hozirda jarayon tugallandi, model tayyor va imlo tekshiruvi shaklida taqdim etildi.

Bugungi kunda foydalanuvchimiz lotin yozuvidagi matnni xizmat oynasiga joylashtirishi, uni kirill alifbosiga o‘zgartirishi va aksincha amaliyotni amalga oshirishi mumkin.

o'zbek tili, tahrirchi, til

“Tahrirchi” veb-saytida transliteratsiya va imlo tekshiruvi

“Microsoft»ga integratsiya

Shuningdek, biz “Microsoft Word” uchun kengaytmani ishlab chiqdik, uni bugun yuklab olish va o‘rnatish mumkin.

“Microsoft” men duch kelgan eng byurokratik kompaniya (kuladi). Muloqot qilish qiyin bo‘ldi. Biz “Microsoft Word” uchun kengaytmamizni tayyorlash uchun kerakli hujjatlarni topdik, kompaniya marketpleysida chiqarish uchun hamma narsani tayyorladik.

Ammo keyin turli muammolar yuzaga kela boshladi — bizning funksiyalarimiz mahsulotning barcha versiyalarida ishlamadi. Men kodning qismlarini turli yo‘llar bilan qayta yozishim kerak edi.

Tashkilot bilan yozishmalar bir necha haftaga cho‘zilar, muammolar sekin hal qilinardi. Startap uchun bu imkonsiz shartlar. Ammo “Microsoft” baribir bizning kengaytmani marketpleysiga joylashtirdi.

o'zbek tili, tahrirchi, til

“Microsoft” uchun kengaytma

Muayyan chegaragacha foydalanuvchilar mahsulotlarimizdan bepul foydalanishlari mumkin.

“Microsoft Word” uchun kengaytmani o‘rnatishga bizning veb-saytimizda ro‘yxatdan o‘tish va ko‘rsatmalarga muvofiq bir necha qadamlarni bajarish kerak. Hozirda 150 ga yaqin kishi ishlanmadan foydalanmoqda. “

Microsoft»da muvaffaqiyatli tatbiq etilgandan so‘ng, men “Tahrirchi»ni ekotizim sifatida tanishtira boshladim. Endi har bir loyiha alohida e’tibor, yondashuv va targ‘ibotni talab qiladi.

Targ‘ib haqida gapiradigan bo‘lsak: biz hali marketing bilan shug‘ullanmayapmiz, chunki biz uchun startapni rivojlantirish uchun imkon qadar ko‘proq pul tejash muhim. Tanlovda g‘olib bo‘lishdan oldin loyihani targ‘ib qilish faol tarzda amalga oshirilgan. Jumladan, loyiha haqida Ma’naviyat.edu, til.gov.uz saytlari uchun nashrlar, “O‘zbekiston 24” va “Yoshlar” kanallarida reportajlar chop etildi.

Hozirgi holatga kelsak, men “biz raqobatchilardan nima bilan farq qilamiz?” degan savolga qisqa va aniq javob olmagunimizcha, reklama kampaniyalarini tashkil qilmaymiz, deb qaror qildim.

Raqobatchilar qatoriga “Savodxon” loyihasi — biz bilgan birinchi loyiha, shuningdek, “Matn.uz” — o‘zbek tiliga mos kelmaydigan texnologiyaga asoslangan bepul xizmat, “Matn.uz»ga o‘xshash “korrektor” va “YuridaORFO” — o‘ziga xos maxsus yechim bor.

Monetizatsiyaga kelsak, menimcha, oddiy imlo tekshiruvi va transliteratsiya bepul xizmat bo‘lishi kerak. Biroq, bizda hali ham 10 ming so‘z chegarasi bor, keyin pullik versiya boshlanadi, u ham so‘zlarning imlosini tekshirish uchun qo‘shimcha xizmatlarni taqdim etadi — birgalikda yoki alohida, apostrofli yoki apostrofsiz. Narxi oyiga 16 ming so‘mni tashkil qiladi. Keyinchalik murakkab g‘oyalarni amalga oshirganimizda, to‘liq pulli versiya paydo bo‘ladi.

Bizning mahsulotlarimizdan bugungi kunda bepul va pullik versiya mavjud bo‘lgan “Microsoft Word” uchun veb-muharrir va kengaytma mavjud. Oyiga 80−100 ga yaqin odam to‘laydi, umuman olganda kuniga 1000 ga yaqin kishi ishlanmadan foydalanadi.

Shuningdek, Adliya vazirligining hujjat aylanmasiga “Tahrirchi»ni kiritish ustida ishlayapmiz. Ularda biz ishlanmamizni birlashtiradigan ichki tizim mavjud. Hozir yakuniy bosqichdamiz, umid qilamanki, hamkorlik natijasida kelishuv bo‘ladi.

Birinchi oyda vazirlik kengaytmani bepul sinovdan o‘tkazadi, keyin oylik obuna formati ishlaydi. Hisob-kitoblar yukka — foydalanuvchilar soniga bog‘liq bo‘ladi. Masalan, 100 kishi uchun oyiga taxminan 500 ming so‘m to‘lanadi.

Rejalar

Biz faqat imloni tekshirishning o‘zi yetarli emasligini tushunamiz, shuning uchun parallel ravishda boshqa g‘oyalarni ishlab chiqmoqdamiz. Xullas, o‘zbekcha matnlarni bir korpusga jamlayapmiz. Turli materiallar, nashrlar va postlar to‘plami ma’lum vaqt oralig‘ida tilni to‘liq tasvirlay oladi. To‘plam davrlar bo‘yicha amalga oshiriladi, biz o‘tgan asrning 30-yillaridan boshladik.

Masalan, XX asrning 90-yillarida til qanday bo‘lganligi sizni qiziqtirsa, bizning tizimimiz bayon ohangini, o‘sha davrda tilning qo‘llanish o‘ziga xosliklarini ko‘rsatadi. Jamoa 40 mingga yaqin kitob to‘pladi — bu juda katta baza. Biz barcha materiallarni skanerdan o‘tkazdik va skanerlash paytida yuzaga kelgan xatolarni tuzatdik.

Bularning barchasi, ko‘pchilik taxmin qilganidek, neyrotarmoqni o‘rgatish uchun kerak. Yakunda biz nafaqat so‘zda harf yetishmayotganligini aytadigan, balki matndagi stilistik kamchiliklarni ham aniqlay oladigan universal modelni olishni xohlaymiz.

Biz “ChatGPT” bilan raqobat qilishni rejalashtirmayapmiz, lekin matn yaratish funksiyasi haqida o‘ylayapmiz. Matnlar bazasi tarjima tizimi uchun ham foydali bo‘ladi, bu yerda to‘plangan ma’lumotlar asosida xizmat imlo va stilistik jihatdan savodli matnni taqdim etadi. Hozirda u ham muhokama va rejalashtirish bosqichida.

Rejalarda o‘zbek tilini ommalashtirish va undan foydalanish sifatini oshirish bo‘yicha boshqa yechimlar ham mavjud. Ikki yil ichida biz o‘z tilimizga singib ketdik va ekotizimni rivojlantirishni davom ettirmoqchimiz — yuqori sifatli tarjimon va matn yaratish xizmatini ishlab chiqish. Va bunda turli sohalar uchun salohiyat mavjud — masalan, kopirayterlar uchun.

o'zbek tili, tahrirchi, til“Tahrirchi” bizning asosiy va yagona ish joyimiz. Biz MChJ sifatida ro‘yxatdan o‘tganmiz va “IT Park»dagi rezidentligimiz tufayli daromad solig‘ini ikki baravar kam to‘laymiz. Darhaqiqat, biz “IT Park” tanlovidan keyin rivojlangan startapmiz.

Yaqin kelajakda biz grammatika tekshirgichni ishga tushirishni, shuningdek, o‘zbek tilidan foydalangan holda boshqa yechimlarni, masalan, chat-botini yaratishni rejalashtirmoqdamiz.

Bugun biz hamma narsani tejashga harakat qilmoqdamiz: grant mablag‘lari shu yil oxirigacha yetadi. Har qanday startap uchun sarmoyani jalb qilish har doim dolzarbdir. Buning uchun esa mavjud mahsulotlarni monetizatsiya qilish yo‘llarini ko‘rsatishimiz kerak.

O‘zbekistonda biznesning foydasini qanday to‘g‘ri hisoblash mumkin?

0

“Spot” auditor, “Yaran Consulting” buxgalterlik kompaniyasi hammuassisi Yevgeniya Son bilan birgalikda biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish va yuritish bo‘yicha maqolalar ketma-ketligini davom ettiradi.

Ushbu maqolada Yevgeniya Son kompaniyaning foydasini to‘g‘ri hisoblash uchun zarur bo‘lgan beshta qadam haqida ma’lumot beradi.

Ko‘pincha biznes egasi o‘z biznesining qancha daromad keltirishi haqida taxminiy tasavvurga ega. Bu pul doim bor, demak ishlar yaxshi ketmoqda, degan aldamchi taassurot tufayli sodir bo‘ladi.

Masalan, uy oldidagi kichik do‘konni olaylik. Uning kunlik daromadi 20 mln so‘m, ya’ni oyiga 600 mln so‘m. Shu bilan birga, o‘rtacha marja darajasi 20%ni tashkil etadi, ya’ni tushum va mahsulot tannarxi (yalpi foyda) o‘rtasidagi farq — 120 mln so‘m.

Soliqlar, ijara va ish haqi, savdo uskunalari amortizatsiyasi va boshqa xarajatlar oyiga 110 mln so‘mni tashkil etadi. Shunday qilib, sof foyda bor-yo‘g‘i 10 mln so‘mni tashkil etadi.

Bu daromad darajasi tadbirkor uchun jozibador bo‘lmaydi va shunga ko‘ra, u vaziyatni o‘zgartirishni xohlaydi. Biroq kassaga har kuni 20 mln so‘m tushishi tufayli do‘kon yaxshi daromad keltiradi, degan illyuziya paydo bo‘ladi.

Do‘kon egasi esa hech narsani o‘zgartirmagan holda sekin-asta o‘z shaxsiy ehtiyojlari uchun 10 mln so‘mdan ancha ko‘p mablag‘ni aylanmadan ola boshlaydi.

Vaqt o‘tishi bilan bu holat bir necha sabablarga ko‘ra do‘konning xonavayron bo‘lishiga olib keladi:

  • pulning chiqib ketishi tufayli do‘konda tovarlar assortimentini saqlab qolib bo‘lmayapti;
  • egasi uyga olib boradigan pulni 1−2 haftadan keyin yana biznesga sarmoya qilishi kerak.

Kuni kelib har bir tadbirkor o‘ziga savol beradi: men qancha ishlayman va pulim qayerda?

Foydani qanday hisoblash mumkin?

Foydani to‘g‘ri hisoblash uchun sizga oddiy besh qadam kerak bo‘ladi:

1. Hisob-kitob davrini aniqlash

Bu odatda bir oy yoki chorak, lekin ayrim hollarda bir hafta yoki 10 kun ham bo‘lishi mumkin. Ya’ni, bu davr uchun mulkdor barcha daromadlar va xarajatlarni hisobga oladi.

2. Biznesning daromadlari va xarajatlariga nima tegishli ekanligini aniqlash

Masalan, qarzga tovar sotish daromadga kiritiladimi? Bir tomondan, tovar sotiladi, xaridor bor va bir hafta ichida pulni qaytarishga va’da beradi. Boshqa tomondan, tovarlar omborda va do‘konda yo‘q va pul kelishiga kafolat ham yo‘q.

Yoki tijorat uskunalarini sotib olish xarajatga kiritiladimi: muzlatkichlar, vitrinalar va hokazo. Pul sarflangan va bu xarajatlarni qoplash kerak. Biroq, agar uskunaning narxini darhol xarajatlarga qo‘shsangiz, bir oy juda zararli, keyingisi esa juda daromadli bo‘ladi, bu to‘g‘ri emas.

3. Foyda va pulning mavjudligi tushunchalarini ajratish

Kassada pulning mavjudligi do‘kon foydasining hajmi haqida tasavvurni bermaydi.

Misol uchun, mulkdor chegirmali mahsulot topdi, lekin katta miqdorda sotib olish sharti bilan. Kassada pul qolmaydi, lekin tovarni sotish orqali pul ishlash mumkin bo‘ladi. Bu holda do‘kon zararga ishlamaydi.

Yoki, aksincha, agar do‘kon egasi chegirmalar e’lon qilsa va tovarlarni minimal ustama narx bilan sotsa, u holda kassadagi pul miqdori ortadi, lekin foyda minimal bo’ladi yoki umuman bo’lmaydi.

4. Marjinal daromadning minimal darajasini aniqlash

Marjinal daromad — bu mahsulot narxi va uning tannarxi o‘rtasidagi farq, bunda ijara yoki buxgalterning ish haqi kabi doimiy xarajatlar hisobga olinmaydi.

Chakana savdo do‘konida juda ko‘p miqdordagi mahsulotlar mavjud va ularning har birining ustama narxi har xil. Misol uchun, non uchun bu minimal, dengiz mahsulotlari uchun esa ancha yuqori. Ammo dengiz mahsulotlariga qaraganda ko‘proq non sotib olinadi.

Ya’ni, umuman olganda, doim marjinallikning o‘rtacha darajasi mavjud.

Mulkdor daromad va xarajatlarni hisoblashni boshlaganda, u o‘z biznesi uchun qaysi daraja maqbul bo‘lishini aniqlay oladi.

5. Moliyaviy natijalarni doimiy ravishda kuzatib borish

Amaliyotdan: tadbirkor daromadlar va xarajatlarning to‘g‘ri hisobini yuritish, moliyaviy ko‘rsatkichlarni tahlil qilishni boshlashi bilanoq, biznesga yondashuv ham darhol o‘zgaradi.

Ya’ni, do‘kon egasi narxlarni belgilash, xarajatlarni optimallashtirish, tovarlarni hisobga olish tizimini joriy etish, omborxona ustida ishlay boshlaydi.

Keyingi qadam pul oqimi bilan ishlashni boshlash, naqd pul bo‘shlig‘ining oldini olishdir.

Biznes — bu tirik organizm, u statik emas, tashqi va ichki sharoitlar doimo o‘zgarib boradi. Shunga ko‘ra, moliyaviy ko‘rsatkichlar ham doimo o‘zgarib boradi.

Rahbarning asosiy vazifalaridan biri ishonchli moliyaviy ko‘rsatkichlar asosida to‘g‘ri qaror qabul qilishdir.

Markaziy bank chet el valyutasini sotib olish shartlarini qat’iylashtirishni taklif qilmoqda

0

Markaziy bank O‘zbekiston hududida valyuta operatsiyalarini amalga oshirish qoidalariga o‘zgartirish kiritish loyihasini tayyorladi.

O‘zgartirishlar tadbirkorlarning chet el valyutasini sotib olishi ustidan nazoratni kuchaytirishni nazarda tutadi. Buning uchun ular sotib olish arizasiga buning sabablari ko‘rsatilgan hujjatlarni ilova qilishlari kerak.

Kerakli hujjatlar ro‘yxati quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  • valyuta operatsiyasini bajarish uchun tuzilgan shartnoma (shartnoma, bitim, invoys);
  • xorijiy valyutadagi lizing yoki kreditga xizmat ko‘rsatishda — asosiy qarz va foizlarni to‘lash jadvali;
  • xorijiy investorlar tomonidan daromadlar (foyda, dividendlar) repatriatsiya qilinganda — foyda taqsimoti (dividendlar to‘lash) to‘g‘risidagi hujjat, auditorlik xulosasi, shuningdek daromad solig‘i to‘langanligi to‘g‘risidagi guvohnoma;

Alohida hollarda, bank milliy valyutadagi mablag‘larning kelib chiqishi qonuniyligini tasdiqlashni ham so‘rashi mumkin.

Bularga xorijiy kompaniyalarning doimiy vakolatxonalari tomonidan to‘lovlar, norezidentlarning fond yoki tovar birjasi yoki kripto birjasidagi operatsiyalari kiradi.

Bundan tashqari, bank filiallari valyuta sotib olish uchun arizalarni dastlabki tekshirishni amalga oshiradi. Tekshiruv ariza qabul qilingan kun ichida amalga oshirilishi kerak.

Norezident jismoniy shaxslar ishtirokidagi valyuta operatsiyalari, agar mablag‘larning qonuniy kelib chiqishi to‘g‘risida dalillar mavjud bo‘lsa, ham amalga oshiriladi. Banklar tomonidan talab qilinadigan deklaratsiyadan kam miqdorda import qilingan xorijiy valyutani sotib olish bundan mustasno.
Shuningdek, norezidentlar tomonidan bir qator bank operatsiyalarini amalga oshirayotganda hujjatlarni (bojxona deklaratsiyasi yoki hisobvaraqdan ko‘chirma) taqdim etish talabi bo‘yicha istisnolar bekor qilindi.
Shu bilan birga, muayyan hisob-kitoblar uchun (bank xizmatlarini ko‘rsatish, yuridik shaxsning hisob raqamiga ustav kapitalini kiritish, xayriya) boshqa hujjatlardan foydalanish mumkin.
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida qonun loyihasi bo‘yicha sharhlarni 19-noyabrgacha qoldirish mumkin.

Aravakashlikdan premium shokolad ishlab chiqarishgacha: Qand hikoyasi

0

“Qand” brendi asoschisi Saidakmal Vahobov biznesga qanday kirib kelgani, qandolatchilik qilish g‘oyasi qayerdan paydo bo‘lgani, O‘zbekistonda tadbirkorlik bilan shug‘ullanishda nimalar muhimligi haqida Spot’ga so‘zlab berdi.

Bugungi kunda premium toifadagi qandolat brendlari mahsulotlari xaridorlar orasida ommalashmoqda va o‘z mahsulotlarini taqdim qilib kelishmoqda.

Ana shunday brendlardan biri “Qand” hisoblanadi. 2018-yilda faoliyatini boshlagan brend bugungi mijozlari uchun premium toifadagi shokoladlarni taqdim qilmoqda.

“Qand” brendi asoschisi Saidakmal Vahobov biznesga 11 yoshida kirib kelgan desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Negaki, Saidakmal otasidan erta ayrilgach, katta farzand bo‘lganligi sababli ro‘zg‘orni tortish yuki uning gardaniga tushadi.

Tadbirkor Chustdan Toshkentga kelib aravakashlik bilan shug‘ullana boshlaydi. Uning biznes olamidagi yo‘li aynan shu yerdan boshlanadi.

Biznesga kirishdan oldin…

To‘g‘risi, tadbirkor bo‘laman deb o‘ylamasdim. Yoshligimdan diplomat bo‘laman deb yurardim. Hayotda shunday voqelar bo‘larkanki, hayotizni to‘laligicha o‘zgartirib yuboradi.

1998-yilda dadam vafot etganlarida, onam men va ukam bilan qolgan. Shunda ro‘g‘or yukini olishga to‘g‘ri kelgan. 2000-yilda, adashmasam yoz faslining boshida, qarindoshimiz kelib, Toshkentda ishlashni taklif qilgan.

U Oloy bozorida arava tortardi. Shu tarzda men 11 yoshimda aravakashlik bilan shug‘ullana boshladim, onam esa bozorda pomidor, bodring sotadigan bo‘ldilar.

2000-yil avgust oyida deyarli biznesga kirib kelganman desam ham bo‘ladi. Hammasi shundan boshlangan. Arava tortishdan boshlagan ishim sekin-sekinm oziq-ovqat yetkazib berish biznesiga o‘tib ketdi.

Shu ishim davomida nimagadir erishgan odamlar bilan muloqotda bo‘lganman. Aytishadiku, “Menga do‘stingi kimligini ayt, men senga kimligingni aytaman”. Buning asosida juda katta mazmun bor. Bu degani atrofingizda kim bo‘lsa, siz ham xuddi shunaqa bo‘lasiz.

Men asosan, “kotta”, boy odamlar bilan gaplashib katta bo‘lganman. Shuni hisobiga menda ham dunyoqarash va fikrlash boshqa odamlarga qaraganda sal o‘zgacharoq bo‘lgan.

Hammasi yo‘qchilikdan boshlandi

Barchasi 2015−2016-yillarda boshlandi. O‘sha vaqtda katta loyiha boshlamoqchi bo‘lib yurgandim, lekin unga tahminan $1−2 mln atrofida mablag‘ kerak edi.

Bu haqda do‘stlarimga ham aytdim, biroq ular menga ishonishmadi. Shunga qaramasdan izlanishda davom etdim.

Yana bitta tanishimni yoniga borganimda, u seni hozirgi biznesing borku degan, o‘sha vaqtda men oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish xizmati bilan shug‘ullanardim.

U meni shu ishim orqali tanirdi va menga shu ishimni davom ettirishimni, yaxshi ishlayotganimni aytdi. Bu esa nafsoniyatimga tegdi. U odam uchun ham, o‘zim uchun ham qila olishimni isbotlamoqchi edim.

Yetkazib berish biznesim davomida, bir kuni qoqlangan o‘rik va pistali shokolad topishga buyurtma tushdi. O‘sha paytda bunday shokolad qimmat edi, adashasam $100 atrofida. Eng qizig‘i, hech qayerda yo‘q edi. Butun Toshkentni qidirib, bitta joydan 800 gram shokolad topganman, menga esa 1 kilogram kerak edi.

Buyurtmani egasiga olib borganimda, ular meni shokolad bilan mehmon qilishdi. Yeb ko‘rib, sifati unchalik yaxshi emasligini bildim. Shunda men bundan ham yaxshiroq qila olaman dedim.

Shunda Oloy bozorida ishlaydigan tanishlarimga telefon qildim. Ularda ancha paytdan beri foydalanilmayotgan, deyarli chiqindixona bo‘lib ketgan ikkita joy bor edi. Shu joyni oldim va ta’mirlashni boshladim.

Shu tarzda 2017-yil shokoladning “sh” harfini ham bilmaydigan odam shokolad ishlab chiqarish sexini qurishni boshladi.

Biznesni boshlash uchun mablag‘ni yetkazib berish xizmatidan keladigan foyda orqali boshlaganman. Keyinchalik kerakli texnikalarni olish jarayonida mablag‘ni tanishimdan qarz olish orqali olganman.

Boshida ishlab chiqarish sexini ta’mirlashga tahminan $4000, kerakli texnikaga $3500 sarflaganman. Do‘kon ochish uchun ketgan mablag‘ haqida aytsam, u yer hamkorlikda qurilgan, o‘zim yonimdan $12 mingcha, ichidagi mebel va jihozlariga esa $15 mingga yaqin sarflaganman.

2018-yildan ishlab chiqarishni boshlaganman. Kunduz kuni yetkazib berish xizmati bilan shug‘ullansam, kechqurun sexda ishlab chiqarish bilan shug‘ullanardim.

Brendni “Qand” deb nomlash

Buni mazmuni har xil joydan kelib chiqadi. Agar esingizda bo‘lsa, “Xarobadan chiqgan millioner” degan hind kinosi bor. Bosh qahramon savollarga javob berayotgan paytda hayotidagi har xil vaziyatlarni eslaydi. Ana shu vaziyatlar savollarga javob bo‘ladi. Menda ham huddi shunaqa bo‘lgan.

Asosiy sabablaridan biri o‘sha paytda “GO‘ShT” Burger xizmatiga oziq ovqat yetkazib berardim. Menga bu brendni kelib chiqishi, asosi juda yoqardi. Qisqaqina va tushunarli nomlangan. Bu g‘oyadan men tasirlanganman.

O‘ylardimki, men ham yaratmoqchi bo‘lgan brendimni shunaqa oson va milliy qilib nomlayman deb.

Yana bitta sabablaridan biri, men millatim bo‘yicha tojikman. Bolaligimni yodga oldim, yoshligimizda shirinlikni qand derdik. Shu sabablar bilan brendimni nomini “Qand” deb nomlayman deganman.

Bozor, raqobat va reklama

Yuqorida aytib o‘tganimdek, 2017-yilda men qidirgan shokolad $100 edi. Hozir bu unchalik katta mablag‘ emasdir, u payti anchagina mablag‘ edi. O‘sha paytda premium segmentga talab bor, lekin talabni qondiradigan mahsulot yo‘q edi.

Mahsulotni endi chiqarib boshlagan paytimda narxini 340 ming so‘m qilgandim. Bu narx o‘zimga yaxshidek tuyuldi. Lekin sotuv umuman bo‘lmagan.

Do‘stlarim narxni qayta hisoblab ko‘rishni maslahat berdi. Hisob-kitob qilganimizda mahsulotning tan narxi deyarli 500 ming so‘mga yaqin bo‘ldi. Keyin shokoladni narxini 550ming so‘m qilib belgiladim. Ana shundan keyin sotuv 20 baravarga oshib ketdi.

Chunki 340 ming so‘m narx u paytda mass-marketdan xarid qiladiganlar uchun baland, qimmat mahsulot oladigan xaridorlar uchun arzon edi. Narx qiymati o‘rtada qolib ketgani uchun, pastdan ham, tepadan ham hechkim olmasdi.

Raqobat haqida gapirsam, Stiv Jobsning shunaqa gapi bor: “Odamlar nimani xohlashlarini ularga ko’rsatmaguningizcha bilishmaydi”.

Shu g‘oyani asos qilib, boshidan, ya’ni 2017−2018-yilda ish boshlaganimizda qandolatchilik mahsulotlari qanday tayyorlanishini ataylab o‘qimaganman. Bizni bozorga yangi mahsulot bermoqchi edim.

Yangi mahsulot bermoqchi bo‘lsangiz nol bo‘lishingiz kerak. Men shu paytda shokolad borasida nol edim. Har xil tajribalar qilib ko‘rardik, uni tanishlarimizga ko‘rsatardik.

Biz doim yangilik kiritishga harakat qilamiz. Qanchalik ko‘p hayratga solsangiz, odamlar qiziqish bilan qarashadi. Brendimizda kundan-kun o‘sish bor. O‘sish nafaqat sotuvda, balki mahsulotimizning sifatida hisoblanadi. Shuni hisobiga biz bugungi kunda raqobatbardosh bo‘lib boryapmiz. Asosiysi bitta joyda qolib ketmaslik.

Reklama va xaridorlarni jalb qilishga kelsak, biz ochiq marketing yuritmaymiz, asosiy kuchimizni mahsulotga qaratamiz.

Mahsulotimiz sifat jihatdan yuqori bo‘lgani hisobiga o‘zini o‘zi xaridorlarga reklama qiladi. Odamlar ta’tib ko‘rgandan keyin tanishlariga aytadi. Ya’ni “sarafan radiosi” hisobiga ham odamlar bilib kelishadi.

Bu bugungi kunda eng yaxshi reklamalardan biri hisoblanadi. Asosan mahsulotni sifatiga va taqdim qilinishiga e’tibor qaratamiz.

Ishlab chiqarish, retseptlar, shokolad narxi va sotuv do‘koni

Ishlab chiqarish sexi haqida gapirsam, “Yangi ToshMI»dagi sexga ikki oy oldin ko‘chib kelganmiz. Lokatsiyasi qulay bo‘lmasa ham, ishlab chiqarish sexi uchun qulay joy.

Bungacha biz Oloy bozorida mahsulot ishlab chiqarganmiz. Hozirda ishlab chiqarish sexida 8ta xodim ishlaydi. Biroq bizga yetarli bo‘lmaganligi uchun qo‘shimcha ishchi qidiryapmiz.

Retseptlar. Shokoladlar retseptlarini o‘zaro va odamlarni taklifiga qarab yaratamiz.

Ishlab chiqariladigan mahsulot hajmiga kelsak, har safar har xil, mavsumga qarab o‘zgaradi. O‘tgan yili oyiga o‘rtacha 200−300 kilogram shokolad ishlab chiqarilgan bo‘lsa, bu yil 2−3 baravar oshyapti.

Asosiy mahsulotlar soni bugungi kunda 30tadan ortiq, mahsulotimiz soni 100tadan ko‘p.

Yana bir asosiy mahsulotni aytsam, bu shokoladlar o‘rami. Biz bu folgalangan qog‘ozni Italiyadan buyurtma qilamiz. Unda brend logotipimiz bor. Ikki tonna folgali o‘ramni puliga Toshkentda 3 xonali uy olish mumkin.

Sotuv do‘koni. Buyuk Ipak yo‘li massivida joylashgan do‘konimiz oldin bo‘lmagan, bu joy “BellaRose” gul do‘koniga tegishli joy edi. Bu joy bo‘sh bo‘lganligi uchun do‘kon xo‘jayinlari bilan gaplashib, joyni olib qayta qurishni boshlaganmiz. Bu 2020-yil boshlangan. 2021-yil avgust oyidan shu do‘konda ish boshlaganmiz.

Shokoladlar narxi. Shokoladlarimizni kilolab sotamiz, narxiga kelsak, kilosi o‘rtacha 1,5 mln so‘m. Sovg‘ali qutilardagi shokoladlar narxi esa, ichida 12 ta shokolad bo‘lsa 1,1 mln so‘m, 36ta shokolad bo‘lsa 2,5 mln so‘mni tashkil etadi.

Qandolatchilikda biznes boshlamoqchi bo‘lganlarga maslahatlar
2011−2012-yillarda biznes boshlash haqida o‘ylab yurardim. Har doim tanishlarim oldiga borganimda, biznes reja qil deyishardi. Mana shu biznes rejani qilish bilan 6 yil vaqtim o‘tib ketdi.

Shokolad bizesini boshlayotgan paytim qanaqa biznes reja dedimu ishni boshlab yubordim.

Lekin shundan keyin tushundimki, biznes reja bu haqiqatdan muhim narsa ekan. Bu nafaqat biznes boshlash, balki ketadigan sarf xarajatlarning ham rejasi ekan.

Yana bir muhim jihat, kimdir ish boshlamoqchi bo‘lsa, avvalo, xoxish bo‘lishi kerak. Biznes reja bo‘lmasa ham, ketadigan mablag‘larni hisob-kitobini qilish hamda bozorga yangi mahsulot berishga harakat qilish kerak.

Negaki, bugungi kunda O‘zbekiston bozorida mahsulotlar bir-biriga o‘xshaydi. Hamma bir-biridan ko‘chirishga harakat qiladi.

Rejalar. Bu yilgi asosiy rejamiz ishlab chiqarishni kengaytirish va eksportga chiqish bilan bog‘liq. Bugungi kunda xorijiy hamkorlar bilan muzokaralar olib boryapmiz. O‘ylaymanki, yaqin kunlarda eksportga chiqamiz. Shuningdek, boshqa viloyatlarda ham do‘konlarimizni ochish harakatidamiz.

Biznes tarixi: Hugo Boss moda brendining yaratilishi

0

Har qanday biznes loyihaning, turli brendlarning o‘z tarixi bor. Bugungi kungacha bosib o‘tilgan yo‘l, loyihadagi keskin burilishlar hamda muvaffaqiyatli qadamlar ko‘pchilik uchun qiziq bo‘lishi tabiiy.

“Spot” “Biznes tarixi” sahifasini davom etadi. Bu gal moda olamida o‘z nomiga, o‘z o‘rniga ega — “Hugo Boss” brendining tarixiga nazar tashlaymiz.

Uning bugungi kungacha qanday shakllangani, qanday jarayon va yo‘llardan o‘tgani ko‘pchilik uchun qiziq bo‘lishi mumkin.

Brend asoschisi

Hugo Ferdinand Boss 1885-yil 8-iyulda Germaniyaning kichik Metzingen shahrida tug‘ilgan. U Geynrix Boss va Luiza Myunzenmayer oilasida beshinchi farzand edi.

Uning ota-onasi ichki kiyimlar do‘koniga ega edi. Gyugoning oilaviy biznesdagi ishtiroki, shuningdek, sotuvchi va oddiy ishchi sifatidagi faoliyati uning muvaffaqiyatli tadbirkor bo‘lishiga yordam berdi.

Hugo Boss yaratilishi va faoliyati

1923-yilda Boss ish va sport kiyimlarini ishlab chiqarish bo‘yicha o‘z kompaniyasini tashkil etdi va uni to‘liq kiyim fabrikasiga aylantirdi.

1924-yilda u ikki sherik bilan birgalikda ommaviy ishlab chiqarishni boshladi. Assortimentda ko‘ylaklar, kurtkalar, ish va sport kiyimlari bor edi.

1930-yillarda fashistlar partiyasining kelishi bilan Boss fashistlarning formalarini ishlab chiqarishni va sotishni boshladi va oxir-oqibat Germaniya harbiy hukumatini Gitler yoshlari kabi tashkilotlar uchun formalar bilan ta’minladi. “Hugo Boss” hatto “Gitlerning tikuvchisi” deb ham atalgan.

Ikkinchi jahon urushi va 1948-yilda asoschi vafotidan so‘ng kompaniya ishi tadbirkorning kuyovi Yevgen Xoliga o‘tgan. Ikkinchi jahon urushidan keyin kompaniyaning asosiy mahsulotlari pochtachilar va temir yo‘lchilar uchun ishchi kiyimlar edi.

1950-yil “Hugo Boss” uchun muhim yil bo‘ldi. Aynan o‘sha paytda kompaniya zamonaviy erkaklar kostyumlarini tikish uchun birinchi buyurtmani oldi.

Ish hajmi va yuqori sotuvlar korxona xodimlarining kengayishiga olib keldi. Keyingi 10 yil davomida firma asosan erkaklar kostyumlarini sotdi.

1970-yillarning oxiriga kelib, “Hugo Boss” allaqachon ro‘yxatdan o‘tgan savdo belgisi edi. Kompaniya taniqli “Formula 1” poygachilariga homiylik qila boshladi.

1975-yilda kompaniya avstriyalik dizayner Verner Baldesarinini hamkorlikka jalb qildi. U brendning rivojlanishiga katta ta’sir ko‘rsatdi va u “Hugo Boss” bosh dizayneri lavozimiga taklif qilindi.

Kompaniya nihoyat xalqaro bozorga chiqishga va Yevropada mustahkam o‘rin egallashga muvaffaq bo‘ldi. 1976-yildan beri Hugo Boss Amerikada o‘z targ‘ibotini boshladi.

1985-yildan boshlab kompaniya o‘zining parfyumeriya mahsulotlarini ishlab chiqarishni boshladi. Hozirda “Hugo Boss»ning yuzga yaqin turli xil hidlari mavjud.

Kompaniyaning asosiy brendi bo‘lgan “Boss Man” uchta sho‘ba korxonaga bo‘lingan — “Black Label” (biznes va dam olish uchun kiyim), “Orange Label” (shahar sport kiyimlari) va “Green Label”.

2000-yilda brend “Boss Woman” — ayollar kiyimlarini taqdim etdi. Rossiyada kompaniya o‘zining birinchi savdo belgisini 2002-yilda ro‘yxatdan o‘tkazgan.

Brendning yangi tarixi

2002-yilda Baldessarini o‘rnini brend konseptsiyasini bir necha bor o‘zgartirgan Bruno Seltser egalladi. U to‘plamlarni qayta ishga tushirdi, modellarni qayta tikladi, talab qilinmagan mahsulotlardan xalos bo‘ldi.

Dizaynerning yangiliklari natijalari noaniq edi — rentabellik jadvali barqarorlik bilan maqtana olmadi, shuning uchun kompaniya egalari Seltser tomonidan 2008-yilda afsuslanmasdan iste’foga chiqish xatini imzoladilar.

Bir nechta top-menejerlarni almashtirgandan so‘ng, aksiyadorlar 2016-yilda “Hugo Boss” moliyasini boshqargan Mark Langerni bosh direktor etib tayinlash orqali to‘g‘ri qaror qabul qilishdi.

Langer foyda keltirmaydigan savdo nuqtalarini yopdi, Dubay va Xitoy shaharlarida bir nechta do‘konlar ochdi, yuqori darajadagi dizaynlar savdosini oshirdi, qo‘lda ishlangan kolleksiyalarni qayta ishga tushirdi va brendning iqtisodiy kiyim segmentini kengaytirdi.

2016-yilda kompaniya “Boss Orange” va “Boss Green” brendlaridan voz kechishi haqida ma’lumot paydo bo‘ldi. Korxonaning mahsulotlari ko‘pincha qalbakilashtiriladi, turli mamlakatlarda kontrafakt mahsulotlar bilan partiyalar doimiy ravishda kechiktiriladi.

2022-yil 26-yanvarda “Hugo Boss” o‘zining asosiy brendi bilan yo‘nalishini o‘zgartirishga qaror qildi. Deyarli 50 yil ichida birinchi marta logotipni yangilash orqali (oddiyroq va minimal shrift bilan) kompaniya yosh avlodga murojaat qildi.

Nemislar o‘z rebrendingidan foydalanishni rejalashtirmoqda: “Hugo Boss” 2025-yilga borib 100 ta eng mashhur brendlar qatoriga kirishni va kapitalini ikki barobarga — $4,5 mlrdga yetkazishni rejalashtirmoqda.

Hozir kompaniya kiyim-kechak, kosmetika, ko‘zoynak, aksessuarlar, parfyumeriya, paypoq, poyabzal va soatlarning keng assortimenti bilan to‘qsondan ortiq mamlakatlarda faoliyat yuritmoqda. Kompaniyada “Hugo Boss”, “Hugo” va “Baldessarini” yorliqlari ostida uchta erkak kiyim brendi mavjud.

Bugungi kunda Hugo Boss

Hozirgi vaqtda brend quyidagi yo’nalishlarda ishlaydi:

“BOSS Black Label” — premium toifadagi aksessuarlar va kiyimlar;
“BOSS Selection” — hashamatli toifadagi aksessuarlar va kiyimlar;
“BOSS Green” — golfchilar uchun sport kiyimi;
“BOSS Orange” — aksessuarlar va kundalik kiyimlar;
“BOSS Woman” — bu ayollar biznes kiyimlari liniyasi;
HUGO — aksessuarlar va yoshlar kiyimlari.
“Procter & Gamble” bilan birgalikda kompaniya erkaklar uchun 40 dan ortiq atirlar ishlab chiqaradi.

“Hugo Boss” mahsulotlari 120 mamlakatda 6000 do‘konda sotiladi.

Yillar davomida kino, sport, musiqaning eng mashhur yulduzlari va butun dunyoning eng yaxshi moda modellari brendning yuziga aylandi.