Bosh sahifa Blog Sahifa 175

Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida favqulodda holatning amal qilishini tugatish to‘g‘risida

0

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining favqulodda holatning amal qilishini muddatidan avval tugatish to‘g‘risidagi murojaatini hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida jamoat tartibi tiklanganligini va ko‘rilgan choralar natijasida fuqarolarning xavfsizligi, ularning huquq va erkinliklari himoyasi ta’minlanganligini inobatga olib, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining “Favqulodda holat to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonunining 11-moddasiga muvofiq:

1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-iyuldagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida favqulodda holat joriy etish to‘g‘risida”gi PF‒164-son Farmoni bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida joriy etilgan favqulodda holatning amal qilishi 2022-yil 21-iyul kuni soat 05:00 dan boshlab muddatidan avval tugatilsin.

2. Mazkur Farmon 2022-yil 21-iyul kuni soat 05:00 dan e’tiboran kuchga kiradi va ommaviy axborot vositalarida darhol e’lon qilinishi shart.

3. Mazkur Farmon O‘zbekiston Respublikasining Oliy Majlisi palatalariga tasdiqlash uchun yuborilsin.

4. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V.Maxmudov zimmasiga yuklansin.

 

                                O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                    Sh.MIRZIYOEV

 

Toshkent shahri,

2022-yil 20-iyul

O‘zbekistonda oilaviy bog‘chalarga 3 yoshga to‘lmagan bolalarni ham qabul qilishga ruxsat beriladi

0

“Maktabgacha ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi, deb xabar bermoqda Adliya vazirligi matbuot xizmati.

Qarorga muvofiq, 2022-yil 1-sentabrdan:

oilaviy nodavlat bog‘chalarda:

  • qatnayotgan ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalar farzandlari va maxsus kontingentlar soni tarbiyalanuvchilar sonining 70 foizidan kam bo‘lganda, yetmagan qismiga boshqa oilalarning bolalarini qabul qilishga ruxsat etiladi;
  • tarbiyachi va tarbiyachi-yordamchi lavozimlari uchun 4,5 tagacha shtat birligini ajratishga ruxsat etiladi;
  • tarbiyachi va tarbiyachi-yordamchilarga budjetdan ish haqini qoplash uchun subsidiya to‘g‘ridan to‘g‘ri ushbu xodimlarning plastik kartasiga o‘tkazib beriladi.

davlat-xususiy sheriklik asosida faoliyat yuritayotgan bog‘chalarda, oilaviy bog‘chalarda:

  • budjetdan to‘lanadigan subsidiya va kompensatsiyalarni hisoblashda 3 yosh va undan katta yoshdagi, lekin 7 yil 8 oydan katta bo‘lmagan yoshdagi tarbiyalanuvchilar hisobga olinadi;
  • ota-onalar to‘lovi miqdorini mustaqil ravishda belgilab 3 yoshga to‘lmagan bolalarni ham qabul qilishga ruxsat etiladi;
  • tabiiy gaz uchun kompensatsiya markazlashgan tabiiy gaz ta’minoti bo‘lmagan, lekin isitishning boshqa turlaridan foydalanayotgan DXSH asosidagi va nodavlat bog‘chalarga ham to‘lanadi.

O‘zbekistonda o‘qishni “perevod” qilish bo‘yicha arizalar qabul qilish boshlandi

0

O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri 2022/2023-o‘quv yili uchun talabalar o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha arizalar qabul qilish boshlanganini e’lon qildi.

Ma’lum qilinishicha, respublika oliy ta’lim muassasalariga talabalar o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash bo‘yicha arizalar quyidagi elektron tizimlar orqali qabul qilinadi:

transfer.edu.uz — respublikaning bir OTMdan boshqa OTMga yoki bir OTM doirasida;
my.dtm.uz — xorijiy va nodavlat oliy ta’lim muassasalaridan.
Qabul 2022-yil 15-iyuldan 5-avgustgacha (shu kuni ham) davom etadi.
Kerakli hujjatlar:

ariza (onlayn tarzda)
transkript yoki reyting daftarchasi (JPG yoki PDF shakli)
akademik ma’lumotnoma (o‘qishni tiklovchilar uchun).
Eslatib o‘tamiz, 2022-yildan boshlab faqat 2 toifadagi talabalar (turmush qursa yoki davlat xizmatchisining ishi boshqa joyga o‘tganda)ga ichki “perevod” uchun o‘qishini ko‘chirishga ruxsat beriladi.
Vazirlik xabarida ta’kidlanishicha, xorijdan o‘qishni ko‘chirish bilan bog‘liq noqonuniy holatlarning oldini olish maqsadida testlar yakuniga yetgach, hujjatlar qayta tekshiriladi. Agarda ushbu jarayonda soxta hujjatlar aniqlangan, oliy ta’lim muassasasida qarzdorliklar mavjud bo‘lsa, talaba o‘tish balidan yuqori ball to‘plagan taqdirda ham unga o‘qishni ko‘chirishga ruxsat etilmaydi.

O‘zbekiston xalqiga Qurbon hayiti tabrigi

0

Muhtaram vatandoshlar!

Mana shu fayzli damlarda Yer yuzidagi jami musulmon ummati qatori qalbi shukuhga to‘lib turgan siz, azizlarni – nuroniy otaxon va onaxonlarimizni, qadrli aka-uka va opa-singillarimizni, navqiron yoshlarimizni, iymon-e’tiqodli xalqimizni ulug‘ ayyom – Qurbon hayiti bilan chin qalbimdan samimiy tabriklab, eng ezgu tilaklarimni bildiraman.

Ushbu saodatli onlarda hammamiz avvalo Iyd al-adho bayramiga el-yurtimiz bilan birgalikda tinchlik-omonlik va sihat-salomatlikda yetkazgani uchun Yaratganga cheksiz shukronalar aytishimiz tabiiydir.

Barchamizga ayonki, islom dini avvalo tinchlik, ezgulik va insoniylik dinidir.

Muqaddas Qur’oni karimning yuzdan ortiq oyatlarida tinchlikka chaqirilgan, xususan, “Baqara” surasida: “Ey, imon keltirganlar! Yoppasiga tinchlik ishiga kirishingiz!” – deya marhamat qilingan.

Hozirgi g‘oyat murakkab va tahlikali zamonda tinchlik va osoyishtalikning qadriga yetish, uni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash va mustahkamlashdek o‘tkir talablar yurtimizda yashayotgan har bir mo‘min-musulmon, har bir inson uchun har qachongidan ham dolzarb bo‘lib turibdi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Ishonamanki, bu ezgu va muqaddas vazifa O‘zbekistonda yashayotgan har bir fuqaroning qalb da’vati va insoniy burchiga aylanib, mustaqilligimizni mustahkamlash, xalqimizning tinch, erkin va farovon hayotini, farzandlarimizning yorug‘ kelajagini ta’minlash yo‘lida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

 

Hurmatli do‘stlar!

Alloh taolo tomonidan aziz va mukarram qilib yaratilgan insonni, uning sha’ni, qadr-qimmati va hurmatini ulug‘lash kabi muqaddas tushunchalarni o‘zida aks ettirgan ushbu bayram yurtimizda inson qadrini yuksaltirish, xalqimizni hayotdan rozi qilish borasida olib borayotgan keng ko‘lamli islohotlarimizning ma’no-mazmuniga har tomonlama uyg‘un va hamohang ekani bilan ham ayniqsa e’tiborlidir.

Keyingi yillarda mamlakatimizda milliy-diniy qadriyatlarimizni tiklash va rivojlantirishga har tomonlama e’tibor qaratilmoqda. Tabarruk ziyoratgoh va qadamjolar, ko‘hna masjid va madrasalarni obod qilish, buyuk ajdodlarimizning bebaho ma’naviy-ma’rifiy merosini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etish borasida olib borayotgan ishlarimiz xalqimiz va dunyo jamoatchiligi tomonidan e’tirof etilayotgani barchangizga yaxshi ma’lum.

Ayniqsa, fuqarolarimizning diniy e’tiqod borasidagi huquq va erkinliklari to‘la ta’minlanib, mo‘min-musulmonlarimiz ibodat amallarini emin-erkin bajarmoqdalar.

Bu haqda so‘z yuritganda, ikki yillik koronavirus pandemiyasi cheklovlaridan so‘ng bu yil 12 ming vatandoshimiz muqaddas haj amallarini bajarish imkoniga ega bo‘lgani, keyingi 6 oyda 40 mingga yaqin yurtdoshimiz umra ziyoratini ado etganini ta’kidlash lozim.

So‘nggi yillarda shakllangan ezgu an’anamizga muvofiq, Qurbon hayiti munosabati bilan e’lon qilingan dam olish kunlari yurtdoshlarimizga bu ayyomni o‘z oilasi va yaqinlari bag‘rida yanada mazmunli o‘tkazish, go‘zal va betakror yurtimiz bo‘ylab ko‘ngilli sayohatlarni amalga oshirish uchun qulaylik yaratadi.

Biz tabarruk dinimiz va o‘lmas qadriyatlarimiz, o‘zaro hurmat, mehr-muruvvat, saxovat va hamjihatlik, sabru qanoat va shukronalik singari ulug‘ fazilatlarni mustahkamlab kelayotgan muborak Qurbon hayitining barhayot an’analari asrlar osha insonlarni, turli xalqlar va elatlarni birlashtiruvchi beqiyos ma’naviy kuch bo‘lib xizmat qilayotganidan faxrlanamiz.

Fursatdan foydalanib, dunyoning olis va yaqin mamlakatlarida yashayotgan musulmon do‘st va birodarlarimizni, xorijiy hamkorlarimizni ushbu mo‘’tabar ayyom bilan qutlab, ularga bardavom tinchlik, ravnaq va farovonlik tilaymiz.

 

Aziz yurtdoshlar!

Barchangizni muqaddas Qurbon hayiti bayrami bilan yana bir bor tabriklayman.

El-yurtimizning bu muborak oyda qilgan ibodatlari, ezgu niyatlari ijobat bo‘lsin!

Alloh taolo go‘zal diyorimizni, olijanob va bag‘rikeng xalqimizni hamisha o‘z panohida asrasin!

Aziz Vatanimizda tinchlik va barqarorlik hamisha bardavom bo‘lsin!

Ezgu ishlarimiz, intilishlarimizda Yaratganning O‘zi doimo madadkor bo‘lsin!

 

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Nafosat Tojiboyeva: «Xatolarning badali yengil bo’lmaydi!»

0

Qimmatga Tushgan Xatolar koʻrsatuvining navbatdagi soni mehmoni: Nafosat Tojiboyeva – MPA kreativ media agentligi asoschisi

Koʻrsatuv davomida: Nafosat Tojiboyevaning hayoti davomida muvaffaqiyatsizlikka uchragan bizneslari, qimmatga tushgan xatolari, mana shu mag’lubiyatning sabablari va bu sinovlardan olgan darslari haqida bilib olishingiz mumkin.

 

Moliyaviy piramida qurbonlari bilmagan haqiqatlar

0

Kichik sarmoya kiritish evaziga katta daromad va ko‘p foyda olishingiz mumkin deb e’tiboringizni jalb qilishayotgan bo‘lsa, bilingki bu moliyaviy piramidadir.

“Ko‘proq foyda olaman” deb firibgarlar tuzog‘iga tushib qolmang!

Moliyaviy piramida o‘zi nima?

Omonatlardan yuqori foiz olishni va’da berish evaziga aholidan pul olishning firibgarlik sxemasi moliyaviy piramida deyiladi. Moliyaviy piramida noqonuniy investitsiya tizimi bo‘lib, unda investorlar yangi investorlarning badallaridan daromad oladilar. Aslida oddiy odam uchun bu xuddi foydali investitsiyaday ko‘rinadi. Pullar doimiy yangi ishtirokchilarni jalb qilish evaziga beriladi. Ishtirokchilar pul tikishidan tashqari loyihaga yangi a’zolar qo‘shadi – piramida ham o‘sib boraveradi.

Hamma firibgarlar o‘z faoliyatini moliyaviy piramida, deb aytavermaydi. Ko‘pincha ular o‘zini investitsion korxona sifatida ko‘rsatadi. Yorqin va e’tiborni tortadigan nomlar bilan paydo bo‘ladi: istiqbolli biznes, yuqori texnologiyali kompaniya, innovatsion loyiha…

Moliyaviy piramida asoschilari aksiya va obligatsiyalar, kriptovalyuta va ko‘chmas mulk sotib olishni taklif qiladi. Pullarni katta, foydali qurilish va qishloq xo‘jaligiga, oltin qazib olish yoki IT-startaplariga sarmoya sifatida kiritilishiga va’da beradi.

Bugungi kunda piramidalar ko‘proq internet loyiha ko‘rinishida amalga oshirilmoqda. Lekin onlayn reklamalarda faollik qilib, potensial investorlar bilan shaxsiy muloqotni uyushtirayotgan “biznesmenlar” ham mavjud.

Piramida quruvchilari ijtimoiy tarmoqlardagi tematik guruhlarda yorqin reklama, shahar markazidan chiroyli va qulay ofislarga taklif qilishi bilan yangi a’zolarni jalb etadi.
Ko‘pchilik shunday yolg‘on va’dalarga uchib, qarshisida haqiqiy kompaniyami yoki moliyaviy “pufak”mi – farqlay olmaydi.

Moliyaviy piramidani quyidagi belgilar orqali aniqlash mumkin:

Kompaniya fuqarolardan pul jamg‘aruvchi faoliyat bilan shug‘ullanishi haqida bank litsenziyasiga ega bo‘lmaydi.

Bunday kompaniyalar odatda ularning faoliyati litsenziya talab qilmasligi, ular “maxsus” faoliyat bilan shug‘ullanishini ta’kidlaydi.

Aslida esa qonun bilan tartibga solinishi kerak bo‘lgan faoliyat turi bilan shug‘ullanadi. Shuning uchun agar kompaniyaning bank yoki Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlangan litsenziyasi mavjud bo‘lmasa – bu haqda jiddiy o‘ylab ko‘rish kerak.

Hech qanday zararlarsiz (xavfsiz) katta foyda va’da qiladi.

Tashkilot faol reklama qilinadi va bozor darajasidan ancha baland daromad va’da qilinadi.

Shu bilan birga, daromadni hisoblash sistemasi juda murakkab va tushunarsiz bo‘ladi. Hisoblashda adashtirib yuborish uchun qiyindan qiyin, uzoq formulalar beriladi. Xavf yo‘qligiga ishontiriladi.

Shuningdek, yangi mijozlar olib kelish sharti qo‘yiladi.

Jalb qilingan har bir yangi omonatchi hisobidan foyda undirib berilishi va’da qilinadi. Shunday qilib, firibgarlar imkon qadar ko‘proq odamni bu noqonuniy ishga jalb qilishga, ulardan ko‘proq pul yig‘ishga va oxir-oqibatda qochib ketishga harakat qiladi.

Tizimning shaffof emasligi.

Kiritilgan investitsiyalar tasdiqlanmaydi va pullar aynan qayerga ketishini bilishning imkoni bo‘lmaydi.

Mijozga faqat chiroyli taqdimotlar ko‘rsatiladi, moliyaviy hujjatlar esa ko‘rishga berilmaydi, chunki hujjatlarning o‘zi bo‘lmaydi ham. Pullarni kompaniya bilan tuzilgan shartnomada ko‘rsatilgan rekvizitlar orqali emas, boshqa yuridik shaxs hisobiga, jismoniy shaxsning bank kartasiga, telefon raqamiga yoki elektron hamyonga o‘tkazish so‘raladi.

Yoki naqd pul ko‘rinishida to‘lash so‘raladi va to‘lov haqida chek ham, tushumni tasdiqlovchi hujjat ham berilmaydi. Natijada esa investor investitsiya kiritganini hech qanday yo‘l bilan isbotlay olmaydi.

Kompaniya saytida aloqa uchun hech qanday ma’lumot bo‘lmaydi.

Kompaniya saytida telefon raqami, e-mail, pochta manzili ko‘rsatilmaydi. Mijoz faqat chatlar yoki messenjerlar orqali operatorlar bilan bog‘lanishi mumkin yoki qayta aloqaga chiqish uchun buyurtma qoldirishi mumkin.

Kompaniya haqida boshqa qo‘shimcha ma’lumotlar bo‘lmaydi. O‘zining kontakt-ma’lumotlarini faqat firibgarlargina yashiradi. Muammo yuzaga kelganida esa na jabrlanuvchi, na militsiya xodimlari ularni topa oladi.

Shu belgilardan bittasiga bo‘lsa ham duch kelinsa, ro‘parada kim turgani haqida jiddiy o‘ylab ko‘rish zarur.

Yuqorida eng ommalashgan sxemalarnigina keltirdik. Ammo vaqt o‘tgan sayin piramida uslublari ham o‘zgarib, ko‘payib bormoqda.