Bosh sahifa Blog Sahifa 25

Meva-sabzavotlarni sotuvga chiqaruvchi ayrim tadbirkorlarga soliq imtiyozlari beriladi

0

Bunda 2028-yil 1-yanvargacha tadbirkorlar uchun foyda solig‘i va o‘zlarining xodimlari uchun jismoniy shaxslardan olinadigan ijtimoiy soliq stavkalari 1% etib belgilanadi.

Prezidentning qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining eksport salohiyatini oshirish hamda qayta ishlash zanjirini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, 2025−2026-yillarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini oshirish hamda qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari etib quyidagilar belgilandi:

  • 2025-yilda meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari eksporti hajmini jami $3,5 mlrdga yetkazish;
  • 2025-yil yakunigacha 8 ta davlatga yangi 30 turdagi mahsulotlar eksporti uchun fitosanitariya ruxsatnomalarini olish;
  • istiqbolli bozorlarga 2025-yilda $442 mln, 2026-yilda $575 mln miqdoridagi meva-sabzavot mahsulotlari eksportini ta’minlash.

Bundan tashqari 2025-yilda hududlarda jami 2,1 mln tonna meva-sabzavot mahsulotlari uchun qadoqlar ishlab chiqarish bo‘yicha $40,5 mln miqdoridagi investitsiya loyihalarini amalga oshirish belgilangan

2028-yil 1-yanvargacha meva-sabzavot mahsulotlarini zamonaviy qadoqlarda realizatsiyaga chiqaradigan hamda quyidagi barcha shartlarga bir vaqtning o‘zida javob beradigan tadbirkorlar uchun foyda solig‘i va o‘zlarining xodimlari uchun jismoniy shaxslardan olinadigan ijtimoiy soliq stavkalari 1% etib belgilanadi:

  • har oyda har bir xodimga ish haqi miqdori mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 2 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda hisoblanganda;
  • zamonaviy qadoqlangan meva-sabzavot mahsulotlarini soliq davrida realizatsiya qilishdan tushgan umumiy tushum jami tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadning kamida 50%ini tashkil etganda.

2027-yil 1-aprelgacha dukkakli mahsulotlarni ekish, yig‘ib olish va saralash uskunalari importi uchun bojxona bojining 1%lik stavkasi qo‘llanadi.

1-maydan elektr energiyasi uchun yangi tariflar joriy etiladi

0

Bunda aholi 201 kVt soatdan 500 kVt soatgacha bo‘lgan yangi miqdor oralig‘ida har bir kilovatt soat uchun 800 so‘mdan to‘laydi.

O‘zbekistonda elektr energiyasi uchun ijtimoiy normadan ortiq iste’mol qilinadigan oraliq imtiyozli tarif joriy etilmoqda. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati Vazirlar Mahkamasi qaroriga asoslanib ma’lum qildi. Unga ko‘ra, 1-maydan boshlab 201 kVt/soatdan 500 kVt/soatgacha bo‘lgan oraliqda elektr energiyasi iste’moli uchun yangi tarif amal qila boshlaydi. Ushbu oraliqda iste’mol qilingan har bir kVt/soat uchun narx 800 so‘mni tashkil etadi.

2024-yil 1-maydan e’tiboran elektr energiyasi tariflari ilk bor oshirildi. Tariflarni tabaqalashtirish doirasida ijtimoiy norma chegarasida — oyiga 200 kVt/soatgacha bo‘lgan imtiyozli tarif belgilangan edi.

Hozirda tariflar quyidagicha:

  • oyiga 200 kVt/soatgacha — 1 kVt/soat uchun 450 so‘m;
  • 201 dan 1000 kVt/soatgacha — 900 so‘m;
  • 1001 dan 5000 kVt/soatgacha — 1350 so‘m;
  • 5001 dan 10 000 kVt/soatgacha — 1575 so‘m;
  • oyiga 10 001 kVt/soat va undan yuqori — 1800 so‘m.

1-apreldan rejalashtirilgan navbatdagi narx oshishi prezident topshirig‘iga binoan bir oyga — maygacha kechiktirildi. Shunday qilib, kelgusi oydan boshlab imtiyozli tarif (200 kVt/soatgacha) 600 so‘mgacha ko‘tariladi, shuningdek, 201 dan 500 kVt/soatgacha bo‘lgan oraliq uchun 800 so‘mlik yangi tarif joriy etiladi.

1-maydan energiya tariflari qanday o‘zgaradi?

Kelasi oydan boshlab aholi uchun elektr energiyasi tariflari yana oshiriladi. Energiya resurslari narxlari o‘tgan yilning may oyida oshirilgan edi.

Aholi uchun elektr energiyasi narxlari iste’mol miqdoriga qarab quyidagicha belgilanadi:

  • oyiga 200 kVt/soatgacha — 1 kVt/soat uchun 600 so‘m;
  • 201 dan 500 kVt/soatgacha — 800 so‘m;
  • 501 dan 1000 kVt/soatgacha — 1000 so‘m;
  • 1001 dan 5000 kVt/soatgacha — 1500 so‘m;
  • 5001 dan 10000 kVt/soatgacha — 1750 so‘m;
  • oyiga 10 001 kVt/soat va undan yuqori — 2000 so‘m.

Bundan tashqari, qaror bilan elektr energiyasi va tabiiy gaz narxlari har yili 1-maydan bir marotaba yillik inflyatsiya darajasidan kelib chiqqan holda 10 foizdan yuqori bo‘lmagan miqdorda indeksatsiya qilib borilishi belgilanmoqda.

Prezident Parlamentlararo Ittifoq doirasida sun’iy intellektdan foydalanish etikasini ishlab chiqishni taklif qildi

0

Shuningdek, xotin-qizlar faolligini qo‘llab-quvvatlash, yoshlar parlamentlari global platformasini tashkil etish hamda yashil texnologiyalarni rag‘batlantirish tashabbuslari ilgari surildi.

7-aprel kuni Shavkat Mirziyoyev Toshkentda o‘tkazilgan Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley Assambleyasida nutq so‘zladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

181 ta milliy parlament va 15 ta mintaqaviy uyushmani birlashtirgan Ittifoq Assambleyasi ilk marta Markaziy Osiyo mintaqasida tashkil etildi. Ekologik va texnogen fojialar, iqtisodiy inqirozlar, “savdo urushlari”, terrorizm va ekstremizm tahdidlari kuchayayotgan sharoitda jahonda tinchlikni saqlash, ijtimoiy taraqqiyot va adolatni ta’minlashda parlamentlar ishtiroki va ta’sirini oshirish zarurligi qayd etildi.

Davlat rahbari Parlamentlararo Ittifoq doirasida hamkorlikda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan masalalarga to‘xtaldi. Xususan, iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurashish uchun Parij bitimi doirasida va uglerod neytralligiga erishish borasida majburiyatlarni to‘liq bajarish muhimligi qayd etildi. “Davlatlarning iqlim siyosati bo‘yicha ilg‘or tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, qayta tiklanadigan energiya manbalari va „yashil“ texnologiyalarga o‘tishni rag‘batlantirish parlamentlarning muhim vazifasiga aylansa, albatta, salmoqli yutuqlarga erishamiz”, — dedi prezident.

Xotin-qizlar huquqlarini himoyalash, jamiyat boshqaruvida ayollar faolligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mamlakat tashabbusi bilan ilgari surilgan BMT Bosh Assambleyasining “Osiyo xotin-qizlarining ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy va madaniy-gumanitar faolligini oshirish to‘g‘risida»gi rezolyutsiyasini qo‘llab-quvvatlashga umid bildirildi.

Prezident Parlamentlararo Ittifoq tizimi doirasida Yoshlar parlamentlari global platformasini tashkil etish va uning ta’sis forumini O‘zbekistonda o‘tkazishni, joriy yil sentabr oyida mamlakatda o‘tlaziladigan kambag‘allikni qisqartirishga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyada davlatlar parlamentlari vakillari ishtirokini taklif qildi. “Sun’iy intellektdan foydalanish etikasi bo‘yicha model qonun ishlab chiqilsa, ushbu innovatsion huquqiy asos dunyo miqyosida tez rivojlanayotgan bu sohani samarali tartibga solishda barcha davlatlar uchun o‘ziga xos namuna bo‘lar edi”, — deya mamlakat yetakchisi SI sohasida tizimli hamkorlikni kuchaytirishga chaqirdi.

Taklif va tashabbuslar Assambleya yakunlari bo‘yicha qabul qilinadigan Toshkent deklaratsiyasida o‘z ifodasini topishiga ishonch bildirildi.

Yil boshida O‘zbekiston 2025-yilda sun’iy intellekt sohasidagi etika standartlarini integratsiya qilishni rejalashtirayotgani hamda innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimi ishga tushirilishi ma’lum qilingandi.

Ayol tadbirkorlar: Yuliya Zatulovskaya nega dizaynni tashlab biznesga qadam qo‘ydi?

0

Spot Golden Minds marketing agentligi asoschisi Yuliya Zatulovskaya bilan tadbirkorlikka qanday kirib kelgani, biznesda ayollar duch kelishi mumkin bo‘lgan muammolar hamda nega Amerikaga ko‘chib ketgani haqida suhbatlashdi.

Yuliya Zatulovskaya kichkinaligidan chizmalarga qiziqib katta bo‘lgan. Biroq, ta’limini raqamli texnologiyalar bilan davom ettirishni istagan qizaloq texnologiyalar va ijodiy mehnat qorishmasi unga muvaffaqiyat olib kelishiga ishongan.

Uning biznesdagi yo‘li veb-dizayn va saytlar yaratishdan boshlanib, 2017-yil o‘z marketing agentligi — Golden Minds‘ni tashkil etishga olib keldi. Xodimlarni ishga olish, mijozlarni topish va dizaynning ahamiyatini tushuntirish kabi qiyinchiliklarni yengib o‘tgach, u o‘z agentligini kengaytirdi, Amerika mijozlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi va Toshkent gerbi loyihasini yaratish tanlovida g‘alaba qozondi.

AQShga ko‘chib o‘tish yangi bosqich bo‘ldi: agentlik faoliyatini qayta tashkil etish va mahalliy bozorga moslashishga to‘g‘ri keldi. Zatulovskaya Spot’ga agentlikning qanday tashkil topgani, biznesda ayollar duch kelishi mumkin bo‘lgan muammolar hamda nega Amerikaga ko‘chib ketgani haqida gapirib berdi.

Frilansdan biznesga

Bolaligimdan rasm chizishni yaxshi ko‘rardim, hatto besh yoshimdayoq bolalar bog‘chasida shaxsiy ko‘rgazmalarim o‘tkazilardi. Ammo kasb tanlash vaqti kelganda, badiiy ta’lim emas, balki texnika fakultetini tanladim. Texnologiyalar kelajak ekanligini, O‘zbekistonda esa faqat rasm chizish bilan kun ko‘rib bo‘lmasligini tushunardim.

Ikkinchi kursda veb-dizayn bilan tanishganimda, bu sohada o‘z ijodiy qobiliyatlarimni namoyon eta olishimni tushundim. Saytlar, logotiplar va firma uslubini yaratish menga juda yoqardi. Asta-sekin tayyor tizimlardan foydalanib veb-saytlar ishlab chiqishga o‘tdim. Frontend-dasturlash men uchun dasturlashdan ko‘ra ko‘proq vizual bezashning ijodiy jarayoni bo‘lib chiqdi.

Vaqt o‘tib, 2017-yil hamkorlikda Golden Minds’ni ochdim. O‘zim bilgan narsalar — brending va veb-saytlar yaratishdan boshladim. Keyin trendlarni kuzatib, SMM xizmatini qo‘shdik. Yangi yo‘nalishlarni agentlik faoliyatiga kiritishdan oldin, ularni har doim chuqur o‘rganardim.

Golden Minds barqarorlik va keng ko‘lamlilik istagidan paydo bo‘lgan. Frilanser sifatida men yirik brendlar bilan ishlash va rivojlanish imkoniyatim cheklanganini tushunardim. Biznes — bu jamoa, hamjamiyat va o‘sish degani.

Bu men uchun shunchaki ish emas, balki o‘zimni ifoda etish va maqsadlarimni ro‘yobga chiqarish vositasiga aylandi. Men turli mamlakatlar va yo‘nalishlardagi mutaxassislarni birlashtiradigan platforma yaratishni xohlardim.

Agentlikni ochishda dastlabki sarmoya $5000 ni tashkil etdi — sherigim bilan ofis, jihozlar va reklamaga mablag‘ sarfladik, shuningdek, dastlabki uch nafar mutaxassisni ishga oldik. Bugungi kunda bizda 42 nafar xodim faoliyat yuritib, har oyda o‘rtacha 20 ta mijozga xizmat ko‘rsatilmoqda. Agentlik ish boshlagan paytdan buyon uning aylanma kapitali 3 mlrd so‘mdan ham oshdi.

Dastlabki chaqiriqlar

Yollanma xodim sifatida ishlaganimda, g‘oyalarim va qarashlarim tushunilmasa, o‘zimni noqulay his qilishimni angladim. Shuning uchun frilansga o‘tdim. U yerda mijozlar bilan shaxsan muloqot qilar, qarorlar qabul qilar va loyihalarni amalga oshirardim. Biroq, bu yerda yangi qiyinchiliklar yuzaga keldi: o‘z xizmatlarini sotish mahorati va mijozlar bilan to‘g‘ri munosabat o‘rnatish ko‘nikmasi.

Ammo qisqa vaqt ichida mijozlar bilan mustaqil muloqot qilish hamda loyihalarni amalga oshirishda o‘zimni ancha qulay his qilishimni tushundim. Frilanserlik o‘z xizmatlarini sota bilish, mijozlar bilan to‘g‘ri munosabat o‘rnatish kabi yangi ko‘nikmalarni, bu esa, o‘z navbatida, tinimisiz o‘z ustimda ishlashni talab qilardi.

Keyin yana bir murakkab bosqich boshlandi — ishning qiymatini tushuntirish. Ilgari ko‘pchilik logotip yaratishning nima keragi borligini tushunmasdi. Internetdan biror rasmni olib, ozgina o‘zgartirish yetarli deb o‘ylashardi. Jarayonga yengil-yelpi qarashardi. Vaqt o‘tishi bilan bu munosabat o‘zgardi va endi mavjud narsani qayta ishlash emas, balki chindan ham original narsa yaratishning muhimligini tushuntirib o‘tirish shart bo‘lmay qoldi.

Hal qiluvchi buyurtma

Karyeradagi burilish nuqtasi AQShda dizayn studiyasiga ega Sergey Krasnovning buyurtmasi bo‘ldi. Amerikalik mijozlar bilan ishlash menga xalqaro bozor haqida tushuncha berib, ko‘nikmalarimni rivojlantirish hamda yangi sharoitlarda faoliyat yuritish imkoniyatini yaratdi. Vaqt o‘tishi bilan chet ellik buyurtmachilar soni ortib bordi. Bu bozorda mutaxassis sifatidagi o‘rnimni mustahkamladi.

Muvaffaqiyatli loyihalarimiz qatoriga kengayib Fransiyaning “Bi1” chakana savdo tarmog‘i uchun mahsulot liniyasini yaratish, Transport vazirligi uchun kommunikatsiya strategiyasini ishlab chiqish, shuningdek, “Gidroproyekt»ning 90 yilligiga bag‘ishlangan marketing yangilanishi qo‘shildi.

2018-yilda Toshkent gerbini ishlab chiqish bo‘yicha tanlovda g‘olib bo‘lganim (“gerb konsepsiyasi” yakunda qabul qilinmagan — Spot izohi) va TechWomen dasturida ishtirok etganim muhim yutuqlarim qatoriga kiradi. LinkedIn’da amaliyot o‘tadim, eng yirik ijtimoiy tarmoq qanday ishlashini ichkaridan kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ldim.

AQShga moslashish va yangi muammolar

Ma’lum muddatdan so‘ng, 2024-yil boshida shaxsiy sabablar tufayli Amerikaga ko‘chib o‘tdim. Avvallari O‘zbekistondan ko‘chib ketish hayolimga ham kelmasdi, lekin men ketishimga sabab bo‘lgan insonni uchratgandim.

Bu biznesda o‘z aksini topdi — jarayonlarni qayta qurish, jamoani masofadan boshqarishni o‘rganishga to‘g‘ri keldi. Soat 11 dagi vaqt farqi ishni qiyinlashtirdi — agentlikda vaqt farqiga moslashish hamda yangi boshqaruv jarayonlarini yo‘lga qo‘yishga to‘g‘ri keldi. Lekin vaqt o‘tishi bilan hamma narsa yaxshilandi.

Amerika barcha jabhada: madaniyatda, biznes jarayonlarida, marketingda boshqacha bo‘lib chiqdi. Bu yerda estetika emas, amaliylik qadrlanadi. O‘zbekistonlik mijozlar dizaynga ko‘proq e’tibor berishadi, amerikaliklar esa soddalik va qulaylikni xohlashadi. Bozorda raqobat kuchli, xizmat narxlari ko‘pincha kutilganidan past bo‘ladi.

Ko‘chib o‘tganimdan so‘ng, operatsion jarayonlarda kamroq ishtirok etdim, e’tiborimni strategiyaga qaratdim. Dastlabki paytlarda jamoa ishiga aralashmaslik qiyin bo‘ldi, lekin vaqt o‘tishi bilan ularning uddasidan chiqayotganini ko‘rdim.

Ba’zilar nega biznesni sotmasligimni so‘rashdi, lekin men sota olmayman — Golden Minds men uchun shunchaki kompaniya emas. Bu mening, hayot yo‘limning bir qismi.

Biznesda aniq tuzilmaga ega bo‘lish shart

Yuqorida tadbirkorligim rivojlanishini bosqichma-bosqich tushuntirib berdim. Biroq bu jarayonda xatolarga ham yo‘l qo‘yganman, ulardan biri sheriklikdagi tajribaning muvaffaqiyatsizligi bo‘lgan. Birinchi yil zarar ko‘rgan paytimizda hamkorimiz agentlikni tark etgan.

Men esa kompaniyaning zarardan mustaqil ravishda qutqarishimga to‘g‘ri kelgan. Bu vaziyatdan o‘zim uchun xulosa chiqarganman — biznes jarayonlarida aniq tuzilmaga ega bo‘lish shart.

Tadbirkorlik faoliyatimdagi yana bir muhim saboq xodimlar bilan bog‘liq muammolar biznesga o‘z ta’sirini ko‘rsatishi bo‘lgan. Yuqori motivatsiyaga ega xodimlar biznes muvaffaqiyatining kaliti ekanligini, shuningdek, “No slow death” tamoyilining muhimligini tushunib yetdim. Bu jarayonda past darajadagi ish yoki samarasiz hamkorlikka toqat qilib bo‘lmasligini angladim.

golden minds, marketing agentligi, yuliya zatulovskaya

Foto: shaxsiy arxiv

Biznesda faqat ayol bo‘lganim uchun nohaq munosabat, malakamga shubha bilan qarashlariga duch kelganman. Bunga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qarshi kurashish o‘rniga, o‘z professionalligimni ish natijalari orqali isbotlashni ma’qul ko‘radigan bo‘ldim. Tadbirkorlikda gender tengligi masalasiga falsafiy nuqtai nazardan yondashaman. Ayollar ko‘pincha biznesni hissiy qabul qilib, unda o‘z shaxsiyatlarining bir qismini ko‘radilar. Aynan shuning uchun ham tadbirkorlikda o‘z manfaatlarimizni qurbon qilmasdan, karyera va shaxsiy hayot o‘rtasidagi muvozanatni saqlash muhim.

Tadbirkorlikni endi boshlaganlar yo‘l qo‘yayotgan xatolarga to‘xtaladigan bo‘lsak. Ularning eng katta xatolaridan biri qo‘shimcha daromad manbaiga e’tibor bermasligidir. Biznes resurslarni talab qilib, boshida foyda keltirmasligiga tayyor turish muhim. Shuningdek, tadbirkorlik tizim ekanligini anglamasdan operatsion jarayonlarga sho‘ng‘ib ketish charchashga olib keladi. Natijada, kompaniyaning o‘sishini sekinlashadi.

Maslahatlar

Reklama sohasidagi muvaffaqiyat nafaqat texnik ko‘nikmalarga, balki “soft skills” ham bog‘liq, deb o‘ylayman. Eng muhimi, to‘g‘ri muloqot qila olish, ijodiy fikrlashni rivojlantirish hamda keng dunyoqarashga ega bo‘lish. Shu bilan bir qatorda bozorda talab yuqori bo‘ladigan yangi g‘oyalarni yaratish qobiliyati ham juda muhim hisoblanadi.

Sohaga endi kirib kelayotgan mutaxassislarga tavsiya etadigan kitoblar orasida Richard Kochning “80/20 tamoyili”, Jim Kollinsning “Yaxshidan buyukka” va Aleksandr Ostervalderning “Biznes modellarini shakllantirish” asarlarini alohida ta’kidlab o‘tishim mumkin.

Rejalar. Mening hikoyam — maqsadga intilish, qat’iyatlilik va o‘z ishiga bo‘lgan muhabbat har qanday qiyinchilikni yengib o‘tib, xalqaro miqyosda muvaffaqiyatga erishishga yordam berishining yaqqol misoli.

Kelgusida agentlikni rivojlantirish, AQShda yangi mijozlar topish orqali bozorga moslashishni rejalashtirganman. Bundan tashqari, jamoani kengaytirib, yirik xalqaro brendlar bilan hamkorlik qilish hamda raqamli marketingning yangi strategiyalarini joriy etishni maqsad qilganman.

“Korzinka” marketing direktori Malik Karimov tavsiya qilgan 5ta kitob va uchinchisi

0

“Yaxshidan buyukka”, Jim Kollinz

Oddiy kompaniyalarning qanday qilib ajoyib darajaga yetishi haqidagi amaliy tadqiqot. Asar har qanday sohada muvaffaqiyat qozonishni istagan insonlar va tashkilotlar uchun muhim qo‘llanma hisoblanadi.

Muallif o‘z tadqiqotlariga asoslanib, yaxshi natijalardan buyuk yutuqlarga erishish uchun qanday tamoyillarni qo‘llash kerakligini sodda va aniq tilda tushuntiradi. Nafaqat korporativ boshqaruvga oid bilimlarni oshiradi, balki insoniyatning intilishlari, mas’uliyat hissi va o‘zgarishlarga bo‘lgan yondashuvini ham kengaytiradi.

Kollinzning tadqiqoti 5 yillik chuqur tahlilga asoslangan bo‘lib, u muvaffaqiyatli kompaniyalar tarixini o‘rganadi va ulardan olingan saboqlarni taqdim etadi.

Kitob hayotdagi yaxshi odatlar va yondashuvlarni yuksak darajaga olib chiqish, muvaffaqiyatli jamoa yoki tashkilot yaratish uchun samarali tamoyillarni o‘rganish, strategik qarorlar qabul qilishda foydali bo‘ladigan real misollar va tajribalar bilan tanishish imkonini beradi.

kitoblar tavsiyasi, zafar hoshimov

To‘lov xizmatlarida pul o‘tkazmalari ustidan nazorat kuchaytiriladi

0

11,25 mln so‘mdan boshlangan pul o‘tkazmalari yuzasidan jo‘natuvchining shaxsiy ma’lumotlarini ilova qilish talab etiladi.

To‘lov xizmatlari alohida turdagi operatsiyalar ustidan nazoratni kuchaytirishi belgilanmoqda. Adliya vazirligi 28-mart kuni noqonuniy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazorat qoidalariga tegishli o‘zgartirish kiritishni nazarda tutuvchi tegishli qarorni ro‘yxatdan o‘tkazdi.

Hujjat Markaziy bank boshqaruvi hamda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan ishlab chiqilgan.

O‘zgartirishlar to‘lov tashkilotlari uchun fuqarolar tomonidan mobil ilovalar orqali akkaunt ochishda mijozlarni tekshirish choralarini ko‘rish talabini nazarda tutadi. Tovarlar va xizmatlarni yetkazib beruvchilar esa elektron terminaldan (E-POS) foydalanish uchun murojaat qilganda tekshiriladi.

Shuningdek, BHMning 30 baravari (11,25 mln so‘m) va undan ortiq miqdordagi pul o‘tkazmalarini jo‘natuvchi va oluvchilar yoki ilovada akkaunt ochmasdan BHMning 500 baravari (187,5 mln so‘m) yoki undan yuqori miqdordagi pul o‘tkazmalari amalga oshirilganda tekshirish majburiy bo‘ladi.

Elektron pul tizimlari orqali BHMning 30 baravari yoki undan yuqori summadagi ichki elektron pul o‘tkazmalari amalga oshirishda, xizmat ko‘rsatuvchi tomon hisobvaraq raqami yoki operatsiyaning xos raqamini, shuningdek, oluvchi haqidagi ma’lumotni, shu jumladan, hisobvaraq raqami yoki operatsiya identifikatorini ilova qilishi kerak bo‘ladi.

Bundan tashqari, jo‘natuvchi haqidagi quyidagi ma’lumotlar ilova qilinishi shart:

  • jismoniy shaxslar uchun — pasport yoki ID-karta, seriyasi va raqami, tug‘ilgan sanasi va joyi;
  • yuridik shaxslar uchun — nomi, soliq to‘lovchining identifikatsion raqami (STIR).
  • Agar oluvchining banki jo‘natuvchi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni boshqa manbalardan olish imkoniga ega bo‘lsa, jo‘natuvchining JSHSHIR, hisobvaraq raqami yoki operatsiyaning xos raqamini (identifikator) ilova qilish kifoya.

BHMning 30 baravarigacha bo‘lgan pul o‘tkazmalari esa faqat jo‘natuvchi va oluvchi haqidagi ma’lumotlar bilan birga yuborilishi mumkin.

To‘lov tizimlari, elektron pullar tizimlari operatorlari va to‘lov tashkilotlari axborot tizimlaridagi aniqlik darajasini har bir xizmat yoki operatsiya toifasining tavakkalchilik darajasidan kelib chiqqan holda belgilashi kerak. Aniqlik darajasi operatsiya ishtirokchilari identifikatsiya ma’lumotlarining har bir elementi bo‘yicha alohida belgilanishi talab etiladi.