Bosh sahifa Blog Sahifa 52

1-iyundan yo‘l chiziqlarini bosgan haydovchilarga radarlar orqali jarima yozilmaydi

0

Endilikda bunday harakatlarni avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish vositalari orqali yozishga yo‘l qo‘yilmaydi. To‘xtash chizig‘i bundan mustasno.

1-iyundan boshlab yo‘l chizig‘ini bosib qoidabuzarlik sodir etgan haydovchilar jarimaga tortilmaydi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qilmoqda.

Qayd etilishicha, prezident topshirig‘iga asosan aholining taklif va istaklarini inobatga olgan holda, avtomobil yo‘llarida harakatlanish tartibini takomillashtirish, haydovchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish hamda ularni qiynab kelayotgan muammolarni bartaraf etishga qaratilgan hukumat qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan joriy yilning 1-iyunidan yo‘l chiziqlarini bosib qoidabuzarlik sodir etish holatlarini maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari orqali qayd etishga yo‘l qo‘yilmaydi. To‘xtash chizig‘i — “stop-liniya” (5.33 yo‘l belgisi) bundan mustasno.

Ya’ni, haydovchi chiziqni bosib olsa, bu qoidabuzarlik fotoradar yoki videokamera orqali qayd etilmaydi, demak, avtomatik ravishda jarima yozilmaydi. Lekin, YPX xodimi tomonidan aniqlanganda, qoidabuzarlik o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtiriladi.

Joriy yilning 1-iyunidan yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun jarima ballari kuchga kiradi. Bungacha E-jarimaball moduli ishlab chiqilib, haydovchilarga to‘plangan ballari haqida SMS-xabar orqali ogohlantirish berib boriladi.

Foto va videoradarlar orqali qayd etilgan qoidabuzarliklar uchun jarima ballari hisoblanmaydi. Biroq, tartibda keyinchalik buni joriy etish bo‘yicha hukumatga asoslantirilgan xulosa kiritish belgilangan.

🔥Chegaralarsiz Biznes: Ilhom, Tajriba va Yangi Imkoniyatlar!

0

Toshkent shahridagi Yoshlar ijod saroyida 2025-yil 15 may kuni xalqaro miqyosdagi muhim tadbirlardan biri — “Xalqaro biznes marafon” muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

⭐️ Ushbu tadbirda nafaqat mamlakatimizning muvaffaqiyatga erishgan va professional tadbirkorlari hamda 350 nafardan oshiq yoshlar, balki 20 nafardan oshiq xorijlik kuchli biznesmen-mutaxassislar ham ishtirok etishdi.

⏺Tadbir davomida:
• global biznes tendensiyalari,
• innovatsion yondashuvlar,
• xalqaro bozorga chiqish strategiyalari,
• startaplarni qo‘llab-quvvatlash va shaxsiy muvaffaqiyat sirlari muhokama qilindi.

👤Marafon davomida yoshlar va biznes vakillari o‘rtasida savol-javob formatidagi muloqot ham tashkil etildi. Bu esa ularga nafaqat bilim va tajriba almashish, balki yangi g‘oya hamda takliflarni ilgari surish imkonini yaratdi.

💬Tadbir yakunida hamkor tashkilotlar o‘rtasida o‘zaro aloqalarni yanada mustahkamlash hamda yoshlar tadbirkorligi uchun keng imkoniyatlar yaratish maqsadida memorandum imzolandi.

«Xalqaro biznes marafon»ga oid barcha suratlarni quyidagi havola ko’rishingiz mumkin…

👉 https://postimg.cc/gallery/fZ3CW38

Xususiy OTMlarda pedagog tayyorlash sifati nazoratga olinadi — prezident

0

Termiz pedagogika instituti fakultetlari o‘rnida aniq, tabiiy, ijtimoiy, filologiya, amaliy fanlar, maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim bo‘yicha 6 ta oliy maktab tashkil etladi.

O‘zbekistonda pedagogika sohasida kadrlar tayyorlash tizimi qaytadan tashkil etiladi. Bu haqda 15-may kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida maktab ta’limi tizimidagi islohotlar samaradorligini oshirish hamda kelgusi vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi, deya xabar berdi prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbari ta’limda sifat bo‘lishi uchun pedagoglarni tayyorlash va malakasini oshirish tizimi unga javob berishi kerakligini qayd etdi. Bu borada Avloniy malaka oshirish instituti transformatsiya qilinib, uning 13 ta hududiy markazi qayta tashkil etilishi belgilandi.

Pedagog, talaba va o‘quvchilar bilim va ko‘nikmasini baholashning yagona tizimi yaratilib, mustaqil bo‘lgan Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazi tashkil qilindi. Endilikda mutasaddilar kadrlar tayyorlash, malakasini oshirish va ularni baholash bo‘yicha mutlaqo yangi tizimni joriy qilishi belgilandi.

Bundan buyon barcha pedagogika oliygohlari faoliyati tubdan o‘zgarishi belgilandi. Prezident buni Termiz pedagogika instituti misolida tushuntirib berdi. Oliygohga Yangi O‘zbekiston universitetidagi kabi xalqaro boshqaruv tizimi tatbiq etiladi.

Top xorijiy oliygohlar tajribasi asosida fakultetlar o‘rnida aniq, tabiiy, ijtimoiy, filologiya, amaliy fanlar, maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim bo‘yicha 6 ta oliy maktab tashkil qilinadi.

Aniq fanlar maktabida Myunxen texnika universiteti ta’lim dasturlari joriy etiladi. Qolganlari esa Kembrij universiteti talablari asosida to‘liq qayta ko‘rib chiqiladi. Oliygohdagi fanlar soni maqbullashib, 20 tadan 15 taga, ta’lim yo‘nalishlari 31 tadan 17 taga tushiriladi, o‘quv yuklamasi 20% ga qisqaradi.

Termiz shahri va tumanidagi 47 ta maktab oliygohning amaliyot bazasiga aylantiriladi. 3 ta ixtisoslashgan hamda yangi baholash tizimiga o‘tgan 12 ta maktab esa metodik baza bo‘lib, oliygoh ularni zamonaviy laboratoriya bilan ta’minlaydi.

Oliygohning xorijiy til sertifikati bor 20 nafar o‘qituvchisi 2025-yil Buyuk Britaniya, Germaniya va Singapur kabi davlatlarga malaka oshirishga yuboriladi. Kelgusi uch yilda institutning barcha professor-o‘qituvchilari qamrab olinadi. Tizim barcha pedagogika oliygohlarida joriy etiladi.

Avloniy malaka oshirish institutining 13 ta hududiy markazidagi yondashuv va dasturlarni tubdan o‘zgartirish zarurligi ta’kidlandi. Masalan, Jizzax malaka oshirish markazidagi 60 nafar professor-o‘qituvchining barchasi AQSh, Buyuk Britaniya, Singapur, Germaniyani yetakchi oliygohlari dasturlari asosida qayta tayyorlanadi.

Maktabdagi 17 ta fanni har biri bo‘yicha alohida tayanch maktablari bo‘ladi. Ularning 1 nafar o‘qituvchisi Malaka oshirish markaziga kelib, o‘z yo‘nalishida xalqaro dasturlar asosida tayyorlanadi, ularga trener maqomi beriladi. Trenerlar o‘ziga biriktirilgan hududdagi 25 nafar yetakchi o‘qituvchini o‘qitadi, ular esa o‘z maktabidagi qolgan muallimlar malakasini oshiradi.

Tuman hokimlari tayanch maktablarda 1 ta kasbiy mahorat xonasini tashkil qilish va uni to‘liq jihozlashga mas’ul bo‘ladi. Barcha viloyat hokimlari Avloniy nomidagi malaka oshirish instituti namunasida hududlardagi malaka oshirish markazlarini ta’mirlash ishlarini yil oxirigacha yakunlashi shartligi haqida ogohlantirildi.

Bir yil ichida 215 nafar o‘qituvchi Angliya, Fransiya, Singapur, Yaponiya, Janubiy Koreyadagi eng nufuzli universitetlarda malaka oshirdi. Xususiy maktablar ham bunga qo‘shilib, o‘qituvchilarini jo‘natmoqda.

Prezident kelgusida malaka oshirishga borayotganlarning 25−30%i xususiy maktablardan bo‘lishi haqidagi taklifni ma’qulladi va mutasaddilarga buni yangi o‘quv yilidan boshlab tashkil qilishga topshiriq berdi.

Joriy yilning o‘zida pedagogika oliygohlari va malaka oshirish markazlaridan kamida 5 nafardan, har bir tumandan shunchadan muallimni xorijga yuborish vazifasi qo‘yildi.

Xususiy oliygohlarda pedagogika yo‘nalishi bo‘yicha o‘qiyotgan talabalarning 70%i maktabgacha ta’lim, boshlang‘ich ta’lim va filologiya bo‘yicha tayyorlanmoqda.

“Aniq va tabiiy fanlar bo‘yicha pedagoglarni ko‘paytirmasak, IT, „yashil“ energetika, „sun’iy intellekt“, „yangi materiallar“ kabi dolzarb sohalarga minglab kadrlarni qayerdan yetkazamiz? Bundan buyon xususiy oliygohlardagi pedagogik yo‘nalishlar davlat institutlari bilan bir xil bo‘ladi”, — dedi prezident.

Shuningdek, ulardagi pedagoglar va talabalar bilimi tashqi diagnostikadan o‘tkazilishi, bu orqali nodavlat oliygohlarda pedagog tayyorlash sifati nazoratga olinishi ma’lum qilindi.

Avvalroq 1-iyundan ayrim oilalarning talaba qizlariga alohida stipendiya ajratilishi haqida xabar berilgandi. 1-sentabrdan maktablarning uzaytirilgan kun guruhlarida kambag‘al oilalar farzandlari uchun kvota ajratilib, ota-onalar to‘lovdan ozod etiladi.

1-iyundan ayrim oilalarning talaba qizlariga alohida stipendiya beriladi

0

1-sentabrdan maktablarning uzaytirilgan kun guruhlarida kambag‘al oilalar farzandlari uchun kvota ajratilib, ota-onalar to‘lovdan ozod etiladi.

Avvalroq kambag‘al oilalarni davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha prezident farmoni qabul qilingani haqida xabar berilgandi. O‘zbekistonda kambag‘al oilalar qizil, sariq va yashil toifalarga ajratiladi

Hujjat bilan 2025-yilning 1-iyunidan “qizil” toifaga kiritilgan oilalarning “a’lo” baholarga o‘qigan talaba qizlariga bazaviy stipendiyaning 2 baravari miqdoridagi maxsus stipendiya to‘lanadi.

1-sentabrdan umumiy o‘rta ta’lim muassasasining uzaytirilgan kun guruhlariga qatnaydigan bolalar umumiy sonining 15%i miqdorida kambag‘al oilalar farzandlari uchun alohida kvota ajratiladi va ular ota-onalar to‘lovidan ozod etiladi.

2026-yildan boshlab kambag‘al oilalarning “a’lo” baholarga o‘qiydigan farzandlarining oromgohlarda dam olishi va sog‘lomlashtirilishi xarajatlari to‘liq qoplab beriladi. Bu O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi tizimidagi oromgohlarga nisbatan tatbiq etiladi

Ijtimoiy himoya milliy agentligi Kambag‘al oilalar reyestri va Ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilgan oilalarga ijtimoiy xizmatlar va yordamlar ko‘rsatilishini muvofiqlashtiruvchi davlat organi hisoblanadi.

Aprel oyi oxiridagi Shavkat Mirziyoyev huzuridagi majlisda Kambag‘al oilalar reyestriga kiritish tartibi qonunchilik hujjati darajasida belgilanishi ma’lum qilingandi. Fuqarolarni kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha individual rejalar tasdiqlanib, manzilli xizmat va yordamlar ko‘rsatiladi.

Nogironligi bo‘lganlarni ishga olgan tadbirkorlarning ayrim xarajatlari qoplab beriladi

0

Ularga surdotarjimon, psixolog va hamrohlik xizmatini tashkil qilish uchun 50 mln so‘mgacha subsidiya ajratiladi.

8-may kuni nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlash tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi prezident farmoni qabul qilindi.

Hujjat nogironligi bo‘lganlarning samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun maxsus xizmatlar tizimini joriy etish, nogironligi bo‘lgan yoshlarni kasblarga o‘qitish tartibini belgilaydi.

2025-yil yakunigacha 80 ming nafar nogironligi bo‘lgan shaxsning barqaror bandligi va munosib daromad topishini ta’minlash rejalashtirilgan.

1-iyundan boshlab I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilgan tadbirkorlarga 50 mln so‘mgacha subsidiya beriladi. Mablag‘lar surdotarjimon, psixolog va hamrohlik xizmatini tashkil qilish xarajatlarini qoplashga ajratiladi.

Shuningdek jismoniy shaxslarga hamrohlik xizmatini o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ko‘rsatishga ruxsat beriladi.

“Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimida Mehnatga layoqatli nogironligi bo‘lgan shaxslarning elektron reyestri yuritiladi.

Aprel oyi oxirida prezident huzurida o‘tkazilgan majlisda nogironligi borlarni ishga olgan yengil sanoat korxonalariga soliq imtiyozlari berilishi ma’lum qilingandi. Bunday xodimlar uchun ijtimoiy soliq stavkasi pasaytiriladi, tadbirkorlarga esa 500 mln so‘mgacha subsidiya ajratiladi.

Sirtqi ta’lim shakliga qabul tugatiladi

0

OTMlarda muqobil ta’lim shakllari uchun qabul kvotasini kunduzgi ta’lim shakli qabul natijasining 50%idan oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

5-may kuni prezidentning ta’lim sifatini ta’minlash va ta’lim xizmatlari ko‘rsatishni takomillashtirish bo‘yicha farmoni qabul qilindi.

Hujjat bilan, 2025/2026 o‘quv yilidan boshlab ta’limning sirtqi shakliga qabul tugatiladi. Uning o‘rniga kunduzgi ta’limdan boshqa muqobil ta’lim shakllari bo‘yicha qabul kvotalari bosqichma-bosqich oshiriladi.

Oliy ta’lim tashkilotlarining muqobil ta’lim shakllari bo‘yicha umumiy qabul kvotasini kunduzgi ta’lim shakli qabul natijasining 50%idan oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Magistratura bosqichida muqobil ta’lim shakllari asosida ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlashga ruxsat beriladi.

OTMlarida muqobil ta’limning kredit-modul tizimiga asoslangan maqbullashtirilgan kunduzgi ta’lim shakli (part-time education) bo‘yicha o‘qitishni yo‘lga qo‘yish mumkin bo‘ladi.

Muqobil ta’lim shakllariga talabalarni belgilangan me’yordan ortiq qabul qilish litsenziya talab va shartlarini qo‘pol ravishda buzish deb baholanadi. Bu harakatlar litsenziyani bekor qilish uchun asos bo‘ladi.

Shuningdek, idoraviy mansubligi va tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar har bir ta’lim tashkiloti tarkibida umumiy shtatlar doirasida ichki ta’lim sifati nazorati bo‘limlari tashkil etiladi. Ular ichki ta’lim sifati auditini amalga oshirishga mas’ul etib belgilanadi.