Bosh sahifa Blog Sahifa 20

Yer unumdorligiga qarab yer solig‘i hisoblanishi tartibi o‘zgaradi

0

Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash hamda yer va suv resurslaridan samarali foydalanishni kuchaytirish maqsadida Soliq kodeksining 429-moddasiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish taklif etilmoqda. Loyiha qishloq xo‘jaligi ekin maydonlari unumdorligi va hosildorligini oshirishga qaratilgan.

Taklif etilayotgan o‘zgartishlarga ko‘ra, yer uchastkasining sifati yer egasi yoki yerdan foydalanuvchining (ijarachining) aybi bilan yomonlashsa va bonitet balli kamida 10 ballga pasaysa, yer solig‘i sifati yomonlashishidan oldin amalda bo‘lgan qishloq xo‘jaligi yerlarining normativ qiymati asosida hisoblanadi.

Shu bilan birga, bonitet balli 10 va undan yuqoriga pasaygan hollarda, yer solig‘i tuproq bonitirovkasi o‘tkazilgan yildan keyingi yil boshidan besh yil davomida yangi bonitet bo‘yicha hisoblangan normativ qiymatdan kelib chiqib, soliq stavkasiga nisbatan uch karragacha oshiruvchi koeffitsiyentlar qo‘llangan holda to‘lanishi belgilanmoqda.

Aksincha, qishloq xo‘jaligi yerlarining sifati yaxshilansa (bonitet balli oshsa), yuridik shaxslar yer solig‘ini besh yil davomida tuproq sifatini baholash (bonitirovka) o‘tkazilgan yildagi normativ qiymat bo‘yicha to‘laydi.

Loyihada yer sifati yomonlashgani yoki yaxshilangani tuproq tadqiqotlari natijalari asosida belgilanishi qayd etilgan.

Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti har yili yanvar oyida tuproq sifatini baholash natijalarini tegishli organlarga taqdim etishi, tuman xalq deputatlari kengashlari esa yerdan foydalanuvchilar kesimida yer solig‘i stavkasiga nisbatan oshiruvchi koeffitsiyentlar miqdorini belgilashi nazarda tutilmoqda. Yer sifati yaxshilangan hollarda ma’lumotlar “O‘zdaverloyiha” davlat ilmiy loyihalash instituti tomonidan soliq organlariga kiritiladi.

O‘zbekiston-Serbiya Ishbilarmonlar kengashi tashkil etiladi

0

O‘zbekiston va Serbiya Ishbilarmonlar kengashi tashkil etiladi. Bu haqda Savdo-sanoat palatasi xabar berdi.

Toshkentda 19-fevral kuni Serbiya Bosh vaziri o‘rinbosari — Iqtisodiyot vaziri Andreana Mesarovich bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Unda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar elektrotexnika, mashinasozlik, oziq-ovqat sanoati va to‘qimachilik sohalarida qo‘shma loyihalarni faollashtirishga kelishib oldi.

Muzokaralarda Belgradda O‘zbekiston Savdo uyini, shuningdek, O‘zbekistonda Serbiya Savdo uyini ochish tashabbusi ilgari surildi.

Shuningdek, Serbiyada Made in Uzbekistan milliy ekspozitsiyasini tashkil etish va tadbirkorlar o‘rtasida muntazam B2B uchrashuvlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Serbiya Savdo-sanoat palatalari o‘rtasida Ishbilarmonlar kengashini tashkil etish to‘g‘risida bitim imzolandi.

Kengash doimiy muloqot va amaliy hamkorlik uchun yangi platforma vazifasini bajaradi.

Manikyur biznesi: Nailsworkshop qanday ochilgan va sohada yondashuvni nega o‘zgartirmoqda?

0

Nailsworkshop studiyasi Toshkent shahrida 2018-yilda tashkil etilgan bo‘lib, unga Zamira Qurbonova asos solgan. U studiya ochishidan avval xorijda tirnoq texnologiyalari bo‘yicha tahsil olib, amaliy tajriba orttirgan. Shundan so‘ng, mahalliy bozorda tizimlilik va aniq standartlar yetishmayotganini anglab, sohada zamonaviy va tartibli yondashuvni yo‘lga qo‘yish maqsadida O‘zbekistonga qaytib kelgan.

Zamira loyihani ilk bosqichdanoq noan’anaviy yo‘l asosida qurishga qaror qilgan: “hamma narsa bir joyda” formatidan voz kechib, ichki maktabni yo‘lga qo‘ygan hamda manikyurchilar uchun toifa tizimini joriy etgan. Vaqt o‘tishi bilan jarayonlar yanada takomillashdi — yozilish avtomatlashtirilib, xavfsizlik masalalariga e’tibor kuchaytirildi. Xususan, qoplamalardagi bahsli komponentlardan voz kechildi.

U biznesning ichki jarayonlari, O‘zbekistondagi go‘zallik industriyasi qanday muammolarga duch kelayotgani va nega bugungi kunda mijozlar salomatligi masalalari soha uchun ustuvor yo‘nalishga aylanayotgani haqida so‘zlab berdi.

Zamira, siz 2017-yilda Nailsworkshop studiyasiga asos solgansiz. Bugun studiyada mijozlar oqimi katta, ertalabdan kechgacha navbat to‘xtamaydi, jarayonlar avtomatlashtirilgan. Nega aynan manikyurni tanlagansiz?

Albatta, mijozlar oqimi yanada ko‘proq bo‘lishini xohlardim. Nega aynan manikyur? Bolaligimdan qiziqardim, bu mening shaxsiy hobbiyim edi. Aynan manikyur salonini ochishni orzu qilganman, shuning uchun boshidanoq manikyur ustuvor yo‘nalish bo‘lib kelgan.

Siz manikyurni Kiyevdagi kurslarda o‘qigansiz, lekin u yerga aslida boshqa kasbni o‘rganish uchun ketgansiz. Bu qanday bo‘ldi?

Chunki boshida manikyur men uchun shunchaki hobbiy edi. Ota-onam esa “jiddiyroq” ta’lim olishimni istashardi. Yozda kurslarga qatnashib, asosiy o‘qishimga halal bermaslikka harakat qilardim. Ammo bir kuni bu menga shunchalik yoqishini va aynan shu bilan shug‘ullanishni xohlayotganimni his qildim.

Hozir go‘zallik sanoatida ishlash — bu jiddiy kasb emas, shunchaki qo‘shimcha daromad yoki xobbi degan stereotip nafaqat katta avlod orasida mavjud. Siz 2018-yildan beri aynan shu sohada biznes qurib kelmoqdasiz. Aslida bu qanchalik murakkab biznes?

Biznes oson, deb o‘ylash — juda katta xato. Har qanday biznes bu mehnat, mas’uliyat, doimiy qarorlar qabul qilish va jarayonlarni tizimlashtirish demakdir.

“Salon uchun qoidalar, tizim va ko‘rsatkichlar kerak emas, axir bu oddiy salon-ku, uni boshqarish oson”, degan stereotip bor. Bu noto‘g‘ri. Har qanday biznes kabi bu ham ongli ravishda tanlanadigan murakkab yo‘l. Agar siz uni tanlasangiz, qiyinchiliklarga, doimiy kurashga va ish oson bo‘lmasligiga tayyor bo‘lishingiz kerak.

Dastlab manikyur haqiqatan ham faqat hobbiy va jiddiy bo‘lmagan mashg‘ulot sifatida qabul qilinardi. Hozir esa vaziyat o‘zgarib bormoqda: bu kasb tobora talabgir, tushunarliroq va unga jiddiyroq munosabatda bo‘linadigan sohaga aylanmoqda.

Ha, bu hanuz kichik biznes va, umuman olganda, yuqori marjali soha emas. Agar uni ishlab chiqarish yoki texnologiyalar bilan taqqoslasak, bu chindan ham kichik segment.

Faqat raqamlar va daromadga qaralsa, “nega umuman bu ish bilan shug‘ullanish kerak?” degan savol tug‘ilishi mumkin. Ammo menimcha, o‘z orzusini ro‘yobga chiqarmoqchi bo‘lgan va yaxshi ish qilishni istagan ayol, umuman, har qanday inson uchun bu juda munosib ish.

Siz Toshkentda faqat manikyur yo‘nalishiga ixtisoslashgan ilk studiyalardan biri bo‘lgansiz. Nega aynan shunday formatni tanladingiz?

Chunki bu boshidan yaxshi bilgan va eng yaxshi bajargan ishimiz. Aynan shu yo‘nalishni takomillashtirish, rivojlantirish va odamlarga sifatli xizmat ko‘rsatishni istadik.

Albatta, boshida odamlar faqat tirnoq xizmatini ko‘rsatadigan studiya formatini tushunishmagan. Rostini aytsam, bunday holat hozir ham uchrab turadi. Bizga muntazam ravishda boshqa xizmatlar bo‘yicha so‘rovlar va nega ularni bizning salonimizda olish mumkin emasligi haqida savollar berishadi.

Bu format ma’lum ma’noda meni ham, jamoani ham cheklardi. Agar biznes nuqtayi nazaridan qarasak, to‘liq xizmatlar spektriga ega salon — bu boshqa iqtisodiyot, boshqa ko‘rsatkichlar, boshqa marjinallik degani. Bu allaqachon kattaroq o‘yin.

Ehtimol, kelajakda yangi bino quradigan yoki yangi joy ochadigan bo‘lsak, masalan, soch parvarishi uchun alohida xona ham paydo bo‘lishi mumkin. Ammo hozircha menga aynan shunday tor ixtisoslashuv yoqadi.

Cheklangan xizmatlar doirasida ishlaganimizga qaramay, taxminan ikki yil o‘tgach, loyiha foyda keltira boshlagan.

Nima uchun ma’lum bir paytda manikyurchilar uchun ichki maktab ochishga qaror qildingiz?

Kiyevda o‘qib qaytganimdan so‘ng, O‘zbekistonga yangi texnologiya olib keldim: o‘sha paytda gel qoplamasi haqida aniq tushuncha bo‘lmagan, uni shunchaki lak deb atashardi. Bozorda asosan akril tirnoqlarni qo‘yish ommalashgan edi va manikyur ustalarini boshqa texnikaga o‘rgatish talab qilinardi.

Biz yangi texnologiyani o‘z akademiyamizda o‘qita boshladik va ayni damda ham o‘qitishni davom ettiryapmiz: manikyur, pedikyur va qosh arxitekturasi bo‘yicha bazaviy kurslar mavjud. Kelajakda amaldagi mutaxassislar uchun malaka oshirish yo‘nalishini rivojlantirmoqchimiz, ayni paytda asosiy e’tiborimiz bazaga qaratilgan: manikyur, pedikyur va qoshlarni bezash.

Kurslar har oy o‘tkaziladi, o‘rtacha hisobda yiliga 20 nafar mutaxassisni tayyorlaymiz. Akademiya albatta qo‘shimcha daromad manbai bo‘lishi mumkin, ammo biz uchun u eng avvalo malaka oshirish va ta’lim bilan bog‘liq loyihadir.

O‘qish muddati uzoq emas — jahon amaliyotida qanday qabul qilingan bo‘lsa, shunday. Shu vaqt ichida asosiy ko‘nikmalarni egallash mumkin, ammo keyinchalik ularni mustaqil ravishda mustahkamlash zarur. Biz bu haqda o‘quvchilarni oldindan ogohlantiramiz va amaliyot hamda stajirovka davri kerak bo‘lishini aytamiz. Shunga qaramay, olingan bilim va ko‘nikmalar yordamida kasbni ishonch bilan boshlash mumkin va biz bundan faxrlanamiz.

Hozir jamoada necha kishi ishlaydi?

Jamoamiz ma’muriy shtab va manikyurchilardan iborat bo‘lib, umumiy soni taxminan 20 kishini tashkil etadi.

Studiyada manikyur ustalari toifalarga bo‘lingan: boshlang‘ich, usta va top-usta. Bu kategoriyalar qaysi tamoyil asosida shakllantiriladi?

Tajriba darajasiga ko‘ra. Endigina boshlagan manikyurchi ham yaxshi ishlay oladi, xuddi shunday materiallar va texnikalardan foydalanadi, biroq ishni ancha sekin bajaradi.

Top-usta esa yanada murakkab texnika va vazifalar bilan ishlaydi. Masalan, bizda tirnoq o‘stirish bilan faqat eng malakali mutaxassislar shug‘ullanadi. Endigina ish boshlagan usta bunday ishlarni qila olmaydi — u hali bunga tayyor emas.

Vaqt o‘tishi bilan usta tajriba to‘plab, bir toifadan boshqasiga o‘tishi mumkin. Barcha ustalarga belgilangan foiz stavkasi asosida haq to‘lanadi. Top-ustalar ko‘proq daromad oladi, chunki ularning o‘rtacha cheki yuqoriroq bo‘ladi.

Siz boshidan kategoriyalar asosida ish boshlaganmisiz yoki bu tizimga vaqt o‘tishi bilan kelganmisiz? Va mijozlarda chalkashliklar bo‘lmaganmi?

Birdaniga. Bizda boshidanoq boshlovchi ustalar, tajribali ustalar va top-ustalar bo‘lgan.

Biz ishni endi boshlaganimizda bu odamlar uchun noqulay edi — tizim umuman boshqacha edi. O‘sha paytda bu yangilik bo‘lgan, shuning uchun savollar tug‘ilishi tabiiy edi. Biz o‘shanda ham bu savollarga javob berganmiz va hozirgacha javob berib kelyapmiz. Hozir deyarli har bir studiyada usta, top, premium va hokazo kabi toifalar mavjud. Lekin o‘shanda biz haqiqatan ham ko‘p narsalarni birinchi bo‘lib qilganmiz.

Mijozlar oqimi mavsumga qay darajada bog‘liq?

Juda ham qattiq bog‘liq. Bu mavsumiy biznes. Yoz va bahorda talab sezilarli darajada oshadi, ayniqsa pedikyur kabi xizmatlarga. Ilgari Yangi yil eng qizg‘in mavsum hisoblanardi, ammo hozir bayramlar oldidan ajiotaj ancha kamaygan. O‘ylaymanki, ko‘plab byuti-biznes egalari buni tasdiqlashadi.

Eng faol davr yoz fasli, degan bo‘lardim. Ko‘pincha odamlar boshqa mamlakatlardan qaytishadi, qarindoshlarinikiga kelishadi, yozni shu yerda o‘tkazishadi. Shuning uchun hozir Yangi yil yoki 8-mart emas, aynan yoz eng tig‘iz mavsum hisoblanadi.

O‘rtacha chek qancha?

350 ming so‘m.

Studiyada xizmatlar qimmatligi haqida shikoyatlar bo‘lganmi?

Albatta, bunday holatlar hammada bo‘lgani kabi bizda ham uchraydi. Shu sababli boshidanoq ustalar darajasiga qarab turli narx diapazoniga ega tizimni yo‘lga qo‘yganmiz.

Bizda kurslarni endigina tamomlagan boshlovchi mutaxassislar va stajyorlar bor. Ular ham xuddi shu sifatli materiallar bilan ishlaydi, biroq xizmat narxi pastroq bo‘ladi. Bu sifatli xizmatdan foydalanishni istagan, lekin hozircha yuqori narx to‘lashga tayyor bo‘lmagan mijozlarga bizga kelish imkonini beradi.

Hozir bu sohada biznesning umumiy marjinalligi qanday?

Ideal holatda uni 30% gacha olib chiqish mumkin. Bu juda yaxshi ko‘rsatkich va juda chiroyli raqam. Lekin unga erishish, albatta, oson emas. Biz hozircha, aytishim mumkinki, shunga intilyapmiz.

Loyihani boshlaganingizda, Toshkentda xorijda ko‘rgan standartlaringizga mos studiya topa olmaganingizni va shu sabab o‘zingiznikini ochishga qaror qilganingizni aytgandingiz. Bugun O‘zbekistonda go‘zallik industriyasini qanday baholaysiz?

Juda yaxshi. Birinchidan, talab oshdi. Talab oshgan sari taklif ham ko‘payadi. Shu bilan birga, taklif sifati ham yaxshilanmoqda. Mijozlar tobora tushunib boryapti: yaxshi manikyur nima, yomoni-chi, nimalarga e’tibor berish kerak.

Xavfsizlikka e’tibor juda kuchaydi. Ilgari ko‘pchilik sterilizatsiya haqida o‘ylab ham ko‘rmasdi. Hozir bu majburiy me’yorga aylandi: kraft-paketlar, ishlov berishning barcha bosqichlari.

Bozor aynan shu talablar — sifat va xavfsizlik hisobiga yaxshilanib bormoqda. Faqat bir narsa, to‘lov qobiliyatining yanada oshishi istagi bor. Chunki bu talablarning barchasi, albatta, munosib haq to‘lanishini talab qiladi.

Bozorning yanada rivojlanishini xohlayman. Go‘zallik sohasidagi barcha hamkasblarimga samimiy muvaffaqiyatlar tilayman. Agar biz sifatli materiallarni tanlab, o‘rganib, malakamizni oshirsak, odamlar sifatli xizmatlardan foydalanishadi. Sifatli xizmatlardan foydalangan insonlar esa o‘zlarini yanada baxtliroq his qiladi. Baxtli inson esa, shubhasiz, dunyoga ezgulik olib keladi. Bu, ehtimol, mening falsafamdir. Hozirgi kunda bozor haqiqatan ham yaxshilanmoqda va shunday davom etishini istayman.

Bugungi kunda O‘zbekistondagi go‘zallik industriyasida qanday muammolarni ko‘ryapsiz? Sizningcha, faoliyat yuritish osonroq bo‘lishi uchun nimalarni o‘zgartirish kerak?

Agar butun bozor bo‘yicha xizmatlar narxi ko‘tarilsa, men uchun ancha yengil bo‘lardi. Shunda hamma sifatli materiallar xarid qilish va iqtisodiy jihatdan to‘g‘ri ishlash imkoniga ega bo‘lardi.

Hozir protsedura uchun past narxni saqlab turib, bir vaqtning o‘zida yaxshi materiallardan foydalanish juda qiyin: bu deyarli zarariga ishlash degani. Ammo muayyan segmentda faoliyat yuritib, o‘rta bozorga yo‘naltirilgan holda narxlarni keskin oshirish ham imkonsiz.

Biz muvozanatni saqlashga harakat qilamiz, chunki bozor asosan o‘rtacha narxni taklif qilmoqda. Agar shu “o‘rtacha” narx hamma uchun biroz yuqoriroq bo‘lsa, bu yanada adolatliroq bo‘lardi: mijoz bunday narx darajasi me’yor ekanini tushunardi va shundagina sifat hamda standartlar haqida jiddiy gapirish mumkin bo‘lardi.

Yaqinda studiya tarkibida TPO mavjud bo‘lgan materiallardan butunlay voz kechdi. Bu nima va nega muhim?

O‘tgan yilning sentabr oyida Yevropa Ittifoqi tabiiy tirnoqlar uchun mo‘ljallangan, tarkibida ushbu komponent mavjud bo‘lgan materiallardan foydalanishni taqiqlovchi qonunni qabul qildi.

TPO — bu fotoinisiator bo‘lib, uning yordamida gel‑lak lampa yorug‘ligi ostida polimerizatsiya qilinadi. Uni uzoq muddat davomida ishlatish kelajakda allergik reaksiyalar xavfini oshirishi mumkin.

Biz ishlaydigan brendlar bu komponentni yanada yumshoqroq fotoinitsiatorlar bilan almashtirdi. Shu bilan birga, har qanday material to‘g‘ri qo‘llash texnologiyasini talab qilishini tushunish muhim. Biz shunchaki mahsulotlarni almashtirmadik, balki texnologiyalarni qayta ko‘rib chiqdik, yangi brendlar va tarkibida boshqa fotoinitsiatorlar bo‘lgan gellarni qo‘shdik. 2025-yil davomida va hozirga qadar yanada xavfsiz, yupqaroq va to‘g‘ri qoplama usullarini joriy etish ustida ishlayapmiz.

Ko‘pgina manikyurchilar TPO’siz materiallar yaxshi turmasligini aytishadi. Bu tarkib bilan bog‘liq muammomi yoki texnologiya bilan?

Ha, bu haqiqat. Kislotali materiallar chindan ham mustahkamroq turadi, biroq ular tirnoq plastinasiga chuqur singib, vaqt o‘tishi bilan uni yemiradi. Natijada allergiya va turli nojo‘ya reaksiyalar paydo bo‘lishi mumkin.

Yanada xavfsiz tarkibga ega materiallar esa uzoq vaqt agressiv qoplamalar ta’sirida bo‘lgan, “zararlangan” tirnoqlarda yomonroq turishi mumkin. Bu davrda konflikt yuzaga kelishi mumkin — tirnoqlarga tiklanish uchun vaqt kerak bo‘ladi.

Agar manikyurchi yoki mijoz sabrsiz bo‘lsa, ular yana kislotali materiallarga qaytib, tirnoqlarni shikastlashda davom etadi. Biz esa boshqa yo‘lni tanlaymiz: to‘g‘ri surtish, mustahkamlash, ta’mirlash, ba’zida hatto bepul amalga oshirish. Buning evaziga esa uzoq muddatli, chiroyli va sog‘lom natijaga erishamiz.

Agar kimdir salon ochishga qaror qilsa, u oldindan nimalarni bilishi muhim?

Bu odamlar bilan ishlash degani. Ham mijozlar, ham jamoa bilan juda yaqin va doimiy muloqotda bo‘lish kerak. Shu sababli emotsional barqarorlik juda muhim. Ayniqsa boshlang‘ich davrda 24/7 yuklama bo‘lishi mumkin.

Salon egasi hech narsa qilmaydi va faqat dam oladi, degan gap — afsona. Aslida, ishga yanada ko‘proq aralashishga to‘g‘ri keladi. Xarajatlarga, kutilmagan holatlarga va murakkab yo‘lga tayyor bo‘lish zarur. Balki boshlanishida tor yo‘nalishdan start olish osonroq bo‘lar.

Salon egasi hech narsa qilmaydi, faqat dam oladi, degan gap — afsona. Aksincha, ishga yanada ko‘proq sho‘ng‘iysiz. Xarajatlarga, kutilmagan vaziyatlarga va bu yo‘l oson emasligiga tayyor bo‘lish kerak. Balki ishni tor yo‘nalishdan boshlash osonroqdir.

2026-yilda Nailsworkshop studiyasi qanday yangiliklar va natijalar taqdim etmoqchi?

Hozir ko‘pchilik tarmoqqa chiqyapti, men esa bu yo‘l aynan menikimi, hali aniq bilmayman. Menga shaharning markazida joylashgan, aniq pozitsiyaga ega bitta salonimiz borligi yoqadi. Balki biz aynan shu formatni yanada takomillashtirib, rivojlantirishda davom etarmiz.

Shu bilan birga, maktab yo‘nalishida ko‘proq ishlashimiz kerakligini tushunaman. Bu yo‘nalish hozir ayniqsa qiziqarli. Ehtimol, akademiya alohida faoliyat yuritib, yanada keng ko‘lamli bo‘lishi mumkin, chunki byuti-kasblar bo‘yicha sifatli ta’lim haligacha yetarli emas.

Jamoam ahil va baxtli bo‘lishini, birgalikda o‘sishimiz, rivojlanishimiz va yangi marralarni zabt etishimizni xohlayman. Biz oldinga birga intilish, bir-birimizni kuchaytirish va har yili yanada yaxshiroq bo‘lib borish niyatidamiz.

Albatta, biz yangi mijozlarni ham xohlaymiz, ularni kutamiz va o‘zimizga oshno qilishni istaymiz.

Yanvarda O‘zbekistonga qariyb 1 mln nafar turist keldi

0

O‘zbekistonga bir oyda qariyb 1 mln nafar turist keldi, deb xabar berdi Milliy statistika qo‘mitasi.

Qayd etilishicha, yanvar oyida jami 950 278 nafar chet el fuqarolari turistik maqsadlarda O‘zbekistonga tashrif buyurgan. Mazkur ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 271,6 ming nafarga yoki 40%ga oshgan.

Sayyohlar tashrifi bo‘yicha Qirg‘iziston yetakchilik qilmoqda. Xususan, ushbu mamlakatdan 282 798 kishi kelgan.

Keyingi o‘rinlarni esa Tojikiston (244 373 nafar) va Qozog‘iston (207 858 nafar) egallagan.

Shuningdek, 69 ming nafardan ko‘proq kishi Rossiyadan, 43,5 ming kishi Afg‘onistondan tashrif buyurgan.

Keyingi o‘rinlar mos ravishda quyidagicha:

  • Turkmaniston — 28 150 nafar;
  • Xitoy — 25 666 nafar;
  • Turkiya — 12 740 nafar;
  • Hindiston — 6 095 nafar;
  • Janubiy Koreya — 3 237 nafar.

Aqlni charxlash uchun oʻqish tavsiya etiladigan 5 ta kitob

0

Tanamiz, qornimiz ozuqa talab qilganida — biz taom tanovul qilamiz. Ammo miyamiz ham “oziq-ovqat»ga muhtoj. Miyamiz uchun ozuqa vazifasini, albatta, kitoblar yoki qiziqarli maqolalar oʻtaydi. Ba’zan badiiy kitoblar oʻqishni tusab qolamiz. Ammo shunday vaqtlar boʻladiki, oʻzimizda ilmiy-ommabop, aqlni charxlaydigan kitoblarga nisbatan “tashnalik»ni his qilamiz. Demak, miyamiz och, unda “ovqat” berish kerak.

Ushbu maqolada biz sizga fikrlashni rivojlantirish, tez fikrlash, toʻgʻri qarorlar qabul qilish, yangi gʻoyalar oʻylab topishga yordam beradigan kitoblarni tavsiya qilamiz.

“Thinking, Fast and Slow”, Daniel Kahneman

Rus tilida: “Думай медленно, решай быстро”, Даниэль Канеман

Bizning harakatlarimiz va yutuqlarimiz fikrlarimiz bilan belgilanadi. Ammo biz fikrlash qobiliyatimizni doim ham nazorat qila olamizmi? Nobel mukofoti sovrindori Daniel Kaneman nega biz ba’zan mantiqsiz harakatlar qilishimiz va qanday qilib notoʻgʻri qarorlar qabul qilishimizni tushuntiradi. Bizda ikkita fikrlash tizimi mavjud: “tezkor” va “sekin”. Muammoni hal qilayotganimizda yoki doʻkonda mahsulot tanlayotganimizda “sekin” fikrlash faollashadi. Odatda bunday vaziyatlarda bizga xuddi biz ushbu jarayonlarni boshqarayotgandek tuyuladi. Ammo shuni unutmaslik kerakki, bizning ong ostimizda oʻz-oʻzidan ishlaydigan “tezkor” fikrlash tizimi doimiy ravishda ishlab turadi va u avtomatik ishlaydi, ongsiz ravishda…


“Teach Yourself To Think”, Edward De Bono

Rus tilida: Эдвард де Боно “Научите себя думать”

Edvard De Bono oʻzining ushbu kitobida oʻquvchilarga bor-yoʻg’i 5 ta elementdan iborat juda oddiy texnikadan foydalangan holda fikrlash qobiliyatlarini rivojlantirish va takomillashtirishni taklif etiladi. Aslida bu muallifning istalgan kitobini olib oʻqishingiz mumkin: uning bu yoʻnalishda juda koʻp kitoblari mavjud. U asosan fikrlash qobiliyati, kreativlik, gʻoyalar oʻylab topishni rivojlantirish kabi sohalarni oʻrgangan va uning ushbu kitobi ham shunday asarlardan.


“Raqamlar uchun yaralgan idrok”, Barbara Oukli

Ingliz tilida: “A Mind for Numbers”, Barbara Oakley

Rus tilida: “Думай как математик”, Барбара Оакли

Vanihoyat… Ushbu kitobni oʻzbek tilida ham topish mumkin. Shuning uchun ham bu kitobning aynan oʻzbek tilidagi nomini keltirdik.

Miyangiz gʻaroyib qobiliyatlarga ega, afsuski, undan samarali foydalanish uchun qoʻllanma yoʻq. Bu qoʻllanmani ushbu kitobdan topishingiz mumkin. Tajribangiz bor yoki yoʻqligidan qatʼi nazar, ushbu kitobdagi bilimlar orqali koʻnikmalaringizni rivojlantirishning yangicha va ajoyib usullarni topasiz. Ular, ayniqsa, matematika va tabiiy fanlarni oʻzlashtirishda qoʻl keladi.


“Train Your Brain”, Ryuta Kawashima

Rus tilida: “Тренируем мозг”, Рюта Кавашима

Ushbu kitob professor va miya tomografiyasi boʻyicha yetakchi yapon mutaxassisining ilmiy izlanishlariga asoslangan aql-zakovatni rivojlantirishning oddiy tizimi haqida.

Agar siz oʻzingizni koʻp narsalarni unutib qoʻyadigan, aytaylik, kimningdir ismini yoki gapirayotganda biror soʻzni eslay olmayotgandek his qilayotgan boʻlsangiz, “Train Your Brain” aynan siz oʻqishingiz kerak boʻlgan kitob. Sport bilan shugʻullanish koʻpincha mushaklarning tez zaiflashishini oldini olib, insonning jismoniy tomondan kuchsizlanishi va qarishini biroz boʻlsa-da sekinlashtiradi. Miya haqida ham shunday deyish mumkin. Agar undan foydalanmasangiz, rivojlantirishga urinmasangiz, uning funksiyalari pasayib boraveradi. Ammo uni faol tarzda, “tonusda ushlab turish” uchun nima qilish kerak? Buni ushbu kitobdan bilib olish mumkin.


“Mindset: The New Psychology of Success”, Kerol Duek

Rus tilida: “Гибкое сознание”, Кэрол Дуэк

Oʻnlab yillar davomida muvaffaqiyat va yutuqlarga oid sohani oʻrganib kelayotgan dunyoga mashhur psixolog Kerol Duek ichki “ustanovka»larning shaxsga ta’sirini aniqladi va ilmiy jihatdan isbotladi. Ushbu kitobda siz nimalar odamlarni muvaffaqiyatsizlikka uchratishini, shuningdek, qanday “ustanovkalar” muvaffaqiyatga olib kelishi haqida bilib olasiz. Muhimi, kerakli “ustanovkalarni” oʻzingizga ham, boshqalarga ham birdek singdirish mumkin.

Kitob nafaqat ota-onalar, oʻqituvchilar va murabbiylar uchun, balki rahbarlik qilish yoki shaxsiy oʻsishni maqsad qilgan har bir kishi uchun qiziqarli boʻladi.

Kelasi o‘quv yilidan ayrim texnikum o‘quvchilariga 1,2 mln so‘mgacha stipendiya beriladi

0

Prezident 2026-yil uchun davlat dasturini tasdiqlagani haqida xabar berildi. Hujjat bilan, 2026−2027-o‘quv yilidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand va Farg‘ona viloyatlaridagi kasbiy mahorat texnikumlarida Kasblar shaharchalari tashkil etiladi.

Shaharchalarning asosiy vazifalari etib maktab o‘quvchilarini qurilish, xizmat ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi, sanoat, transport, “yashil” energetika kabi sohalardagi zamonaviy kasblarga yo‘naltirish belgilanadi.

U yerda maktab o‘quvchilari uchun ekskursiyalar tashkil etilib, amaliy harakatlar orqali kasblar bilan tanishish imkoniyati yaratiladi. O‘quvchilarda muayyan kasbga qiziqish moyilligini test va boshqa zamonaviy interaktiv usullar orqali aniqlash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, 11-sinf bitiruvchilari orasida oliy taʼlimga qiziqishi past bo‘lgan o‘quvchilar aniqlanadi.

May-avgust oylarida maktablarda Kasb tanlash haftaligi tadbiri va kasbga yo‘naltirish ishlari tashkil qilinadi. Bunda o‘quvchilarni texnikumlarda o‘qitiladigan kasb va mutaxassisliklar bilan tanishtirish maqsad qilingan.

Natijada o‘qish istagida bo‘lgan yoshlar texnikumlarga qabul qilinadi. Yil yakunida 200 mingga yaqin o‘quvchilar kasbga o‘qitilishi kutilmoqda.

1-martdan texnikum o‘quvchilari va yoshlar o‘rtasida prezident sovrini uchun Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari kasbiy mahorat milliy tanlovi o‘tkaziladi. Tanlov o‘tkaziladigan 10 ta kasb belgilanib, hududlar darajasida 700 nafar sovrindor saralab olinadi.

Respublika bosqichida esa 120 nafar sovrindor aniqlanadi. Tanlov g‘oliblari 4,9 mln so‘mdan 41,2 mln so‘mgacha miqdorda rag‘batlantiriladi. Respublika g‘oliblari xalqaro musobaqalarga tayyorlanadi va xalqaro musobaqa g‘oliblari 1 mlrd so‘mgacha rag‘batlantiriladi.

Avgustdan boshlab Xitoy tajribasi asosida 20 ta texnikumda O‘zbekiston — Xitoy ustaxonalari tashkil etiladi.

Germaniya, Shveysariya, Xitoy, Janubiy Koreya va Buyuk Britaniyaning xalqaro taʼlim dasturlari asosida kadrlar tayyorlaydigan texnikumlar ro‘yxati shakllantiriladi. Bunda 60 ta kasb bo‘yicha taʼlim dasturlari ishlab chiqiladi va joriy etiladi. Natijada 8 ming nafar o‘quvchi qamrab olinadi.

2026−2027-o‘quv yilidan boshlab dual taʼlimda tahsil olayotgan o‘quvchilarga stipendiya to‘lash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Jumladan, har bir o‘quvchiga BHMning 1 baravari (412 ming so‘m), fanlarni o‘zlashtirish ko‘rsatkichi 85%dan yuqori bo‘lgan o‘quvchilarga BHMning 3 baravari (1,236 mln so‘m) miqdorida stipendiya to‘lanadi.

Texnikum bitiruvchilarini ishga qabul qilgan tadbirkorlarga ish haqidan olinadigan ijtimoiy soliqning 1%lik stavkasi bo‘yicha to‘lash huquqini 2030-yilgacha uzaytirish to‘g‘risidagi qonun loyihasi ishlab chiqilib, Qonunchilik palatasiga kiritiladi.