Bosh sahifa Blog Sahifa 193

Navroʻz bayrami umumxalq sayillari shaklida oʻtkaziladi

0

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2022-yilgi Navroʻz umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisidagi qarorni imzoladi.

Mazkur hujjatda 2022-yilgi Navroʻz umumxalq bayrami mamlakatda “Assalom, Navroʻz — yangilanish, mehr-oqibat va qadr-qimmat ayyomi!” degan bosh gʻoya asosida umumxalq sayillari shaklida yuqori saviyada nishonlash koʻzda tutilgan.

Bosh vazir rahbarligida tashkiliy qoʻmitaga hududlarda, shahar va qishloqlarda Navroʻz bayramining umumxalq sayillari shaklida keng nishonlanishini taʼminlash yuklatilgan.

Jumladan, Toshkentdagi “Yangi Oʻzbekiston” majmuasida alohida dasturlar asosida xalq sayillari tashkil etiladi.

Bayram munosabati bilan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va faxriylari, keksa avlod vakillarini har tomonlama eʼzozlash, Mehribonlik va Muruvvat uylari tarbiyalanuvchilari, Saxovat uylarida yashayotganlar, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Mehr daftari”ga kiritilgan hamda koʻmakka muhtoj insonlarning holidan xabar olish, ularga begʻaraz yordam berish bilan bogʻliq xayriya tadbirlari amalga oshiriladi.

Shuningdek, “Yashil makon” umummilliy loyihasida belgilangan tadbirlarni uyushtirish rejalashtirilgan. Navroʻz umumxalq bayrami arafasida respublikaning barcha hududlarida, har bir koʻcha, mahalla, tuman va shaharlarda obodonchilik va koʻkalamzorlashtirishga qaratilgan umumxalq hasharlari oʻtkaziladi.

Bayram tadbirlari boʻlib oʻtadigan joylarda hunarmandchilik koʻrgazmalari, milliy sport turlari boʻyicha musobaqalar oʻtkazish, kitob rastalari, koʻchma savdo doʻkonlarini tashkil qilish belgilandi. Shu bilan birga, koʻklam taomlari tayyorlanib, ularning savdosi yoʻlga qoʻyiladi.

Barcha tadbirlar karantin qoidalari va jamoat xavfsizligi talablariga qatʼiy rioya qilgan holda oʻtkaziladi.

Chorvachilik sohasini qo‘llab-quvvatlash choralari belgilandi

0

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 16 fevral kuni chorvachilik sohasidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Ma’lumki, bu soha oilalar farovonligi va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda katta o‘rin tutadi. Aholining kundalik iste’mol xarajatlarining 30 foizini go‘sht, sut va tuxum mahsulotlari tashkil etadi.

Oxirgi uch yilda chorvachilik bo‘yicha chiqarilgan qarorlarga asosan, 8 turdagi subsidiya va imtiyozli kreditlar ajratish yo‘lga qo‘yildi. Shu davrda chorvachilikka 15 trillion so‘mdan ziyod kredit ajratilib, 4 ming 500 ga yaqin loyiha amalga oshirildi. Naslchilik xo‘jaliklarining soni 3 baravarga ko‘payib, 1 ming 414 taga yetdi. Natijada, 2019-2021 yillarda chorva mollarining bosh soni 1 million 200 mingtaga ko‘paydi.

Lekin iqlim o‘zgarishlari, suv va yer tanqisligi, pandemiya kabi zamonamizning dolzarb muammolari chorvachilikni ham qiyinlashtirmoqda.

Buxoro, Jizzax, Navoiy, Namangan va Surxondaryo viloyatlarida yirik chorvachilik xo‘jaliklari soni boshqa hududlarga nisbatan ancha kam. 90 foiz chorva xonadonlarda boqilsa-da, ko‘p joylarda ozuqa-yem ta’minoti tizimi yo‘q. So‘nggi 15 yilda ozuqa yer maydoni 430 ming gektardan 340 ming gektarga, bir bosh qoramolga to‘g‘ri keladigan ozuqa maydoni 50 sotixdan 27 sotixga kamaygan. Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Buxoro, Navoiy, Surxondaryo va Qashqadaryoda takroriy ozuqabop ekin maydonlari 23 ming gektarga qisqargan.

Shu bois, chorvachilik sohasini qo‘llab-quvvatlash, resurs tejovchi texnologiyalarni keng qo‘llash orqali go‘sht, sut va tuxum yetishtirishni ko‘paytirish har qachongidan ham zarur bo‘lmoqda.

Yig‘ilishda shu boradagi dolzarb masalalar, imkoniyatlar tahlil qilindi.

Davlatimiz rahbari bu yil chorvachilikda kamida 300 ming, qo‘y-echkichilikda 150 ming, pillachilikda 1 million 200 ming, jami 1 million 650 ming aholi bandligini ta’minlash imkoni borligini ta’kidladi.

Buning uchun, avvalo, xonadonlarda kooperatsiya orqali chorvani ko‘paytirish kerak. Yurtimizda bu sohada yaxshi tajribalar ko‘p. Masalan, Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumanida “Toshmatov Normo‘min” fermer xo‘jaligi Vori qishlog‘idagi xonadonlarga qoramol, qo‘y-echki tarqatib, ular yetishtirgan sut va go‘shtni sotib olmoqda. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxiatosh tumanidagi “Taxiatosh Chikens” korxonasi xonadonlarga xonaki parranda berib, ulardan inkubatsion tuxum sotib olishni yo‘lga qo‘ygan.

Prezident bunday tajribalarni boshqa tuman va mahallalarda ham kengaytirish muhimligini ta’kidladi.

Shu maqsadda qator moliyaviy ko‘mak choralari belgilandi. Ya’ni, joriy yil fevraldan boshlab, xorijiy kreditlar 10 yil muddatga 3 yil imtiyozli davr bilan ajratiladi, kredit foizining 14 foizdan yuqori qismiga kompensatsiya hamda kredit summasining 50 foiziga kafillik beriladi, gidroponika usulida ozuqa yetishtirish uchun uskunalar xarajatining 20 foizi qoplanadi.

Sohadagi yana bir daromadli yo‘nalish – och rangli qo‘y-echkilar junidan gilam, mato va boshqa mahsulotlar to‘qib sotish. Yig‘ilishda Angren shahri, Koson, Romitan, Navbahor tumanlaridagi shunday ishlar namuna qilib ko‘rsatib o‘tildi.

Shu oydan boshlab, naslli qo‘y va echki xarid qilish, sut, go‘sht va junni qayta ishlash hamda yem tayyorlash sexlari tashkil etish uchun imtiyozli davr bilan kreditlar ajratiladigan bo‘ldi. Bu kreditlar aholiga hokim yordamchilari tavsiyasi asosida, 50 million so‘mgacha garov ta’minotisiz ajratiladi, kredit foizining yarmini qoplashga kompensatsiya beriladi.

Aholiga kooperatsiya asosida 350 ming bosh qo‘y va echki tarqatilishi, bu maqsadlar uchun 100 million dollar yo‘naltirilishi ma’lum qilindi.

Bu yil sohada 123 ta yirik loyiha rejalashtirilgan. Davlatimiz rahbari ularni o‘z vaqtida ishga tushirish bilan birga qo‘shimcha imkoniyatlar topish, ozuqa maydonlarini kengaytirish zarurligini ta’kidladi.

Jumladan, yerning bir qismini almashib ekish hisobiga, har bir klasterda kamida 500 boshli chorvachilik kompleksi tashkil etish mumkin. Shuningdek, foydalanishdan chiqqan va yangi yerlarni o‘zlashtirib, chorva boqsa bo‘ladi.

Bunday loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun 120 million dollar kredit sifatida yo‘naltirilishi, subsidiya, bojxona va soliq imtiyozlari berilishi qayd etildi.

Mutasaddilarga joriy yilda xalqaro moliya tashkilotlaridan 500 million dollar jalb etib, chorvachilikni rivojlantirish loyihalariga yo‘naltirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Prezidentimiz chorva mahsuldorligini oshirish, naslchilikni yaxshilash masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Sohaga ilm va ilg‘or tajribalarni joriy etishga Samarqand veterinariya meditsinasi instituti mas’ul etib belgilandi. Endi ushbu institut maqomi oshiriladi hamda unga veterinariya, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, qorako‘lchilik va cho‘l ekologiyasi ilmiy-tajriba institutlari biriktiriladi. Bu muassasa klasterlarga amaliy va metodologik ko‘mak berib, pullik xizmatlar ko‘rsatadi, aholi va fermerlarni qisqa muddatli kurslarda o‘qitadi.

“Chorvanasl” agentligiga har bir tuman kesimida naslchilikni yaxshilash bo‘yicha uch yillik dastur ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan tarmoq va hudud rahbarlari, tadbirkorlar so‘zga chiqdi.

Chorvachilikni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash dasturi tasdiqlandi

0

Prezident qarori bilan O‘zbekistonda chorvachilik sohasi va uning tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan dastur tasdiqlandi.

Dastur chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish hisobiga oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, ishlab chiqarishning zamonaviy usullarini keng joriy etish, kooperatsiya munosabatlarini rivojlantirish, chorvachilik sohasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan.

Uning ustuvor yo‘nalishlari:

  • aholini chorvachilik mahsulotlari bilan barqaror ta’minlash hamda chorvachilik va uning tarmoqlarida ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirish;
  • chorvachilik sohasida sifat nazoratini kuchaytirish, eksportga yo‘naltirilgan raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish;
  • tabiiy resurslardan samarali foydalanish va atrof-muhitni muhofaza qilishni tizimli yo‘lga qo‘yish, yer va suv resurslaridan oqilona foydalanishni nazarda tutuvchi choralarni ko‘rish;
  • chorvachilik sohasida infratuzilma xizmatlarini yanada rivojlantirish, ularning sifatini yaxshilash va turlarini kengaytirish, ushbu sohaga zamonaviy bozor tamoyillarini keng joriy etish;
  • chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarish tarmog‘ini modernizatsiya qilish, sohani diversifikatsiya qilish va qo‘llab-quvvatlash uchun xususiy investitsiya hamda xorijiy kapital oqimini ko‘paytirish, shuningdek, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish mexanizmlarini joriy qilish;
  • chorva mollari mahsuldorligini oshirish va ajratilgan maydonlardan unumli foydalanishni ta’minlash maqsadida bir gektar sug‘oriladigan va lalmi yer maydoni hisobidan ishlab chiqariladigan mahsulotlar me’yorlarini ishlab chiqish.                                            O‘zbekistonda chorvachilik sohasi va uning tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan dasturda belgilangan vazifalarni 2022 yilda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. Chorvachilik va uning tarmoqlarini rivojlantirish maqsadlari uchun 2022 yilda Jahon bankining 300 mln dollar miqdoridagi kredit mablag‘larini jalb etish rejalashtirilmoqda.

“Forbes” nashri oʻtgan yilda eng koʻp daromad olgan yulduzlar reytingini eʼlon qildi

0

Amerikaning “Forbes” nashri 2021-yilda eng koʻp daromad olgan yulduzlar reytingini eʼlon qildi. Reytingdan 25 nafar taniqli ijodkor oʻrin olgan.

Bu boradagi yetakchilik kinorejissyor Piter Jeksonga nasib qildi. U oʻtgan yil mobaynida 580 million dollar miqdorida pul ishlab topgan. “Uzuklar hukmdori” rejissyori oʻziga tegishli boʻlgan “Weta Digital” maxsus effektlar studiyasini sotish ortidan yaxshigina daromad olgan.

Reytingdagi ikkinchi oʻrinni bir yil ichida 435 million dollar ishlab topgan xonanda Bryus Springstin egalladi. U oʻz qoʻshiqlaridan foydalanish huquqini “Sony Music Group” kompaniyasiga sotish ortidan kuchli uchtalikka kira olgan.

Reytingdagi uchinchi oʻrin prodyuser va reper Jey Ziga (340 million dollar), toʻrtinchi oʻrin esa aktyor va restler Dueyn Jonsonga (270 million dollar) nasib qildi. 2021-yilda eng koʻp daromad topgan yulduzlar beshligini reper Kanye Uest (235 million dollar) yopib bergan.

Reytingdagi kuchli oʻntalikdan Bob Dilan, musiqachi Pol Saymon, “Janubiy bogʻ” animatsion seriali mualliflari Trey Parker va Mett Stoun, aktyor Tayler Perrilar ham oʻrin egallashgan.

Endilikda o‘quvchilarning choraklik bahosi kundalikka, yillik bahosi esa choraklikka qarab chiqarilmaydi

0

Choraklik baholarni kundalik olingan baholarga qarab qo‘yish amaliyoti bekor qilinadi.

Bu haqda AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Respublika taʼlim markazi axborot xizmati rahbari Mohira Nurullayeva maʼlum qildi.

Qayd etilishicha, 2022-2023 -o‘quv yilidan boshlab kundalik yig‘ilgan baholar choraklik bahoga taʼsir qilmaydi. Chunki kundalik baho rivojlantiruvchi ahamiyatga ega, choraklik baho esa erishilgan marrani tekshirish uchun xizmat qiladi. Bu ikki baholashni o‘zaro qorishtirish sifatga taʼsir qiladi.

Shuningdek, kelgusi o‘quv yilidan boshlab yillik bahoni choraklik baholar asosida qo‘yish amaliyoti bekor qilinmoqda.

Taʼkidlanishicha, yil oxirida o‘qituvchi o‘quvchilar uchun qo‘yilgan minimal talabga javob bera olishini tekshirish uchun imtihon o‘tkazishi lozim. Chunki har chorakdagi baho bu minimal talabni bajara olishi yoki olmasligini yaqqol ko‘rsatib bera olmaydi.

“Bahoga jazo yoki rag‘bat quroli emas, rivojlantirish vositasi sifatida qarash kerakligi tavsiya etilmoqda. Bolalarni baho bilan qo‘rqitishni bas qilish, ularga imkon qadar past baho qo‘ymaslik, toki topshiriqni yaxshi bahoga bajarib kelmaguncha baholamay turish tavsiya etilmoqda.

Shuningdek, o‘quvchiga qo‘yilgan har bir bahoga izoh-mulohaza berish talab etilmoqda”, – deydi Respublika taʼlim markazi xodimi.

“So‘m ramzi”ni yaratish bo‘yicha tanlov e’lon qilindi

0

O‘zbekiston Respublikasi milliy valyutasi – “so‘m”ning moliya bozorida xalqaro nufuzini oshirish va keng jamoatchilik o‘rtasida tanilishini ta’minlash maqsadida Markaziy bank tomonidan milliy valyuta “So‘m ramzi”ni yaratish bo‘yicha tanlov o‘tkaziladi.

Tanlovda mamlakatning milliy valyutasini xalqaro miqyosda o‘ziga xosligi, xalqimizning madaniy qadriyatlari va boshqalardan ajralib turuvchi xususiyatlarini ifodalovchi eng yaxshi grafik ishlar aniqlanadi.

Tanlovda qatnashish istagida bo‘lgan fuqarolar, 2022-yil 31-martga qadar ariza, g‘oya tasviri va konsepsiyasi bilan birgalikda tanlov@cbu.uz elektron manziliga yuborish lozim.

G‘olibga Markaziy bank tomonidan pul mukofoti taqdim etiladi.

Eslatib o‘tamiz, tanlovda faqat O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari ishtirok etishi mumkin.