Bosh sahifa Blog Sahifa 166

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida

0

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Ichki bozorni oziq-ovqat mahsulotlari bilan barqaror ta’minlash, mahsulot yetishtirishni ko‘paytirish hisobiga aholi daromadini oshirish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarni moddiy resurslar (xizmatlar) bilan uzluksiz ta’minlash hamda yetishtirilgan mahsulotlarni kafolatli xarid qilish maqsadida:

1. Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Moliya vazirligi hamda Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligining (keyingi o‘rinlarda – Bog‘dorchilik agentligi) meva-sabzavotchilik sohasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash uchun ajratilishi ko‘zda tutilgan mablag‘lar hisobidan Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasiga 12 oy muddatga, shu jumladan, 11 oylik imtiyozli davr bilan qo‘shimcha 300 milliard so‘m byudjet ssudasini yillik 10 foiz stavkada ajratish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

Moliya vazirligiga qaytarilgan mablag‘lar hisobidan yil davomida Bog‘dorchilik agentligining buyurtmanomalari asosida qo‘shimcha byudjet ssudasi ajratib borilishini ta’minlash vazifasi yuklatilsin. Bunda, ajratilgan byudjet ssudasi bo‘yicha qarzdorlikning jami summasi mazkur qaror doirasida 300 milliard so‘mdan oshib ketmasligi kerakligi belgilab qo‘yilsin.

2. Mazkur qarorning 1-bandida belgilangan mablag‘lar Bog‘dorchilik agentligi tomonidan tijorat banklariga resurs sifatida yo‘naltirilgan holda, Bog‘dorchilik agentligining loyiha ofislari rahbarlarining hamda mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimlari yordamchilarining tavsiyasiga ko‘ra:

qishloq xo‘jaligi korxonalariga – meva, uzum, kartoshka, sabzavot, poliz ekinlari, ko‘katlar va dorivor o‘simliklar, dukkakli va moyli ekinlar (keyingi o‘rinlarda – qishloq xo‘jaligi ekinlari) yetishtirishga urug‘lik, o‘g‘it, yoqilg‘i, o‘simliklarni himoya qilish vositalari yetkazib berish uchun;

mahsulotlarni qayta ishlovchi, saqlovchi va eksport qiluvchi korxonalarga – yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi ekinlarini xarid qilishda talab etiladigan aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun ajratiladi.

Bunda:

qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish uchun kreditlar 150 million so‘mgacha garovsiz beriladi;

kreditlar bo‘yicha foiz to‘lovlari yillik 14 foiz (shundan 3 foizi bank marjasi) miqdorida belgilanib, kreditlar 6 oygacha imtiyozli davr bilan 12 oy muddatgacha ajratiladi;

ajratiladigan kredit mablag‘larining 50 foizigacha bo‘lgan qismi qarz oluvchi talabiga asosan naqd pulda taqdim etiladi;

ajratiladigan kreditlar bo‘yicha Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari garov ta’minoti sifatida qabul qilinadi.

3. Moliya vazirligi va Qishloq xo‘jaligi vazirligi qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish va ularni xarid qilish tizimini qo‘llab-quvvatlash maqsadlari uchun Bog‘dorchilik agentligiga zarur bo‘lgan mablag‘larning olti oy oldin ajratib borilishini ta’minlasin.

4. Belgilansinki:

a) kredit mablag‘larining qaytmaslik xatarini sug‘urta qilish bo‘yicha yoki hosilni xavf-xatardan sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta polisi qishloq xo‘jaligi ekinlari yetishtiruvchilarga ajratiladigan kreditlar bo‘yicha garov ta’minoti sifatida qabul qilinib, kreditlarni so‘ndirishga yo‘naltirilishi mumkin;

b) qishloq xo‘jaligi ekinlari yetishtiruvchilarga hosilni xavf-xatardan sug‘urta qilish xarajatlarining 50 foizi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan qoplab beriladi.

Moliya vazirligi 2023 yil va kelgusi yillar uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjetidan qishloq xo‘jaligi ekinlari yetishtiruvchilarga hosilni sug‘urta qilish xarajatlarining 50 foizini qoplash maqsadlari uchun Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga zarur mablag‘lar ajratilishini ta’minlasin.

5. Bog‘dorchilik agentligi direktori X.Karimov, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi A.Haitov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari:

joriy yilda qo‘shimcha ajratilayotgan 20 ming gektar va 2023 yilda beriladigan 95 169 gektar ekin maydonlarida yetishtirilgan mahsulotlar hisobidan importni qisqartirishga shaxsan mas’ul ekanliklari belgilab qo‘yilsin;

2022-2023 yillarda oziq-ovqat mahsulotlari yetishtiriladigan maydonlar kamida 300 ming gektarga yetkazilishini ta’minlasin. Bunda, oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish uchun mo‘ljallangan yerlarga ekinlarni joylashtirish Bog‘dorchilik agentligi tomonidan belgilab beriladi.

6. Qishloq xo‘jaligi vazirligi (A.Voitov), O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi (A.Haitov) hamda Bog‘dorchilik agentligi (X.Karimov) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyat, tuman (shahar) hokimlari bilan birgalikda:

hosildor urug‘ va ko‘chat navlarini, o‘g‘it va o‘simliklar himoyasi vositalarini joylarga yetkazib, dala yarmarkalarini o‘tkazish hamda ekinlarni yer maydonlarida “bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida joylashtirish;

qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini kafolatli xarid qilish bo‘yicha shartnomalar tuzish choralarini ko‘rsin.

7. Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Multimedia markazi meva-sabzavotchilik sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, erishilayotgan yutuq va natijalar to‘g‘risida keng jamoatchilikni xabardor qilish maqsadida quyidagi vazifalarning amalga oshirilishini ta’minlasin:

media mahsulotlar (rolik, ko‘rsatuv, reportaj, intervyu va turli slaydlar) orqali meva-sabzavotchilik sohasida fermer, dehqon xo‘jaliklari, tomorqa yer egalari hamda aholining bilim va ko‘nikmalarini oshirish;

aholini qishloq xo‘jaligi sohasida tadbirkorlikka qiziqtirish, yerdan va resurslardan unumli foydalanish orqali o‘z daromadini oshirishga o‘rgatuvchi teleko‘rsatuvlar tashkil qilish;

aholini qishloq xo‘jaligi sohasida ro‘y berayotgan yangiliklar, ijobiy tajribalar, shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘layotgan talablar va o‘zgarishlar to‘g‘risida keng xabardor qilish;

qishloq xo‘jaligi sohasida jahondagi ilg‘or tajribalarni respublika hududida ommalashtirish.

8. Bosh Vazir o‘rinbosari J.A.Xodjayev hamda qishloq xo‘jaligi vaziri A.B.Voitov Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan uzum yetishtiruvchi qishloq xo‘jaligi korxonalarining aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasiga 2 yil muddatga, shu jumladan, 12 oylik imtiyozli davr bilan 10 million AQSH dollari miqdorida yillik 2 foiz stavkada mablag‘ ajratsin.

Bunda, uzum yetishtiruvchi qishloq xo‘jaligi korxonalariga mablag‘ ajratish shartlari Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi tomonidan belgilanadi.

9. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari Qishloq xo‘jaligi vazirligi (A.Voitov), O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi (A.Haitov) bilan birgalikda har bir hududda mazkur qarorning mazmun-mohiyatini tushuntirish bo‘yicha taqdimotlar va seminarlar o‘tkazsin.

10. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (A.Xodjayev), O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A.Xadjayev), O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (A.Ko‘chimov) Qishloq xo‘jaligi vazirligi (A.Voitov) bilan birgalikda mazkur qarorning mazmun-mohiyati hamda maqsad va vazifalari ommaviy axborot vositalarida keng ёритилишини ta’minlasin.

11. Hisob palatasi (B.Turabov) Moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi bilan birgalikda mazkur qarorda nazarda tutilgan mablag‘larning o‘z vaqtida ajratilishi va maqsadli sarflanishi ustidan doimiy nazorat o‘rnatsin.

12. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritilsin.

13. Qishloq xo‘jaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

14. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib qishloq xo‘jaligi vaziri A.B.Voitov, Bog‘dorchilik agentligi direktori X.M.Karimov, Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi direktori M.M.Ubaydullayev hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari Sh.M.G‘aniyev zimmasiga yuklansin.

 

                                       O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                                                                         Sh.MIRZIYOEV

                                      Toshkent shahri, 2022-yil 6-oktabr

11-oktabr — Xalqaro qizlar kuni

0

Dunyoda 15–19 yosh oralig’idagi har to’rt nafar qizdan biri ishlash, o’qish va kasbiy tayyorgarlik imkoniyatiga ega emas.

BMT Bosh Assambleyasining 2011-yil 19-dekabrdagi rezolyutsiyasiga asosan, 11-oktabr  — “Xalqaro qizlar kuni” deb e’lon qilingan.

Bu sana har yili jahon bo’ylab turli davlatlarda qizlarning kamsitilishi, ularning ijtimoiy muammolariga e’tibor qaratish maqsadida nishonlanib kelinmoqda. Bu muammolarga majburiy nikoh, ularning ta’lim va sog’liqni saqlash xizmatlaridan foydalanishlarini ta’minlash kabi holatlar kiradi.

BMTga a’zo davlatlar, xalqaro tashkilotlar, fuqarolik jamiyatining turli tuzilmalariga ushbu kunni keng miqyosda nishonlash, shuningdek, butun dunyoda qizlarning hayot tarzi, yashash sharoitlari, huquq va erkinliklari bilan bog’liq holatlarni o’rganish tavsiya etiladi.

BMT ma’lumotlariga ko’ra, dunyoda 15–19 yosh oralig’idagi har to’rt nafar qizdan biri ishlash, o’qish va kasbiy tayyorgarlik imkoniyatiga ega emas.

Umid Ergashev: Investorlarni qanday qilib jalb qilish kerak?

0

Qimmatga Tushgan Xatolar koʻrsatuvining navbatdagi soni mehmoni: Umid Ergashov – Feed Up oilaviy fast food tarmogʻining asoschisi.

Koʻrsatuv davomida: Umid Ergashovning hayoti davomida muvaffaqiyatsizlikka uchragan loyihalari, qimmatga tushgan xatolari, mana shu mag’lubiyatning sabablari va bu sinovlardan olgan darslari haqida bilib olishingiz mumkin.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining majlisidagi nutqi

0

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari! Hurmatli sammit ishtirokchilari! Xonimlar va janoblar!

Sizlarni Shanxay Hamkorlik Tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining majlisida chin dildan qutlayman.

Qadimiy va mehmondo‘st Samarqand shahrida Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlar, kuzatuvchi mamlakatlar rahbarlarini, faxriy mehmonlarimiz va xalqaro tashkilotlar vakillarini shaxsan qabul qilish sharafiga muyassar bo‘lganimdan mamnunman.

Buyuk ipak yo‘lining qoq yuragida joylashgan bu muazzam shahar ming yillar davomida millatlararo muloqot, o‘zaro madaniy va ma’naviy hamkorlik, savdo va ilmiy almashinuvlar markazi sifatida xizmat qilib kelgan.

bugungi kunda pandemiya va dunyodagi murakkab vaziyatga qaramasdan, Samarqand yana bir bor Yevroosiyoning ulkan makoni yetakchilarini birlashtirgani, xalqaro siyosat va iqtisodiyot markaziga aylangani quvonarlidir.

Men anjumanimizda birinchi marotaba ishtirok etayotgan davlat rahbarlari – Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri janob Shahboz Sharif, Turkiya Respublikasi Prezidenti janob Rejep Tayyip Erdog‘an, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti janob Ilhom Aliyev, Turkmaniston Prezidenti janob Sardor Berdimuhamedovni samimiy qutlayman.

O‘zbekistonga xush kelibsiz!

Hurmatli uchrashuv ishtirokchilari!

Biz SHHTga raislik davrimizda Tashkilotimiz doirasidagi amaliy hamkorlikni faollashtirish, uning salohiyati va xalqaro nufuzini oshirishga intildik.

Xavfsizlik masalalari bilan bir qatorda savdo-iqtisodiy va gumanitar hamkorlikni kengaytirishga ustuvor e’tibor qaratildi.

Tashkilot faoliyatining barcha sohalarida ko‘plab tashabbuslar amalga oshirildi. Pandemiya va global inqiroz oqibatlariga qaramasdan, Raislik rejasini birgalikda to‘liq amalga oshirishga muvaffaq bo‘ldik. 80 dan ortiq yirik tadbirlar o‘tkazildi. Hamkorlikdagi sa’y-harakatlarimiz bugun qabul qilingan 40 dan ortiq hujjatda o‘z ifodasini topgan.

SHHTning barcha davlatlari, shuningdek, Tashkilot Kotibiyati va Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasiga raisligimizga faol yordam bergani uchun yana bir bor minnatdorchilik bildiraman.

Hurmatli sammit ishtirokchilari!

Dunyoda ishonch va o‘zaro bir-birini tushunish taqchilligi sezilayotgan, qarama-qarshiliklar va mojarolar kuzatilayotgan bugungi sharoitda barqarorlik va xavfsizlikka nisbatan ko‘plab tahdidlar kuchaydi.

Iqlim o‘zgarishi, suv va tabiiy resurslarning yetishmasligi, pandemiyaning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari, energetika va oziq-ovqat xavfsizligi inqirozi kabi zamonamiz muammolari barqaror rivojlanish uchun jiddiy xavf tug‘dirmoqda.

O‘zaro ishonch, adolat va hamjihatlikka talab global miqyosda tobora ortib bormoqda. Shu munosabat bilan ochiq va konstruktiv muloqotni davom ettirish har qachongidan ham ko‘proq talab etilmoqda.

Tashkilotimiz faoliyati shunday muloqotni amalga oshirish mumkinligini dunyoga namoyon etmoqda.

SHHT ochiqlik va bloklarga qo‘shilmaslik tamoyillariga qat’iy sodiqligi tufayli ishtirokchi mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli munosabatlarni mustahkamlab, xalqaro hamkorlikni muvaffaqiyatli tarzda chuqurlashtirmoqda. SHHT tarkibi kengayib, sheriklik munosabatlarimiz rivojlanib bormoqda.

Bugun Eron Islom Respublikasining Tashkilotga to‘laqonli a’zo sifatidagi majburiyatlari to‘g‘risidagi Memorandum imzolanmoqda. Ushbu tarixiy voqea bilan Eron Prezidenti janob Ibrohim Raisiyni va barcha hamkasblarimizni chin qalbimdan tabriklayman.

Misr Arab Respublikasi va Qatar Davlatiga muloqot bo‘yicha sheriklar maqomini berish to‘g‘risidagi memorandumlar imzolanishini mamnuniyat bilan qabul qilamiz.

Bundan tashqari, biz Belarus Respublikasiga SHHTning to‘laqonli a’zosi, Bahrayn Podshohligi, Kuvayt Davlati, Maldiv Respublikasi, Birlashgan Arab Amirliklari va Myanma Ittifoqi Respublikasiga – muloqot bo‘yicha sheriklar maqomini berish bo‘yicha protseduralarni boshlash to‘g‘risida qaror qabul qilmoqdamiz.

SHHTning geografik qamrovi kengayayotgani o‘z misolida samaradorlik, o‘zaro bir-birini tushunish va amaliy sa’y-harakatlarni namoyish etayotgan Tashkilotimiz faoliyatining dolzarbligini yana bir tasdiqlamoqda.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

SHHT o‘z taraqqiyotining yangi, yanada mas’uliyatli bosqichiga qadam qo‘ymoqda. Zimmamizda hamkorlikning ko‘plab ustuvor vazifalarini birgalikda hal etish mas’uliyati turibdi.

Bizning fikrimizcha, avvalambor, Tashkilotning bloklarga qo‘shilmaslik maqomini va uning ochiqligini saqlab qolish muhimdir.

Biz xavfsizlikning yaxlitlik tamoyiliga qat’iy rioya qilamiz. SHHTning faoliyati keng hamkorlikka yo‘naltirilgan bo‘lishi lozim. Markaziy Osiyo SHHTning «geografik yadrosi» maqomini saqlab qolishi kerakligiga ham ishonchimiz komil.

“Shanxay ruhi” tamoyillari asosida birdamlik, o‘zaro qo‘llab-quvvatlash va sheriklikni mustahkamlash yana bir asosiy vazifa hisoblanadi. Biz faqat shu yo‘l bilangina SHHT mintaqasida tinchlik, barqarorlik va farovonlikni ta’minlashimiz mumkin.

Ushbu prinsipial yondashuvlardan kelib chiqib va bugungi xalqaro vaziyatni hisobga olgan holda, SHHTni 2040 yilgacha Rivojlantirish strategiyasini tayyorlashga kirishishimiz mumkin, deb hisoblayman. Ushbu dasturulamal hujjat ko‘p qirrali hamkorligimizning barcha yo‘nalishlarini qamrab olishi, SHHTni uzoq muddatli rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berishi lozim.

Avvalo, iqtisodiyot, savdo va investitsiya sohasidagi hamkorlikning amaliy ta’sirchanligini oshirish g‘oyat muhimdir.  Bu masala mintaqada barqarorlikni ta’minlash va mamlakatlarimiz aholisi farovonligini oshirishning asosiy shartlaridan biridir.

Ko‘rinib turibdiki, ko‘proq iqtisodiy barqarorlikka erishish uchun mintaqaviy hamkorlikning ishonchli modellaridan foydalanish zarur. SHHT mamlakatlari o‘rtasida qisqaroq “ta’minot tayanchi”ga ega ishlab chiqarish zanjirlarini yaratish uchun amaliy harakatlarga o‘tish o‘ta muhimdir.

Biz SHHT mamlakatlari iqtisodiyotlarining bir-birini o‘zaro to‘ldirib borishdagi afzalliklarini hisobga olgan holda, mavjud salohiyatni maksimal darajada oshirishdan manfaatdormiz. Shu munosabat bilan SHHTning yangi iqtisodiy muloqotini boshlash asosida sanoat va texnologik hamkorlikning umumiy makonini shakllantirishni taklif etamiz.

Uning asosiy vazifasi savdo va bojxona to‘siqlarini bartaraf etishga, kafolatlangan va barqaror ishlab chiqarish va ta’minot zanjirlarini shakllantirish, mahalliylashtirish va import o‘rnini bosishga qaratilgan qo‘shma dasturlarni rag‘batlantirishni ko‘zda tutadi.

Shuningdek, bu vazifa o‘zaro sarmoyalarni himoya qilish va rag‘batlantirish, ularni birinchi navbatda, infratuzilmani rivojlantirish, raqobatbardosh sanoat va xizmat ko‘rsatish sohasiga yo‘naltirish orqali biz yaratgan savdo-iqtisodiy hamkorlikning barcha mexanizmlarini birlashtirish va faollashtirishdan iborat bo‘ladi.

Mamlakatlarimiz o‘rtasida keng ko‘lamli iqtisodiy hamkorlikni ta’minlash va amaliy hamjihatlikning aniq natijalariga erishish maqsadida O‘zbekistonda SHHT mintaqalarining biznes sherikligi haftaligini o‘tkazishni taklif etamiz.

Sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish va o‘zaro savdoni rag‘batlantirish maqsadida SHHT mamlakatlari Maxsus iqtisodiy zonalari alyansini tuzish tarafdorimiz. Biz kelgusi yilda Samarqandda “O‘zbekiston–SHHT” sanoat zonasi bazasida maxsus zonalar administratsiyalari rahbarlarining birinchi uchrashuvini o‘tkazishga tayyormiz.

Yana bir chora-tadbir sifatida har yili SHHT yirik savdo yarmarkasini o‘tkazishni, uning asosida yagona elektron platforma yaratishni taklif etamiz.

Biz qabul qilayotgan Mintaqalararo savdoni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasi ham bunga yordam beradi.

Yana bir muhim masalaga e’tiboringizni qaratmoqchiman.

Shuni tan olish kerakki, mamlakatlarimiz qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarining yirik ishlab chiqaruvchilari, eksport va import qiluvchilari bo‘lishiga qaramasdan, SHHT maydonchasida oziq-ovqat xavfsizligi masalalari bo‘yicha hali jiddiy hamjihatlikni yo‘lga qo‘ya olmadik.

Davlatlarimiz salohiyati ichki bozorlarni boshoqli ekinlar, chorvachilik va meva-sabzavot mahsulotlari, asosiy oziq-ovqat turlari hamda zarur o‘g‘itlar bilan muntazam ta’minlash imkonini beradi. Bundan tashqari, biz ushbu muammoni global darajada hal qilishga hissa qo‘shishimiz kerak.

Shu munosabat bilan Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning umumiy tamoyillari va yondashuvlarini ishlab chiqish zarur, deb hisoblaymiz. Ushbu hujjatda mavjud normativ-huquqiy bazani yaqinlashtirish, birgalikda tadqiqotlar o‘tkazish va yangiliklarni joriy etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni nazarda tutish muhim ahamiyatga ega.

Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish va qayta ishlash dasturlariga, to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zaro ta’minotning muvofiqlashtirilgan sxemalarini shakllantirishga, yuqori sifatli va arzon oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish uchun samarali logistika, «yashil» va ekspress-yo‘laklarni tashkil etishga jiddiy e’tibor qaratish lozim.

Ushbu hayotiy masalalarni keng muhokama qilish maqsadida kelgusi yili Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro konferensiya o‘tkazishni taklif etamiz.

Hurmatli hamkasblar!

Bugun biz SHHTning O‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash va samarali transport yo‘laklarini yaratish konsepsiyasini qabul qilmoqdamiz.

Konsepsiyaning asosiy qoidalarini amaliyotga tatbiq etish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkilotining qo‘llab-quvvatlashi ostida Toshkent shahrida Mintaqalararo o‘zaro bog‘liqlik markazini tashkil etishni taklif qilamiz.

Shuningdek, sammit doirasida Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi to‘g‘risida uch tomonlama Bitimning imzolanishini ham tarixiy voqea, deb hisoblaymiz.

Sizlarni strategik jihatdan yana bir muhim loyiha – Termiz–Mozori Sharif-Kobul–Peshovar temir yo‘li koridori qurilishini ham qo‘llab–quvvatlashga chaqiramiz.

Ushbu ikki loyihaning amalga oshirilishi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash, o‘zaro savdo va investitsiyalarni ko‘paytirish, umuman olganda, Tashkilotimiz makonida barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash uchun keng imkoniyatlar ochadi.

Transport va kommunikatsiyalar sohasidagi barcha istiqbolli loyihalarni biz kelgusi yili O‘zbekistonda SHHT Birinchi transport forumi doirasida muhokama qilishimiz mumkin bo‘lur edi.

Kun tartibidagi ekologik muammolar alohida dolzarblik kasb etmoqda.

Bugun Iqlim o‘zgarishiga munosabat bo‘yicha qo‘shma Bayonot qabul qilish orqali SHHT ushbu xavf-xatar va tahdidlarga qarshi kurashishda birdamlikni namoyon etmoqda.

Shu bilan birga, barchamiz uchun hayotiy o‘ta muhim bo‘lgan ushbu sohada amaliy hamkorlikning yangi mexanizmlari va shakllari zarurdir.

Biz o‘z tarkibida siyosatchilarimiz, jamoat arboblari, olimlar va ekspert-ekologlar, biznes vakillarimizni birlashtira oladigan SHHT Iqlim kengashini tuzishni taklif qilamiz.

Bunday format iqlimga moslashish loyihalarini ilgari surish, cho‘llanishga va tuproq degradatsiyasiga qarshi kurashish, suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishdagi hamkorlik samaradorligini oshirishga imkon beradi.

Bu masala Orol dengizi ekologik fojeasining halokatli oqibatlarini bartaraf etish nuqtai nazaridan alohida dolzarb ahamiyatga ega.

Xavfsizlik sohasidagi samarali hamkorlik SHHT rivojlanishining muhim sharti hisoblanadi. Yangi reallik sharoitida mamlakatlarimiz huquq-tartibot idoralari va maxsus xizmatlari faoliyatini muvofiqlashtirishni mustahkamlash dolzarb masala hisoblanadi.

SHHT mintaqaviy aksilterror tuzilmasi samaradorligini oshirish, jumladan, xavfsizlikka tahdid va xavf-xatarlardan ogohlantirish va  ularga tezkorlikda munosabat bildirishga oid shartnomalarimiz asosida ushbu tuzilmaning faoliyatini takomillashtirishning allaqachon mavridi kelgan.

Mamlakatlarimizdagi vaziyatni baholash va bugungi voqelikni hisobga olgan holda majmuaviy qarorlar qabul qilish uchun Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi kengashining yillik sayyor yig‘ilishlari amaliyotini yo‘lga qo‘yish muhimdir.

Radikalizmning o‘sib borishi xavfli tendensiyaga aylanmoqda. Yoshlarning ekstremistik tashkilotlarga jalb etilishiga yo‘l qo‘ymaslik, turli nosog‘lom mafkuralarga qarshi barqaror immunitetni shakllantirish bo‘yicha kompleks amaliy chora-tadbirlar qabul qilinishi maqsadga muvofiq, deb o‘ylaymiz.

Shuningdek, ko‘p jihatdan allaqachon zamonaviy hayotni belgilayotgan xavfsiz axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish masalalariga ham e’tibor qaratishni istar edim.

Faqat kuchlarni birlashtirish orqali, bir paytning o‘zida, axborot makonidagi tahdidlarni kamaytira borgan taqdirdagina biz raqamlashtirish afzalliklaridan to‘la foydalana olishimiz mumkin.

Kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish uchun qo‘shma platformani yaratish vazifasi tobora dolzarb bo‘lib bormoqda.

Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatilishi va uning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga ko‘maklashish, bu boradagi ishlarni muvofiqlashtirishni kuchaytirish SHHTning eng ustuvor yo‘nalishlaridan bo‘lib qolishi lozim.

Ushbu masalada yaqinda bo‘lib o‘tgan Toshkent konferensiyasini qo‘llab-quvvatlaganliklari uchun hamkasblarimga alohida minnatdorlik bildirishni istar edim.

Mazkur anjumanda afg‘on delegatsiyasi, ko‘plab davlatlar va xalqaro tashkilotlarning, jumladan, SHHT vakillarining ishtiroki jahon hamjamiyatining ushbu mamlakat bilan hamkorlik bo‘yicha muvofiqlashtirilgan yondoshuvlarni ishlab chiqishga bo‘lgan  intilishini tasdiqlaydi.

Shuni ta’kidlashni istardimki, afg‘on xalqi yaxshi qo‘shnichilik yordamimizga har qachongidan ham ko‘proq muhtojdir. Biz o‘tmishdagi xatolarni takrorlamasligimiz va Afg‘onistonni uning muammolari bilan yolg‘iz qoldirmasligimiz lozim.

Sanksiyalar siyosatining kuchaytirilishi va Afg‘onistonning hozirgi hukumati yanada yakkalanishi muqarrar ravishda mamlakat ichida radikallashuvning kuchayishiga olib keladi va uni terrorchilik tashkilotlari uchun platsdarmga aylantiradi.

Shu bois biz Afg‘oniston muvaqqat hukumati tomonidan ilgari qabul qilingan, shu jumladan, ayollar va bolalar huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarishi bo‘yicha Kobul bilan konstruktiv aloqalarni rivojlantirish tarafdorimiz.

Bundan tashqari, Afg‘onistonni gumanitar qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maxsus fondni bizning mazkur mamlakatga chegaradosh bo‘lgan Termiz shahrida – u yerdagi mavjud transport-logistika xabining zamonaviy infratuzilmasidan foydalangan holda, birgalikda ta’sis etishni taklif qilamiz.

Fond mablag‘lari ushbu mamlakatdagi ijtimoiy inqirozni bartaraf etish, yoshlar uchun ta’lim dasturlari va sog‘liqni saqlash sohasidagi loyihalarni amalga oshirishga yo‘naltiriladi.

Hurmatli sammit ishtirokchilari!

Madaniy-gumanitar aloqalar an’anaviy ravishda hamkorligimizning mustahkam asosini shakllantiradi. Xalqlarimiz o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik va bir-birini o‘zaro to‘g‘ri tushunish SHHT mintaqasidagi tinchlik va keng qamrovli sheriklikning garovidir.

Bugun qabul qilinayotgan Uzoq muddatli yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomani amalga oshirish bo‘yicha kompleks reja aynan shu maqsadlarga qaratilgan.

Madaniyatlar xilma-xilligini hurmat qilish tamoyiliga tayangan holda, Tashkilotimiz millionlab odamlarga madaniyatlararo muloqot va o‘zaro almashuvning yangi  imkoniyatlari eshiklarini ochib beradi.

SHHT doirasida universitet rektorlari forumi, madaniyat va turizm kunlari, qo‘shma sport tadbirlari va universiadalar singari qo‘shimcha formatlarni ta’sis etish zarur, deb hisoblayman.

Shuni qayd etishni istardimki, zamonaviy texnologiyalar bizga madaniyatlararo muloqotning raqamli platformalarini ishga tushirish imkonini beradi.

Bu – virtual muzeylar va ijodiy ko‘rgazmalar, ilmiy videokonferensiyalar bo‘lib, ular, aholi, jumladan, yoshlarni bunday loyihalarga faol jalb qilish orqali xalqlarimizning yanada yaqinlashishiga ko‘maklashadi.

O‘zaro turistik oqimlarni ko‘paytirish, sayyohlik sohasida qo‘shma dasturlar va loyihalarni amalga oshirish ham shu maqsadga yo‘naltiriladi.

Ushbu ustuvor yo‘nalishdagi hamkorligimizni faollashtirish uchun kelgusi yilni SHHT makonida turizmni rivojlantirish yili, deb e’lon qilishni taklif etaman.

Ishonchim komilki, bugun qabul qilinayotgan Turizm sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim birgalikdagi ishlarimiz uchun zarur huquqiy zamin yaratadi.

Qadrli do‘stlar!

Samarqand qadim-qadimdan Sharqiy Osiyodan to Shimoliy Afrika, Yaqin Sharq va Yevropagacha bo‘lgan makonda yashaydigan xalqlar o‘rtasida ma’naviy, iqtisodiy, madaniy va ilmiy almashuvlarning markazi bo‘lib kelgan. Asrlar davomida bu yerda turli sivilizatsiyalar vakillari o‘rtasida samarali muloqotning o‘ziga xos madaniyati yaralgan.

Samarqand – biz SHHTni tuzishda asos qilib olgan bag‘rikenglik va turli xalqlarning an’ana va qadriyatlariga hurmat tamoyillari asrlar davomida hayotga tatbiq etilgan jonli namunadir.

Hozirgi kunda geosiyosiy raqobat, mafkuraviy ziddiyat va bahslardan xoli bo‘lgan bunday muloqot favqulodda zarurdir.

Shu bois bugun O‘zbekiston sheriklarga umumiy xavfsizlik va farovonlik yo‘lidagi Samarqand birdamligi tashabbusini taqdim etishdan mamnundir.

Bu tashabbusning maqsadi – bizning umumiy kelajagimizga befarq bo‘lmagan, ixtiloflarga qaramasdan kelishilgan yondoshuvlar va qarorlarni izlashga tayyor, «Samarqand ruhi» tamoyillariga hamfikr bo‘lganlarning barchasini global sivilizatsiyalararo muloqotga jalb qilishdir.

Uning amaliy ijrosiga doir masalalarni siyosiy yetakchilar, jamoatchilik, ishbilarmonlar, akademik va ekspert doiralarining nufuzli vakillari ishtirokida kelgusi yili Samarqand xalqaro forumida birgalikda ko‘rib chiqishni taklif etamiz.

Biz tez fursatlarda barcha sheriklarimizga taqdim etadigan sermazmun Harakatlar dasturi forum ishining asosi bo‘ladi. Sizlarning keng qo‘llab-quvvatlashingizga va tashabbusimizni targ‘ib qilishdagi ishtirokingizga umid qilaman.

Hurmatli yig‘ilish ishtirokchilari!

So‘zimning yakunida O‘zbekiston raisligidagi maqsadlarga erishishda faol ko‘maklashganingiz uchun barchangizga yana bir bor samimiy minnatdorlik bildirishga ijozat bergaysiz.

Ishonchim komilki, bugun qabul qilinayotgan hujjatlar va qarorlar mamlakatlarimiz va xalqlarimiz taraqqiyoti hamda farovonligi yo‘lida mintaqaviy va global xavfsizlikni ta’minlash maqsadida Shanxay hamkorlik tashkiloti yanada izchil rivojlanishiga hamda Tashkilotimiz nufuzining yuksalishiga munosib hissa bo‘lib qo‘shiladi.

E’tiboringiz uchun rahmat.

Dunyodagi eng ko‘p millionerlar yashaydigan shaharlar ma’lum bo‘ldi

0

Henley & Partners Group dunyodagi eng ko‘p millionerlar yashaydigan shaharlarni e’lon qildi

Unga ko‘ra, Nyu-York, Tokio va San-Fransisko shaharlarida eng ko‘p millionerlar yashashi ma’lum bo‘ldi. 

Eng ko‘p millionerlar yashaydigan 10 ta shaharning yarmi AQSHda joylashgan. 

Shunga qaramay, ma’lumotlarni diqqat bilan o‘rganish Nyu-York shahri 2022 yilning birinchi yarmida yuqori daromadli shaxslarining 12 foizini yo‘qotganini ko‘rsatdi. 

San-Fransiskoda esa bu ko‘rsatkich 4 foizga o‘sgan. To‘rtinchi o‘rinni egallab turgan Londonda 9 foizga pasayish kuzatilgan. 

Hisobotda millionerlar deganda investitsiya qilinadigan aktivlari 1 million dollar va undan ortiq bo‘lganlar tushuniladi.

New World Wealth razvedka kompaniyasi tomonidan to‘plangan statistik ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, Saudiya Arabistonining poytaxti Ar-Riyod va Birlashgan Arab Amirliklarining uchinchi eng zich shahri Sharja joriy yilda millionerlar soni eng tez o‘sayotgan shaharlardir.

Abu-Dabi va Dubay ham eng tez o‘sayotgan millioner aholiga ega shaharlar qatoriga kirgan. 

Bunga BAAdagi past soliq rejimi va yangi yashash sxemalari bilan o‘ta boylarni o‘ziga jalb qilishi sabab bo‘lgan. 

Badavlat rossiyaliklarning emigratsiyasi ham BAAga bu ko‘rsatkichni yaxshilashga yordam bergan. 

Eng boy shaharlar ro‘yxatida mos ravishda to‘qqizinchi va o‘ninchi o‘rinlarni egallagan Pekin va Shanxay ham yo‘qotishlarni qayd etdi.

O‘zbekistonda kompaniyalari eng ko‘p bo‘lgan davlatlar ro‘yxati ma’lum

0

O‘tgan yilga nisbatan 1,6 mingtaga ko‘p xorijiy kompaniyalar mavjud.

Joriy yilning 1-sentabr holatiga xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar soni 14,7 mingtadan oshdi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,6 mingtaga ko‘pdir, deb xabar beradi Davlat statistika qo‘mitasi.

Rossiya kapitali ishtirokidagi korxonalar mamlakatda eng ko’p – 2,7 ming. Ikkinchi o’rinda Turkiya va Xitoy – har biri 2000 tadan. Keyin Qozog’iston – 1,1 ming va Janubiy Koreya – 910 kompaniya.

Oʻzbekistonda eng koʻp kompaniyalarga ega boshqa davlatlar roʻyxati maʼlum:

AQSh – 320 dona;

Qirg’iziston – 291 dona;

Tojikiston – 283 dona;

Ozarbayjon – 247 dona;

Germaniya – 213 dona;

Turkmaniston – 171 dona;

boshqalar – 4,1 ming dona.

Rossiya 8 oy davomida mamlakatdagi ochiq korxonalar soni bo’yicha ham yetakchilik qilmoqda – 573 ta. Ikkinchi o‘rinda 242 firma bilan Turkiya, 182 birlik bilan Xitoy uchinchi o‘rinda.

Eslatib oʻtamiz, respublikada xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalarning aksariyati tarmoqqa toʻgʻri keladi. Ularning soni 4,1 mingdan oshadi.