Bosh sahifa Blog Sahifa 23

2026-yildan kartoshka yetishtiruvchilarga imtiyozli kredit beriladi, ayrim texnikalarga boj bekor qilinadi

0

Shuningdek, ularga sug‘orish nasoslariga quyosh panellari o‘rnatish va elektr xarajatlari uchun kompensatsiyalar ajratiladi.

2026-yildan kartoshka yetishtiruvchilar uchun yangi imtiyoz va qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari joriy etiladi. Bu haqda 2-dekabr kuni Shavkat Mirziyoyev ishtirokida xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi, deya xabar berdi prezident matbuot xizmati.

Viloyatdagi jami 900 ming gektar lalmi va yaylov yerlarining 110 ming gektari zaxirada turgani, ularda ozuqa, moyli ekinlar ekish va sanoat bog‘larini yaratish orqali kamida 20 ming odamni ishli qilish mumkinligi ta’kidlandi.

Jizzaxdagi yaylovlardan samarali foydalanish bo‘yicha uch yillik dastur ishlab chiqish topshirildi. 2026-yildan yaylovlarda yer egalari yuqori daromadli ekinlar ekib, yerdan maqsadli foydalansa, ularga yer solig‘i 2 karra kamaytirib beriladi.

Shuningdek, viloyatdagi ko‘plab chorvador va fermerlar ozuqa va meva-sabzavot yetishtirishda suv nasosiga sarflangan elektr uchun subsidiyani har oyning boshida to‘lab berishni so‘ragan. Mutasaddilarga butun mamlakatda ularni oy boshida beradigan tizim qilish muhim ekani ko‘rsatib o‘tildi.

Kartoshkachilikni rivojlantirish borasida Jizzax viloyati namuna bo‘lishi, buning uchun sifatli va serhosil kartoshka urug‘chiligini yo‘lga qo‘yish kerakligi ta’kidlandi.

2026-yildan boshlab kartoshka yetishtiruvchilarni qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlari joriy etilishi belgilandi.

Bunda mineral o‘g‘it, texnika, yoqilg‘i va boshqa xarajat uchun 6 oylik imtiyozli davr bilan bir yil muddatga 12%li kredit ajratiladi. Kreditlarning 50% gacha qismiga kafillik taqdim etiladi, sug‘orish nasoslariga quyosh paneli o‘rnatish xarajatining yarmi qoplab beriladi.

Bundan tashqari, kartoshka yetishtiruvchilar uchun yana bir muhim yangilik e’lon qilindi. Kelgusi yildan sug‘orish nasoslari elektr xarajatining 50%i qoplab beriladi, chetdan olib kelingan kartoshka ekish va yig‘ib olish texnikalari bojxona bojlaridan ozod qilinadi.

Shuningdek, super elita va elita urug‘larini fermerlarga yetkazib berishgacha bo‘lgan davrda muzlatkichli omborxonalarda saqlash xarajatining 50%ini qoplab berish mexanizmi joriy qilinadi.

Bog‘dorchilik xo‘jaliklariga intensiv bog‘ tashkil qilish uchun 14% li imtiyozli kredit beriladi

0

Shuningdek, muzlatkichli omborlar uchun kredit foizining bir qismi va qadoqlash xarajatlarining 50%i qoplab beriladi.

Avvalroq prezident ishtirokida Xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tgani haqida xabar berilgandi.

Yig‘ilishda Baxmaldagi 14 ming gektar bog‘larning 4 ming gektari eskirgani, ulardan olinayotgan hosil esa gektariga 10 tonnaga ham yetmayotgani taʼkidlandi. Shu bois, eski bog‘larni intensivga o‘tkazish, hosilni saqlash, saralash va qayta ishlash bo‘yicha Baxmal tajribasini joriy qilish zarurligi aytib o‘tildi.

Baxmalda 2026-yilda 1,5 ming gektar eski bog‘larga faqat sertifikati bor ko‘chatlarni ekish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi. Buni qo‘llab-quvvatlash uchun aholi va fermerlarga ko‘chat sotib olish xarajatining yarmi qoplab beriladi.

Bundan tashqari, tumandagi bog‘dorchilik xo‘jaliklari uchun yana bir qator yangiliklar e‘lon qilindi.

Xususan, intensiv bog‘ tashkil qilishda 7 yil muddatga 3 yil imtiyozli davr bilan 14% dan kredit beriladi. Mevaning turiga qarab, shpalerlar uchun 20 ming so‘mdan 70 ming so‘mgacha subsidiya ajratiladi.

Shuningdek, muzlatkichli omborlar uchun kredit foizini asosiy stavkadan oshgan 8% gacha qismi qoplab beriladi. Meva-sabzavot eksportchilari va bog‘bonlarga ham qadoqlash xarajatlarining 50% ini qoplash uchun Savdoni rivojlantirish kompaniyasidan subsidiya to‘lanadi.

Umuman, kelasi yili bog‘dorchilik bo‘yicha Baxmalda tajriba maktabi yaratilib, ushbu imtiyozlar butun respublikada joriy qilinadi.

Aniq mahsulot ekish sharti bilan auksionga chiqarilgan 10 ming gektar yer bir yildan buyon sotilmayotgani qayd etildi. Shu bois, keyingi yildan boshlab ekin yerlarini ijaraga berishning yangi tizimi joriy qilinadi.

Endilikda yerni ijaraga olgan dehqon unga nima ekishini o‘zi mustaqil hal qiladi. Shuningdek, auksionda takroriy savdoga qo‘yilgan yerlarning boshlang‘ich narxi 10% gacha pasaytiriladi.

Yer ijarasidan tushgan mablag‘lar to‘liq sanoatlashgan bog‘larga suv, elektr, yo‘l tarmoqlarini tortish kabi infratuzilma obyektlari uchun sarflanadi.

AQShlik hamkorlar bilan Zominda parranda bo‘yicha yirik naslchilik korxonasi tashkil qilinmoqda. Ushbu klasterda 100 ming bosh quvvatdagi birinchi naslli ona tovuq va 9 mln dona inkubatsion tuxum ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

Bill Geytsdan qishki ta’tilda o‘qish uchun 5 ta kitob

0

Microsoft kompaniyasi asoschisi Bill Geyts o‘z blogida 2025-yilda o‘qigan eng yaxshi 5 ta kitobi ro‘yxatini e’lon qildi.

“Bayram yaqinlashmoqda. Men har doim yilning shu faslidan foydalanib, kitob o‘qishni yoqtiraman va ko‘pchilik ham shunday deb o‘ylashini bilaman. Bayramlar atrofidagi sokinroq kunlarda yaxshi kitob bilan o‘tirishni osonlashtiradigan nimanidir his qilaman. Shu sababli, yaqinda o‘qigan sevimli kitoblarimni sizlar bilan baham ko‘rmoqchiman”, deb yozadi Geyts.

Tadbirkorning ta’kidlashicha, bu kitoblarning har biri muhim narsalarning asl mohiyatini ochib beradi: odamlar hayotning keyingi bosqichlarida qanday maqsad topishi, iqlim o‘zgarishi haqida qanday fikrlashimiz kerakligi, ijodiy sanoatning rivojlanishi, insonlarning o‘zaro muloqoti, Amerika qanday qilib katta loyihalarni amalga oshirish qobiliyatini yo‘qotgani va uni qayta tiklash yo‘llari haqida so‘z boradi.

“G‘ayrioddiy aqlli mavjudotlar”, Shelby Van Pelt

Men ko‘p badiiy adabiyot o‘qimayman, lekin o‘qisam, dunyoga yangi nigoh bilan qarashga yordam beradigan qiziqarli qahramonlar bo‘lishini xohlayman. Bu roman aynan shuni taqdim etdi, deydi Geyts.

Kitob Tova haqidagi hikoya. Tova — 70 yoshli ayol, u akvariumda tungi smenada tozalovchi bo‘lib ishlaydi va o‘z hayotida tasalli topishni aqlli sakkizoyoqqa g‘amxo‘rlik qilish orqali topadi. Tova hayotining ma’nosini izlaydi — bu esa yosh ulg‘aygan sari ko‘pchilik duch keladigan masala.

Van Peltninng hikoyasi menga odam nafaqaga chiqqandan keyin kunlarni mazmunli o‘tkazish qanchalik murakkab bo‘lishi mumkinligini o‘ylattirdi. Shuningdek, jamiyatlar keksalarga maqsad topish va o‘zini foydali his etishda qanday yordam bera olishini ham eslatib turadi.

bill geyts, kitoblar tavsiyasi


“Havoni tozalash”, Xanna Richi

Geyts Xannaning Our World in Data’dagi ishlarini yillar davomida kuzatib kelishini va uning yangi kitobi iqlim muammosining eng tushunarli sharhlaridan biri bo‘lganini qayd etdi.

U kitobni 50 ta katta savol atrofida tuzgan — masalan, hozir harakat qilish uchun kech emasmi, atom energetikasi xavflimi, qayta tiklanuvchi energiya manbalari haqiqatan ham arzonmi kabi savollar — va ularning har biriga qisqa, oddiy va tushunarli tilda javob beradi.

U xavf-xatarlarga real qarashga ega, lekin haqiqiy rivojlanishni ko‘rsatadigan ma’lumotlarga tayanadi: quyosh va shamol energiyasi mislsiz tezlikda o‘smoqda, elektromobillar arzonlashib bormoqda, po‘lat, sement va toza yoqilg‘i kabi sohalarda innovatsiyalar jadallashmoqda.

Kitob iqlim muammolariga yechimlar haqida umidli, faktlarga asoslangan umumiy ma’lumot olishni istaganlar uchun ajoyib tanlov hisoblanadi.

bill geyts, kitoblar tavsiyasi


“Kim bilardi”, Barri Diller

Tadbirkor Barrini o‘nlab yillardan beri bilishini, ammo uning memuarlari baribir uni hayratga solgani va ko‘p narsani o‘rgatganini hamda u zamonaviy media dunyosidagi eng ta’sirli shaxslardan biri ekanligini aytib o‘tadi.

Barri televizor uchun maxsus yaratilgan filmlar formatini ixtiro qilgan, mini-seriallarni yaratishda muhim rol o‘ynagan, Paramount’ni birinchi raqamli kinostudiyaga aylantirgan, Fox telekanalini ishga tushirgan va keyinchalik internet imperiyasini barpo etgan.

U butun hayoti davomida hali hammaga ravshan bo‘lmagan g‘oyalarga tikilgan, va u o‘zgartirgan sanoatlar bunday tikishlar qanchalik katta samara berishini yaqqol ko‘rsatadi.

bill geyts, kitoblar tavsiyasi


“Har kim hamma bilishini bilganda”, Stiven Pinker

Inson xulq-atvorining sirlarini Steven Pinkerdan yaxshiroq tushuntira oladigan kam odam bor, va uning so‘nggi kitobi odamlar qanday muloqot qilishi haqida chuqurroq bilishni istagan har bir kishi uchun o‘qish majburiy hisoblanadi.

Kitob “umumiy bilim” (common knowledge) odamlarning bir-birlari bilan samarali muvofiqlashishiga qanday yordam berishini ko‘rsatadi: boshqalar nima bilishini bilganimizda, bilvosita signallar ham aniq bo‘ladi.

Mavzu murakkab bo‘lishiga qaramay, kitob tushunarli, amaliy va o‘qishdan zavq olish mumkin. U menga kundalik ijtimoiy muloqotlarni yangi nigoh bilan ko‘rish imkonini berdi.

bill geyts, kitoblar tavsiyasi


“Farovonlik”, Ezra Kleyn va Derek Tompson

Bu kitob Amerika nima uchun yirik loyihalarni amalga oshirishda qiynalayotganga o‘xshashligini va buni tuzatish uchun nimalar qilish kerakligini aniqlik bilan tahlil qiladi.

Kleyn va Tompsonning ta’kidlashicha, taraqqiyot nafaqat yaxshi g‘oyalarga, balki g‘oyalarning tarqalishiga yordam beradigan tizimlarga ham bog‘liq. Bugungi kunda bu tizimlar ko‘pincha uy-joy va infratuzilmadan tortib to toza energiya va ilmiy yutuqlargacha bo‘lgan jarayonlarni sekinlashtirmoqda.

Geyts global sog‘liqni saqlash va iqlim bo‘yicha o‘z faoliyatimda ular tasvirlagan ko‘plab to‘siqlarni aniqlaganini ta’kidlaydi. Kitobda barcha savollarga javob berishga da’vo qilinmaydi, biroq unda AQSHning katta ishlarni amalga oshirish qobiliyatini qayta tiklash haqida to‘g‘ri savollar ko‘tariladi.

bill geyts, kitoblar tavsiyasi

Prezident butun mamlakatda havo ifloslanishiga qarshi choralarni kuchaytirishni topshirdi

0

Barcha hududlarda xavfli chiqindilarni xatlovdan o‘tkazib, qayta ishlash va utilizatsiya qilish bo‘yicha kamida 1 tadan loyihani boshlash, yagona monitoring platformasini ishga tushirish ko‘zda tutilgan.

1-dekabr kuni Shavkat Mirziyoyev huzurida yig‘ilish o‘tkazilib, ekologik barqarorlik, shu jumladan chiqindilarni qayta ishlash masalalari ko‘rib chiqildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha maxsus komissiyaning hisoboti tinglandi. Havo ifloslanishiga qarshi ko‘rilayotgan, ifloslanish manbalarini aniqlash va ularni bartaraf etish chora-tadbirlari muhokama qilindi.

Oxirgi kunlarda mamlakat hududi bo‘ylab sovuq antisiklon ta’siri kuchayib bormoqda. Natijada havo bosimi oshib, harorat pasaymoqda, inversiya hodisalari kuchaymoqda. Bunday sharoitda havodagi mayda zarrachalar yuqoriga ko‘tarilmay, pastki qatlamlarda to‘planib qolmoqda. Meteorologik sharoitlar tufayli havoning tabiiy tozalanish sur’ati sekinlashmoqda.

So‘nggi kunlarda havoni ifloslantirayotgan manbalarni aniqlash va ularning faoliyatiga chek qo‘yish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida axborot berildi. Issiqxonalar, qurilish maydonlari, avtotransport vositalari va noqonuniy faoliyat yurituvchi obyektlar yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruvlar, shahar bo‘ylab ko‘chalarni namlash, ariqlarni tozalash, favvoralarni ishga tushirish kabi barqarorlashtirish tadbirlari shular jumlasidan. Kuchaytirilgan tartibda reydlar va profilaktika ishlari olib borilmoqda.

Prezident mazkur choralarni nafaqat poytaxtda, balki hududlarda ham tizimli davom ettirish, aniqlangan qonunbuzarliklarni tezkor bartaraf etish, havoga ta’sir ko‘rsatuvchi barcha omillarni qat’iy nazorat ostiga olishni topshirdi.

Maishiy chiqindilardan elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha 6 ta hududda $933 mlnlik loyihalar boshlangani, boshqa viloyatlarda bu borada jiddiy harakat kuzatilmayotgani aytildi. Boshlangan loyihalarda ham investorlarni infratuzilma — yo‘l, elektr, suv bilan ta’minlash ishlari talab darajasida emasligi qayd etildi.

Viloyatlar hokimliklari va Ekologiya milliy qo‘mitasiga kamchiliklarni bartaraf etib, 2026-yilda qolgan hududlarda ham shunday loyihalarni boshlash topshirildi.

2030-yilgacha maishiy chiqindi poligonlarini 50% ga qisqartirish belgilangan. So‘nggi yillarda 47 ta poligon faoliyati tugatilib, rekultivatsiya qilindi, natijada 243 gektar yer tabiatga qaytarildi. Hozirda ishlayotgan 132 ta poligonning aksariyatida haligacha himoya devorlari, “yashil belbog‘”, suv ta’minoti va ekologik xavfsizlik inshootlari tashkil etilmagani ko‘rsatib o‘tildi.

Atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani va aholi e’tirozlariga sabab bo‘layotgani uchun maishiy chiqindi poligonlarini ekologik xavfsiz hududga aylantirish zarurligi ta’kidlandi.

Mutasaddilarga 47 ta poligon yerini qayta foydalanishga kiritib, ularda “yashil maydon»lar barpo qilish, yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish kerakligi ko‘rsatib o‘tildi. Mavjud poligonlar atrofida “yashil belbog‘” yaratish, poligonlarning yarmida bahorda, qolgan yarmida kuzda daraxt va ko‘chat ekishni yakunlash vazifasi qo‘yildi.

2026-yildan buning uchun budjetdan har yili kamida 150 mlrd so‘m ajratib borilishi belgilandi.

Oxirgi ikki yilda avvallari qayta ishlanmagan sanoat va xavfli chiqindilarni qayta ishlash darajasi 4,5% ga olib chiqildi. Bu kamligi qayd etilib, sanoat va xavfli chiqindilar hosil bo‘layotgan va saqlanayotgan joylarni xatlovdan o‘tkazib, ularni qayta ishlash hamda utilizatsiya qilish bo‘yicha kamida 1 tadan loyihani boshlash zarurligi ta’kidlandi.

Xavfli chiqindilarni nazorat qilish bo‘yicha yagona axborot-monitoring platformasini ishga tushirish topshirildi.

Noyabr oyi oxirida prezident Toshkentda ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlarni tasdiqladi. Kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha maxsus komissiya tuzildi.

O‘zbekiston sun’iy intellekt moduliga ega Samarqand-2028 sun’iy yo‘ldoshini ishlab chiqmoqda

0

Sun’iy intellekt yordamida tibbiy suratlarni tahlil qilish tizimlarini joriy etish rejalashtirilgan. Shuningdek, u orqali yo‘llardagi qoidabuzarliklarni avtomatik aniqlash tizimini yaratish taklif qilindi.

Shavkat Mirziyoyev 1-dekabr kuni sog‘liqni saqlash, ta’lim, transport va kosmos sohalarida sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

2030-yilgacha mamlakatda sun’iy intellektni rivojlantirish strategiyasi tasdiqlanib, Raqamli texnologiyalar vazirligi huzurida tegishli markaz ochildi. Sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish uchun zarur hisoblash infratuzilmasi barpo qilinmoqda.

Jumladan, AQSHning Nvidia kompaniyasi bilan hamkorlikda super kompyuter klasterini ishga tushirish loyihasi amalga oshirilmoqda. Tibbiyot sohasida sun’iy intellekt bo‘yicha 5 ta loyiha joriy qilinmoqda. Xususan, insult, ko‘krak saratonini sun’iy intellekt yordamida aniqlash orqali diagnostika vaqti 80% ga tejalib, hayot uchun xavfli holatlar barvaqt aniqlanmoqda

Prezident bu yetarli emasligi, sun’iy intellekt yordamidagi diagnostikani ishlatish mumkin bo‘lgan kasalliklar turini yanada kengaytirish zarurligini qayd etdi.

Shundan kelib chiqib, xorijiy hamkorlar bilan birgalikda respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarida jigar, o‘pka va prostata bezi saratoni, infarkt va murakkab suyak sinishlarini diagnostika qilishda tibbiy suratlarni sun’iy intellekt yordamida tahlil qilish tizimlarini joriy etish rejalashtirilgan.

Kelgusi o‘quv yilidan maktab, texnikum va oliygohlarda o‘quvchi va talabalarga sun’iy intellektni o‘qitish boshlanadi. Buning uchun informatika o‘qituvchilari tayyorlanmoqda. Lekin faqat ularni emas, butun maktab jamoasini sun’iy intellektdan foydalanishga o‘rgatib, o‘qituvchilarning yuklamasini kamaytirish kerakligi ko‘rsatib o‘tildi. Shunda o‘qituvchida o‘z ustida ishlashga ko‘proq vaqt qoladi, deya ta’kidlandi yig‘ilishda.

Taqdimotda bu boradagi yangi yondashuvlar ko‘rib chiqildi. Jumladan, maktab ta’limi uchun sun’iy intellektga asoslangan platformani joriy qilish taklif qilindi. Bunda o‘qituvchining virtual yordamchisi ishlab chiqiladi va platformaga integratsiya qilinadi.

Bu o‘qituvchilarga mavzuga doir ma’ruza matnlari, taqdimotlar, testlar, dars rejalarini tuzish, imtihon jarayonlarini nazorat qilishda ko‘maklashadi.

Yig‘ilishda hokimlarning raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt bo‘yicha maslahatchilarining malakasini oshirish dasturi haqida axborot berildi.

Transport sohasida ham sun’iy intellekt loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Jumladan, sun’iy intellekt yordamida yo‘llardagi qoidabuzarliklarni avtomatik aniqlash, vagonlar texnik holatini monitoring qilish orqali temir yo‘lda avariyalar xavfini kamaytirish bo‘yicha takliflar taqdimot qilindi.

Bundan tashqari, kosmik texnologiyalar bo‘yicha yangi tashabbuslar ishlab chiqilgan. “Samarqand-2028” sun’iy yo‘ldoshini ishlab chiqish ishlarining borishi ko‘rib chiqildi.

Yerni masofaviy zondlashga mo‘ljallangan mazkur yo‘ldosh uchun sun’iy intellekt moduli ishlab chiqiladi. Yo‘ldosh olgan suratlarni havo sifatini birlamchi baholash, qishloq xo‘jaligi ekinlari va o‘rmonlarni monitoring qilishda qo‘llash mumkin bo‘ladi.

Taqdimot yakunida davlat rahbari ko‘rib chiqilgan loyihalar ijrosini jadallashtirish, sun’iy intellekt texnologiyalaridan iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada foydalanishni kengaytirish yuzasidan mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.

Iyun oyidagi yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev poytaxtda transport harakatini sun’iy intellekt asosida tartibga solish bo‘yicha taqdimot qilinganiga ancha vaqt bo‘lganiga qaramay, natija yo‘qligini tanqid qilgandi.

Undan keyin Toshkentda yo‘l harakati xavfsizligini raqamli texnologiyalar asosida boshqarishga mo‘ljallangan Kompyuterlashtirilgan vaziyatlar markazi ishga tushirildi. U orqali sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar yordamida yo‘l-transport hodisalarining oldini olish va tirbandliklarni prognoz qilib boradi.

Iyul oyida poytaxtda SI’ga ega kameralar piyodalarga yo‘l bermayotgan haydovchilarni aniqlay boshladi. Bunday kameralar allaqachon 10 ta piyodalar o‘tish joyida ishga tushirilgan va u orqali uch kun ichida 1700 ta jarima qo‘llangan. Tez orada ular yana 30 ta chorrahada paydo bo‘ladi.

21-oktabr kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish yuzasidan yig‘ilishda olis hududlarni yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlash uchun 2026-yildan hududlarda yo‘ldoshli internet operatorlarining faoliyati yo‘lga qo‘yilishi ma’lum qilindi.

O‘zbekistonda yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish instituti tashkil etiladi

0

Institut yashirin iqtisodiyotning ijtimoiy-iqtisodiy sabablarini tahlil qilib, ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi.

Avvalroq prezident “Soliqlarning yig‘iluvchanlik darajasini oshirish va faol soliq to‘lovchilarni rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzolagani haqida xabar berilgandi.

Hujjat bilan, Yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, soliq va bojxona maʼmurchiligini takomillashtirish, fiskal tahlillar instituti tashkil etiladi.

Mazkur institut Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzurida bo‘ladi. U Budjet-soliq tadqiqotlari instituti negizida tashkil etiladi.

Institut yashirin iqtisodiyotning ijtimoiy-iqtisodiy sabab va omillarini chuqur tahlil qiladi. Ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqadi.

Aholi va tadbirkorlarning soliq to‘lash madaniyatini oshirish, ularga sohada qonuniy faoliyat yuritishning afzalliklarini yetkazish bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, fiskal shaffoflikni taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshiradi.

Shu bilan birga, soliq va bojxona maʼmurchiligi samaradorligi oshiriladi, sohadagi tizimli muammo va to‘siqlar tahlil qilinib, aniqlanadi.

Mahalliy va xorijiy mutaxassislar bilan hamkorlikda ularni bartaraf qilish bo‘yicha asoslantirilgan takliflar ishlab chiqiladi.

Budjet-soliq va bojxona-tarif siyosatining milliy iqtisodiyot va fiskal barqarorlikka taʼsiri baholanadi. Ilg‘or xorijiy tajriba asosida qonunchilik tizimini takomillashtirishga qaratilgan tadqiqotlar tashkil qilinib, olib boriladi.

Joriy yilning to‘qqiz oyida O‘zbekistonda kuzatilmaydigan iqtisodiyot hajmi $36,1 mlrddan ortiq tashkil etdi. Norasmiy va yashirin iqtisodiyot hajmi yalpi ichki mahsulotning 33,3%iga yetdi.

Yashirin iqtisodiyot ulushi 2017-yildagi 50% dan 2024-yilda 35% gacha kamaygan. Yaqin istiqbolda yana 79 trln so‘mlik kuzatilmayotgan iqtisodiyotni statistika bilan qamrab olib, uning ulushini 29% gacha tushirish imkoniyati mavjudligi qayd etildi.