Matbuot xizmatiYangiliklarBandlik, xorijiy tillar, soliqdan imtiyoz: Yangi O‘zbekiston yoshlari-2030 strategiyasi loyihasi ishlab chiqildi

Bandlik, xorijiy tillar, soliqdan imtiyoz: Yangi O‘zbekiston yoshlari-2030 strategiyasi loyihasi ishlab chiqildi

Har yili 10 mingta yosh oilaga imtiyozli ipoteka krediti, o‘quv markaz ochishga foizsiz qarz hamda davlat xizmatlarida chegirmalar beriladi.

Shavkat Mirziyoyev Yangi O‘zbekiston yoshlari — 2030 strategiyasi loyihasi yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Strategiyada yoshlar bandligini ta‘minlash, tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash hamda sifatli va inklyuziv ta‘limni rivojlantirish ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilandi.

Shu bilan birga, xorijiy tillarni ommalashtirish, kasbiy ta‘limni kengaytirish, yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash, sog‘liqni mustahkamlash va ochiqlik hamda ishtirok mexanizmlarini kengaytirish ham nazarda tutilgan.

Taqdimotda 2030-yilga qadar erishilishi lozim bo‘lgan asosiy maqsadli ko‘rsatkichlar ko‘rib chiqildi.

Xususan, har yili 600 ming nafar yoshning bandligini taʼminlash, 2030-yilga qadar 900 ming yoshni volontyorlikka jalb etish, o‘quv markazlari sonini 90 mingtaga yetkazish, 450 ming nafar yoshning xorijiy tillar bo‘yicha bilimini B2 darajasiga olib chiqish, yoshlar jinoyatchiligini kamaytirish, har yili kamida 10 mingta yosh oilani ipoteka orqali qo‘llab-quvvatlash kabi vazifalar nazarda tutilgan.

Taʼlim sohasida yoshlarning sifatli bilim olishi, nodavlat taʼlim xizmatlarini qo‘llab-quvvatlash, chekka hududlarda o‘quv markazlari imkoniyatlarini kengaytirish, xorijiy tillarni o‘rganishni rag‘batlantirish bo‘yicha yangi imtiyozlar nazarda tutilgan.

Jumladan, olis va chekka hududlarda o‘quv markazlarini tashkil etishga 300 mln so‘mgacha ssuda ajratish, ular uchun ijtimoiy soliqni va o‘qituvchilarining daromad solig‘ini 1% etib belgilash taklif etildi.

Shuningdek, B2 darajaga erishgan yoshlar uchun xorijiy pasport rasmiylashtirish uchun bojni, C1 daraja va tadbirkorlik tashabbuslari uchun ayrim davlat xizmatlari to‘lovlarini 50% gacha kamaytirish taklif qilinmoqda.

Strategiyada yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash masalasiga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Ipoteka dasturi orqali kreditning Markaziy bank stavkasi yuqori qismi qoplab berilishi, shu tariqa uy-joy masalasida yosh oilalarga qo‘shimcha yengillik yaratilishi belgilanmoqda.

Ijtimoiy faollikni oshirish maqsadida volontyorlik jamg‘armasidan 100 mln so‘mgacha grantlar ajratish, faol yoshlarni davlat tashkilotlarida pullik amaliyotga jalb qilish, ilg‘or ijodkorlar uchun Prezident mukofotini joriy etish, shuningdek, kitob va Book-kafelar joylashgan Yoshlar ko‘chalarini tashkil qilish rejalashtirilgan.

Yoshlar infratuzilmasining minimal standartlari belgilanadi. Har bir hududdan “yoshlar tuman-shaharlari” tanlab olinib, ushbu standartlarni joriy etish bo‘yicha namuna yaratiladi.

Yoshlar salomatligini mustahkamlash, ruhiy xavf omillarini qisqartirish, psixologik ko‘mak tizimini kuchaytirish masalalari ham strategiyada o‘z aksini topgan.

Yoshlar siyosatida ochiq muloqot va obyektiv tahlil tizimini kuchaytirish maqsadida Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti tomonidan yoshlarning ehtiyojlari va kutilmalari yuzasidan ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazilib, Milliy yoshlar indeksi tuziladi. Yigit-qizlarning murojaatlari bilan ishlashga ustuvor ahamiyat qaratiladi. Har payshanba yoshlar bilan muloqotlar o‘tkazib boriladi.

Xalqaro hamkorlikni rivojlantirish ham strategiyaning muhim yo‘nalishlaridan biri etib belgilangan.

Shu maqsadda xalqaro forumlar, global tashabbuslar, avlodlar muloqoti, Xalqaro yoshlar kongressi kabi formatlar yo‘lga qo‘yilishi, 12-avgust — Xalqaro yoshlar kuni doirasida yirik tadbirlar o‘tkazilishi, 100 ming nafar o‘zbekistonlik yoshlarning xalqaro dasturlarda ishtirokini taʼminlash rejalashtirilgan.

Shuningdek, BMT, Jahon banki, YTTB kabi tuzilmalar bilan Junior Professional Officer dasturi doirasida xalqaro tashkilotlarda amaliyotni tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Strategiyani 2026−2027-yillarda amalga oshirish doirasida 7 ta yo‘nalish bo‘yicha 56 ta loyiha amalga oshiriladi.

Jumladan, Yangi avlod tadbirkorlari dasturida Garvard, Stenford, MIT, London biznes maktabi kabi nufuzli taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda 20 ming yoshni o‘qitish, 1 mingta biznes loyihasini saralab olish va ularga 3 yilgacha muddatga BHMning 500 baravarigacha (206 mln so‘mgacha) ssuda berish rejalashtirilgan. Yosh tadbirkorlarga muhandislik tarmoqlariga ulanish xarajatlarini qisman qoplash tartibi ham joriy etiladi.

Respublika bo‘yicha O‘zbekiston yoshlarni sevadi! loyihasi, Hayot fest yoshlar festivali, Talaba Fest va Talaba Expo 2026 kabi tadbirlar o‘tkaziladi, Robototexnika assotsiatsiyasining faoliyati qo‘llab-quvvatlanadi.

Davlat rahbari yoshlar masalasiga doir barcha tashabbus va choralar yosh avlodning bilimli, sog‘lom, tashabbuskor va vatanparvar bo‘lib kamol topishiga, ularning hayotda munosib o‘rin egallashiga xizmat qilishi zarurligini taʼkidladi. Strategiyani samarali amalga oshirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.

Bo‘limlar

So'nggi yangiliklar

O‘zbekistonda OTMlarda dual ta‘limning yangi tizimi joriy etiladi

Prezident “Oliy ta‘limda dual ta‘lim shaklida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi. Hujjatga ko‘ra, 2027/2028 o‘quv yilidan OTMlarda...

Prezidentimiz ustoz va murabbiylar bilan uchrashib, ta’lim sohasidagi yangi tashabbuslarni belgilab berdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida pedagoglar bilan uchrashdi. Davlatimiz rahbari barcha ustoz va murabbiylarni kasb bayrami bilan tabriklab, ularning yosh avlod tarbiyasidagi...

Davlatimiz rahbari taʼlimdagi islohotlar natijalari va zamonaviy ilmiy infratuzilma bilan tanishdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻqituvchi va murabbiylar kuni arafasida “Yangi Oʻzbekiston” universitetiga tashrif buyurib, taʼlim sohasidagi islohotlar va kelgusidagi rejalarga bagʻishlangan koʻrgazma bilan tanishdi. Davlatimiz rahbari...

Samarqand zafaridan jahon shaxmat markazi sari: Prezidentimiz chempionlar bilan uchrashdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev shaxmat va parashaxmat boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoalari aʼzolari, ularning yaqinlari, ustoz va murabbiylari bilan uchrashdi. Davlatimiz rahbari shaxmatchilarimizni Samarqandda oʻtkazilgan 46-Butunjahon shaxmat...

Maktab va oliy ta’limdagi islohotlarning navbatdagi vazifalari ko‘rib chiqildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev maktab ta’limida yangi avlod darsliklarini joriy etish, oliygohlar va korxonalar hamkorligida dual ta’limni tashkil qilish, shuningdek, Lyaonin pedagogika universitetining O‘zbekistondagi filiali...

Davlatimiz rahbari shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolariga tabrik yo‘lladi

Qadrli o‘g‘il-qizlarim! Hurmatli ustoz va murabbiylar! Dunyo shaxmat osmonida yorqin yulduz bo‘lib porlagan siz, aziz farzandlarimni 46-Jahon shaxmat olimpiadasida erishgan tarixiy g‘alabangiz bilan chin qalbimdan tabriklayman. Ikki...