Bosh sahifa Blog Sahifa 4

2025-yilning to‘rtinchi choragida bo‘sh ish o‘rinlari soni 15% dan ortiqqa oshdi

0

2025-yilda kuzatilgan yuqori iqtisodiy faollik va ijobiy biznes kayfiyati fonida mehnat bozorida sezilarli kengayish davom etdi. Bu haqda Markaziy bankning mehnat bozori bo‘yicha sharhida keltirilgan.

O‘tgan yilning to‘rtinchi choragida biznes tomonidan e’lon qilinayotgan bo‘sh ish o‘rinlari soni 2024-yilning mos davriga nisbatan 15,3% ga o‘sdi. Eng yuqori o‘sish asosan qurilish (yillik 32,6% ga), umumiy ovqatlanish (23,9%) va ishlab chiqarish (13,4%) sohalarida kuzatildi.

Shu bilan birga, oktabr-noyabr oylarida onlayn ish qidirish faolligi mavsumiy pasayish tendensiyasiga o‘tdi. Muqobil manbalar ham 2025-yilda ish qidirish faolligi barqarorlashganligini, biroq faol rezyumelar soni o‘sishi sezilarli darajada past shakllanganligini ko‘rsatmoqda.

Markaziy bank ish qidirish faolligining barqarorlashuvi fonida biznes tomonidan ish o‘rinlari taklifining sezilarli o‘sishi bozorda talabning kuchayib borayotganligi hamda iqtisodiyotning kengayayotganligini ko‘rsatishini qayd etdi. Bu qisqa muddatda iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlashi hamda talab oshishi orqali inflyatsion bosim saqlanib qolishi mumkin.

Bundan tashqari, o‘tkazilgan iqtisodiy faollik bo‘yicha so‘rovnomada ham mehnat bozoridagi kengayish tendensiyasi qayd etilgan. Xususan, oktabr-dekabr oylarida ish o‘rinlari sonini oshirish bilan bir qatorda joriy holatda saqlab qolishni kutayotgan biznes ulushi mos ravishda 36,4 va 56,4% gacha ko‘paygan. Ish o‘rinlarini qisqartirishni kutayotganlar ulushi esa uchinchi chorakdagi 12,7% dan to‘rtinchi chorakda 7,2% gacha qisqargan.

Ish o‘rinlari sonini oshirishni rejalashtirgan tadbirkorlar ulushi qurilish (43,6%), xizmatlar (38,5%) va savdo (32,2%) sohasida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan sezilarli o‘sgan.

Markaziy bankka ko‘ra, bu kelgusi oylarda yangi ish o‘rinlari taklifining sezilarli o‘sishi kutilayotganligini hamda mehnat bozorida talabning tarmoqlar kesimida ham faol kengayib borayotganligini ko‘rsatadi.

Shuningdek, iqtisodiyotda ro‘yxatdan o‘tgan korxona va tashkilotlar soni 2024-yilga nisbatan 5,4% ga o‘sib, 2025-yilda 725,9 mingtani tashkil etdi. Asosan tadbirkorlar sonida yuqori o‘sish kuzatilgan bo‘lsa (+10,9%), YTTlar sonining o‘sishi barqarorlashdi.

To‘rtinchi chorakda mehnat bozorida samaradorlikning yaxshilanishi qayd etildi. Ya’ni, iqtisodiyotda taklif etilayotgan ish o‘rinlari va ularga bo‘lgan talabning o‘zaro muvofiqlashuvi kuzatildi. Natijada, mehnat bozorida bosimning barqarorlashuvi — ishsizlikning pasayishi bilan bir vaqtda ishchi kuchiga bo‘lgan talabning nisbatan qondirilishi sodir bo‘ldi.

Welovewood asoschisi Dmitriy Filin: Garajdagi ustaxonadan yog‘och buyumlar brendigacha bosib o‘tilgan yo‘l

0

— Mutaxassisligim bo‘yicha muhandisman. Qurilish sohasida ishlaganman, kompyuter grafikasi, reklama va saytlar bilan shug‘ullanganman. Har doim birovga yollanib ishlashdan ko‘ra ko‘proq narsaga qodirligimni isbotlashni xohlardim. «O‘z qo‘ling bilan yasa» (DIY) turkumidagi videolarni ko‘rib, menda ham nimanidir noldan yaratish ishtiyoqi paydo bo‘ldi. 2018-yilda Samara shahrida garaj ijaraga oldim va qo‘limga tushgan narsani yasay boshladim: charm buyumlar, betonli guldonlar, pardoz oynalari (grimyornaya). O‘shanda yolg‘iz ishlar va savdoni qanday yuritishni bilmasdim. Tijoratda muvaffaqiyatga erishish uchun ishlab chiqarish, sotuv va marketingni yo‘lga qo‘yish kerak, lekin bularning hammasiga bir kishining kuchi yetmasdi.

2019-yil oxirida hayotimni o‘zgartirib yuborgan uchrashuv yuz berdi. Tasodifan sinfdoshimni uchratib qoldim va biz yangi ishni birga boshlashga qaror qildik. Birinchi yasagan narsalarimiz — yog‘ochli organayzerlar va dok-stansiyalar (telefon qo‘ygichlar) bo‘ldi. Keyinchalik vino stolchalari, likopchalar, patnislar, kalit iladigan moslamalar yasashga o‘tdik. Hozirda assortimentimizda 80 dan ortiq mahsulot bor.

Biz do‘konlar (offlayn) bilan ham ishlashga harakat qilib ko‘rdik: har biri bilan shartnoma shartlarini kelishish uchun juda ko‘p vaqt va asabimiz ketdi. Bu urinish muvaffaqiyatsiz tugadi. Shundan so‘ng boshqa yo‘nalishlarni sinab ko‘rishga qaror qildik: shaxsiy sayt yaratdik va parallel ravishda marketpleyslarga, jumladan, Yandex Marketga ulandik. Marketpleys bizni butun mamlakat bo‘ylab savdo qilish imkoniyati bilan o‘ziga jalb qildi — yetkazib berish haqida qayg‘urish shart emas, buni platformaning o‘zi hal qiladi. Bu biz uchun ham, mijozlarimiz uchun ham ancha foydali va oson.

Hozirda Samarada tayyor mahsulotlar saqlanadigan katta omborimiz bor. Yandex Market bilan ishlashda FBS modelini (sotuvlar sotuvchining omboridan amalga oshiriladi) tanlaganmiz. Bu model ishlab chiqarish quvvatini ancha samarali taqsimlash imkonini beradi.

Ko‘pgina kichik tadbirkorlar kabi biz ham mahsulotlarimiz millionlab boshqa tovarlar orasida ko‘rinmay qolishidan qo‘rqqandik. Lekin bu xavotirimiz asossiz bo‘lib chiqdi. Birinchidan, odamlar marketpleyslarga oddiy do‘konlardan topib bo‘lmaydigan turli xil mahsulotlarni qidirib kelishadi, demak, har bir mahsulotning o‘z xaridori topiladi. Ikkinchidan, Yandex Marketning reklama vositalari orqali tovarlarga e’tiborni tortish mumkin. Ularni sozlash juda oson va savdoni oshirish uchun turli usullarni qo‘rqmasdan sinab ko‘rish mumkin, deydi Dmitriy Filin.

Jahon banki O‘zbekistonga transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish uchun $200 mln ajratadi

0

Jahon banki O‘zbekistonga transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish va sohada kompleks islohotlarni amalga oshirish uchun $200 mln ajratishni ma’qulladi.

Yangi loyiha doirasida Surxondaryo viloyatida Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi huzuridagi “Avtoyo‘linvest” agentligi M41 mintaqaviy avtomobil yo‘lining 91 km qismini rekonstruksiya qiladi.

Ushbu yo‘l O‘zbekistonni Tojikiston, Qirg‘iziston Respublikasi va Afg‘oniston bilan bog‘laydi. Mavjud ikki qatorli yo‘l to‘rt qatorli avtomagistralga kengaytiriladi.

Rekonstruksiya yakunlangach, ushbu yo‘l qismidan har kuni qariyb 35 ming haydovchi va yo‘lovchi foydalanadi.

Shuningdek, loyiha avtomagistral atrofida yashovchi qariyb 550 ming aholining transport xizmatlari va iqtisodiy imkoniyatlardan kengroq foydalanishini ta’minlab, biznes rivoji va yangi ish o‘rinlari yaratilishiga xizmat qiladi.

Loyiha yo‘l qoplamasi sifatini yaxshilash, yo‘l harakati xavfsizligini oshirish va avtobus bekatlarining qulayligini yaxshilash bo‘yicha qurilish ishlarini moliyalashtiradi.

Shu bilan birga, suv toshqinlari xavfini kamaytirish uchun 180 ga yaqin ko‘prik va drenaj inshootlarini qurish va rekonstruksiya qilish ko‘zda tutilgan.

Ushbu chora-tadbirlar avtomobil yo‘lining rekonstruksiya qilinayotgan qismida yo‘l-transport hodisalari va o‘lim holatlari sonini kamaytirishga, yo‘lga ketadigan vaqtni qisqartirishga (aholi punktlaridan tashqarida o‘rtacha tezlik 65 km/soatdan taxminan 90 km/soatgacha oshadi) hamda yo‘lovchi va yuk tashishning ishonchliligini oshirishga yordam beradi.

Loyiha, shuningdek, Transport vazirligiga multimodal tashuvlarni rivojlantirish milliy strategiyasini ishlab chiqishda ko‘maklashadi.

Ushbu strategiya transport xizmatlari va infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha davlat organlarining salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan.

Shu bilan birga, loyiha doirasida O‘zbekiston temir yo‘llari o‘z biznes-jarayonlarini, jumladan korporativ boshqaruvni mustahkamlash, moliyaviy shaffoflikni oshirish, yo‘lovchi tashishni rejalashtirishni yaxshilash va ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) amaliyotlarini joriy etish orqali takomillashtiradi.

1-maydan tadbirkorlarga quyosh panellari uchun 16% li kredit ajratiladi

0

Prezident raisligida 18-mart kuni Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.

Unda aholi chorvani uyda boqib, bahor-yoz faslida dalaga olib chiqishga o‘rgangani, biroq chorvani o‘tlatadigan joy kamayib ketayotgani qayd etildi. Shu bois, viloyatning 4 ta tumanida jami 43 ming gektarda jamoat yaylovlari tashkil etiladi va mahallalarga 30 yilga bepul ijaraga beriladi.

Yaylovlarda quduq qazib, suv chiqarish, urug‘ ekish va degradatsiyadan chiqarish xarajatlariga 50 mlrd so‘m ajratish topshirildi.

Chorva naslchiligi uchun laboratoriya uskunasi va naslli qoramol sotib olishga 10 yilga 12% li kredit beriladi.

Samarqandda parranda genetikasi maktabini yaratish bo‘yicha ishlarni jadallashtirish kerakligi ta‘kidlandi. Bu borada Bulung‘ur tumanida $50 mlnlik go‘sht yo‘nalishidagi naslchilik korxonasi ishga tushiriladi.

Qo‘shrabotda $20 mlnlik tuxum yo‘nalishidagi naslchilik korxonasining faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Taʼkidlanishicha, samarqandlik tadbirkorlar intensiv baliq yetishtirib, hosildorlikni 4−5 karra oshirish uchun panel o‘rnatish xarajatini qisman qoplash va kafolatli suv bilan ta‘minlashni so‘ragan. Bu taklif qo‘llab-quvvatlanib, joriy yil 1-maydan boshlab quyosh panellari uchun 16% li kredit ajratilishi belgilandi.

Panelni o‘z mablag‘idan o‘rnatganlarga 25% xarajati qoplab beriladi.

O‘tgan yili respublikada 88 ming gektarda kartoshka yetishtirishga 400 mlrd so‘m berilgani, lekin joylarda ish to‘g‘ri tashkil qilinmagani uchun 48 ming gektarda kartoshka ekilmasdan qolgani aytildi. Qayd etilishicha, berilgan mablag‘ning 25%i ishlatilgan.

Joriy yilda 135 ming gektar, xususan, Samarqandda 22 ming gektarda kartoshka ekish reja qilingan. Mutasaddilar bu yil rejadagi har bir qarich yerga kartoshka o‘z vaqtida ekilishi shartligi haqida ogohlantirildi.

Jumladan, Misrdan 250 ming dona kartoshka mini tuganagi olib kelinib, Bulung‘ur tumanida ko‘paytirish boshlanadi. Gollandiyadan 6 ming tonna urug‘lik kartoshka olib kelinib, fermerlarga ustamasiz yetkazib beriladi.

Shu o‘rinda Oqdaryo tumanida 10 million dona kartoshka mini tuganaklari chiqarish quvvatiga ega in-vitro laboratoriyasi ishga tushgani ta‘kidlandi. U yerda tayyorlangan 40 ming tonna super elita urug‘ini dehqonlarga bepul tarqatish topshirildi.

Sanoat, taʼlim, Yevropaga migratsiya: Qashqadaryo viloyati qanday rivojlantiriladi?

0

Prezidentning Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qarori qabul qilindi. Hujjat (PQ-96-son) Lex.uz portalida eʼlon qilindi.

Hujjatga ko‘ra, 2026-yilda yalpi hududiy mahsulot hajmi 8,2% ga, sanoat ishlab chiqarish hajmi esa 8,6% ga yetkaziladi.

Shuningdek, bozor xizmatlari hajmi 15,9%, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmi 5,8% va qurilish 13,2% ga o‘sishi taʼminlanadi.

Ishsizlik darajasi 3,2% ga, kambag‘allik darajasi 3% ga pasaytiriladi. Shu orqali Qarshi, Shahrisabz shaharlari va Kitob tumaniga qo‘shimcha G‘uzor, Qamashi, Ko‘kdala, Mirishkor, Shahrisabz, Yakkabog‘ tumanlarini ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylantiriladi.

Hududlar o‘rtasida transport bog‘liqligini taʼminlash orqali xorijiy va mahalliy turistlar soni 3,2 mln nafarga yetkaziladi.

Hujjat bilan, Muborak tumani Konchilar mahallasi hududidagi 200 gektar yerda Muborak innovatsion sanoat zonasi maxsus iqtisodiy zonasi tashkil etiladi.

Chiroqchi tumanida Sohil bo‘yi majmuasini rivojlantirish va boshqarish bilan bog‘liq vazifa va funksiyalar viloyat hokimligi huzuridagi turizm infratuzilmasini rivojlantirish va boshqarish departamentiga yuklanadi.

Shahrisabz tumanida Quva agrostar, Qamashi tumanida Yangiyo‘l agrostar, Ko‘kdala tumanida Mirzacho‘l agrostar, G‘uzor tumanida Navoiy agrostar korxonalarining loyiha ofislari tashkil qilinadi.

Viloyatda 15 ming gektar, shundan 2026-yilda o‘zlashtiriladigan 5,2 ming gektar yer maydonlarida chorva ozuqasi yetishtiriladi.

Joriy yil davomida maktabgacha taʼlim bilan qamrov darajasi 80% dan past bo‘lgan 12 ta tumanda 350 ta nodavlat oilaviy bog‘cha tashkil etiladi. 120 ta bog‘cha 1 yillik maktabga tayyorlov guruhlarini tashkil etish uchun zarur jihozlar bilan taʼminlanadi.

Germaniya bilan hamkorlikda 2026-yildan yoshlarni nemis tili va kasbga o‘qitish orqali Yevropaga tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga yuborish dasturi amalga oshiriladi.

KotibAI: O‘zbekistonda sun’iy intellekt, shevalarni tushunish hamda shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligi haqida

0

KotibAI — o‘zbek tilidagi ovozli xabarlarni matnga o‘giruvchi, sun’iy intellekt asosida bir qator funksiyalarni amalga oshiruvchi ekotizim. Uning asoschilari — Hikmatilla UbaydullaevSamandar Tursunaliyev va Firuzxan Yakubxodjayev.

Loyiha dastlab oddiy bot sifatida ish boshlagan: u turli ovozli xabarlarni matnga o‘girib, natijani mijozlarga Excel shaklida taqdim etardi. Vaqt o‘tishi bilan bu xizmatga talab ortib, loyiha bosqichma-bosqich kengayib bordi.

Bugungi kunda KotibAI faqat ovozni matnga aylantirish bilan cheklanmaydi. Tizim qo‘ng‘iroqlarni tahlil qilish, ma’lumotlarni tasniflash va ayrim biznes jarayonlarini avtomatlashtirish kabi funksiyalarni ham taklif etadi. Uning xizmatlaridan EVOS, Oqtepa Lavash, Turon Telecom va Murad Buildings kabi kompaniyalar foydalanmoqda.

Spot KotibAI hammuassisi Samandar bilan suhbatlashdi. U loyiha qanday shakllangani, kompaniyalar sun’iy intellekt texnologiyalarini qanday qabul qilayotgani hamda bu yechimlar biznes jarayonlariga qanday ta’sir ko‘rsatayotgani haqida so‘zlab berdi.

Intervyuning to‘liq versiyasi video-shaklda taqdim etilgan: