Bosh sahifa Blog Sahifa 167

O‘zbekiston va Xitoy 15 mlrd dollarlik kelishuvlar imzoladi

0

Samarqandda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy raisi Si Jinpingning muzokaralari bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklikni mustahkamlash yo‘nalishlari belgilab olindi.

15 sentabr kuni Samarqanddagi “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm markazi Kongress markazida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy raisi Si Jinpingning muzokaralari bo‘lib o‘tdi.

Prezident Si Jinpingni uning tashrif arafasida chop etilgan, xalqlar ko‘p asrlik rishtalar bilan bog‘langanini tasdiqlovchi va dasturiy ahamiyatga ega «Xitoy-O‘zbekiston munosabatlari yorqin kelajagini birgalikda barpo etish» sarlavhali mualliflik maqolasi uchun minnatdorlik bildirdi. Xitoy xalqi Si Jinping rahbarligida erishayotgan yutuqlarni qayd etib, Xitoy Kommunistik partiyasi bo‘lajak 20-yalpi majlisi muvaffaqiyatli o‘tishini tiladi.

Xitoy rahbari Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar davlat va jamiyat hayoti barcha jabhalarida ulkan natijalar berayotganini ta’kidladi.

Yetakchilar O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirish muhim yo‘nalishlarini atroflicha ko‘rib chiqdi.

Oliy darajadagi muntazam muloqotlar tufayli davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik kengayib borayotgani ta’kidlandi. O‘tgan yilda tovar ayirboshlash rekord ko‘rsatkich – 8 mlrd dollarga yetdi, joriy yil boshidan esa 30 foizdan ortiq o‘sdi. Oxirgi besh yilda O‘zbekiston iqtisodiyotiga jalb qilingan investitsiyalar hajmi 10 mlrd dollardan oshdi. Keng ko‘lamli iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha besh yillik dastur, iqtisodiyot muhim tarmoqlari va ijtimoiy sohada qo‘shma loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, bunda elektron tijoratni rivojlantirish, sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha, avvalo, avtomobilsozlik, “yashil” energetika, qishloq xo‘jaligi va infratuzilma kabi sohalarda ilg‘or loyihalarni amalga oshirish muhimligi qayd etildi.

Xitoyning kambag‘allikka qarshi kurashish, hududlarni rivojlantirish va professional kadrlar tayyorlash borasidagi ilg‘or tajribasini o‘rganish va joriy etishni davom ettirishga alohida e’tibor qaratildi.

Davlat rahbarlari hududlar o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish zarurligini ta’kidladi. Shu maqsadda joriy yil yakuniga qadar O‘zbekistonda ikki mamlakat hududlari 1-forumini o‘tkazish taklif etildi.

Mintaqa taraqqiyoti va transport jihatidan o‘zaro bog‘liqligi uchun strategik ahamiyatga ega “Xitoy – Qirg‘iziston –O‘zbekiston” temiryo‘li qurilishini boshlash to‘g‘risida kelishuvga erishilgani qayd etildi.

Gumanitar hamkorlik, shu jumladan, sog‘liqni saqlash, vaksinalar ishlab chiqarish, fan, ta’lim va madaniyat sohalaridagi qo‘shma dasturlarni kengaytirish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi. Kelgusi yilda o‘zaro do‘stlik va anglashuvni yanada mustahkamlashga xizmat qiladigan O‘zbekiston va Xitoy xalqlari madaniyati va san’ati yilini o‘tkazishga kelishib olindi.

Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan batafsil fikr almashildi. Afg‘onistonda tinchlik jarayoniga va iqtisodiy tiklanishga ko‘maklashish borasidagi sa’y-harakatlarni, xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar, “Markaziy Osiyo – Xitoy” mexanizmi doirasida tizimli hamkorlikni davom ettirish muhim ekani ta’kidlandi.

Xitoy yetakchisi O‘zbekistonning Shanhay hamkorlik tashkiloti raisi sifatidagi faoliyatini, buning natijasida tashkilotni kengaytirish va xalqaro nufuzini mustahkamlash bo‘yicha muhim qarorlar qabul qilinganini yuksak baholadi.

Tadbir yakunida umumiy qiymati 15 mlrd dollarlik ustuvor loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va moliyaviy-texnik hamkorlikka doir kelishuvlar imzolandi.

Muzokaralar yakunida Si Jinping O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevni javob tashrifi bilan Xitoyga borishga taklif etdi.

Nodavlat sport-ta’lim muassasalari uchun qanday soliq imtiyozlari bor?

0

Soliq kodeksiga asosan, nodavlat sport-ta’lim muassasalari ijtimoiy sohada faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxslar uchun belgilangan soliq imtiyozlaridan foydalanishi mumkin. Bu haqda Moliya vazirligi xabar bermoqda.

Imtiyoz quyidagi jismoniy tarbiya va sport sohasidagi xizmatlarni amalga oshiruvchi tashkilotlar uchun nazarda tutilgan:

  • sport inshootlarida, maktablarda, sog‘lomlashtirish yo‘nalishidagi klublarda jismoniy tarbiya va sport mashg‘ulotlarini sport turlari bo‘yicha o‘quv guruhlari, umumjismoniy tayyorgarlik xizmatlari;
  • sport musobaqalari yoki bayramlarini, sport-tomosha tadbirlarini o‘tkazish xizmatlari, shuningdek ushbu tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish uchun sport inshootlarini ijaraga berish;
  • sport-texnika asbob-uskunalarini, trenajyorlarni, anjomlarni, sport kiyim-boshlarini berib turish bo‘yicha xizmatlar.

Belgilangan faoliyati turlarini ko‘rsatishdan olingan daromadlari tekin bo‘lgan mol-mulkni hisobga olingan holda jami yillik daromadining kamida 90 foizini tashkil etsa, imtiyoz qo‘llanishi mumkin.

Jami daromadda ko‘rsatilgan xizmatlarni ko‘rsatishdan olingan daromadning belgilangan ulushiga rioya qilinmaganda, imtiyoz qo‘llanmaydi.

Jismoniy tarbiya va sport sohasidagi xizmatlarni amalga oshiruvchi yuridik shaxslar quyidagi imtiyozlardan foydalanishi mumkin:

  • foyda solig‘i;
  • mol-mulk solig‘i;
  • yer solig‘i.

Foyda solig‘i bo‘yicha imtiyoz qanday qo‘llaniladi?

Foyda solig‘i “0” foizlik stavka bo‘yicha qo‘llaniladi. Bunday stavkani qo‘llash soliq to‘lovchini foyda solig‘i bo‘yicha hisobot topshirishdan ozod etmaydi.

Jismoniy tarbiya va sport ob’ektlari egallagan yerlarga yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i va yer solig‘i solinmaydi.

Masalan, Yunusobod tumanining 1-zonasida joylashgan korxonaning 0,5 gektar yer maydoni bo‘lib, shundan 0,1 gektar maydonini sport kompleksi egallagan.

Korxonaning umumiy mol-mulklarining o‘rtacha yillik qoldiq qiymati 10 mlrd so‘mni, shundan sport kompleksining o‘rtacha yillik qoldiq qiymati 3 mlrd so‘mni tashkil qiladi.

Mol-mulk solig‘ining bazasi umumiy mol-mulkning qiymatidan sport kompleksining qiymatini chegirib tashlangan holda aniqlanadi va u 7 mlrd so‘mni tashkil etadi.

Yuridik shaxslar soliqni 1,5 foiz stavka bo‘yicha to‘laydi. Bunda mol-mulk solig‘ining summasi 105 mln so‘mni tashkil etmoqda. Binobarin, imtiyoz qo‘llanilmaganda mol-mulk solig‘ining summasi 150,0 mln so‘mni tashkil qilgan bo‘lar edi.

Xuddi shuningdek, yer solig‘ini hisoblashda jami 0,5 ga yer maydonidan sport kompleksi egallagan 0,1 gektar yer maydoni chegirib tashlangan holda, qolgan 0,4 gektar yer maydoniga soliq solinadi.

O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida 15 ta hujjat imzolandi

0
Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy xalq respublikasi raisi Si Szinpinning samarali muzokaralaridan so‘ng ikki tomonlama hujjatlarning salmoqli to‘plami qabul qilindi, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, davlat rahbarlari qo‘shma bayonot imzoladi, unda asosiy kelishuvlar qayd etilgan, har tomonlama strategik sheriklikning bugungi holati va uni mustahkamlash istiqbollari aks etgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Foto: Prezident matbuot xizmati

Shuningdek, oliy darajadagi tashrif doirasida 15 ta hujjat imzolandi. Shu jumladan:

  • “Yashil” taraqqiyot sohasidagi investitsiyaviy hamkorlik to‘g‘risida memorandum;
  • Raqamli iqtisodiyot sohasidagi investitsiyaviy hamkorlikni mustahkamlash to‘g‘risida memorandum;
  • Foydali qazilmalarni o‘zlashtirish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida memorandum;
  • Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum;
  • Qurilish sohasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum;
  • 2022—2025-yillarda madaniy almashinuv dasturi;
  • Milliy axborot agentliklari o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
  • Samarqand viloyati va Shandun provinsiyasi o‘rtasida sheriklik aloqalarini o‘rnatish to‘g‘risida bitim;
  • Toshkent viloyati va Chunsin megapolisi o‘rtasida sheriklik aloqalarini o‘rnatish to‘g‘risida bitim;
  • Buxoro viloyati va Yunnan provinsiyasi o‘rtasida sheriklik aloqalarini o‘rnatish to‘g‘risida bitim;
  • Buxoro va Kunmin shaharlari o‘rtasida sheriklik aloqalarini o‘rnatish to‘g‘risida bitim.

Shuningdek, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikka doir umumiy qiymati 15 milliard dollarlik kelishuvlarga erishildi va bitimlar imzolandi.

Tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshiruvlar o‘tkazishni muvofiqlashtirish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

0

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Joriy yilning 22-avgust kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti doirasida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash, shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatiga asossiz aralashuvlarning oldini olish, nazorat qiluvchi organlarning mas’uliyatini oshirish va faoliyati ochiqligini ta’minlash maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 15-sentabrdagi PF–6314-son Farmoniga muvofiq Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (keyingi o‘rinlarda – Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil) tomonidan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini tekshirish jarayonlarini muvofiqlashtirish va ularning ochiqligini ta’minlash, shuningdek, davlat nazorati funksiyalari, majburiy talablar va tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini tekshirish huquqiga ega mansabdor shaxslarning elektron reyestrlarini yuritish imkonini beruvchi “Yagona davlat nazorati” axborot tizimi ishga tushirilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

2. Belgilansinki, nazorat qiluvchi organlar tomonidan 2022-yil 1noyabrdan boshlab:

tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida o‘tkaziladigan barcha tekshiruvlar “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida ro‘yxatga olinadi. Bunda tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida mazkur tizimda ro‘yxatga olinmagan tekshiruvlarni o‘tkazish noqonuniy hisoblanadi;

tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida o‘tkazilgan tekshiruvlarning natijalari hamda profilaktika tadbirlari to‘g‘risida ma’lumot tekshiruv yoki profilaktika tadbirlari tugagan kundan boshlab uch kun muddatda “Yagona davlat nazorati” axborot tizimiga kiritiladi.

3. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:

a) nazorat qiluvchi organlar:

“xavfni tahlil etish” tizimi natijalariga asosan o‘tkaziladigan tekshiruvlarning boshlanishi haqida kamida 10 ish kuni oldin tadbirkorlik sub’ektini xabardor qiladi;

tadbirkorlik sub’ektining ilgari tekshirilgan faoliyat davridagi predmeti va ob’ekti bo‘yicha qayta tekshiruv o‘tkazishga va tadbirkorlik sub’ekti tomonidan avval taqdim etilgan hujjatlarni talab qilishga haqli emas;

tadbirkorlik sub’ektlari uchun profilaktika tadbirlarini Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil bilan kelishilgan reja-grafiklar asosida tadbirkorlik sub’ektlari moliya-xo‘jalik faoliyatiga aralashmagan holda seminarlar, ommaviy muhokamalar, ommaviy axborot vositalarida chiqishlar, “ochiq eshiklar kuni” tadbirlarini tashkil etish, shuningdek, tarqatma material va qo‘llanmalar bilan ta’minlash, tavsiya va xabarlar yuborish shakllarida amalga oshiradi;

b) tadbirkorlik sub’ektlari nazorat qiluvchi organlarning mansabdor shaxslarini quyidagi hollarda tekshiruv o‘tkazish uchun o‘z hududiga qo‘ymaslik huquqiga ega:

tekshiruv o‘tkazish to‘g‘risidagi buyruq o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtirilmaganda;

tekshiruv belgilangan tartibda Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil bilan kelishilmaganda yoki u xabardor etilmaganda;

tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini tekshirish huquqini beruvchi maxsus guvohnoma mavjud bo‘lmaganida;

ular Tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobiga ma’lumotlarni kiritishdan bosh tortganida;

v) 2023 yil 1 yanvardan boshlab nazorat qiluvchi organlarga “Yagona davlat nazorati” axborot tizimidagi davlat nazorati funksiyalari reyestriga kiritilmagan funksiyalar bo‘yicha tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida tekshiruvlar o‘tkazish taqiqlanadi.

4. Adliya vazirligi Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil, Savdo-sanoat palatasi va nazorat qiluvchi organlar bilan birgalikda 2022-yil 1-noyabrga qadar davlat nazorati funksiyalari va tekshiruvlarni qisqartirish bo‘yicha takliflarni Strategik islohotlar agentligining kengashiga kiritsin.

5. Nazorat qiluvchi organlar Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakilga:

bir oy muddatda tegishli normativ-huquqiy hujjatlar va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga havola qilgan holda majburiy talablar ro‘yxatini;

majburiy talablar o‘zgargan taqdirda, o‘zgartirish kiritilgan sanadan boshlab bir hafta muddatda yangilangan majburiy talablar ro‘yxatini taqdim etsin.

6. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 15-sentabrdagi PF–6314-son Farmoni talablariga muvofiq, “Yagona davlat nazorati” tizimida davlat nazorati funksiyalari, majburiy talablar, tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini tekshirish huquqiga ega mansabdor shaxslarning elektron reyestrlari lozim darajada (dolzarb) va barcha uchun ochiq holatda yuritilishini ta’minlasin.

7. Nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida tekshiruvlar va profilaktika tadbirlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

8. Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobini to‘ldirish tartibini, shuningdek, nazorat qiluvchi organlarning “xavfni tahlil etish” tizimlariga qo‘yiladigan minimal talablarni tasdiqlasin.

9. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil ikki oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

10. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil D.S. Qosimov hamda nazorat qiluvchi organlar rahbarlari belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari S.U.Umurzakov zimmasiga yuklansin.

 

                       O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                     Sh.MIRZIYOEV

 

Toshkent shahri, 2022-yil 13-sentabr

O‘zbekistonda ayrim banklar xorijliklarga karta berish shartlarini kuchaytirdi

0

12-sentabrdan boshlab O‘zbekistonda kamida ikkita bank norezidentlarga bank kartalarini berish shartlarini kuchaytirdi.

«Kapitalbank» matbuot xizmati xabariga ko‘ra, bankda naqd pul oqimlari va operatsiyalari shaffofligini ta’minlash maqsadida ma’muriyat tomonidan komplayens nazorat kuchaytirilmoqda.

12-sentabrdan boshlab O‘zbekiston Respublikasining norezident jismoniy shaxslari banklarda hisobraqamlarini faqat quyidagi hollarda ochishlari mumkin: 

  • bankka murojaat qilingan kundan oldin 15 (o‘n besh) kalendar kundan ortiq uzluksiz O‘zbekiston hududida bo‘lganda; 
  • respublika ta’lim muassasalarida o‘qiyotganda va talaba maqomini tasdiqlovchi hujjatlarga ega bo‘lganda; 
  • O‘zbekistonda rasmiy ishga joylashganda.

O‘zbekiston fuqarolari uchun bank hisobvaraqlari va omonatlarini ochish shartlari o‘zgarishsiz qolmoqda. 

«Ipak yo‘li» banki ma’lum qilishicha, 12-sentabrdan boshlab norezidentlar uchun hisobvaraqlar ochish (shu jumladan, plastik kartalar va mobil ilovada identifikatsiya qilish) faqat bank bosh ofisidagi operatsion boshqarmada amalga oshiriladi. 

Bankning qolgan barcha filiallari norezidentlar uchun hisobvaraq ochish uchun arizalarni vaqtincha qabul qilmaydi. Yuqoridagi o‘zgartirishlar joriy yilning 12-sentabriga qadar ochilgan norezidentlarning xizmat ko‘rsatish hisobvaraqlariga taalluqli emas. 

Eslatib o‘tamiz, Ukrainada «maxsus operatsiya» boshlanganidan so‘ng ko‘plab G‘arb davlatlari Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritgan edi. Rossiya banklari cheklovlarga duchor bo‘ldi. 

Rossiyaliklar mamlakatdan tashqarida kartalar bilan to‘lovlarni amalga oshira olmaydi va xorijiy to‘lov xizmatlaridan foydalana olmaydi. Bunday sharoitda ko‘plab Rossiya fuqarolari yechim izlab, ommaviy ravishda MDH mamlakatlariga, jumladan, O‘zbekistonga bank kartalarini chiqarishga kelyapti. 

6-mart kuni Visa va Mastercard Rossiyadagi barcha operatsiyalarni to‘xtatganini e’lon qildi. Endi Rossiya turoperatorlari rossiyaliklar ushbu kartalarni O‘zbekistonda ochishlari uchun maxsus turlarni taklif qilmoqda. 

Rossiyadagi ba’zi sayyohlik firmalari maxsus sayohat paketlarini tashkil qildi. Ushbu turni sotib olgan rossiyalik O‘zbekistonga kelib, bank kartasini rasmiylashtirishi mumkin. Ko‘pgina sayyohlik firmalari buni «juda oson va bir necha kun davom etadi» degan. Bitta karta o‘rtacha 7,7 million so‘mga tushadi. 

Iyun oyi boshida O‘zbekiston Rossiyada «karta turizmi» yetakchisiga aylangani ma’lum bo‘ldi. Keyinroq tarmoqda Rossiyada o‘zbekistonlik valuta chayqovlari faollashgani haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi. 

O‘zbekistonga tovarlarni olib kirish tartibi soddalashtiriladi

0

O‘zbekistonda jismoniy shaxslar tomonidan olib kelinadigan bir qator tovarlar uchun normalar bekor qilinishi mumkin. Maishiy texnika, kompyuter va mobil qurilmalar, alkogol va tamaki mahsulotlari, atir, zargarlik buyumlaridan tashqari boshqa tovarlarni olib kelishdagi cheklovlar olib tashlanadi.

Vazirlar Mahkamasining “Jismoniy shaxslar tomonidan O‘zbekistonga tovarlarni olib o‘tish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga o‘zgartirish kiritiladi.

Tegishli hujjat loyihasida aytilishicha, Vazirlar Mahkamasi qarori bilan jismoniy shaxslar uchun mamlakatga olib kiriladigan mahsulotlar hajmiga cheklovlar o‘rnatilgan.

Yuqoridagi qaror ilovasi 21-bandiga muvofiq, mamlakatga boshqa turdagi mahsulotlarni 10 kilogrammgacha bo‘lgan hajmda bojxona to‘lovlarisiz olib kirish mumkin.

Prezidentning “Jismoniy shaxslar tomonidan bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib o‘tishni yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, jismoniy shaxslar tomonidan respublikaga avtoyo‘l (piyoda) bojxona chegaralari o‘tish punktlari orqali 300 AQSh dollarigacha bo‘lgan mahsulotlarni bojxona to‘lovlarisiz olib o‘tish mumkin.

Bildirilishicha, hozirda mamlakatga chegara postlari orqali mahsulotlarni bojxona to‘lovlarisiz olib o‘tishda ham miqdoriy, ham qiymat normalari joriy etilgan.

Mahsulotlarni mamlakat hududiga olib kirishda miqdoriy cheklovlar o‘rnatilgani sababli, ularni “yashil yo‘lak” orqali bojxona ko‘rigidan o‘tkazish imkonsiz bo‘lib, barcha jismoniy shaxslar “qizil yo‘lak” orqali bojxona ko‘rigidan o‘tkazilmoqda.

Xorijiy davlatlarda mahsulotlarni chegara postlaridan olib o‘tishda son va miqdoriy cheklovlar o‘rnatilmagan, faqat mahsulotlar umumiy qiymatiga cheklov belgilangan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib hamda jahondagi oziq-ovqat mahsulotlari tanqisligi sharoitida aholini ijtimoiy ahamiyatga ega birlamchi mahsulotlar bilan ta’minlash, ichki bozorda oziq-ovqat mahsulotlari narxi oshib ketishi oldini olish, mamlakat fuqarolariga shaxsiy ehtiyojlari uchun mahsulotlarni olib kirishga shart-sharoit yaratish maqsadida, Vazirlar Mahkamasi qarori ilovasidan 20-21 bandlarni chiqarib tashlash taklif etilmoqda.