Bosh sahifa Blog Sahifa 18

Jismoniy tarbiya va sport sohasidagi ustuvor vazifalar belgilandi

0

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida jismoniy tarbiya va sport sohasini yangi bosqichga olib chiqish, aholini ommaviy sportga keng jalb etish, seleksiya va tayyorgarlik tizimini takomillashtirish masalalari yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Yigʻilish avvalida davlatimiz rahbari sport nafaqat musobaqa, balki sogʻlom turmush tarzi, intizom, vatanparvarlik va mamlakat nufuzini namoyon etadigan katta kuch ekanini taʼkidladi.

Qayd etilganidek, soʻnggi toʻqqiz yilda 1,5 mingdan ziyod mahallada 1 ming 774 ta zamonaviy sport maydonchasi barpo etildi. Hududlarda 200 dan ortiq yirik sport inshooti, 4 mingga yaqin xususiy sport klubi ish boshladi. Sport bilan professional shugʻullanuvchi yoshlar soni 2 karra oshdi, olimpiya terma jamoalari sportchilari 2 barobar, paralimpiya boʻyicha esa 3 barobar koʻpaydi.

Birgina oʻtgan yilda sportchilarimiz xalqaro musobaqalarda 452 ta oltin, 418 ta kumush va 501 ta bronza medalni qoʻlga kiritdi. Ularning 50 nafardan ziyodi jahon va Osiyo rekordlarini yangiladi.

Yigʻilishda sohada erishilayotgan yutuqlar bilan birga mavjud muammo va kamchiliklar ham chuqur tahlil qilindi.

Bugun olimpiada sport turlari boʻyicha faoliyat yuritayotgan 26 ta federatsiya rahbarlari va hokimlar joylardagi mavjud imkoniyatlarni toʻliq ishga solmagani tanqid qilindi. Xususan, 207 ta oliygoh, 15 ta olimpiya va paralimpiya markazi, 310 ta sport maktabi, 16 ta sport internatining imkoniyatlaridan samarali foydalanilganda, chempion tayyorlash va musobaqalarga litsenziya qoʻlga kiritish borasida natijalar yanada yuqori boʻlishi mumkinligi koʻrsatib oʻtildi.

Bu borada ijobiy tajribalar ham qayd etildi. Masalan, Zarbdor tumanida oʻtgan yili 23 ta mahalladagi 34 ming yosh ommaviy sportga jalb etilgan. Tumanda 3 ta yangi sport zali qurilib, stol tennisi, taekvondo va voleybolga ixtisoslashtirilgan. Tadbirkorlar bilan hamkorlikda 2 ta usti yopiq futbol maydoni va fitness klub tashkil qilingan. Natijada Zarbdor tumani ilk bor voleybol va stol tennisi boʻyicha joriy yilgi Oʻzbekiston chempionatiga mezbonlik qiladi.

Mutasaddilarga Zarbdor tajribasini oʻrganib, uni barcha hududlarda joriy qilish topshirildi.

Ayrim maktablarda toʻgaraklar faqat nomiga tashkil etilgani, shu bois, ularga 3-4 nafardangina bola qatnashib kelayotgani koʻrsatib oʻtildi. Jumladan, oʻtgan yili Jizzax, Qashqadaryo va Fargʻonadagi maktab oʻquvchilarining toʻrtdan biri jismoniy tayyorgarlik boʻyicha minimal talabni ham bajara olmagan.

Hokimlar oldiga har bir maktabda sport toʻgaraklari uchun zarur sharoit yaratish, qamrovni oshirish va bolalarni sportga keng jalb etish vazifasi qoʻyildi.

Bugun ayrim ixtisoslashgan sport maktablarining natijasi oddiy sport maktablaridan farq qilmay qolgan. Masalan, Termiz shahridagi 4 ta ixtisoslashgan maktabning natijasi Jarqoʻrgʻondagi bitta sport maktabichalik emas. Jarqoʻrgʻon sport maktabi oʻtgan yili Osiyo va jahon chempionatlarida 6 ta sovrin olgan boʻlsa, viloyatdagi 4 ta ixtisoslashgan maktabda jami 1 ta medal bor, xolos.

Shu munosabat bilan har bir ixtisoslashgan sport maktabi direktori, jamoasi va murabbiylarining ish uslubini oʻzgartirish, oʻsish nuqtalarini aniq belgilash, ularning oylik maoshini tarbiyalanuvchilar natijasiga bogʻlash zarurligi taʼkidlandi.

Qolaversa, yuqori natijaga erishgan sport maktablarini amaldagi ragʻbatlantirishdan tashqari yana 500 million soʻmdan alohida mukofotlash tizimi joriy etiladi.

Oliy taʼlim muassasalarida sportni rivojlantirish ishlari ham tanqidiy koʻrib chiqildi. Federatsiyalar bilan hamkorlik, iqtidorli talabalarga individual murabbiy biriktirish ishlari yetarli emasligi qayd etildi. Jizzax politexnika instituti, Toshkent tibbiyot universitetining Termiz filiali, Qarshi davlat texnika universiteti va Buxoro davlat universitetida talabalarning 70 foizi jismoniy normativlarni topshira olmagan. Bu esa mazkur oliygohlarda sport klublari yetarli darajada ishlamayotganini anglatadi.

Shu munosabat bilan 207 ta oliygoh rektorlariga Termiz davlat universitetining bu boradagi ijobiy tajribasini oʻrganish, sportni rivojlantirish boʻyicha bir yillik aniq reja ishlab chiqish topshirildi.

Yigʻilishda alohida sport turlari kesimida ham natijalar va muammolar tahlil qilindi. Xususan, oʻq otish bazasida zarur sharoitlar yaratilgani tufayli ushbu sport turida sezilarli natijalarga erishilmoqda. Futbol, sport kurashlari, velosport, yengil atletika va suzishda ham ijobiy siljishlar borligi eʼtirof etildi.

Shu bilan birga, Jizzaxdagi 6 ta qilichbozlik bazasida shugʻullanuvchilar soni 100 nafarga ham yetmasligi, batut va akrobatika boʻyicha salohiyatdan toʻliq foydalanilmayotgani, tennis va ot sportida natijalar yetarli emasligi tanqid qilindi.

Bugun sportchilarni jarohatdan tiklash, mushak holatini tekshirish va funksional tahlil qilish ishlari asosan xorijda amalga oshirilayotgani, federatsiyalar sport shifokori, farmakolog va diyetologlarni chetdan jalb qilishga majbur boʻlayotgani ta’kidlandi.

Endilikda har bir ixtisoslashgan tibbiyot markazi tegishli sport federatsiyalari bilan hamkorlik qiladi. Ular har oy terma jamoa aʼzolarining sogʻligʻini diagnostika qiladi, jarohat olish xavfini baholaydi, jismoniy yuklamani ilmiy tahlil qilib, murabbiylarga tibbiy tavsiyalar beradi.

Davlatimiz rahbari sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan qator tashabbuslarni ham ilgari surdi.

Endilikda mahallada ommaviy sport natijadorligi faqat qamrov bilan emas, balki aholining salomatlik koʻrsatkichlari boʻyicha ham baholanadi. Har bir viloyatda bittadan tumanda “salomatlik balansi” shakllantiriladi. Sport bilan faol shugʻullanuvchi aholi orasidan “sogʻlom hayot volontyorlari” korpusi tashkil qilinadi. Ular mahallalarda sport va sogʻlom turmush tamoyillarini targʻib qiladi.

Har bir tumanda ushbu tizimda eng namunaviy boʻlgan 10 tadan mahallaga bepul sport formasi va anjomlari berib boriladi. Qaysi mahallada sportga qamrov oshsa, aholining salomatligi yaxshilansa, yurak-qon tomir va diabet kasalliklari kamaysa, yil yakuni bilan volontyor va mahalla raisiga 15 million soʻmgacha mukofot beriladi. Ushbu mahallada ommaviy sportga masʼul trenerga esa 200 foizgacha oylik ustama toʻlanadi.

Dunyoda maxsus jihoz va katta infratuzilmani talab qilmaydigan intensiv mashgʻulotlar, jumladan, kross-fit ommalashayotgani qayd etildi. Shu bois, 1-maygacha barcha maktab va texnikumlarda bu boʻyicha toʻgaraklar tashkil etish topshirildi. Kelgusi yildan kross-fit “Besh tashabbus” tizimiga kiritiladi.

Yigʻilishda davlat organlari va tashkilotlarida ham sportni ommalashtirish boʻyicha yangi tartib belgilandi. Endi har bir vazir, tarmoq va bank rahbari, viloyat va tuman hokimi oʻz xodimlarining sport bilan shugʻullanishi uchun namuna boʻlishi va sharoitlarni kengaytirishi shart.

Shu maqsadda haftaning bir kuni sport kuni sifatida belgilanadi. Bu kunda vazirlik, idora va tashkilotlarda sport mashgʻulotlari oʻtkaziladi. Joriy yildan boshlab har yili vazirliklar, tarmoqlar, banklar va hokimliklar oʻrtasida respublika birinchiliklari oʻtkaziladi.

Xususiy sektor mehnat jamoalarida ham ommaviy sportni rivojlantirish uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratiladi. Jumladan, tadbirkorlar oʻz ishchi-xizmatchilari uchun sport zali va maydoncha qurish hamda jihozlashga qilgan xarajatlarini foyda soligʻi bazasidan chegira oladi. Jalb qilingan murabbiylar uchun daromad soligʻi va ijtimoiy soliq 1 foiz miqdorida belgilanadi.

Yigʻilishda aholini sportga jalb qilish va seleksiya ishlarida “mahalla – maktab – sport muassasasi – federatsiya” zanjiri asosida mutlaqo yangi yondashuv joriy etilishi maʼlum qilindi.

Endi oliygoh rektori, federatsiya rahbari va hokim oʻrtasida uch tomonlama shartnoma tuziladi. Unga koʻra, hokimlar hududdagi maktab, texnikum va boshqa sport obyektlarida darsdan tashqari vaqtda sport toʻgaraklari tashkil etish uchun shart-sharoit yaratadi.

Shuningdek, sport yoʻnalishidagi oliygohlar talabalarini dual taʼlim bilan qamrab olib, ularni murabbiylik qilish uchun toʻgaraklarga yuborish muhimligi qayd etildi. Bunday talabalarga avtomatik tarzda murabbiylik sertifikati beriladi. Toʻgaraklardan tushgan daromadning 50 foizi murabbiy talaba ixtiyorida qoladi. Dual taʼlim bitiruvchilariga diplom bilan birga hakamlik sertifikati ham beriladi.

Yigʻilishda joriy yilda yangi tizim orqali doimiy sport bilan shugʻullanuvchilar sonini 2 karra oshirib, 1 million nafarga yetkazish vazifasi qoʻyildi.

Mutasaddilarga sunʼiy intellekt yordamida sportchi va murabbiylar natijalarini tahlil qilish, mashgʻulotlar rejasini tuzish imkonini beradigan yagona platforma yaratish topshirildi.

Sport sohasidagi ilmiy ishlar esa bundan buyon faqat dolzarb muammolar yechimiga qaratilgan boʻlishi, natijasi toʻgʻridan-toʻgʻri amaliyotga joriy qilinishi shartligi koʻrsatib oʻtildi. Agar olimlarning ilmiy ishi natija berib, sportchilarning yutuqlari va xalqaro musobaqalardagi medallari koʻpaysa, bunday olimlar 100 million soʻmdan mukofotlanadi.

Olimpiya va paralimpiya harakatini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi. Joriy yildan Prezident olimpiadasi doirasida musobaqa oʻtkaziladigan sport turlari 2 karra koʻpaytirilib, 21 taga yetkaziladi. Endi mazkur musobaqalar parasport boʻyicha ham tashkil etiladi. Har bir tuman va viloyat hokimi oʻz hududida Hokim olimpiadasini oʻtkazadi. Ularning gʻoliblari Prezident olimpiadasiga yoʻllanma oladi.

Adaptiv sport turlari boʻyicha kadr tayyorlash va malaka oshirish tizimi ham tubdan yangilanadi. Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universitetining Toshkent filiali inklyuziv sport boʻyicha tayanch oliygohga aylanadi.

Prezidentimiz parasportchilarimiz erishayotgan natijalarda ularga tun-u kun hamrohlik qilayotgan fidoyi insonlarning hissasi katta ekanini taʼkidladi. Endi oʻquv-yigʻinlar, respublika va xalqaro musobaqalarda parasportchiga hamrohlik qilgan shaxslarning transport va yashash xarajatlari qoplab beriladi. Ularga har oy sport maktabi trenerlari oyligiga teng miqdorda maosh toʻlanadi.

Davlatimiz rahbari Oʻzbekistonda sport inson salomatligi va yuqori natijalar garovi boʻlish bilan birga daromad keltiradigan sohaga ham aylanishi zarurligini taʼkidladi.

Shu nuqtayi nazardan, futbol boʻyicha milliy chempionat oʻyinlarini tashkil etish masalalari ham koʻrib chiqildi. Ayrim oʻyinlar ish vaqtida oʻtkazilayotgani sababli muxlislar tashrifi kutilgan darajada emasligi aytildi.

Oʻyinlar vaqtini dam olish kunlari yoki ish kunlari kechki soat 19:00 dan keyin belgilash, stadionlar atrofida qoʻshimcha xizmatlar, musiqiy va koʻngilochar tadbirlar tashkil etish, muxlislar uchun qulay transport qatnovini yoʻlga qoʻyish, arzon futbol turpaketlarini taklif etish orqali stadionlarga muxlislar tashrifini keskin oshirish boʻyicha dastur ishlab chiqish topshirildi.

Yigʻilishda joylardagi sport infratuzilmasi holati ham koʻrib chiqildi. Qayd etilganidek, hududlarda 39 ta ochiq va yopiq sport inshooti taʼmirtalab ahvolda boʻlgani sababli toʻliq ishlatilmayapti. Mutasaddilarga bunday obyektlarni zamonaviy sport majmualariga aylantirish uchun qulay shartlarda xususiy sheriklikka berish boʻyicha qaror loyihasini ishlab chiqish topshirildi.

Sport maktablarida yoshlar qiziqadigan noolimpiya sport turlari boʻyicha ham seksiyalar tashkil etish, Oʻzbekiston noolimpiya sport turlari konfederatsiyasini tuzish taklifi maʼqullandi.

Yigʻilish davomida davlatimiz rahbari soha rahbarlari va hokimlarning hisobotlarini tingladi, tadbirkor va sportchilar bilan muloqot qildi.

Muddatli harbiy xizmatni oʻtayotgan yoshlarni qoʻllab-quvvatlash yanada kengaytiriladi

0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev 6-aprel kuni mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini mustahkamlash va harbiy xizmatchilarni qo‘llab-quvvatlash masalalari yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.

Bugungi kunda mamlakatimizda yoshlar masalasi davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, ularning zamonaviy bilim va kasb-hunar egallashini hamda bandligini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha izchil islohotlar olib borilmoqda.

Xususan, joriy yil 13-yanvar kuni oʻtkazilgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yigʻilishida harbiy xizmat nufuzini yanada oshirish hamda yoshlarni jamiyatda munosib oʻrin topishiga koʻmaklashish boʻyicha aniq vazifalar belgilab berilgan edi.

Bu boradagi islohotlarning mantiqiy davomi sifatida bugun muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan yoshlarni kasbga oʻrgatish va sifatli taʼlim olishlari uchun sharoit yaratish hamda armiyada kitobxonlikni ommalashtirish yuzasidan ishlab chiqilgan takliflar koʻrib chiqildi.

Jumladan, 2026-2027 oʻquv yilidan boshlab muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan yoshlarga bir qator imtiyoz hamda kafolatlar berilishi nazarda tutilmoqda.

Endilikda muddatli harbiy xizmatchilar uchun harbiy xizmat davrida oliygohlarga oʻqishga kirib, masofaviy taʼlim olish imkoniyati yaratilmoqda. Bu jarayonda askarlar uchun taʼlim tashkilotlari bilan hamkorlikda harbiy qismlarda abituriyentlarni tayyorlash kurslari tashkil etilib, oliygohlarning kirish imtihonlariga tayyorlash tizimi yoʻlga qoʻyiladi.

Shartnoma asosida oʻqishga qabul qilingan askarlarga esa foizsiz imtiyozli kreditlar ajratiladi. Eng muhimi, oliy taʼlim muassasalariga qabul qilingan askarlar harbiy fakultetlar talabalariga tenglashtirilib, oʻqishni tamomlagandan soʻng ularga zaxiradagi leytenant harbiy unvoni beriladi.

Shu bilan birga, namunali xizmat oʻtagan, respublika va xalqaro sport musobaqalari hamda fan olimpiadalarida birinchi oʻrinni egallagan askarlarni test sinovlarisiz oʻqishga qabul qilish tartibi belgilanmoqda.

Joriy etilayotgan imtiyozlardan yana biri – askarlar uchun harbiy xizmat davomida “Bitta askar – bitta kasb” tamoyili asosida 3-6 oylik oʻquv kurslari tashkil etilib, ularga davlat namunasidagi maxsus sertifikat beriladi.

Muddatli harbiy xizmatdan qaytib, xususiy sektorda faoliyat yuritmoqchi boʻlgan yoshlarning kasb-hunarga oʻqish xarajatlari vaucher asosida Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi tomonidan qoplab beriladi.

Davlat tashkilotlariga ishga kirish istagini bildirgan yoshlarga esa Boshqaruv samaradorligi agentligi tomonidan oʻtkaziladigan test sinovlarida 10 foizlik imtiyoz ballari qoʻshib beriladi.

Yigʻilishda harbiy xizmatchilarni kitobxonlikka qiziqishini yanada oshirish, bu borada ularni qoʻllab-quvvatlash hamda ragʻbatlantirish boʻyicha chora-tadbirlar ham koʻrib chiqildi.

Xususan, joriy yildan boshlab, har yili Qurolli Kuchlarning barcha toifadagi harbiy xizmatchilari oʻrtasida toʻrt bosqichli “Maʼnaviyat qalqoni” respublika kitobxonlik tanlovi oʻtkaziladi.

Tanlovning birinchi bosqichi harbiy qism va harbiy taʼlim muassasalarida, ikkinchi bosqichi harbiy okrug, birlashma va qoʻshilmalarda, uchinchi bosqichi Qurolli Kuchlar tarkibidagi vazirlik va idoralarda oʻtkaziladi. Yakuniy respublika bosqichida saralash bosqichlarining gʻolibi boʻlgan harbiy xizmatchilar oʻzaro bellashadi. Yakuniy bosqichning 4 nafar gʻolibi Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondonining bosh sovrini – zamonaviy elektromobil hamda diplom bilan taqdirlanadi. Sovrinli oʻrinlarni egallagan harbiy xizmatchilar pul mukofotlari va diplomlar bilan ragʻbatlantiriladi.

Davlatimiz rahbari takliflarni maʼqullab, tegishli qarorlarni imzoladi. Yangi chora-tadbirlar yurtimiz taraqqiyoti uchun yuqori bilim, malaka va intellektual salohiyatli hamda vatanparvar kadrlar zaxirasini shakllantirishga xizmat qilishi lozimligini taʼkidladi.

Yigʻilishda, shuningdek, mudofaa vaziri mamlakatimiz harbiy xavfsizligini kuchaytirish, qoʻshinlarning jangovar shayligini oshirish yuzasidan belgilangan vazifalar ijrosining borishi toʻgʻrisida axborot berdi.

O‘zbekistonda 4−5 nafar xorijiy investor islomiy bank ochishi mumkin — Markaziy bank

0

O‘zbekistondagi islomiy bank faoliyatiga bir qancha xorijiy investorlar qiziqish bildirmoqda. Bu haqda Markaziy bank boshqaruvi raisi o‘rinbosari Sanjar Nosirov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yaqinda qabul qilingan va 29-iyundan kuchga kiradigan qonun islomiy moliyaviy xizmatlarni ikki shaklda ko‘rsatishni nazarda tutadi: islomiy “darcha»lar orqali yoki to‘liq islomiy moliyalashtirish tamoyillari asosida ishlaydigan banklar orqali. Ana’naviy banklar bir vaqtning o‘zida an’anaviy va islomiy mahsulotlarni taklif qilgan holda islomiy “darcha” ochish uchun qo‘shimcha litsenziya olishlari mumkin bo‘ladi.

Islomiy “darcha»lar orqali kamida 6 turdagi xizmatlar ko‘rsatiladi: muzoraba, vakala, murobaha, salam, mushoraka va ijara.

Markaziy bank raisi o‘rinbosarining ta’kidlashicha, 2026-yilda e’tibor asosan tayyorgarlik ishlariga qaratiladi. Xususan, alohida standartlarni joriy etish va kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratish rejalashtirilgan. Hozirda O‘zbekistondagi 10 ta bank islomiy “darcha” ochishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Avval regulyator islomiy moliya faqat bitta bankda yo‘lga qo‘yilishi mumkin deb hisoblagan bo‘lsa, endi 2−3 ta bankda ham joriy etilishi mumkinligi aytilmoqda.

“Xorijiy investorlardan ham juda ko‘p qiziqish kuzatilmoqda. 4−5 ta xorijiy bank kelib, „Islom moliyasi bo‘yicha qonun qabul qilinsa, O‘zbekiston bozoriga kirishimiz mumkin“, deyishmoqda. Bu biz bevosita ishlayotgan narsalardir”, — dedi Sanjar Nosirov.

Uning ta’kidlashicha, zarur infratuzilma yaratilgach, bu sohaga kiritilayotgan investitsiyalar yanada oshadi. Asosiy maqsad ham ko‘proq investitsiya jalb qilish, aholi va biznes uchun xizmatlar ko‘lamini kengaytirish bo‘lib, bu iqtisodiyotning o‘sishiga xizmat qiladi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, bank tizimiga taxminan $1 mlrdlik investitsiyalar kirishi prognoz qilinmoqda.

“Nafaqat investitsiya, balki bilim va tajriba ham kirib keladi. Bu esa islom moliyasini tezroq joriy qilishimizga asos bo‘lishi mumkin.” — deya qo‘shimcha qildi Markaziy bank raisi o‘rinbosari.

Moliyaviy ahvoli og‘ir tadbirkorlarning kredit to‘lovlari kechiktirilib, qarzdorligi restrukturizatsiya qilinadi

0

Shavkat Mirziyoyev 3-aprel kuni to‘lovga qobiliyatsizlik institutini takomillashtirish va moliyaviy ahvoli og‘ir tadbirkorlarni sog‘lomlashtirish bo‘yicha yangi yondashuvlar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Unda moliyaviy ahvoli og‘ir bizneslarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi moliyaviy mexanizmlar taqdimot qilindi.

Jumladan, kichik va o‘rta tadbirkorlar uchun Biznesni kafolatlash milliy kompaniyasi orqali kafillik berish, Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi orqali banklarda past foizli kredit liniyalari ochish orqali korxonalarni moliyaviy tiklashga ko‘maklashish rejalashtirilmoqda.

Bunda banklar ajratgan kreditlar bo‘yicha asosiy qarz va foizlar sanatsiya yakunlangunga qadar kechiktiriladi, kredit sanatsiya yakunlanganidan so‘ng 3 yil ichida qaytariladi, kredit qarzdorligini restrukturizatsiya qilish asoslari yaratiladi.

Soliq va kredit qarzdorligini kechiktirib to‘lash hamda restrukturizatsiya qilish tartiblarini soddalashtirishga ham alohida e’tibor qaratildi.

Xususan, xalq deputatlari tuman va shahar kengashlari ayrim soliqlar bo‘yicha to‘lovlarni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat berishi, shuningdek, bunday mexanizmlar garov, bank kafolati yoki sug‘urta polisi asosida soliq organlari tomonidan ham qo‘llanishi mumkin bo‘ladi.

Davlat ko‘magidagi sudgacha sanatsiya choralari ham kengaytiriladi. Bunda quyidagi vositalardan foydalanish mumkin bo‘ladi:

  • kreditorlar bilan kelishuv;
  • moliyaviy yordam jalb qilish;
  • soliq va kredit to‘lovlarini kechiktirish;
  • qarzlarni sotib olish;
  • ishlab chiqarishni qayta ixtisoslashtirish;
  • korxonani qayta tashkil etish;
  • malakali mutaxassislarni jalb etish;
  • xodimlarni qayta tayyorlash va boshqa.

Taqdimotda to‘lovga qobiliyatsizlik jarayonlarini raqamlashtirish masalasiga ham katta e’tibor berildi. Buning uchun to‘lovga qobiliyatsizlik ishlarini yuritishning yagona elektron platformasini ishga tushirish taklif qilindi.

Platformada to‘lovga qobiliyatsizlik ishi yuritilayotgan shaxslar, sanatsiya qo‘llanilayotgan korxonalar va sud boshqaruvchilari reyestrlari yuritiladi. Barcha jarayonlar — ariza berishdan tortib, korxonani tugatishgacha — elektron shaklda olib boriladi.

Tizim jamoatchilik va OAV uchun ochiq bo‘ladi. Bu orqali sohada ochiqlikni ta’minlash, ma’lumot almashinuvini tezlashtirish, nazorat va monitoringni kuchaytirish, arizalarni ko‘rib chiqish muddatlarini qisqartirish imkoni paydo bo‘ladi.

Prezident tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashda yangi korxonalar tashkil etish bilan cheklanib qolmasdan, ishlab turgan biznesni saqlab qolish, vaqtincha qiyinchilikka uchragan korxonalarga o‘z vaqtida ko‘mak berish, ularni iqtisodiy faollikka qayta olib chiqish lozimligini ta’kidladi.

Mutasaddilarga to‘lovga qobiliyatsizlik institutini xalqaro tajriba asosida tubdan takomillashtirish, sohaga yangi boshqaruv, samarali sanatsiya mexanizmlari va raqamli yechimlarni joriy etish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.

O‘zbekistondagi 10 ta OTM milliy tadqiqot universiteti maqomini oladi

0

Prezident Shavkat Mirziyoyev oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Mamlakatimizda soʻnggi yillarda oliy taʼlim qamrovini kengaytirish, taʼlim sifatini oshirish, ilmiy salohiyatni mustahkamlash va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Qolaversa, tizimdagi mavjud salohiyatdan samarali foydalanish, ilm-fanni iqtisodiyot bilan uzviy bogʻlash, taʼlim va tadqiqot integratsiyasini chuqurlashtirish dolzarb vazifa boʻlib qolmoqda.

Shu munosabat bilan taqdimotda oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar tizimini takomillashtirish yuzasidan ishlab chiqilgan yangi chora-tadbirlar koʻrib chiqildi.

Jumladan, “U10 – Oʻzbekistonning global darajadagi ilgʻor universitetlari” dasturi amalga oshiriladi. Dastur doirasida tanlov asosida 10 ta oliy taʼlim tashkilotiga milliy tadqiqot universiteti maqomi berilib, ularda ilmiy klasterlar tashkil etiladi.

Mazkur tanlov professor-oʻqituvchi va olimlar salohiyati, ishtirokchi tashkilotlarning milliy va xalqaro reytinglardagi oʻrni, ilmiy infratuzilmasi hamda moliyalashtirishdagi ulushi kabi koʻrsatkichlar asosida oʻtkaziladi.

Tashkil etiladigan ilmiy klasterlar mahalliy va xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari, ilmiy muassasalar hamda sanoat korxonalari hamkorligidagi konsorsium sifatida faoliyat yuritadi.

Milliy tadqiqot universiteti maqomi berilgan universitetga ilmiy klaster tashkil etish uchun Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan 150 milliard soʻmgacha mablagʻ ajratiladi.

Shuningdek, oliy taʼlim tizimida natijaga yoʻnaltirilgan moliyalashtirish mexanizmlarini joriy etish nazarda tutilmoqda.

Xususan, 2027-yildan boshlab oliy taʼlim tashkilotlarini ularning milliy reytingdagi natijalariga koʻra moliyaviy ragʻbatlantirish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.

Bunda universitetlar taʼlim sifati, ilmiy faoliyat, xalqaro hamkorlik, raqamlashtirish va bitiruvchilar bandligi kabi mezonlar asosida baholanadi.

Davlat granti asosida taʼlim olayotgan talabalar uchun oliygohlarga ajratiladigan mablagʻlar miqdorini shakllantirishda ham yangi yondashuvlar taklif etildi. Endilikda taʼlim yoʻnalishining murakkabligi, mehnat bozori ehtiyojlari, universitet reytingi, hududiy omillar va professor-oʻqituvchilar mehnatini ragʻbatlantirish kabi koʻrsatkichlar inobatga olinadi.

Ilmiy tadqiqotlarni moliyalashtirishning yangi tizimi joriy etilishi koʻzda tutilmoqda. Xususan, davlat ilmiy dasturlari doirasida ajratiladigan mablagʻlarning kamida 50 foizi ustuvor yoʻnalishlarga sarflanadi. Loyihalarni saralash xalqaro ekspertiza, ilmiy-texnik kengashlar va tarmoq korxonalari bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.

Shuningdek, oliy taʼlim va tashkilotlar faoliyatida ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirishni kengaytirishga qaratilgan yangi tizim taklif etildi.

Jumladan, oliygohlarning “spin-off” korxonalarini tashkil etish orqali “tarmoq – korxona – oliy taʼlim tashkiloti – ilmiy tashkilot” zanjiri asosida innovatsion mahsulot va xizmatlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish nazarda tutilmoqda.

Bu orqali ilm-fan natijalarini amaliyotga joriy etish, texnologik transferni kuchaytirish va universitetlarning tadbirkorlik faolligini oshirish maqsad qilingan.

Oʻzbekistonni mintaqaviy taʼlim xabiga aylantirish maqsadida xorijiy talabalarni jalb etish boʻyicha yangi mexanizmlar taklif qilindi. Jumladan, har yili respublika davlat oliy taʼlim tashkilotlarida 500 nafargacha iqtidorli chet el fuqarolariga oliy taʼlim olish uchun grant ajratishni nazarda tutuvchi “Yangi Oʻzbekiston stipendiyasi” dasturini amalga oshirish belgilanmoqda.

Taqdimotda sohada boshqaruv samaradorligini oshirish, raqamli taʼlim va sunʼiy intellektni rivojlantirish, yoshlarning innovatsion tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan boshqa muhim tashabbuslar ham muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari taqdim etilgan takliflarni har tomonlama puxta ishlab chiqish, ularni bosqichma-bosqich joriy etish orqali oliy taʼlim va ilm-fan tizimini yangi darajaga olib chiqish muhimligini taʼkidladi. Masʼullarga tegishli topshiriqlar berildi.

O‘zbekistonliklar bir yilda yarim tonnadan ko‘proq oltin quymalar sotib oldi

0

O‘zbekistonliklar bir yilda yarim tonnadan ortiq oltin quymalar xarid qilgan. Bu haqda Markaziy bankning 2025-yil yakunlari bo‘yicha o‘lchovli oltin quymalar bozori sharhida keltirilgan.

Oxirgi olti yilda o‘lchovli oltin quymalarni sotuvchi va qayta sotib oluvchi banklar soni 12 tadan 19 taga, shoxobchalar soni esa 34 tadan 170 taga yetdi.

Ular tomonidan 2020-yil noyabr oyidan beri umumiy og‘irligi 1,2 tonna bo‘lgan jami 65 150 dona oltin sotilgan. Natijada ko‘rsatkich o‘tgan yil oxiriga kelib 14 baravarga oshdi.

Birgina 2025-yilda aholi tomonidan og‘irligi 661 kg bo‘lgan 33 939 dona oltin quymalar xarid qilingan bo‘lib, bu jami hajmning 52% dan ortig‘ini tashkil etdi. Shu bilan birga, bu 2020−2024-yillarda sotilgan jami quymalar sonidan (31 211 dona) 8,7% ga ko‘p bo‘ldi.

So‘nggi ikki yilda oltin quymalarga bo‘lgan talab sezilarli darajada oshdi: 2024-yilda bu avvalgi yillardagi o‘rtacha ko‘rsatkichga (81 kg) nisbatan qariyb 3 baravarga, 2025-yilda esa 8 baravarga o‘sgan.

Markaziy bank buni 2024−2025-yillarda jahon bozorida oltin narxining tarixiy maksimum darajalarga yaqinlashgani bilan izohladi. Oltin narxining oshishi fonida aholining jamg‘arish va investitsiya maqsadlarida o‘lchovli oltin quymalariga bo‘lgan talabi ham ortmoqda.

Nisbatan kichik hajmdagi quymalarga talab yuqori bo‘lib, fuqarolar tomonidan 2020−2025-yillarda eng ko‘p 5 (20 525 ta) va 10 (19 552 ta) gramm og‘irlikdagi oltin quymalar sotib olingan. Bu jami sotuv hajmining 60% dan ortig‘ini tashkil qildi.

Shuningdek, banklar tomonidan og‘irligi 20 gramm bo‘lgan 14 343 ta, 50 grammlik 8 970 ta o‘lchovli oltin quymalar sotilgan, 100 grammli quyma jami hajmning atigi 3%ini (1 870 ta) egalladi.

markaziy bank, oltin, oltin quymalar

Bundan tashqari, bu davrda banklar umumiy og‘irligi 201 kg bo‘lgan jami 11 828 dona oltinni aholidan qaytarib sotib oldi. Bunda 5 (3 975 ta) va 10 (3 546 ta) grammlik quymalar jami hajmning qariyb 65% ini egallagan.

Shu bilan birga, elektron metall hisobvaraq ochish orqali oltinni kichik hajmlarda — 0,1 grammdan boshlab xarid qilish mumkin. 2025-yilda banklar egasizlantirilgan hisobvaraqlari orqali umumiy qiymati 311,7 mlrd so‘m bo‘lgan jami 169,74 kg oltin depozitini shakllantirgan.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda 5 gramm og‘irlikdagi oltin quymalari narxi 9,53 mln so‘mni tashkil etadi. Ularni qaytarib sotib olish narxi esa qadog‘i but bo‘lsa 9,16 mln, qadog‘i buzilgan bo‘lsa 9,06 mln so‘mdan hisoblanadi.