Bosh sahifa Blog Sahifa 188

Tashqi savdo faoliyati ishtirokchilarini qo‘llab- quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida

0

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi PF–60-son Farmoniga muvofiq, tashqi savdoni tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirish, mahalliy tadbirkorlik sub’ektlarining eksport faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish choralarini yanada kuchaytirish orqali yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar eksportini kengaytirish maqsadida:

1. Belgilansinki, 2022-yil 1-apreldan boshlab:

a) 2023-yil 1-aprelga qadar:

mahalliy korxonalar (ularning vakolatli vakillari)ga Yevropa Ittifoqi davlatlariga yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarni eksport qilishda tashish xarajatlarini 70 foizgacha miqdorda kompensatsiya qilishga subsidiyalar taqdim etiladi;

qo‘shni davlatlarga eksport qilingan yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlarni eksport qilishda tashish xarajatlarini 50 foizgacha miqdorda kompensatsiya qilishga subsidiyalar taqdim etiladi;

b) muvofiqlikni baholash organlarini xalqaro ILAC/IAF tashkilotlari a’zosi hisoblangan akkreditatsiya idorasi tomonidan akkreditatsiyadan o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan qoplab beriladi;

v) tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan tovarlar (maxsus turdagi tovarlardan tashqari), ishlar va xizmatlar eksportini shartnoma tuzmasdan hisobvaraq-fakturalar (invoyslar) asosida amalga oshirishda talab etiladigan oldindan to‘lov miqdori 100 foizdan 50 foizga kamaytiriladi.

2. Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi (S.Umurzakov) (keyingi o‘rinlarda – Hukumat komissiyasi):

ikki hafta muddatda eksport qilishda tashish xarajatlarini kompensatsiya qilishga subsidiyalar taqdim etiladigan yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ro‘yxatini tasdiqlasin va uning Eksport qiluvchilarni qo‘llab-quvvatlashning yagona portalida (www.exportportali.uz) e’lon qilib borilishini ta’minlasin;

Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘larining maqsadli va samarali sarflanishi ustidan doimiy nazorat o‘rnatsin.

3. Moliya vazirligi Eksportni rag‘batlantirish agentligining buyurtmanomalariga binoan mazkur Farmonning 1-bandida nazarda tutilgan qo‘llab-quvvatlash choralarini amalga oshirish uchun zarur mablag‘larni respublika byudjetidan ajratib borsin.

4. Hukumat komissiyasiga mahalliy eksportchi korxonalarning murojaatlariga asosan eksportoldi va eksport bilan bog‘liq savdo operatsiyalarini moliyalashtirish uchun Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ajratilgan kreditlarni qaytarish muddatini yana olti oygacha uzaytirish vakolati berilsin.

Bunda, ushbu kreditlarni qaytarish muddatining o‘zgartirilishi Markaziy bank tomonidan kredit shartlari qayta ko‘rib chiqilgan aktivlar sifatida hisoblanmasligi belgilab qo‘yilsin.

5. “Bojxona ombori” rejimida olti oydan ko‘p bo‘lgan tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvida bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlarni qo‘llashni taqiqlovchi tartib bekor qilinsin.

6. Yoshlar tadbirkorligini yanada qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan, innovatsion texnologiyalarga asoslangan eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish faoliyatini rag‘batlantirish maqsadida Hukumat komissiyasining qaroriga asosan Yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ularga 500 ming AQSH dollarigacha kreditlar ajratishga ruxsat berilsin.

7. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga 2023-yil 1-yanvarga qadar Hukumat komissiyasi xulosasi asosida O‘zbekiston Respublikasi tashqi savdo operatsiyalarini tartibga solishning vaqtinchalik mexanizmlarini joriy qilish vakolati berilsin.

Bunda, tayyor mahsulotlar eksportini rag‘batlantirish, shuningdek, import shartnomalari qiymatlarini sun’iy ravishda oshirish, ichki bozorga sifatsiz mahsulotlar kirib kelishi va kontrabanda holatlarining oldini olish choralari nazarda tutilsin.

8. “O‘ztreyd” va “O‘zsanoateksport” aksiyadorlik jamiyatlariga tashqi savdo kompaniyalarini aylanma mablag‘lar bilan ta’minlash maqsadida Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan 10 million AQSH dollar mablag‘ ajratilsin.

Belgilansinki, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni rag‘batlantirish agentligi “O‘ztreyd” va “O‘zsanoateksport” aksiyadorlik jamiyatlarining ustav kapitallaridagi (jamg‘armalaridagi) davlat aksiyalari (ulushlari) paketlari bo‘yicha aksiyador huquqini amalga oshiradi.

9. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bir hafta muddatda Eksportni rag‘batlantirish agentligiga “O‘ztreyd” va “O‘zsanoateksport” aksiyadorlik jamiyatlarining ustav kapitallaridagi (jamg‘armalaridagi) davlat aksiyalari (ulushlari) o‘tkazilishini ta’minlasin.

10.  O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritilsin.

11. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

12. Mazkur Farmon ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari A.B.Voitov belgilansin.

Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.U.Umurzakov zimmasiga yuklansin.

       O‘zbekiston Respublikasi

                   Prezidenti                                                      Sh.MIRZIYOEV

Toshkent shahri, 2022-yil 6-aprel

Forbes dunyoning eng boy odamlari ro‘yxatini tuzib chiqdi

0

Tesla va SpaceX asoschisi Ilon Mask tarixda birinchi marta Forbes jurnali tomonidan har yili chop etiladigan dunyoning eng boy odamlari reytingida birinchi o‘rinni egalladi. Yil davomida Maskning boyligi 68 milliard dollarga oshib, 219 milliard dollarga yetdi va bu unga Amazon asoschisi Jeff Bezosni chetlab o‘tish imkonini berdi. 

Qayd etish joiz, Maskning boyligi yil davomida 45 foizga oshib, 219 milliard dollarga yetdi. Bezos xuddi shu davrda olti milliard yo‘qotgan va uning boyligi 171 milliard dollarni tashkil qilgan. Kuchli uchlikni Louis Vuitton Moet Hennessy guruhi prezidenti Bernard Arno 158 milliard dollar bilan yakunladi.

To‘rtinchi o‘rinda boyligi 129 milliard dollarga baholangan Microsoft asoschisi Bill Geyts va 118 milliard dollar boyligi bilan kuchli beshlikni Berkshire Hathaway xolding kompaniyasi rahbari Uorren Baffet yakunlab turibdi. Mark Sukerberg beshinchi o‘rindan o‘n beshinchi o‘ringa tushib, bir yilda deyarli 30 milliard dollar yo‘qotdi (hozir uning boyligi 67,3 milliard dollarga baholanmoqda).

Forbes taʼkidlashicha, butun yil davomida sayyoramizdagi 2668 milliarderning umumiy boyligi 12,7 trillion dollarga tushib, 329 kishi roʻyxatdan chiqib ketgan, bu 2009-yildagi inqirozdan keyingi eng katta koʻrsatkichdir. Shu bilan birga, estrada xonandasi Rianna va “Uzuklar hukmdori” rejissyori Piter Jekson bu yil eng boy odamlar reytingiga kirishdi.

Keyingi o‘rinlarni quyidagilar egallagan:

Bill Geyts – 129 milliard dollar (yil davomida davlat 5 milliard dollarga oshgan);
Uorren Baffet – 118 milliard dollar (+22 milliard dollar, 6-o‘rindan yuqori)
Larri Peyj – 111 milliard dollar (+20,5 milliard dollar, 8-o‘rindan yuqori)
Sergey Brin – 107 milliard dollar (+18 milliard dollar, 9-o‘rindan yuqori)
Larri Ellison – 106 milliard dollar (+ 13 milliard dollar, 7-o‘rindan pastga)
Stiv Balmer – 91,4 milliard dollar (+ 22,7 milliard dollar, 16-o‘rindan yuqori)
Mukesh Ambani – 90,7 milliard dollar (+ 6,2 milliard dollar)

Avvalroq Mask Twitter’ning eng yirik aksiyadoriga aylangani xabar qilingandi. Space X va Tesla asoschisi 73,5 millionga yaqin aksiyaga yoki umumiy aksiyaning 9,2 foiziga egalik qiladi.

Donald Tramp shaxsiy ijtimoiy tarmogʻi ortidan $430 mln daromad koʻrib ulgurdi

0

AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp oʻzining shaxsiy ijtimoiy tarmogʻi ortidan 430 million AQSh dollari miqdorida daromad koʻrib ulgurdi. Uning umumiy boyligi miqdori 3 milliard AQSh dollariga yetgan. Bu haqida “Forbes” nashri xabar berdi.

Maʼlumotlarga koʻra, sobiq prezidentning daromadi bir yil ichida 25 foizga oshgan va yillik daromad koʻrsatkichi 600 million AQSh dollarini tashkil qilgan. U dunyodagi eng badavlat odamlar reytingidagi 1083-oʻrindan joy olgan.

Tahlilchilar bunday oʻsish koʻrsatkichlariga Tramp tomonidan yaratilgan “TRUTH Social” ijtimoiy tarmogʻi bevosita taʼsir koʻrsatganini aytib oʻtganlar.

Eslatib oʻtamiz, Tramp dunyoning turli mamlakatlarida joylashgan koʻplab kompaniyalarning aktivlariga, shuningdek bir nechta golf maydonlariga egalik qiladi. U Twitter tomonidan akkaunti butunlay bloklab qoʻyilganidan keyin oʻzining shaxsiy ijtimoiy tarmogʻini yaratish fikriga kelgan. Bunga 2021-yilning yanvar oyida Tramp tarafdorlarining Kapitoliyga hujum qilganlari sabab boʻlgan. Aynan mana shu vaqtda Facebook, YouTube, TikTok kabi boshqa ijtimoiy tarmoqlar ham uning akkauntlarini vaqtinchalik bloklashgan. Tramp esa buni odamlarni soʻz erkinligidan mahrum qilishga urinish deya baholagandi.

“Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etildi

0

Vazirlar Mahkamasining “Xotin-qizlar muammolarini o‘rganish va hal etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish maqsadida “Ayollar daftari” ro‘yxatiga kiritilgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil qilindi.

Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:

  • “Ayollar daftari”ni yuritish orqali xotin-qizlar muammolarini tizimli ravishda hal etish va ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tartibi to‘g‘risidagi nizom;
  • “Ayollar daftari” ro‘yxatiga kiritilgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armalari to‘g‘risidagi nizom;
  • Xotin-qizlar muammolarini tizimli ravishda hal etish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha respublika komissiyasining tarkibi.                                  Qaror bilan «Ayollar daftari” ro‘yxatiga kiritilgan xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan (qaramog‘ida I guruh nogironligi bo‘lgan farzandlari yoshidan qat’i nazar) farzandlariga davolash, dori vositalari olib berish yoki murakkab jarrohlik amaliyotlari uchun xarajatlar qoplab berish tartibi tasdiqlangan. Xarajatlar “Ayollar daftari” jamg‘armasi va Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan to‘lab beriladi.

Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasiga Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2022 yil 1 iyulga qadar “Ayollar daftari” bilan ishlash elektron tizimini ishlab chiqish va ishga tushirish topshirilgan.

Elektron tizim davlat maqsadli jamg‘armasi hisobidan moliyalashtiriladi. Ushbu tizim yordamida quyidagi imkoniyatlar beriladi:

  • ijtimoiy-himoyaga muhtoj xotin-qizning “Ayollar daftari”ga kiritish haqidagi murojaatini bevosita qabul qilish;
  • ushbu murojaatni ko‘rib chiqish natijalari, agarda murojaatni qanoatlantirish rad etilgan bo‘lsa, rad etish asoslarini taqdim etish;
  • “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarga ko‘rsatiladigan yordam turlarini ko‘rsatish;
  • “Ayollar daftari” orqali yordam ko‘rsatilayotgan xotin-qizlarning ro‘yxati va ularning har biriga ko‘rsatilgan yordamlarning aniq turlari, hajmi hamda kelgusida rejalashtirilayotgan tadbirlar bilan tanishib chiqish.

Bundan oldin “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tartibi tasdiqlangandi.

O‘z biznesini yo‘lga qo‘yishga muvaffaq bo‘lgan amerikalik yosh tadbirkor Brendon Boynton

0

Maktab davrlarida tengdoshlarining turli haqoratlariga uchragan yigit 14 yoshida ularga qarshi anonim ariza yozib, maktab binosi devoriga osilgan maxsus qutiga tashlagan.

O‘shanda yigitga foydalanish uchun qulayroq bo‘lgan shunga o‘xshash funksiyalarga ega onlayn xizmat yaratish g‘oyasi kelgan. Shundan so‘ng o‘zining “MostBeastlyStudios” MChJ dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchi kompaniyasini yaratgan. Uning birinchi mahsuloti “The BullyBox” ilovasi bo‘lib, u maktabdagi zo‘ravonlik holatlari haqida anonim xabar berish imkonini beradi.

Brandon yosh tadbirkorlarga shunday maslahat beradi: “Biznes xavf ekanini yodda tuting. Bunda o‘zingizga qulay bo‘lgan hududdan chiqish kerak bo‘ladi. Bu sizga ko‘proq narsaga erishish va hayotingizni qurish imkonini beradi. Tadbirkorlik mohiyati shundan iborat”.

“Yoshlar – kelajagimiz” jamg’armasi sizlarni mohi Ramazon bilan qutlaydi

0

Aziz yurtdoshlar! Barchangizni kirib kelgan xayr-baraka, rahmat, mag‘firat, sahovat oyi bo‘lgan muqaddas Ramazon bilan muborakbod etaman!

Bu oy – chinakam Islom oyi, iymon oyi, Qur’on oyi, sabr oyi, ibodat oyidir.

Ramazon oyida mo‘min-musulmonlar orasidagi mehr-oqibat, ahillik, birodarlik, bag‘rikenglik tuyg‘ulari yanada mustahkamlanadi. Ana shunday iymon bayrami, Qur’on bayrami bo‘lmish bu fayzli oy barchamizga muborak bo‘lsin, azizlar!

Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin, Yaratgan xalqimizni o‘z panohida asrasin! Alloh taolo tutayotgan ro‘zalarimiz va qilayotgan ibodatlarimizni qabul qilsin!

Bu muborak oyni sabrsizlik bilan kutgan qalbi pok, iymon-e’tiqodi mustahkam xalqimiz ro‘za amallarini to‘la–to‘kis ado etishini tilab qolaman.

“Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi ijro etuvchi direktori Sattarov Xayrulla Fayzullayevich