Bosh sahifa Blog Sahifa 8

8,1% o‘sish, $7,2 mlrd investitsiya: Qoraqalpog‘iston iqtisodiyoti qanday rivojlantiriladi?

0

Prezidentning Qoraqalpog‘iston Respublikasini 2026-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va kelgusi yillar uchun mo‘ljallangan dasturlarni tasdiqlash bo‘yicha qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan ko‘ra, 2026-yil yakunigacha yalpi hududiy mahsulot hajmini 8,1%ga, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 8%ga oshirish belgilandi.

Shuningdek, ishsizlik darajasi 4,2%gacha, kambag‘allik darajasi 3,2%gacha pasaytiriladi. Nukus shahri, Qo‘ng‘irot va Chimboy tumanlari hamda 109 ta mahalla ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylantiriladi.

2030-yilga qadar yalpi hududiy mahsulot hajmi 102,4 trln so‘mga, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi 28,9 trln so‘mga yetkaziladi.

Sanoat va xizmatlar sohasida jami $7,2 mlrd ekvivalentidagi loyihalar amalga oshiriladi. Eksport hajmi esa $900 mlnga yetkaziladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining Ekologiya va Orolbo‘yi hududini rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimi tugatiladi. O‘rniga raisning yaylovlardan samarali foydalanishni tashkil etish, chorva ozuqa bazasini mustahkamlash va chorvachilikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimi kiritiladi.

Qarorga ko‘ra, Qo‘ng‘irot, Chimboy, Beruniy, Bo‘zatov va Qonliko‘l tumanlarida chorva ozuqasi yetishtiriladi. Saqlash, qadoqlash quvvatlari ishga tushirilib, aholiga yetkazib berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

2026-yil yakunigacha Beruniy tumanida yillik quvvati 36 ming tonna bo‘lgan chorva va baliq ozuqasini ishlab chiqarishga mo‘ljallangan zamonaviy Agromajmua loyihasi ishga tushiriladi. 2026−2028-yillarda Qoraqalpog‘istonda 10 ming gektar yer maydonlarida chorva ozuqasi yetishtirish choralari ko‘riladi.

Nukusda tirbandliklarni kamaytirish maqsadida Nukus shahri va Taxiatosh tumanini bog‘lovchi 2,2 km avtomobil yo‘li, 1 ta ko‘prik hamda Nukus-Chimboy-Taxtako‘pir avtomobil yo‘lining 4 km qismida yangidan yo‘l o‘tkazgich quriladi.

Amudaryo tumanida 6 ta mahalla fuqarolar yig‘iniga 107,1 km ichimlik suv tarmog‘i yangidan quriladi. Umumfoydalanishdagi avtomobil yo‘llarining 110,5 km qismi, 1 ta nasos stansiyasi hamda tuman markazidagi mavjud lokal oqova suv tozalash inshooti rekonstruksiya qilinadi.

Shumanay tumanida umumfoydalanishdagi avtomobil yo‘lining 31 km qismi rekonstruksiya qilinadi.

«Iqtisodiyot qanday tuzilgan?»

0

«How Economics Works» (“Iqtisodiyot qanday ishlaydi”) kitobi koreyalik iqtisodchi va Kembrij universiteti professori Ha Jung Chang tomonidan yozilgan.

Picture background

Ushbu kitobning asosiy o‘ziga xos jihati — muallifning klassik iqtisodiy ta’limotlar, nazariyalar va qonunlarga nisbatan yengil skeptik (tanqidiy) yondashuvidir. U iqtisodiy jarayonlarni faqat bitta nazariya nuqtai nazaridan emas, balki bir nechta iqtisodiy qarashlar asosida tahlil qiladi.

Zamonaviy iqtisodiy jarayonlarni tahlil qilishda ularning tarixiy kontekstiga, umuman kapitalizm tarixiga ham katta e’tibor qaratiladi. Kitob iqtisodiyotda qo‘llaniladigan fyucherslar, derivativlar kabi murakkab tushunchalarni tushunishga yordam beradi.

Statistika: yashash va ovqatlanish xizmatlari bozorida ikki xonali o‘sish

0

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda O‘zbekistonda yashash va ovqatlanish xizmatlari hajmi qariyb 227 trln so‘mni tashkil etdi. Bu 2024 yilga nisbatan 10,4 foizga o‘sish demakdir.

Hisobotga ko‘ra, hududlar kesimida eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelib, u yerda xizmatlar hajmi 38,7 trln so‘mga yetgan. Keyingi o‘rinlarda Samarqand viloyati (26 trln so‘m), Namangan viloyati (23,6 trln so‘m) va Farg‘ona viloyati (22,8 trln so‘m) qayd etilgan.

Shuningdek, quyidagi hududlarda ham sezilarli hajm qayd etildi:

  • Qashqadaryo viloyati — 20 trln so‘m;
  • Toshkent viloyati — 16,1 trln so‘m;
  • Andijon viloyati — 15,1 trln so‘m;
  • Xorazm viloyati — 12,6 trln so‘m;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi — 12,4 trln so‘m;
  • Buxoro viloyati — 11,6 trln so‘m;
  • Surxondaryo viloyati — 9,8 trln so‘m;
  • Jizzax va Navoiy viloyatlari — 6,9 trln so‘mdan;
  • Sirdaryo viloyati — 4,4 trln so‘m.

Mutaxassislar fikricha, sohadagi ikki xonali o‘sish turizm oqimining ortishi, mehmonxona va umumiy ovqatlanish shoxobchalari sonining ko‘payishi, shuningdek, xizmatlar sifati va qamrovining kengayishi bilan bog‘liq.

2025 yil yakunlari mamlakatda servis sektori barqaror rivojlanayotganini va iqtisodiyotda uning ulushi ortib borayotganini ko‘rsatmoqda.

Jahon banki Markaziy Osiyo uchun $3,2 mln miqdorida grant ajratadi

0

Jahon banki Markaziy Osiyo mamlakatlarida elektr energiyasi bozorini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash uchun $3,2 mln miqdorida grant ajratadi.

Ushbu mablag‘ mintaqaviy elektr energiyasi bozorini yaratish bo‘yicha dastlabki qadamlarni amalga oshirishga yo‘naltiriladi.

Grant shartnomasi Jahon banki, “Energiya” muvofiqlashtiruvchi dispetcherlik markazi (MDM), Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi hamda Buyuk Britaniya va Shveytsariyaning Toshkentdagi elchixonalari vakillari ishtirokida imzolandi.

2026-yil yanvar oyida Jahon banki Markaziy Osiyoda elektr energiyasi bozorini rivojlantirish va tizimlarni integratsiya qilish (REMIT) dasturini tasdiqladi va uni amalga oshirish uchun $1 mlrddan ortiq moliyalashtirishni ma’qulladi.

2035-yilgacha mo‘ljallangan ushbu dastur mintaqa mamlakatlari o‘rtasida energetik bog‘liqlikni mustahkamlashga qaratilgan. Dastur doirasida mintaqaviy bozor yaratish, transchegaraviy savdo hajmini oshirish, elektr uzatish tarmoqlarining o‘tkazuvchanligini kengaytirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini tizimlarga integratsiya qilish kabi tadbirlar amalga oshiriladi.

Grant REMIT dasturi maqsadlariga erishishga xizmat qiladi va “Energiya” MDM rahbarligida pilot loyihalarni moliyalashtirilib, mintaqaviy bozor operatori funksiyasini yo‘lga qo‘yiladi.

U elektr energiyasini ishlab chiqarish va uzatish sohasida mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish uchun davlatlararo muvofiqlashtirish mexanizmlarini mustahkamlashga qaratilgan.

Larri Vilyams: Neftchi, jurnalist, keyin esa millioner

0

Taniqli amerikalik treyder Larri Vilyams o‘z faoliyatini XX asrning o‘rtalarida neftni qayta ishlash zavodida boshlagan, so‘ngra bir muddat gazeta muharriri lavozimiga o‘tgan. Aynan jurnalist bo‘lib ishlayotgan paytida investitisuya haqida bilgan va moliya bozoridagi savdoga qiziqib qolgan.

Larrini sarmoya tikishga qaratilgan innovatsion yondashuvi boshqalardan ajratib turgan — texnika tahlili ma’lumotlaridan foydalanish unga eng katta shuhrat keltirgan. Biznesmen bozorda ishlash uchun bir qator texnik ko‘rsatkichlarni, jumladan, Ultimate Oscillator, COT indekslari va sikl prognozlarini yaratgan.

U 80-yillarning oxirida fyucherslar savdosi bo‘yicha jahon chempionatida haqiqiy shov-shuvga sabab bo‘lgan: boshlang‘ich kapitali 10 ming dollar bo‘lgan holda hech qancha o’tmasdan 1,1 million dollar ishlab olgan. Bunday muvaffaqiyatga erishishda Vilyamsga o‘zi ixtiro qilgan innovatsion treyding usullaridan foydalanish yordam bergan.

Vilyams bozor psixologiyasi va treyderlarning turli guruhlari xulq-atvoriga katta e’tibor beradi. U xavflarni boshqarishning muhimligini ta’kidlaydi, bu esa ehtimoliy yo‘qotishlarni cheklashga yordam beradi va uzoq muddatli istiqbolda muvaffaqiyatga erishish imkoniyatlarini oshiradi.

Vilyams strategiyasi uzoq muddatli istiqbolga qaratilgan. Uning ta’kidlashicha, muvaffaqiyat kaliti qiyin paytlarda omon qolish va foyda olish uchun o‘yinda yetarlicha uzoq vaqt qolish qobiliyatidir. Ammo boshqa har qanday savdo strategiyasi singari, Vilyams strategiyasi ham foydani kafolatlamaydi. Savdo har doim tavakkalchilik bilan bog‘liq va hatto eng yaxshi o‘ylangan strategiyalar ham ba’zan ish bermasligi mumkin.

President Tech Award tanlovining mukofot jamg‘armasi $5 mlngacha oshiriladi

0

Shavkat Mirziyoyev President Tech Awards tanlovining umumiy mukofot jamg‘armasini 5 baravarga oshirish bo‘yicha topshiriq berdi. Bu haqda IT Park matbuot xizmati xabar berdi.

Prezident bu qarorni 24-fevral kuni bo‘lib o‘tgan “Raqamli texnologiyalar yo‘nalishida eng yaxshi startap” loyihasi g‘oliblarini taqdirlash marosimida e‘lon qildi. Yangi qoidalarga ko‘ra, tanlovning mukofot jamg‘armasi $5 mlnni tashkil etadi.

Shundan $1 mlni g‘oliblarga grant shaklida beriladi. Yana $4 mln venchur investitsiyalari sifatida taqdim etiladi.

Moliyalashtirishni ko‘paytirish startaplarni qo‘llab-quvvatlash, yosh dasturchilarni rag‘batlantirish va texnologik tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan, dedi prezident. Bu loyihalarni kengaytirish va qo‘shimcha resurslar bilan ta‘minlash imkonini beradi.

Prezident matbuot xizmatining qayd etishicha, President Tech Awards tanlovining 2024-yilgi mavsumida 6 ming kishi ishtirok etgan. Jamoalar soni tanlovning birinchi yiliga nisbatan deyarli ikki barobarga ko‘payib, 862 taga yetgan.

“Biz kichik startaplar katta-katta loyihalarga, daromadli biznesga aylanishi uchun zarur sharoitlarni yaratib berishga tayyormiz. Buning uchun har bir startapchi bilan muloqot qilish, unga kerakli yordamni ko‘rsatish lozim”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

2022-yilda prezidentning IT sohasi vakillari bilan muloqoti chog‘ida Inha universiteti talabasi hamda Tahrirchi (Tilmoch) xizmati jamoasi a‘zosi Yasmina Ablayeva O‘zbekistonda texnologik loyihalar tanlovini tashkil etishni taklif qilgan edi. Davlat rahbari g‘oyani qo‘llab-quvvatlab, mukofot jamg‘armasi miqdorini $1 mln etib belgilagan edi.