Bosh sahifa Blog Sahifa 20

Fyodor Ovchinnikov: «Noldan boshlashdan qo‘rqma — hatto ikkinchi marta bo‘lsa ham»

0

Fyodor Ovchinnikov biznesni oddiy kitob do‘koni ochishdan boshlagan. U bankdan kredit olish uchun pulni uyini ta’mirlashga ishlataman deb aytgan, aslida esa do‘kon ochgan. U qilayotgan ishlarini blogda yozib borgan va shu orqali tezda mashhur bo‘lib ketgan.

2008-yilgi moliyaviy inqiroz paytida u biznesdagi o‘z ulushini yirik hamkorlarga sotishga majbur bo‘lgan. Shunday qilib, u birinchi biznesidan ayrilgan.

Keyin u butunlay boshqa soha — pitseriya ochishga qaror qilgan. Ko‘pchilik uni bu fikrdan qaytarmoqchi bo‘lgan. “Siktivkarda pitseriya yurmaydi”, “Yetkazib berish xizmatiga hech kim buyurtma bermaydi”, deyishgan. Ammo u o‘z g‘oyasiga ishongan va tavakkal qilgan.

Natijada kichik bir pitseriya keyinchalik xalqaro “Dodo Pizza” tarmog‘iga aylangan.

Ovchinnikovning muvaffaqiyati faqat pitseriya ochish bilan cheklanmaydi. U o‘zining maxsus axborot tizimini yaratgan. Bu tizim pitseriyalardagi barcha jarayonlarni nazorat qiladi va ishni samarali tashkil etishga yordam beradi. Bundan tashqari, u franshiza tizimini yo‘lga qo‘yib, boshqa tadbirkorlarga ham shu brend ostida ishlash imkonini bergan.

Qiziq fakt: 2017-yil yanvar oyida aynan birinchi ochilgan Siktivkardagi “Dodo Pizza” pitseriyasi 7 million rubl daromad qilgan.

Bu hikoya shuni ko‘rsatadiki, muvaffaqiyatga erishish uchun ba’zida hammasini qaytadan boshlashga to‘g‘ri keladi. Eng muhimi — qo‘rqmaslik va o‘z g‘oyangga ishonish.

2026-yilda O‘zbekistonda imtiyozli ipoteka krediti 15% ga oshiriladi

0

Uy-joy sotib olishda boshlang‘ich to‘lov va foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun 2,7 trln so‘m subsidiya beriladi.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasi bo‘lib o‘tayotgani haqida xabar berilgandi.

Unda aholi ehtiyojidan kelib chiqib, iqtisodiyotda eng katta talab yaratadigan uy-joy ipotekasiga 2026-yilda 23 trln so‘m resurs ajratilishi ma’lum qilindi.

Uy-joy sotib olishda boshlang‘ich to‘lov va foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun 2,7 trln so‘m subsidiya beriladi. Shuningdek, bitta kvartira uchun ajratiladigan imtiyozli ipoteka kreditining miqdori 15% ga oshiriladi.

Kelgusi yilda 140 mingta kvartirali ko‘p qavatli uy-joy barpo etilishi ro‘zg‘or uchun zarur iste’mol tovarlariga talabni oshirishi tabiiyligi qayd etildi. Bu talabni moliyaviy manbalar bilan ta’minlash maqsadida 2026-yilda 125 trln so‘mlik iste’mol krediti ajratiladi.

Umuman, 2026-yilda qurilish ishlari hajmini 11% ga ko‘paytirib, $30 mlrdga yetkazish reja qilingan.

O‘zbekistonliklar Yangil yil bayramida ketma-ket 5 kun dam olishi mumkin

0

Bandlik vazirligi qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risidagi takliflarni kiritdi.

O‘zbekstonliklar Yangil yil bayramida ketma-ket 5 kun dam olishi mumkin. Bu haqda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Vazirlik tomonidan rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risidagi takliflar kiritildi.

Taklifda 2025-yil 31-dekabr, 2026-yil 2 va 3-yanvar kunlari qo‘shimcha dam olish kuni etib belgilash haqida ko‘rsatilgan. Vazirlikning qayd etishicha, hozirda bu takliflar rad etilmagan.

“Ijtimoiy tarmoqlardagi aholini kayfiyatiga ta’sir etuvchi, ya’ni qo‘shimcha dam olish kunlarini belgilanmasligi haqidagi noto‘g‘ri ma’lumotlarga ishonmasligingizni so‘raymiz”, — deyiladi xabarda.

Tez kunda Yangi yil bayramida qo‘shimcha ishlanmaydigan va dam olish kunini ko‘chirish to‘g‘risidagi prezident farmoni e’lon qilinishi kutilmoqda.

Tarmoqlarda 31-dekabr va 2-yanvar kunlari ishga chiqilishi, Yangi yilda qo‘shimcha dam olish kunlar bo‘lmasligi haqidagi xabarlar tarqalgandi.

Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev mas’ullarga tayanib xabar berishicha, Yangi yil bayramida qo‘shimcha dam olish kunlarini belgilash bo‘yicha prezident qarori loyihasi tayyorlangan.

Loyiha bilan 31-dekabrdan 4-yanvargacha ketma-ket 5 kun dam olish kuni bo‘lishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, Spot manbasi bayramda o‘zbekistonliklar uchun 5 kun dam olish kuni etib belgilanishini tasdiqladi.

Mehnat kodeksiga ko‘ra, ishlanmaydigan bayram kunlari arafasida har kunlik ish davomiyligi barcha xodimlar uchun kamida bir soatga qisqartiriladi.

Yangi yil tadbirlari munosabati bilan Toshkent shahrining ayrim markaziy ko‘chalarida transport harakati vaqtincha cheklandi. Poytaxt hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, cheklovlar 15-dekabrdan 15-yanvargacha Milliy kutubxona oldidagi hududda, 17-dekabrdan 5-yanvargacha esa Taras Shevchenko gastronomik-turizm ko‘chasida amal qiladi. Ayrim ko‘cha va kesishmalarda transport vositalari harakati to‘liq yopildi.

Tadbirkorlarga bojxona bojini 120 kungacha kechiktirib to‘lash imkoniyati yaratiladi

0

Tovarlar chegaraga yetib kelishidan oldin dastlabki deklaratsiya topshirilganda, rasmiylashtirish yig‘imi 20% kamroq bo‘ladi.

Prezidentning bojxona maʼmuriyatchiligi va tashqi savdo tartibotlarini yana-da soddalashtirish bo‘yicha farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali xabar berdi.

Hujjatga ko‘ra, 2026-yil 1-martdan tovarlarni ular chegara o‘tkazish punktiga yetib kelgunigacha dastlabki deklaratsiyalash orqali erkin muomalaga chiqarish bojxona rejimiga joylashtirishda bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘im miqdori 20%ga pasaytiriladi.

Shuningdek, bojxona to‘lovlarini bo‘lib-bo‘lib (kechiktirib) to‘lashda 14 kungacha foizlar hisoblanmaydi.

Kelgusi yil 1-maydan tovarlarni davriy deklaratsiya orqali rasmiylashtirishda bojxona to‘lovlarini tovarlar respublika hududiga kirib kelganda har bir partiya uchun alohida to‘lash imkoniyati yaratiladi.

Bojxona organlarining axborot tizimida xavf aniqlanmagan taqdirda, bojxona yuk deklaratsiyalari avtomatik ravishda rasmiylashtiriladi.

Bunday tartib yirik soliq to‘lovchi tashkilotlar, davlat tashkilotlari hamda davlat ulushi 50%dan yuqori bo‘lgan tashkilotlar tomonidan import qilinayotgan tashqi savdo yuklariga nisbatan qo‘llanadi.

Shu bilan birga, tarif va notarif cheklovlar tatbiq etilmaydigan eksport yuklari ham avtomatik rasmiylashtiruvdan o‘tkaziladi.

Tadbirkorlarning barqarorlik reytingida yuqori va o‘rta darajalarini egallagan vakolatli iqtisodiy operatorlarga qo‘shimcha imkoniyatlar taqdim etiladi.

Jumladan, bojxona to‘lovlari va soliqlar qaytariladi, o‘zaro hisobga olishda soddalashtirilgan tartibotlar joriy etiladi.

Tovarlarni qadoqlash, o‘rash, saralash va tozalash kabi qayta ishlash operatsiyalarida qayta ishlash uchun ruxsatnoma talab qilinmaydi.

Farmonga ko‘ra, Chegara qo‘shinlari tomonidan shaxslarni pasport nazoratidan o‘tkazishda quyidagi asoslarga ko‘ra bojxona organlarini xabardor etish yo‘lga qo‘yiladi:

  • bojxona organlari axborot tizimida shaxsning bojxona nazoratidagi avtotransport mavjudligi to‘g‘risida maʼlumot bo‘lsa;
  • shaxs bojxona haqidagi qonun hujjatlarini buzganligi yoki buzish xavfi mavjud bo‘lsa.

2026-yil 1-iyundan tadbirkorlarga bojxona bojini 120 kungacha kechiktirib yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratiladi.

Bojxona to‘lovlari to‘lanishini taʼminlashning bosh taʼminoti turidan foydalanishda xavflarni boshqarish tizimining natijalaridan kelib chiqib, tadbirkorlarga pasaytirilgan miqdorda taʼminot taqdim etiladi.

2026-yil 1-iyuldan bojxona auditi doirasida “maslahatchi auditor” tamoyili joriy etiladi. Unga ko‘ra, audit rejalashtirilgan tadbirkorga aniqlangan kamchiliklar oldindan ma‘lum qilinib, ularni mustaqil ravishda bartaraf etish imkoniyati yaratiladi.

Bojxona organlari tomonidan tadbirkorlar faoliyatida o‘tkazilgan bojxona nazorati natijalari tadbirkorlarning barqarorlik reytingini aniqlashda inobatga olinadi.

Yaponiya O‘zbekistonda kichik AES energiyasidan foydalanib 50 MVt quvvatli data-markaz quradi

0

O‘zatom Nukem bilan ishlatilgan yoqilg‘i texnologiyalaridan foydalanish bo‘yicha hamkorlik shartnomasini imzoladi.

Yaponiya O‘zbekistonda kichik quvvatli atom stansiyasi energiyasidan foydalanib, 50 MVt quvvatli ma‘lumotlar markazini qurishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Atom energiyasi agentligi (O‘zatom) matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zatom Yaponiyaning Muroosystems Corporation kompaniyasi bilan birgalikda kichik modulli reaktorlar (KMR) tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi bilan to‘liq ta‘minlanadigan ma‘lumotlar markazini yaratish bo‘yicha xalqaro loyihani amalga oshirmoqda.

Loyiha KMR tomonidan ishlab chiqariladigan elektr energiyasi bilan ta’minlanadigan, 50 MVt energiya iste’moli rejalashtirilgan ma’lumotlar markazini qurishni nazarda tutadi.

“Bunday yondashuv atom energiyasi ishlab chiqarishga barqaror va bashorat qilinadigan talabni shakllantirish, AES quvvatlaridan foydalanish samaradorligini oshirish imkonini beradi”, — deyiladi xabarda.

Ta‘kidlanishicha, loyiha atom energetikasi va raqamli infratuzilmani integratsiyalashni nazarda tutadi: ma‘lumotlar markazi faqat KMR tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi bilan ta‘minlanadi. Bu esa “loyihani o‘z turida dunyodagi birinchi qiladi va energiya talab qiladigan IT-obyektlar uchun yangi standart belgilaydi”.

Bundan tashqari, O‘zatom direktori Azim Ahmedxo‘jayev O‘zbekiston24 telekanaliga bergan intervyusida Muroosystems Corporation‘ning sho‘ba kompaniyasi Nukem bilan ishlatilgan yadro yoqilg‘isi xavfsizligini ta‘minlash bo‘yicha texnologiyalardan foydalanish yuzasidan hamkorlik shartnomasi imzolanganini ma‘lum qildi.

Kambag‘al oilalarga daraxt ekish va parvarishlash uchun subsidiya beriladi

0

Talabgor daraxt ekib parvarishlaganidan so‘ng, platformaga kiritilgan ma‘lumot tasdiqlansa, subsidiya to‘lab beriladi.

Kambag‘al oilalarga o‘rmon fondi yerlarida ekilgan daraxtlar uchun subsidiya ajratiladi. Bu haqdagi tegishli nizom hukumat qarori bilan tasdiqlandi.

Hujjatga ko‘ra, kambag‘al oila aʼzolariga o‘rmon fondi yerlarida ekilgan va parvarishlangan har 100 ta daraxt uchun BHMning 1 baravari (412 ming so‘m) miqdorida subsidiya ajratiladi.

Talabgor o‘rmon xo‘jaligi tayinlagan masʼul xodim ko‘rsatmalari asosida tanlangan maydonda yerni tayyorlaydi. U shu maydonda daraxt ko‘chatlarini bir mavsum davomida ekib, parvarishlaydi.

Murabbiy tuman ekologiya bo‘limi bilan birgalikda talabgor tomonidan ekilgan daraxt ko‘chatlarini joyiga chiqqan holda dalolatnoma va fotohisobot asosida qabul qilib oladi.

Tuman ekologiya bo‘limi tomonidan “Ekofaol fuqaro” platformasida har bir talabgor uchun shaxsiy kabinet ochilib, unga ekilgan daraxt ko‘chatlari to‘g‘risidagi maʼlumotlar kiritib boriladi.

Kiritilgan maʼlumotlar tuman ekologiya bo‘limi tomonidan 5 ish kuni ichida tasdiqlanadi yoki tasdiqlanishi rad etiladi.

Tuman ekologiya bo‘limi ekilgan daraxtlar soniga mutanosib ravishda subsidiyaning 50%ini talabgorga to‘lash uchun talabnoma yuboradi.

Talabnoma Qoraqalpog‘iston Ekologiya va iqlim o‘zgarishi qo‘mitasiga, viloyatlar hamda Toshkent shahar Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmalariga yuboriladi.

Ekologiya boshqarmalari subsidiya mablag‘larini 5 ish kuni mobaynida talabgorning bank kartasiga o‘tkazib beradi.