Bosh sahifa Blog Sahifa 32

Yerdan 100 mln so‘mgacha daromad olgan yoshlarga yangi tartibda ijaraga yer beriladi

0

Mahalla bankirlari yangi kredit mahsulotlari orqali 250 ming nafar aholini daromadli qilishi belgilandi. Mahallalarda 378 mingta mikroloyiha amalga oshiriladi.

2025-yilda O‘zbekistonda yoshlar ishsizligiga barham berish ishlari yangi bosqichga ko‘tariladi. Bu haqda 14-fevral kuni Shavkat Mirziyoyevning Ko‘ksaroy qarorgohida o‘tkazilgan yoshlar bilan muloqotida ma’lum qilindi.

Rahbarlar yoshlar ishsizligining salbiy oqibatlaridan, o‘z vaqtida band bo‘lmagan yoshlar bilib-bilmay nomaqbul ishlarga qo‘l urishi, diniy radikalizm ta’siriga tushib qolishi, jinoyat ko‘chasiga kirishi mumkinligidan ogohlantirildi.

Prezident Yunusobod, Asaka, Sharof Rashidov, Chiroqchi, Pastdarg‘om tumanlari, Olmaliq va Buxoro shaharlarida bu boradagi ishlar qoniqarsizligini ko‘rsatib o‘tdi.

Yoshlarni kasb va tilga o‘qitib, yuqori daromadli ishlarga joylashtirish uchun bu yil bandlik bo‘yicha dastur qabul qilindi. Buning uchun jami 126 trln so‘m yo‘naltirilmoqda. Unga ko‘ra, mahallalarda 378 mingta mikroloyiha amalga oshiriladi, mahalla bankirlari yangi kredit mahsulotlari hisobiga 250 ming nafar odamni daromadli qiladi.

Texnologik jarayonlarni boshqarishda strategik qarorlar qabul qiladigan yoshlarni tayyorlash uchun texnika oliygohlari qoshida 8 ta muhandislik maktabi faoliyat boshladi.

Bu yil yana 17 ta shunday maktab ochiladi. O‘tgan yili yoshlarga ajratilgan 56 ming gektar yer o‘z samarasini berib, 153 ming nafar yoshlar dehqonchilik bilan shug‘ullanayotgani qayd etildi.

2025-yil Qoraqalpog‘istonda, shu bilan birga, Andijon, Jizzax, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida bo‘sh turgan 3 300 gektar yerni yangi tartibda ijaraga berish belgilangandi. Bu tartib asosida ilgari ajratilgan yerga mahsulot ekib, kamida 100 mln so‘m daromad olgan yoshlarga ham yer beriladi.

Yoshlar kooperatsiyalari tashkil qilinib, ularning qishloq xo‘jaligida bilim va ko‘nikma oshirishiga yordam beriladi. Yoshlar sanoat zonalarida sanoat ipotekasi orqali bino olayotgan tadbirkorlarga uskuna xaridi uchun $500 minggacha kredit ajratiladi. Ya’ni, tayyor ishlab chiqarish maydonini olgan yosh tadbirkorga imtiyozli shartlarda uskunalar ham olib beriladi.

Ipoteka kreditlari bo‘yicha garov xatini onlayn rasmiylashtirishga ruxsat beriladi

0

Garov xatiga o‘zgartirishlar kiritilgan kelishuvlar Yagona portal orqali amalga oshiriladi.

12-fevral kuni qabul qilingan qonun bilan aholiga berilgan ipoteka kreditlarini takror moliyalashtirishning yangi mexanizmini yaratish belgilandi.

Qonun bilan bir qator qonun hujjatlariga ipoteka munosabatlariga elektron garov xatini joriy etish, ular bilan ta’minlangan majburiyatlarni bajarish hamda huquqlarni boshqa shaxsga o‘tkazish kabilarni belgilashni, talab qilish huquqlari hamda garov xati tugatish massasiga kiritilmasligini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. “Ipoteka to‘g‘risida»gi qonunga kiritilgan qo‘shimcha bilan elektron garov xatiga o‘zgartirishlar kiritish garov xatining qonuniy egasi va garovga qo‘yuvchi tomonidan elektron garov xatiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi kelishuv shaklini Yagona portalda to‘ldirish orqali amalga oshiriladi.

Elektron garov xatlari bo‘yicha huquqlarni boshqa shaxsga o‘tkazish depo hisobvarag‘iga tegishli yozuv kiritish orqali amalga oshiriladi.

Bunda, elektron xatga doir huquqlar oluvchining depo hisobiga yozuv kiritilgan paytdan boshlab unga o‘tadi va ko‘chirma bilan tasdiqlanadi. Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

Mazkur qonun loyihasi 2024-yilning sentabr oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilinib, Senat tomonidan dekabr oyida ma’qullangandi.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva tavsiya qilgan 5ta kitob va beshinchisi

0

Umida Teshaboyeva kitob mutolaasi orqali hayot zinapoyasidan ko‘tarilib, muvaffaqiyatga erishishga xizmat qiladigan va o‘qib-izlanishga undaydigan kitoblar haqidagi fikrlari bilan bo‘lishdi.

“Yomg‘ir. Hikoyalar to‘plami” Somerset Moem

Eng so‘ngi maza qilib mutolaa qiladigan kitobim, Somerset Moemning hikoyalari. Yozuvchi jahon adabiyotida realistik hikoyalarning mohir ustasi sifatida shuhrat qozongan.

Hikoyalarida yozuvchi kitobxonni inson ruhiyatining murakkab dunyosiga olib kirib, hayotga yangicha nazar bilan ham kuyinib, ham kulib qarashga majbur etadi. Adib asarlariga xos bo‘lgan jonli, aniq-tiniq, rostgo‘y va samimiy til ularning katta qiziqish bilan o‘qilishini ta’minlagan.

Kitob o‘quvchini insonning haqiqiy tabiatini anglash va atrofdagi dunyoga chuqurroq nazar tashlashga chaqiradi.

kitoblar tavsiyasi, o‘zbekiston milliy kutubxonasi, umida teshaboyeva

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva tavsiya qilgan 5ta kitob va to’rtinchisi

0

Umida Teshaboyeva kitob mutolaasi orqali hayot zinapoyasidan ko‘tarilib, muvaffaqiyatga erishishga xizmat qiladigan va o‘qib-izlanishga undaydigan kitoblar haqidagi fikrlari bilan bo‘lishdi.

“Ufq” Said Ahmad

To‘rtinchi barcha birdek o‘qishi kerak bo‘lgan kitob — Said Ahmadning “Ufq” trilogiyasi.

Asar o‘zida ikkinchi jahon urushi paytida bo‘lgan voqea va hodisalar, urush davrida dehqonlarning front ortidagi mehnati, insonlar taqdiri va urushdan keyingi voqealar haqida hikoya qiladi.

Kitob insonning milliy qadriyatlarni saqlash, mehnatsevarlik, oilaviy munosabatlar va hayotdagi murakkabliklarni yengib o‘tishga va kitobxonlarga hayotda qat’iyatli bo‘lishga hamda xalqning qadimiy merosini qadrlashga undaydi.

O‘zbekiston 26 yildan so‘ng qishki Osiyo o‘yinlarida oltin medalni qo‘lga kiritdi

0

Xitoyning Harbin shahrida o‘tayotgan musobaqada figurali uchish bo‘yicha terma jamoa a’zolari Dmitriy Chigirev hamda Yekaterina Geynish zafar quchdi.

O‘zbekiston delegatsiyasi 26 yillik tanaffusdan keyin qishki Osiyo o‘yinlarining oltin medaliga sazovor bo‘ldi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi xabar berdi.

Qayd qilinishicha, Xitoyning Harbin shahrida o‘tayotgan musobaqada figurali uchish bo‘yicha terma jamoa a’zolari Dmitriy Chigirev hamda Yekaterina Geynish juftligi 176,43 ball jamg‘arib, eng yaxshi natijaga erishdi va qishki Osiyo o‘yinlari chempioni bo‘ldi.

Ikkinchi o‘rinni KXDR vakillari Ryom Te Ok va Xan Kum Chol qo‘lga kiritdi. Yaponiyalik Yuna Nagaoka va Sumitada Moriguchi uchinchi bo‘ldi.

Bu O‘zbekiston sportchilarining ushbu Osiyo o‘yinlaridagi birinchi medali bo‘ldi. Umumjamoa hisobida Xitoy 31 oltin, 26 kumush va 22 bronza bilan peshqadamlik qilmoqda. O‘zbekistonliklar (1-0-0) Janubiy Koreya (12-13-12), Yaponiya (7-7-13) va Qozog‘istondan (3-7-5) keyin beshinchi o‘rinda bormoqda.

Harbin-2025 o‘yinlari 14 fevralda yakunlanadi.

O‘zbekiston sportchilari ilgari oltin medalni 1999 yilda Janubiy Koreyaning Kangvon shahrida o‘tgan Osiyo o‘yinlarida qo‘lga kiritgan. Figurali uchishda Tatyana Malinina yakkalik bahslarida birinchi bo‘lgan edi.

Kambag‘al oilalarga ayrim xarajatlarini qoplashga 11,25 mln so‘mgacha subsidiya beriladi

0

1-apreldan yoshlar, 1-sentabrdan esa ayollar daftarlari orqali beriladigan bir martalik moddiy yordamlar o‘rniga kam ta’minlangan oilalar uchun nazarda tutilgan nafaqalar to‘lanadi.

Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini moliyalashtirish tartibini yaxshilashga qaratilgan prezident farmoni qabul qilindi.

Hujjat bilan 2025-yilning 1-aprelidan “Yoshlar daftari” jamg‘armalari orqali, 1-sentabrdan esa “Ayollar daftari” jamg‘armalari orqali to‘lanadigan bir martalik moddiy yordamlar o‘rniga kam ta’minlangan oilalar uchun nazarda tutilgan nafaqalar to‘lanadi.

Joriy yilning 1-mayidan “Ijtimoiy daftarlar” jamg‘armalari hisobidan davolash va jarrohlik amaliyotini o‘tkazish xarajatlari Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi orqali moliyalashtiriladi.

Apreldan boshlab Qoraqalpog‘iston va Xorazmda muhtoj oilalarga bir marta beriladigan moddiy yordam o‘rniga Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilganlarga ayrim xarajatlarini qoplashga subsidiya ajratish tartibi joriy etiladi. Mablag‘lar uy-joyida artezian quduq qazish, suv nasoslarini o‘rnatish va ichimlik suv filtrlarini xarid qilish xarajatlarini qoplashga yo‘naltiriladi. Bunda subsidiya xarajatlarning 90%i, biroq BHMning 30 baravari (11,25 mln so‘m) dan ko‘p bo‘lmagan miqdorda beriladi.

1-maydan ozodlikdan mahrum etish joylaridan ozod qilingan shaxslarga BHMning 6 baravari miqdorida (2,25 mln so‘m) gi bir martalik nafaqa puli “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari orqali to‘lanadi.

Shuningdek, tuman (shahar) hokimliklari huzurida “Infratuzilma va ijtimoiy barqarorlik” jamg‘armalari tashkil etiladi.

2024-yil yakuni bilan O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 11% dan 8,9% ga yoki 719 ming nafar aholiga kamaydi. Bunga aholi bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlikka jalb qilish, tomorqa va dehqonchilik uchun ajratilgan yerlardan foydalanishni oshirish choralari ta’sir qilgan.

Yanvarda 277 ming fuqaro ish bilan ta’minlandi. Shundan 91 ming nafari doimiy ishga joylashgan, 153 mingi esa tadbirkorlikka jalb qilingan. Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov o‘tgan oyda 21 mingdan ortiq oila kambag‘allikdan chiqarilganini ma’lum qildi.