Bosh sahifa Blog Sahifa 31

O‘zbekistonda pirotexnika buyumlari muomalasi qonun bilan tartibga solindi

0

Mamlakatda faqat xlopushka, bengal mayoqchalari hamda stol fontanlaridan foydalanish va sotishga ruxsat beriladi.

13-yanvar kuni prezident pirotexnika buyumlarining muomalasi to‘g‘risidagi qonunni (O‘RQ-1111-son) imzoladi.

Hujjatga ko‘ra, pirotexnik tarkibning yonishi (portlashi) yordamida optik, akustik, elektr va boshqa vizual effektlarni hosil qilish uchun mo‘ljallangan qurilmalar pirotexnika buyumlaridir.

Pirotexnika buyumlari ularning xavflilik zonasi, shu jumladan atrofdagi fazoning zararlanish darajasidan kelib chiqib, xavflilikning I-V sinflariga bo‘linadi.

Xususan, O‘zbekistonda xavflilikning birinchi sinfiga kiruvchi pirotexnika buyumlarini jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan ishlab chiqarish, tayyorlash, mamlakatga olib kirish, tashish, o‘tkazish, sotib olish, saqlash va ulardan foydalanishga ruxsat beriladi.

Xavflilikning II-V sinflariga kiruvchi pirotexnika buyumlarining muomalasi esa taqiqlanadi. Biroq, ularni davlat ishtirokidagi mudofaa sanoati korxonalari tomonidan ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish va o‘tkazishga ruxsat beriladi. Shuningdek, xavflilikning III-V sinflariga kiruvchi pirotexnika buyumlaridan ommaviy tadbirlardagi mushakbozliklar uchun foydalanish mumkin.

Senatning 2025-yil noyabrida o‘tkazilgan o‘n birinchi yalpi majlisida ushbu qonun maʼqullangandi.

Unda xavflilikning I toifasiga kiruvchi pirotexnika vositalari sifatida bengal mayoqchalari, stol fontanlari, xlopushka kabi xavfli hudud radiusi 0,5 metrdan oshmaydigan buyumlar ekanligi aytilgan edi.

Xavflilikning II toifasiga petardalar, ochiq maydonlarda foydalanishga mo‘ljallangan pirotexnik fontanlar kabi xavfli hudud radiusi 5 metrgacha bo‘lgan pirotexnika buyumlari kiradi. Bundan tashqari:

  • xavflilikning III toifasiga — xavfli hudud radiusi 20 metrdan oshmaydigan pirotexnik sharlar, mushakbozlik batareyalari kabi qurilmalar;
  • xavflilikning IV toifasiga — xavfli hudud radiusi 20 metrdan yuqori bo‘lgan park feyerverklari, balandlikda foydalaniladigan feyerverklar va boshqalar;
  • xavflilikning V toifasiga kiruvchi pirotexnika buyumlari gidrometeorologik, qutqaruv va boshqa maxsus maqsadlarga mo‘ljallangan buyumlar, jumladan, raketalar, signal mash‘allari, temir yo‘l petardalari kiradi.

Pirotexnika buyumlarining muomalasi ustidan davlat nazorati Milliy gvardiya, ichki ishlar va bojxona organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan 3 oy o‘tgach — 14-apreldan boshlab kuchga kiradi.

2026-yilda O‘zbekneftgazga geologiya-qidiruv ishlari uchun 30 ta hudud beriladi

0

Yaqin kunlarda neft-gaz sohasini transformatsiya qilishni nazarda tutuvchi prezident qarori loyihasi tayyorlanadi.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev O‘zbekneftgaz kompaniyasi faoliyatining kelgusidagi vazifalari va rejalari yuzasidan taqdimot bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.

Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri o‘rinbosari O‘rol Yusupov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida yig‘ilishda geologiya-qidiruv ishlari hajmini oshirish va yangi konlarni o‘zlashtirish masalalari muhokama qilinganini qayd etdi. Jumladan, energiya resurslari ishlab chiqarishni ko‘paytirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi.

“Mamlakatimiz hududidagi istiqbolli maydonlarda 2026-yildan boshlab geologiya-qidiruv ishlarini jadallashtirish evaziga kamida 30 ta shunday hududni O‘zbekneftgaz ixtiyoriga berish bo‘yicha aniq topshiriqlar belgilab berildi”, — dedi u.

Buning uchun Geologiya vazirligi 2D va 3D seysmik modellashtirish hajmini tezlashtirib, O‘zbekgeofizika’ning moddiy-texnik bazasini kengaytiradi hamda geologiya-qidiruv ishlarini ko‘paytirish uchun innovatsion texnologiyalarni joriy etadi.

Iqtisodiyot va moliya vazirining neft-gaz sohasiga mas’ul o‘rinbosari Xurshed Mustafoyevning ma’lum qilishicha, tadbirda geologiya-qidiruv ishlarini rivojlantirish, O‘zbekneftgaz’ning moliyaviy holatini yaxshilash, foydasini oshirish va mahsulot tannarxini pasaytirish masalalari ko‘rib chiqilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, uch kun muddatda prezidentning tegishli qarori loyihasi tayyorlanadi, unda belgilangan vazifalar doirasidagi maqsadli ko‘rsatkichlar aks ettiriladi.

O‘zbekneftgaz boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginovning ma’lum qilishicha, prezident tabiiy gaz zaxirasini oshirish, qazib olish hajmini ko‘paytirish orqali mavjud quvvatlarni to‘liq ishga solish bo‘yicha topshiriqlar bergan. Buning uchun neft-gaz sohasini chuqur transformatsiya qilish, sohani raqamlashtirish va kompaniyaning moliyaviy holatini sog‘lomlashtirish hamda xarajatlarni qisqartirish rejalashtirilgan.

O‘zbekistonda hududlararo aviaqatnovlar 2030-yilgacha 2,5 baravarga oshiriladi

0

Keyingi besh yil ichida Toshkentni chetlab o‘tuvchi hududlararo parvozlar soni 1560 taga yetkaziladi, mamlakat bo‘yicha aviaqatnovlar esa 200 mingtagacha oshiriladi.

O‘zbekistonda hududlararo aviaqatnovlar soni 1500 dan ortiqqa oshiriladi. Bu haqda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan yangilangan “O‘zbekiston-2030” strategiyasi loyihasida ma’lum qilindi.

Unga ko‘ra, keyingi besh yilda Toshkent shahri bilan bog‘lanmagan hududiy aviaqatnovlar sonini 2,5 baravarga oshirish rejalashtirilmoqda: 2026-yilda 624 taga, 2027-yilda — 728 ta, 2028-yilda — 936 ta hamda 2029-yilda 1144 taga yetkaziladi. 2030-yilga borib esa bu 1560 tani tashkil etadi.

Shu bilan birga, mamlakatda aviqatnovlarning umumiy sonini 200 mingtagacha, jumladan hududlar o‘rtasida 41 mingtagacha yetkazish ko‘zda tutilmoqda.

Rejaga ko‘ra, parvozlar hajmi yilma-yil oshirib boriladi: 2029-yilda jami aviaqatnovlar 2026-yildagi 140 mingtadan 185 mingtaga, hududlararo parvozlar esa 37 mingtadan 40 mingtaga yetadi. Kelasi yil O‘zbekiston ko‘zlangan maqsadga yetmoqchi.

Bundan tashqari, kelgusi besh yilda havo transportida xizmat ko‘rsatilgan yo‘lovchilar soni 50% ga oshiriladi: 2026-yilda — 16 mln, 2027-yil — 18 mln, 2028-yil — 20 mln, 2029-yil — 22 mln hamda 2030-yil — 24 mln.

Shuningdek, xususiy aviakompaniyalar sonini 15 taga, mamlakat aviaparkidagi havo kemalari sonini 180 taga yetkazish belgilanmoqda.

2025-yilning dekabr oyida Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida 2026-yilda aviaparkdagi havo kemalarining soni 120 taga yetkazilishini ma’lum qildi.

Mahalliy aviaqatnovlarni oshirish uchun subsidiyalashning yangi tizimi joriy etiladi. Endi narxidan qat‘i nazar, sotilgan har bir chipta uchun aniq miqdorda subsidiya ajratiladi. Bu chipta narxini pasaytirish va talabni oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, yangi samolyotlar uchun uchuvchilar, ularga texnik xizmat ko‘rsatuvchilar, aeroportlar uchun servis va boshqaruv sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlash maqsadida Fuqaro aviatsiyasi universiteti tashkil etiladi.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning yanvar-sentabr oylarida havo transporti orqali qariyb 6,5 mln nafar yo‘lovchi tashilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 26,2% ga (1,3 mln). Kuniga o‘rtacha 23,7 ming nafar yo‘lovchi tashilgan.

Talabalarni ish bilan taʼminlash bo‘yicha yangi tartib joriy etildi

0

Yangi nizom bilan talabalar shartnoma pulini ish beruvchi hisobidan to‘lashi mumkin. O‘qish yakunlangach ular ishga qabul qilinadi.

Talabalarning buyurtmachi tashkilotlar bilan hamkorligi tashkil etiladi. Bu haqdagi tegishli nizom hukumat qarori bilan tasdiqlandi.

Hujjat bakalavriat yo‘nalishida 2 va undan yuqori kurslarda o‘qiyotgan talabalarning shartnoma to‘lovlarini ish beruvchilar tomonidan qoplab berish tartibini belgilaydi. Shuningdek, taʼlimni muvaffaqiyatli yakunlagan bitiruvchilarni ishga qabul qilish mexanizmlarini nazarda tutadi.

Nizomga ko‘ra, oliy taʼlim tashkilotlari va talabalar o‘rtasida uch tomonlama shartnomalar tuzilishi mumkin. Bunda ishchilar soni 50 nafardan ortiq yoki qiymati kamida $1 mln bo‘lgan investitsiya loyihalariga ega vazirliklar, idoralar va tashkilotlar buyurtmachi sifatida ishtirok etadi.

Talabalar har yili 20-sentabrgacha saralashda ishtirok etish uchun oliy taʼlim tashkilotiga elektron ariza topshiradi. Bunda o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari to‘g‘risidagi maʼlumotnoma ilova qilinadi.

Talabalar o‘qishni bitirganidan so‘ng buyurtmachi korxona yoki tashkilotda ishlab berish sharti bilan ariza topshiradi.

Ariza topshirish va saralab olishda ishtirok etuvchi talabgorlarning joriy o‘quv yilida o‘zlashtirish GPA ko‘rsatkichi 3 va undan yuqori bo‘lishi talab etiladi.

Tanlov komissiyasi har yili 15-oktabrgacha oliy taʼlim tashkilotida talabgorlarni suhbat asosida saralab olishdan o‘tkazadi.

Talabgorlarni saralab olishda buyurtmachi vakili xulosasi asosiy mezon hisoblanadi.

Uch tomonlama shartnoma tuzgan va taʼlimni muvaffaqiyatli tamomlagan talabalar o‘qishini bitirganidan keyin buyurtmachi tomonidan belgilangan tartibda ishga qabul qilinadi.

2025-yilning noyabrida bitiruvchilarni ishga olgan tadbirkorlarga 5 mlrd so‘mgacha imtiyozli kreditlar ajratilishi belgilangandi.

Tadbirkorlarga soliq hisobotini vaqtida topshirmaganlik uchun jarima miqdori kamaytirildi

0

Shuningdek, oxirgi 3 oyda soliq hisobotlarini o‘z vaqtida taqdim etib kelgan tadbirkorlik sub’yektlariga ma’muriy jarima qo‘llanmagan holda soliq hisobotini 5 kungacha kechiktirib topshirishga ruxsat berildi.

Soliq hisobotini o‘z vaqtida taqdim etmaganlik uchun tadbirkorlarga belgilangan ma’muriy jarima miqdori kamaytirildi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi xabar berdi.

Qayd qilinishicha, 2026 yil 1 yanvardan agar tadbirkor hisobot davrida bir nechta soliq turlari bo‘yicha soliq hisobotlarini taqdim etmagan bo‘lsa, barcha taqdim etilmagan hisobotlar bo‘yicha umumiy bitta jarima qo‘llaniladi. Avval har bir soliq hisobotini belgilangan muddatdan kechiktirib topshirish holati uchun alohida jarima qo‘llanilgan.

Shuningdek, soliq hisobotini o‘z vaqtida taqdim etmaganlik uchun belgilangan ma’muriy jarima miqdori ham kamaytirildi: fuqarolar uchun — 3 BHM dan 1 BHM ga (412 ming so‘m). Kichik tadbirkorlik sub’yektlarining mansabdor shaxslari uchun — 10 BHM dan 3 BHM ga (1 236 000 so‘m). Amaldagi qonunchilikka muvofiq, kichik tadbirkorlik sub’yektlari toifasiga yakka tartibdagi tadbirkorlar, mikrofirma va kichik korxonalar kiradi.

Oxirgi 3 oyda soliq hisobotlarini o‘z vaqtida taqdim etib kelgan tadbirkorlik sub’yektlariga ma’muriy jarima qo‘llanmagan holda soliq hisobotini 5 kungacha kechiktirib topshirishga ruxsat berildi.

O‘zbekiston noyabr oyida dunyodagi eng yirik oltin xaridorlari uchligiga kirdi

0

Markaziy bank bir oyda 10 tonna oltin sotib oldi, biroq yil boshidan buyon sotib olish hajmi bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘rinda qolmoqda.

Noyabr oyida O‘zbekiston dunyodagi eng yirik oltin xaridorlari uchligiga kirdi, deyiladi Jahon oltin kengashi (World Gold Council) hisobotida.

Xalqaro valyuta jamg‘armasi va ochiq manbalar ma’lumotlariga ko‘ra, noyabr oyida markaziy banklar tomonidan sof oltin sotib olish 45 tonnani tashkil etdi. Qimmatbaho metallga bo‘lgan barqaror talab rivojlanayotgan mamlakatlar markaziy banklarining faolligini qo‘llab-quvvatladi.

Eng yirik xaridor Polsha Markaziy banki bo‘ldi, u ketma-ket ikkinchi oy 12 tonna xaridni davom ettirdi. Keyingi o‘rinlarda Braziliya (11 tonna), O‘zbekiston (10 tonna) va Qozog‘iston (8 tonna) regulyatorlari joylashdi. Bundan tashqari, Chexiya, Xitoy va Indoneziya kichik hajmda sotib olgan.

O‘z navbatida, faqat Iordaniya (2 tonna) va Qatar (1 tonna) markaziy banklari oltinning sof sotuvchilariga aylandi.

O‘zbekiston yil boshidan buyon Singapur va Rossiyadan keyin qimmatbaho metallar bo‘yicha dunyodagi eng yirik sotuvchilar uchligiga kirdi. Asosiy xaridorlar — Polsha, Qozog‘iston va Braziliya.

oltinNoyabr oyida O‘zbekiston oltin eksportini butunlay to‘xtatdi. Bu o‘tgan yilning Markaziy bank qimmatbaho metalni sotmagan to‘rtinchi oyi bo‘ldi. 2025-yilning 11 oyi mobaynida oltin eksporti $9,9 mlrddan oshib, o‘tgan yilga nisbatan 49,4%lik o‘sishni qayd etdi.

O‘tgan yilning 1-dekabr holatiga ko‘ra, xalqaro zaxiralar $61,23 mlrdga yetib, bir oy ichida $1,89 mlrdga (3,2% ga) ko‘paydi. Bu ketma-ket beshinchi oylik o‘sish hisoblanadi. Yil boshidan beri ular 48,49% ga oshgan.

Oltin zaxirasi tarixiy yuqori ko‘rsatkichni qayd etib, $50,85 mlrdga yetdi. Qimmatbaho metallning qiymati $3,01 mlrdga, fizik hajmi esa 12,2 mln unsiyagacha (bir oyda 0,3 mln unsiyaga) ko‘paydi.