Bosh sahifa Blog Sahifa 86

Tadbirkorlarning barqarorlik reytingi qanday aniqlanadi?

0

Joriy yilning 23-yanvar kuni Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar uchun barqarorlik reytingini joriy etish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Tizim 1-fevraldan ishga tushirilib, unda tadbirkorlar faoliyati umumiy, ballarni kamaytiruvchi hamda qo‘shimcha ball beruvchi mezonlar bo‘yicha baholanadi.

Hukumatning 30-yanvardagi qarori bilan reytingni aniqlash to‘g‘risidagi nizom va buning uchun qo‘llaniladigan mezonlar uch toifaga bo‘lingan holda tasdiqlandi.

Xususan, barqarorlik reytingini hisoblashda 23ta mezon, jumladan, 9ta jarima va 4ta rag‘batlantirish qo‘llaniladi.

Reyting Soliq qo‘mitasining “Tadbirkorlarning barqarorlik reytingi” platformasida avtomatik shakllantirilib, Savdo-sanoat palatasi saytida e’lon qilib boriladi.

Umumiy mezonlar

Birinchi o‘nta mezon hamma uchun umumiy asosda baholanadi. Ushbu toifadagi maksimal ball — 100.

Mezon Ballar
1 Ro‘yxatdan o‘tkazilgan sanadan boshlab kompaniyaning faoliyat muddati Har bir yil uchun 2 ball (maksimal — 10)
2 Xalqaro standartlarga muvofiq hisobotni hisobga olgan holda EBITDA (foizlar, soliqlar va amortizatsiyadan oldingi daromadlar) bo‘yicha rentabellik darajasi 25−50% — 2;
50−70% — 5;
70%dan ortiq — 10.
3 Foydalanilayotgan ko‘chmas mulk yoki yer uchastkalari (shu jumladan, uzoq muddatli ijaraga berilgan yerlar), mulk huquqi uchun — 10;
ijara uchun — 7.
agar ular mavjud bo‘lmasa va tadbirkor ko‘rsatilgan manzilda ishlamasa — minus 5;
4 Bir xodimning ish haqi jamg‘armasidagi ulushining tarmoqdagi o‘rtacha ko‘rsatkichga nisbati 100% yoki undan ko‘p — 10;
75−99% — 8;
50−75% — 6;
25−50% — 4;
25%dan kam — 2;
5 Soliq hisobotlarini o‘z vaqtida taqdim etish O‘z vaqtida — 10.
6 Hisoblangan soliqlarni o‘z vaqtida to‘lash O‘z vaqtida — 10.
7 Soliqlarni to‘lov yoki inkasso topshiriqnomasi asosida to‘lash 10 (agar inkasso orqali bo‘lsa, minus 5);
8 Belgilangan muddatda yetkazib berilgan tovarlar, ko‘rsatilgan xizmatlar, bajarilgan ishlar uchun elektron hisobvaraq-fakturalarni ro‘yxatdan o‘tkazish 100% — 10;
75−99% — 7;
50−75%- 5;
25−50% — 2;
25%dan kam — 1.
9 EHF doirasida sotib olingan tovarlarni (shu jumladan qayta ishlangan) sotish 70%dan ortiq — 10;
50−70% — 5;
30%dan kam — minus 5
10 Auditdan oldingi tahlilda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish kamchiliklar yo‘q — 10;
xatolarni ixtiyoriy ravishda bartaraf etish — 7;
tuzatilmagan — minus 5.

Ballarni kamaytiruvchi mezonlar

Gap qonuniy talablarni buzish holatlari, shuningdek, boshqa shubhali harakatlar haqida ketmoqda.

Mezon Ballar
1 So‘nggi 12 oy ichida kompaniyaning ro‘yxatdan o‘tgan joyini ikki martadan ko‘p o‘zgartirish -5
2 So‘nggi 12 oy ichida kompaniya direktorini ikki martadan ko‘p o‘zgarishi -5
3 Oxirgi 3 yil ichida kompaniya direktori yoki ta’sischisining jinoiy hukmi yoki bankrotligi -5
4 Avval taqdim etilgan soliq hisobotlariga o‘zgartirishlar kiritish bir o‘zgartirish uchun -1 ball (maksimal 5)
5 QQS to‘lovchi sertifikatining amal qilishini to‘xtatib turish yoki bekor qilish -10
6 Soliq qarzlarini mol-mulk hisobidan undirish (jarima to‘langanidan keyin olib tashlanadi) -5
7 Soliq qonunchiligini buzganlik uchun javobgarlikka tortish ma’muriy — 2;
jinoiy — 5.
8 MXIKdan noto‘g‘ri foydalanish (oyiga 1 martadan ortiq) -5
9 Kreditorlik qarzlarini undirish bo‘yicha sud jarayonlari (12 oy ichida bir martadan ortiq) -10

Qo‘shimcha ball beruvchi mezonlar

Mezon Ballar
1 Xodimlar orasida muhtojlarning (“Ijtimoiy himoya yagona reyestri”, “temir”, “ayollar”, “yoshlar” daftarlaridagi), shuningdek, nogironligi bo‘lganlarning ulushi. 20%dan ortiq — 10;
10−20% — 5.
2 Eng kam ish haqidan yuqori ish haqi oladigan xodimlar sonining yillik o‘sishi (yangi kompaniyalar uchun dinamika oldingi oyga nisbatan ikkinchi oydan boshlab hisoblanadi) 50%dan ortiq — 15;
40−50% — 10;
30−40% — 8;
20−30% — 6;
10−20% — 4;
1−10% — 2.
3 O‘rtacha sanoat ko‘rsatkichiga nisbatan katta miqdorda QQS to‘lash (QQS to‘lovchilar uchun oyiga kamida BHMning 10 barobari) 10
4 O‘rtacha sanoat ko‘rsatkichiga nisbatan katta miqdordagi aylanma solig‘ini to‘lash (aylanma soliq to‘lovchilar uchun oyiga kamida BHMning 1 barobari) 10

“BIZNES MARAFON” SURXONDARYODA!

0

Surxondaryoning Termiz shahridagi Indenim tekstil fabrikasida navbatdagi “Biznes Marafon” boʻlib oʻtdi.

 

Unda Jahongir Ortiqxo‘jayev, Laziz Adhamov, Zafar Hoshimov, Husan Mamasidov hamda Umidjon Ishmuhamedov kabi muvaffaqiyatli tadbirkor hamda biznesmenlar ishtirok etishadi.

“Biznes Marafon” Surxondaryo viloyat hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi, “Yoshlar — kelajagimiz” jamg‘armasi hamda “Mfaktor” hamkorligida tashkil etildi.

Shavkat Mirziyoyev farmatsevtika sohasini tartibga solish bo‘yicha topshiriqlar berdi

0

Shavkat Mirziyoyev farmatsevtika sohasini tartibga solish, aholini sifatli va xavfsiz dori vositalari bilan ta’minlash masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Dunyoda farmatsevtika sanoati kengayishi, dori-darmonlarning yangicha turlari va tarkiblari paydo bo‘lishi ularning sifatini doimiy nazorat qilish, nojo‘ya ta’sirlarini aniqlash va tahlil etish zaruratini tug‘dirishi qayd etildi.

Shundan kelib chiqib, 23-yanvar kuni “Farmatsevtika sohasini tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” prezident farmoni qabul qilindi.

Unga ko‘ra, dorilar va tibbiy buyumlarni tayyorlovchi hamda sotuvchi tashkilotlar bu mahsulotlarning sifati va xavfsizligi uchun ham mas’ul etib belgilandi. Shundan kelib chiqib, ularga nisbatan davlat nazoratini amalga oshirishning alohida qoidalari o‘rnatiladi.

Dori vositalari iste’moli bilan bog‘liq xavflarni tezkor aniqlash va chora ko‘rishga qaratilgan tizim tashkil etiladi. Buning uchun “Zarur farmakologik nazorat amaliyoti — GVP” standarti joriy etilib,

Sog‘liqni saqlash vazirligida dorilarning nojo‘ya ta’siri to‘g‘risida elektron baza shakllantiriladi. Bu haqdagi ma’lumotlarni tibbiyot xodimlari va aholiga tezkor yetkazish yo‘lga qo‘yiladi.

Dorilar va tibbiy buyumlarni saqlovchi bojxona va erkin omborlar bosqichma-bosqich “Zarur saqlash amaliyoti — GSP” qoidalari talablariga muvofiqlashtiriladi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi huzuridagi Zarur amaliyotlar markazi davlat korxonasi sifatida qayta tashkil etiladi.

Teleradiokanallar orqali dorilar va biologik faol qo‘shimchalarni reklama qilish Sog‘liqni saqlash vazirligida tashkil etiladigan maxsus kengashning xulosasi asosida mumkin bo‘ladi.

Davlat rahbari bu tarmoqning aholi salomatligi va iqtisodiyotdagi ahamiyatini ta’kidlab, farmon ijrosini samarali tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha ko‘rsatmalar berdi.

O‘zbekistonda 1-martdan har bir mahalladan ikki nafar dasturchi loyihasi joriy etiladi

0

“O‘zbekiston-2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risidagi prezident farmoni loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

Loyihada joriy yilning 1-martidan boshlab “har bir mahalladan ikki nafar dasturchi” loyihasini joriy etish belgilanmoqda.

Bunda mahallalarda yoshlar yetakchilari tomonidan IT va kompyuter dasturlash sohasiga qiziquvchi yoshlar aniqlanib, ularni ingliz va boshqa xorijiy tillarga o‘qitish hamda sertifikat olish yo‘lga qo‘yiladi. Sertifikat olgan yoshlarning ma’lumotlarini Raqamli texnologiyalar vazirligining maxsus axborot tizimiga kiritib borish amaliyoti joriy qilinadi.

Raqamli texnologiyalar, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirliklari tizimga kiritilgan yoshlarni IT-sohasidagi tashkilotlarga yo‘naltirish va ko‘maklashish choralarini ko‘radi.

Bundan tashqari, 1-martdan “Yoshlar daftari” jamg‘armasi mablag‘laridan yoshlarni chet tillari va kasb-hunarga o‘qitish maqsadlariga yo‘naltirish yo‘lga qo‘yiladi.

Yoshlarni yangi kasblarga o‘qitish bo‘yicha “Ustoz” maxsus platformasi ishga tushirilib, dastlabki bosqichda platforma orqali 150 ming nafar yoshlar qamrab olinadi.

Shuningdek, yosh xotin-qizlarni tadbirkorlik, marketing, grafik-dizayn kabi kasblarga o‘rgatish uchun “Qizlar akademiyasi” platformasi ishga tushirilishi belgilanmoqda. Bu orqali ular uchun turli tanlov, loyihalar, o‘quv oromgohlari, stajirovkalar tashkil etiladi.

“Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida 1-martdan mahalla, ta’lim muassasalari, korxona va tashkilotlar tizimida mukofot jamg‘armasi 600 mln so‘m miqdorida xorijiy tillar (“Ibrat farzandlari”) musobaqasi, kibersport va “Zakovat” intellektual o‘yinlari tashkil etiladi.

Kasblar tanlovida g‘olib bo‘lgan yoshlarni o‘z hududlarida jihozlangan ustaxonalar bilan Yoshlar ishlari agentligi va mahalliy hokimliklar tomonidan “Yoshlar daftari” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ta’minlash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Yoshlar ishlar agentligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining ekologiya, sog‘lom turmush targ‘iboti, nogironligi bo‘lganlarni qo‘llab-quvvatlashga oid 100ta volontyorlik loyihalari bo‘yicha birinchi bosqichda BHMning 200 baravarigacha (68 mln so‘m) mablag‘ni tanlov asosida ajratish tartibini joriy etish taklifiga rozilik berilmoqda.

Shuningdek, oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida ajratilayotgan kreditlarning kamida 40%i yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishga yo‘naltiriladi.

1-iyundan “Yosh tadbirkor” tanlovlarini o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi hamda “mahalla — tuman — viloyat — respublika” bosqichlarida yoshlarning istiqbolli biznes loyiha va g‘oyalari saralanadi.

Respublika bosqichida saralashdan o‘tgan har bir loyihaga BHMning 1 000 baravarigacha (340 mln so‘m) imtiyozli kreditlar ajratiladi va kredit stavkasining 50%i qoplab beriladi.

g‘olib bo‘lgan biznes loyiha va g‘oyalar egalari Yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan xorijiy davlatlarga malaka oshirishga yuboriladi.

Loyiha haqida fikr-mulohazalarni 9-fevralgacha havola orqali bildirish mumkin.

Aholi elektromobillarga o‘tishini rag‘batlantiruvchi tizim, foydalanishdan voz kechiladigan AI-80, Ipotekani qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi — Prezident raisligida videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

0

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 29-yanvar kuni uy-joy va kommunal xo‘jaligi, qurilish, transport va ekologiya sohalaridagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Aholiga munosib sharoitlar yaratish, hayot sifatini taminlash maqsadida bu sohalarda ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. O‘tgan yili hududlarda mingdan ortiq infratuzilma inshooti, 2 mingga yaqin ko‘p qavatli uy-joy barpo etildi. Avtomobil yo‘llari, suv va issiqlik tarmoqlari qurildi. Transport xizmati uchun yangi avtobus va samolyotlar olib kelindi.

Shu bilan birga, qurilish sohasiga zamonaviy standartlarni joriy qilish va sifatini ta’minlash borasida kamchiliklar ko‘p. Ichimlik suvi tannarxi va tarmoqlardagi yo‘qotishlar kamaymagan. Fuqaro aviatsiyasida mahalliy reyslar talabga nisbatan 2-3 barobar kam. Temir yo‘lda yuk tashishga ko‘p vaqt ketmoqda. Toshkent shahrida tirbandlik muammosi haligacha hal bo‘lgani yo‘q. Havo ifloslanishining oldini olish bo‘yicha choralar yetarli emas.

Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilish avvalida shu kabi kamchiliklarning sabablari ko‘rib chiqildi. Faoliyatida sustkashlikka yo‘l qo‘ygan bir qator rahbarlarga intizomiy choralar qo‘llandi.

Transport, kommunikatsiyalar, qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi tizimiga kiruvchi barcha vazir va hokim o‘rinbosarlari faoliyatiga samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) joriy etilishi belgilandi.

Joriy yilda investitsiya dasturi doirasida 1 ming 637 ta infratuzilma inshooti qurilishi rejalashtirilgan. Davlatimiz rahbari bunda budjet mablag‘larini samarali ishlatish, qurilishlar sifatini ta’minlash zarurligiga e’tibor qaratdi.

Amaldagi loyihalash va qurilish jarayonlari resurs usuliga asoslangan. Loyiha tashkilotlari obyekt qiymatini imkon qadar “shishirishga” harakat qilmoqda. Qurilishlarda talon-torojlik va o‘g‘rilik holatlari uchrayapti.

Shu bois endi loyihadan boshlab, obyektni foydalanishga topshirguncha bo‘lgan barcha jarayonlar yangicha tashkil etiladi. Unga ko‘ra, kelgusi yil 1-yanvardan barcha loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash, qurilish va ularni qabul qilishda resurs usulidan voz kechilib, hajm usuliga o‘tiladi.

Bu tartib shu yil 1-iyuldan yo‘l, ichimlik suvi va ko‘prik qurilishi loyihalarida joriy qilinadi. Ushbu sohalarni korrupsiyadan xoli qilish maqsadida qurilishda tuziladigan barcha shartnomalar raqamlashtiriladi, pudratchi tashkilot bajargan ishlar faqat soliq organiga taqdim etilgan elektron hisob-fakturadan kelib chiqib moliyalashtiriladi, obyektni foydalanishga qabul qilish jarayoni raqamlashtirilib, dalolatnomalar “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida tasdiqlanadi. 10 milliard so‘mdan ortiq loyihalar bo‘yicha subpudratchilarni tanlash ham mazkur tizim orqali yo‘lga qo‘yiladi.

Ushbu tartib xalqaro moliya tashkilotlari ishtirokidagi loyihalarga ham tatbiq etilib, qurilish materiali qayerda qancha pul turishini onlayn kuzatib boradigan tizim bo‘ladi.

Hamma hisob-kitob, mablag‘ni iqtisod qilish loyiha ishlab chiqish jarayonida bo‘lishi kerakligi qayd etildi. Buning uchun Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligida Loyiha ofisi tuziladi. U qiymati 10 milliard so‘mdan yuqori loyihalarni ishlab chiqish jarayonida ularning asosliligini, xavfsizlik va energiya tejamkorligini baholab boradi. Ijtimoiy muassasalar va kommunal obyektlar bo‘yicha namunaviy loyihalar ishlab chiqadi. Bundan buyon, Loyiha ofisining tavsiyasi bo‘lmagan loyiha hujjatlari davlat ekspertizasiga qabul qilinmaydi.

Mutasaddilarga qurilish me’yorlarini xorijiy tajriba asosida yangilash, qurilish materiallari sohasida “yashirin iqtisodiyot”ga chek qo‘yish, bu borada elektron klassifikatorni ishga tushirish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Shuningdek, 2025-yil 1-yanvardan budjet hisobidan qilinadigan barcha xaridlar Soliq qo‘mitasining “Ye-ombor” platformasi orqali amalga oshirilishi belgilandi.

Joriy yilda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda 2,5 milliard dollarlik yangi loyihalar boshlanadi. Qayd etilganidek, endi bunday loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslari ham majburiy ekspertizadan o‘tkaziladi.

Shuningdek, tashqi qarz hisobidan loyiha amalga oshirish tizimi ham o‘zgaradi. Bunda loyihaning baholash hisoboti va texnik-iqtisodiy asoslari bir-biriga moslashtirilib, bitta loyiha hujjati ishlab chiqiladi. Natijada vaqt 8-9 oyga qisqaradi. Texnik-iqtisodiy asosi tasdiqlanmagan loyihaga qarz jalb qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Yig‘ilishda shaharlarni rejalashtirishdagi kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi. Ko‘p joylarda bu o‘z holiga tashlab qo‘yilgani oqibatida ijtimoiy infratuzilma, xizmatlar va ish o‘rinlari birdek rivojlanmayapti. Ayrim binolar pala-partish, ko‘chalar qiyofasiga nomutanosib qurilayapti.

Shu bois, o‘zboshimchalik bilan va noqonuniy qurilgan obyektlarni tartibga olish bo‘yicha qonunchilikni mustahkamlash, tegishli idoralar ishtirokida yangi tizim yaratish zarurligi ta’kidlandi.

Bu yil 170 ta, kelasi yili kamida 300 ta shahar va shaharchaning bosh rejasini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. Bunda “Mening hududim” platformasi ishga tushirilib, har bir reja aholi bilan muhokama qilinadi va ijrosi bo‘yicha jamoatchilik nazorati o‘rnatiladi.

Davlatimiz rahbari yangi uy-joylar tannarxi masalasiga alohida to‘xtaldi. Quruvchi kompaniyalarni moliyaviy resurslar bilan ta’minlash maqsadida Ipotekani qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil qilinishi belgilandi.

Bu yil 80 ming xonadonli 1 ming 800 ta uy-joy va 45 ta “Yangi O‘zbekiston” massivlari barpo etilishi aytildi.

Kommunal soha tahlil qilinar ekan, aksariyat ko‘p qavatli uylarda energiya sarfi yuqori ekani qayd etildi. Shu bois ularda energiya tejash bo‘yicha alohida dastur amalga oshiriladi. Unga muvofiq, ko‘p qavatli uylar joyiga qarab markazlashgan, lokal yoki individual isitish tizimiga, ayrim qozonxonalar kogeneratsiya texnologiyasiga o‘tkaziladi. Bu orqali 2024-yilning o‘zida 600 ming gigakaloriya issiqlik energiyasi va 2,5 milliard kilovatt elektr iqtisod qilish mumkin.

So‘nggi yillarda ichimlik suvi sohasiga 25 ta loyiha doirasida xalqaro moliya tashkilotlaridan 2,5 milliard dollar jalb qilindi. O‘tgan yilning o‘zida barcha manbalardan 8 trillion so‘m yo‘naltirildi. Joriy yilda qo‘shimcha 1,5 million aholini markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlash rejalashtirilmoqda.

Mutasaddilarga ichimlik suvi sifati standartlarini yangilab, barcha inshootlarda joriy etish, nasoslarni modernizatsiya qilib, suv yetkazib berish tannarxini kamaytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Shuningdek, 5 ta shaharda – Kogon, Shirin, Yangiyer, Bekobod va Yangiyo‘l shaharlarida tajriba tariqasida suv ta’minotiga xususiy sheriklar jalb qilinishi aytildi.

Ko‘p qavatli uylarni ta’mirlash, yerto‘lalarini tadbirkorlarga ijaraga berish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi. Endi bu boradagi ma’lumotlar ham raqamlashtirilib, “Mening uyim” tizimiga bog‘lanadi hamda aholi va tashabbuskorlarga ochiq e’lon qilinadi.

Boshqaruv kompaniyalari va shirkatlarning kreditlarini so‘ndirish hamda debitor qarzdorligini qisqartirish choralari belgilandi.

Umuman, elektr energiyasi, gaz, suv, issiqlik, chiqindi va soliq to‘lovlari bo‘yicha xonadonning yagona billing hisob-raqamini joriy qilish vaqti kelgani ta’kidlandi.

Transport sohasi haqida so‘z borganda, avvalo, jamoat transporti qamrovini oshirishga alohida ahamiyat qaratildi. Yangi avtobuslar olib kelish, shaharlarda yo‘lovchi tashishni brutto-shartnoma asosida moliyalashtirishga o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Yo‘l qurilishida “yashirin iqtisodiyot” ulushi yuqoriligi, buni nazorat qiladigan Transport inspeksiyasining faoliyati sustligi ko‘rsatib o‘tildi. Mutasaddilarga yo‘l qurilishidagi 40 dan ziyod standart va me’yorlarni Xalqaro muhandis-konsultantlar federatsiyasi talablariga moslashtirish topshirildi.

Xalqaro yo‘nalishlarda temir yo‘l qatnovlarini, yuk va yo‘lovchi vagonlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish muhimligi ta’kidlandi. “Qo‘qon”, “Samarqand” va “Toshkent” vokzallari, “Andijon” hamda “Urganch” aeroportlari boshqaruvi xususiy sektorga berilishi belgilandi. Shuningdek, Shahrisabz, Sariosiyo va Qo‘qon aerodromlari ta’mirlanib, mahalliy aviatashuvlar yo‘lga qo‘yiladi.

Toshkent shahrida tirbandlik muammosining yechimini topish, drenaj tizimini modernizatsiya qilish bo‘yicha ham ko‘rsatmalar berildi.

Ekologiyani asrash bugungi kundagi eng dolzarb masalalardan.

Yurtimizda 2020-yildan buyon 22 mingta yangi sanoat korxonasi ishga tushgan. Umuman, bugungi kunda sanoat korxonalari va avtomobillardan atmosferaga yiliga 2 million tonnadan ziyod ifloslantiruvchi moddalar chiqayapti. Ko‘p hollarda, qurilish obyektlari va loyihalari ekologik ekspertizadan o‘tkazilmasdan amalga oshirilayapti.

Shuning uchun 1-apreldan boshlab har bir hududning havo, suv va atrof muhitni ifloslanish darajasiga qarab tuziladigan reytingi joriy qilinishi belgilandi. Toshkent va Nukus shaharlari, viloyat markazlari hamda sanoatlashgan 20 ta tumanda avtomatik havo monitoringi stansiyalarini o‘rnatishni boshlash vazifasi qo‘yildi.

Yirik sanoat va barcha sement korxonalarida zamonaviy chang-gaz tozalash uskunalari o‘rnatiladi, eskilari almashtiriladi. Qurilish materiallari, energetika, metallurgiya korxonalari tomonidan 5 gektardan “yashil belbog‘” yaratilib, jami 10 million tup daraxt ekiladi.

Kelgusi besh yil davomida Toshkent shahri va unga tutash Toshkent viloyati tumanlarida 3 ming gektar “yashil belbog‘” va 200 gektar “yashil bog‘lar” tashkil qilinadi.

Toshkent shahrida atmosfera havosining sifat ko‘rsatkichini doimiy e’lon qilib boradigan tablo va monitorlar o‘rnatiladi. Shuningdek, poytaxt ko‘chalarida og‘ir yuk mashinalari va muddati 10 yildan oshgan avtomobillar harakati bosqichma-bosqich cheklanadi. 2025-yil 1-yanvardan “Ai-80” markali benzindan voz kechish masalasi hal etiladi.

Toshkent shahri jamoat transportini elektr va gazga o‘tkazish, metro vagonlari sonini oshirish choralari ko‘riladi. “Yashil energetika”ni qo‘llab-quvvatlash, ekologik muammolarning oldini olish va zararli oqibatlarni kamaytirish maqsadida aholini elektromobillarga o‘tishini rag‘batlantirish tizimi joriy qilinadi.

Yig‘ilish yakunida Bosh vazir o‘rinbosarlari, vazirlar va hokimlar joriy yilgi rejalari bo‘yicha axborot berdi.

O’z biznesini yo’lga qo’yishga muvaffaq bo’lgan tadbirkor Obidjon Sattorov

0

Obidjon Sattorov – “Сырный домик” oilaviy tadbirkorlik asoschisi. Mutaxassisligi bo‘yicha u landshaft dizayneri, ammo bu sohada umuman ishlamagan.

Faoliyatini kichik biznesdan — atir-upa mahsulotlarini sotishdan boshlagan. 2001-yilda esa kompyuterlarni yig‘ish va sotish bilan shug‘ullanuvchi firmaga ishga kiradi.

Pishloqchilik – yaqinlarning qo‘llab-quvvatlashlari evaziga xobbidan biznesga aylangan.

Obidjon 2017-yilda Telegram’da chat va bot ochdi hamda mozzarella, burrata, rikotta, feta kabi pishloqlarni pishirib, sota boshladi.

Bugungi kunda sehda kuniga bir tonnadan ortiq sut qayta ishlanmoqda. Bundan tashqari, assortiment 35 nomdagi yangi mahsulotlarga kengaygan. Echki va qo‘y sutidan tayyorlangan pishloqlar paydo bo‘ldi.

Asosan, “Сырный домик”ning sotuvi ulgurji savdoda jamlangan. Endilikda ularning mahsulotlarini “Сырная лавка” peshtaxtalarida, “Qatartol” ulgurji bozori va EcoBazardan topish mumkin. Kompaniya brend do‘konlar tarmog‘ini yo‘lga qo‘yish va o‘z fermasini ochishni rejalashtirmoqda.

“Hamkor do‘konlar qanchalik yaxshi ishlamasin, keyingi rivojlanish uchun o‘z savdo nuqtalariga ega bo‘lish zarur. Ular mahsulot sifatini shaxsan nazorat qilish va mijozlar bilan bevosita muloqot qilishda yordam beradi”, – deya qayd etadi pishloq ishlab chiqaruvchisi. Shuningdek, korxona sehning o‘zini kengaytirib, poytaxtdan tashqariga chiqishni ham rejalashtirgan.

“Oilam mening biznesimni davom ettirishini va bizda pishloq ishlab chiqaruvchilar sulolasi bo‘lishini istardim. Biz o‘rganishda va takomillashtirishda davom etamiz”, – deydi tadbirkor.