Bosh sahifa Blog Sahifa 3

Xorijdan tovarlarni bojsiz olib kirish normasi to‘liq qayta ko‘rib chiqiladi

0

Bundan tashqari, ko‘chmas mulk garovini ro‘yxatga olish xizmati narxi 2 baravar kamaytiriladi.

25-noyabr kuni prezidentning “Qonunchilikdagi huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etish va tartibga solish yukini kamaytirish to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanalida xabar berildi.

Hujjatga ko‘ra, amalda o‘z ahamiyati va dolzarbligini yo‘qotgan 800 ga yaqin qonunchilik hujjatlari “tartibga solish gilyotinasi” orqali bekor qilinadi.

Farmon bilan Tadbirkorlik va boshqa sohalardagi ayrim majburiy talablarni qisqartirish, tartibga solishni soddalashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

Jumladan, tadbirkorlar uchun moliyaviy operatsiyalarni E-aktiv tizimida aks ettirish majburiyati bekor qilinadi. Ko‘chmas mulkka nisbatan garov huquqini ro‘yxatga olishda davlat xizmati narxi 2 baravarga kamaytiriladi.

Shaxsiy ehtiyoj uchun mamlakatga olib kiriladigan tovarlarning bojsiz olib kirish normalari to‘liq qayta ko‘rib chiqiladi.

Yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra ro‘yxatdan o‘tkazmagan nogironligi bo‘lgan shaxslarga muqobil hujjatlar asosida soliq imtiyozlaridan foydalanish imkoni yaratiladi.

Hukumat qarori bilan joriy yilning 1-mayidan jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyoj uchun olib kiriladigan tovarlarning bojsiz olib kirish normalari havo transportida — $1000, temir yo‘l va daryo transportida — $500, avtomobil va piyoda o‘tish punktlarida — $300, xalqaro kuryerlik jo‘natmalarida — $200 hamda pochta orqali $100 etib belgilangan. Bojsiz olib kirish normasidan ortiq qismiga 30% to‘lov undiriladi.

Shu bilan birga, 20-iyuldan notijorat maqsadlarida tovarlarni olib kirish uchun xorijda bo‘lish tartibi quyidagicha belgilandi:

  • temir yo‘l va daryo transportida hamda avtomobil o‘tkazish punktlari orqali kirishda — 2 kun;
  • havo transportida — 3 kundan kam bo‘lmasligi kerak.

Oktabr oyida Yuksalish umummilliy harakati O‘zbekistonda tovarlarni bojsiz olib kirish normasi fuqarolarga qo‘shimcha xarajat yuklab, bozordagi raqobatga ta’sir ko‘rsatayotganini bildirgandi. Tashkilot import bojlarini pasaytirishga chaqirgandi.

Abituriyentlar uchun xorijiy va nodavlat OTMdagi davlat grantlariga qo‘shimcha tanlov o‘tkaziladi

0

Davlat komissiyasi qaroriga muvofiq, 2025-2026 o‘quv yili uchun xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlariga ajratilgan 1 320 ta davlat granti o‘rinlaridan vakant qolgan qismi bo‘yicha abituriyentlar uchun qo‘shimcha tanlov e’lon qilindi. Ro‘yxatdan o‘tish 25 noyabrdan 4 dekabrgacha onlayn tarzda amalga oshiriladi.

Davlat komissiyasi bayoniga ko‘ra, 2025-2026 o‘quv yili uchun respublika hududida faoliyat yuritayotgan xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlariga davlat granti asosida ajratilgan 1 320 ta o‘rindan vakant qolgan o‘rinlar uchun abituriyentlar o‘rtasida qo‘shimcha tanlov o‘tkaziladi.

Shunga muvofiq, 2025 yil 25 noyabrdan 4 dekabrga qadar (shu kuni ham) muayyan xorijiy va nodavlat oliy ta’lim muassasalariga to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan yoshlar Bilim va malakalarni baholash agentligining my.uzbmb.uz platformasida onlayn ro‘yxatdan o‘tadi.

Ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar uchun 2025 yil 11 dekabrga qadar test sinovlari o‘tkaziladi. Test sinovlari o‘tkazish sanasi, vaqti va manzili haqidagi ma’lumotlar abituriyentning shaxsiy kabineti orqali e’lon qilinadi.

Talabgorlar imtihonda ishtirok etish uchun ruxsatnomani ham Bilimni baholash agentligining my.uzbmb.uz saytidagi shaxsiy kabinetidan yuklab olishi mumkin.

O‘zbekistonda havo tozalagichlar uchun bojxona to‘lovlari bekor qilinadi

0

Shuningdek, atmosfera havosini chuqur o‘rganishga qaratilgan maxsus laboratoriya tashkil etiladi.

Avvalroq prezident Toshkentdagi ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi farmonni imzolagani haqida xabar berilgandi.

Hujjat bilan, atmosfera havosining PM 2.5 zarralari bilan ifloslanish manbalarini aniqlash uchun Ekologiya qo‘mitasi huzurida Atmosfera havosini chuqur o‘rganishga qaratilgan maxsus laboratoriya tashkil qilinishi belgilandi.

Maxsus laboratoriyaga termik optik tahlillarni amalga oshirish uchun termo-optik analizator uskunasi xarid qilinadi. Atmosfera havosi namunalarini yig‘ib olish maqsadida 5000 dona kvars filtrlar sotib olinadi.

Tadbirkorlik subyektlari va fuqarolar tomonidan maishiy havo tozalash uskunalari (TIF TN kod 8509 80) O‘zbekiston hududiga olib kirilganda bojxona bojidan ozod etiladi.

Shuningdek, maxsus laboratoriya uchun uskunalar va boshqa jihozlar, avtomatlashgan kichik stansiyalar (TIF TN kodi 9027), tashlamalarning avtomatik monitoring stansiyalari (TIF TN kodi 9027), avtomatik kuzatuv lostlari (TIF TN kodi 9027), chang-gaz tozalash uskunalari (TIF TN kodi 8421), lokal suv tozalash inshootlari (TIF TN kodi 8421) ham bojdan ozod etiladi.

Avtotransport vositalarining atmosfera ifloslanishiga taʼsirini kamaytirish bo‘yicha ishlar olib boriladi. Bu maqsadda Toshkentda Yevro-4 standartiga javob bermaydigan, M va N toifalariga mansub va 2010-yilgacha ishlab chiqarilgan avtomobillar o‘rganib chiqiladi.

Mazkur transport vositalarini trade-in tizimi orqali xarid qilish tartibi bir oy muddatda ishlab chiqiladi.

Prezident Toshkentda ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlarni tasdiqladi

0

Poytaxtda ekologik vaziyatni yaxshilash yuzasidan kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha maxsus komissiya tuzildi.

25-noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev “Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi.

Hujjat bilan poytaxtda ekologik vaziyatni yaxshilash yuzasidan kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha maxsus komissiya tuzildi.

24-noyabr kuni prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Administratsiya hamda aloqador idoralar rahbariyati ishtirokida Toshkent shahridagi ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

So‘nggi kunlarda kuzatilayotgan havo ifloslanishi darajasi chuqur tashvish uyg‘otayotgani, poytaxt aholisini xavotirga solayotgani, bu tezkor va muvofiqlashtirilgan harakatlarni talab etayotgani qayd etildi.

Administratsiya rahbari mas’ullarning atmosfera havosining hozirgi holati, fuqarolar murojaatlari, jamoatchilikning taklif va tashabbuslari to‘g‘risidagi hisobotlarini tingladi. Mavjud vaziyatga ta’sir ko‘rsatayotgan asosiy omillar, odamlar salomatligi va ekologiyaga salbiy ta’sirni kamaytirish yo‘llari ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilishda o‘rnatilgan me’yorlar buzilgan hollarda havoni ifloslantirayotgan ishlab chiqarishlarga qarshi qat’iy choralar ko‘rish zarurligi alohida ta’kidlandi. “Odamlar salomatligi haqida gap ketganda, murosaga o‘rin yo‘qligi va bu tamoyil davlat uchun ham, biznes uchun ham birdek amal qilishi kerakligi qayd etildi”, deyiladi xabarda.

Saida Mirziyoyeva tezkor tartibda ishlab chiqilgan ekspert xulosalariga asoslanib, yaqin, o‘rta va uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan, tezkor choralardan tortib, kelgusida bunday holatlar takrorlanishining oldini olishga qaratilgan tizimli yechimlargacha qamrab olgan kompleks takliflarni ilgari surdi.

Xususan, prezident Administratsiyasi rahbari tomonidan ekologik nazoratni kuchaytirish, ifloslantiruvchi obyektlar faoliyatini cheklash, qurilishga qo‘yiladigan talablarni qat’iylashtirish, shaharni keng ko‘lamda ko‘kalamzorlashtirish va havo sifatini nazorat qilishning zamonaviy tizimini yaratish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi. Prezident farmonida ushbu chora-tadbirlar asos qilib olingan.

O‘zbekistonda Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi jamg‘armasi tashkil etiladi

0

Shuningdek, joriy yil yakunigacha Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi axborot tizimi ishga tushiriladi.

Prezidentning qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urta qilish mexanizmini samarali tashkil etish bo‘yicha farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy-axborot kanali xabar berdi.

Hujjat bilan, qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi tizimini joriy etishning asosiy maqsadlari belgilandi. Unga ko‘ra, tabiiy va texnogen ofatlar, yong‘in, zararkunanda va kasalliklar taʼsirida o‘simlik hamda hayvonlarga yetkazilgan zararlar qoplab beriladi.

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 2030-yilgacha 20% ga oshiriladi. Mahsulot ishlab chiqaruvchilarning xavflari esa kamaytiriladi.

Farmon bilan, Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi jamg‘armasi tashkil etilishi belgilandi.

2026-yildan mahsulot ishlab chiqaruvchilari mahsulot yetishtirish uchun imtiyozli kreditlardan foydalanganda ishlab chiqariladigan mahsulotning yo‘qotilishi xavfini oldindan sug‘urta qilish amalga oshiriladi.

Klaster, fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalarining imtiyozli kreditlar bo‘yicha qarzdorliklari qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklari sug‘urtasi shartnomasi bo‘yicha qoplanmaydi.

Shuningdek, 2025-yil yakunigacha Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi axborot tizimi ishga tushiriladi.

O‘zbekistonda uy-joy qurilishi ikki barobarga, ipoteka kreditlari esa 10 barobarga oshiriladi

0

Yangi qo‘mita urbanizatsiya, uy-joy qurilishi va renovatsiya jarayonlarini yagona tizimda boshqaradi.

20-noyabr kuni O‘zbekistonda uy-joy va ipoteka bozorini barqaror rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident farmoni qabul qilindi.

Hujjat bilan uy-joy sohasini muvozanatli rivojlantirishni ta’minlash, 2040-yilgacha har yili qurilayotgan uy-joylar sonini ikki baravarga oshirib, 421 mingtaga yetkazish, ipoteka krediti portfelini 10 baravardan ortiqqa — $56,7 mlrdga yetkazish belgilanmoqda.

Sohani rivojlantirishning asosiy ustuvor yo‘nalishlari sifatida aholining uy-joy sharoitlarini yaxshilash va Yangi O‘zbekiston massivlarini barpo etishni davom ettirib, uy-joy fondida zamonaviy uy-joylar ulushini 2040-yilgacha 50% ga yetkazish belgilandi.

Shu bilan birga, uy-joy bozoriga bank moliyasi va institutsional investorlar mablag‘larini, shu jumladan, ipoteka kreditidan foydalangan holda jalb etish, ulushli qurilishga sarmoya kiritayotgan jismoniy shaxslarning huquqlarini himoya qilish va Uy-joyning yagona hayotiy sikli tamoyili asosida kompleks isloh qilish ko‘zda tutilgan.

O‘zbekistonda 2040-yilgacha bo‘lgan davrda uy-joy va ipoteka bozorini barqaror rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari, maqsadli ko‘rsatkich hamda kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqiladi.

Qurib bitkazilmagan uy-joylar hamda sanoat hududlarini birinchi navbatda qurilishga jalb etish tartibi joriy etiladi. Qurilish ekologik toza mahsulotlar hamda energiya tejovchi texnologiyalar orqali uy-joy massivlarining muhandislik, transport va ijtimoiy infratuzilmasini oldindan barpo etishni nazarda tutadigan kompleks qurilish tamoyili asosida tashkil etiladi.

Kompleks qurilish tamoyili doirasida quyidagilar ta’minlanadi:

  • kompleks qurilish dasturlarini faqat ochiq va batafsil ishlab chiqilgan rejalar asosida tayyorlash;
  • ajratilgan yer uchastkalarini xususiylashtirish dasturlariga kiritish yoki boshqa loyihalarga jalb etish hamda ularning maqsadli yo‘nalishini o‘zgartirishga yo‘l qo‘ymaslik;
  • kompleks qurilish loyihalariga kiritiladigan yer uchastkalari, ko‘chmas mulk obyektlari va ularning huquq egalari to‘g‘risida to‘liq ma’lumotlarni taqdim etish;
  • loyihalarni amalga oshirishda hududlarning kelgusidagi ijtimoiy ehtiyojlarini inobatga oluvchi kompleks yondashuvdan foydalanish;
  • ko‘chmas mulk obekti egasining u joylashgan yer uchastkasiga ijara yoki mulk huquqida egalik qilish bo‘yicha mutlaq huquqini kafolatlash.
  • Bundan tashqari, O‘zbekistonda Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi tashkil etiladi. U urbanizatsiya, uy-joy qurilishi, renovatsiya va ipoteka sohasida davlat siyosatini amalga oshirib, dasturlarni muvofiqlashtirish va rivojlantirish bo‘yicha vakolatli davlat organi hisoblanadi.

Qo‘mita o‘z faoliyatini hukumat bilan uzviy hamkorlikda tashkil etadi va amalga oshiradi. Milliy qo‘mita faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari sifatida samarali va barqaror uy-joy siyosatini ishlab chiqish, renovatsiya dasturlarini samarali amalga oshirish hamda Yangi O‘zbekiston massivlarini qurishni muvofiqlashtirish belgilangan.