Bosh sahifa Blog Sahifa 32

O‘zbekistonda sutkalik elektr energiyasi iste‘moli bo‘yicha rekord yangilandi

0

O‘zbekistonda mart oyida elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha yangi rekord qayd etildi, deya xabar berdi Energetika vazirligi.

Xususan, 11-mart kuni mamlakat bo‘yicha sutkalik elektr energiyasi iste’moli 267 mln kVt/soatni tashkil etgan.

Qayd etilishicha, iste’mol hajmo o‘tgan yilning shu davridagi ko‘rsatkichdan 14 mln kVt/soatga ko‘pni tashkil qildi.

Shuningdek, kechki yuqori iste’mol soatlarida energetika tizimidagi eng katta yuklama soat 18:12 da 12 680 MVtga yetdi, bu esa avvalgi mart oyi ko‘rsatkichidan 480 MVtga yuqori bo‘ldi.

Bu kunda elektr stansiyalarda jami 272 mln kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi, ya’ni o‘tgan yil mart oyidagi ishlab chiqarishga nisbatan 12 mln kVt/soatga ko‘p.

Ta’kidlanishicha, qayta tiklanuvchi energiya manbalari hissasi oshib bormoqda. Kun davomida ishlab chiqarilgan elektr energiyasining 20,9%i qayta tiklanuvchi energiya manbalari hissasiga to‘g‘ri keldi.

Shundan quyosh va shamol elektr stansiyalari ulushi 14,3%ni tashkil qildi. Kunduzgi soatlarda elektr energiyasi balansini ta’minlashda quyosh va shamol stansiyalarining hissasi 35% gacha yetdi.

Green Card dasturiga ariza berishda yangi qoidalar joriy etiladi

0

AQSH Green Card (Diversity Visa) dasturiga ariza berishda yangi qoidalar joriy etiladi.

Davlat departamenti tomonidan 11-mart kuni e’lon qilingan yangi qoidaga ko‘ra, DV dasturiga ariza topshirish tartibiga bir qator yangi talablar kiritilishi taklif qilingan.

Endilikdan ariza topshirayotgan shaxs amal qiluvchi, muddati tugamagan pasport ma’lumotlarini kiritishi majbur bo‘ladi. Shuningdek, elektron ariza formasiga pasportning biografik va imzo sahifasining skaneri yuklanishi talab qilinadi.

Qoidalar til jihatdan ham yangilanadi: masalan, “gender” o‘rniga “sex” (jins), “age” o‘rniga “date of birth” (tug‘ilgan sana) ishlatiladi.

O‘zgarishlardan asosiy maqsad — soxtakorlik va firibgarlikka qarshi kurashish hamda ariza beruvchilarning shaxsini yaxshiroq aniqlash orqali DV dasturining ishonchliligini oshirishga qaratilgan.

Qayd etilishicha, bu qoidalar 2026‑yil 10‑apreldan kuchga kiradi va 2027‑yilgi DV dasturiga tatbiq etiladi.

Forbes dunyoning eng boy odamlarini e’lon qildi

0

AQSHning Forbes jurnali dunyodagi milliarderlarning 40-yillik reytingini eʼlon qildi.

Bu yil ro‘yxatga 3428 nafar milliarder kirdi — bu o‘tgan yilgi rekorddan 400 nafarga ko‘p, shuningdek 1987-yilda ro‘yxat tuzila boshlaganidan beri eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.

Dunyoning eng boy insonlarining umumiy boyligi rekord darajadagi $20,1 trlnni tashkil etdi. Taqqoslash uchun, 2025-yilda bu ko‘rsatkich $16,1 trln edi.

Bundan tashqari, dunyo bo‘yicha rekord darajada — 20 nafar insonning boyligi 12 xonali ($100 mlrddan ortiq) darajaga yetdi.

Ilon Mask ketma-ket ikkinchi yil Forbes talqini bo‘yicha dunyoning eng boy odamlari yillik reytingida birinchi o‘rinni egalladi.

Tesla, SpaceX asoschisi va X ijtimoiy tarmog‘i egasining boyligi $839 mlrdga baholanmoqda.

Mask fevral oyi boshida SpaceX kompaniyasining o‘z xAI startapi bilan birlashishidan so‘ng boyligi $800 mlrdlik dovondan oshgan ilk insonga aylandi.

Ikkinchi o‘rinni $257 mlrd bilan Google hammuassisi Larri Peyj egalladi, undan keyingi o‘rinda $237 mlrd boylik bilan Google’ning yana bir asoschisi Sergey Brin turibdi.

$224 mlrd boylik bilan Amazon asoschisi Jeff Bezos to‘rtinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, kuchli beshlikni Meta egasi Mark Sukerberg $222 mlrd bilan yakunlab bergan.

Joriy yilda 3000 nafar qashqadaryolik yoshlar Germaniyaga ishga yuboriladi

0

10-mart kuni Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatida amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Yig‘ilishda turizm salohiyatidan to‘liq foydalanish uchun, har yili 1 mln turistni jalb qilayotgan Miraki shaharchasi tajribasi asosida yangi loyihalarni boshqa hududlarda ham kengaytirish zarurligi qayd etildi. Jumladan:

  • Qamashi tumanida “Maydanak” baland tog‘ turizm markazini tashkil etish;
  • Shahrisabz tumanida 13 ming sayyohga mo‘ljallangan “G‘elon” xalqaro umummavsumiy kurortini barpo etish;
  • Yakkabog‘ tumani Tatar qishlog‘ida turizmni rivojlantirish;
  • Hazrati Sulton cho‘qqisi hududida treking yo‘nalishlari va chodirli uylar oromgohini tashkil etish loyihalari rejalashtirilgan.

Umuman olganda, joriy yilda 45 ta mehmonxona va mehmon uylari ochish hamda 1130 ta qo‘shimcha joy yaratish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, viloyatda yo‘l, uy-joy hamda muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yaxshilash dasturlari ham muhokama qilindi.

“Yangi O‘zbekiston” qiyofasidagi 2 ta tuman va 46 ta mahallada, shuningdek, og‘ir toifadagi 3 ta tuman va 108 ta mahallada ichki yo‘llar, suv taʼminoti, sug‘orish infratuzilmasi hamda elektr tarmoqlarini yaxshilash uchun jami 864 mlrd so‘m yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.

Ijtimoiy sohada oilalar va ayollarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish bo‘yicha choralar belgilandi. Xususan:

  • yangi davlat va xususiy bog‘chalar hamda maktablar tashkil etish;
  • 120 ming nafar ayolni ish bilan ta’minlash;
  • 21 ming nafar ayolni kasb va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish;
  • “Ayollar daftari” dasturi doirasida 102 ming nafar ayolga yordam ko‘rsatish rejalashtirilgan.

Shuningdek, Germaniya bilan hamkorlikda tartibli mehnat migratsiyasini yo‘lga qo‘yish va kasbiy tayyorgarlikni tashkil etish bo‘yicha yangi tashabbuslar taqdim etildi.

Rejaga ko‘ra, 2026-yilda 3000 nafar, 2027-yilda 5000 nafar yoshni Germaniyaga ishga yo‘naltirish, ularni o‘qitish uchun Qarshi shahrida Taʼlim va texnologiyalar markazini ochish rejalashtirilgan.

Yig‘ilish yakunida prezident mas’ullarga belgilangan vazifalar ijrosi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda aholi turmush darajasini oshirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.

Oʻzbekistonda aholi va biznesga ajratilgan kreditlar miqdori keskin oshdi

0

Oʻzbekistondagi banklar 2025-yilda aholi va biznesga 390 trillion soʻm kredit ajratdi. Foizli qarz ajratish koʻrsatkichi 2024-yildagiga (287,2 trillion soʻm) nisbatan qariyb 36 foizga oshgan.

Markaziy bank tahliliga koʻra, oʻtgan yili mamlakatda kreditlash faolligi barqaror oʻsgan.

Yil davomida milliy valyutada ajratilgan kreditlar 276,4 trillion soʻmga yetgan (2024-yilda — 193,3 trillion soʻm). Shundan 156,8  trillion soʻmi jismoniy shaxslarga, 108,8 trillion soʻmi korxonalarga berilgan. Soʻmdagi foizli qarzlar umumiy portfel oʻsishining asosiy manbasi boʻlgan.

“2025-yilda yakka tartibdagi tadbirkorlarga — 10,8 trillion soʻm miqdorida kreditlar ajratildi”, deyiladi Markaziy bank tahlilida.

​Oʻtgan yilda chet el valyutasida berilgan kreditlar soʻm ekvivalentida 113,6 trillion soʻmni tashkil etgan (2024-yilda — 94 trillion  soʻm). Xorijiy kreditlarning asosiy ulushi, yaʼni 113,1 trillion soʻmi korxonalar hissasiga toʻgʻri kelgan. Qolgan 441,5 mlrd soʻmni yakka tartibdagi tadbirkorlar olgan.

“2024–2025-yillarda ajratilgan kreditlar tarkibida milliy valyutada moliyalashtirish ulushi oshgan, yuridik shaxslarning chet el valyutasidagi kreditlarga talabi saqlanib qolgan”, deya qayd etgan regulyator.

O‘zbekistonda kambag‘al oilalarga pillachilik bilan shug‘ullanish uchun 4 mln so‘mdan subsidiya beriladi

0

O‘zbekistonda pillachilik sohasini rivojlantirish va aholining daromadini oshirish maqsadida kambag‘al oilalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi tartib joriy etiladi. Bu prezidentning “Ipakchilik sohasini yangi tizim asosida rivojlantirish hamda oziqa bazasini mustahkamlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan.

Qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-apreldan boshlab Kambag‘allikni qisqartirish davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan pillachilik kooperativlariga a’zo bo‘lgan kambag‘al oilalarga subsidiya ajratiladi. Bunda bitta oilaning bir nafar a’zosiga bir martalik tarzda 4 million so‘mdan mablag‘ berilishi ko‘zda tutilgan.

Mazkur subsidiya tutzorlar tashkil etiladigan yer maydonlarida pilla kooperativlarini tuzish va aholining pillachilik faoliyatiga kengroq jalb qilinishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Ushbu mexanizm orqali kambag‘al oilalar uchun qo‘shimcha daromad manbalarini yaratish hamda ularning bandligini oshirish maqsad qilingan.

Hujjatda, shuningdek, pillachilik sohasini rivojlantirish uchun qator moliyaviy va tashkiliy choralar ham belgilangan. Jumladan, tutzorlar maydonini kengaytirish, pilla yetishtirish hajmini oshirish, xom ipakni chuqur qayta ishlashni rivojlantirish hamda soha korxonalarining eksport salohiyatini kuchaytirish rejalashtirilgan.

Shavkat Mirziyoyev rahbarligidagi 17-fevral kungi yig‘ilishda kam daromadli, ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarni pillachilikka jalb etish va ularni qo‘llab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilishi ma’lum qilingandi. Pillachilikda sanoat usulini kengaytirish muhim vazifa sifatida belgilangan.

Hozirda pillaning asosiy qismi xonadon sharoitida yetishtirilayotgani qayd etilar ekan, maxsus qurtxonalar tashkil etish orqali hajm va sifat barqarorligini taʼminlash mumkinligi taʼkidlangan. Klasterlar tomonidan qurtxonalarni qurish va ishga tushirishni rag‘batlantirish, shu jumladan, qurtxonalarni yer va mol-mulk solig‘idan 2029-yil 1-yanvarga qadar ozod qilish taklif qilingan.