Matbuot xizmatiYangiliklarKorxonalarning barqaror faoliyatini qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rib chiqildi

Korxonalarning barqaror faoliyatini qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rib chiqildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev ishlab chiqarish korxonalari faoliyatini barqarorlashtirish hamda tadbirkorlarni oʻylantirayotgan muammoli masalalarni hal etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, investitsiya loyihalarini qoʻllab-quvvatlash va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, sanoatda mavjud imkoniyatlardan toʻliq foydalanish, avval ishga tushirilgan korxonalarning barqaror faoliyat yuritishini taʼminlash, ularning mahsulot ishlab chiqarish va eksport salohiyatini oshirish esa muhim vazifa boʻlib qolmoqda.

Taqdimotda turli sabablarga ko‘ra to‘liq quvvatda ishlamayotgan va tushumi kamaygan korxonalar faoliyatini oʻrganish natijalari koʻrib chiqildi. Bunday holatlar asosan toʻqimachilik, qurilish materiallari, oziq-ovqat, neft-kimyo, elektrotexnika va boshqa tarmoqlarda kuzatilmoqda.

Ushbu toifadagi korxonalar faoliyatiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan omillar orasida aylanma mablagʻ yetishmovchiligi, kommunal infratuzilma bilan bogʻliq masalalar, loyihalarning kechikishi, uskunalarning eskirgani, xomashyo zanjiridagi uzilishlar, mahsulotga talabning pasayishi kabi muammolar koʻrsatib oʻtildi.

Bu muammolarni hal qilish orqali korxonalarda ishlab chiqarishni tiklash va mavjud quvvatlarni toʻliq ishga solib, qoʻshimcha 65,6 trillion soʻmlik mahsulot ishlab chiqarish va eksport qilish imkoniyati borligi aniqlandi.

Shu bois, har bir korxona holatini alohida oʻrganib, ularni toʻliq quvvatga olib chiqish boʻyicha yangi tizim joriy etilishi belgilandi. Buning uchun mutasaddi idoralar va banklar ishtirokida Respublika shtabi tashkil etiladi. Shtab vakillari joylarga chiqib, ikki hafta muddatda korxonalar faoliyatiga toʻsqinlik qilayotgan masalalarni aniqlaydi va ularni joyida hal etish choralarini koʻradi.

Faoliyatini tiklash imkoniyati mavjud korxonalarga zarur kredit mablagʻlarini ajratish, aylanma mablagʻ bilan taʼminlash, infratuzilma va xomashyo masalalarini hal etish boʻyicha banklar va masʼul idoralar birgalikda ishlaydi.

Taqdimotda tijorat banklari balansidagi yirik mol-mulklar masalasiga ham eʼtibor qaratildi.

Bugungi kunda banklar balansida qiymati 10 milliard soʻmdan yuqori boʻlgan 70 ta mol-mulk mavjud. Mazkur aktivlarni iqtisodiyotga qayta jalb qilish, ularga investor topish va ishlab chiqarish maydonlariga aylantirish boʻyicha alohida mexanizmlar ishlab chiqilishi belgilandi.

Taqdimotda investitsiya dasturlari doirasida ishga tushirilgan loyihalar faoliyatini hisobga olish va ularning natijadorligini baholash masalasiga toʻxtalib oʻtildi. 2021-2025-yillarda amalga oshirilgan qariyb 17 mingta loyiha natijasida ishga tushgan korxonalarning ayrimlari oʻz faoliyatini soliq va statistika hisobotlarida toʻliq aks ettirmayotgani koʻrsatib oʻtildi. Mutasaddilarga har bir loyihani oʻrganib, ularni soliqqa tortish va statistika hisobotlarida toʻgʻri aks ettirishni taʼminlash topshirildi.

Ishbilarmonlik muhitiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan hamda aholi va tadbirkorlik subyektlarining eʼtirozlariga sabab boʻlayotgan ayrim masalalar hamda ularning yechimi boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi.

Xususan, tadbirkorlik subyektlarining peshlavhalari va brend belgilarini joylashtirish, umumiy ovqatlanish va savdo obyektlari uchun ayrim maʼmuriy talablar, mehnat munosabatlaridagi tartib-taomillar, naqd pulsiz toʻlovlar, soliq imtiyozlarini qoʻllash, moliyaviy jarimalar, tashqi iqtisodiy faoliyatdagi hujjatbozlik kabi masalalar muhokama qilindi.

Masalan, amaldagi tartibga koʻra, ayrim hollarda korxona nomi, faoliyat turi yoki savdo belgisi aks etgan peshlavhalar ham reklama sifatida baholanib, ular uchun alohida pasport rasmiylashtirish va toʻlovlarni amalga oshirish talab etilmoqda. Bu tadbirkorlar uchun qoʻshimcha maʼmuriy yuk boʻlishi bilan birga savdo va xizmat koʻrsatish obyektlarining tanilishi, mijozlar oqimi va tushumiga ham taʼsir koʻrsatmoqda.

Shu munosabat bilan tadbirkorlik subyektining nomi va faoliyat turi toʻgʻrisida binoga joylashtirilgan axborotni reklama sifatida baholamaslik va buning uchun tegishli pasportlarni rasmiylashtirishni bekor qilish taklif etildi. Reklamalar va boshqa axborot belgilarini joylashtirishga doir dizayn talablarini tadbirkorlar takliflarini inobatga olgan holda bosqichma-bosqich joriy etish, yuridik shaxslarga tegishli transport vositalariga oʻz savdo belgisini joylashtirish tartibini soddalashtirish tashabbusi ilgari surildi.

Umumiy ovqatlanish korxonalariga qoʻshilgan qiymat soligʻining bir qismini qaytarish tartibini soddalashtirish, ayrim savdo, umumiy ovqatlanish va xizmat koʻrsatish obyektlari uchun ekologik ekspertiza hamda kompensatsiya toʻlovlari bilan bogʻliq tartiblarni yengillashtirish taklif etildi. Shuningdek, mehnat munosabatlarida ish beruvchi va xodim oʻrtasidagi ayrim tartib-taomillarni aniqlashtirish taklif qilindi.

Raqamlashtirish va naqd pulsiz toʻlovlar yoʻnalishida aholi va biznes uchun qulaylikni oshirishga qaratilgan takliflar bildirildi. Xususan, ayrim tovar va xizmatlar uchun toʻlovlarni naqd pulsiz shaklda amalga oshirish amaliyoti kengayib borayotgani bois, bank infratuzilmasi, komissiyalar va isteʼmolchilarga qaytariladigan keshbek tizimini takomillashtirish zarurligi qayd etildi.

Jismoniy shaxslarning oʻz bank kartalari oʻrtasidagi pul oʻtkazmalarini komissiyasiz amalga oshirish, naqdsiz toʻlovlarni aholi uchun qulay boʻlgan shakllarini koʻpaytirish, umumiy ovqatlanish, alkogol, tamaki va yoqilgʻi sotish sohalarida xarid cheki boʻyicha hisoblangan keshbekni tezkor qaytarish imkoniyatini yaratish taklif etildi. Shu bilan birga, bank kartalari orqali amalga oshiriladigan operatsiyalarda xavfsizlikni taʼminlash maqsadida joriy etilgan antifrod SMS-xabarnomalar boʻyicha xarajatlarni qayta koʻrib chiqish, mobil ilovalardagi xabarnomalar yoki biometrik identifikatsiya kabi muqobil yechimlardan foydalanish taklif qilindi.

Soliq maʼmurchiligi va moliyaviy jarimalar yoʻnalishida soliq imtiyozlarini qoʻllashda yuzaga kelayotgan nizoli holatlarni bartaraf etish, soliq qarzdorligi boʻyicha hisoblanayotgan penya asosiy qarz summasidan oshib ketmasligi boʻyicha normani joriy etish, chek bermaslik holati yuzasidan xabar yuborish tizimini suiisteʼmol qilish holatlarining oldini olish, QQS guvohnomasini toʻxtatish tartibini takomillashtirish ilgari surildi.

Tashqi iqtisodiy faoliyatni soddalashtirish maqsadida import jarayonida bir-birini takrorlovchi hujjatlarni qisqartirish, tadbirkorlarga xorijda savdo uylari, filial va vakolatxonalar ochish uchun qulayroq tartib yaratish, “Oʻzekspomarkaz” imkoniyatlaridan samarali foydalangan holda milliy mahsulotlarni xalqaro bozorlarda keng targʻib qilish boʻyicha takliflar bildirildi.

Davlatimiz rahbari tadbirkorlik uchun ortiqcha toʻsiqlarni kamaytirish, nazorat va tartibga solish mexanizmlarini soddalashtirish, raqamlashtirish jarayonlarini biznesga qoʻshimcha yuk emas, qulaylik yaratadigan vositaga aylantirish zarurligini taʼkidladi.

Mutasaddilarga mavjud sanoat quvvatlarini toʻliq ishga solish, korxonalarni moliyaviy sogʻlomlashtirish, ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirish, yangi ish oʻrinlari yaratish hamda tadbirkorlar uchun qulay sharoitlarni kengaytirish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.

Bo‘limlar

So'nggi yangiliklar

Xorijiy va xususiy OTMlaridan o‘qishni ko‘chirish tartibi tasdiqlandi. Asosiylar

Endi xorijiy til va fanlar bo‘yicha milliy va xalqaro sertifikatlar ham davlat oliygohlariga o‘qishni ko‘chirishda hisobga olinadi. Hukumat qarori bilan O‘zbekistonda xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlaridan talabalar...

Yosh oilalar uchun ijara to‘lovlarini qoplash bo‘yicha onlayn xizmat ishga tushdi

Xizmatdan Yagona portal orqali bepul foydalanish mumkin. Ijtimoiy himoyaga muhtoj yosh oilalarga har oy ijara to‘lovining 50%i qoplab beriladi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj yosh oilalar uchun ijara...

Bolalarga transport vositasini boshqarishga ruxsat berganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi

Prezident huzurida yo‘l-transport hodisalarining oldini olish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi va takliflarni maʼqullandi. Shavkat Mirziyoyev aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlikdan himoya qilish, shuningdek, yo‘l harakati...

O‘zbekistonda tadbirkorlar faoliyatini tekshirishda bodi-kameralardan foydalanilishi mumkin

Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi nazorat tadbirlarida bodi-kameralardan foydalanishni joriy etishi, xodimlari esa maxsus kiyimda xizmat olib borishi rejalashtirilmoqda. O‘zbekistonda ayrim tadbirkorlar faoliyatini tekshirishda bodi-kameralardan...

Yoshlarni ish bilan ta’minlayotgan tadbirkorlarga qo‘shimcha imkoniyatlar yaratiladi

Barcha oliygohlarda Tadbirkorlik asoslari fani o‘qitiladi, karyera markazlari faoliyati baholanib, eng yaxshi 20 ta oliygohga 500 mln so‘mdan mablag‘ ajratiladi. 8-iyun kuni Shavkat Mirziyoyev mamlakat oliy...

O‘zbekiston Rossiyaga ta’lim va ishga joylashtirish uchun onlayn platforma yaratishni taklif qildi

Shuningdek, prezident xorijiy sarmoyadorlarga O‘zbekiston orqali qo‘shni bozorlarga chiqish imkoniyatini taklif etdi. Shavkat Mirziyoyev Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumidagi nutqida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan...