Bosh sahifa Blog Sahifa 72

Kelasi yildan ayrim soliqlar tuman va shahar budjetida qoladi

0

Mahalliy Kengashlarga soliq stavkalariga nisbatan koeffitsiyent qo‘llashga ruxsat beriladi.

20-dekabr kuni hududlarda yuqori iqtisodiy o‘sish va aholi bandligini ta’minlashning yangi tizimini yo‘lga qo‘yish hamda bu borada mahalliy hokimliklarning roli va mas’uliyatini oshirishga qaratilgan prezident farmoni qabul qilindi.

Hujjat bilan, mahalliy hokimliklarning moliyaviy imkoniyat va vakolatlari oshiriladi. 2025-yildan aylanmadan olinadigan soliq, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq, yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i, davlat aktivlarini ijaraga berishdan tushumlar to‘liq hajmda tuman (shahar)lar budjetlariga o‘tkaziladi. Biroq, JShODS tushumlarining kamida 50%i beriladi. Hokimliklarga tegishli bo‘lgan aksiyalar (ulushlar)ni sotishdan tushgan mablag‘larning 90%i Qoraqalpog‘iston budjetiga, viloyatlarning viloyat budjetiga va Toshkent shahrining shahar budjetiga hamda obyekt joylashgan tuman (shahar) budjetiga teng ulushlarda taqsimlanadi.

Kelasi yildan Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlariga tuman (shahar)larning iqtisodiy rivojlanish darajasidan kelib chiqib, YTTlar uchun JShODSning eng kam va eng yuqori qat’iy belgilangan stavkalari doirasida tuman (shahar)lar kesimida YTTlarga qat’iy soliq stavkalari miqdorini belgilashga ruxsat beriladi.

Shuningdek, ular soliq solish maqsadida qo‘llanadigan ko‘chmas mulk ijara qiymatining 1 kv.metr uchun o‘rnatilgan minimal miqdorlariga nisbatan tuman (shahar)lar kesimida 2 barobargacha oshiruvchi koeffitsiyent, xususan, Toshkent shahrida uni yer solig‘i kabi zonalar kesimida qo‘llashlari mumkin bo‘ladi.

Xalq deputatlari tuman (shahar)lar kengashlari suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalariga 0,7 barobardan 1,5 barobargacha kamaytiruvchi yoki oshiruvchi koeffitsiyent qo‘llashga ruxsat beriladi. Noruda qurilish materiallari bo‘yicha yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliqning qat’iy belgilangan stavkalariga 1,3 barobargacha oshiruvchi koeffitsiyent belgilash vakolatlari beriladi.

Keyingi yilda 78ta tuman budjet xarajatini o‘zi qoplashga o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Buning uchun yer, mol-mulk va aylanma solig‘i to‘liq, daromad solig‘ining 50%i ularning o‘zida qoldiriladi.

Banklar tadbirkorlar uchun xorijdan davlat kafolatisiz $6 mlrd jalb qilishi rejalashtirilgan

0

Shuningdek, kichik biznesga beriladigan kreditlar ulushi hozirgi 28%dan 40%ga oshirilib, 120 trln so‘mga yetkaziladi.

Shavkat Mirziyoyev raisligida tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha joriy yil yakunlari va 2025-yilga asosiy rejalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi hamda yetakchi tadbirkorlar bilan muloqot bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda prezident matbuot kotibi ma’lum qildi.

Muloqotda so‘nggi yillarda iqtisodiyotda pul ko‘paygani, investitsiya loyihalarini barqaror moliyalashtirish mustahkam asosi yaratilgani ta’kidlandi. Jumladan, korxonalarning banklardagi mablag‘lari 20 trln so‘mga oshib, 107 trln so‘mga yetdi. Aholi omonatlari ham 25 trln so‘mga ko‘payib, 105 trln so‘m bo‘lgan

“Bu banklarimiz barqar rivojlanayotgani, ularga aholi va tadbirkorlarimiz ishonchi ortib borayotganidan dalolat ekani” deya ta’kidladi prezident.

Yil yakuni bilan ajratilgan jami kreditlar 275 trln so‘mni tashkil qiladi. 2025-yilda bu 300 trln so‘mdan oshishi hisob-kitob qilingan.

Ayniqsa, kichik biznesga beriladigan kreditlar ulushi hozirgi 28%dan 40%ga oshirilib, 120 trln so‘mga yetkaziladi. Tadbirkorlar ehtiyojidan kelib chiqib banklarimiz 2025-yilda chetdan davlat kafolatisiz $6 mlrd jalb qilishi rejalashtirilgan.

Yig‘ilishda biznes uchun yo‘l, suv, elektr, gaz, temir yo‘l kabi infratuzilma obyektlarini yaxshilashga bu yil 35 trln so‘m yo‘naltirilgani, kelgusi yil yana 43 trln so‘m ajratish rejalashtirilgani qayd etildi.

Ta’kidlanishicha, korxonalarni barqaror energiya bilan ta’minlash uchun elektr ishlab chiqarish 82 mld kilovatt-soatga yetdi.

Bu yil ishga tushgan $6,3 mlrdlik 17ta yirik “yashil” va yangi texnologiyaga asoslangan energiya quvvatlari hisobiga kelgusi yilda qariyb 90 mlrd kilovatt-soat elektr ishlab chiqariladi. Bu ishlar davom ettirilib, 2025-yilda yana $6,4 mlrdlik 25ta loyiha doirasida 4,8 gigavatt yangi quvvatlar barpo etiladi.

Endi energiya sohasida ham raqobatli bozorga o‘tish vaqti kelgani qayd etildi. Hozirgi kunda mamlakatda mustaqil energiya ishlab chiqaruvchilar soni 24taga yetdi. Ilk bor 2025-yilda elektr energiyasining onlayn ulgurji bozori ishga tushadi.

Mahalliy farmatsevtika korxonalari uchun bojxona imtiyozlari 2028-yilgacha uzaytiriladi

0

Farmatsevtika tarmog‘ida Ilg‘or loyihalar investitsiya jamg‘armasi tashkil etilib, u biofarmatsevtika, hujayra texnologiyalari, onkologiya kabi yo‘nalishlardagi loyihalarga ulush bilan kiradi.

Shavkat Mirziyoyev 18-dekabr kuni “Tashkent Pharma Park” innovatsion klasterida farmatsevtika sohasidagi korxonalar rahbarlari bilan muloqot qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Oxirgi yetti yilda farmatsevtikada ishlab chiqarish 2 karra oshgan, eksport 11 barobar ko‘paygan. $750 mln investitsiya o‘zlashtirilib, korxonalar soni 3 barobar o‘sgan.

Mamlakatda ishlab chiqarilayotgan 3,5 ming turdagi dori vositalari va tibbiy buyumlar talabni to‘la qoplamayotgani, shu bois davlat rahbari ko‘p turdagi dorilarni mahalliylashtirish va eksportni kengaytirish bo‘yicha muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

“Asakabank” va Farmatsevtika agentligiga yirik mahalliy korxonalar bilan birga 2025-yilda keng iste’mol qilinadigan 200 turdagi dori vositalarini o‘zlashtirish hamda ishlab chiqarishni 2 barobar oshirish bo‘yicha dastur tayyorlash topshirildi. Bunday loyihalarga xorijdan jalb qilingan $400 mln qulay shartlarda yo‘naltiriladi. Farmatsevtika tarmog‘ida Ilg‘or loyihalar investitsiya jamg‘armasi tashkil qilinadi. Bu jamg‘arma biofarmatsevtika, hujayra texnologiyalari, onkologiya kabi yo‘nalishlardagi loyihalarga ulush bilan kiradi, ularga katalizator bo‘ladi.

Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan “Asakabank»ka sohani rivojlantirish uchun ochilgan $100 mln kredit liniyasi lizing uchun ham beriladi. Bank tomonidan farmatsevtika sohasida yangi ishlanmalarni tijoratlashtirish va startap loyihalarni moliyalashtirish uchun $10 mln venchur kompaniya ochiladi. Startap loyiha chetdan qancha mablag‘ jalb qilsa, mazkur kompaniya shuncha pulni qo‘shimcha ekspertizasiz beradi.

Yangi ishlanmalar uchun Innovatsiya jamg‘armasidan 20 mlrd so‘m grant ajratiladi. Bu olimlar yaratayotgan yangi mahalliy dori ishlanmalarini tijorat loyihasiga aylantirish va startaplar uchun yo‘naltiriladi. Mahalliy farmatsevtika korxonalariga 2025-yilgacha berilgan bojxona imtiyozlari muddati yana 3 yilga uzaytiriladi.

Mamlakat korxonalari yetakchi xorijiy farmatsevtika kompaniyalari texnologiyasi va retsepti asosida dorilar chiqarishga tayyor. Lekin bunday kooperatsiya uchun huquqiy asos yaratilmagani sababli har bir dorini yangi mahsulot kabi klinik tadqiqot va ro‘yxatdan o‘tkazishga to‘g‘ri kelayapti. Bunga ko‘p vaqt ketadi. Shu bois bu tartibni soddalashtirish muhimligi aytildi.

Tadbirkorlarning eksport bozorlarini kengaytirish uchun AQShning Oziq-ovqat va dori vositalari sifati nazorati boshqarmasi (FDA) hamda Yevropa tibbiyot agentligi sertifikatlarini olish xarajatlari budjetdan qoplab beriladi.

Mamlakatda o‘simliklarni sanoat usulida yetishtirib, qayta ishlash orqali substansiya va kosmetik komponent olish rivojlanayapti. Shunga muvofiq, “Asakabank” ishtirokida kelgusi yilda har biri 5 gektardan bo‘lgan dorivor o‘simliklar plantatsiyasi barpo etilib, ularni qayta ishlash bo‘yicha 5ta namunaviy loyiha bajariladi.

Farmatsevtikada $1 mlrdlik loyihalar shakllantirilishi belgilandi. Ular talab yuqori dori vositalarini chet elnikidek sifatda ishlab chiqarib, bozorda raqobat yaratib, narxlarni arzonlashtirishga qaratilgan.

B&B qahvaxonalari tarmog‘i asoschisi Jahongir Umarovning 5 xatosi

0

Toshkentdagi “B&B” qahvaxonalari tarmog‘i asoschisi Jahongir Umarovning umumiy ovqatlanish sohasiga qiziqishi Buyuk Britaniyadagi universitetda ta’lim olayotgan paytida boshlagan. U yerda u barcha bosqichlar — erta smenalardan tortib operatsion boshqarishgacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi.

Qahvaxona madaniyati va yuqori darajadagi xizmat ko‘rsatishi bilan ajralib turadigan Angliyaning raqobatbardosh bozorida orttirilgan tajriba tadbirkorga katta maktab bo‘lib, kelajakdagi biznesi uchun mustahkam poydevor vazifasini o‘tadi.

O‘zbekistonga qaytgach, Jahongir Yevropa tajribasini vatanida tatbiq etishga qaror qilib, ikki sherigi bilan “B&B” qahvaxonasini ishga tushirdi. Qahvaxona asta-sekin sakkizta muassasadan iborat tarmoqqa aylanib bordi. Bu bilan to‘xtab qolishni istamagan do‘stlar qahvaxonadan tashqari birgalikda “Roots” eksperimental kafesini ham ochishdi, ammo loyiha muvaffaqiyatsiz yakunlanib, uni yopishga to‘g‘ri keldi.

Oradan vaqt o‘tib, ular o‘rtasida “B&B” qahvaxona tarmog‘ini rivojlantirishdagi qarashlar farq qila boshladi va bu sheriklar almashishiga olib keldi.

Ayni damda, Jahongir Dubaydan boshlab xalqaro bozorga chiqishni hamda O‘zbekistonning boshqa shaharlarida o‘z o‘rnini mustahkamlashni rejalashtirmoqda.


“Roots” kafesining muvaffaqiyatsiz joylashuvi

2017-yilda “B&B»ni ochganimizdan so‘ng bizda anchagina tajriba paydo bo‘lgandi. Shu sababli sheriklarimiz bilan yangi loyiha — “Roots” kafesini ishga tushirishga qaror qildik. Bir qarashda hammasi ideal bo‘lib tuyulgan, lekin markaziy ko‘chadan bor-yo‘g‘i 20 metr uzoqlikda joylashgan joy topildi. Bu arzimasdek tuyulgan detal hal qiluvchi rol o‘ynadi. Tashrif buyuruvchilar oqimi biz kutgandan ancha past bo‘ldi, sababi kafe ularning e’tiboridan ancha chetda joylashgandi. Bu past trafikka ega bo‘lgan “o‘tmas joy»ning ta’siri edi. Yil oxiriga kelib, kafe kutilganidek natija bermagani ma’lum bo‘ldi.

Bu menga katta saboq bo‘ldi. Hozir qahvaxona uchun yangi nuqtalarni tanlayotganda lokatsiyalarini sinchiklab o‘rganaman. Kafe gavjum ko‘chalarda yoki asosiy trassalar bo‘ylab ko‘zga tashlanishi lozim, mavze ichkarisida yashirinib turmasligi kerak. Biznesning joylashuvi odamlarning — ishga ketayotganda, maktab yoki uy yonida, ya’ni kundalik hayotining bir qismi o‘tadigan manzilda bo‘lishi lozim. Bir hududda bir nechta nuqtani ochganimizda, bu mavjudlik effektini yaratadi, esda qolishga yordam berib, brend bilan aloqani mustahkamlaydi.

Uchta asosiy tamoyilni shakllantirdim:

  • trafik tahlili — har kuni qancha odam o‘tayotganini bilish kerak;
  • muvaffaqiyatli atrof-muhit — ofislar, oliygohlar va boshqa e’tiborga molik joylarning yaqinligi mijozlarning barqaror oqimini ta’minlaydi;
  • intuitsiya o‘rniga ma’lumotlar — joylashuvni tanlash taxminlarga emas, balki tadqiqotlarga asoslanishi kerak. Bu vaqt va resurslarni talab qiladi, lekin kutilmagan hodisalardan xalos qilib, xatolarni takrorlamaslikka yordam beradi.

Qimmat, lekin mos kelmaydigan texnika tanladik

“B&B” tarmog‘ini rivojlantirishning ilk bosqichida yuqori sifat standartlarini joriy etishga intildim. Dastlabki katta sarmoyalardan biri taxminan €15 minglik premium qahva mashinasini sotib olish bo‘ldi. Zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan bu qurilma harorat va bosimni aniq nazorat qilish hamda suvni bir tekis taqsimlash tizimi orqali qahvani doimiy ravishda bir xil tayyorlanishini ta’minlardi. Bularning barchasi ishdagi yuklamadan qat’i nazar, ichimliklarning yuqori sifatini va’da qilardi. Bu uskuna bizning ustunligimiz va barqarorligimizning kafolati bo‘lishiga ishonchim komil edi.

Biroz vaqtdan keyin uning mahalliy sharoitga moslashmagani ma’lum bo‘ldi: suvning sifati va noturg‘un kuchlanish jiddiy muammolarga olib keldi. Mashina filtrlangan suv va barqaror kuchlanishni talab qilar, bizda esa bunday imkoniyat mavjud emasdi. Bundan tashqari uskunaning qahva navlariga sezgirligi ham hisobga olinmagandi. Oxir-oqibat, tig‘iz kunlarning birida mashina ishdan chiqib, faoliyatimizni butunlay to‘xtatib qo‘ydi va bizni norozi mijozlar, moliyaviy yo‘qotishlar bilan yuzma-yuz qoldirdi. Bu vaziyat menga saboq berdi. Endi uskunalarni tanlashga yanada ehtiyotkorlik bilan yondashyapman. Juda yangi va tajribadan o‘tmagan modellarni sotib olishni to‘xtatib, bozorda o‘zini uzoq vaqtdan beri isbotlagan, ishonchliligi tasdiqlangan texnikani afzal ko‘radigan bo‘ldim. Hozir Italiyada ishlab chiqarilgan, qiymati $7 mingdan $10 minggacha bo‘lgan qahva mashinalarini tanlayapmiz. Ishlab chiqaruvchining xizmat ko‘rsatish va mahsulot kafolatlini qo‘llab-quvvatlash uchun mahalliy vakolatxonasi bo‘lishi muhimdir.

Bundan tashqari, uskunalar profilaktikasiga bo‘lgan munosabat butunlay o‘zgardi. Hozirda uskunalarga muntazam texnik xizmat ko‘rsatish odatiy holga aylanib, bu jarayonga ixtisoslashgan kompaniyalarni jalb qilyapmiz. Asbob-uskunalarning mustahkamligi bevosita to‘g‘ri foydalanish va uni saqlash bilan bog‘liq. Ushbu yondashuv bizga texnikalarni ishlamay qolishini minimallashtirishga va mijozlarga xizmat ko‘rsatishning yuqori sifatini saqlab qolishga yordam beradi.

Sheriklar bilan biznesda qarashlarning mos kelmasligi

Biznesni ishga tushirganimizdan uch-to‘rt yil o‘tgach, sheriklarimiz bilan kompaniyaning kelajagi haqidagi qarashlarimiz bir-biridan farq qila boshladi. U paytda bizda “B&B»ning ikkita filiali va “Roots” kafesining muvaffaqiyatsiz ochilishi bor edi.

Boshlanishda hammamiz bir to‘lqinda bir maqsad sari borardik, ammo kompaniya o‘sishni boshlashi bilan uning rivojlanishini turlicha tasavvur qilishimiz ayon bo‘ldi. Asosiy kelishmovchilik foydani taqsimlashda edi — men topilgan mablag‘ni qahvaxonaning kelgusidagi rivojlanishga qayta investitsiya qilish kerak deb hisoblasam, sheriklarim esa dividendlarni to‘lash kerakligini ta’kidlashardi. Garchi men kapitalning 50%ni qo‘shib, operatsion boshqaruvni qo‘shimcha kompensatsiyalarsiz olib borgan bo‘lsam-da, bosim ortib bordi. Ular tezkor natijalar va foyda olishni xohlardilar, men esa salohiyatni uzoq muddatli o‘sishda ko‘rdim.

Hamkorlar bilan yo‘limiz bir-biridan farq qilishi ma’lum bo‘lgach, ularning ulushlarini sotish to‘g‘risida qaror qabul qildik. Baholash jarayoni murakkab, ammo adolatli bo‘ldi: biz biznesning daromadini tahlil qilib, bozor koeffitsiyentlarini qo‘llab, adolatli qiymatni belgiladik. Yuqori narx taklif qilayotgan potensial xaridorlar chiqdi. Biroq sheriklarim men bilan maslahatlashib, o‘z ulushlarini aka-ukalarimga sotishga qaror qilishdi. Ushbu qaror nafaqat strategik, balki do‘stona ham bo‘ldi — u biznesning uzluksizligini ta’minlab, uni oila ichida boshqarishni saqlab qolishga yordam berdi. Bu harakat, hatto, qarashlarning turlicha bo‘lishiga qaramay o‘zaro hurmat va samimiy munosabatlarni saqlash muhimligini yana bir bor ko‘rsatdi. Ushbu tajribadan so‘ng men sherikchilikni tuzish bosqichida har bir ishtirokchining chiqish rejasini yozib qo‘yish kerakligini angladim, shunda barcha sheriklar o‘z ulushlari qiymatini baholash qanday amalga oshirilishini tushunadilar.

Mening holatimda oldindan kelishilgan exit-rejaning yo‘qligi jarayonni yanada murakkablashtirdi. Endi ishonchim komil-ki, biznesning muvaffaqiyati nafaqat vazifa va majburiyatlar, balki biznesdan chiqishning mumkin bo‘lgan yo‘llari aniq ko‘rsatilgan hamkorlik shartnomasidan boshlanadi. Bu biznesning barcha ishtirokchilarida ishonch hissini uyg‘otib, yo‘llar bir-biridan farq qilsa ham, konstruktiv munosabatlarni saqlab qolish imkonini beradi. Bunday yondashuv biznes va uning asoschilarini himoya qiladi, munosabatlarda shaffoflik va adolatni ta’minlaydi.

Boshqaruv inqirozi yoki vazifalarni taqsimlash darslari

“B&B” tarmog‘i shiddat bilan o‘sishni boshlaganida yangi voqelikka duch keldim: bir vaqtning o‘zida bir nechta nuqtani boshqarish sakkiz kishidan iborat kichik jamoani boshqarish bilan bir xil emasdi. Dastlab hamma narsa tushunarli va boshqarish osondek tuyuldi, vazifalar har bir xodimga yetkazildi va boshqaruv har kunlik ish tartibida qoldi. Ammo nuqtalar sonining ko‘payishi bilan tizimlashtirilgan jarayonlarning yo‘qligi kompaniyaning rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatishini angladim. Boshqaruv standartlarini joriy etishga harakat qildik, ammo dastlabki yondashuv yetarlicha o‘ylangan emasdi. Jarayonlarni ishlab chiqish uchun bir necha bor mahalliy ekspertlarni jalb qildik, bu bizga taxminan $10−15 mingga tushdi. Kompaniyaning to‘qqiz yillik faoliyati davomida bu summa taxminan to‘rt barobarga o‘sdi. Sarflangan mablag‘larga qaramay, olingan natijalar ko‘p hollarda kutilganidek bo‘lmasdi. Bu jalb qilingan mutaxassislarning yetarli darajada malakasi yo‘qligi bilan bog‘liq bo‘libgina qolmay, balki biz “sehrli dori»ni qidirganimiz — kimdir kelib, hammasini to‘g‘rilaydi, deb kutganimiz bilan ham bog‘liq edi. Natijada, jamoaning to‘liq ishtiroki va tizimli yondashuvgina vaziyatni o‘zgartirishi mumkinligini angladik.

Shu bilan birga, o‘z kuchimiz bilan ichki tartiblarni ishlab chiqdik. HR-bo‘limimiz sifat nazorati va IT bo‘limi bilan birgalikda brend-shef, shef-barist va filial direktorlari bilan yaqin hamkorlikda ishlab, asosiy jarayonlarni belgilab oldi. Unda oddiy xodimdan tortib rahbargacha bo‘lgan barcha ishchilar o‘z vazifalarini bilishlari va umumiy standartlarga rioya qilishlari uchun har bir detal yozib chiqildi.

Vaqt o‘tishi bilan muntazam treninglar va tartiblarni yangilab turmasa boshqaruv tuzilmasi barqaror bo‘lmasligi ma’lum bo‘ldi. Kadrlarning tez-tez o‘zgarishi va turli tajribaga ega bo‘lgan yangi xodimlarning ishga kelishi ularning standartlarni tushunib, moslashuvini talab qildi. Shundan so‘ng, biz sun’iy intellektdan foydalangan holda fikr-mulohazalarni kuzatib, sifat monitoringini o‘tkazishni boshladik. Bu tizimning qayerida kamchiliklar borligi va unda nimani o‘zgartirish kerakligini tushunishimizga yordam berdi.

Ko‘p jarayonlar hujjatlashtirib, standartlashtirilgan paytda men ijobiy o‘zgarishlarga guvoh bo‘ldim: xodimlar o‘z rollarini anglab, mijozlarga yaxshiroq xizmat ko‘rsata boshladi. Men esa, nihoyat, kundalik nazoratdan xalos bo‘lib, strategik vazifalarga e’tiborimni qaratdim.

Avtomatlashtirish va IT-yechimlarni ishlab chiqishda noto‘g‘ri yondashuv

“B&B” tarmog‘ining o‘sishi bilan zamonaviy IT-infratuzilmasi shunchaki yordamchi vosita emas, balki samarali boshqaruv va xizmatni yaxshilash uchun hayotiy zarur tarkibiy qism ekanligini tushundim. Yuqori yuklama va resurs tanqisligi muammosiga duch kelganimizda, mijozlarga minimal kuch sarflab buyurtma berish imkonini beruvchi “one click app” deb nomlangan “B&B Coffee House” ilovasini yaratish g‘oyasi paydo bo‘ldi.

Ilovaning asosiy g‘oyasi foydalanuvchilar hech kimning yordamisiz yegulikka o‘zlari buyurtma berishlaridan iborat edi. Ilova buyurtmalarni avtomatlashtirishga yordam berib, xodimlarning vaqtini tejab, mijozlarga xizmat ko‘rsatish jarayonini yanada osonlashtirdi. Bu bir vaqtning o‘zida bir nechta muammoni hal qildi: ofitsiantlarni ishi tig‘iz bo‘lgan paytda yuklamasini kamaytirdi, mijozlarga xizmat ko‘rsatish tezligini oshirib, agar ular muloqotni minimallashtirishni afzal ko‘rishsa, o‘z buyurtmalarini mustaqil boshqarish imkonini berdi.

Biroq, ilovani ishlab chiqish men kutgandan ko‘ra qiyinroq bo‘ldi. Avtomatlashtirish tizimini tanlashga birinchi urinish o‘zini oqlamadi: dastur biznesimizning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olmadi va sezilarli darajada takomillashtirishni talab qildi. Ilova yuqori yuklamani ko‘tara olmadi: tez-tez qotib, buyurtmalar oshxonaga yetib kelmadi, bu esa mijozlar bilan chalkashlik va qo‘shimcha tushuntirishlarni talab qildi. Yaxshi ishlab chiqilmagan interfeys ham foydalanuvchilar uchun qiyinchilik tug‘dirdi — navigatsiya intuitiv emas edi va ko‘plab mijozlar buyurtmani rasmiylashtirishda qiynalib, shikoyat qilishdi. Bu qiyinchiliklar nafaqat innovatsiyalarga bo‘lgan ishonchni pasaytirdi, balki xatolarni tuzatib, yuzaga kelgan muammolarni mijozlarga tushuntirishga majbur bo‘lgan xodimlarga yuklamani yanada oshirdi. Natijada jamoa yuqori darajadagi stress va shikoyatlarning ko‘payishiga duch keldi, bu esa ilovani joriy etishni yaxshilanishdan ko‘ra ko‘proq qiyinchilik tug‘dirdi.

Uni ishchi holatga keltirish uchun ko‘p vaqt va mablag‘ sarfladik. Ishlab chiqish narxi kutilganidan yuqori bo‘lib, doimiy yangilanishlarni talab qildi. Ilovani ishlab chiqish paytida uning narxi oyiga taxminan $8 mingni tashkil etdi, bu esa biznesga moliyaviy bosimni oshirdi. Men malakali ishlab chiquvchilar jamoasini tanlash va IT-yechimlarni biznes jarayonlari bilan chuqur integratsiya qilish muhimligini yetarlicha baholamaganimni angladim.

Vaqt o‘tishi bilan ilova foyda keltira boshladi: mijozlar tezroq buyurtma berish imkoniyatiga ega bo‘lib, menyu rasm va taomlar tavsifi qo‘shilgan ko‘rinishga ega bo‘ldi. Bu shikoyatlarni kamaytirish va fikr-mulohazalarni yaxshilashga yordam berdi. Xodimlar kundalik ish bilan ortiqcha band bo‘lishni to‘xtatdilar, men esa IT-yechimlarni joriy etish jarayonlarni qanday osonlashtirishini amalda ko‘rishim (va hisoblab chiqishim) mumkin bo‘ldi. Ushbu tajribadan so‘ng shuni tushundimki, texnologiyalar faqat ularning sifatiga to‘liq ishonch bilan, yakuniy maqsadni aniq tushungan holda va mutaxassislar ko‘magida joriy qilinishi kerak. Endi kompaniyamiz faqat biznesning o‘ziga xos xususiyatlarini tushunadigan va yechimlarni bizning sharoitlarimizga moslashtira oladigan ishonchli va sinovdan o‘tgan ishlab chiquvchilar bilan hamkorlik qiladi, chunki ilova hali ham takomillashtirishni taqozo etmoqda.

IT-yechimlarni ishlab chiqish byudjetni rejalashtirishning ajralmas qismiga aylandi — biz endi uni xarajatlarning qo‘shimcha qismi sifatida emas, balki buni kelajakka strategik sarmoya sifatida qabul qilamiz. Bunday yondashuv xizmatni biz va mehmonlarimizni qoniqtiradigan darajada rivojlantirish imkonini beradi. Albatta, to‘g‘ri joriy etilgan zamonaviy texnologiyalar nafaqat raqobatda ustunlikni, balki ertangi kunga ishonchni ham oshiradi.

Tadbirkorlik qilmoqchi bo‘lgan aholiga kredit tarixini yaxshilashga yordam beriladi

0

2025-yilda banklar loyihasi bor 100 mingta “o‘rta” toifadagi mijozlar bilan uch oylik individual reja asosida ishlaydi. Ularga moliyaviy bilimini oshirish va loyihalarini yaxshilashga ko‘maklashiladi.

Endi tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan aholiga kredit tarixini yaxshilashga ko‘maklashiladi. Bu haqda 16-dekabr kuni prezident raisligida o‘tkazilgan bank xizmatlari orqali mahallalarda kambag‘allikni qisqartirish yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Unda 85 ming gektar yerda kam daromadli ekin ekilgani uchun samarasi pastligicha qolayotgani qayd etildi. Bunday yerlar yirik konturga birlashtirilib, tajribali tadbirkorlarga ikkilamchi ijaraga berilsa, daromad 2−3 karra oshadi. Shu munosabat bilan yer egasiga ijara haqi va ekilgan mahsulotni sotishdan ulush to‘lanadi. Har bir konturga urug‘, ko‘chat, o‘g‘it tarqatib, yetishtirilgan mahsulotni sotib oladigan tadbirkorlarni yer egalari bilan bog‘laydigan tizim yaratish topshirildi.

Banklar tumanlar ixtisoslashuvidan kelib chiqib, xorijdan malakali agronom, zootexnik, texnolog, muhandis olib kelishga va loyihalar samarasini oshirishga yordamlashishi muhimligi ta’kidlandi.

O‘tgan olti yilda 9,7 mln aholidan 1,6 mln nafari “yaxshi” kredit tarixiga ega bo‘ldi. Qolgan 7,5 mln nafar aholining kredit tarixi “o‘rta” baholangani yangi kredit olishda talablar kuchayishi tabiiy ekaligi qayd etildi.
Bunday mijozlarning kredit tarixini yaxshilash, ularning tadbirkorga aylanishi uchun banklar katalizator bo‘lishi lozimligi ta’kidlandi. Buning uchun kelgusi yilda loyihasi bor 100 mingta “o‘rta” toifadagi mijozlar bilan uch oylik individual reja asosida ishlay boshlaydi.

Ularning soliq, elektr, gaz kabi to‘lovlari inobatga olinadi, buning uchun esa banklar tegishli ma’lumot bazalariga integratsiya qilinadi. Mijozlar biznesni soyadan chiqarish, moliyaviy bilimini oshirish va loyihalarini yaxshilash bo‘yicha bank bilan ishlashib, bu orqali banklar mijozlarini tadbirkorga aylantiradi.

Mamlakat bo‘yicha 60ta ilg‘or shahar-tumanni ishsizlik va kambag‘allikdan holi hududlarga aylantirish maqsadida kelgusi yilda 2 mln aholini band qilish, 417 mingta oilani kambag‘allikdan olib chiqish zarurligi qayd etildi. Tuman va shahar hokimlariga ushbu tuman-shaharlarda infratuzilmani yaxshilash topshirildi.

Davlat mablag‘lari qatorida tashqi manbalardan ham resurs jalb qilish zarurligi qayd etildi.

Buning uchun har bir bankda chet eldan mablag‘ olib keladigan ishchi guruh tuzish, xorijiy banklar bilan tizimli ishlab, chet elda roud-shoular o‘tkazish, yevrobond chiqarish, bank reytingini yaxshilash va xalqaro standartlarga moslashish dolzarb ekani ta’kidlandi.

Oxirgi 5 yilda kichik va o‘rta biznesning kredit portfelidagi ulushi 40%dan 28%gacha pasaygan. Ularning ulushini 40%ga yoki 120 trln so‘mga yetkazish choralarini ko‘rish zarurligi ta’kidlandi. Yirik loyihalarni kichik biznes hisobidan moliyalashtirish amaliyotiga chek qo‘yish vaqti kelgani qayd etildi.

Joriy yilda 5,5 trln so‘mlik mikromoliya va faktoring xizmatlari ko‘rsatildi. Har bir davlat banki o‘zining bunday kompaniyasini ochib, xorijiy investorlarni jalb qilishni rejalashtirmoqda. Resurslar investitsiya sifatida olib kelinadi. Kelgusi yilda mikromoliya va faktoring kompaniyalari orqali 10 trln so‘mlik xizmatlar ko‘rsatish muhimligi ta’kidlandi.

Oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida 300 mln so‘mgacha shartsiz kredit beriladi

0

To‘qqiz bank aholini daromadli qilish maqsadida xorijdan $1 mlrd jalb qilishi mumkin. 2025-yilda 1 mingta og‘ir mahalla infratuzilmasiga 3,2 trln so‘m ajratilishi belgilandi.

Iqtisodiy kompleksda sustkashlik va mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan 297 nafar rahbar ishdan olindi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.

16-dekabr kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida bank xizmatlari orqali mahallalarda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha joriy yilda amalga oshirilgan ishlar va 2025-yil uchun asosiy rejalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Unda davlat rahbari mahallaga tushib, odamlar va tadbirkorlar muammosini hal qilmagan rahbar ishlamasligini, hamma o‘zgarishi kerakligini qat’iy ogohlantirish bilan qayd etdi.

2025-yilda 5 mlndan ziyod aholini daromadli qilish, 1,5 mln odamni kambag‘allikdan chiqarish mahallabay hisob-kitob qilingan. Shu bilan birga, hokim va banklarning ijobiy tajribalarini kengaytirish, muammolarni hal qilish bo‘yicha 40dan ortiq taklif va tashabbuslar tayyorlangan.

Prezident yangi imkoniyatlar va rejalarni belgilab berdi. O‘tgan 6 yilda oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida 750 ming aholi kreditini vaqtida qaytarib, daromadli biznesga ega bo‘ldi. Ulardan 58 mingi yangi korxona ham ochdi. Endi banklar bunday mijozlarini qo‘llab-quvvatlab, ularni kichik va o‘rta biznes darajasiga olib chiqishi kerakligi ta’kidlandi. Ularga “Kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash” dasturi doirasida shartsiz 300 mln so‘m kredit beriladi. Natijada, kelgusi yillarda 1,5 mln aholini ishli qilish mumkin.

Oilaviy tadbirkorlik dasturlariga kredit resurslari faqat davlat mablag‘laridan ajratilmoqda. “Xalq banki” bilan OTBning moliyaviy ommaboplik dasturi doirasida 50 mln so‘mgacha ortiqcha hujjat va garovsiz kredit berilmoqda. OTB dasturga $150 mln ajratishga tayyor ekanligi qayd etildi. Bu namuna asosida kelgusi yilda 9ta davlat bankiga chetdan $1 mlrd kredit jalb qilib, 250 ming odamni daromadli qilish tavsiya qilindi.

Mutasaddilarga kelgusi yilda 30 ta tumanda baliqchilik, quyonchilik, chorvachilik va asalarichilik bo‘yicha kooperatsiyalarni ko‘paytirish topshirildi. Bunga 500 mlrd so‘m yo‘naltirilishi belgilandi.

Bundan tashqari, hozirda 15 ming tadbirkor mahsulotlarni elektron platformalarda sotib, daromadini oshirmoqda. Bu borada BMTTD xususiy bank bilan 1 300 nafar ayolni o‘qitib, mahsulotini onlayn sotish tajribasini yaratmoqda. Ham investitsiya olib keladigan, ham ko‘p ish o‘rni yaratadigan startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash kengaytiriladi. Davlat banklari bittadan venchur kompaniya ochib, mahalla startaplariga o‘z mablag‘idan jami $50 mln ajratishi, startaplarni biznesga aylantiradigan akseleratorlar ochish kerakligini ta’kidladi.

Og‘ir tumanlarda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha alohida yondashuv joriy qilinishi ta’kidlandi.

Masalan “Sanoat qurilish banki” Quvadagi yirik eksportyor bilan Qo‘ng‘irot tumanida brokkoli ekish va yog‘ochni qayta ishlash loyihalarini amalga oshirdi. Bunga past foizli kredit ham berdi.

Bu tajriba ma’qullanib, sharoiti og‘ir 71ta tumanga boshqa hududlardan tadbirkorlarni taklif qilish uchun ularga qo‘shimcha kredit, 2025-yilda 1 mingta og‘ir mahalla infratuzilmasiga 3,2 trln so‘m ajratilishi belgilandi.

Umuman, tadbirkorlar qo‘shimcha 31 trln so‘mlik 3,5 mingta loyiha va 200 mingta yangi ish o‘rni yaratishga tayyor. Iqtisodiyot va moliya vazirligiga bu loyihalar infratuzilmasiga 1 trln so‘m ajratish topshirildi.