Bosh sahifa Blog Sahifa 90

Shavkat Mirziyoyev turizmni rivojlantirish bo‘yicha qanday ko‘rsatmalar berdi?

0

17-yanvar kuni Shavkat Mirziyoyev xorijiy turistlar oqimini oshirish hamda ichki turizmni faollashtirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.

Sayyohlarni ko‘proq va yil davomida jalb qilish maqsadda, prezident topshirig‘iga asosan, turizm imkoniyatlaridan samarali foydalanish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

Unga ko‘ra, sayyohlik salohiyati yuqori bo‘lgan 12ta tuman va shaharda turizm markazlari tashkil etish ko‘zda tutilmoqda. Bunday markazlarda uzluksiz ishlaydigan restoran, kafe, sog‘lomlashtirish va basseyn xizmatlari bo‘ladi.

“Zomin”, “Chimyon” va “Amirsoy” kabi kurort zonalari hamda ko‘ngilochar majmualarda xalqaro brendlar, milliy ipak matolari, suvenir, zargarlik mahsulotlari va oltin quymalar do‘konlari tashkil etiladi.

Buning uchun 2027-yilgacha turizm markazlaridagi tadbirkorlarning yer va mol-mulk solig‘ini belgilangan miqdordan 90%ga kamaytirish, 2026-yilning 1-martigacha zargarlik va oltin mahsulotlari uchun kerak bo‘ladigan asbob-uskunalar va texnologiyalarni bojxona bojidan ozod qilish taklif etilmoqda.

Shuningdek, joriy yildan “O‘zbekistonda yana bir kun sayohat” dasturi amalga oshiriladi. Bunda viloyatlararo turizm obyektlarini o‘zaro bog‘lovchi “respublika turizm halqalari” hamda tuman va shaharlar o‘rtasida “hududiy turizm halqalari” tashkil etiladi. Turizm qo‘mitasi tomonidan Turistik yo‘nalishlarning yagona reyestri yuritiladi.

“To‘rt faslning har birida sayohat” dasturi amalga oshiriladi. Masalan, bahor va kuz fasllarida ekologik, ekstremal, tibbiy va sog‘lomlashtirish, yozda suv havzalari va oromgohlar, qishda ekstremal turizm va tog‘-chang‘i zonalarining imkoniyatlari targ‘ib qilinadi. Mazkur turizm mavsumlarining ochilishi uchun festivallar tashkil etiladi.

Har ikki yilda may oyida mukofot jamg‘armasi $2 mln bo‘lgan Xalqaro “O‘zbekiston ipak matolari” moda haftaligi o‘tkaziladi. Mamlakatning turizm salohiyatini xorijda targ‘ib qilish uchun Turizm qo‘mitasining “turizm vakillari” instituti joriy etiladi.

Shuningdek, hunarmandlarni qo‘llab-quvvatlash, tibbiyot turizmini rivojlantirish, turizm ta’limiga xalqaro tajribani joriy qilish choralari ko‘riladi.

Hududlarda kemping, o‘tov, ekouy va xostellar, mehmonxonalarda basseyn qurishga imtiyozli kreditlar ajratiladi. Sohadagi tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida mehmonxona va savdo majmualari, basseyn va akvaparklar uchun asbob-uskuna va jihozlar 2 yilga bojxona bojlaridan ozod etiladi.

Davlat rahbari bu takliflarni ma’qullab, ekoturizmni yanada keng rivojlantirish, nogironligi bo‘lganlar sayohati uchun ham zarur sharoitlarni yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Ayrim energiya manbalari importida bojxona to‘lovini kechiktirib to‘lashga ruxsat beriladi

0

“Qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosida energiya ta’minotini tashkil etish sohasini tartibga solish va rivojlantirish to‘g‘risida”gi hukumat qarori qabul qilindi.

Bojxona qo‘mitasi tomonidan:

  • 2024 yil 1 fevralgacha “Yashil energiya” axborot tizimi to‘liq funksional rejimida ishga tushiriladi va Energetika vazirligiga o‘tkazilishi ta’minlanadi;
  • “Yashil energiya” axborot tizimining uzluksiz ishlashi va kiritilayotgan ma’lumotlarning to‘g‘riligi doimiy nazorat qilinadi.

Quyidagilarga ruxsat beriladi:

  • qayta tiklanuvchi energiya manbalari va ularning asbob-uskunalari, xomashyo, butlovchi va ehtiyot qismlarini import qilishda bojxona to‘lovlarini 120 kun muddatga foizlar undirilmagan holda kechiktirib to‘lashga;
  • mazkur import qilish faoliyati bilan 3 yildan ortiq davr mobaynida shug‘ullanayotgan, bojxona to‘lovlari bo‘yicha majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarib kelgan tadbirkorlarga 6 oy muddatga bojxona to‘lovlarini ta’minlash qo‘llanilmagan holda, bojxona to‘lovlarini bo‘lib to‘lashga.

Bunda, tadbirkorlar tomonidan oxirgi 3 yil davomida to‘langan bojxona to‘lovlarining miqdori to‘lov muddati uzaytiriladigan summaning 50 foizidan oshmaydigan miqdorini tashkil etishi lozim.

2024 yil 1 martdan texnik hujjatlarida yoki markirovkasida quyosh elementlarining sifat ko‘rsatkichlarini ifodalovchi A, V, S va D tegishli sinfi to‘g‘risidagi axborotlar mavjud bo‘lmagan quyosh panellarini chetdan olib kirish taqiqlanadi.

Quyosh panellari texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligi tasdiqlanishi majburiy bo‘lgan mahsulotlar ro‘yxatiga kiritiladi.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalari va ularning asbob-uskunalari, xomashyo, butlovchi va ehtiyot qismlarining texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiqligini baholash bo‘yicha sinov laboratoriyasi faoliyati tashkil etiladi.

Import qiluvchilar tomonidan “Yagona darcha” bojxona axborot tizimi orqali “O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi” DUKning muvofiqlikni baholash organlariga qayta tiklanuvchi energiya manbalari va ularning asbob-uskunalari, xomashyo, butlovchi va ehtiyot qismlarini sertifikatlashtirish uchun ariza yuborish imkoniyati yaratiladi.

Tadbirkorlarga elektrotexnika sanoatidagi investitsiya loyihalari uchun imtiyozli kreditlar beriladi

0

“Elektrotexnika sanoatining ishlab chiqarish va eksport salohiyatini yanada oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ–15-son, 10.01.2024-y.) qabul qilindi

📊 Qarorga koʻra, 2024-2025-yillar uchun elektrotexnika tarmogʻini rivojlantirish boʻyicha asosiy maqsadli koʻrsatkichlar belgilandi. Unda quyidagilar nazarda tutilgan:

🔹misni qayta ishlash quvvatini 2024-yilda 140 ming va 2025-yilda 160 ming tonnaga yetkazish;
🔹mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini 2024-yilda 30,8 trillion soʻmgacha va 2025-yilda 38 trillion soʻmgacha oshirish;
🔹mahsulotlar eksport hajmini 2024-yilda 1,5 milliard AQSH dollari va 2025-yilda 2 millard AQSH dollari miqdorida taʼminlash.

🏦 Elektrotexnika sanoatida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun 2024-2026-yillarda tijorat banklariga, ularning buyurtmasiga asosan 3 yillik imtiyozli davr bilan 10 yil muddatga, yillik 5 foiz stavkada 100 mln AQSH dollari miqdorida kredit liniyasi ochiladi.

Bunda banklar tomonidan tadbirkorlarga 3 yillik imtiyozli davr bilan 10 yil muddatga yillik 7 foiz stavkada (shundan 2 foiz bank marjasi) kreditlar ajratiladi.

🗓 2027-yil 1-yanvargacha elektrotexnika mahsulotlarini sotishdan tushgan tushumi miqdori umumiy tushumining 80 foizidan kam boʻlmagan elektrotexnika tarmogʻi korxonalariga foyda soligʻi va mol-mulk soligʻi boʻyicha stavkalar 50 foizga kamaytiriladi.

🔰 2024-yil 1-apreldan davlat xaridlari doirasida chet ellik yetkazib beruvchilar bilan bir qatorda mahalliy ishlab chiqaruvchilar ishtirok etganda ularga nisbatan import tovarlarining DDP (Oʻzbekiston) narxidan quyidagi miqdorlarda narx preferensiyasi beriladi:

➖3 ta va undan ortiq mahalliy ishlab chiqaruvchi ishtirok etgan taqdirda 15 foiz;
➖2 ta mahalliy ishlab chiqaruvchi ishtirok etgan taqdirda 12 foiz;
➖1 ta mahalliy ishlab chiqaruvchi ishtirok etgan taqdirda 8 foiz.

📝 Qaror bilan shuningdek, 2024-yil 1-fevraldan Oʻzbekistonga olib kirishda ularning sifati, xavfsizligi va servis kafolatini taʼminlaydigan ishlab chiqaruvchining vakolatli vakili yoki rasmiy dilerlari mavjud boʻlishi talab qilinadigan mahsulotlar roʻyxati tasdiqlandi.

Muvaffaqiyatli rahbarlarga xos bo‘lgan to‘rt sifat

0

Bred o‘z kompaniyasini qayta tuzishdek murakkab jarayonda yetarlicha yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etayotgan ajoyib sotuvlar bo‘limi boshlig‘ini ishdan bo‘shatishga doir qaror qabul qildi. Uch oy o‘tsa hamki Bred bu haqida unga xabar qila olmadi. Men buning sababiga qiziqdim. U «Men lapashangman!» deya javob berdi.

Bred — moliyaviy kompaniyada SeO va shubhasiz, lapashang emas. U barcha kabi inson, shu bois strategik muhim qaror qabul qilish vaqtida qiyinchiliklar bilan to‘qnashadi.

Yoshingiz, kasbingiz yoki mavqeingiz qanday bo‘lmasin, muhim ishni bajarish uchun murakkab suhbatlar olib borish, kishilarni mas’uliyat va amaliy xatti-harakatlarga chorlashingizga to‘g‘ri keladi. Qo‘yilgan vazifalarni uddalash uchun kishilarda ishonch uyg‘otuvchi, o‘z ortidan ergashtira oluvchi va umumiy muvaffaqiyat uchun o‘zini yuz foiz ishga bag‘ishlovchi jozibali  inson qiyofasini yaratish zarur.

Oliy toifali rahbarlarni tayyorlovchi Bregman Partners kompaniyasining bosh direktori Piter Bregman HBR’da muvaffaqiyatli rahbarlarga xos bo‘lgan to‘rt sifat haqidagi maqolasi bilan bo‘lishdi.

Samarali faoliyat yurituvchi rahbar bo‘lish uchun siz o‘zingizga ishongan bo‘lishingiz, boshqalar bilan aloqa o‘rnatishingiz, maqsadga erishishga o‘zingizni bag‘ishlashingiz va emotsional dadillikni namoyish qilishingiz kerak bo‘ladi. Aksariyat bularning faqat birinigina namoyish qilishning uddasidan chiqadi, kamdan-kam holatlarda – ikkitasini. Biroq boshqalarga ta’sir o‘tkazish va ularni amaliy qadamlarga chorlash uchun to‘rttalasini ham mukammal egallashingiz zarur.

O‘zingizga bo‘lgan ishonch. Bred bu borada muammoga duch kelgan, bu ajablanarli bo‘lishi mumkin, zero u juda muvaffaqiyatli karera qurgan. Biroq bu ancha keng tarqalgan holat. U shijoat bilan ishlagan, lekin uning mehnatsevarligi o‘z xususiyatlariga bo‘lgan qandaydir ishonchsizlikdan kelib chiqqan. Shu bois Bred o‘zini namoyon etib, atrofdagilarning maqtoviga sazovor bo‘lmoqchi bo‘lgan. Salohiyatli muvaffaqiyatsizlik qarshisida uni iroda tark etgan. Shu bilan birga, u muvaffaqiyatsizlikka uchraganida o‘zini ayamagan. Biroq u kim bo‘lmoqchiligiga doir aniq tasavvurga ega bo‘lgan va shu yo‘nalishda mehnat qilgan, o‘z energiyasini strategik va oqilona taqsimlab, ortiqcha chalg‘ituvchi omillarga e’tibor bermagan.

Atrofdagilar bilan munosabatlar. Bu Bredning eng ustuvor jihati. Barcha xodimlar uni yaxshi ko‘rishgan, u doim o‘z jamoasidagilar uchun qayg‘urgan. Odamlar hatto nuqtai nazarlari turlicha bo‘lgan masalalarda ham uning ishonchini his qilishar edi. Xodimlar uning odamlar va vazifalarga nisbatan qiziquvchanligini yuksak qadrlashardi va tezkor xulosalar qilmagani uchun undan minnatdor bo‘lishardi. Shunga qaramay, hatto bu masalada ham unda o‘sish uchun salohiyat bor edi: u o‘z xodimlari bilan har doim ham ochiq suhbatlashmas va murakkab suhbatlarni orqaga surishga moyil edi.

Maqsadga sodiqlik. Bunga har xil yondashish mumkin. Bir tomondan, Bred kompaniya o‘sishi uchun qabul qilinishi kerak bo‘lgan qarorni aniq tasavvur qilgan: u ishning dastlabki bosqichlarida odamlarni jarayonga jalb qilgan, takliflar uchun ochiq bo‘lgan va doim yordam so‘rab murojaat qilishga tayyor bo‘lgan. Boshqa tomondan, u ko‘p masalalarda beqaror bo‘lgan: ishlarni rivojlantirishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlar bilan bo‘lishmagan, asosiy narsalarni e’tibordan qochirmaslik va barchasini nazorat ostida ushlash uchun samarali ish jarayonini yo‘lga qo‘ymagan. Sotuv bo‘limi rahbarini ishdan bo‘shatmaslikni uning jamoasi aralash ishoradek qabul qildi: Bredning kompaniya muvaffaqiyati uchun yordam bermoqchiligiga doir gaplari jiddiymikan?

Emotsional dadillik. Yuqoridagi uch jihatni takomillashtirishda muhim omil hisoblangan bu ko‘rsatkich bo‘yicha Bredning o‘sish salohiyati bor edi. Tavakkal bizni o‘zimizni himoyasiz his qilishga majbur qiladi, Bredni mana shu jihat cho‘chitgan. U noaniqlikka qarshi bo‘lib,  noqulay vaziyatlardan qochgan, shuning uchun odamlarga yoqimsiz haqiqatni aytishga va tezkorlik bilan murakkab qarorlarni qabul qilishga  qiynalgan.

Shunday qilib, boshqalar bilan ijobiy munosabatlar  Bredning eng kuchli tomoni bo‘lgan, undan keyin – maqsadga sodiqlik. O‘ziga bo‘lgan ishonch va emotsional dadillik masalasida esa muammolar bo‘lgan. Chiqarilgan xulosalar qiyinchiliklarga yangicha qarash imkonini beradi: uning sotuvlar bo‘limi boshlig‘iga bo‘lgan sodiqligi jamoa va kompaniya manfaatlariga zid bo‘lgan. Shu bilan birga, u ishdagi vaziyatni o‘zgartirish uchun o‘ziga yetarlicha ishonmagan yoki emotsional jihatdan dadil bo‘lmagan, bu esa chorasizlik va o‘z-o‘zidan qoniqmaslikni keltirib chiqargan.

Ro‘y berayotgan voqealarni anglashdek oddiy fakt unga vaziyatni to‘g‘irlay boshlashga yordam bergan. Uning ruhiy dadilligini rivojlantirishga muayyan vaqt talab qilindi. U ilgari chetlab o‘tgan barcha hissiyotlarni boshdan o‘tkazib, kichik-kichik tavakkal qilishdan boshladi. Har safar amalda qaror qabul qilishning uddasidan chiqqanida – xatti-harakatlar qanday tugashiga qaramay – tabiiyki, fojia ro‘y bermagan. Biroq u tugallanganlik hissini tuygan, bu tavakkal manbai bilan bog‘liq bo‘lgan. Bu uning o‘ziga bo‘lgan ishonchini mustahkamlab, bundan-da katta tavakkalga qo‘l urishiga turtki bergan.

Qisqa vaqt o‘tgach, u o‘zini uch oy ilgari rejalashtirgan ishini bajarishga tayyor his qilgan. U o‘ziga xos bo‘lgan g‘amxo‘rlik, hamdardlik va insoniylikni namoyon qilgan holatda, sotuvlar bo‘limi boshlig‘ini ishdan bo‘shatdi. Shundan so‘ng Bred o‘zini yengil his qildi.

Bred bo‘lim boshlig‘i bilan suhbat oldidan o‘zini juda noqulay his qildi – emotsional dadillikni talab qiluvchi xatti-harakatlardan oldin doim shunday hissiyot paydo bo‘ladi. Biroq qancha ko‘p emotsional dadil bo‘lsangiz, bu ko‘nikmangiz shuncha ko‘p rivojlanadi. Suhbat yakuniga ko‘ra, Bred barcha to‘rt punkt bo‘yicha ham rivojlandi: u o‘ziga bo‘lgan ishonchni mustahkamladi, jamoasiga yanada yaqinlashdi, maqsadiga sodiqligi yanada oshdi va ruhiy jihatdan dadillashdi.

Fransiyadagi «Bahor» brendi, «propiska» va qiyinchiliklar – oddiy baliqchi qizining hikoyasi

0

Navbatdagi suhbat qahramoni Navbahor Baudot aslida O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining fransuz tili filologiyasida tahsil olgan. Ammo, o‘zidagi iste’dod sabab hozirda moda olamida faoliyat olib bormoqda.

Birinchi ustozim – onam

Xorazm viloyati Gurlan tumanida voyaga yetganman. Onam ham tikuvchi edilar va men tikish-bichish kabilarni aynan onamdan o‘rganganman. Ammo, bundan tashqari chet tillarni o‘rganishga ham qiziqardim. Shu sababdan, 2000 yillarda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetiga o‘qishga kirdim. O‘qish davomida ham turli modalar uylarida ishladim. 2007 yilda o‘qishni tamomlagach, Fransiyaga keldim va moda, dizayn sohasi mening kelgusi yo‘lim ekanligini tushunib yetdim.

Fransiyaga 200 AQSh dollar bilan kelganman

O‘qishni 2005 yilda bitirgach, maktabda dars berish uchun ishga kirdim. Ammo, “propiska” muammosi sabab bu yerda ishlay olmasdim. Onam bu vaziyatda mening har qanday qarorimni qo‘llab-quvvatlashini aytdi va men Fransiyaga kelish yo‘lini topdim. 2007 yil sentyabrda Fransiyaga dastlabki kelganimda faqatgina 200 AQSh dollar pulim bor edi. Bir oila bilan shartnoma tuzgandim va bu oilada 9 oy mobaynida yashashim kerak edi.

Qiyinchiliklarga o‘rganishni avvaldan boshlagandim

To‘g‘ri, bu yerda dastlab anchagina qiyinchiliklarga duch keldim. Til bilganim ham ularning madaniyatiga tez kirishib ketish imkoniyatini bermadi. Ammo, men bunday qiyinchiliklarni yengib o‘tishni avvaldan o‘rgangandim. 2000 yilda onam meni Toshkentga olib kelgan va bu yerda ham shu kabi jarayonlarni boshdan o‘tkazgandim.

Qarz olib, tikuv mashinasi olganman

Esimda, bor-yo‘g‘i 30 yevro pulim qolgan edi. Til maktabidagi o‘rtog‘imdan 90 yevro qarz olib tikuv mashinasi olganman va shu tariqa o‘z faoliyatimni boshlaganman. Birinchi bolalar uchun kiyimchalar tikkanman. Topadigan pulim u qadar ko‘p bo‘lmasada, menga ancha katta daromaddek bo‘lib tuyulardi.

Fransuzlar sizni qanday bo‘lsangiz, shundayligingizcha qabul qilishadi

Fransiya madaniyati biznikidan mutlaqo farqli. Ammo, bu kishilarning sizga munosabatini u qadar o‘zgartirib yubormaydi. Masalan, men fransuz kishisiga turmushga chiqqan bo‘lsam-da, u meni madaniyatim sabab emas, balki shundayligimcha qabul qilgan. Farzandlarim ham yarim fransuz, yarim o‘zbek bo‘lgani uchun juda ko‘plab qiziqishlarga ega va “Nimaga?” deya ko‘p savol berishadi.

“Bahor” brendi tarixi

Ushbu brendni yaratishga 14 yilga yaqin vaqt ketdi. Avval, men brend yaratish jarayonini juda sodda deb o‘ylagandim. Ammo, keyinchalik bildimki, bu men o‘ylaganchalik oson emas ekan. Bu brend inson qadr-qimmatini, ekologiya mavzusini yoritishi kerak edi. Lion shahrida turli millat vakillari borligi sabab menda ishlaydigan ayollar o‘rtasida dastlab til muammosi bo‘ldi. Shuning uchun, ularga avvalo til, so‘ngra kasbiy bilimlar o‘rgatishga to‘g‘ri kelgan. Shu tariqa 2017–2018 yillarda “Bahor” brendi maydonga keldi.

Jamoaviylik juda muhim

Fransiyada haqiqiy lider jamoasining fikrini eshitadigan odam hisoblanadi. Men “Bahor” brendining asoschisi bo‘lsamda, hamma ishni jamoa bilan kelishgan holda olib boraman. Hozircha jamoada 6 kishimiz. Jamoadagi hamma birgalikda mehnat qilamiz, dizayn yaratamiz va mahsulot tayyorlaymiz. Faoliyatimizni hozircha Lionda olib boryapmiz, ammo keyinchalik Parijga, hatto Shveytsariyagacha yoyishimiz mumkin. Shveytsariya bizda 1.5 soatlik yo‘l uzoqda joylashgan.

Har bir mahsulotning kelib chiqish tarixiga qiziqishadi

Fransuzlar judayam sinchkov xalq bo‘lib, ayniqsa pandemiyadan keyin bu sinchkovligi anchagina ortib ketdi. Har qanday mahsulotning, xoh u oziq-ovqat bo‘lsin, xoh kiyim-kechak, qanday yaratilgani, nimadan qilingani, ekologik tozaligiga alohida e’tibor berishadi. Tekstil sohasi ekologiyaga zarar yetkazish bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinda turgani sabab kiyadigan kiyimining atrof-muhitga qanchalik kam ziyon keltirganiga e’tibor berishadi.

Chang qishlog‘imni har kuni xotirlayman

Otajon Shukurovning shunaqa so‘zlari bor edi: “O‘zga yurtning bog‘i bilan bog‘chasi o‘z yurtingning yantog‘icha ko‘rinmas”. Har kuni tongda uyg‘onganimda ham, kechqurun uyquga ketish oldidan ham ona qishlog‘im ko‘z o‘ngimga keladi. Oxirgi marta shu yilning yanvar oyida O‘zbekistonga kelgandim, yaqinda yana borish niyatim bor.

O‘quv kurslari narxi birmuncha qimmat

Fransiyada dizaynerlik bo‘yicha hech qayerda o‘qimaganman, balki bir qancha joylarda ishlab malaka oshirganman. dizaynerlik bo‘yicha ham o‘quv kurslari mavjud, ammo uning narxlari birmuncha qimmat. Ushbu kurslarda o‘rtacha 40 ming yevro miqdorda mablag‘ sarflashga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, bu sohada ham o‘qib, ham ishlash biroz murakkablik tug‘diradi, chunki darslar anchagina qiyin.

Fransiyada har bir hududning ma’lum bir ixtisosligi mavjud

Lion shahrida ipakchilik judayam rivojlangan, shuningdek dunyoning gastronomik poytaxti hisoblanadi. Parij shahri turizm jihatdan ilg‘or. Umuman, boshqa shaharlar ham ma’lum bir sohalarga ixtisoslashgan. Dengiz bo‘yida joylashgan shaharlarda, tabiiyki, shunga oid sohalar rivojlangan bo‘ladi.

Xayrli ishlar bajaruvchisi

Bu shaharlarda ma’lum kvartallar mavjud bo‘lib, ularda dunyoning turli o‘lkalaridan kelgan aholi vakillari yashashadi. Men o‘zim ham shunday kichik bir kvartalda yashayman. Bu yerdagi ijtimoiy muhtoj ayollar bilan suhbatlashaman va ularning muammolarini bilib olaman. Shundan so‘ng qo‘ldan kelgancha bu kabilarga yordam beraman. Masalan, o‘tgan yili karantin avj olgan davrda bir chechen ayoliga tikuv mashinasi olib berdik. Uni 2019 yildan beri tanirdim, ozgina moliyaviy qiyinchiliklarga ega edi. Shunday qilib uni ham, ketidan boshqalarni ham ishga jalb qildik.

Bir ajnabiy ayoliga ham fransuz tili, ham tikish hunarini o‘rgatguncha 1-1,5 yil vaqt kerak bo‘ladi. Bu xayrli ishlar uchun men hech qanday manfaat talab qilmayman. Ammo, davlat tomonidan ma’lum bir rag‘batlantirishlar bor. Hozirgi maqsadlarimdan biri bu loyihani O‘zbekiston uchun ham targ‘ib qilish. Ammo, buning uchun ko‘p kuch va imkoniyatlar talab etiladi.

Tadbirkorlardan 8 turdagi hisobotlarni talab qilish bekor qilindi

0

Tadbirkorlar tomonidan davlat organlariga hisobot va statistik ma’lumotlarni taqdim etish jarayonlarini soddalashtirish bo‘yicha prezident qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, 2024-yildan tadbirkorlardan talab qilinadigan 8 turdagi hisobot va statistik ma’lumotlar bekor qilinadi. Gap o‘zaro bir-birini takrorlovchi va davlat organlarining boshqa organlardan olish imkoniyati mavjud bo‘lgan hisobotlar haqida ketmoqda.

Endilikda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi, Soliq qo‘mitasi, respublika tovar xom ashyo birjasi hamda Bojxona qo‘mitasi tomonidan qabul qilinadigan quyidagi hisobotlar talab etilmaydi:

  • Sug‘urtalovchilarning moliyaviy hisobot shakli “Buxgalteriya balansi” — 1-sonli shakl (sug‘urta);
  • Sug‘urtalovchilarning moliyaviy hisobot shakli “Moliyaviy natijalar to‘g‘risidagi hisobot” hug — 2-sonli shakl (sug‘urta);
  • Sug‘urtalovchilarning moliyaviy hisobot shakli “Pul oqimlari to‘g‘risidagi hisobot” — 4-sonli shakl (sug‘urta);
  • Sug‘urtalovchilarning moliyaviy hisobot shakli “Xususiy kapital to‘g‘risidagi hisobot” — 5-sonli shakl (sug‘urta);
  • Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan zargarlik va boshqa buyumlarni ishlab chiqarish faoliyati;
  • Erkin omborga joylashtirilgan tovarlar va ularning harakati to‘g‘risida hisobot;
  • Bojxona omboriga joylashtirilgan tovarlar va ularning harakati to‘g‘risida hisobot;
  • Boj olinmaydigan savdo do‘konidagi tovarlar va ularning harakati bo‘yicha hisobot.

Shuningdek, tadbirkorlar tomonidan davlat organlariga taqdim etiladigan hisobot va statistik ma’lumotlarning yagona ro‘yxati tasdiqlandi. Hisobotlar faqat axborot tizimlari orqali taqdim etiladi.

2026-yilgacha “tadbirkorlik subyektining shaxsiy kabineti” orqali hisobotlarni shakllantirish va davlat organlariga taqdim etishni nazarda tutuvchi yagona hisobotlar tizimi joriy qilinadi.

Hisobotlarni topshirish 2026-yildan barcha tadbirkorlar uchun ixtiyoriy, 2027-yildan kichik va o‘rta tadbirkorlar uchun, 2028-yildan esa barcha tadbirkorlar uchun majburiy tartibda amalga oshiriladi.