Bosh sahifa Blog Sahifa 78

Xorijdagi o‘zbekistonliklar uchun Vatandosh ID-kartasi joriy etiladi

0

Bu orqali O‘zbekiston hududiga vizasiz kirish, fuqarolar uchun belgilangan tibbiy va ta’lim xizmatlaridan foydalanish mumkin bo‘ladi.

20-noyabrda qabul qilingan prezident qarori bilan “Vatandosh” guvohnomasi va kartasini rasmiylashtirish, ularni berish hamda bekor qilish tartibi tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanalida xabar berildi. “Vatandosh” guvohnomasi xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarni rag‘batlantirish shakli hisoblanadi. U mamlakatning iqtisodiy va ijtimoiy hayotida ishtirok etayotgan, boshqa davlatlar bilan munosabatlarni mustahkamlashga hissa qo‘shayotgan, xayriya (metsenatlik) ishlarini amalga oshirayotgan vatandoshlarga minnatdorchilik va tashakkur belgisidir.

Bu hujjat asosida xorijdagi fuqarolarga “Vatandosh” kartasi beriladi. O‘z navbatida, mazkur ID-karta 5 yilga taqdim etilib, u O‘zbekiston hududida belgilangan imtiyozlardan foydalanish huquqini beradi. Uni olishda vatandosh milliy pasportining amal qilish sanasidan kelib chiqiladi.

Vazirlik va idoralar tomonidan taklif va tashabbus asosida guvohnoma berish bo‘yicha taqdim etilgan nomzodlarni ko‘rib chiqish uchun Komissiyaga tavsiyanoma kiritiladi.

Kartaga ega vatandoshlarga quyidagi huquqlar beriladi:
  • O‘zbekiston hududiga vizasiz kirish va chiqish;
  • mamlakat hududida ko‘chmas mulk sotib olishda chet el fuqarolariga nisbatan belgilangan ko‘chmas mulk miqdorlari qo‘llanilmaydi va O‘zbekistonda yashash guvohnomasi talab qilinmaydi;
  • xorijiy fuqaroga beriladigan mehnat faoliyatiga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlarsiz mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish;
  • O‘zbekiston fuqarolari uchun belgilangan shartlarda tibbiy, ta’lim va boshqa davlat xizmatlaridan foydalanish.

Karta egalarining oila a’zolariga (ota-onasi, eri yoki xotini va voyaga yetmagan farzandlari) quyidagi imtiyozlar beriladi:

  • viza muddatini uzaytirishda O‘zbekiston hududidan chiqmasdan cheklanmagan miqdorda uzaytirish bilan davlat bojisiz ko‘p martalik viza olish;
  • O‘zbekiston fuqarolari uchun nazarda tutilgan shartlarda tibbiy, ta’lim va boshqa davlat xizmatlaridan foydalanish;
  • vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olishni davlat boji undirilmasdan IIOlarda rasmiylashtirish va uzaytirish.

Vazirlar Mahkamasining a’zolari tayinlandi. Ro‘yxat

0

Prezident farmoni bilan hukumat a’zoligiga nomzodlar tasdiqlandi.

Prezident farmoni bilan Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 21-noyabrdagi tegishli qarorlari bilan Vazirlar Mahkamasining a’zoligiga nomzodlar ma’qullandi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston Konstitutsiyasining 109-moddasi bilan quyidagi tayinlovlar amalga oshirildi:

  • Ochilboy Jumaniyazovich Ramatov — Bosh vazir o‘rinbosari;
  • Jamshid Anvarovich Qo‘chqorov — Bosh vazirining o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri;
  • Jamshid Abduhakimovich Xo‘jayev — Bosh vazir o‘rinbosari;
  • Zulayho Bahriddinovna Mahkamova — Bosh vazir o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi;
  • Laziz Shavkatovich Qudratov — Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri;
  • Botir Erkinovich Zohidov — Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri;
  • Ibrohim Yulchiyevich Abdurahmonov — Qishloq xo‘jaligi vaziri;
  • Shavkat Raximovich Hamroyev — Suv xo‘jaligi vaziri;
  • Sherzod Saidjanovich Xidoyatov — Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri;
  • Ilhom Rustamovich Mahkamov — Transport vaziri;
  • Jo‘rabek Tursunpo‘latovich Mirzamahmudov — Energetika vaziri;
  • Bobur Farhodovich Islomov — Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri;
  • Sherzod Xotamovich Shermatov — Raqamli texnologiyalar vaziri;
  • Aziz Abduqahhorovich Abduhakimov — Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri;
  • Asilbek Anvarovich Xudayarov — Sog‘liqni saqlash vaziri;
  • Hilola O‘ktamovna Umarova — Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri;
  • Kongratbay Avezimbetovich Sharipov — Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri;
  • Adxam Ilxamovich Ikramov — Sport vaziri;
  • Ozodbek Ahmadovich Nazarbekov — Madaniyat vaziri;
  • Akbar Jo‘raboyevich Toshqulov — Adliya vaziri;
  • Baxtiyor Odilovich Saidov — Tashqi ishlar vaziri;
  • Abdulla Xamidullayevich Qo‘ldashev — Favqulodda vaziyatlar vaziri;
  • Po‘lat Razzaqovich Bobojonov — Ichki ishlar vaziri;
  • Bahodir Nizamovich Qurbonov — Mudofaa vaziri.

O‘zbekiston Konstitutsiyasining 114-moddasiga muvofiq, Qoraqalpog‘iston hukumatining boshlig‘i O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi tarkibiga o‘z lavozimi bo‘yicha kiradi.

 

Shavkat Mirziyoyev bosh vazir lavozimiga Abdulla Aripov nomzodini ko‘rsatdi

0

Davlat rahbari O‘zbekiston bosh vaziri lavozimiga Abdulla Nig‘matovich Aripov nomzodini ko‘rsatishga qaror qilganini aytdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisi bo‘lib o‘tyapti.

Prezident Yangi O‘zbekiston yangi parlamenti bilan birga o‘z taraqqiyotining hal qiluvchi bosqichiga qadam qo‘yayotganini ta’kidladi. Bu yangi davrda kechagi talab va mezonlar bilan, eskicha ishlab bo‘lmasligi qayd etildi.

Shu bois hukumat o‘z faoliyatini mutlaqo yangicha asosda tashkil etishi kerak, buning uchun unga kuchli rahbar, ya’ni, bosh vazir zarur.

Davlat rahbari bu masalani atroflicha o‘ylab, O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri lavozimiga Abdulla Nig‘matovich Aripov nomzodini ko‘rsatishga qaror qilganini aytdi.

Abdulla Aripov katta tashkilotchilik salohiyatiga ega bo‘lgan, ijro hokimiyati tizimida boy bilim va tajriba orttirgan, mas’uliyatni doimo chuqur his etadigan rahbar ekani ta’kidlandi.

Ushbu nomzod bugun hukumat oldiga qo‘yilgan, ko‘lami va miqyosi benihoya katta bo‘lgan muhim vazifalarni hal etishda Vazirlar Mahkamasi faoliyatini samarali tashkil qilishi, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlarini birlashtirib, yagona maqsad sari safarbar eta olishiga ishonch bildirildi.

Prezident Abdulla Aripov nomzodini deputatlar muhokamasiga taqdim etdi.

O‘n oyda O‘zbekistonga 6,5 mln nafar turist tashrif buyurdi

0

Yetakchilikni 1,88 mln nafar sayyoh bilan Tojikiston egalladi. Qirg‘iziston va Qozog‘iston undan keyingi o‘rinlarda joylashdi.

Joriy yilning yanvar-oktabr oylarida O‘zbekistonga tashrif buyurgan chet el fuqarolari soni 6,5 mln nafarni tashkil etdi. Bu haqda Statistika agentligi ma’lum qildi.

Ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 951,3 ming nafarga yoki 17,2%ga oshgan. Bir oyda esa 763,9 ming nafar turist mamlakatga kelgan. Tojikiston 1,88 mln nafar sayyoh bilan yetakchilik qilmoqda. Oktabr oyida mamlakatdan 210,9 ming nafar fuqaro turistik maqsadda O‘zbekistonga tashrif buyurgan.

Qirg‘iziston 1,87 mln nafar turist bilan ikkinchi o‘rinda turibdi. Bir oyda bu mamlakatdan kelgan sayyohlar soni 222 ming nafardan ortiqni tashkil etdi. Qozog‘istondan bir oyda tashrif buyurgan turistlar soni 138,2 ming nafar, o‘n oyda esa 1,26 mln nafar bo‘lgan.

Shuningdek, o‘tgan davrda Rossiyadan 686,7 ming nafar (oktabr oyida 77 ming nafar), Turkmaniston — 145 ming nafar (24,6 ming nafar), Turkiya — 95,7 ming nafar (11,4 ming nafar) hamda Xitoydan 57,7 ming nafar (7,3 ming nafar) sayyoh kelgan.

Bundan tashqari, yanvar-oktabr oylarida Hindiston (55,9 ming nafar), Janubiy Koreya (36,5 ming nafar), Italiya (36,3 ming nafar) hamda boshqa davlatlardan (366,6 ming nafar) ham turistlar tashrif buyurdi.

Endi yuqori reytingga ega tadbirkorlar soliq tekshiruvlaridan ozod etiladi

0

Yuqori reytingga ega kompaniyalarga nisbatan ortiqcha hisoblangan soliq summasi 3 kunda qaytarib beriladi.

15-noyabr kuni prezident tomonidan imzolangan qonun bilan Soliq kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.

Hujjat bilan, mazkur o‘zgarishlar yuqori barqarorlik reytingiga ega bo‘lgan tadbirkorlar uchun rag‘batlantirish choralari joriy etilishini nazarda tutadi. Endilikda yuqori reytingga ega kompaniya va tadbirkorlarga nisbatan soliqlar bo‘yicha (QQSdan tashqari) ortiqcha to‘langan summani qaytarish 3 kunlik muddatda amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, reyting bo‘yicha “AAA” toifadagi biznes egalariga nisbatan soliq tekshiruvlari o‘tkazilmaydi. Biroq bundan jinoiy ishlar doirasida o‘tkaziladigan tekshiruvlar mustasno.

Shu bilan birga, mazkur toifadagi tadbirkorlarga QQS summasi o‘rnini qoplash tekshiruvlar o‘tkazilmasdan 1 kunlik muddatda amalga oshiriladi.

Barqarorlik reytingi

Shavkat Mirziyoyev 15-yanvar kuni mamlakatda tadbirkorlarning barqarorlik reytingini joriy qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. 23-yanvarga kelib esa mazkur reytingni joriy etish to‘g‘risidagi prezident qarori imzolandi.

Hukumatning 30-yanvardagi qarori bilan reytingni aniqlash to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Xususan, barqarorlik reytingini aniqlashda 23ta mezon, 9ta jarima va 4ta rag‘batlantirish qo‘llaniladi.

2024-yilning 1-aprelidan tadbirkorlarga subsidiya, imtiyoz va preferensiyalar ularning reyting darajasidan kelib chiqqan holda joriy etilishi belgilandi.

Qo‘llab-quvvatlash choralari ro‘yxatdan o‘tganiga 6 oy bo‘lmagan hamda prezident farmoniga muvofiq 4 va 5-toifadagi tumanlarda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarga ularning reyting darajasidan qat’i nazar amaldagi miqdorlarda taqdim etiladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida xaridlar markazi tashkil qilinadi

0

Markazga 2025-yildan boshlab, dori vositalari va laboratoriya uskunalarini bevosita ishlab chiqaruvchidan to‘g‘ridan to‘g‘ri xarid qilishga ruxsat beriladi.

Shavkat Mirziyoyev 14-noyabr kuni kasalliklarni erta aniqlash va samarali davolashga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Dori vositalari va tibbiy buyumlarni o‘n besh oylik talab asosida xarid qilish tizimi taklif etilmoqda. Bunda kelgusi yillar uchun ehtiyojlar 1-avgustdan kechikmasdan, davlat budjeti parametrlari bilan bir vaqtda shakllantiriladi.

Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida “Xaridlar markazi” va uning 13ta hududiy filiali tashkil qilinadi. Markazga 2025-yil 1-yanvardan boshlab, dori vositalari va yopiq turdagi laborator uskunalar uchun sarflov vositalarini bevosita ishlab chiqaruvchidan to‘g‘ridan to‘g‘ri xarid qilishga ruxsat beriladi.

Yana bir taklifga ko‘ra, donorlarni qo‘llab-quvvatlash kengaytiriladi. Jumladan, “O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori” ko‘krak nishoni olganlarga bir yo‘la beriladigan pul mukofoti bazaviy hisoblash miqdorini 5 baravaridan 15 baravarigacha oshiriladi.

Ularga jamoat transportidan bepul foydalanish huquqi beriladi, davlat sihatgohlarida davolanish navbatsiz bo‘ladi.

Ta’kidlanishicha, ushbu yangi tizim kelgusi yil 1-yanvardan joriy qilinishi belgilandi.

Mamlakatda sanitariya va fitosanitariya choralari bo‘yicha Jahon savdo tashkilotini xabardor qilish tartibini yo‘lga qo‘yish masalasi ham ko‘rib chiqildi.