Bosh sahifa Blog Sahifa 16

TimeCup asoschisi Andrey Fedorov: «Qahva toshib ketishidan charchab, texnologik qahva qaynatkich yaratdim»

0

— Menda bir hobbi bor — hayot uchun foydali narsalar ixtiro qilishni yaxshi ko‘raman. Bir kuni qahva idishidan (turkadan) toshib ketgan qahva izlarini plitadan artishdan charchab, noodatiy qahva qaynatkich loyihasini ishlab chiqdim. Bu qurilma qahvani xuddi oddiy mis idishlardek tayyorlaydi, lekin qahva qaynab toshib ketishidan oldin avtomatik ravishda o‘zi o‘chadi.

Picture background

TimeCup qahva qaynatkichlarining birinchi namunasidan tortib, ishlab chiqarishga tushirishgacha roppa-rosa bir yil vaqt ketdi. Hamma butlovchi qismlarni yetkazib beruvchilardan sotib olamiz, xodimlarimiz esa ularni birlashtiradi, yopishtiradi, tekshiradi va qadoqlaydi.

Qahva qaynatkichlar bozorida raqobat juda kuchli, shuning uchun bizga «mukammal» qurilma kerak edi. TimeCup’ning ichki stakani keramikadan qilingan, shuning uchun qahvadan plastik hidi kelmaydi. Maxsus isitgichlar esa qahvani qaynatib yubormasdan pishiradi. Bundan tashqari, uning xotirasiga 7 xil retseptni saqlab qo‘yish mumkin. Barcha sozlamalar Bluetooth orqali telefondagi ilovadan boshqariladi. Dunyoda turkcha qahva pishiradigan bunday funksional qurilma hali yo‘q. Aynan mana shu o‘ziga xoslik mahsulotimizga bo‘lgan talabni doimiy qilib turibdi.

Biz boshidanoq bir nasrani tushungandik: bizning ishimiz — ishlab chiqarish, qolgan hamma narsani (saqlash, qadoqlash va yetkazib berish) marketpleysga (masalan, Yandex Market) topshirgan ma’qul. Shuning uchun Yandex Marketda savdo qilishni boshladik. U yerga ulanish juda oson ekan, bor-yo‘g‘i bir hafta vaqt ketdi. Har bir qadam ko‘rsatmalarda aniq yozilgan.

Biz darhol FBY modelini (marketpleys omboridan sotish) tanladik. Agar mahsulotingiz tez sotiladigan bo‘lsa, bu model juda qulay. Marketpleys buyurtmalarni qabul qilishdan tortib, mijozga yetkazib berishgacha bo‘lgan barcha ishlarni o‘z bo‘yniga oladi. Sizga esa faqat vaqti-vaqti bilan omborga mahsulot yetkazib turish qoladi. Agar mahsulot 45 kun ichida sotilsa, omborda saqlangani uchun haq to‘lanmaydi.

Agar siz endi ish boshlayotgan bo‘lsangiz va talabni tekshirib ko‘rmoqchi bo‘lsangiz, FBS modelini tanlashni maslahat beraman. Bunda mahsulot sizning o‘z omboringizda turadi, marketpleys esa faqat yetkazib berish bilan shug‘ullanadi.

Narxlar va reklamani o‘zimiz boshqaramiz. Bu o‘z onlayn-do‘koningizni yuritishdan ko‘ra ancha arzon va oson. Chunki mijoz qidirish, yetkazib berish kabi tashvishlar marketpleysning zimmasida bo‘ladi.

Marketpleysdagi mijozlar fikridan (otzivlar) bildikki, xaridorlarimizning 60 foizi — 50 yoshdan oshgan insonlar. Ular yoshligidan turkcha qahva ichishga odatlanishgan. 30–40 yoshlilar orasida ham talab yaxshi, lekin yoshlar ko‘proq zamonaviy qahva mashinalarini (kofemashina) afzal ko‘rishmoqda.

Xaridorlarning 30 foizi TimeCup-ni sovg‘a sifatida sotib olishadi. Ko‘pincha ota-onalarga yoki rahbarlarga sovg‘a qilishadi. Bunday paytda yetkazib berish tezligi juda muhim. Marketpleysning 1–2 soat ichida yetkazib berish (ekspress) xizmati juda qo‘l keladi. Hozirda umumiy sotuvlarimizning 30 foizi aynan Yandex Market hissasiga to‘g‘ri kelyapti.

Toshkentdagi Amity universiteti rektori Shuhrat Sattorov tavsiya qilgan 5 kitob

0

Shuhrat Sattorov — rahbar, jurnalist va tarjimon bo‘lib, ta’lim sohasida turli lavozimlarda ishlagan. Hozir u Toshkentdagi Amity universiteti rektori sifatida faoliyat yuritadi. Uning kutubxonasida 200 ga yaqin kitob bo‘lib, o‘qigan kitoblari soni esa 300 dan oshadi.

U bugungi kunda elektron kitoblardan foydalanishiga qaramay, qog‘oz kitoblarni alohida qadrlaydi, chunki ular unga ish bosimidan chalg‘ish va ichki muvozanatni tiklash imkonini beradi.

“Muhimi suhbatdoshni to‘g‘ri tanlash. Shunda u sizni o‘ziga tortadi va fikringizni band qiladi”, — deydi Sattorov, va bu fikri uning kitob tanlash odatlariga ham tegishli. U ta’lim, menejment, psixologiya va ilmiy izlanishlarga oid kitoblarni ko‘proq o‘qisa-da, ish stolida har doim badiiy asar mavjud, bu esa uning kundalik hayotiga rang va ilhom qo‘shadi.

Shuhrat tarjimon sifatidagi faoliyatini 2009-yilda Paulo Koeloning “Portobello jodugari” romanini tarjima qilish bilan boshlagan va hozirga kelib o‘nga yaqin kitobni tarjima qilgan. Ulardan ba’zilari — Epikurning “Menokevsga maktub»i, “Yunon donishmandlari” va “Mahatma Gandi: aforizm va dono fikrlar” kabi mashhur asarlar.

Shu bilan birga, u “Biz g‘alaba qozonamiz” nomli motivatsion kitobning muallifi bo‘lib, unda shaxsiy rivojlanish, iroda va mas’uliyat hamda milliy o‘sish mavzulari yoritilgan. Shuhrat Sattorov Spot’ga sevimli kitoblari va ularning hayotidagi o‘rni haqida gapirib berdi.


“Inqirozdan chiqish”, Eduards Deming

Ushbu asar boshqaruv va menejment yo‘nalishidagi yuqori reytingli kitoblardan biri bo‘lib, tizimli fikrlashni shakllantirishda fundamental qo‘llanma hisoblanadi. U davlat tashkilotlari, xususiy sektor va yirik kompaniyalar uchun birdek mos keladi.

Kitobning bosh g‘oyasi tizimdagi ma’lumotlarning barcha uchun ochiqligidir. Ya’ni, farroshdan tortib top-menejerlargacha muassasa qayerga qarab ketayotgani, uning strategik maqsadlari va yillik vazifalaridan to‘liq xabardor bo‘lishi lozim. Har bir bo‘g‘in xodimi umumiy strategiyani aniq-tiniq tushunishi ish samaradorligining asosiy shartidir.

Asarning yana bir inqilobiy jihati shundaki, agar tashkilotda samaradorlik past bo‘lsa, bu xodimning aybi emas, balki tizimsizlik natijasidir. Tizim uchun esa doimo rahbariyat javobgar hisoblanadi. Holatlarning 85−90%ida muvaffaqiyatsizlikka aynan tizimli kamchiliklar sabab bo‘lishi kitobda asosiy konsseptsiya sifatida ilgari surilgan.

Bu kitobni o‘qib, tizimli fikrlash va samarali boshqaruv bo‘yicha qarashlarim qanday o‘zgarganini sezdim. Ushbu yondashuv menga shuni ko‘rsatdiki, tashkilotning muvaffaqiyati ko‘pincha xodimlarning emas, balki tizimning o‘zida yashirinadi. Har bir bo‘g‘in xodimi umumiy strategiyani to‘liq tushunsa, ish samaradorligi sezilarli darajada oshadi.

Shuningdek, kitob qisqa muddatli foyda ortidan quvmaslik va uzoq muddatli rejalarga tayanish zarurligini aniq tushuntirdi. Menejmentda har bir insonga adolat bilan munosabatda bo‘lish faqat tamoyil emas, balki samarali tizimning poydevori ekanini his qildim. Shu sabablarga ko‘ra, bu asar men uchun nafaqat nazariy bilim, balki amaliy hayotimga tatbiq qilinadigan foydali qo‘llanma bo‘ldi.

5 kitob, amity, shuhrat sattorov


“Emotsional intellekt”, Daniel Goleman

Muvaffaqiyat formulasi faqatgina IQ bilan o‘lchanadigan davrlar ortda qoldi. Ushbu asar insonning kasbiy va shaxsiy hayotidagi yutuqlari uning hissiy aqli, ya’ni o‘z tuyg‘ularini boshqara olish qobiliyatiga qanchalik bog‘liqligini ilmiy va amaliy jihatdan isbotlab beradi.

Kitobning asosiy g‘oyasi shundan iboratki, 20-asr o‘rtalarigacha inson yutug‘i ko‘proq qoidalarni yodlash, formulalar bilan ishlash va mantiqiy tahlilga bog‘liq, deb qaralgan. Daniel Goleman tadqiqotlari esa haqiqiy baxt va uzoq muddatli muvaffaqiyatning asosi emotsional intellekt ekanligini ko‘rsatadi. Bu nafaqat o‘z hissiyotlarini anglash, balki boshqalar bilan mustahkam munosabatlar o‘rnatish va ijtimoiy ko‘nikmalarni rivojlantirishni ham anglatadi.

Bugungi sun’iy intellekt va robotlar asrida kitobning ahamiyati yanada ortgan. Bugungi texnologiyalar istalgancha ma’lumotni yodlashi va tahlil qilishi mumkin, biroq ular hech qachon “hissiy qaror” qabul qila olmaydi. Bu asarni o‘qib, hissiy intellektning hayotdagi roli haqida ko‘p narsalarni angladim. Shu fikr menga shuni eslatdi: faqat bilim va texnik ko‘nikmalar yetarli emas, haqiqiy muvaffaqiyat hissiy ong va boshqalar bilan munosabatlarni boshqarish qobiliyatiga bog‘liq.

Shuningdek, kitob rahbar sifatida jamoani ilhomlantirish va ish muhitini baxtli qilish uchun faqat quruq hisob-kitob yetarli emasligini ko‘rsatdi. Insoniy munosabatlar, empatiya va hissiy bog‘liqlik jamoani samarali boshqarishning asosiy omillari ekanini his qildim. Shu sababli, bu asar nafaqat nazariy bilim, balki amaliy hayotimda qo‘llashim mumkin bo‘lgan foydali qo‘llanma bo‘ldi.

5 kitob, amity, shuhrat sattorov


“Yuqori samarali odamlarning yetti odati”, Stiven Kovi

Daniel Goleman hissiyotlar olamiga urg‘u bergan bo‘lsa, Stiven Kovi o‘z asarida amaliyotga e’tibor qaratib, muvaffaqiyatga erishish uchun tizimli odatlarning ahamiyatini ko‘rsatadi. Kitob hayot tarzi va ish uslubini tubdan o‘zgartirishni istaganlar uchun dastur sifatida tuzilgan.

Asarda inson o‘z hayoti va qarorlari uchun javobgarlikni olishi, vaqtni to‘g‘ri taqsimlashi, strategik maqsadlarga e’tibor qaratishi va jamoaviy muvaffaqiyatni ko‘zlovchi fikrlashni shakllantirishi zarurligi misollar bilan tushuntiriladi.

Asar menga har bir kunni samarali o‘tkazish va o‘z ustida ishlashning amaliy jihatlarini ko‘rsatdi. Tizimli yondashuv va odatlarni ongli ravishda shakllantirish muvaffaqiyatga erishishning asosiy yo‘li ekanini yanada aniqroq angladim.

5 kitob, amity, shuhrat sattorov


“Muhim narsalarni o‘lchang”, Jon Dor

Jon Dorning ushbu asari bugungi kunda zamonaviy boshqaruvning asosi hisoblangan OKR tizimi haqidagi eng mukammal yo‘riqnomadir. Kitobning asosiy g‘oyasi shundaki, har qanday samarali faoliyat negizida maqsadni to‘g‘ri belgilash san’ati yotadi.

Muallif shaxsiy yoki professional sohada bo‘lishidan qat’i nazar, maqsad qo‘yishda uchta mezonga e’tibor berishni tavsiya qiladi: maqsad aniq bo‘lishi, ich-ichidan ilhomlantirishi va natija o‘lchanuvchan bo‘lishi kerak.

Birinchidan, belgilangan maqsad mutlaqo aniq bo‘lishi, ikkinchidan, u insonni ich-ichidan ilhomlantira olishi, uchinchidan esa, natija albatta o‘lchanuvchan bo‘lishi lozim. Agar qo‘yilgan maqsad mana shu uch mezonning birortasiga javob bermasa, u shunchaki quruq istak bo‘lib qoladi. Aynan mana shu tamoyilga amal qilish orqali inson o‘z vaqtini bekorga sarflamayotganini va har bir harakati aniq natija sari xizmat qilayotganini his qiladi.

Kitobda keltirilgan Google, Alphabet va Intel kabi yirik kompaniyalar tajribasi esa, nazariyani amaliyot bilan bog‘lash imkonini berdi va o‘z loyihalarimni muvaffaqiyatga olib chiqishda qimmatli yo‘riqnoma bo‘ldi.

5 kitob, amity, shuhrat sattorov


“Baxt yetkazish”, Toni Shey

Kitobda muallif o‘z hayoti va kasbiy muvaffaqiyatini juda chiroyli bog‘laydi. Ota-onaning roli, ta’lim va shaxsiy e’tiqodning ahamiyati aniq ko‘rinadi. Toni Sheyning boshqaruv falsafasi “baxt zanjiri” g‘oyasiga asoslangan: kimdir tabassum ulashsa, u boshqasiga ham ijobiy ta’sir qiladi. Shu kabi oddiy odatlar jamoada iliq va samarali muhit yaratadi, bu esa yirik kompaniyalar uchun muhimdir.

Shuningdek, muallifning do‘stlariga bo‘lgan sadoqati alohida e’tibor qozonadi — katta mablag‘ga ega bo‘lsa ham, u do‘stlari uchun maxsus uchrashuv joylarini tashkil qiladi. Bu esa insoniy fazilatlarning biznesdagi o‘rnini yanada yaqqol ko‘rsatadi.

Kitobni o‘qish orqali muvaffaqiyat va yirik kompaniya qurishning oddiy qadamlardan boshlanishini angladim va bu har birimiz uchun amaliy va erishish mumkin ekaniga ishonch hosil qildim.

Mazkur besh kitobdan iborat to‘plam kitobxonni nafaqat samarali rahbar, balki maqsadli va baxtli shaxs sifatida yangi bosqichga olib chiqadi. Ular shaxsiy va professional rivojlanishim uchun qo‘llanma bo‘la oldi, hayotdagi harakatlarimni yanada maqsadli va ongli qilishga yordam berdi.

5 kitob, amity, shuhrat sattorov

O‘zbekistonda sutkalik elektr energiyasi iste‘moli bo‘yicha rekord yangilandi

0

O‘zbekistonda mart oyida elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha yangi rekord qayd etildi, deya xabar berdi Energetika vazirligi.

Xususan, 11-mart kuni mamlakat bo‘yicha sutkalik elektr energiyasi iste’moli 267 mln kVt/soatni tashkil etgan.

Qayd etilishicha, iste’mol hajmo o‘tgan yilning shu davridagi ko‘rsatkichdan 14 mln kVt/soatga ko‘pni tashkil qildi.

Shuningdek, kechki yuqori iste’mol soatlarida energetika tizimidagi eng katta yuklama soat 18:12 da 12 680 MVtga yetdi, bu esa avvalgi mart oyi ko‘rsatkichidan 480 MVtga yuqori bo‘ldi.

Bu kunda elektr stansiyalarda jami 272 mln kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi, ya’ni o‘tgan yil mart oyidagi ishlab chiqarishga nisbatan 12 mln kVt/soatga ko‘p.

Ta’kidlanishicha, qayta tiklanuvchi energiya manbalari hissasi oshib bormoqda. Kun davomida ishlab chiqarilgan elektr energiyasining 20,9%i qayta tiklanuvchi energiya manbalari hissasiga to‘g‘ri keldi.

Shundan quyosh va shamol elektr stansiyalari ulushi 14,3%ni tashkil qildi. Kunduzgi soatlarda elektr energiyasi balansini ta’minlashda quyosh va shamol stansiyalarining hissasi 35% gacha yetdi.

Green Card dasturiga ariza berishda yangi qoidalar joriy etiladi

0

AQSH Green Card (Diversity Visa) dasturiga ariza berishda yangi qoidalar joriy etiladi.

Davlat departamenti tomonidan 11-mart kuni e’lon qilingan yangi qoidaga ko‘ra, DV dasturiga ariza topshirish tartibiga bir qator yangi talablar kiritilishi taklif qilingan.

Endilikdan ariza topshirayotgan shaxs amal qiluvchi, muddati tugamagan pasport ma’lumotlarini kiritishi majbur bo‘ladi. Shuningdek, elektron ariza formasiga pasportning biografik va imzo sahifasining skaneri yuklanishi talab qilinadi.

Qoidalar til jihatdan ham yangilanadi: masalan, “gender” o‘rniga “sex” (jins), “age” o‘rniga “date of birth” (tug‘ilgan sana) ishlatiladi.

O‘zgarishlardan asosiy maqsad — soxtakorlik va firibgarlikka qarshi kurashish hamda ariza beruvchilarning shaxsini yaxshiroq aniqlash orqali DV dasturining ishonchliligini oshirishga qaratilgan.

Qayd etilishicha, bu qoidalar 2026‑yil 10‑apreldan kuchga kiradi va 2027‑yilgi DV dasturiga tatbiq etiladi.

Forbes dunyoning eng boy odamlarini e’lon qildi

0

AQSHning Forbes jurnali dunyodagi milliarderlarning 40-yillik reytingini eʼlon qildi.

Bu yil ro‘yxatga 3428 nafar milliarder kirdi — bu o‘tgan yilgi rekorddan 400 nafarga ko‘p, shuningdek 1987-yilda ro‘yxat tuzila boshlaganidan beri eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.

Dunyoning eng boy insonlarining umumiy boyligi rekord darajadagi $20,1 trlnni tashkil etdi. Taqqoslash uchun, 2025-yilda bu ko‘rsatkich $16,1 trln edi.

Bundan tashqari, dunyo bo‘yicha rekord darajada — 20 nafar insonning boyligi 12 xonali ($100 mlrddan ortiq) darajaga yetdi.

Ilon Mask ketma-ket ikkinchi yil Forbes talqini bo‘yicha dunyoning eng boy odamlari yillik reytingida birinchi o‘rinni egalladi.

Tesla, SpaceX asoschisi va X ijtimoiy tarmog‘i egasining boyligi $839 mlrdga baholanmoqda.

Mask fevral oyi boshida SpaceX kompaniyasining o‘z xAI startapi bilan birlashishidan so‘ng boyligi $800 mlrdlik dovondan oshgan ilk insonga aylandi.

Ikkinchi o‘rinni $257 mlrd bilan Google hammuassisi Larri Peyj egalladi, undan keyingi o‘rinda $237 mlrd boylik bilan Google’ning yana bir asoschisi Sergey Brin turibdi.

$224 mlrd boylik bilan Amazon asoschisi Jeff Bezos to‘rtinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, kuchli beshlikni Meta egasi Mark Sukerberg $222 mlrd bilan yakunlab bergan.

Joriy yilda 3000 nafar qashqadaryolik yoshlar Germaniyaga ishga yuboriladi

0

10-mart kuni Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatida amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Yig‘ilishda turizm salohiyatidan to‘liq foydalanish uchun, har yili 1 mln turistni jalb qilayotgan Miraki shaharchasi tajribasi asosida yangi loyihalarni boshqa hududlarda ham kengaytirish zarurligi qayd etildi. Jumladan:

  • Qamashi tumanida “Maydanak” baland tog‘ turizm markazini tashkil etish;
  • Shahrisabz tumanida 13 ming sayyohga mo‘ljallangan “G‘elon” xalqaro umummavsumiy kurortini barpo etish;
  • Yakkabog‘ tumani Tatar qishlog‘ida turizmni rivojlantirish;
  • Hazrati Sulton cho‘qqisi hududida treking yo‘nalishlari va chodirli uylar oromgohini tashkil etish loyihalari rejalashtirilgan.

Umuman olganda, joriy yilda 45 ta mehmonxona va mehmon uylari ochish hamda 1130 ta qo‘shimcha joy yaratish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, viloyatda yo‘l, uy-joy hamda muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yaxshilash dasturlari ham muhokama qilindi.

“Yangi O‘zbekiston” qiyofasidagi 2 ta tuman va 46 ta mahallada, shuningdek, og‘ir toifadagi 3 ta tuman va 108 ta mahallada ichki yo‘llar, suv taʼminoti, sug‘orish infratuzilmasi hamda elektr tarmoqlarini yaxshilash uchun jami 864 mlrd so‘m yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.

Ijtimoiy sohada oilalar va ayollarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish bo‘yicha choralar belgilandi. Xususan:

  • yangi davlat va xususiy bog‘chalar hamda maktablar tashkil etish;
  • 120 ming nafar ayolni ish bilan ta’minlash;
  • 21 ming nafar ayolni kasb va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish;
  • “Ayollar daftari” dasturi doirasida 102 ming nafar ayolga yordam ko‘rsatish rejalashtirilgan.

Shuningdek, Germaniya bilan hamkorlikda tartibli mehnat migratsiyasini yo‘lga qo‘yish va kasbiy tayyorgarlikni tashkil etish bo‘yicha yangi tashabbuslar taqdim etildi.

Rejaga ko‘ra, 2026-yilda 3000 nafar, 2027-yilda 5000 nafar yoshni Germaniyaga ishga yo‘naltirish, ularni o‘qitish uchun Qarshi shahrida Taʼlim va texnologiyalar markazini ochish rejalashtirilgan.

Yig‘ilish yakunida prezident mas’ullarga belgilangan vazifalar ijrosi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda aholi turmush darajasini oshirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.