Matbuot xizmatiYangiliklarSamarkand — 2028 sun’iy yo‘ldoshi orbitaga chiqarildi (video)

Samarkand — 2028 sun’iy yo‘ldoshi orbitaga chiqarildi (video)

5-avgust kuni Toshkent vaqti bilan soat 07:00 dan 09:00 gacha Xitoyning Haiyang Sharqiy kosmodromidan Star.Vision kompaniyasi tomonidan “O‘zbekkosmos” agentligi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan Samarkand — 2028 Yerni masofadan zondlash sun’iy yo‘ldoshi orbitaga muvaffaqiyatli chiqarildi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Samarkand — 2028 sun’iy yo‘ldoshining uchirilishi O‘zbekiston tarixidagi eng yirik xalqaro kosmik loyiha bo‘lib, mamlakat milliy kosmik dasturi rivojida yangi bosqichni boshlab berdi. Mazkur loyiha, shuningdek, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi strategik ilmiy-texnologik hamkorlikning yangi sahifasini ochmoqda.

Missiyaning eng muhim jihatlaridan biri shundan iboratki, Star.Vision kompaniyasining xalqaro loyihalari tarixida ilk bor “O‘zbekkosmos” agentligi muhandislari tomonidan ishlab chiqilgan sun’iy intellekt moduli sun’iy yo‘ldosh tarkibiga integratsiya qilindi. Mazkur texnologiya sun’iy yo‘ldosh tomonidan olingan ma’lumotlarni bevosita orbitaning o‘zida qayta ishlash imkonini beradi. Natijada uzatiladigan ma’lumotlar hajmi sezilarli darajada qisqaradi, natijalarni olish tezlashadi hamda keyingi tahlil jarayonining samaradorligi yanada oshadi.

Samarkand —2028 missiyasi qishloq xo‘jaligi, ekologiya, tabiiy resurslarni monitoring qilish, suv resurslarini boshqarish, favqulodda vaziyatlarning oldini olish, shaharsozlik hamda iqtisodiyotning boshqa strategik yo‘nalishlarida kosmik texnologiyalarni qo‘llash uchun yangi imkoniyatlarni yaratadi.

Shu bilan birga, loyiha kosmik muhandislik, sun’iy intellekt va sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlarini qayta ishlash sohalarida mamlakatning milliy salohiyatini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

Sun’iy yo‘ldoshga Samarkand—2028 nomi berilishi ramziy ahamiyatga ega. Ushbu nom 2025-yilda Sidney shahrida bo‘lib o‘tgan Xalqaro astronavtika kongressida (IAC) qabul qilingan qaror bilan 2028-yilgi kongress Samarqand shahrida o‘tkazilishi belgilanganiga ishora qiladi.

Bo‘limlar

So'nggi yangiliklar

O‘zbekistonda yuzdan ortiq tadbirkor “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi

O‘zbekiston prezidenti farmoyishi bilan bir guruh tadbirkorlar “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Hujjatda qayd etilishicha, ular milliy iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish, mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash,...

O‘zbekistondagi barcha oliygohlarda karyera markazlari majburiy bo‘lishi mumkin

O‘zbekistonda mulkchilik shaklidan qat’i nazar, 2027-yil 1-yanvardan boshlab barcha oliygohlarda karyera markazlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Bu haqda Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tomonidan...

O‘zbekistonlik o‘quvchilar 2026-yilda xalqaro fan olimpiadalarida 220 ta medal qo‘lga kiritdi

2026-yil boshidan buyon o‘zbekistonlik o‘quvchilari xalqaro fan olimpiadalarida jami 220 ta medalni qo‘lga kiritdi. Shundan 35 tasi oltin, 81 tasi kumush va 104 tasi bronza...

Oʻzbekistonga oʻqish maqsadida kelgan xorijliklar soni 2,2 barobarga oshdi

2026-yil yanvar-iyun oylarida 21 042 nafar chet el fuqarolari oʻqish maqsadida Oʻzbekistonga keldi. Bu haqda Statistika qoʻmitasi maʼlumot berdi. Tahlil qilinishicha, yarim yil ichida xorijlik talabalar...

Oʻzbekistonda sunʼiy intellekt xizmatlari hajmini 1,5 mlrd dollarga yetkazish rejalashtirilmoqda

Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistonda sunʼiy intellekt ekotizimini rivojlantirish boʻyicha erishilgan natijalar va istiqboldagi ustuvor vazifalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident axborot agentligi axborot...

O‘zbekistonda chorvachilik sohasida subsidiyalar ajratiladi

“Chorvachilik tarmog‘i loyihalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi. Qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-sentyabrdan 2030-yil 1-yanvarga qadar Agrar sohada to‘lovlar agentligi tomonidan davlat byudjeti...