Matbuot xizmatiYangiliklarTashqi savdo faoliyati ishtirokchilarini qo‘llab- quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida

Tashqi savdo faoliyati ishtirokchilarini qo‘llab- quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi PF–60-son Farmoniga muvofiq, tashqi savdoni tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirish, mahalliy tadbirkorlik sub’ektlarining eksport faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish choralarini yanada kuchaytirish orqali yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar eksportini kengaytirish maqsadida:

1. Belgilansinki, 2022-yil 1-apreldan boshlab:

a) 2023-yil 1-aprelga qadar:

mahalliy korxonalar (ularning vakolatli vakillari)ga Yevropa Ittifoqi davlatlariga yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarni eksport qilishda tashish xarajatlarini 70 foizgacha miqdorda kompensatsiya qilishga subsidiyalar taqdim etiladi;

qo‘shni davlatlarga eksport qilingan yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlarni eksport qilishda tashish xarajatlarini 50 foizgacha miqdorda kompensatsiya qilishga subsidiyalar taqdim etiladi;

b) muvofiqlikni baholash organlarini xalqaro ILAC/IAF tashkilotlari a’zosi hisoblangan akkreditatsiya idorasi tomonidan akkreditatsiyadan o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan qoplab beriladi;

v) tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan tovarlar (maxsus turdagi tovarlardan tashqari), ishlar va xizmatlar eksportini shartnoma tuzmasdan hisobvaraq-fakturalar (invoyslar) asosida amalga oshirishda talab etiladigan oldindan to‘lov miqdori 100 foizdan 50 foizga kamaytiriladi.

2. Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi (S.Umurzakov) (keyingi o‘rinlarda – Hukumat komissiyasi):

ikki hafta muddatda eksport qilishda tashish xarajatlarini kompensatsiya qilishga subsidiyalar taqdim etiladigan yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ro‘yxatini tasdiqlasin va uning Eksport qiluvchilarni qo‘llab-quvvatlashning yagona portalida (www.exportportali.uz) e’lon qilib borilishini ta’minlasin;

Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘larining maqsadli va samarali sarflanishi ustidan doimiy nazorat o‘rnatsin.

3. Moliya vazirligi Eksportni rag‘batlantirish agentligining buyurtmanomalariga binoan mazkur Farmonning 1-bandida nazarda tutilgan qo‘llab-quvvatlash choralarini amalga oshirish uchun zarur mablag‘larni respublika byudjetidan ajratib borsin.

4. Hukumat komissiyasiga mahalliy eksportchi korxonalarning murojaatlariga asosan eksportoldi va eksport bilan bog‘liq savdo operatsiyalarini moliyalashtirish uchun Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ajratilgan kreditlarni qaytarish muddatini yana olti oygacha uzaytirish vakolati berilsin.

Bunda, ushbu kreditlarni qaytarish muddatining o‘zgartirilishi Markaziy bank tomonidan kredit shartlari qayta ko‘rib chiqilgan aktivlar sifatida hisoblanmasligi belgilab qo‘yilsin.

5. “Bojxona ombori” rejimida olti oydan ko‘p bo‘lgan tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvida bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlarni qo‘llashni taqiqlovchi tartib bekor qilinsin.

6. Yoshlar tadbirkorligini yanada qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan, innovatsion texnologiyalarga asoslangan eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish faoliyatini rag‘batlantirish maqsadida Hukumat komissiyasining qaroriga asosan Yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ularga 500 ming AQSH dollarigacha kreditlar ajratishga ruxsat berilsin.

7. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga 2023-yil 1-yanvarga qadar Hukumat komissiyasi xulosasi asosida O‘zbekiston Respublikasi tashqi savdo operatsiyalarini tartibga solishning vaqtinchalik mexanizmlarini joriy qilish vakolati berilsin.

Bunda, tayyor mahsulotlar eksportini rag‘batlantirish, shuningdek, import shartnomalari qiymatlarini sun’iy ravishda oshirish, ichki bozorga sifatsiz mahsulotlar kirib kelishi va kontrabanda holatlarining oldini olish choralari nazarda tutilsin.

8. “O‘ztreyd” va “O‘zsanoateksport” aksiyadorlik jamiyatlariga tashqi savdo kompaniyalarini aylanma mablag‘lar bilan ta’minlash maqsadida Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan 10 million AQSH dollar mablag‘ ajratilsin.

Belgilansinki, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni rag‘batlantirish agentligi “O‘ztreyd” va “O‘zsanoateksport” aksiyadorlik jamiyatlarining ustav kapitallaridagi (jamg‘armalaridagi) davlat aksiyalari (ulushlari) paketlari bo‘yicha aksiyador huquqini amalga oshiradi.

9. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bir hafta muddatda Eksportni rag‘batlantirish agentligiga “O‘ztreyd” va “O‘zsanoateksport” aksiyadorlik jamiyatlarining ustav kapitallaridagi (jamg‘armalaridagi) davlat aksiyalari (ulushlari) o‘tkazilishini ta’minlasin.

10.  O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritilsin.

11. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

12. Mazkur Farmon ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari A.B.Voitov belgilansin.

Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.U.Umurzakov zimmasiga yuklansin.

       O‘zbekiston Respublikasi

                   Prezidenti                                                      Sh.MIRZIYOEV

Toshkent shahri, 2022-yil 6-aprel

Bo‘limlar

So'nggi yangiliklar

O‘zbekistonda yuzdan ortiq tadbirkor “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi

O‘zbekiston prezidenti farmoyishi bilan bir guruh tadbirkorlar “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Hujjatda qayd etilishicha, ular milliy iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish, mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash,...

O‘zbekistondagi barcha oliygohlarda karyera markazlari majburiy bo‘lishi mumkin

O‘zbekistonda mulkchilik shaklidan qat’i nazar, 2027-yil 1-yanvardan boshlab barcha oliygohlarda karyera markazlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Bu haqda Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tomonidan...

O‘zbekistonlik o‘quvchilar 2026-yilda xalqaro fan olimpiadalarida 220 ta medal qo‘lga kiritdi

2026-yil boshidan buyon o‘zbekistonlik o‘quvchilari xalqaro fan olimpiadalarida jami 220 ta medalni qo‘lga kiritdi. Shundan 35 tasi oltin, 81 tasi kumush va 104 tasi bronza...

Oʻzbekistonga oʻqish maqsadida kelgan xorijliklar soni 2,2 barobarga oshdi

2026-yil yanvar-iyun oylarida 21 042 nafar chet el fuqarolari oʻqish maqsadida Oʻzbekistonga keldi. Bu haqda Statistika qoʻmitasi maʼlumot berdi. Tahlil qilinishicha, yarim yil ichida xorijlik talabalar...

Oʻzbekistonda sunʼiy intellekt xizmatlari hajmini 1,5 mlrd dollarga yetkazish rejalashtirilmoqda

Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistonda sunʼiy intellekt ekotizimini rivojlantirish boʻyicha erishilgan natijalar va istiqboldagi ustuvor vazifalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident axborot agentligi axborot...

O‘zbekistonda chorvachilik sohasida subsidiyalar ajratiladi

“Chorvachilik tarmog‘i loyihalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi. Qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-sentyabrdan 2030-yil 1-yanvarga qadar Agrar sohada to‘lovlar agentligi tomonidan davlat byudjeti...