Bosh sahifa Blog Sahifa 9

O‘zbekiston qish uchun 120 ming tonna avtobenzin zaxirasini yaratadi

0

Shuningdek, mavsum davomida issiqlik elektr stansiyalariga 4,16 mln tonna ko‘mir yetkazib berilishi prognoz qilinmoqda.

6-iyul kuni Shavkat Mirziyoyev neft-gaz tarmog‘ida navbatdagi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarining borishi yuzasidan axborot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

2026−2027-yillar kuz-qish mavsumida aholi, ijtimoiy soha obyektlari va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan kompleks chora-tadbirlar ko‘rib chiqildi. Tabiiy va suyultirilgan gaz yetkazib berish, magistral va hududiy gaz tarmoqlarini ta’mirlash, yoqilg‘i zaxiralarini shakllantirish hamda avariya-tiklash brigadalarining shayligini ta’minlash bo‘yicha aniq vazifalar qo‘yildi.

Mavsumgacha magistral gaz quvurlarining 53,7 kilometr nuqsonli qismini almashtirish, kompressor stansiyalaridagi 77 ta gaz haydash agregatini mukammal ta’mirlash rejalashtirilgan.

Shuningdek, 881 ta mahalladagi 220 ming xonadonning gaz ta’minotini yaxshilash va texnologik yo‘qotishlarni qisqartirish uchun uch bosqichli taqsimlash tizimidan ikki bosqichli tizimga o‘tkazish ko‘zda tutilgan. 711,9 km gaz tarmog‘i va 400 ta gaz taqsimlash punkti ta’mirlanib, rekonstruksiya qilinadi.

Kuz-qish mavsumida aholiga 325,7 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berish, shu jumladan, borish qiyin bo‘lgan 229 ta qishloqdagi 104,7 ming iste’molchini 8,2 ming tonna suyultirilgan gaz bilan ta’minlash belgilangan.

Qish uchun yoqilg‘i zaxiralarini shakllantirish bo‘yicha ham choralar ko‘rilmoqda. Jumladan, dekabr-yanvar oylari uchun 120 ming tonna avtobenzin zaxirasini yaratish rejalashtirilgan. Issiqlik elektr stansiyalariga mavsum davomida 4,161 mln tonna ko‘mir yetkazib berish prognoz qilinmoqda.

O‘zbekneftgaz tizimidagi korxonalarda texnologik barqarorlikni ta’minlash maqsadida 90 ta texnologik qurilmada ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi. Bu ishlab chiqarish quvvatlarining uzluksiz ishlashi, aholi va iqtisodiyot tarmoqlariga energiya resurslarini barqaror yetkazib berishga xizmat qiladi.

Tayyorgarlik ishlari faqat neft-gaz tizimi bilan cheklanmay, umumiy energetika va kommunal sohalar bilan uzviy bog‘liq holda olib borish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Shu maqsadda respublika va hududiy komissiyalar faoliyatini yo‘lga qo‘yib, mavsumga tayyorgarlik ishlarini muvofiqlashtirish va doimiy nazorat qilib borish topshirildi.

Mutasaddilarga belgilangan chora-tadbirlar ijrosini qat’iy nazorat qilish, mavsumga tayyorgarlik ishlarini muddatida va sifatli yakunlash, aholi hamda ijtimoiy soha obyektlariga tabiiy va suyultirilgan gaz, shuningdek, boshqa yoqilg‘i resurslarini barqaror yetkazib berish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.

Baliqchilik xo‘jaliklariga yangi subsidiyalar beriladi, suv obyektlari esa auksionga chiqariladi

0

Baliqchilikni rivojlantirish markazi tashkil etilib, tadbirkorlarga quyosh panellari, uskunalar va naslli baliq importi uchun subsidiya hamda kompensatsiyalar ajratiladi.

Prezidentning baliqchilik tarmog‘ini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi farmoni qabul qilindi. Hujjat Lex.uz portalida eʼlon qilindi.

Unga ko‘ra, 2026−2027-yillarda hududlardagi mavjud sun‘iy suv havzalari intensiv usulda baliq yetishtirishga ixtisoslashtiriladi. Natijada baliq mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 500 ming tonnaga yetkaziladi.

2027-yildan respublikaning tog‘oldi hududlarida sovuq suv baliqchiligi rivojlantirilib, baliq yetishtirish quvvati yiliga 20 ming tonnaga yetkaziladi. Har yili baliqchilik va akvakultura yo‘nalishida qo‘shimcha 100 nafar mutaxassis tayyorlanadi.

Farmon bilan Suv xo‘jaligi vazirligi huzurida Baliqchilikni rivojlantirish markazi hamda uning hududiy bo‘linmalari tashkil etiladi. Shuningdek, Baliqchilikni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tuziladi.

Markazga baliq yetishtirish uchun respublikadagi suv omborlari, kollektor-drenaj tarmoqlari va tabiiy suv obyektlari bepul ijaraga beriladi. Sun‘iy suv havzalarida faoliyat yuritayotgan baliqchilik xo‘jaliklari esa kafolatlangan suv bilan ta‘minlanadi.

Bunda har yili 15-yanvargacha baliqchilik xo‘jaliklari to‘g‘risidagi ma‘lumotlar markazga taqdim etiladi. 30-yanvargacha suvga bo‘lgan yillik ehtiyoj shakllantirilib, Suv xo‘jaligi vazirligiga yuboriladi, 1-martgacha esa suv olish limitlarining oyma-oy grafigi tasdiqlanadi.

Shuningdek, baliqchilik xo‘jaliklari suv sarfini real vaqt rejimida o‘lchash imkonini beruvchi qurilmalarni o‘rnatib, ularni vazirlikning axborot tizimi bilan integratsiya qilishi lozim bo‘ladi.

Kelasi yildan boshlab suv omborlari, kollektor-drenaj tarmoqlari va tabiiy suv havzalari baliqchilik xo‘jaliklarini tashkil etish uchun faqat ochiq elektron onlayn auksion orqali ijaraga beriladi.

Ijaradan tushgan mablag‘larning 15%i mahalliy byudjetlarga, qolgan qismi esa jamg‘armaga yo‘naltiriladi.

2027-yil 1-maygacha baliqchilik xo‘jaliklarida suv resurslaridan foydalanish, baliq yetishtirish hajmi, ozuqa sarfi, qo‘llanilayotgan texnologiyalar hamda ijaraga berilgan suv obyektlari hisobini yuritish uchun e-baliq elektron platformasi ishga tushiriladi.

Farmon bilan joriy yil 1-avgustdan 2030-yil 1-avgustgacha baliqchilik xo‘jaliklarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlari ham joriy etiladi.

Xususan, quyosh panellarini xarid qilish va o‘rnatish uchun olingan kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi, 50 kVtgacha quvvatga ega quyosh panellarini o‘rnatish xarajatlarining 25%i subsidiya qilinadi hamda muqobil energiya manbalari bilan jihozlangan aeratorlarni xarid qilish xarajatlarining 50%i qoplanadi.

Bundan tashqari, naslli ona baliq importi, yopiq suv aylanma tizimi texnologiyasini joriy etish hamda intensiv usulda baliq yetishtirish uchun omuxta yem ishlab chiqarish uskunalarini xarid qilish xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi.

Xorijdan jalb etilgan ixtiolog va baliq kasalliklari bo‘yicha mutaxassislar ish haqi xarajatlarining 50%i ham kompensatsiya qilinadi.

15 yillik stajga ega tibbiyot xodimlariga ipoteka krediti uchun subsidiya beriladi

0

Har chorak 125 nafar xodim onlayn tanlov asosida tanlab olinib, ularga boshlang‘ich to‘lov uchun mablag‘ ajratiladi. Shuningdek, xodimlar farzandlarining kontrakt to‘lovi ham qoplab beriladi.

12-iyun kuni qabul qilingan hukumat qarori (310-son) bilan davlat shifoxonalarida 15 yil stajga ega tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga ipoteka subsidiyasini ajratish tartibi tasdiqlandi.

Hujjatga ko‘ra, bunday xodimlarga ikki turdagi moliyaviy yordam ajratiladi:

  • ipoteka krediti asosida sotib olinadigan uy-joyning boshlang‘ich badalining 25%i qoplanadi;
  • farzandlarining davlat OTMlari bakalavriat bosqichida o‘qishi uchun yillik kontrakt to‘lovining 30%i, ammo BHMning 15 baravaridan (6,10 mln so‘m) ko‘p bo‘lmagan miqdorda qoplab beriladi.
  • Ipoteka subsidiyasini olish uchun arizalar Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali topshiriladi. Ariza berishda faqat JSHSHIR, telefon raqami va elektron pochta manzili kiritiladi, qo‘shimcha hujjatlar talab etilmaydi.

Arizalar avtomatik tarzda tekshiriladi. Tizim arizachining davlat tibbiyot muassasasida ishlashi, 15 yillik staji, boshqa uy-joy subsidiyasiga ega emasligi hamda ipoteka dasturlaridan foydalanmaganini tekshiradi. Talablarga mos kelmagan arizalar avtomatik rad etiladi.

Har chorak yakunida talablarga javob bergan arizachilar o‘rtasida onlayn tanlov o‘tkaziladi. G‘oliblar random.org platformasi orqali tasodifiy tanlanadi.

Har chorakda 125 nafar xodim subsidiya oladi. Agar talabgorlar soni 125 nafardan kam bo‘lsa, mezonlarga mos kelgan barcha nomzodlar g‘olib deb topiladi. Tanlov jarayoni Sog‘liqni saqlash vazirligining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida jonli efirda namoyish etiladi.

G‘olib bo‘lgan fuqaro ro‘yxatdan o‘tkazilgan hududidan qat’i nazar, istalgan hududidagi birlamchi uy-joy bozoridan uylarni ipotekaga sotib olishi mumkin. Xabarnoma olganlar uy-joy olish bo‘yicha qurilish (pudrat) tashkiloti bilan birlamchi shartnoma tuzadi.

Boshlang‘ich badalning 25%i Tibbiyotni rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasi, qolgan qismi esa fuqaroning o‘z mablag‘lari hisobidan qoplanadi. Subsidiya naqd pul ko‘rinishida berilmaydi — to‘g‘ridan to‘g‘ri ipoteka krediti rasmiylashtirilgan bank hisob raqamiga o‘tkaziladi.

Subsidiya bir oilaga (er yoki xotindan biriga) faqat bir marta beriladi. Imtiyozdan foydalangan shaxs keyinchalik ushbu dastur doirasida yana murojaat qila olmaydi.

Mazkur subsidiyalarni moliyalashtirish uchun jamg‘armaga har yili 100 mlrd so‘m ajratiladi. Zaruratga qarab ushbu mablag‘lar qo‘shimcha indeksatsiya qilinishi ham nazarda tutilgan.

Joriy yilning mart oyida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ushbu qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan edi.

Uch karra yer solig‘i bekor qilindi: kimlar pullarini qaytarib olishi mumkin?

0

Nima bo‘ldi?

Prezident 15-iyun kuni o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni tan olish tartibini soddalashtirish to‘g‘risidagi qonunni (O‘RQ-1153-sonimzoladi. Unga ko‘ra, yer uchastkalaridan hujjatsiz foydalanganlik uchun jismoniy shaxslarga 2020-yil 1-yanvardan 2024-yil 1-iyunga qadar hisoblangan uch karra yer solig‘i bekor qilindi. Endi ushbu davr uchun avval hisoblangan soliqlar fuqarolarga qaytarilishi mumkin.

02

Qanday yerlarga taalluqli?

Qayta hisob-kitob jismoniy shaxslarga tegishli turar joylar va noturar joylarga nisbatan qo‘llaniladi. Bu hujjatsiz foydalanilgan yoki hujjatda ko‘rsatilganidan ortiq foydalanilgan yer uchastkalarini ham qamrab oladi.

Hujjatsiz yer quyidagi holatlarni anglatadi:

  • yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlar mavjud emas yoki mavjud huquq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan;
  • yer maydoni hujjatda ko‘rsatilganidan ortiq egallangan.

Masalan, hujjat bo‘yicha 12 sotix yer ajratilgan bo‘lib, amalda 14 sotix yerdan foydalanilayotgan bo‘lsa, uning ortiqcha 2 sotix qismiga hujjatda ko‘rsatilganidan ortiq egallangan yer sifatida qaraladi.

03

Nima uchun aynan 2020−2024-yillar?

2020−2024-yillar davomida hujjatsiz egallangan yer uchastkalariga huquqni rasmiylashtirishning aniq mexanizmi mavjud bo‘lmagan.

Faqat 2024-yilning avgust oyida qabul qilingan qonun (O‘RQ-937-son) ga muvofiq, o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yerlar hamda ularda qurilgan bino-inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish tartibi joriy etildi.

Shu sababli fuqarolarning hujjatlarni rasmiylashtirish imkoniyati cheklangan bo‘lgan davr uchun uch karra soliqni qo‘llash bekor qilinmoqda.

Muhim: 2024-yil 1-iyundan keyin hujjatsiz foydalanilgan yoki hujjatda ko‘rsatilganidan ortiq egallangan yerlar uchun oshirilgan soliqni hisoblash amaldagi qonunchilik asosida davom ettiriladi.

04

Qayta hisob-kitob qanday bo‘ladi?

Soliq qo‘mitasi buning uchun hozirda texnik tayyorgarlik ishlarini olib bormoqda.

Qayta hisob-kitob qo‘mita tomonidan markazlashtirilgan va avtomatlashtirilgan tartibda amalga oshiriladi. Buning uchun fuqarolardan alohida murojaat yoki ariza talab etilmaydi.

Soliq organlari axborot tizimlarida 2020-yil 1-yanvardan 2024-yil 1-iyunga qadar muddat uchun uch karra hisoblangan summalar avtomatik ravishda bir karrali stavkaga keltiriladi.

Jarayon yakunlangach, ma’lumotlarni:

  • Soliq mobil ilovasi;
  • shaxsiy kabinet;
  • soliq organlariga bog‘lanish orqali bilib olish mumkin bo‘ladi.

05

To‘langan summalar nima bo‘ladi?

Agar soliq to‘lovchi avval uch karra hisoblangan soliqni to‘lagan bo‘lsa:

  • ortiqcha to‘langan summa aniqlanadi;
  • ushbu mablag‘ kelgusi davrlar uchun hisoblangan soliqlar hisobiga avtomatik ravishda yo‘naltiriladi;
  • ortiqcha mablag‘ saqlanib qoladi va “kuyib ketmaydi”.

06

Ortiqcha to‘lovni qaytarib olish mumkinmi?

Ha. Soliq kodeksining 103−105-moddalariga muvofiq ortiqcha to‘langan mablag‘larni qaytarib olish mumkin.

Buning uchun:

  • soliq organiga ariza beriladi;
  • bank rekvizitlari ko‘rsatiladi;
  • soliq organi ortiqcha to‘lov mavjudligini tekshiradi.

Agar soliq to‘lovchining boshqa soliqlar bo‘yicha qarzdorligi mavjud bo‘lsa, mablag‘ avvalo ushbu qarzdorliklarni qoplashga yo‘naltiriladi. Qarzdorlik mavjud bo‘lmasa, ortiqcha mablag‘ qaytariladi.

Ariza qabul qilinganidan keyin ortiqcha to‘langan mablag‘ 15 kalendar kuni ichida qaytariladi.

07

Qancha fuqaroning soliqlari qaytariladi?

Soliq qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra4 mln 344 mingta ko‘chmas mulk obyektiga nisbatan qayta hisob-kitob amalga oshirilishi kutilmoqda.

Shundan 2 mln 751 mingta obyekt hujjatsiz, qariyb 1,6 mlnta yer maydoni esa hujjatlarda ko‘rsatilganidan ortiq egallangan.

Qayta hisob-kitob natijasida jami 1,5 trln so‘mga yaqin soliq summasi qayta ko‘rib chiqilishi ko‘zda tutilmoqda.

08

Soliqlar bekor qilinishi yerga egalik huquqini beradimi?

Yo‘q.

Uch karra soliqning bekor qilinishi yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni e’tirof etish uchun asos bo‘la olmaydi.

Yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni rasmiylashtirish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Bunda obyekt avvalo xatlovdan o‘tkaziladi, so‘ngra tegishli davlat organlari va tashkilotlari bilan kelishish jarayonidan o‘tadi.

Bunda nafaqat soliq organlari, balki vakolatli boshqa tashkilotlarning ham tegishli xulosalari talab etiladi. Agar fuqaroning soliq qarzdorligi BHMning 30 baravari, ya’ni 12,36 mln so‘mdan ko‘p bo‘lsa, uni bartaraf etish uchun muddat beriladi va shundan keyin hujjatlashtirish jarayoni davom ettiriladi.

Fuqarolar hujjatlashtirish jarayonidan belgilangan tartibda o‘tishlari kerak.

09

MIBga yuborilgan qarzdorliklar nima bo‘ladi?

Agar Majburiy ijro byurosiga (MIB) yuborilgan qarzdorlik tarkibida uch karra soliq hisobidan yuzaga kelgan summa mavjud bo‘lsa:

  • qayta hisob-kitob amalga oshiriladi;
  • qarzdorlik miqdori kamaytiriladi;
  • MIBdagi ijro hujjatlari qayta ko‘rib chiqiladi;
  • ortiqcha qism bo‘yicha ijro hujjatlari soliq organlari tomonidan qaytarib olinadi.

Fuqarolardan bu bo‘yicha alohida murojaat talab etilmasligi rejalashtirilmoqda.

10

Penyalar ham qayta hisoblanadimi?

Ha.

Asosiy soliq summasi kamaytirilganda unga bog‘liq penya summalari ham avtomatik ravishda qayta hisoblanadi.

Agar penya to‘langan bo‘lsa, u ham ortiqcha to‘lov sifatida e’tirof etiladi va boshqa soliqlar hisobiga o‘tkazilishi yoki belgilangan tartibda qaytarilishi mumkin.

11

Yer maydoni noto‘g‘ri hisoblangan bo‘lsa-chi?

Uch karra yer solig‘i kadastr organlari taqdim etgan ma’lumotlar asosida avtomatik hisoblanadi.

Agar fuqaro yer maydoni yoki kadastr ma’lumotlari noto‘g‘ri kiritilgan deb hisoblasa, masala kadastr organlariga murojaat qilish orqali hal etiladi.

Kadastr organi ma’lumotlarni tekshirib, zarur o‘zgartirishlarni axborot tizimiga kiritadi.

Shundan so‘ng soliq summasi yangilangan kadastr ma’lumotlari asosida avtomatik ravishda qayta hisoblanadi.

O‘zbekistonda 10 ming yoshga noutbuk xarid qilish xarajatining yarmi qaytarib beriladi

0

Shuningdek, IT yo‘nalishidagi talabalar uchun yangi stipendiyalar, dual ta‘lim va kompyuter xaridini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari joriy etiladi.

Avvalroq prezident yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazgani haqida xabar berilgandi.

Raqamli hukumat markazida birinchi superkompyuter klasteri ishga tushirildi. Keyingi yil klaster quvvati 3 karra oshiriladi. Joriy yilda 20 ta oliygohda sun‘iy intellekt laboratoriyasi tashkil etiladi.

Yoshlar tarmoq va hududdagi masalalarga sun‘iy intellekt orqali yechim topishda ushbu superkompyuter va laboratoriyadan bepul foydalanadi.

So‘nggi yillarda Toshkent, Nukus, Qarshi, Termiz, Urganch, Farg‘ona shaharlarida zamonaviy AT parklar ishga tushirildi. O‘tgan hafta Yangi Namanganda yana bir yirik loyihaga start berildi.

Andijon, Samarqand, Jizzax, Buxoro, Guliston, Chirchiq, Nurafshon, Navoiy shaharlarida ham umumiy maydoni 100 ming kvadrat metr bo‘lgan yirik AT parklar barpo etish boshlanyapti. Bular hisobiga 20 mingdan ziyod o‘g‘il-qizlar uchun yuqori daromadli ish o‘rni yaratiladi.

Shuningdek, Mening birinchi kompyuterim dasturi boshlanadi. Ehtiyojmand oiladagi 10 ming yoshga noutbuk olish xarajatining yarmi Raqamli texnologiyalar jamg‘armasidan qoplab beriladi, qolgan qismiga esa uch yilda bo‘lib to‘lash sharti bilan foizsiz ssuda ajratiladi.

Endilikda AT va sun‘iy intellekt sohalari uchun kadr tayyorlaydigan oliygohlarning 3-kurs talabalari AT parkda dual ta‘lim asosida o‘qishni davom ettiradi. Mazkur yo‘nalishlardagi iqtidorli talabalar uchun Muhammad al-Xorazmiy nomidagi davlat stipendiyasi joriy etiladi.

Iqtidorli qizlar uchun muhandislik, axborot texnologiyalari va sun‘iy intellekt yo‘nalishlari bo‘yicha Muhandis qizlar stipendiyasi ta‘sis etiladi. Yangi o‘quv yilidan to‘lanadigan ushbu stipendiyalar xususiy oliygoh talabalariga ham beriladi.

Bugungi kunda kimyo, biologiya, fizika, matematika va informatika fanlari bo‘yicha nufuzli xalqaro olimpiadalar g‘oliblari 1 mlrd so‘m, ustozlari 200 mln so‘m mukofot olmoqda. Endi bu rag‘bat sun‘iy intellekt bo‘yicha xalqaro olimpiada g‘oliblariga ham tatbiq etiladi.

Ikki yil avval Xorazmda Al-Xorazmiy vorislari loyihasi boshlanib, 4 mingdan ortiq iqtidorli o‘quvchilarni xorijiy til va axborot texnologiyalariga o‘qitish yo‘lga qo‘yilgan edi. Mazkur loyihani joriy yildan viloyat markazlari va Qoraqalpog‘istonning barcha tumanida, keyingi yillardan barcha tuman va shaharlarda ishga tushirib, 50 ming yoshni qamrab olish topshirildi.

“Biz yoshlarimiz qalbida milliy ruhni shakllantirish, Vatanga muhabbat, el-yurtga hurmat hissini singdirish to‘g‘risida ko‘p gapiryapmiz. Bu juda dolzarb masala. Ochiq aytishimiz kerak, bugun yoshlarimiz asosiy vaqtini raqamli makonda o‘tkazyapti”, — dedi prezident.

Birgina misol, o‘tgan yili $84 mlnlik kompyuter va mobil o‘yinlar eksport qilindi.

Mutasaddilarga barcha 15 ta AT park hududida kompyuter va mobil o‘yinlar yaratuvchilari uchun inkubatsion markaz ochib, milliy ruhdagi o‘yinlarni ko‘paytirish bo‘yicha yangi tizimni yo‘lga qo‘yish topshirildi.

Shu bilan birga, har yili milliy ruhdagi kamida 20 ta kompyuter va mobil o‘yin yaratish bo‘yicha davlat buyurtmasi berib boriladi.

Grant, ipoteka va xorijda stajirovka: O‘zbekistonda Yoshlar ligasi platformasi ishga tushiriladi

0

Shuningdek, TOP-100 dasturi doirasida har ikki yilda 100 nafar iqtidorli yosh saralanib, 50 mln so‘mdan mukofotlanadi.

Avvalroq prezident yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazayotgani haqida xabar berilgandi.

Yoshlar uchun kasb va til o‘rganish, ishga joylashish, tadbirkorlik bo‘yicha o‘nlab xizmatlar mavjud. Bu xizmatlardan “yagona darcha” tamoyili asosida foydalanish uchun Yoshlar xablari tashkil etiladi. Ushbu tajriba Surxondaryodan boshlanib, bosqichma-bosqich boshqa hududlarda ham ommalashtiriladi.

Hozirda 87 ming davlat xizmatchisidan 16,5 ming nafarini 30 yoshgacha bo‘lganlar tashkil qiladi. Shundan 902 nafari rahbarlik lavozimida ishlamoqda.

“Salohiyatli yoshlarimiz juda ko‘p. Vazir va hokimlar yoshlarga ishonch bildirib, mas‘uliyatli lavozimga qo‘yishdan cho‘chimasligi kerak”, — dedi prezident.

Shu maqsadda yosh liderlarni aniqlash bo‘yicha 5 ta yo‘nalishda TOP-100 dasturi amalga oshiriladi. Dastur doirasida “yangi iqtisodiyot”, AT va sun‘iy intellekt, ta‘lim, tibbiyot va qishloq xo‘jaligi bo‘yicha yurtimizdagi yoshlar hamda chet eldagi vatandoshlar uchun ochiq tanlov e‘lon qilinadi.

Har ikki yilda bir marta o‘tadigan mazkur tanlovning 100 nafar g‘olibi 50 mln so‘mdan mukofotlanadi va rahbarlik lavozimiga tayinlanadi. Har bir vazirlik va tarmoq o‘z yo‘nalishida TOP-100 iqtidorli yoshlar dasturini boshlaydi va o‘z yo‘nalishidagi xalqaro tashkilotlarga stajirovkaga yuboradi. Mutasaddilarga yiliga 2 ming nafar yoshni xalqaro tashkilotlarga stajirovkaga yuborish bo‘yicha rejani tasdiqlash va ijrosini ta‘minlash topshirildi.

O‘zbekiston yoshlar ligasi platformasi ishga tushiriladi. Yoshlarimiz o‘z natijasini platformaga kiritadi. Bu ma‘lumotlar vazirliklar tomonidan o‘rganiladi va yoshlarga ball beriladi.

Yuqori ball to‘plagan o‘g‘il-qizlarga ta‘limda grant, kontraktga chegirma, kasb vaucheri beriladi, xorijda o‘qish puli qoplanadi. Tadbirkorlikda imtiyozli kredit olish, akselerator dasturida qatnashish imkoni yaratiladi.

Ish joyida xorijiy stajirovka tashkil etiladi, davlat xizmati uchun kadrlar zaxirasiga kiritiladi, uy-joy olishda imtiyozli ipoteka ajratiladi. Yil yakunida eng yuqori natijalarga erishgan yoshlar tantanali taqdirlanadi.

“Umuman, O‘zbekiston yoshlar ligasi barcha maktab va texnikum o‘quvchilari, o‘zimizda va xorijiy oliygohlarda o‘qiyotgan va ilm-fan bilan shug‘ullanayotgan yigit-qizlarimiz, davlat va xususiy sektorda ishlayotgan yoshlarimiz, chet eldagi vatandoshlarimizning farzandlarini Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida birlashtiradigan umummilliy harakatga aylanadi”, — dedi prezident.