Bosh sahifa Blog Sahifa 17

Qishki o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha arizalar qabuli boshlandi

0

Arizalar 20-yanvargacha onlayn qabul qilinadi hamda talabalar o‘qishini ikkita sabab bilan ko‘chirishi mumkin.

Qishki o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha arizalar qabuli boshlandi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Hukumat qarori (VM-578-son) bilan tasdiqlangan nizomga muvofiq, bahorgi semestr uchun oliy ta’lim tashkilotlari talabalari o‘qishini ko‘chirish (qayta tiklash) bo‘yicha arizalarni qabul qilish muddatiga o‘zgartirish kiritilgan.

Unga ko‘ra, ariza topshirish muddati har yili 10-yanvardan 20-yanvargacha (shu kuni ham) amalga oshiriladi.

Quyidagi ikkitta uzrli sababga ko‘ra mamlakatning bir OTMdan ikkinchisiga o‘qishni ko‘chirish yoki tiklash mumkin:
  • talaba oila qurishi sabab, turmush o‘rtog‘i doimiy yashaydigan hududdagi OTMga o‘qishini ko‘chirishida;
  • davlat organlarining xodimlari ish joyi o‘zgargan taqdirda uning turmush o‘rtog‘i yoki voyaga yetmagan farzandi o‘qishini ko‘chirish uchun murojaat qilganda, tegishli vazirlik (idora) rahbarining tavsiyasi asosida.
  • Arizalar Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining transfer.edu.uz yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uz orqali onlayn qabul qilinadi.

Quyidagi hujjatlar talab etiladi:

  • akademik ma’lumotnoma yoki transkript nusxasi;
  • o‘qishni ko‘chirish sabablarini tasdiqlovchi hujjatlar.

Vazirlik bahorgi semestr oldidan bir oliy ta’lim tashkilotidan boshqasiga “o‘qishni ko‘chirib tiklash” bo‘yicha arizalar qabul qilinmasligini eslatdi.

Ariza topshirish jarayonida kiritilayotgan ma’lumotlar va yuklanadigan hujjatlarni yuborishdan oldin diqqat bilan tekshirib chiqish so‘raladi. Ariza yuborilgach, uni tahrirlash imkoni mavjud emas.

Arizalar belgilangan tartibda oliy ta’lim tashkilotlari, tegishli vazirlik va idoralar tomonidan 21-yanvardan 10-fevralgacha ko‘rib chiqiladi va natijasi yuzasidan talabgorlarga ma’lum qilinadi.

Oilaviy biznes uchun imtiyozli kredit maksimal miqdori 50 mln so‘mga yetkaziladi

0

2026-yilda O‘zbekistonda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish uchun 140 trillion so‘m kredit mablag‘lari ajratish rejalashtirilgan. Bu haqda 23-yanvar kungi yig‘ilishda prezident Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi.

“Hozir banklar taklif qilayotgan kreditlar barcha tuman va shaharlar uchun bir xil. Endi o‘zingiz ayting, Olmazor bilan Bo‘zatovdagi imkoniyat va sharoitni taqqoslab bo‘ladimi? Lekin oilaviy tadbirkorlik uchun ikkala tumanga bir xil, 17,5 foizli kredit ajratilyapti. Endi 37 ta „og‘ir“ tumanda ushbu dastur doirasida kreditlar 12 foizdan beriladi”, — dedi prezident.

Barcha tumanlarda oilaviy biznes uchun imtiyozli kreditning maksimal miqdori 1,5 baravarga oshirilib, 50 million so‘mga yetkaziladi. Bunda:

  • import qilingan va sertifikatli naslli chorva uchun 100 million so‘mgacha mablag‘ olish mumkin;
  • uy mehmonxonalari, kichik hajmli muzlatgich, mahsulotlarni saqlash va qayta ishlash mini texnologiyasi uchun 150 million so‘mgacha garovsiz kredit mavjud.

Chegara va anklav hududda joylashgan 562 ta mahalladagi tadbirkorlik loyihalarining kredit miqdori 1 milliard so‘mgacha oshiriladi.

Buning uchun joriy yilda oilaviy tadbirkorlik dasturlariga reja qilingan 3,6 trillion so‘mga qo‘shimcha yana 2 trillion so‘m resurs yo‘naltirilishi belgilandi.

Bundan tashqari, mahallalar ixtisoslashuvini chuqurlashtirish uchun bu yil banklar 17 trillion so‘mlik kredit ajratadi. Bu jarayonda mahsulot yetishtirishga olingan kreditning 4 foizi, uni qayta ishlash loyihasida esa 6 foizi qoplab beriladi.

Yosiro Nakamatsu: “Men o‘zimda Stiv Jobs va Leonardo da Vinchining sifatlarini uyg‘unlashtirganman”

0

“Men o‘zimda Stiv Jobs va Leonardo da Vinchining sifatlarini uyg‘unlashtirganman”, — deydi Yosiro Nakamatsu.

Yaponiyalik ixtirochi va investor Yosiro Nakamatsutarixda eng ko‘p patent olgan insonlardan biri hisoblanadi. U disketa, unitaz o‘rindig‘i uchun maxsus filtr, hatto o‘zini himoya qilish uchun mo‘ljallangan parik kabi noodatiy buyumlarni ixtiro qilgan. Bu esa uning 3357 ta ixtirosidan faqat bir nechtasi xolos.

Nakamatsuning aytishicha, u eng yaxshi g‘oyalarini suv ostida suzish paytida o‘ylab topadi. U fikrlarini yozib olish uchun maxsus suv o‘tkazmaydigan qurilmadan foydalanadi. “The Legend of Dr. NakaMats Inventions” nomli kitobida u kislorod yetishmasligi unga ilhom va kutilmagan g‘oyalar berishini yozgan.

O‘zbekistonda pirotexnika buyumlari muomalasi qonun bilan tartibga solindi

0

Mamlakatda faqat xlopushka, bengal mayoqchalari hamda stol fontanlaridan foydalanish va sotishga ruxsat beriladi.

13-yanvar kuni prezident pirotexnika buyumlarining muomalasi to‘g‘risidagi qonunni (O‘RQ-1111-son) imzoladi.

Hujjatga ko‘ra, pirotexnik tarkibning yonishi (portlashi) yordamida optik, akustik, elektr va boshqa vizual effektlarni hosil qilish uchun mo‘ljallangan qurilmalar pirotexnika buyumlaridir.

Pirotexnika buyumlari ularning xavflilik zonasi, shu jumladan atrofdagi fazoning zararlanish darajasidan kelib chiqib, xavflilikning I-V sinflariga bo‘linadi.

Xususan, O‘zbekistonda xavflilikning birinchi sinfiga kiruvchi pirotexnika buyumlarini jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan ishlab chiqarish, tayyorlash, mamlakatga olib kirish, tashish, o‘tkazish, sotib olish, saqlash va ulardan foydalanishga ruxsat beriladi.

Xavflilikning II-V sinflariga kiruvchi pirotexnika buyumlarining muomalasi esa taqiqlanadi. Biroq, ularni davlat ishtirokidagi mudofaa sanoati korxonalari tomonidan ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish va o‘tkazishga ruxsat beriladi. Shuningdek, xavflilikning III-V sinflariga kiruvchi pirotexnika buyumlaridan ommaviy tadbirlardagi mushakbozliklar uchun foydalanish mumkin.

Senatning 2025-yil noyabrida o‘tkazilgan o‘n birinchi yalpi majlisida ushbu qonun maʼqullangandi.

Unda xavflilikning I toifasiga kiruvchi pirotexnika vositalari sifatida bengal mayoqchalari, stol fontanlari, xlopushka kabi xavfli hudud radiusi 0,5 metrdan oshmaydigan buyumlar ekanligi aytilgan edi.

Xavflilikning II toifasiga petardalar, ochiq maydonlarda foydalanishga mo‘ljallangan pirotexnik fontanlar kabi xavfli hudud radiusi 5 metrgacha bo‘lgan pirotexnika buyumlari kiradi. Bundan tashqari:

  • xavflilikning III toifasiga — xavfli hudud radiusi 20 metrdan oshmaydigan pirotexnik sharlar, mushakbozlik batareyalari kabi qurilmalar;
  • xavflilikning IV toifasiga — xavfli hudud radiusi 20 metrdan yuqori bo‘lgan park feyerverklari, balandlikda foydalaniladigan feyerverklar va boshqalar;
  • xavflilikning V toifasiga kiruvchi pirotexnika buyumlari gidrometeorologik, qutqaruv va boshqa maxsus maqsadlarga mo‘ljallangan buyumlar, jumladan, raketalar, signal mash‘allari, temir yo‘l petardalari kiradi.

Pirotexnika buyumlarining muomalasi ustidan davlat nazorati Milliy gvardiya, ichki ishlar va bojxona organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan 3 oy o‘tgach — 14-apreldan boshlab kuchga kiradi.

2026-yilda O‘zbekneftgazga geologiya-qidiruv ishlari uchun 30 ta hudud beriladi

0

Yaqin kunlarda neft-gaz sohasini transformatsiya qilishni nazarda tutuvchi prezident qarori loyihasi tayyorlanadi.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev O‘zbekneftgaz kompaniyasi faoliyatining kelgusidagi vazifalari va rejalari yuzasidan taqdimot bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.

Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri o‘rinbosari O‘rol Yusupov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida yig‘ilishda geologiya-qidiruv ishlari hajmini oshirish va yangi konlarni o‘zlashtirish masalalari muhokama qilinganini qayd etdi. Jumladan, energiya resurslari ishlab chiqarishni ko‘paytirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi.

“Mamlakatimiz hududidagi istiqbolli maydonlarda 2026-yildan boshlab geologiya-qidiruv ishlarini jadallashtirish evaziga kamida 30 ta shunday hududni O‘zbekneftgaz ixtiyoriga berish bo‘yicha aniq topshiriqlar belgilab berildi”, — dedi u.

Buning uchun Geologiya vazirligi 2D va 3D seysmik modellashtirish hajmini tezlashtirib, O‘zbekgeofizika’ning moddiy-texnik bazasini kengaytiradi hamda geologiya-qidiruv ishlarini ko‘paytirish uchun innovatsion texnologiyalarni joriy etadi.

Iqtisodiyot va moliya vazirining neft-gaz sohasiga mas’ul o‘rinbosari Xurshed Mustafoyevning ma’lum qilishicha, tadbirda geologiya-qidiruv ishlarini rivojlantirish, O‘zbekneftgaz’ning moliyaviy holatini yaxshilash, foydasini oshirish va mahsulot tannarxini pasaytirish masalalari ko‘rib chiqilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, uch kun muddatda prezidentning tegishli qarori loyihasi tayyorlanadi, unda belgilangan vazifalar doirasidagi maqsadli ko‘rsatkichlar aks ettiriladi.

O‘zbekneftgaz boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginovning ma’lum qilishicha, prezident tabiiy gaz zaxirasini oshirish, qazib olish hajmini ko‘paytirish orqali mavjud quvvatlarni to‘liq ishga solish bo‘yicha topshiriqlar bergan. Buning uchun neft-gaz sohasini chuqur transformatsiya qilish, sohani raqamlashtirish va kompaniyaning moliyaviy holatini sog‘lomlashtirish hamda xarajatlarni qisqartirish rejalashtirilgan.

O‘zbekistonda hududlararo aviaqatnovlar 2030-yilgacha 2,5 baravarga oshiriladi

0

Keyingi besh yil ichida Toshkentni chetlab o‘tuvchi hududlararo parvozlar soni 1560 taga yetkaziladi, mamlakat bo‘yicha aviaqatnovlar esa 200 mingtagacha oshiriladi.

O‘zbekistonda hududlararo aviaqatnovlar soni 1500 dan ortiqqa oshiriladi. Bu haqda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan yangilangan “O‘zbekiston-2030” strategiyasi loyihasida ma’lum qilindi.

Unga ko‘ra, keyingi besh yilda Toshkent shahri bilan bog‘lanmagan hududiy aviaqatnovlar sonini 2,5 baravarga oshirish rejalashtirilmoqda: 2026-yilda 624 taga, 2027-yilda — 728 ta, 2028-yilda — 936 ta hamda 2029-yilda 1144 taga yetkaziladi. 2030-yilga borib esa bu 1560 tani tashkil etadi.

Shu bilan birga, mamlakatda aviqatnovlarning umumiy sonini 200 mingtagacha, jumladan hududlar o‘rtasida 41 mingtagacha yetkazish ko‘zda tutilmoqda.

Rejaga ko‘ra, parvozlar hajmi yilma-yil oshirib boriladi: 2029-yilda jami aviaqatnovlar 2026-yildagi 140 mingtadan 185 mingtaga, hududlararo parvozlar esa 37 mingtadan 40 mingtaga yetadi. Kelasi yil O‘zbekiston ko‘zlangan maqsadga yetmoqchi.

Bundan tashqari, kelgusi besh yilda havo transportida xizmat ko‘rsatilgan yo‘lovchilar soni 50% ga oshiriladi: 2026-yilda — 16 mln, 2027-yil — 18 mln, 2028-yil — 20 mln, 2029-yil — 22 mln hamda 2030-yil — 24 mln.

Shuningdek, xususiy aviakompaniyalar sonini 15 taga, mamlakat aviaparkidagi havo kemalari sonini 180 taga yetkazish belgilanmoqda.

2025-yilning dekabr oyida Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida 2026-yilda aviaparkdagi havo kemalarining soni 120 taga yetkazilishini ma’lum qildi.

Mahalliy aviaqatnovlarni oshirish uchun subsidiyalashning yangi tizimi joriy etiladi. Endi narxidan qat‘i nazar, sotilgan har bir chipta uchun aniq miqdorda subsidiya ajratiladi. Bu chipta narxini pasaytirish va talabni oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, yangi samolyotlar uchun uchuvchilar, ularga texnik xizmat ko‘rsatuvchilar, aeroportlar uchun servis va boshqaruv sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlash maqsadida Fuqaro aviatsiyasi universiteti tashkil etiladi.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning yanvar-sentabr oylarida havo transporti orqali qariyb 6,5 mln nafar yo‘lovchi tashilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 26,2% ga (1,3 mln). Kuniga o‘rtacha 23,7 ming nafar yo‘lovchi tashilgan.