Bosh sahifa Blog Sahifa 207

Ijtimoiy tarmoqlar ruhiy va jismoniy salomatlikka qanday taʼsir koʻrsatadi?

0

Smartfon, planshet va noutbuklar hayotimizning ajralmas qismiga aylanib ulgurdi. Ular bilan odamlar hayotiga ijtimoiy tarmoqlar tushunchasi ham kirib keldi. Bugungi kun odamlarining ish faoliyati ham, shaxsiy hayotlari ham ijtimoiy tarmoqlar bilan bevosita bogʻliq. Olimlar zamonaviy gadjetlar hamda ijtimoiy tarmoqlarning organizm, ruhiy salomatlikka taʼsirini oʻrganish uchun bir necha bor qiziqarli tadqiqotlar oʻtkazishgan. Ular bilan tanishib chiqishni istaysizmi?

Ijtimoiy tarmoqlar salomatligimizga qanday taʼsir koʻrsatadi?

Ijtimoiy tarmoqlarga haddan tashqari bogʻlanib qolish odamlarning real hayotni unutib qoʻyishlariga sabab boʻlayotgani rost. Texas universiteti olimlaridan iborat guruh tomonidan oʻtkazilgan tadqiqot xulosalariga koʻra, smartfon va ijtimoiy tarmoqlar odamdagi kognitiv qobiliyatlarga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Diqqatni bir yerga jamlashga xalal beradi, fikrlash imkoniyatini cheklab qoʻyadi. Smartfonga haddan tashqari koʻp chalgʻish oqibatida xayol tarqoqligi yuzaga keladi.

Bolalarni ijtimoiy tarmoqlardan cheklashning foydasi bormi?

2017-yilda Kremniy vodiysida oʻtkazilgan soʻrovnoma natijalariga koʻra, aksariyat ota-onalar farzandlarini gadjetlarsiz voyaga yetkazishni istashadi, buning uchun ularning ijtimoiy tarmoqlarda oʻtkaziladigan vaqtini cheklashga harakat qilishadi.

Oʻz vaqtida Stiv Jobs ham farzandlariga gadjetlardan foydalanish masalasida cheklovlar qoʻygan. “Apple“ning ayni vaqtdagi rahbari Tim Kuk esa 2018-yilda jiyanlariga ijtimoiy tarmoqlarda roʻyxatga oʻtishga ruxsat bermasligini aytib oʻtgandi.

Ruhshunoslar virtual muloqotlar real muloqotlar jarayonini cheklab qoʻyayotgani, yoshlar orasida “baxtsizlik epidemiyasi”ni keltirib chiqargani haqida bong urishmoqda. San-Diyego universiteti olimlari ijtimoiy tarmoqlarda kuniga 5 soatdan koʻp vaqt oʻtkazadigan bolalar internetga 2 soatdan koʻp vaqt sarflamaydigan bolalarga nisbatan oʻzlarini baxtsizroq his qilishlarini aniqlashgan.

Dijital-detoks nima va undan foyda bormi?

Soʻnggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlardan maʼlum muddatga voz kechib, diqqatni bir yerga jamlash, hech boʻlmaganda dam olish kunlarida ijtimoiy tarmoqlarga kirmaslik usuli ommalashib bormoqda. 2010-yili Merilend universiteti olimlari talabalar oʻrtasida soʻrovnoma oʻtkazishadi. Tajribada ishtirok etgan talabalarning aksariyati ijtimoiy tarmoqlar va smartfondan 1 sutkadan koʻproq vaqt mobaynida cheklab qoʻyilgan holda oʻzlarini yomon his qilishgan. Ularning ayrimlari sevgan odamlari bilan vaqt oʻtkazishdan koʻra smartfon bilan vaqt oʻtkazishni afzalroq koʻrishgan.

Shunga qaramasdan, ruhshunoslar ijtimoiy tarmoqlardan vaqti-vaqti bilan dam olish ruhiy holat uchun foydali ekanligini taʼkidlashgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda mazmunli vaqt oʻtkazishning 6 qoidasi

Oʻtkazilgan ijtimoiy soʻrovnomalar natijasiga koʻra, 18 yoshdan 24 yoshgacha boʻlgan internet foydalanuvchilarining aksariyati ijtimoiy tarmoqlar tufayli oʻzlari uchun muhim boʻlgan ishlarni ham ortga surishga oʻrganib qolishgan. Baʼzan ijtimoiy tarmoqlarda vaqt qanday oʻtib ketganini sezmay qolishimiz rost, bu esa bir necha kun, oy, baʼzan esa yillarning yoʻqotilishiga sabab boʻladi.

Ijtimoiy tarmoqlardan oʻrinli foydalanish va internetda mazmunli vaqt oʻtkazish uchun quyidagi 6 qoidaga har doim amal qiling.

Obuna boʻlgan sahifalaringizni tez-tez koʻzdan kechirib turing.

Bir oyda bir marta obuna boʻlgan sahifalaringiz roʻyxatini tahlil qilib, siz uchun qiziq boʻlmagan sahifalarni oʻchirib tashlang. Ayni vaqtda siz uchun hammasidan ham muhim boʻlib turgan mavzularni esa aniqlashtirib oling. Sizga kimningdir fikrini emas, haqiqatdan ham bebaho maʼlumotlarni bera oladigan kontent taqdim etiluvchi sahifalarni olib qolsangiz bas.

Kontentni bir-biridan ajrating.

Buni bir nechta usul yordamida amalga oshirish mumkin. Misol uchun, ikkita akkaunt ochasiz: biri shaxsiy muloqot va tanishlar uchun, ikkinchisi esa ish nuqtai nazaridan sizga qiziq va foydali boʻlgan maʼlumotlar uchun. Ikkinchi usul– turli ijtimoiy tarmoqlarni har-xil kontentlar uchun ishlatishdir. Misol uchun, Instagramʼda hamkasblaringiz faoliyatini kuzatib borasiz, Youtubeʼdan oʻzingiz uchun foydali videolarni koʻrasiz, Telegramʼdan esa ish uchun foydalanasiz.

Blogerlar emas, ekspertlar sahifasiga koʻproq eʼtibor bering.

Blogerlar oʻzlarini ommaga tanitish, odamlarni hayot tarzlari bilan tanishtirish uchun sahifa ochishadi. Ekspertlar esa odamlarga foyda bera oladigan kontent yaratish bilan shugʻullanishadi. Ular bir maʼlumotni sizga yetkazishdan avval uni chuqur oʻrganishadi, ekspertlar sahifasi maʼlumotni osonroq qabul qilishga yordam beradi. Ammo, bu masalada ham meʼyor tushunchasini unutib qoʻymaslik kerak.

Kontentni guruhlar boʻyicha ajrating.

Instagramʼda kontentni guruhlar boʻyicha ajratish imkoniyati bor. Bu ham ijtimoiy tarmoqlardan imkon qadar koʻproq foyda olishingizga va internetda oʻtkazgan vaqtingiz mazmunli boʻlishiga yordam beradi.

Salbiy mazmundagi izohlar qoldirmang.

Faraz qiling, maʼlum material sizga maʼqul boʻlmadi, siz esa uning ostiga oʻz fikringizni bildirib, izoh qoldirdingiz. Tizim qoldirgan izohingizning mazmuni qanday ekanligini tushuna olmaydi va kontent sizga yoqqan deb qabul qiladi. Natijada aynan mana shu turdagi video hamda postlarni sizga yana ham koʻproq chiqarib beraveradi. Sizga yoqmagan narsaga izoh qoldirishingiz kerak emas.

Oʻzingiz uchun dam olish kunini belgilang.

2-3 haftada bir marta kunni koʻngilochar kontentlar uchun sarflashingiz mumkin, albatta. Bu miyaga dam berish, stressdan xalos boʻlishning ajoyib usulidir. Ammo, boshqa kunlari internetda keragidan koʻp qolib ketmaslik uchun oʻzingizni nazorat qilishingiz kerak. Buning uchun taymerdan foydalanish ham mumkin. Taymer ovozini eshitganingizdan keyin, internetni oʻchirib, sahifadan chiqib ketish uchun oʻzingizda kuch topa oling.

Maktablarda yangi lavozim joriy etiladi

0

Vazirlar Mahkamasining «Ta’lim muassasalarida yo‘l harakati qoidalari targ‘ibotini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Tegishli qonun loyihasiga ko‘ra, Maktablarda yo‘l harakati qoidalari bilan shug‘ullanuvchi katta inspektor lavozimi joriy qilinadi. Katta inspektor lavozimi amaldagi shtat birligi doirasida joriy etiladi.

Katta inspektorlar targ‘ibot olib borish, tadbirlar tashkillashtirish, ularni OAVda yoritish, yo‘l harakati qoidalarining o‘qitilishini monitoring qilib borish bilan shug‘ullanadi.

Shuningdek:

– Xalq ta’limi vazirligi ikki oy muddatda har bir umum ta’lim maktab 9–11 sinf o‘quvchilari orasidan yo‘l harakati qoidalarini targ‘ib qiluvchi 1 nafar «Yo‘l harakati qoidalari yosh targ‘ibotchisi»ni tanlab olish choralarini ko‘rilishi;

– Ichki ishlar vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi bilan birgalikda uch oy muddatda ta’lim muassasalarida ko‘ngilli yoshlar ishtirokida yo‘l harakati qoidalarini faol targ‘ib qiluvchi «Yo‘l harakati qoidalari yosh targ‘ibotchisi» klubini tashkil etilishi belgilab qo‘yildi.

“Biznes marafon” 2-mavsum Andijon viloyati

0

“Biznes marafon” loyihasining 2-mavsumi Andijon shahrining Yoshlar markazi binosida bo‘lib o‘tdi. Unda malakali tadbirkorlar tomonidan biznes rejalarni tayyorlash hamda tadbirkorlikni boshlash uchun nimalar qilish kerakligi haqida tushunchalar berildi. Quyida to‘liq formatdagi videolarni ko‘rishingiz mumkin.

 

O‘zbekistondagi OTM, litsey va kollejlarda elektr energiyasi uzilishi sabab qoldirilgan imtihonlar boshqa kuni o‘tkaziladi

0

O‘zbekistonning aksar hududlarida 25-yanvar kuni elektr energiyasi ta’minoti uzilishlar kuzatilgani sabab oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida dars mashg‘ulotlari va yakuniy imtihonlar o‘tkazilmay qoldi. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi holat bo‘yicha rasmiy ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, 25-yanvar kuni oliy va professional ta’lim muassasalari, akademik litseylarda rejalashtirilib, elektr energiyasi ta’minotidagi uzilishlar sabab o‘tkazilmagan dars mashg‘ulotlari, yakuniy imtihonlar har bir ta’lim muassasasining qo‘shimcha ishlab chiqilgan reja-grafiklari asosida o‘tkaziladi. Bu orqali odatiy dars rejalariga yetkazib olinadi.

O‘zbekiston bozorlaridagi oziq-ovqat mahsulotlarining narxlari ma’lum qilindi

0

Davlat statistika qo‘mitasi 2022-yil 26-yanvar kungi hududiy markaziy dehqon bozorlarida o‘tkazilgan kuzatuv natijalari bo‘yicha alohida turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining minimal-maksimal narxlarini e’lon qildi.

Unga ko‘ra, o‘rganilgan vaqt davomida asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxi quyidagicha:

  • suyakli mol go‘shti (1 kilogramm) — 45 000-68 000 so‘m;
  • qo‘y go‘shti (1 kilogramm) — 54 000-80 000 so‘m;
  • kartoshka (1 kilogramm) — 3 000-8 000 so‘m;
  • piyoz (1 kilogramm) — 1 500-4 000 so‘m;
  • sabzi (1 kilogramm) — 1 000-5 000 so‘m;
  • tuxum (10 dona) — 6 000-14 000 so‘m;
  • guruch (1 kilogramm) — 5 000-17 500 so‘m;
  • o‘simlik yog‘i (1 litr) — 14 000-24 000 so‘m;
  • shakar (1 kilogramm) — 7 500-10 500 so‘m.

Bunda faqatgina dehqon bozorlari hududidagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlari hisobga olingan. Supermarket, minimarket, do‘konlardagi narxlar inobatga olinmagan.

Amal qilish oson bo‘lgan kun tartibini qanday tuzish kerak?

0

Barcha o‘ylangan va rejalashtirilgan ishlarni bajara olmay aybdorlik hissini tuyish barchaga tanish holat bo‘lsa kerak. Samarali kun tartibi tuzib, unga qat’iy amal qilish uchun nimalarga e’tibor berish kerak? Qanday kun tartibi bizni ishlashimiz va kun tartibiga amal qilishimizni kafolatlaydi? Quyida shu haqida so‘z boradi.

Muddat belgilamang
Agar kun tartibini tuzishda har bir vazifa uchun muddat belgilasangiz va belgilangan vaqtda uni bajarishga ulgura olmasangiz qolgan ishlar hamda rejalaringiz ham buzilib ketishi mumkin. Shu sababli ham kun tartibi va intizomga amal qilishda tajribaga ega bo‘lmasangiz, boshlanishiga muddat belgilamaganingiz ma’qul. Keyinchalik har bir vazifani minimal va maksimal darajada, qancha vaqt davomida bajarishingizni aniqlab olganingizdan keyin, kun tartibingizni hatto daqiqalaringizgacha yozib, rejalashtirishingiz mumkin.

Miqdor belgilamang
Qilinadigan ishlaringiz uchun ham miqdor belgilamang. Ular juda ko‘p va kam bo‘lishi ham mumkin. Asosiysi, ulgurishingizga ko‘zingiz yetadigan darajada vazifa yozing, axir kun atigi 24 soatdan iborat. Shu vaqt davomida bajarilishi kerak bo‘lgan ishlaringizni imkoningiz darajasidan kelib chiqib yozing.

Bo‘limlarga bo‘ling
Ishlarni muhimlik, tezkorlik va qiyinlik darajasi bo‘yicha turli bo‘limlarga bo‘lib chiqing. Bu ishni qay tartibda borishi, nimadan boshlash qaysi ish bilan tugatishingizni anglashingizga yordam beradi. Avvalo qiyin hamda tezkor ishlarni bajarib olishga harakat qiling.

Bo‘sh joy qoldiring
To‘satdan paydo bo‘lib qoladigan rejalar, g‘oyalar va vazifalar uchun ma’lum miqdorda joy qoldiring. Aks holda bu ham kun tartibiga amal qilish rejimingizni buzishi mumkin.

Tasavvur qiling

Kun tartibini tuzayotganingizda uyg‘onganingizdan boshlab, uxlash uchun yotadigan paytingizgacha nimalar qilish kerakligini qadamma-qadam tasavvur qilib, yozib chiqing. Tasavvur qilish kun tartibi tuzishda vazifalar ketma-ketligini belgilashda muhim o‘rin tutadi.

Maxsus bo‘limlarni belgilang
Tonggi va uyqudan oldigi vazifalar, ta’lim, xaridlar kabi bo‘limlar tuzing. Bu kun tartibini tuzish va unga amal qilishda qiyinchiliklar tug‘ilishini oldini oladi.

Ranglar qo‘llang
Vazifalarni ranglar bilan ajratib belgilab chiqing. Bajarilgan, ortga surilgan, qiyinroq, tezkor vazifalarni bo‘limiga qarab, ma’lum bir rang bilan belgilab oling.

Kun tartibingizni rejalashtirishingiz uchun bir qancha maxsus dasturlar ishlab chiqarilgan bo‘lib, ulardan foydalanish bir muncha qulayliklarga ega. Ammo ertangi kuningizni rejalashtirish uchun eng yaxshi vosita shunchaki A4 oq qog‘oz hisoblanadi. Unga bir kun oldin uxlashdan avval yuqoridagi maslahatlarga amal qilgan holda, rejalaringizni yozib chiqing. Tongda esa kuningizni aynan shu qog‘ozdagi vazifalarni ko‘rib chiqishdan boshlang.