Nega juda kamchilik insonlar millioner bo’lishadi? Javob oddiy: Boy bo’lish uchun boy odamlardek fikrlash kerak. Bu nimalardan iborat?
Nega juda kamchilik insonlar millioner bo’lishadi? Javob oddiy: Boy bo’lish uchun boy odamlardek fikrlash kerak. Bu nimalardan iborat?
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida pedagoglar bilan uchrashdi.
Davlatimiz rahbari barcha ustoz va murabbiylarni kasb bayrami bilan tabriklab, ularning yosh avlod tarbiyasidagi o‘rni haqida so‘z yuritdi.
– O‘qituvchi – mehr daryosi, o‘qituvchi – ezgulik bulog‘i, o‘qituvchi – ma’rifat quyoshi! – dedi Prezidentimiz.
Bugun sun’iy intellekt bilim olish va mehnat qilish usullarini o‘zgartirmoqda. Biroq hech bir texnologiya bolaning qalbiga ustoz kabi yo‘l topib, unga Vatanga muhabbat va mas’uliyat tuyg‘usini singdira olmaydi. Shu ma’noda, davlatimiz rahbari umrini yoshlar kamolotiga bag‘ishlagan pedagoglarga minnatdorlik bildirdi.
Uchrashuvda ta’lim va ilm-fan fidoyilarining bir guruhiga davlat mukofotlari topshirildi. Mukofotlanganlar orasida ustozlar bilan birga ta’lim rivojiga hissa qo‘shayotgan tadbirkorlar va xorijiy hamkorlar ham bor. Shuningdek, ta’limning barcha bo‘g‘inlaridagi ilg‘or pedagoglar uchun Abdulla Avloniy nomidagi alohida davlat mukofotini ta’sis etish, uning ilk sohiblarini kelasi yilgi bayram arafasida taqdirlash taklif qilindi.
Prezident ta’limni rivojlantirish Yangi O‘zbekistonni barpo etishning eng muhim bo‘g‘ini ekanini ta’kidladi. Keyingi o‘n yilda 1 million 800 ming o‘rinli bog‘chalar va 1,5 million o‘rinli maktablar barpo etildi, 10 mingdan ziyod ta’lim muassasasi zamonaviy ko‘rinishga keltirildi. Ayni paytda ta’limda binolardan ham muhimroq masala – o‘qitish mazmuni va sifati ekani qayd etildi.
– Biz bolalarimizni paxta dalasidan – maktab partasiga, o‘qituvchilarni – ta’lim jarayoniga qaytardik, – dedi davlatimiz rahbari.
Shu maqsadda 2018 yildan yangi avlod darsliklarini yaratish boshlangan edi. Xorijiy tajriba o‘rganilib, 8-sinfgacha bo‘lgan darsliklar yangilandi. Birgina joriy yilda 400 nafardan ziyod mutaxassis ishtirokida 324 ta darslik qayta ishlandi. Ular bolalarda milliy qadriyatlar, tabiatga mas’uliyatli munosabat, raqamli va moliyaviy savodxonlik bilan birga mustaqil hamda tanqidiy fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan. 2030-yilga qadar yuqori sinflar uchun darsliklarni yangilash ishlari ham yakunlanadi.
Islohotlar natijasi o‘quvchilarning yutuqlarida namoyon bo‘lmoqda. PISA reytingida 15 yoshli o‘quvchilar tabiiy fanlar bo‘yicha 32 pog‘ona yuqorilab, 48-o‘rinni egalladi. Shu yilning o‘zida yoshlar nufuzli olimpiadalarda 228 ta medalga sazovor bo‘ldi. Maktab davridayoq xorijiy til va fanlardan sertifikat olgan o‘quvchilar soni 100 ming nafarga yetdi.
Pedagoglarni qo‘llab-quvvatlash ham o‘z samarasini bermoqda. Xalqaro va milliy sertifikatga ega o‘qituvchilar soni besh yilda 29 mingdan 143 mingga oshdi, maktablarda o‘qituvchi yetishmasligi uch barobar kamaydi. Bugun 40 ming muallim 1 ming dollardan, yana 1,5 ming nafari 2 ming dollardan yuqori maosh olmoqda. «Yil o‘qituvchisi» tanlovi bog‘cha tarbiyachilari va texnikum ustalarini ham qamrab olishi taklif etildi.
Kelgusi vazifalarga to‘xtalar ekan, Prezident maktab bitiruvchisi katta hayotga kasb va xorijiy tilni egallab chiqishi zarurligini ta’kidladi. Maktab direktorlariga bu borada qo‘shimcha vakolatlar beriladi, hamkorlikka tayyor tadbirkorlar uchun sharoit yaratiladi. Yoshlarni maktabdanoq kasbga tayyorlash va ta’lim bosqichlari o‘rtasidagi uzviylikni ta’minlash bo‘yicha komissiya tuzilib, uch oy ichida yangi yechimlar e’lon qilinadi.
Iqtisodiyotning texnologik rivoji uchun matematika, fizika, kimyo va biologiyani chuqur o‘qitishga alohida e’tibor qaratiladi. O‘quvchilar soni 25 nafardan oshgan sinflarda ushbu fanlar ikki guruhga bo‘lib o‘qitiladi. Milliy sertifikatga ega o‘qituvchilarga 50 foiz ustama to‘lanadi, har yili 208 ta tuman va shahardagi yetakchi muallimlarga mukofot beriladi, ming nafar pedagog xorijda stajirovka o‘taydi. Olimpiada g‘oliblarini tayyorlagan ustozlar to‘g‘ridan to‘g‘ri oliy toifaga ega bo‘ladi.
Boshlang‘ich sinflar uchun ham fan olimpiadalari yo‘lga qo‘yiladi. Kelasi yildan 4-sinflar o‘rtasidagi tanlov g‘oliblari kompyuter, ularning ustozlari esa bosqichiga qarab pul mukofotlari bilan rag‘batlantiriladi. Yangi o‘quv yilidan 100 ta maktabda matematika, informatika va tabiiy fanlar ayrim sinflarda to‘liq ingliz tilida o‘qitiladi. Ushbu loyiha o‘qituvchilari va maktabga tayyorlov guruhi pedagoglariga 100 foiz ustama belgilanadi.
Maktablar faoliyatini baholash uchun «sifat indeksi» joriy etiladi. Ta’lim natijalari va pedagoglar salohiyatiga qarab muassasalar toifalarga ajratiladi. Ilg‘or maktablar o‘z tajribasi orqali boshqalarning ham yuqori toifaga o‘tishiga ko‘maklashsa, ularning pedagogik jamoasi 30 foiz ustama oladi. O‘qituvchilar malakasini oshirishda esa majburiy bir oylik kurslar o‘rniga kasbiy rivojlanish vaucherlari beriladi. Pedagoglar o‘z natijasiga qarab 18 soatdan 72 soatgacha bo‘lgan o‘quvni mustaqil tanlaydi.
O‘quvchi o‘rinlariga talab ortib borayotgani munosabati bilan xususiy maktablarni qo‘llab-quvvatlash choralari ham e’lon qilindi. O‘quv yuklamasi yuqori 52 ta tumanda ularni tashkil etish uchun imtiyozli kredit va subsidiya ajratiladi. Bo‘sh turgan davlat binolari xususiy maktablarga o‘n yilga bepul ijaraga beriladi, xalqaro akkreditatsiya xarajatining yarmi qoplanadi. Farzandi xususiy maktabda o‘qiydigan ota-onalar uchun soliq olinmaydigan daromad chegarasi ikki barobar oshiriladi.
Alohida ehtiyojga ega bolalarning tengdoshlari bilan bir muhitda o‘qishiga ham e’tibor kuchaytiriladi. Ikki yilda inklyuziv sharoit yaratilgan maktablar soni qariyb besh barobarga oshib, 3 ming 591 taga yetdi. Toshkentda ish boshlagan ko‘p funksional inklyuziv resurs maktabi tajribasi yil oxirigacha Xorazm, Jizzax va Samarqand viloyatlarida, kelgusi ikki yilda esa barcha hududlarda joriy etiladi.
Maktabgacha ta’limda bog‘cha bolaning qobiliyati kashf etiladigan maskanga aylanishi zarurligi ta’kidlandi. Ilg‘or xorijiy tajriba asosida ishlab chiqilgan, o‘yin orqali ta’lim berishga qaratilgan dastur bo‘yicha 180 ming tarbiyachi va pedagog o‘qitilmoqda. Yil yakuniga qadar dastur 38 mingdan ortiq bog‘chaning barchasiga kiritiladi. Toshkentda YUNЕSKO shafeligidagi mintaqaviy markaz va Italiyaning Rejjio Emiliya markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Davlat bog‘chalarini zamonaviy uskunalar bilan jihozlash uch yillik dastur asosida amalga oshiriladi.
Ishli onalarni qo‘llab-quvvatlash uchun kelasi yil 1-yanvardan 2–3 yoshli farzandini oilaviy bog‘chaga bergan ayollarning badal puli budjetdan qoplanadi. Tarbiyachilarga ishlab turib oliy ma’lumot olish imkoniyati kengaytiriladi. Kelasi o‘quv yilidan ular uchun pedagogika oliygohlarida o‘qish muddati to‘rt yildan uch yilga qisqaradi; bog‘chada kamida besh yil ishlagan tarbiyachi yordamchilari ham bundan foydalana oladi.
Kasbiy ta’limda so‘nggi ikki yilda 104 ta texnikumga xalqaro dasturlar joriy etildi. Texnikumlarning 25 ming korxona bilan hamkorligi 100 mingdan ziyod yoshga o‘qish bilan bir vaqtda daromad topish imkonini berdi. Dual ta’limda kasb o‘rganayotganlarga 1 million 300 ming so‘mgacha stipendiya to‘lanmoqda. Kelasi yildan xalqaro kasb sertifikatiga ega ustalarga 50 foiz ustama beriladi, har yili 500 nafar usta xorijda stajirovka o‘taydi.
Ilk bor o‘tkazilgan «Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari» kasb tanlovida 170 ming o‘quvchi ishtirok etdi. Tanlov har yili o‘tkaziladi, eng munosib ishtirokchilar 2028 yilda Tokiodagi kasblar bo‘yicha jahon chempionatiga tayyorlanadi. Xususiy texnikumlar tashkil etish uchun soliq va yer bo‘yicha imtiyozlar beriladi. Muhim sohalarga kadr tayyorlaydigan bunday muassasalar o‘quvchilarining yarmi davlat granti bilan qamrab olinadi, xalqaro dasturlarni olib kelish va laboratoriyalarni jihozlash qo‘llab-quvvatlanadi.
Oliy ta’lim haqida so‘z borar ekan, mamlakatimizda talabalar soni 1 million 600 mingga yetgani, yettita oliygoh 17 ta fan bo‘yicha xalqaro reytinglarga kirgani qayd etildi. Shu bilan birga, Prezident universitetlardagi darsliklar mazmuni va mutaxassislar tayyorlash sifati bugungi talabga to‘liq javob bermayotganini tanqid qildi. Muhandislik va tibbiyot oliygohlari zamonaviy yo‘nalishlar bo‘yicha yangi o‘quv adabiyotlarini yaratish, ilg‘or xorijiy kitoblarni tarjima va moslashtirish ishlarini kuchaytirishi zarur.
Rektorlarning ta’lim sifati va natijasi uchun mas’uliyati oshiriladi. Davlat universitetlari kuzatuv kengashlari a’zolarining uchdan ikki qismi xususiy sektor va xorijiy oliygohlar vakillaridan shakllantiriladi. Kengashlar o‘quv dasturlarini mehnat bozori talablari asosida qayta ko‘rib chiqadi, har yili kamida 50 ta darslik yaratadi. Bitiruv ishlari va ilmiy tadqiqotlar iqtisodiyot tarmoqlarining amaliy masalalariga qaratiladi.
Oliygohlarda xalqaro standartlarga asoslangan, dunyoda tan olinadigan milliy dasturlarni kengaytirish vazifasi qo‘yildi. Inxa va Arxitektura universitetlari tajribasi kelasi yildan yana 20 ta oliygohda joriy etiladi. Buning uchun ularning boshqaruv tizimi moslashtirilib, xalqaro dasturlar bilan ishlaydigan alohida tuzilmalar tashkil etiladi.
Uchrashuvda oliy ta’limda «korxona – oliygoh – maqsadli kadr» tamoyili asosida dual ta’limni rivojlantirish bo‘yicha imzolangan qaror ham muhokama qilindi. Tizim kelasi yildan 75 ta, 2028 yildan barcha oliygohlarda yo‘lga qo‘yiladi. Korxonalar o‘z ehtiyojiga mos nomzodlarni o‘qitish uchun buyurtma beradi, ular suhbat asosida qabul qilinadi. Ishga olingan talabaga to‘langan maoshning yarmini davlat qoplaydi; ish va o‘qishda yaxshi natija ko‘rsatgan yoshlar ikkinchi kursdan davlat granti asosida o‘qiydi.
Shuningdek, korxonadan talabaga biriktirilgan ustozlar rag‘batlantiriladi, zarur hollarda talabaning ijara xarajati qoplanadi. Dual ta’limni namunali tashkil etgan oliygohlar va hamkor korxonalarga mukofot beriladi. Oliygoh olgan mukofotning yarmi bu ishga hissa qo‘shgan pedagoglar jamoasiga yo‘naltiriladi.
Davlatimiz rahbari dunyoning eng kuchli 300 universiteti filiallarini mamlakatimizga jalb etish vazifasini ham belgiladi. Nufuzli universitetlar franshizasini olib kelgan xususiy oliygohlarning laboratoriya, jihoz, brend va kampus bilan bog‘liq xarajatlarining bir qismi qoplanadi. Muhandislik, qishloq va suv xo‘jaligi, energetika, sun’iy intellekt hamda tibbiyot yo‘nalishlariga ustuvorlik beriladi.
Uchrashuv davomida pedagoglarning taklif va tashabbuslari tinglandi. Yakunda Prezident ustozlarni yana bir bor kasb bayrami bilan tabriklab, ularga shogirdlari yutug‘i, ota-onalar duosi va el-yurt hurmati hamisha hamroh bo‘lishini tiladi.
– Ustozni e’zozlash – bir kasb egasini emas, butun bir millat kelajagini e’zozlash deganidir, – dedi davlatimiz rahbari.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻqituvchi va murabbiylar kuni arafasida “Yangi Oʻzbekiston” universitetiga tashrif buyurib, taʼlim sohasidagi islohotlar va kelgusidagi rejalarga bagʻishlangan koʻrgazma bilan tanishdi.
Davlatimiz rahbari dastlab yurtimizda taʼlimning uzviyligini taʼminlash borasidagi ishlar, erishilgan natijalar va kelgusi rejalar taqdimotini koʻzdan kechirdi. “Maktabgacha taʼlim”, “Maktab taʼlimi”, “Iqtidorli maktab oʻquvchilari”, “Professional taʼlim” va “Oliy taʼlim” pavilyonlarida bolaning ilk yoshidan kasb egallashiga qadar boʻlgan taʼlim bosqichlaridagi islohotlar namoyish etilgan.
Mamlakatimiz yetakchisi universitetning oʻquv va ilmiy infratuzilmasi bilan tanishdi. “Kelajak muhandislari” maydoni, Bloomberg laboratoriyasi, fizika oʻquv laboratoriyasi, muhandislik fanlari oʻquv zali va Apple Training Center oʻquv markazida talabalar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida axborot berildi.
Shuningdek, Idrock sunʼiy intellekt klasteri, biotexnologiya va bioinformatika laboratoriyasi, materialshunoslik, lazer va nanotexnologiyalar hamda ADM mashinasozlik laboratoriyalarining faoliyati namoyish etildi. Bu maydonlar talabalarning nazariy bilimini amaliy mashgʻulotlar, tadqiqot va loyihalar bilan bogʻlashga xizmat qiladi.
Davlatimiz rahbari universitetning professor-oʻqituvchilari va talabalari, xalqaro taʼlim dasturlarini joriy etish boʻyicha xorijlik hamkorlari bilan suhbatlashdi.
Tashrif davomida Prezidentimiz mamlakatimizning faol va tashabbuskor oʻqituvchi hamda murabbiylari bilan esdalik uchun suratga tushdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev shaxmat va parashaxmat boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoalari aʼzolari, ularning yaqinlari, ustoz va murabbiylari bilan uchrashdi.
Davlatimiz rahbari shaxmatchilarimizni Samarqandda oʻtkazilgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasidagi tarixiy gʻalaba bilan yana bir bor tabrikladi.
– Ikki karra Olimpiada chempioni degan yuksak va sharafli unvon barchamizga, butun Oʻzbekiston xalqiga muborak boʻlsin! – dedi Prezidentimiz.
Samarqanddagi Olimpiadada 200 dan ortiq mamlakatdan 2 mingga yaqin shaxmatchi, jumladan, kuchli grossmeysterlar va amaldagi chempionlar ishtirok etdi. Ana shunday raqobatda yurtdoshlarimiz Oʻzbekiston bayrogʻini eng balandga koʻtardi. Gʻalabaning oʻz yurtimizda, xalqimiz koʻz oʻngida qoʻlga kiritilgani unga alohida maʼno bagʻishladi.
Musobaqani bevosita kuzatish uchun Samarqandga 60 mingdan ortiq mahalliy va xorijlik mehmon keldi. Qariyb 500 ming kishi joylardagi muxlislar uchun hududlarda, teleekran va internet orqali esa millionlab vatandoshlarimiz bahslarni hayajon bilan kuzatdi.
Mamlakatimiz yetakchisi hal qiluvchi oʻyinlarga toʻxtalib, amaldagi Olimpiada chempioni Hindistonga qarshi uchrashuvni alohida esladi. Nodirbek Yoqubboyev Nihal Saringa qarshi partiyada ogʻir vaziyatga tushganiga qaramay, kurashni oxirigacha davom ettirdi. Raqibning xatosidan foydalanib amalga oshirgan taktik yurishlari jamoamizga hal qiluvchi gʻalabani olib keldi.
Shundan soʻng Oʻzbekiston yakka peshqadamga aylandi. Shaxmatchilarimiz Xitoy terma jamoasini 3:1 hisobida yengdi, jahon reytingida birinchi oʻrinda turgan, olti karra Olimpiada chempioni AQSh jamoasidan ham ustun keldi.
Nodirbek Abdusattorov musobaqani birorta magʻlubiyatsiz oʻtkazib, birinchi taxtada oltin medalga sazovor boʻldi. Uning jahon reytingida uchinchi oʻrinda turgan Fabiano Karuanaga qarshi murakkab endshpilda qozongan gʻalabasi ham alohida eʼtirof etildi.
Davlatimiz rahbari Javohir Sindorovning Nomzodlar turniridagi tarixiy muvaffaqiyatini yodga oldi. U Olimpiadada ham sovuqqonlik va barqarorlik koʻrsatdi. Prezidentimiz Javohirga jahon toji uchun boʻlajak bellashuvda butun Oʻzbekiston xalqi ishonishini taʼkidladi.
Olimpiadada ilk bor qatnashgan Muhiddin Madaminov hal qiluvchi kunda ukrainalik Roman Dextiarovni qora donalarda yengib, jamoaga oltin medal uchun zarur ochkoni keltirdi. Shamsiddin Vohidov esa amaldagi jahon chempioni Gukeshga qarshi qora donalarda tengma-teng kurashdi. Taʼkidlanganidek, bu gʻalabada jamoaning har bir aʼzosi hissasi bor.
Oʻzbekiston Olimpiadada erkaklar va ayollar oʻrtasida jami oltita terma jamoa bilan ishtirok etdi. Erkaklar oʻrtasidagi ikkinchi jamoamiz jahon reytingida oltinchi oʻrinda turgan Niderlandiyani yirik hisobda magʻlub etdi. Uchinchi jamoa aʼzosi, 17 yoshli Asrorjon Omonov sakkizta oʻyinning yettitasida gʻalaba qozondi.
– Bizda 2-3 nafar shaxmatchi emas, balki butun boshli kuchli avlod bor desak, bu ham haqiqat, – dedi Prezidentimiz.
Ayollar terma jamoalari ham matonat koʻrsatdi. Birinchi jamoa 11 turning yettitasida gʻalaba qozonib, kuchli raqiblar bilan tengma-teng oʻynadi. Afruza Hamdamova, Gulruxbegim Tohirjonova, Umida Omonova, Nilufar Imomqoʻziyeva, Guldona Karimova va boshqa shaxmatchi qizlarning mehnati eʼtirof etildi. Davlatimiz rahbari kelgusida oʻzbek shaxmatchi qizlari ham Olimpiada shohsupasining eng yuqori pogʻonasiga koʻtarilishiga ishonch bildirdi.
Samarqandda oʻtgan uchinchi FIDE parashaxmat olimpiadasida Oʻzbekiston terma jamoasi ilk bor bronza medalini qoʻlga kiritdi. Selbi Kakishova yetti oʻyinda olti ochko jamgʻarib, oʻz taxtasida kumush medalga sazovor boʻldi. Abdulaziz Bahodirov shaxsiy hisobda bronza medalini oldi, Ahadxon Kimsanboyev esa musobaqani magʻlubiyatsiz yakunladi. Prezidentimiz parashaxmatchilarning irodasi va mehnatini yuksak baholadi.
Uchrashuvda ushbu natijalar ortida sportchilarning ota-onalari, birinchi ustozlari, murabbiylari va ularni qoʻllab-quvvatlagan jamoalar turgani taʼkidlandi. Prezidentimiz jahon chempioni Rustam Qosimjonov tajriba va bilimini yangi avlodga yetkazib kelayotganini alohida eʼtirof etdi.
– Ustozning eng katta gʻalabasi – shogirdlarining undan ham baland marralarga chiqishidir! – dedi davlatimiz rahbari.
Oʻzbekiston shaxmat federatsiyasining FIDE tomonidan “Eng yaxshi federatsiya” deb eʼtirof etilgani, Rustam Qosimjonov FIDEning faxriy vitse-prezidenti, Hulkar Tohirjonova esa Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy prezidenti etib saylangani mamlakatimizning jahon shaxmatidagi nufuzi yuksalayotganidan dalolat ekani qayd etildi.
– Bu natijalar tasodifiy emas. Bu – maktab, bu – tizim, bu – oʻzbek shaxmatining yangi darajasi, – dedi Prezidentimiz.
2018-yilda qabul qilingan qaror asosida maktablarda shaxmat oʻqitish, murabbiylar tayyorlash va klublarni rivojlantirish yoʻlga qoʻyildi. Soʻnggi oʻn yilda 17 nafar shaxmatchimiz xalqaro grossmeyster unvoniga ega boʻldi, ularning besh nafari ayollardir.
Davlatimiz rahbari navbatdagi maqsadni belgilab berdi: Yangi Oʻzbekistonni nafaqat Olimpiada chempioni, balki dunyo shaxmat markaziga aylantirish. Buning uchun mamlakatimizda tajriba, natija va yoshlarga namuna boʻladigan chempionlar borligi taʼkidlandi. Ulardan ilhomlangan minglab bolalarning shaxmatga kirib kelishi yangi isteʼdodlarni kashf etish uchun mustahkam zamin yaratadi.
Shu maqsadda har bir viloyat, tuman va mahallada iqtidorli bolalarni erta aniqlash, ularni kuchli ustozlarga biriktirish va xalqaro turnirlarda muntazam qatnashishiga sharoit yaratish vazifasi qoʻyildi. Qizlar shaxmati va parashaxmatni rivojlantirish boʻyicha alohida tizim tashkil etiladi.
Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining Samarqand, Xorazm va Fargʻonada mintaqaviy filiallari ochiladi. Akademiyada oliy toifali murabbiylar tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi. FIDE reytingida 1 ming 500 dan yuqori ball toʻplagan shaxmatchilarning xususiy klublarda oʻqish xarajatlari yarmi davlat tomonidan qoplanadi.
Shuningdek, “Oʻzbekiston Grand chess” milliy brendi ostida xalqaro turnirlar muntazam oʻtkazib boriladi. Prezidentimiz Yangi Toshkentda 500 kishilik oʻyin zali, yotoqxona va sport maydonchalariga ega zamonaviy shaxmat saroyini barpo etishni taklif qildi.
Uchrashuvda shaxmat va parashaxmat olimpiadalari gʻolib va sovrindorlarini, ularning murabbiylarini ragʻbatlantirish toʻgʻrisida qaror qabul qilingani maʼlum qilindi. Unga muvofiq, chempionlarga uy-joy hamda avtomobil berildi. Bronza medalini qoʻlga kiritgan parashaxmatchilar ham uy-joy va avtomobil bilan taqdirlandi. Terma jamoalar bosh murabbiylari Rustam Qosimjonov va Samandar Shermuxammadov avtomobil bilan mukofotlandi.
Olimpiada chempioni boʻlgan har bir shaxmatchiga 200 ming dollardan, ularning murabbiylariga 50 ming dollardan pul mukofoti ajratildi. Bronza medalini qoʻlga kiritgan har bir parashaxmatchiga 50 ming dollardan, ularning murabbiylariga 12 ming 500 dollardan berildi.
Prezident farmoniga muvofiq, Vatanimiz shuhratini yuksaltirishga qoʻshgan hissasi, mahorati va jasorati uchun bir guruh shaxmatchilar, ularning ustozlari va soha vakillari davlat mukofotlariga sazovor boʻldi. Uchrashuvda mazkur mukofotlarni topshirish marosimi oʻtkazildi.
Davlatimiz rahbari mukofotlar sportchilarning bugungi gʻalabasiga berilgan baho bilan birga ularning kelgusi yutuqlariga bildirilgan ishonch ramzi ekanini taʼkidladi.
Sportchilar, ularning ota-onalari, ustoz va murabbiylari so‘zga chiqib, davlatimiz rahbariga shaxmat sohasiga qaratilayotgan e’tibor va yaratilgan keng sharoitlar, yuksak e’tirof uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.
Uchrashuv yakunida Prezidentimiz terma jamoalar a’zolari va ularning ota-onalari bilan birgalikda suratga tushdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev maktab ta’limida yangi avlod darsliklarini joriy etish, oliygohlar va korxonalar hamkorligida dual ta’limni tashkil qilish, shuningdek, Lyaonin pedagogika universitetining O‘zbekistondagi filiali faoliyatini yo‘lga qo‘yish yuzasidan taqdimotlar bilan tanishdi.
Yangi Oʻzbekiston maktab bitiruvchisi portretida bilim bilan bir qatorda zamonaviy koʻnikmalar, axborot texnologiyalarini puxta egallash, ijodiy va mustaqil fikrlash, qaror qabul qilish qobiliyati muhim oʻrin tutadi. Darsliklar va taʼlim mazmunini yangilash ishlari ana shu maqsadga qaratilgan.
Yangi oʻquv adabiyotlarini tayyorlashda xalqaro tajribaga murojaat qilindi. Boshlangʻich sinf darsliklari Finlyandiya taʼlim alyansi sertifikatsiyasidan oʻtgan, 5-7-sinflarning matematika, fizika, kimyo va biologiya darsliklari Singapur darsliklari asosida ishlab chiqildi.
Yangi yondashuvda oʻquvchining har bir sinf yakunida nimani bilishi va bajara olishi aniq belgilanadi. Taʼlim standarti, oʻquv dasturi, darslik va baholash oʻzaro bogʻliq holda shakllantirilib, mavzularning yoshga mosligi, izchilligi hamda bilimni amaliyotda qoʻllash imkoniyatiga eʼtibor qaratiladi. 2027-yilga qadar jami 1 ming 342 nomdagi darslik va oʻquv-metodik materialni tayyorlash rejalashtirilgan.
Darsliklarda tanqidiy fikrlash, muloqot, hamkorlik va ijodkorlik koʻnikmalarini rivojlantirishga xizmat qiladigan topshiriqlar oʻrin olmoqda. Bola tayyor javobni eslab qolish bilan cheklanmay, savol berishi, maʼlumotni tahlil qilishi, oʻz fikrini asoslashi va birgalikda yechim topishi koʻzda tutilgan.
Oʻquv materiallarida kasbga yoʻnaltirish ham alohida oʻrin egallaydi. Ayni yoʻnalishda 255 ta dars ishlab chiqilgan boʻlib, ular bolalarga oʻz qiziqishlarini anglash va kelgusida kasbni ongli tanlashga yordam berishga qaratilgan. Darsliklardagi qahramonlar orqali doʻstlik, masʼuliyat, jasorat va hurmat kabi qadriyatlar ham bolalarga yaqin misollarda ochib beriladi.
Ekologik savodxonlikka oid 300 dan ortiq mavzu suvni tejash, tabiatni asrash va tabiiy boyliklardan oqilona foydalanish koʻnikmalarini shakllantirishga xizmat qiladi. Moliyaviy savodxonlik boʻyicha pulni hisoblash, tejash, jamgʻarish hamda xaridni rejalashtirish, raqamli savodxonlik boʻyicha esa internetdan foydali va xavfsiz foydalanish masalalari qamrab olingan.
Taqdimotda yangi darsliklarning samarasi oʻqituvchining ular bilan ishlashga tayyorligiga bevosita bogʻliq ekaniga alohida eʼtibor qaratildi. Shuning uchun oʻzgarishlar maktabgacha taʼlimdan boshlab pedagoglarni tayyorlash, ularning malakasini oshirish va oʻquvchilar bilimini baholashgacha boʻlgan jarayonni qamrab olmoqda.
Xususan, “Ilk qadam” dasturi asosida bolalarning nutqi, tafakkuri, muloqot va ijodiy qobiliyatlarini birinchi sinfga qadar rivojlantirish yoʻlga qoʻyilgan. Pedagogika oliygohlarida yangi avlod oʻqituvchilarini tayyorlashga kirishilgan. Pedagoglar uchun tanqidiy fikrlash, ijodkorlik, muloqot va hamkorlikka asoslangan darslarni tashkil etish boʻyicha maxsus oʻquv modullari ishlab chiqilgan.
Malaka oshirish dasturlari ham yangi darsliklar mazmuniga moslashtirildi. Shu asosda 110 ming nafar boshlangʻich sinf oʻqituvchisi malaka oshirdi. Singapurlik hamkorlar bilan 121 nafar master-trener va 739 nafar murabbiy-oʻqituvchi tayyorlanib, ular orqali 90 ming nafar pedagog oʻqitildi.
Darslarda oʻquvchini mavzuga qiziqtirish, mustaqil tadqiq etishga undash, tushuntirish, bilimni qoʻllash va natijani baholashga asoslangan usullarni kengaytirish koʻzda tutilmoqda. Videodarslar, animatsiya, audiomateriallar va interaktiv topshiriqlar ham oʻqituvchi hamda oʻquvchi uchun qoʻshimcha imkoniyat yaratadi.
Pedagoglarning kasbiy oʻsishini baholash va ragʻbatlantirish mexanizmlari takomillashtirildi. Kasbiy sertifikatlashda oʻqituvchining fan boʻyicha bilimi bilan birga pedagogik tayyorgarligi ham baholanmoqda.
Shuningdek, yangi taʼlim mazmuniga mos, aniq mezonlarga asoslangan baholash tizimi 5 mingta maktabda joriy etildi. Bu oʻquvchining faqat maʼlumotni yodlaganini emas, balki uni tushunishi va qoʻllay olishini ham baholashga qaratilgan.
Iqtisodiyot tarmoqlariga ish jarayonini biladigan, zamonaviy koʻnikmalarga ega mutaxassislar zarur. Shu maqsadda talabaning oliygohdagi nazariy taʼlimini korxonadagi amaliy mashgʻulotlar bilan bogʻlash boʻyicha takliflar ishlab chiqilgan.
Bundan uch oy avval oʻn nafar rektor Germaniyaga dual taʼlim tizimini oʻrganish uchun yuborilgan edi. Ushbu mamlakat tajribasida bitiruvchilarning 70-75 foizi oʻzi amaliyot oʻtagan korxonada ishlab qolmoqda. Taqdimotda Germaniya tajribasini mamlakatimiz sharoitiga moslashtirish va bu jarayonda korxonalarning kadrlar tayyorlashdagi ishtirokini kuchaytirish masalalari koʻrib chiqildi.
Oʻzbekistonda ham mazkur yoʻnalishda amaliy tajriba shakllanmoqda. Jumladan, Andijon viloyatida 11 ming nafar talaba 2 mingta korxonada dual taʼlim asosida amaliyot oʻtamoqda. Davlatimiz rahbari barcha rektorlarni Andijonga yuborib, ushbu tajribani joyida oʻrganishni topshirdi. Germaniyada boʻlgan rektorlar hududlar hokimlariga biriktirilib, dual taʼlimni tashkil etish boʻyicha aniq strategiya va ilmiy asoslangan takliflar tayyorlaydi.
Uchinchi va toʻrtinchi bosqich talabalarining kamida 80 foizini, yaʼni 185 ming nafar yoshni dual taʼlim bilan qamrab olish maqsadi belgilandi. Dastlab muhandislik, ishlab chiqarish, qurilish va qishloq xoʻjaligi kabi sohalarga ustuvorlik berish taklif etilmoqda. 2027/2028-oʻquv yilida ushbu shakldagi taʼlimga 75 ta oliygoh va 3,5 mingta korxonani jalb qilib, 12,5 ming nafar talaba uchun oʻqish va amaliyotni birgalikda tashkil etish rejalashtirilgan.
Yangi modelda oliygoh, korxona va talaba oʻrtasidagi munosabatlar shartnoma asosida yoʻlga qoʻyiladi. Oʻquv dasturi korxona ehtiyojiga moslashtirilib, talabaga ish joyida malakali murabbiy biriktiriladi. Amaliyot oʻqish bilan bir vaqtda yoki soha xususiyatidan kelib chiqib alohida davrda tashkil etilishi mumkin.
Talabalarni amaliyotga qabul qilgan, ular uchun oʻqish sharoitini yaratgan va keyinchalik ishga joylagan korxonalarni ragʻbatlantirish choralari ham taqdimot qilindi.
Xususan, talabaga toʻlangan ish haqining 50 foizini subsidiya sifatida qoplash, bojxona toʻlovlari va amortizatsiya boʻyicha imtiyozlar berish, 25 nafardan ortiq talabani amaliyotga olgan korxonalarga davlat xaridlarida preferensiyalar qoʻllash taklif qilinmoqda. Bunday qoʻllab-quvvatlashni inson omilini kamaytirgan holda raqamli platforma orqali amalga oshirish zarurligi taʼkidlandi.
Shuningdek, dual taʼlimni samarali tashkil etgan korxonalar va oliygohlarni ragʻbatlantirish uchun tanlov oʻtkazish taklifi ham koʻrib chiqildi. Bunda talabalarning qamrovi, ish haqi, oʻzlashtirishi va bitiruvchilarning bandligi asosiy natija sifatida baholanadi.
Taqdimot davomida Xitoyning Lyaonin pedagogika universitetining Oʻzbekistondagi filiali faoliyatini tashkil etish bilan bogʻliq masalalar ham koʻrib chiqildi. Mazkur tashabbus xitoy tilini biladigan kadrlar tayyorlash, oliygohlar, texnikumlar va maktablarda uni oʻqitishni kengaytirishga qaratilgan. Lyaonin universiteti Xitoyning pedagogika yoʻnalishidagi yetakchi oliygohlaridan biri boʻlib, ayniqsa, psixologiya, xitoy tili filologiyasi va taʼlim fanlari boʻyicha katta tajribaga ega.
Xiva shahrida joylashgan filialda xalqaro xitoy tili taʼlimi, xalqaro biznes, turizm boshqaruvi va sunʼiy intellekt yoʻnalishlari ochiladi. Taʼlim oʻzbek, xitoy va ingliz tillarida olib boriladi, bitiruvchilarga Oʻzbekiston va Xitoyda tan olinadigan diplom beriladi. Jarayon 2026/2027-oʻquv yilida boshlanishi koʻzda tutilmoqda.
Filialning mahalliy oliygohlar bilan akademik hamkorligi, talabalar va pedagoglar almashinuvi hamda qoʻshma ilmiy tadqiqotlarni yoʻlga qoʻyish masalalari koʻrib chiqildi. Xitoy tajribasi asosida texnikumlar dasturlarini takomillashtirish, informatika oʻqituvchilari uchun sunʼiy intellekt boʻyicha malaka oshirish kurslarini tashkil etish ham koʻzda tutilmoqda.
Davlatimiz rahbari dual taʼlimni hududlardagi korxonalarning kadrlarga boʻlgan aniq ehtiyoji bilan bogʻlash, Lyaonin universiteti filialida esa taʼlim sifati va qabul jarayonlarini puxta tashkil etish zarurligini taʼkidladi. Masʼullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Qadrli o‘g‘il-qizlarim!
Hurmatli ustoz va murabbiylar!
Dunyo shaxmat osmonida yorqin yulduz bo‘lib porlagan siz, aziz farzandlarimni 46-Jahon shaxmat olimpiadasida erishgan tarixiy g‘alabangiz bilan chin qalbimdan tabriklayman.
Ikki karra olimpiada chempioni degan yuksak sharafli unvon, buyuk zafar barchamizga, ko‘pmillatli xalqimizga muborak bo‘lsin!
Mana shu g‘oyat hayajonli onlarda 200 dan ziyod mamlakatdan 2 mingga yaqin eng kuchli va mashhur grossmeysterlar, nomdor jamoalar ishtirok etgan murosasiz bellashuvlarda ko‘rsatgan aql-zakovatingiz, yuksak irodangiz, mahorat va jasoratingiz uchun butun el-yurtimiz, dunyo shaxmat jamoatchiligi sizlarga tasannolar aytmoqda.
Sizlar – Yangi O‘zbekiston qahramonlari, jahon shaxmat olamida yangi tarix yaratgan oltin avlodsiz. Butun xalqimiz sizlar bilan cheksiz faxrlanadi, g‘ururlanadi.
Ushbu nufuzli musobaqalarda sizlar tengsiz aql va tafakkur egalari bo‘lgan Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Beruniy, Ibn Sino, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy kabi buyuk ajdodlarimizga munosib vorislar ekaningizni amalda namoyon etdingiz.
Sizlar amaldagi Olimpiada chempioni – Hindiston jamoasini mag‘lub etdingiz. Qadimiy shaxmat maktabi va ko‘plab grossmeysterlarga ega bo‘lgan Xitoy jamoasi ustidan tarixiy g‘alabani qo‘lga kiritdingiz. Dunyo reytingida birinchi o‘rinni egallab kelayotgan, olti karra Olimpiada chempioni bo‘lgan AQSh jamoasidan ham ustun keldingiz.
Nodirbek Abdusattorov barcha o‘yinlar davomida mag‘lubiyat nima ekanini bilmasdan, chinakam jamoa lideri ekanini isbotlab, birinchi taxtada oltin medal sohibiga aylandi.
Nodirbek Yoqubboyev esa Turkiya, Hindiston, Xitoy va AQSh vakillariga qarshi murosasiz bahslarda chinakam iroda va matonat ko‘rsatib, jamoamiz uchun hal qiluvchi g‘alabalarni ta’minlaganini alohida ta’kidlab aytmoqchiman.
Ayniqsa, Yoqubboyevning hindistonlik Nihal Saringa qarshi bellashuvi haqiqiy dramatik jang bo‘ldi. Yangi O‘zbekiston vakilining eng qiyin vaziyatda nihoyatda topqirlik bilan qo‘llagan taktik yurishlarini ko‘rib, dunyo shaxmat muxlislari hayratdan qotib qoldi.
Yana bir mard o‘g‘lonimiz, Javohir Sindorov chempionlarga xos o‘yin ko‘rsatib, umumiy g‘alabaga katta hissa qo‘shdi.
Bunday yirik xalqaro musobaqada birinchi marta ishtirok etgan Muhiddin Madaminov o‘g‘limizning kuchli raqiblariga kutilmagan zarbalar bergani va birorta ham mag‘lubiyatga uchramagani yuksak bahoga munosibdir.
Shamsiddin Vohidov Hindiston, Turkiya va Vengriya vakillariga qarshi murosasiz o‘yinlarda o‘zini yo‘qotmasdan, muhim ochkolarni olishga erishgani ham muxlislar xotirasida saqlanib qoladi.
Bir so‘z bilan aytganda, terma jamoamiz a’zolarining har biri o‘ziga ishonib, faqat oldinga qarab borganini ko‘rib, Yangi O‘zbekistonda qanday buyuk shaxmat maktabi, shaxmatchilar avlodi shakllanganiga butun dunyo tan berdi.
Musobaqalarda ikkinchi tarkib bilan ishtirok etgan jamoamiz qayd etgan natija ham bizni quvontiradi.
Jahongir Vohidov o‘g‘lim kuchli iroda ko‘rsatib, ushbu jamoamizni sovrinli o‘rinlar sari boshladi. Ispaniya, Angliya va Niderlandiya kabi davlatlar vakillari ustidan qozonilgan ishonchli g‘alabalar unutilmas tarixga aylandi.
Ayollar jamoamiz ham keskin kurashlarda haqiqiy matonat namunasini ko‘rsatdi. Ular AQSH jamoasi bilan tengma-teng bahs olib borganlari, 11 ta turda 7 ta yutuqqa erishib, o‘n uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritgani ham muhim natijadir.
Samarqand olimpiadasida parashaxmatchilarimiz ham ulkan jasorat ko‘rsatib, bunday o‘yinlar tarixida birinchi marta bronza medalini qo‘lga kiritishdi. Selbi qizim shaxsiy hisobda kumush, Abdulaziz o‘g‘lim bronza medaliga sazovor bo‘lgani, Ahadxon o‘g‘lim umuman mag‘lub bo‘lmagani meni juda xursand qildi.
El-yurtimiz barcha shaxmatchilarimiz timsolida kuchli bilim va iroda sohiblarini, katta-katta marralarni zabt etishga qodir bo‘lgan Yangi O‘zbekiston yoshlarini ko‘radi.
Hech shubhasiz, bu yuksak g‘alaba barchamizga yangi kuch-g‘ayrat, ruh va ilhom bag‘ishlaydi, yosh avlodimiz uchun chinakam ibrat namunasi bo‘lib xizmat qiladi.
Mamlakatimizda shaxmat rivojiga berilayotgan doimiy e’tibor, yo‘lga qo‘yilgan samarali tizim va qulay sharoitlar sizlar erishgan natijalarni ta’minlashda muhim omil bo‘ldi. Yaqinda bu borada yana bir Prezident qarorini qabul qildik. Ushbu hujjat yaqin kelajakda yanada ulkan natijalar uchun, albatta, mustahkam zamin yaratadi.
O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi FIDЕ tomonidan 2026-yilda “Eng yaxshi federatsiya” nominatsiyasida g‘olib deb topilgani, tajribali murabbiy, grossmeyster Rustam Qosimjonov FIDЕning faxriy vitse-prezidenti, Hulkar Tohirjonova FIDЕning Markaziy Osiyo davlatlari bo‘yicha mintaqaviy prezidenti etib saylanganini O‘zbekistonning shaxmat mamlakati sifatida obro‘-e’tibori oshib borayotganining yana bir dalili sifatida qabul qilamiz.
Aziz farzandlarim!
Ikki hafta davomida azim Samarqand shahri bamisoli jahon shaxmatining poytaxtiga aylandi. Bu yerda bo‘lib o‘tgan nufuzli musobaqalar, qatnashchi davlatlar va shaxmatchilar soniga ko‘ra, rekord natijalar bilan tarixga kirganini alohida ta’kidlash lozim.
Barchamizning umumiy g‘alabamiz uch ming yillik boy tarix va madaniyat ovozi kelib turgan, XIV-XV asrlarda Ikkinchi Renessans markazlaridan biri bo‘lgan bu buyuk shaharda qo‘lga kiritilgani uning qadr-qimmatini yanada oshirmoqda.
Shu yil noyabr oyida bizni yana bir katta shaxmat bayrami kutib turibdi. Jahon toji uchun bo‘ladigan tarixiy bellashuvda shaxmatimiz faxri Javohir Sindorovdan barchamiz ulkan zafarlarni kutib qolamiz. Sen bunga albatta qodirsan, Javohir bolam!
Fursatdan foydalanib, 46-Jahon shaxmat olimpiadasida Vatanimiz shon-shuhratini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shgan o‘g‘il-qizlarimizga, ularning ota-onalari, ustoz va murabbiylariga, terma jamoamizning barcha a’zolariga chin dildan samimiy minnatdorlik bildiraman.
Ushbu musobaqalarni yuksak darajada tashkil etgan, olimpiada ishtirokchilariga xalqimizga xos mehmondo‘stlik, hurmat va ehtirom ko‘rsatgan Samarqand viloyati ahliga va mahalliy hokimlik vakillariga, barcha tashkilotchilarga katta rahmat aytamiz.
Sizlarga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, kelgusi faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.
Bizga mana shunday buyuk shukuh, ulug‘ zafarlarni taqdim etgan shaxmatchi farzandlarimiz doimo sog‘-omon bo‘lsin!
Sizlarga hamisha porloq g‘alabalar yor bo‘lsin, aziz bolalarim!
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti