Bosh sahifa Blog Sahifa 7

O‘zbekistonda 1-avgustdan nimalar o‘zgaradi?

0

Eski avtomobilni yangilashda avtokredit foizlarining bir qismi qoplab beriladi

Trade-in dasturi doirasida eski avtotransport vositasini topshirgan jismoniy va yuridik shaxslarga yangi avtomobil xarid qilish uchun olingan avtokredit foizining bir qismi qoplab beriladi.

Mazkur amaliyot aholiga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida joriy etiladi. Biroq, dasturning amalda ishga tushirilishi haqida hozircha ma’lumot yo‘q. Hukumat hali tizimning ish boshlashi haqida rasman xabar bermadi.


Banklardan shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarsiz xorijiy valyuta sotib olish limiti oshiriladi

May oyi boshida Markaziy bank boshqaruvi va Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining tegishli qarori Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Ichki nazorat qoidalariga kiritilgan tegishli o‘zgartirishlarga ko‘ra, fuqarolar banklarda pasport, ID-karta yoki ularning o‘rnini bosuvchi boshqa hujjatni taqdim etmasdan $500 gacha naqd chet el valyutasini sotib olishi mumkin bo‘ladi.

Amalda bu limit $100 ni tashkil etardi. Yangi tartib esa 9-avgustdan boshlab kuchga kiradi.


O‘zbekistondagi ilk pulli yo‘l ishga tushadi

Shavkat Mirziyoyev Urganch va Xivani bog‘lovchi ilk pulli avtomobil yo‘li kelgusi oy foydalanishga topshirilishini ma’lum qildi. Prezidentning ta’kidlashicha, loyiha nafaqat viloyat aholisi, balki mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun ham muhim infratuzilmaga aylanadi.

Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 35 kilometrlik yo‘l qurilishining 80% yakunlangan. Loyiha doirasida 15 ta ko‘prik, bitta tonnel, beshta yerosti o‘tish yo‘lagi va 101 ta suv o‘tkazish inshooti barpo etilgan.


O‘zbekistonda qora metall aylanmasi E-lom orqali nazorat qilinadi

13-iyul kuni bo‘lib o‘tgan Shavkat Mirziyoyev raisligidagi qora metallurgiya sanoatini rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilish Bekobod metallurgiya kombinati metall prokatning 40% ini ikkilamchi metaldan, 60% ini import hisobidan ishlab chiqarishi qayd etildi. Respublika bo‘yicha har yili 700 ming tonna qora metallolom kombinatga topshirilayotgan bo‘lsa-da, yana 500 ming tonna metallolom xufiyona aylanmada qolmoqda.

Shu bois, qora metall aylanmasi bilan bog‘liq barcha jarayonlar elektron platforma orqali real vaqt rejimida monitoring qilinishi ma’lum qilindi. Qora metallurgiya sanoatida sog‘lom raqobat muhiti va narx barqarorligini ta‘minlash, sohada ta‘sirchan nazorat mexanizmlarini o‘rnatish uchun Hukumatda alohida loyiha ofisi tashkil etiladi.

Ushbu ofis metall mahsulotlari bozorini kunlik tahlil qiladi, xomashyo va tayyor mahsulotga talab va taklifni shakllantiradi, mahsulot sifati, kelib chiqishi, fizik va kimyoviy tarkibi aks etadigan raqamli pasportni yuritadi.

Mutasaddilarga bir oyda loyiha ofisi faoliyatini yo‘lga qo‘yish, 1-avgustdan E-lom elektron platformasini ishga tushirib, qora metall aylanmasini nazoratga olish topshirildi.


Jarima maydonchasidan avtomobilni olib chiqishga ruxsat QR-kod orqali beriladi

1-avgustdan boshlab jarima maydonchasidan transport vositasini olib chiqishga ruxsat faqat Jarima maydonchasi axborot tizimi orqali QR-kod bilan elektron shaklda beriladi.

Ichki ishlar vazirligi Soliq qo‘mitasi va Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda ikki oy ichida mazkur tizimni soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qiladi.

Natijada jarima maydonchasiga joylashtirilgan transport vositalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar — transport markasi, davlat raqami, maydonchaga kiritilgan va chiqarilgan vaqti, undirilgan to‘lov va boshqalar soliq tizimida avtomatik shakllanadi.

Shuningdek, unga qonunbuzarlik uchun ushlangan transport vositalarini saqlash xizmatlarini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslarning rekvizitlari ham kiritiladi.


Bankomatdagi muammolar uchun banklarga jarima qo‘llanadi

6-avgustdan bankomatlardan foydalanishda mijozlarga xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzgan banklarga moliyaviy jarimalar qo‘llanadi. Bu Markaziy bank tayyorlagan yangi me’yoriy hujjatda nazarda tutilgan.

Regulyator banklardan to‘lov infratuzilmasi sifatini oshirishni hamda naqd pul yechib olishdagi nosozliklarni texnik muammo emas, balki iste’molchilar huquqlarining ehtimoliy buzilishi sifatida ko‘rib chiqishni talab qilmoqda.

2025-yilda bankomatlar bilan bog‘liq 291 mingta muammoli holat qayd etilgan bo‘lib, ularning qariyb 15 foizi banklar va to‘lov tizimlari operatorlari faoliyati bilan bog‘liq.


O‘zbekistonda mushuk va itlarni majburiy ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi joriy etiladi

7-avgustdan O‘zbekistonda hayvonlarni majburiy identifikatsiya qilish va ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi qonun kuchga kiradi. Ular quyidagi muddatlarda identifikatsiya qilinishi va ro‘yxatga olinishi kerak:

  • qoramol, ko‘y, echki va tuyalar — tug‘ilganidan 14 kundan keyin;
  • otlar — tug‘ilganidan 4 oydan keyin;
  • cho‘chqalar tug‘ilganidan — 1 oydan keyin;
  • itlar va mushuklar — tug‘ilganidan 3 oydan keyin.

Hayvonlar va ularning egalari haqidagi ma’lumotlar yagona elektron bazada saqlanadi.

Biroq hayvon egalarining ularni majburiy ro‘yxatdan o‘tkazish majburiyati hamda ro‘yxatdan o‘tmagan hayvonlarni saqlashni taqiqlovchi talablar faqat 2028-yil 1-yanvardan kuchga kiradi.


Baliqchilik xo‘jaliklariga quyosh panellari va uskunalar uchun subsidiya beriladi

1-avgustdan 2030-yil 1-avgustgacha baliqchilik xo‘jaliklarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlari ham joriy etiladi.

Xususan, quyosh panellarini xarid qilish va o‘rnatish uchun olingan kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi, 50 kVtgacha quvvatga ega quyosh panellarini o‘rnatish xarajatlarining 25%i subsidiya qilinadi hamda muqobil energiya manbalari bilan jihozlangan aeratorlarni xarid qilish xarajatlarining 50%i qoplanadi.

Bundan tashqari, naslli ona baliq importi, yopiq suv aylanma tizimi texnologiyasini joriy etish hamda intensiv usulda baliq yetishtirish uchun omuxta yem ishlab chiqarish uskunalarini xarid qilish xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi.

Xorijdan jalb etilgan ixtiolog va baliq kasalliklari bo‘yicha mutaxassislar ish haqi xarajatlarining 50%i ham kompensatsiya qilinadi.


Baliqchilik korxonalariga kredit kompensatsiyasi va kafillik beriladi

2030-yil 31-avgustgacha baliqchilik sohasidagi tadbirkorlarga kredit foizlarining bir qismi kompensatsiya qilinadi, kreditlarning 50% gacha (10 mlrd so‘m ekvivalentigacha) kafillik beriladi.

Bundan tashqari, tijorat banklari xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan baliqchilik korxonalariga 24 oygacha muddatga, 9 oygacha imtiyozli davr bilan yillik 18% stavkada kreditlar ajratadi.

Shuningdek, chorvachilik loyihalari uchun amal qilayotgan imtiyozli kreditlash tartibi naslli baliq yetishtirishni ham o‘z ichiga olgan baliqchilik loyihalariga tatbiq etiladi.


Sanoat bog‘lari uchun suv solig‘i stavkasi 1 so‘m etib belgilanadi

1-avgustdan boshlab suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan sanoatlashgan bog‘larda burg‘ilangan quduqlardan olingan suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 1 so‘m etib belgilanadi. Ushbu imtiyoz besh yil muddatga — 2031-yilning 1-avgustigacha amal qiladi.


Toshkent shahri va uning atrofidagi issiqxonalarda gaz ta’minoti to‘xtatiladi

Hukumat qarori bilan Toshkent shahri hamda Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq, Qibray, Yangiyo‘l, Zangiota va Toshkent tumanlarida atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan yangi cheklovlar belgilandi.

1-avgustdan esa amaldagi issiqxonalarga tabiiy gaz yetkazib berish to‘liq to‘xtatiladi, gaz ta’minoti shartnomalari bekor qilinadi. Issiqxonalar iste’mol qiladigan suv uchun to‘lovlar sanoat korxonalari uchun belgilangan eng yuqori tarifning 5 baravari miqdorida undiriladi.

Shuningdek, ko‘mir, shina, mazut, bitum, rezina, plyonka va shunga o‘xshash materiallarni yoqish oqibatida atrof-muhitni ifloslantirganlik uchun kompensatsiya to‘lovlari 20 baravarga oshiriladi. Bunday holatlarda ekologik ekspertiza xulosasi qayta ko‘rib chiqiladi.

Ekologik talablarga rioya etmaydigan issiqxona xo‘jaliklari ayrim davlat subsidiyalari, imtiyozlari va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralaridan foydalana olmaydi. Shuningdek, ularga ekologik ekspertizaning ijobiy xulosasi berilmaydi yoki avval berilgan xulosaning amal qilishi vaqtincha to‘xtatiladi.

Bunda ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalariga seleksiya, urug‘ va ko‘chatlarni ko‘paytirish hamda xorijiy navlarni mahalliy iqlimga moslashtirish kabi ilmiy maqsadlarda, ekologik talablarga rioya qilgan holda, istisno tariqasida mavjud issiqxonalardan foydalanishga ruxsat beriladi.


Birjaning ayrim savdo seksiyalarida suyultirilgan gaz xaridi litsenziya asosida amalga oshiriladi

O‘zenergoinspeksiya manfaatdor idoralar bilan birgalikda 1-avgustgacha avtomobillarga yoqilg‘i quyish va gaz to‘ldirish shoxobchalarida dispenserlardan ma’lumotlarni real vaqt rejimida yig‘ish va yuritishga qaratilgan axborot tizimini yaratish bo‘yicha takliflarni hukumatga kiritishi belgilangan.

Shuningdek, avgustgacha Respublika tovar-xom ashyo birjasining elektron savdo tizimi Litsenziya axborot tizimi bilan integratsiya qilinadi. Natijada alohida birja savdo seksiyalarida suyultirilgan gazni faqat uni sotish uchun amaldagi litsenziyaga ega xo‘jalik yurituvchilar xarid qilishi mumkin bo‘ladi.

Bunda texnologik jarayonlar yoki o‘z ehtiyojlari uchun suyultirilgan gazdan foydalanadigan, uni qabul qilish, saqlash va tarqatish uchun zarur moddiy-texnik bazaga ega korxonalar ham inspeksiya taqdim etadigan ro‘yxat asosida alohida savdo seksiyalarida gaz xarid qilish huquqiga ega bo‘ladi.


Meva-sabzavot eksportida yangi nazorat tizimi joriy etiladi

1-avgustdan ayrim tumanlarda meva-sabzavot eksportini rivojlantirish uchun jamoatchi fitosanitariya inspektorlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Ular karantin inspektorlariga ichki fitosanitariya sertifikatlarini rasmiylashtirishda yordam beradi. Yangi tizim mahsulot sifatini oshirish, xavfsizlik talablariga moslashtirish va eksport jozibadorligini kuchaytirishga qaratilgan.

Shuningdek, avgust oyidan eksport qilinadigan meva-sabzavotlarning pestitsid va nitrat qoldiqlari bo‘yicha talablarga muvofiqligini tekshirishning yangi tartibi joriy etiladi. Buning uchun ikki usuldan birini qo‘llash mumkin bo‘ladi:

  • ekin maydoni va hosil hajmidan kelib chiqib, akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyada o‘tkazilgan tadqiqotlar natijalari bo‘yicha ijobiy xulosa;
  • Agroko‘makchi xizmati orqali “dala daftari»ga yetishtirish davrida pestitsidlardan foydalanish to‘g‘risida muntazam kiritib borilgan ma‘lumotlar asosidagi hisob-kitob.

Soliq organlari mijozlarga yo‘naltirilganlik bo‘yicha baholanadi

1-avgustdan boshlab soliq organlarining mijozlarga yo‘naltirilganlik indeksi joriy etiladi.

Buning uchun Soliq qo‘mitasi ushbu indeksni aniqlash metodologiyasini ishlab chiqishi va tasdiqlashi kerak. Soliq organlarining mijozga yo‘naltirilganlik indeksini hisoblash natijalari rasmiy saytda e’lon qilib boriladi.

Unga ko‘ra, soliq to‘lovchilarga soliq xizmatlaridan foydalanish qulayligi, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati, soliq majburiyatlarini bajarishga sarflanadigan vaqt hamda soliq organlari bilan hamkorlik darajasini baholash imkoniyati yaratiladi.


Xavfli ishlab chiqarish obyektlari haqidagi foto va videoxabarlar uchun mukofot beriladi

Xavfli ishlab chiqarish obyektlari va texnik qurilmalardan foydalanishdagi huquqbuzarliklar haqida foto yoki videomateriallar yuborish hamda bunday xabarlarni taqdim etgan fuqarolarni rag‘batlantirish tartibi joriy etiladi. Xabarlar Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasiga yuboriladi.

Taqdim etilgan materiallarda huquqbuzarlikning mohiyati aniq ko‘rinishi, shuningdek, sodir etilgan joy, sana va vaqt haqidagi maʼlumotlar bo‘lishi lozim. Qo‘mitaning hududiy boshqarmasi masʼul xodimi axborot tizimi orqali kelib tushgan materiallarni 3 ish kuni ichida joyiga chiqqan holda o‘rganadi.

Shundan so‘ng, qonunchilikka muvofiq maʼmuriy ish qo‘zg‘atilib, dalillar rasmiylashtiriladi hamda tegishli qaror qabul qilinadi. Qoidabuzarlik haqida foto yoki video yuborgan shaxs undirilgan jarimaning qo‘mitaga o‘tkazilgan qismining 20% miqdorida pul mukofoti oladi.


Mehnat nizolarini ko‘ruvchi ixtisoslashgan sudyalar ish boshlaydi

Oliy sud rayosati qaroriga ko‘ra, ular fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda amaldagi shtatlar doirasida faoliyat yuritadi. Ixtisoslashgan sudyalar Oliy sud, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar, Toshkent shahri hamda ayrim tumanlararo va shahar sudlarida ishlaydi.

1-avgustdan keyin sudga kelib tushadigan mehnat nizolari aynan ushbu sudyalar o‘rtasida taqsimlanadi, undan oldin qabul qilingan ishlar esa avvalgi tartibda ko‘rib chiqiladi.


Go‘shtni samolyotda tashish bo‘yicha imtiyoz yil oxirigacha uzaytiriladi

Prezident inflyatsiyani jilovlash bo‘yicha yig‘ilishda go‘sht narxining oshishi muhokama qilinib, go‘shtni samolyotda olib kelish xarajatlarini qoplash bo‘yicha imtiyoz yil yakunigacha uzaytirilishini ma’lum qildi.

Amalda bu 1-avgustgacha etib belgilangan bo‘lib, u go‘sht importi uchun havo tashuvi xarajatining 50%i (1 kg uchun $0,8 gacha), nasldor qoramol importiga 10% (har boshiga 4 mln so‘mgacha) miqdorida subsidiya berishni nazarda tutadi.

Shuningdek, chorvachilikni rivojlantirish uchun qo‘shimcha $50 mln ajratiladi. Mablag‘lar hisobidan chorva komplekslari va naslli qoramolchilik loyihalariga 10 yil muddatga, 10% stavkada imtiyozli kreditlar beriladi. Yil oxirigacha chetdan 100 ming bosh qoramol va 150 ming bosh qo‘y-echki olib kelish rejalashtirilgan.


Yosh fermerlarga ikki yil bepul buxgalteriya xizmati ko‘rsatiladi

Tuman fermerlari kengashlari huzuridagi Fermer xo‘jaliklarida buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish markazlari tomonidan boshlig‘i yoshlar bo‘lgan yangi tashkil etilgan fermer xo‘jaliklariga ikki yil davomida bepul xizmat ko‘rsatiladi.

Mazkur imtiyoz a’zolik badallari to‘langan hamda paxta va g‘alla yetishtirishidan qat’i nazar barcha fermerlarga tatbiq etiladi.


Tadbirkorlarni tekshirishda Biznes himoya QR-kodi joriy etiladi

1-avgustdan tadbirkorlarni tekshirish va ular bilan nazorat tadbiri hisoblanmaydigan muloqotlar “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida hisobga olinadi. Buning uchun “Biznes himoya” QR-kodi joriy etiladi.

Shu sanadan boshlab tadbirkorlarni tekshiradigan yoki ular bilan muloqot qiladigan davlat xizmatchilari tizimning mobil ilovasidan foydalanishi majburiy bo‘ladi. Tekshiruvni boshlashdan oldin ular tadbirkordagi QR-kodni skanerlab, tekshiruvni tizimda ro‘yxatdan o‘tkazishi shart.

Bundan tashqari, tekshiruv huquqini beruvchi maxsus guvohnomalar faqat elektron shaklda yuritiladi, qog‘ozdagi tekshiruvlar kitobi bekor qilinadi. Agar tekshiruv yoki muloqot haqidagi ma’lumot tizimga kiritilmasa, tadbirkor davlat xizmatchisini o‘z hududiga kiritmaslik va u bilan muloqot qilmaslik huquqiga ega bo‘ladi.


Deputatlarga Tashabbusli budjetda qo‘shimcha g‘oliblarni tanlash vakolati beriladi

Prezidentning 29-iyundagi qaroriga ko‘ra, 1-avgustdan Tashabbusli budjet jarayonida deputatlarning loyihalarni qo‘shimcha ravishda g‘olib deb e’lon qilish imkoniyatlari kengaytiriladi.

Yangi tartibga muvofiq, har bir deputat “Ochiq budjet” axborot portalida o‘ziga ajratilgan mablag‘lar doirasida bir yoki bir nechta loyihani tanlab, ularni qo‘shimcha g‘olib sifatida belgilashi mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, deputatning vakolati muddatidan oldin tugatilsa, uning saylov okrugidagi qo‘shimcha g‘olib loyihalar Tashabbusli budjet jarayonlarida parlament nazoratini amalga oshirish bo‘yicha komissiya qaroriga asosan boshqa deputatlar tomonidan aniqlanadi.


Davlat arxivlarining asosiy xizmatlari to‘liq raqamlashtiriladi

Davlat arxivlarining qator funksiyalari to‘liq raqamli shaklda amalga oshiriladi. Jumladan, Milliy arxiv fondi hujjatlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, yig‘majildlar ro‘yxatini tuzish va tasdiqlash, arxiv hujjatlarini qabul qilish hamda foydalanishga berish jarayonlari elektron shaklga o‘tkaziladi.

Shuningdek, tashkilotlar qayta tashkil etilganda arxiv hujjatlarini huquqiy vorisga topshirishni davlat arxivlari bilan kelishish hamda davlat arxivlariga hujjat topshirishi shart bo‘lgan davlat organlari va tashkilotlarining yagona ro‘yxatini shakllantirish ham raqamlashtiriladi.


Parrandachilik loyihalariga 10% stavkada 10 yilgacha imtiyozli kredit beriladi

1-avgustdan parrandachilik mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha yangi quvvatlarni ishga tushirish hamda “tayyor biznes” loyihalarini moliyalashtirish uchun tadbirkorlarga kreditlar ajratiladi.

Mablag‘lar Mikrokreditbank orqali yillik 10% stavkada, 4 yillik imtiyozli davr bilan 10 yilgacha beriladi.


Soliq organlari xodimlari har uch yilda kamida bir marta malaka oshiradi

Soliq qo‘mitasi huzuridagi Soliq oliy maktabida soliq organlari xodimlarining har uch yilda kamida bir marta malaka oshirishi tizimi joriy etiladi.


Toshkent va Izmir o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar yo‘lga qo‘yiladi

Turkiyaning SunExpress aviakompaniyasi 1-avgustdan Izmir-Toshkent-Izmir yo‘nalishida muntazam parvozlarni yo‘lga qo‘yadi. Reyslar haftasiga to‘rt marta Boeing 737−800 samolyotlarida amalga oshiriladi.

SunExpress O‘zbekistonga muntazam qatnovlarni yo‘lga qo‘ygan uchinchi Turkiya aviakompaniyasiga aylanadi hamda kelgusida Farg‘ona vodiysi aeroportlariga ham parvozlarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda.


Etihad Airways ham Abu-Dabi bilan Toshkentni bog‘laydi

Etihad Airways Abu-Dabi-Toshkent yo‘nalishidagi muntazam reyslarni 10-avgustdan yo‘lga qo‘yadi. Parvozlar har kuni Airbus A320 samolyotlarida amalga oshiriladi.

Aviakompaniya saytidagi ma‘lumotlarga ko‘ra, parvozlar quyidagi jadval asosida bajariladi:

  • Abu-Dabidan uchib ketish — 21:10, Toshkentga qo‘nish — 1:35;
  • Toshkentdan uchib ketish — 3:35, Abu-Dabiga qo‘nish — 6:25.

Abu-Dabidan bir tomonga chipta narxi 385 dirhamdan (hozirgi kurs bo‘yicha 1 259 242,6 so‘m), Toshkentdan esa 122 yevrodan (1 675 201,52 so‘m) boshlanadi.

Uy-joy subsidiyasi uchun arizalar qabuli 27-iyul kuni boshlanadi4

0

Ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyalar olish uchun arizalar qabuli boshlanadi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Arizalarni 27-iyul kuni soat 15:00 dan boshlab jo‘natish mumkin. Ular ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiya to‘lashning maqsadli ko‘rsatkichlari doirasida ilgari taqdim etilgan, biroq xabarnoma muddati davomida foydalanilmagan qism hisobidan qabul qilinadi.

Subsidiya olish uchun ariza beruvchi ijtimoiy mezonlar asosida baholash natijasiga ko‘ra kamida 30 ball to‘plashi, shuningdek, kredit tarixi dasturda ishtirok etuvchi tijorat banklaridan kamida birining ichki talablariga mos kelishi kerak.

Bundan tashqari, ariza beruvchining va uning turmush o‘rtog‘ining nomida mamlakatning barcha hududlari bo‘yicha mulk huquqi asosida turar joy bo‘lmasligi lozim. Ularning o‘rtacha oylik daromadi ham belgilangan ijtimoiy mezonlar doirasida quyidagicha bo‘lishi kerak:

  • Qoraqalpog‘iston va viloyatlarda — MHTEKMning 2,7 baravardan 8 baravargacha (3,431 mln — 10,168 mln so‘m);
  • Toshkent shahrida — MHTEKMning 2,7 baravardan 9,2 baravargacha (3,431 mln — 11,693 mln so‘m).
  • Arizalarni Davlat xizmatlari markazlari orqali, shuningdek, myGov mobil ilovasi yoki Yagona portal (my.gov.uz) orqali topshirish mumkin.

Ariza topshirish jarayonida fuqarolar OneID tizimidagi shaxsiy ma’lumotlarni boshqarish paneli orqali banklarga kredit tarixini baholash uchun zarur ma’lumotlardan foydalanishga ruxsat berishi kerak. Shuningdek, kredit tarixini olishga vaqtinchalik cheklov o‘rnatilmagan bo‘lishi lozim. Aks holda, kredit tarixini o‘rganish imkoniyati cheklanib, ariza rad etilishi mumkin.

Harbiy tuzilmalar xodimlari esa subsidiyaga ariza topshirish uchun bevosita Davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilishi mumkin.

Subsidiya olish jarayonida kredit tarixi baholanadigan banklar qatoriga Agrobank, Aloqabank, Asakabank, Asia Alliance Bank, Biznesni rivojlantirish banki, Hamkorbank, Ipak Yuli Bank, Ipoteka-bank, Mikrokreditbank, Orient Finans Bank, Trastbank, Turonbank, Xalq banki, O‘zmilliybank va O‘zsanoatqurilishbank kiradi.

O‘zbekistonda o‘rtacha oylik ish haqi 7 mln so‘mdan oshdi

0

Eng yuqori ish haqi Toshkentda, eng past ko‘rsatkich esa Qashqadaryo viloyatida qayd etildi.

2026-yilning yanvar-iyun oylarida O‘zbekistonda o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 7 mln 091,1 ming so‘mni tashkil etdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi. Ko‘rsatkich 2025-yilning mos davriga nisbatan 18,4% ga o‘sgan.

Hududlar bo‘yicha ish haqining eng yuqori o‘sish sur’ati Jizzax viloyatiga to‘g‘ri keldi — bu yerda o‘rtacha ish haqi 20,4% ga oshib, 5,4 mln so‘mni tashkil etdi. Undan keyingi o‘rinlarda 19,4% bilan Namangan (5,2 mln so‘m) va 17,8% bilan Toshkent (6,676 mln so‘m) viloyatlari turibdi.

Birinchi yarim yillikda eng yuqori ish haqi Toshkent shahrida kuzatildi — 12 mln 13,9 ming so‘m (+18,2%).

Undan keyingi pog‘onadan Navoiy (8,723 mln so‘m) hamda Toshkent viloyatlari joy oldi. Eng kam oylik maosh esa Qashqadaryo viloyatida qayd etildi — 4,86 mln so‘m.

Hududlar bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqi:

Hududlar O‘rtacha oylik ish haqi 2025-yilning mos davriga nisbatan o‘sish
1 Toshkent shahri 12 013 900 so‘m 18,2%
2 Navoiy viloyati 8 722 700 so‘m 16,4%
3 Toshkent viloyati 6 675 700 so‘m 17,8%
4 Andijon viloyati 5 683 600 so‘m 15,1%
5 Buxoro viloyati 5 618 200 so‘m 16,9%
6 Sirdaryo viloyati 5 604 900 so‘m 16,8%
7 Qoraqalpog‘iston Respublikasi 5 556 600 so‘m 16,2%
8 Xorazm viloyati 5 499 800 so‘m 16,3%
9 Jizzax viloyati 5 399 400 so‘m 20,4%
10 Samarqand viloyati 5 192 700 so‘m 17%
11 Namangan viloyati 5 190 700 so‘m 19,4%
12 Farg‘ona viloyati 5 163 500 so‘m 16%
13 Surxondaryo viloyati 4 937 300 so‘m 15,8%
14 Qashqadaryo viloyati 4 864 700 so‘m 17,2%

Sohalar kesimida ish haqlari qanday bo‘ldi?

Yanvar-iyun oylarida sohalar kesimida oylik ish haqining eng yuqori o‘sishi (22,8%) tashish va saqlash yo‘nalishida kuzatildi, o‘rtacha oylik ish haqi esa 11,07 mln so‘mni tashkil etdi.

Bank, sug‘urta, lizing, kredit va vositachilik sohasi eng yuqori oylik maosh bo‘yicha yetakchi bo‘lib qolmoqda. Yarim yilda bu yo‘nalishda oylik ish haqi 19,1 mln so‘mni tashkil etdi (+17,5%). Undan keyin 17,417 mln so‘m bilan axborot va aloqa (+15,3%) sohasi joy oldi.

Eng past ish haqi sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar sohasida (4,44 mln so‘m) qayd etilib, o‘sish o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 20,1% bo‘ldi.

Shu bilan birga, navbatdagi sohalarda ham ish haqi respublika o‘rtacha ko‘rsatkichidan (7 091,1 ming so‘m) sezilarli darajada past bo‘ldi: ta’lim — 4,977 mln so‘m, yashash va ovqatlanish — 5,19 mln so‘m, san’at va ko‘ngil ochish — 5,86 mln so‘m hamda qurilish — 7,03 mln so‘m.

Bundan tashqari, axborot va aloqa sohasida eng yuqori o‘rtacha maosh dasturlashtirish, maslahat berish va boshqa yordamchi xizmatlar yo‘nalishida qayd etildi — 22,23 mln so‘m. Bank va moliya sohasida eng yuqori oyliklar qayta sug‘urtalash (26,014 mln so‘m) hamda moliyaviy xizmatlar (24,89 mln so‘m) sohasida kuzatildi.

Ta’lim sohasida o‘rtacha maoshning eng yuqori ko‘rsatkichi oliy ta’limda qayd etildi — 12,05 mln so‘m. Eng past ish haqi esa maktabgacha ta’limga to‘g‘ri keladi — 2,72 mln so‘m. Texnik va professional ta’limda o‘rtacha maosh 5,37 mln so‘mni hamda umumiy o‘rta ta’limda 4,67 mln so‘mni tashkil etdi.

Shavkat Mirziyoyev Toshkent-Samarqand pulli yo‘li qurilishiga start berdi

0

Qiymati qariyb $2,2 mlrd bo‘lgan loyiha doirasida 282 kilometrlik olti polosali yo‘l, 92 ta ko‘prik va 28 ta yo‘l o‘tkazgich barpo etiladi.

Shavkat Mirziyoyev O‘rta Chirchiq tumanida Toshkent — Samarqand yo‘nalishidagi yangi avtomobil yo‘li qurilishiga tamal toshi qo‘yish marosimida ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Prezident Toshkent — Samarqand yo‘nalishidagi yangi avtomobil yo‘li qurilishini mamlakatimiz transport infratuzilmasini rivojlantirishdagi navbatdagi ulkan tarixiy qadam, deb atadi.

So‘nggi 10 yilda 78 trln so‘m hisobidan jami 128 ming kilometr yo‘lda qurilish-ta‘mirlash ishlari bajarildi. Davlat rahbari bugun sohada tom ma‘noda yangi davr boshlanayotganini ta‘kidladi.

Qiymati qariyb $2,2 mlrd bo‘lgan olti polosali zamonaviy avtomagistralning umumiy uzunligi 282 kilometrni tashkil etadi. Loyiha doirasida 92 ta ko‘prik, 28 ta yo‘l o‘tkazgich va 60 ta tunnel tipidagi o‘tish joyi quriladi.

Yo‘lga og‘ir va yuqori tezlikda harakatlanadigan transport vositalari qatnoviga chidamli monolit beton qoplama yotqiziladi. Tekis hududlarda soatiga 150 kilometr tezlikda harakatlanish imkoni yaratiladi, zamonaviy xavfsizlik yechimlari va raqamli qulayliklar yo‘l-transport hodisalarini keskin kamaytiradi.

Yangi magistral ishga tushgach, Toshkentdan Samarqandga yetib borish vaqti 5 soatdan 2,5 soatga qisqaradi. Yo‘l sutkasiga 60 mingdan 80 mingtagacha transport vositasini o‘tkazadi, yuk tashish tannarxi esa 20−24% ga pasayishi kutilmoqda.

Toshkent — Samarqand yangi avtomobil yo‘li hududlarda iqtisodiy faollikni yangi bosqichga ko‘taradi. Jahon banki tahliliga ko‘ra, bunday loyihalarga sarflangan har bir dollar investitsiya iqtisodiyotga 5 barobargacha qaytadi.

Yangi magistral Toshkent shahri, Sirdaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlari yalpi hududiy mahsulotining 3% ga ko‘payishiga turtki beradi. Yo‘l o‘tadigan aholisi 2 mlndan ziyod 13 ta tuman uchun minglab ish o‘rinlari va yangi daromad manbalari paydo bo‘ladi.

Yo‘l bo‘yida logistika markazlari, omborlar, sanoat va agrosanoat korxonalari, savdo-servis, mehmonxona va turizm obyektlari barpo etiladi. Qurilishda mahalliy xizmatlar va qurilish materiallaridan keng foydalanish tadbirkorlar uchun yirik buyurtmalar va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratadi.

Davlat rahbari Xiva-Urganch yo‘li qurilishi boshlangani, Toshkent-Andijon yo‘li bo‘yicha xalqaro tender yakunlanish arafasida ekani, Toshkentni Bo‘stonliq bilan bog‘laydigan yo‘lni loyihalash ishlari yakuniga yetkazilayotganini qayd etdi.

“Biz bugun Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz besh yillik to‘yi arafasida mamlakatimiz kelajagi, iqtisodiy barqarorligi va xalqimiz farovonligi uchun yana bir mustahkam poydevor qo‘ymoqdamiz”, — dedi prezident va kapsula qo‘yib, yangi avtomagistral qurilishini boshlab berdi.

Toshkent-Samarqand pulli yo‘li

2023-yilning iyulida Toshkent-Samarqand pulli yo‘li bo‘yicha texnik-iqtisodiy asoslashni ishlab chiqish borasida Turkiyaning Proyapi Mühendislik ve Müşavirlik A.Ş kompaniyasi jalb qilindi.

Yil yakunida loyiha Avstriyaning ILF Consulting Engineers Austria GmbH kompaniyasi tomonidan ishlab chiqildi. Loyihaning asosiy texnik-iqtisodiy asos hujjatini ishlab chiqishga YTTB tomonidan 1,5 mln yevro miqdoridagi mablag‘lar ajratilgan.

2024-yilning avgust oyida qabul qilingan prezident qarori bilan Toshkent-Samarqand yo‘li qurilishini 2024-yilning dekabrida boshlash belgilangandi. Uning umumiy uzunligi 305 kmni, qiymati esa $2,2 mlrdni tashkil etadi. Yo‘l Toshkent, Sirdaryo, Jizzax hamda Samarqand viloyatlarini qamrab oladi. Uning boshqaruvi 2028-yilning dekabrigacha DXSh asosida xususiy operatorga beriladi.

2025-yilning fevral oyida 6 tasmali Ilhom Mahkamov Toshkent-Samarqand pulli yo‘li qurilishi loyihasi bo‘yicha hujjat ishlari yakunlanib, tender ishlari amalga oshirilayotganini ma’lum qildi.

Martga kelib, xorijiy mutaxassislar ishtirokida uning texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqilgani e’lon qilindi. Toshkent-Samarqand yo‘lining uzunligi 300 km atrofida bo‘ladi. Qatnov vaqti 4,5 soatdan 2,5 soatgacha qisqaradi. Mavjud yo‘lda tirbandlik ancha kamayadi.

Iyun oyida transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev Gazeta’ga bergan intervyusida Toshkent-Samarqand loyihasi bo‘yicha tender yanvar oyida e’lon qilingani, ishtirokchilardan dastlabki takliflar iyun oyi oxirida qabul qilinishi rejalashtirilganini bildirdi.

“Arizalar ko‘rib chiqilib, birinchi bosqichdan o‘tganimizdan so‘ng g‘oliblarni e’lon qilishni boshlaymiz”, — dedi u. Unga ko‘ra, mazkur yo‘lning smeta qiymati $2,6 mlrddan $2,2 mlrdga tushirilgan.

Noyabr oyida Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev Toshkent-Samarqand pulli yo‘li loyihasi yakuniy bosqichda ekani, qurilish ishlari 2026-yilda boshlanishini aytgandi.

Joriy yilning martida prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Toshkent-Samarqand pulli yo‘li besh yilda qurilishi taʼkidlangandi. Trassaning 140 kmlik qismida tuproq mustahkamlanadi, loyiha doirasida 12 ta transport yechimi, 91 ta ko‘prik va 16 ta yo‘l o‘tkazgich qurilishi ko‘zda tutilgan.

Tirikchilik asoschisi va Troll.uz muallifi Umid Gafurov tavsiya qilgan 5 ta kitob

0

To‘plamdan hokimiyat, tadbirkorlik va dunyoga pragmatik nigoh bilan qarash haqidagi kitoblar o‘rin olgan — Mark Tven klassikasidan startapchilar uchun mashhur qo‘llanmalargacha.

Umid Gafurov — dastlab anonim ko‘ngilochar loyiha sifatida ish boshlagan, bugun esa O‘zbekistondagi eng taniqli bloglardan biriga aylangan Troll.uz asoschisi va muallifi.

Blog o‘quvchilar e’tiborini keskin uslubi, istehzoli ohangi, monopoliyalarga qarshi qat’iy pozitsiyasi va muallifning ochiq fikrlari bilan qozongan. Vaqt o‘tishi bilan Troll.uz bir nechta loyihalarni birlashtirgan ekotizimga aylandi.

Bugungi kunda brend tarkibida mualliflar uchun merch va donat platformasi Tirikchilik, Tanish Bilish reklama agentligi hamda yaqinda Toshkent markazida ish boshlagan oflayn do‘kon faoliyat yuritmoqda. Ushbu loyihalarning barchasi mahalliy mualliflarni qo‘llab-quvvatlash, o‘zbek tilidagi kontentni rivojlantirish va donat madaniyatini ommalashtirishga xizmat qiladi.

Avvalroq Umid Gafurov Spot’ga bergan intervyusida o‘z faoliyati, davlat organlari bilan yuzaga kelgan muammolar va trollingni qanday qilib biznesga aylantirgani haqida so‘zlab bergan edi. Bu safar esa u dunyoqarashi va ishga bo‘lgan yondashuviga eng katta ta’sir ko‘rsatgan kitoblar bilan o‘rtoqlashdi.

books, troll, umid gafurovUmid Gafurov,

Tanish Bilish kreativ marketing agentligi asoschisi, Troll.uz Telegram-kanali muallifi.

Ochig‘ini aytsam, kitob o‘qish foydali ekanini yaxshi bilaman. Lekin o‘zimni kitobsevar deb ayta olmayman.

Klassik ma’nodagi mutolaa uchun vaqt topish men uchun qiyin. Qiziqishim ma’lum bir mavzuga uyg‘onsa, o‘sha yo‘nalishdagi maqolalar, tadqiqotlar va qisqa tahlillarni ishtiyoq bilan o‘qiyman. Kitoblarga kelganda esa, ko‘pincha Toshkent tirbandliklarida audiokitoblarni tinglayman.

Badiiy adabiyot va romanlarni deyarli o‘qimayman. Meni ko‘proq avtobiografiyalar, real voqealar va amaliy foyda beradigan kitoblar qiziqtiradi. Haqiqiy insonlarning tajribasi men uchun eng qimmatli manba.

Shu bois meni kitobsevar deb atash to‘g‘ri bo‘lmaydi. Axborotni jarayonning o‘zi uchun emas, uni amalda qo‘llash uchun iste’mol qilaman. Uyimda katta shaxsiy kutubxona yo‘q, yangi kitob hididan zavqlanadigan odamlardan ham emasman. Men uchun eng muhimi — mazmun.

Qog‘oz kitobni qo‘lda ushlab o‘qishning alohida zavqi bor. Biroq vaqtim doim cheklanganligi sababli elektron qurilmalar men uchun qulayroq. Audiokitoblar esa bundan ham qulay, ammo ularning kamchiligi ham bor: fon rejimida tinglayotganda e’tibor tez-tez chalg‘iydi va mazmunning salmoqli qismini o‘tkazib yuborish mumkin.

Umuman olganda, o‘qiganimiz, ko‘rganimiz va eshitganimizning barchasi bizga ma’lum darajada ta’sir qiladi, deb o‘ylayman. Hatto mayda ma’lumotlar ham ongostida saqlanib qoladi. Kerakli vaziyatda esa miya ularni bir-biriga bog‘lab, to‘g‘ri qaror topishga yordam beradi. Men buni amaliyotda ko‘p bor his qilganman.

Quyida dunyoqarashim va faoliyatimga eng katta ta’sir ko‘rsatgan beshta kitob haqida so‘zlab beraman.

“Tom Soyerning sarguzashtlari”, Mark Tven

Bu kitobni juda bolaligimda o‘qiganman. Agar uning romantik va sarguzasht ruhini bir chetga qo‘ysak, men uchun u marketing, netvorking va ishni taqsimlash bo‘yicha yozilgan eng yaxshi qo‘llanmalardan biri.

Asarning bosh qahramoni — doim sarguzashtlarga aralashib qoladigan, biroq har qanday vaziyatdan o‘z foydasiga yo‘l topa oladigan topqir va tadbirkor bola. Aynan shu xususiyati kitobni bolalar sarguzashtidan ko‘ra hayot va biznes haqidagi kuzatuvlarga boy asarga aylantiradi.

Bunga eng yaxshi misol — dam olish kuni devorni bo‘yash jazosi. Tom tushkunlikka tushib, qora mehnatni o‘zi bajarish o‘rniga, mahoratli aktyorlik va to‘g‘ri yondashuv orqali devor bo‘yashni har kimga ham nasib etavermaydigan sharafli bir imtiyozdek ko‘rsata oladi. Oqibatda mahalla bolalari nafaqat butun ishni uning o‘rniga bajarib berishadi, balki bu “imkoniyat” uchun o‘zlarining eng qimmatli “boyliklari»ni ham Tomga qo‘shqo‘llab topshirishadi.

Yillar o‘tib angladimki, bu sahna aslida mahsulotni qanday qadrlashga majbur qilish, odamlarning qiziqishini uyg‘otish va qiymatni to‘g‘ri taqdim etish haqida. Oqartirilgan o‘sha devor obrazi hanuzgacha xotiramda saqlanib qolgan, chunki u menga eng oddiy narsani ham to‘g‘ri yondashuv bilan qimmatli va jozibador ko‘rsatish mumkinligini o‘rgatgan.

Kitobni albatta o‘qishni yoki qayta o‘qishni tavsiya qilaman. Menimcha, bu shunchaki bolalar romani emas.

books, troll, umid gafurov


“Stiv Jobs”, Uolter Ayzekson

Bu — Apple asoschisi Stiv Jobs haqida yozilgan eng samimiy va bezaksiz biografiyalardan biri. Kitob Jobsning o‘zi, uning raqiblari, do‘stlari va hamkasblari bilan o‘tkazilgan o‘nlab intervyular asosida yaratilgan.

Muallif Jobsni afsonalashtirishga urinmaydi. Aksincha, uning kuchli va zaif tomonlarini birdek ochib beradi. Kitobda u murakkab xarakterli, ba’zan esa mutlaqo murosasiz rahbar sifatida tasvirlanadi. Hatto kulrang rangning noto‘g‘ri tusini tanlagani uchun xodimlarini yig‘latib yuborgan holatlari ham keltiriladi.

Shu bilan birga, garajdagi kichik startap qanday qilib dunyo texnologiya bozorini o‘zgartirgan kompaniyaga aylangani bosqichma-bosqich hikoya qilinadi. Aslida, Jobs butun sanoatning rivojlanish yo‘nalishini o‘zgartirib yuborgan insonlardan biri edi.

Menga eng katta taassurot qoldirgan jihat esa uning tafsilotlarga bo‘lgan cheksiz e’tibori va mukammallikka deyarli maniakal darajadagi intilishi bo‘ldi. Kitobni o‘qigach, Apple muvaffaqiyatining asl sababi omad yoki qulay sharoit emasligini yanada chuqurroq angladim. Bu muvaffaqiyat ortida mahsulotning eng mayda detallarigacha murosasiz talab qo‘ya oladigan inson turardi.

Agar siz avtobiografiyalarni yoqtirsangiz yoki buyuk kompaniyalar qanday yaratilishi bilan qiziqsangiz, bu kitobni albatta o‘qishni tavsiya qilaman.

books, troll, umid gafurov


“Hokimiyatning 48 qonuni”, Robert Grin

Bu kitobni menga do‘stim Azizbek Kurbonov (AK Capital konsalting kompaniyasi asoschisi — Spot izohi) tavsiya qilgan edi.

Menimcha, bu ijtimoiy va korporativ muhitda omon qolish bo‘yicha eng pragmatik, realistik va hatto biroz kinoyali qo‘llanmalardan biri. Muallif tarixdagi strateglar, hukmdorlar va diplomatlar tajribasini jamlab, ulardan 48 ta qat’iy qonunni shakllantirgan. Kitob inson tabiatini ortiqcha romantizmsiz tushuntiradi: odamlar bir-birini qanday boshqarishi, manipulyatsiya qilishi va bunday vaziyatlarda o‘zingizni qanday himoya qilish mumkinligini ko‘rsatadi.

Menga kitobdagi eng katta taassurot qoldirgan jihat — undagi tarixiy misollarning ko‘pligi. Muallif deyarli har bir fikrini real voqealar bilan asoslaydi, shu bois kitobdagi har bir xulosa yanada ishonarli tuyuladi.

Jamiyat bilan muntazam muloqot qiladigan har qanday insonga bu kitobni tavsiya qilaman. Nomi keskin tuyulishi mumkin, ammo uning asosida sof psixologiya va pragmatik yondashuv yotadi.

books, troll, umid gafurov


“Biznesni noldan boshlash”, Erik Ris

Bu kitob biznesni boshlash haqidagi odatiy qarashlarga boshqacha nazar tashlashga majbur qiladi. Ko‘pchilik tadbirkorlar avval mukammal mahsulot yaratishga urinadi, oylar, ba’zan esa yillar davomida uni sayqallaydi. Bozorga chiqqanida esa mahsulotga talab deyarli yo‘qligi ma’lum bo‘ladi. Erik Ris esa buning o‘rniga Lean Startup yondashuvini taklif qiladi: avval minimal ishlaydigan mahsulotni (MVP) yarating, uni imkon qadar tezroq mijozlarga taqdim eting, ularning fikrini oling va mahsulotni aynan shu fikrlar asosida rivojlantiring.

Startapim ustida ishlayotgan paytimda aynan shu kitobga duch keldim. U Lean yondashuvi qanday ishlashini sodda va tushunarli misollar orqali izohlab beradi. Eng muhimi, kitob bir fikrni qayta-qayta eslatadi: hech kimga kerak bo‘lmagan mahsulotni yaratishga vaqt, kuch va mablag‘ sarflamaslik kerak.

Kitobdagi yondashuvlarni o‘qiboq amaliyotga tatbiq eta boshladim. Hozir ham loyihamda Lean tamoyillarini sinab ko‘ryapman va asta-sekin perfeksionizmdan voz kechishni o‘rganyapman.

Startap yoki biznes boshlamoqchi bo‘lgan, shuningdek, yangi g‘oyalarni ortiqcha vaqt va mablag‘ sarflamasdan sinab ko‘rishni istaydigan har bir kishiga bu kitobni tavsiya qilaman.

books, troll, umid gafurov


“1984”, Jorj Oruell

Bu kitob haqida eshitmagan odam topilmasa kerak. U allaqachon klassikaga aylangan va, menimcha, o‘qilishi shart bo‘lgan asarlardan biri.

Bu — davlat inson hayotining barcha jabhalarini nazorat qiladigan totalitar jamiyat haqidagi eng mashhur antiutopiyalardan biri. Asarda nafaqat odamlarning harakati va oladigan axboroti, balki ularning fikri va hissiyotlari ham nazorat ostida. Bosh qahramon esa tarix har kuni qayta yoziladigan, har qadam kuzatiladigan va “Urush — bu tinchlik, ozodlik — bu qullik, bilimsizlik — bu kuch” kabi shiorlar haqiqat o‘rnini egallagan dunyoda yashaydi. Oruell propagandaning qanday ishlashi va tushunchalarni qanday qilib asta-sekin o‘zgartirish mumkinligini daholik bilan ko‘rsatib beradi.

Odatda romanlarni unchalik yoqtirmayman. Ammo bu kitobning eng qiziq tomoni shundaki, u badiiy asardan ko‘ra bugungi kun voqealari haqidagi xronikani eslatadi. Aynan shu hissiyot u haqda uzoq vaqt unutmasligimga sabab bo‘lgan.

Men uchun bu antiutopiya zamonaviy dunyoning o‘ziga xos ko‘zgusiga aylandi. Ba’zan kitobni qariyb sakson yil avval emas, go‘yo kecha yozilgandek his qilasiz.

Bu asarni hech qanday istisnosiz hammaga tavsiya qilaman. Aytgancha, fursatdan foydalanib, hozir aynan shu matnni o‘qib turgan “Katta Aka»ga ham salom yo‘llayman.

books, troll, umid gafurov

“Maqsadimiz — ikkinchi bo‘lib qolish”: Uklon rahbari bilan O‘zbekistondagi raqobat va rejalari haqida suhbat

0

Uklon — Ukrainada tashkil etilgan xalqaro taksi chaqirish xizmati va Yevropadagi ilk to‘laqonli ride-hailing platformalaridan biri. Kompaniya 16 yildan buyon faoliyat yuritib, Ukraina taksi xizmatlari bozorida yetakchi o‘rnini saqlab kelmoqda.

Xizmat O‘zbekistonda 2023-yildan buyon faoliyat yuritadi. Oradan qariyb 3 yil o‘tib, u Toshkentdagi taksi xizmatlari bozorida ikkinchi o‘rinni egallab, o‘sishda davom etmoqda.

2025-yil boshida Ukrainaning Kyivstar mobil operatori Uklon taksi xizmatining 97% ulushini sotib oldi. Qiymati $155 mlndan ortiq bo‘lgan ushbu bitim Ukraina bozoridagi eng yirik M&A kelishuvlaridan biriga aylandi. Kyivstar orqali Uklon xalqaro VEON guruhiga qo‘shildi. Ushbu kelishuv kompaniyaga guruh faoliyat yuritayotgan bozorlarga chiqish imkonini berish bilan birga, mahalliy operatorlar, jumladan, O‘zbekistondagi Beeline bilan sinergiyani kuchaytirish uchun sharoit yaratdi.

Kompaniyaning Ukraina va O‘zbekiston bozorlaridagi rivojlanishida muhim rol o‘ynagan shaxslardan biri — Uklon bosh direktori Sergey Grishkov. U Spot bilan kompaniyaning O‘zbekistondagi uch yillik faoliyati yakunlari, nega yangi raqobatchilardan cho‘chimayotgani hamda Beeline bilan integratsiya kompaniyaga nimalar bergani haqida suhbatlashdi.


Bu yil Uklon tashkil etilganiga 16 yil, O‘zbekistondagi faoliyatiga esa 3 yil to‘ldi. Bugungi kunda kompaniya rivojlanishning qaysi bosqichida turibdi, deb hisoblaysiz?

Biz Yevropadagi birinchi ride-hailing servisimiz. O‘tgan 16 yil ichida kompaniyani yanada oldinga yetaklash uchun yetarli darajada tajriba, xatolar va kuch-g‘ayrat to‘plaganimiz aniq.

O‘zbekiston bozorida ikkinchi o‘rinni egallab turibmiz va faol o‘syapmiz.

Avval O‘zbekiston bozoridagi ulushingiz taxminan 8−10% ekanini aytgandingiz. Shu ko‘rsatkich saqlanib qoldimi yoki o‘zgardimi?

Hozircha bozor ulushimizni foizlarda oshkor qilmayapmiz, chunki uni metodologik jihatdan to‘g‘ri hisoblash qiyin. Biroq biz tayanadigan ma’lumotlarga ko‘ra, bozorda ishonchli tarzda ikkinchi o‘rinni egallab turibmiz.

2030-yilga borib bozorda qaysi pozitsiyani egallashni maqsad qilgansiz?

Maqsadimiz bozordagi ikkinchi o‘rnimizni saqlab qolgan holda, ulushimizni oshirish. O‘zbekiston bozori har yili kamida 20% ga o‘smoqda va bu raqobat qoidalarini tubdan o‘zgartirmoqda. McKinsey prognozlariga ko‘ra, 2030-yilgacha Yevropa bozori 1−2 baravar, Markaziy Osiyo bozori esa 5 baravar o‘sadi. Aynan shu salohiyat bizni bu bozorda faol ishlashga undamoqda va yangi ishtirokchilarni ham jalb qilmoqda.

Yaqin 3 yillik strategik maqsadlar — operatsion nolga (zararsiz darajaga) chiqish va investitsiyalarni qaytarishni boshlash.

O‘tgan yil dekabr oyida bozorga WB Taxi kirib keldi. Bu Uklon va uning O‘zbekistondagi pozitsiyasiga qandaydir ta’sir ko‘rsatdimi?

Xulosa chiqarishga hali erta. Rostini aytsam, uchinchi ishtirokchi bozorga bundan ham avval kirib keladi, deb kutgandik. Bunga bozorning jozibadorligini ko‘rsatuvchi belgilar yetarli edi.

Bozorga yangi ishtirokchi kirib, mijozlar bazasini shakllantirish uchun katta subsidiyalar ajratadi va bozorning ma’lum ulushini egallaydi. Bu odatiy hol.

Buni xotirjam qabul qilamiz, chunki bularning barchasi jadal o‘sayotgan bozorda sodir bo‘lmoqda. Agar bozor turg‘unlashgan yoki qisqarayotgan bo‘lganida, vaziyat butunlay boshqacha bo‘lardi.

Ammo O‘zbekiston bozoriga kirib, oradan bir muddat o‘tib uni tark etgan xalqaro va mahalliy kompaniyalar ham bo‘lgan. Sizningcha, nega ular muvaffaqiyatga erisha olishmadi?

Ride-hailing — talab va taklif o‘rtasidagi muvozanatni saqlash muhim bo‘lgan o‘ziga xos biznes. Bu sohada faqat bir tomonni rivojlantirishning o‘zi yetarli emas. Haydovchilar va yo‘lovchilar bazasini bir vaqtda, mutanosib ravishda kengaytirib borish kerak.

Agar xizmat ko‘plab haydovchilarni jalb qilsa-yu, buyurtmalar yetarli bo‘lmasa, mablag‘ behuda sarflangan bo‘ladi. Aksincha, ko‘plab yo‘lovchilarni jalb qilib, ularga yetarli haydovchilarni ta’minlay olmasa ham xuddi shunday vaziyat yuzaga keladi. Bu biznesda budjet muhim, ammo hal qiluvchi omil emas. Ko‘proq gipotezalarni sinab ko‘rib, tezroq xulosa chiqara olgan kompaniya yutadi.

Uklonni ko‘pincha yirik platformalar bilan raqobatga bardosh bera olmaydigan kichik o‘yinchi deb atashadi. Siz bu fikrga qanday qaraysiz?

Biznesimizning o‘ziga xos jihati shundaki, agar ma’lum bir hududda buyurtmalar zichligi va haydovchilar soni o‘rtasidagi muvozanatni saqlay olmasangiz, xizmat sifati keskin yomonlashishi mumkin. Shuning uchun biz uchun eng muhim vazifa — iqtisodiy samaradorlikni ta’minlaydigan bozor ulushini saqlab qolish.

Yetarli ulushga ega bo‘lsangiz, siz allaqachon kuchli raqobatchisiz, qolgani esa strategiyaga bog‘liq. Strategiyamiz esa o‘sib borayotgan bozorda ikkinchi yirik ishtirokchi bo‘lib qolish va maqsad qilgan bozor ulushiga erishishdan iborat.

Faoliyatingiz davomida O‘zbekiston bozorini tark etish haqida o‘ylagan paytingiz bo‘lganmi?

Hech qachon. Investitsion strategiyamiz reja asosida amalga oshmoqda. Bozorga kirishda tayanilgan barcha asosiy omillar o‘zini oqladi: bozor izchil o‘smoqda, tartibga solish siyosati aniq va investitsiyalarni himoya qilish mexanizmlari mavjud. Shu bois O‘zbekiston bozorini tark etish masalasi hech qachon kun tartibimizda bo‘lmagan.

Uklonni O‘zbekistonda ko‘pincha loukoster sifatida qabul qilishadi. Sizningcha, bu to‘g‘ri tavsifmi?

Yo‘q. Yondashuvimiz adolatli narxni taklif qilish. Bu prinsipial farq. Loukoster modeli odatda xizmat sifati yoki haydovchilar daromadi hisobidan xarajatlarni kamaytirishni anglatadi. Biz esa haydovchilarga raqobatbardosh daromad taklif qilamiz.

Unda narxni qanday qilib shu darajada ushlab turasiz?

Hozir buning asosiy omillaridan biri investitsiyalardir — safarlarning bir qismini subsidiya qilamiz. Bundan tashqari, mahsulotimiz tanlash erkinligi tamoyiliga asoslangan. Yo‘lovchi narxni o‘zi boshqaradi: agar shoshayotgan bo‘lsa, narxni oshirib, mashinani tezroq topishi mumkin. Vaqti bo‘lsa, narxni pasaytirib, biroz kutishni tanlaydi.

Chegirmalar tizimini ham sinab ko‘rdik, ammo testlar shuni ko‘rsatdiki, foydalanuvchilar uchun oddiy va tushunarli narx siyosati samaraliroq. O‘zbekistondagi mijozlar sun’iy chegirmalardan ko‘ra adolatli narxni afzal ko‘radi.

Xuddi shu tamoyil haydovchilar uchun ham amal qiladi. Ular ish hududini mustaqil belgilashi, buyurtmalarni narxi va yo‘nalishi bo‘yicha filtrlashi hamda buyurtmani qabul qilishdan oldin yakuniy manzilni ko‘rishi mumkin. Aynan shu jihatlar bizni raqobatchilarimizdan ajratib turadi.

Bu ham xizmatni ishga tushirishdagi kutilmagan qiyinchiliklardan biri bo‘ldi. Biz barcha vositalarni taqdim etsak, haydovchilar ulardan mustaqil foydalanadi, deb o‘ylagandik. Ammo bu yerda ular bunday imkoniyatlarga hali o‘rganmagan ekan. Shu sababli tushuntirish va o‘qitishga katta mablag‘ sarfladik. Ko‘plab tajribalar o‘tkazdik va ularning bir qismi yaxshi natija berdi. Hozir bu vositalardan samarali foydalanayotgan haydovchilar shunchaki ilova tavsiya qilgan buyurtmalarni qabul qilayotganlarga qaraganda ancha yaxshi natijalarga erishmoqda.

Hozir platformada necha nafar haydovchi bor?

Bugungi kunda Uklonda oyiga 20 mingdan ortiq faol haydovchi bor. Biz kamida bitta buyurtmani bajargan haydovchini faol deb hisoblaymiz. Ham yakka tartibdagi haydovchilar, ham taksi parklari bilan hamkorlik qilamiz. O‘tgan yili Toshkentda 15 mlndan ortiq safar amalga oshirilgan.

Platformalar o‘rtasida haydovchilar uchun raqobat bormi?

Ha, juda kuchli. Safarlarga bo‘lgan talab yangi haydovchilar oqimiga qaraganda tezroq o‘smoqda.

Shu bilan birga, ijobiy tendensiyani ham kuzatyapmiz: so‘nggi uch yil ichida Toshkentdagi haydovchilar bazasi qariyb uch baravar kengaydi. Bozorga yangi ishtirokchilarning kirib kelishi esa bu bazaning yanada o‘sishiga xizmat qiladi va natijada barcha bundan manfaat ko‘radi.

Ba’zan ilova uzoq vaqt mashina qidiradi, ammo oxirida “Kechirasiz, mashina topilmadi”, degan xabar chiqadi va buyurtma bekor qilinadi. Bunga nima sabab bo‘ladi?

Bu yerda har bir holatni alohida ko‘rib chiqish kerak. Ba’zan haydovchining telefoni o‘chib qoladi yoki quvvati tugaydi. Bunday operatsion holatlar har kuni uchrab turadi. Ular ommaviy tusga ega emas, ammo vaqti-vaqti bilan sodir bo‘lib turadi.

Yana bir sabab buyurtmalar ma’lum bir hududda keskin ko‘payadigan tig‘iz vaqtlar. Masalan, konsertlar, yirik sport o‘yinlari yoki ommaviy tadbirlar tugaganidan keyin shunday holatlar kuzatiladi. Bunday paytda yoningizda avtomobil topilmasa, muammo narxda emas, balki yaqin atrofda bo‘sh mashinaning jismonan mavjud emasligida bo‘ladi.

Ride-hailing xizmatlarida buyurtmalarning muvaffaqiyatli bajarilish darajasi 90% bo‘lsa, bu yaxshi natija sanaladi.

Uklon hozirda bu ko‘rsatkichga mos keladimi?

Bu ko‘rsatkich har kuni o‘zgarib turadi, lekin, ha.

Uklon ishga tushirilgan paytda xaritalar bilan bog‘liq muammolar ko‘p muhokama qilingandi. Hozir bu masala qanday hal etilgan? Bu muammoni hal qila oldingizmi?

OpenStreetMap negizida o‘z kartografik xizmatimizni ishlab chiqdik. Maxsus kartograflar jamoasi yo‘l tarmog‘ini muntazam yangilab boradi — obyektlar, chorrahalar va yo‘ldagi cheklovlarni xaritaga kiritadi. Natijada xaritalar sifati sezilarli darajada yaxshilandi.

Ilova ichidagi navigatorni rivojlantirish biz uchun ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda.

O‘zbekistonda, boshqa bozorlardan farqli ravishda, haydovchilar tashqi navigatorlardan foydalanishga o‘rganmagan, ular ilova ichidagi navigatsiyani afzal ko‘radi. Bu xizmatni ishga tushirganimizdan so‘ng darhol angladik. Shundan so‘ng olti oy davomida o‘z navigatorimizni ishlab chiqib, may oyida uni sinov tariqasida ishga tushirdik.

Kyivstar bilan bitim tuzilganiga deyarli bir yil bo‘ldi. Shu davrni qanday baholaysiz? Bu kelishuv Uklon uchun nimalarni o‘zgartirdi?

Men bu bitimni har ikki tomon uchun ham muvaffaqiyatli, deb baholayman. U ikkita muhim imkoniyatni berdi. Birinchisi, uzoq muddatli rejalashtirish ufqini kengaytirdi. Endi biz resurslari katta xalqaro guruh tarkibiga kiramiz va bu strategiyamizni shakllantirish hamda yangi loyihalarni ishga tushirishga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda. Ikkinchisi esa haqiqiy sinergiyani yaratish imkoniyati. Ukrainada bu Kyivstar va Uklon hamkorligi bo‘lsa, O‘zbekistonda Beeline va Uklon o‘rtasidagi hamkorlikdir.

Kengroq ma’noda olganda, dunyoda telekommunikatsiya va ride-hailing xizmatlari integratsiyasining muvaffaqiyatli keng ko‘lamli misollari deyarli yo‘q. Biz ana shunday modelni birinchilardan bo‘lib yaratmoqdamiz va bu o‘z-o‘zidan qiziqarli tajriba. Bundan tashqari, VEON guruhiga qo‘shilish uning faoliyat yuritayotgan bozorlari Pokiston, Bangladesh va Qozog‘istonga chiqish imkoniyatini ochadi. Bu xalqaro kengayish strategiyamizni o‘zgartiradi: endi kirishni rejalashtirayotgan bozorlarda tayyor infratuzilma bazasiga tayanish imkoniga egamiz.

O‘zbekistonda Beeline bilan hamkorlik doirasida bugunga qadar nimalar amalga oshirildi?

Operatsion darajada bir nechta yo‘nalishlarda hamkorlik allaqachon yo‘lga qo‘yilgan. Birinchisi, Beeline ofislarida haydovchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun qo‘shma xizmat nuqtalarining tashkil etilishi. Endi haydovchilar ofisga kelib, mutaxassis bilan bevosita muloqot qilishi va onboarding (ishga moslashish/tizimga kirish) jarayonidan o‘tishi mumkin.

Ikkinchisi, Beepul to‘lov xizmatining integratsiyasi. Biz har bir mamlakatda bir nechta to‘lov provayderlari bilan ishlaymiz. Beepul ham ana shunday hamkorlardan biriga aylandi va hozirda ilovadagi to‘lovlarning bir qismi ushbu xizmat orqali amalga oshirilmoqda.

taksi, uklon, ukraina, wb taxi

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Uklon hududlarga chiqishni rejalashtiryaptimi?

Hozircha asosiy e’tiborimiz Toshkentga qaratilgan va biz diqqatimizni boshqa yo‘nalishlarga chalg‘itishni istamaymiz.

Biroq har chorakda bozor holatini tahlil qilib boramiz va yangi shaharlarga chiqish imkoniyatlarini ko‘rib chiqamiz. Bunda har bir hududdagi “yunit-ekonomika” hamda investitsiya strategiyasini alohida baholaymiz.

Hozircha o‘rtacha chek Uklon va bozordagi boshqa ishtirokchilar uchun muhim ko‘rsatkich bo‘lib qolmoqda. Hududlarda bu ko‘rsatkich Toshkentga qaraganda ancha past. Haydovchilar esa ko‘pincha ilova orqali keladigan buyurtmalardan ko‘ra, ko‘chadan mijoz topishni afzal ko‘radi, chunki bu ularga ko‘proq daromad keltirishi mumkin.

Umuman olganda, narxni oshirish eng ommabop yechim emas. Biroq ba’zan biroz ko‘proq to‘lash evaziga safarni amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘lish muhimroq. Bundan tashqari, agregator orqali ishlash xavfsizlik, nazorat, haydovchilarni tekshirish, ro‘yxatdan o‘tkazish va foydalanuvchi uchun muhim bo‘lgan boshqa ko‘plab afzalliklarni beradi. Hududlarda esa bu tizimni hali shakllantirish kerak.

Biroq O‘zbekiston hududlari bu aniq istiqbolli yo‘nalish. Ishonchim komilki, yaqin vaqt ichida bu bozorlarda yangi ishtirokchilar paydo bo‘ladi. Bu biz bo‘lamizmi yoki raqobatchilarimizmi — vaqt ko‘rsatadi. Chunki bu yo‘nalishdagi o‘sish tendensiyasi allaqachon yaqqol ko‘rinib turibdi (Izoh: Spot ma’lumotiga ko‘ra, iyun oyida WB Taxi Samarqandda faoliyatini boshlagan).

Nega Uklon Qozog‘istonni emas, O‘zbekistonni tanladi?

Ikkala bozorni ham chuqur tahlil qildik. Investitsion nuqtayi nazardan O‘zbekiston g‘olib chiqdi — eng yaxshi o‘sish salohiyati va bozor qoidalari yanada tushunarli va barqarorligi bilan. Olti yillik investitsiya gorizontiga ega biznes uchun aynan shu omillar hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Xalqaro kompaniyalar O‘zbekiston bozorini baholashda ko‘pincha nimalarni noto‘g‘ri tushunishadi?

Men “noto‘g‘ri tushunishadi” emas, balki “yetarlicha qadrlashmaydi”, deb aytgan bo‘lardim. O‘zbekistonda juda chuqur madaniy kod mavjud — bu oila, o‘zaro qo‘llab-quvvatlash va hamjamiyat tushunchalaridir. Bu shunchaki alohida xususiyat emas, balki turli yoshdagi insonlarning, jumladan yoshlarning ham kundalik xulq-atvoriga singib ketgan. Agar bu jihatlarni ichdan his qilmasangiz, boshqa bozorlarda ishlagan yondashuvlarni shunchaki ko‘chirib olib kelish va buning uchun katta mablag‘ sarflash mumkin.

Yangi bozorga kirishda O‘zbekistondagi tajribangiz sizga qanday yordam beradi?

Uchta muhim jihatni ajratib ko‘rsatgan bo‘lardim. Birinchisi, imkon qadar tezroq mahalliy jamoani shakllantirish va unga ko‘proq vakolat berish. Biz dastlab boshqaruvni bosh ofisdan yo‘lga qo‘ydik va bu xato bo‘ldi. Mahalliy jamoa bozorni ichidan his qilib, natijalarga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.

Ikkinchisi, minimal funksionallik bilan ishga tushirish, hatto dastlab faqat bitta asosiy tugma bilan boshlash. Biz haydovchilarga barcha vositalarni bir vaqtning o‘zida taqdim etdik va bu ma’lum darajada to‘siqqa aylandi.

Uchinchisi, brendga sarmoya kiritishni ertaroq boshlash. Biz uzoq vaqt davomida operatsion ko‘rsatkichlarga e’tibor qaratdik va brend xabardorligini oshirish ishlarini kechiktirdik.

Yaqin yillarda Uklondan qanday yangiliklarni kutish mumkin?

Biz allaqachon yagona mahsulot modelidan ekotizim yaratish bosqichiga o‘tyapmiz. Bu yil yana bir mamlakat bozoriga chiqish imkoniyatini ham ko‘rib chiqmoqdamiz.

Va, albatta, Ukrainada yetakchilikni mustahkamlash.