Bosh sahifa Blog Sahifa 164

Prezident Shavkat Mirziyoyev navoiylik yoshlar bilan muloqot qildi.

0

Davlatimiz rahbari navoiylik yoshlar bilan muloqot qildi.

– Men qayerga bormayin, ko‘proq yoshlar bilan uchrashishga harakat qilaman. Taraqqiyot strategiyamizda, hududiy dasturlarda katta maqsadlar qo‘yganmiz. Agar davlat tashkilotlari, barcha darajadagi rahbarlar yoshlar masalalari bilan mukammal shug‘ullanmas ekan, bu marralarga erishib bo‘lmaydi, – dedi Prezident.

Navoiylik yoshlar iqtidorli, hamma sohalarda faol. Bu yil oliy o‘quv yurtlariga kirish bo‘yicha respublikada birinchi o‘rinni egallashdi. Xalqaro fan olimpiadalari, nufuzli musobaqalar g‘oliblarining ham ko‘pchiligi Navoiydan.

Joriy yilda uyushmagan yoshlar o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish uchun 50 milliard so‘m mablag‘ berilib, 13 ming 700 nafar yigit-qiz o‘z yo‘lini topgan. 1 ming 600 gektar ekin maydoni ajratilib, 6 mingdan ziyod yoshlar bandligi ta’minlangan. Sharoiti og‘ir talabalarga 6,5 milliard so‘m kontrakt pullari to‘lab berilgan.

– Farzandlarimizning yutuqlari, albatta, hammamizni g‘ururlantiradi. Lekin bu bilan cheklanib qolish kerak emas. Yoshlarimizning istagini, ehtiyojini, ertangi kunini ta’minlash uchun yana nimalar qilsak bo‘ladi? Bilim va kasblarni egallashi, salohiyatini yuzaga chiqarish uchun qanday yordam berish kerak? Ana shu savollar meni qiynaydi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu bois, Prezident yoshlarning fikrlari, takliflarini eshitdi. Yoshlarning mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarni o‘rganishi va ish topishiga yordam beruvchi yangi platformani ishga tushirish vazifasi qo‘yildi.

Sanoat zonalariga yoshlarni jalb etish, yaylovlarga suv chiqarib, chorvachilik tashabbuslarini Tadbirkorlik jamg‘armasi orqali qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Navoiy shahrida ixtisoslashgan sport maktabi va mahallalarda sport to‘garaklari tashkil etib, yoshlar o‘rtasida sportni ommalashtirish muhimligi qayd etildi. Yoshlar jamg‘armasidan viloyatdagi 325 ta maktabni kitob va musiqa asboblari bilan ta’minlash, madaniy tadbirlarni ko‘paytirish masalalariga ham ahamiyat qaratildi.

Uchrashuvda ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha Navoiy viloyati tajribasi yaratilishi belgilandi. Bu tizimning asosiy maqsadi yoshlarni ma’naviy-ma’rifiy rivojlantirish, bandligini ta’minlash hamda bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish bo‘ladi.

Navoiy shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Xalq deputatlari Navoiy viloyati kengashining sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

0

Navoiy shahrida xalq deputatlari viloyat kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari so‘zining avvalida viloyat ahliga chuqur hurmatini bildirib, sessiyani ochiq muloqot tarzida o‘tkazishni taklif etdi.

– Bugungi uchrashuvimizdan eng katta maqsad-muddaomiz – ochiq muloqot. Navoiy viloyatidagi 330 ta mahalla, 1 million 50 ming aholining dardini baralla aytib, chorasini topishimiz kerak. Hurmatli deputatlar, nuroniylar, o‘g‘il-qizlarim, yurakdagi gaplaringizni, joylardagi muammoni ochiq aytsangiz, menga do‘st bo‘lasizlar. Hamma masalalarga xalqimiz bilan bamaslahat yechim topsak, natija bo‘ladi. Bu uchrashuvdan men ham rozi bo‘layin, xalqimiz ham rozi bo‘lsin, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Muloqotda Navoiy viloyati rivojining bugungi holati tahlil qilindi. Oxirgi uch yilda hududda 2 milliard dollarlik yirik sanoat loyihalari ishga tushgan. Buning natijasida 10 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratilib, yiliga qo‘shimcha 1 trillion so‘m soliq tushumi va 100 million dollar eksport ta’minlangan.

Viloyatda iqtisodiyotni yanada rivojlantirish uchun katta zaxira va imkoniyatlar borligi ko‘rsatib o‘tildi. Misol uchun, import bo‘layotgan mahsulotlarni kooperasiya asosida mahalliy tadbirkorlar ishlab chiqarsa bo‘ladi. Qishloq xo‘jaligida chorvachilik tarmog‘i to‘la ishga solinmayapti. Meva-sabzavot saqlash quvvatlari kam. Ijtimoiy sohada ham aholini qiynayotgan masalalar bor.

Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. Prezident Navoiy viloyati hokimi lavozimiga Normat Tursunov nomzodini tavsiya etdi.

N.Tursunov 1972 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan. Ko‘p yillar davlat soliq tizimida ishlagan. U 2021 yil noyabr oyidan buyon Navoiy viloyati hokimi vazifasini bajarib kelmoqda.

Davlatimiz rahbari nomzodni lavozimga tasdiqlashdan avval ochiq muloqot qilib, uning rejalarini eshitishni taklif etdi. Normat Tursunov viloyatda tadbirkorlik, sanoat, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, aholiga munosib turmush sharoiti yaratish bo‘yicha rejalarini taqdimot qildi.

Prezidentimiz bu takliflarni ma’qullab, ularni amalga oshirish choralarini belgilab berdi.

Tadbirkorlikni rivojlantirish uchun kelgusi yilda 26 ta mahalliy sanoat markazi va kichik sanoat zonalari tashkil etish, oilaviy tadbirkorlik dasturlari uchun 600 milliard so‘m yo‘naltirish vazifasi qo‘yildi. Umuman, Navoiy viloyatini “kambag‘allik va ishsizlikdan holi hudud”ga aylantirish mumkinligi ta’kidlandi.

Sanoat sohasida kelgusi yilda 186 ta loyihani amalga oshirib, 15 mingta ish o‘rni yaratish choralari belgilandi. Bu importni qisqartirib, eksportni 250 million dollarga yetkazishda muhim omil bo‘ladi.

Xatirchi, Karmana, Navbahor, Qiziltepa va Nurota tumanlaridagi 72 ta mahalla kartoshka, sabzavot, uzum va anor yetishtirishga ixtisoslashgan.

Davlatimiz rahbari bu imkoniyatlarni kengaytirish uchun mazkur mahallalar atrofidagi 5 ming gektarda suv ta’minotini yaxshilash zarurligini ta’kidladi. Yaylov o‘simliklari urug‘chiligi xo‘jaligi, kavrak plantasiyalari, agrologistika markazlarini tashkil etish bo‘yicha ham topshiriqlar berildi.

Ijtimoiy sohani rivojlantirish, maktab va bog‘chalar barpo etish, aholini uy-joy va ichimlik suvi bilan ta’minlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Umuman, 2023 yilda viloyatda ijtimoiy muammolarni hal etishga qo‘shimcha 655 milliard so‘m, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga yana 750 milliard so‘m resurs ajratilishi ma’lum qilindi.

Taqdimotdan so‘ng viloyat kengashi deputatlari nomzodning rejalarini muhokama qilib, o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Navoiy viloyati hokimini tayinlash masalasi ovozga qo‘yildi. Uning natijalariga ko‘ra, Normat Tursunov Navoiy viloyatining hokimi etib tasdiqlandi.

Davlatimiz rahbari belgilangan rejalar endi hayotga ko‘chishi, barcha tashkilotlar hokim atrofida birlashib, xalqqa xizmat qilishi kerakligini ta’kidladi.

2022-yildagi ayollar uchun 22 ta eng yaxshi biznes g‘oyalar

0

Ayollar va biznes – betakror juftlik!

Ayollar o‘zlarining kuchli masʼuliyat tuyg‘usi, aql-zakovati, qatʼiyatliligi va hamdardligi bilan biznesda o‘zining o‘rnini osongina topa oladi. Turli korxona va tashkilotlarda rahbar lavozimida ayollarni ko‘rish odatiy holga aylandi. Biznesda ayollar muvaffaqqiyat qozonishining bir qancha sabablari bor:

· Ayollar o‘z ishlariga maʼsuliyat bilan yondashishadi,

· Ish va shaxsiy hayotni birdek olib borishga intilishadi,

· Ayollar kichik kapitaldan ham unumli foydalanishni uddalashadi.

Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan O‘zbekistonda tadbirkor ayollar ulushini hozirgi 25 foizdan 40 foizga yetkazish bo‘yicha 2022—2024 yillar uchun «Biznes ayollar» dasturi yo‘lga qo‘yilmoqda. Dastur ijrosiga jami 8 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi haqida prezident matbuot xizmati xabar qilgandi.

Aziz ayollar, o‘z biznesingizni boshlash uchun ayni vaqti ekanligiga ishoning va tezroq ishga kirishing! Nimadan ishni boshlashni bilmay turgan bo‘lsangiz, sizga 2022-yilda talabgir bo‘ladigan 22 ta biznes yo‘nalishi haqida maʼlumot beramiz! Ularning orasidan o‘zingizga maʼqulini uchratishingiz hech gap emas!

1. Virtual yordamchi

Bu o‘ta band insonning virtual shaxsiy yordamchisi bo‘lishdir. Sizdan moslashuvchanlikni talab etadi. O‘zingizga qulay vaqtda masofadan turib ishlashingiz mumkin. Siz ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlarni rejalashtirish, qayta ishlashni boshqarish, qo‘ng‘iroqlarga javob berish, bank operatsiyalarini bajarish va hokazolar uchun javobgarsiz.

2. Blog yuritish

Bu juda yaxshi biznes g‘oya, ayniqsa siz yozish qobiliyatiga ega bo‘lsangiz. Blogger sifatida istalgan joydan, istalgan vaqtda ishlashingiz mumkin. Sizga kerak bo‘lgan narsa – omma eʼtiborini tortadigan qiziqarli maqolalar yozish. Kuzatuvchilaringiz qancha ko‘p bo‘lsa, daromadingiz shunchalik yuqori bo‘ladi. Bundan tashqari, trafikni oshirish uchun blogingizda reklama qilishingiz mumkin. Siz oladigan pul miqdori blogingiz qanchalik qiziqarli bo‘lishiga bog‘liq.

3. Muharrirlik

Agar imlo, yozish qoidalari va grammatikani yaxshi bilsangiz, bu siz amalga oshirishingiz mumkin bo‘lgan ajoyib biznes g‘oyadir. Muharrir sifatida siz maqolalarni o‘qishingiz, ulardagi xatolarni aniqlashingiz, tahrirlashingiz va tuzatishingiz mumkin. Agar bu ishni eplay olsangiz, sizga katta miqdorda pul olib keladigan ko‘plab ish takliflarini olasiz.

4. To‘g‘ri ovqatlanish murabbiyi

Agar siz sog‘lom turmush tarzi muxlisi bo‘lsangiz va odamlarga yordam berishni yaxshi ko‘rsangiz, bu sizni yoqtirgan ishingiz bilan shug‘ullanishga imkon beradigan biznes g‘oyalardan biridir. Buning uchun avval to‘g‘ri ovqatlanish kurslarida o‘qib, sertifikat olishingiz kerak.

5. Repetitor

O‘qituvchilik – bu foydali biznes, ayniqsa oldingi tajribangiz bo‘lsa. Siz har qanday fan bo‘yicha odamlarga o‘rgatadigan biznesni boshlashingiz mumkin, siz bolalar uchun uyda yoki onlayn o‘qituvchi bo‘lishingiz mumkin. Taʼlim berishingiz mumkin bo‘lgan turli xil onlayn platformalar mavjud.

6. Bolalar tarbiyachisi

Agar siz bolalarni yaxshi ko‘rsangiz va ularning o‘sishi va rivojlanishiga befarq bo‘lmasangiz, uyda bolalar bog‘chasi ochishingiz mumkin. Biznesingiz kengayganida, siz yangi joyni ijaraga olishingiz mumkin.

7. Fotograflik

Fotografiyani yaxshi ko‘radigan ayollar uchun ajoyib biznes g‘oya. Ijodiy qiziqish va bo‘lsa, onlayn kurslarda fotograflikning boshlang‘ich bilimlarini olish muammo emas. Siz portret, peyzaj va moda fotografi bo‘lishingiz mumkin. Shuningdek, siz turli tadbirlarni suratga olsangiz bo‘ladi. Biznesni boshlash sizdan katta kapital talab qiladi. Chunki sizga yaxshi kamera, obyektiv va boshqa zarur jihozlar kerak bo‘ladi. Shuningdek, mijozlarga ko‘rsatilishi mumkin bo‘lgan portfolioga ega bo‘lish juda muhimdir.

8. Ijtimoiy tarmoq menejeri

Ayollar uchun yana bir ajoyib biznes g‘oya – bu ijtimoiy media menejeri, yaʼni SMMchi bo‘lish. Ijtimoiy media menejeri sifatida siz mijozlaringizning akkauntlari muammosiz ishlashini taʼminlay olasiz. Kontentni nazorat qilasiz. Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga ko‘proq kuzatuvchilarni jalb qilish orqali mijozlaringizga o‘z bizneslarini rivojlantirishga yordam berasiz.

9. Shaxsiy stilist

Ushbu biznes g‘oya ham moda dizayniga o‘xshaydi, lekin modalar uyiga ega bo‘lish shart emas. Agar siz modani yaxshi bilsangiz va odamlarga qanday kiyinish haqida maslahat bera olsangiz, buni pul evaziga qilish haqida o‘ylab ko‘ring. Boshlash uchun katta kapital kerak emas, faqat oilangiz va do‘stlaringiz bilan boshlashingiz, o‘z ishingizni eʼlon qilishingiz, ijtimoiy tarmoqlaringiz orqali biznesingizni rivojlantirishingiz, mijozlarni topishingiz va pul ishlashingiz kifoya. Odamlar sizning ishingizda juda yaxshi ekanligingizni ko‘rsa, sizning biznesingiz hech qachon muvaffaqiyatsiz bo‘lmaydi.

10. Pishirish

Non pishirishga iqtidoringiz yoki ishtiyoqingiz bormi? Bu hech qachon eskirmaydigan yana bir biznes g‘oya. Siz non, pechenye, pirog va tort kabi mahsulotlarni pishirishni va ularni mijozlar va do‘konlarga yetkazib berishni boshlashingiz mumkin. Tug‘ilgan kun, to‘y yoki yubiley tortlarini buyurtma qiladigan mijozlar bilan ham ishlashingiz mumkin. Mahsulotlaringizni suratga olish yodingizdan chiqmasin.

11. Umumiy ovqatlanish

Siz mazali taomlar tayyorlashni yaxshi bilasizmi? Pazanda sifatida doim maqtovlar eshitasizmi? Kichik korxonalar uchun ovqat yetkazib berishni yo‘lga qo‘yish haqida o‘ylab ko‘rishni tavsiya etamiz. Menyuni oldindan tasdiqlatib olasiz, bozorlik uchun ham oldindan pul so‘raysiz. Shuningdek, siz onlayn yetkazib berishni amalga oshirishingiz mumkin, siz qilish kerak bo‘lgan narsa – ijtimoiy tarmoqlarda pishirgan barcha taomlaringizni joylashtirishdir.

12. Tadbir tashkilotchisi

Ziyofatlarga tayyorgarlik ko‘rishni yaxshi ko‘rsangiz, o‘zingizning tadbirlarni rejalashtirish biznesingizni boshlash ajoyib g‘oyadir. Siz to‘y, yubiley, tug‘ilgan kun va hokazolarni rejalashtirishingiz mumkin.

13. Bog‘dorchilik

Agar siz gullar va o‘simliklarni yaxshi ko‘radigan bo‘lsangiz va har qanday muhitga mos keladigan eng yaxshilarini tanlasangiz, unda siz bog‘dorchilik biznesingizni boshlashingiz mumkin. Ichki dizaynerlar uyning ichki qismiga eʼtibor qaratganidek, bog‘bon sifatida siz tashqi ko‘rinishni gullar bilan bezashga masʼul bo‘lasiz. Gullar va boshqa materiallarni sotib olish uchun sizga kapital kerak bo‘ladi. Bundan tashqari, maxsus tadbirlar uchun gullarni yetkazib berishingiz mumkin.

14. YouTube vloger

YouTube kanali orqali o‘z biznesingizni boshlashingiz mumkin. Agar sizda bir nechta mahoratingiz bo‘lsa va odamlarga ularni o‘rgatadigan videolar olishingiz mumkin. Bu katta investitsiyalarni talab qilmaydi. Sizning izdoshlaringiz qanchalik ko‘p bo‘lsa, shuncha ko‘p pul ishlaysiz.

15. Elektron jurnallar

Texnologiya va internetning rivojlanishi tufayli har qanday ishni uddalash mumkin. Siz o‘zingizning elektron jurnalingizni ochsangizchi? Siz onlayn jurnalda ishlash uchun ish taklif qilishingiz va bosh muharrir sifatida faoliyat yuritishingiz mumkin. Akkaunt yoki saytga obuna modelini yo‘lga qo‘yib, siz oyiga kerakli daromadni olsangiz bo‘ladi. Internet sizga katta auditoriyani beradi, shuning uchun o‘zingiz eʼtibor qaratmoqchi bo‘lgan mavzularni va maqsadli auditoriyangizni tanlashingiz mumkin. Bu vaqt va fidoyilikdan boshqa sarmoya talab qilmaydi.

16. Elektron tijorat

Bugungi kunda odamlar internetda ko‘plab mahsulotlarni sotmoqda. Turli mamlakatlardagi tomonlar o‘rtasidagi biznes operatsiyalari onlayn rejimda amalga oshiriladi. Sizning elektron tijorat platformangiz sumkalar, poyabzal, kiyim-kechak, terini parvarish qilish va boshqalar kabi turli xil mahsulotlarni taklif qilishi mumkin. Buning uchun telegram va instagramda sahifa yuritish ayni muddao.

17. Qo‘lda yasalgan hunarmandchilik.

Agar siz juda ijodiy odam bo‘lsangiz va qo‘lda tayyorlangan hunarmandchilikni yarata olsangiz, ularni sotish haqida o‘ylab ko‘ring. Siz zargarlik buyumlari, charm hamyonlar, daraxt lampalari va boshqalar kabi son-sanoqsiz chiroyli qo‘l sanʼatlarini yasab, sotishingiz mumkin.

18. Onlayn kurs kuratori

Agar sizning fikringizcha, odamlarni qiziqtiradigan ko‘nikmalaringiz bo‘lsa, odamlar sizdan o‘rganishi mumkin bo‘lgan onlayn darsni boshlashingiz mumkin. Boshlash uchun sizga kerak bo‘lgan yagona narsa – yaxshi kamera, suratga olish dasturi va yaxshi tahrirlash qobiliyati. Ushbu biznes g‘oyasi ko‘p foyda keltiradi.

19. Kopirayterlik

O‘z so‘zlaringiz bilan odamlarni kompaniyadan biror narsa sotib olishga ishontirishga kuchingiz bormi? Unda siz kopirayterlik biznesini boshlash haqida o‘ylashingiz kerak. Ishonchli so‘zlaringiz bilan kompaniyalarga ko‘proq mashhurlikka erishishga va savdoni oshirishga yordam bering va pul ishlang.

20. To‘qish

Bu hech qachon urfdan qolmaydigan ayollar uchun ajoyib biznes g‘oya. Odamlar uchun turli xil kiyim modellarini to‘qish ham xobbi, ham darmad manbai bo‘ladi. Investitsion xarajatlar ancha past.

21. Rezyumeni yozish

Agar siz ish izlovchilar uchun mukammal rezyume yozishni yaxshi bilsangiz, unda siz ushbu biznesga kirishni o‘ylab ko‘rishingiz mumkin. Siz uydan turib ishlashingiz mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, ish beruvchilarni mijozlaringizga jalb qilish uchun rezyumeni tahrirlash va tekshirish imkoniyatiga ega bo‘lishingiz kerak. Ushbu biznesni boshlash uchun sizga faqat kompyuter kerak bo‘ladi.

22. Kitob do‘koni

Odamlar doimo bilim izlaydilar. Kitob do‘koni – bu kanselyariya buyumlari, maktab kitoblari va boshqa umumiy kitoblarni sotishingiz mumkin bo‘lgan juda foydali biznes g‘oya. Uni onlayn va offlayn shaklida yuritish mumkin. Odatiy kitob do‘konlaridan tashqari, siz o‘zingizning joyingizga mini-kutubxona qo‘shsangiz bo‘ladi. Odamlar chalg‘imasdan o‘qishi va ishlashi mumkin bo‘lgan kichik shaxsiy maydon. Sizning kitob do‘koningiz g‘oyangiz qanchalik innovatsion bo‘lsa, shunchalik ko‘p mijozlaringiz bo‘ladi.

Ozgina qunt, kelajakka ishonch va sabr bo‘lsa, har qanday ishni uddalash mumkin! Siz uddalaysiz, eng zo‘r biznes ayol bo‘lasiz!

Maqola yoqqan bo‘lsa, uni yaqinlaringiz bilan ulashing!

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ta’lim berish bo‘yicha ikkinchi Butunjahon konferensiyasi ochilish marosimidagi nutqi

0

Hurmatli konferensiya qatnashchilari!

Xonimlar va janoblar!

Siz, azizlarni Toshkent shahrida Kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ta’lim berishga bag‘ishlangan Butunjahon konferensiyasining ochilishi bilan chin qalbimdan tabriklayman.

Xalqaro anjumanda ishtirok etayotgan yuqori martabali mehmonlarimizga, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, xorijiy davlatlar vazirlari va mas’ul vakillariga o‘zimning samimiy hurmatim va ezgu tilaklarimni bildiraman.

O‘zbekiston zaminiga xush kelibsiz, qadrli mehmonlar!

 

Hurmatli do‘stlar!

Xalqaro konferensiyaning ochilish marosimida YUNЕSKO Bosh direktori Odri Azule xonimning shaxsan ishtirok etayotgani bizga alohida mamnuniyat bag‘ishlaydi.

So‘nggi yillarda YUNЕSKO bilan ta’lim, fan, madaniy meros, axborot va kommunikatsiya sohalarida hamkorligimiz jadal rivojlanib bormoqda.

Jumladan, mazkur tashkilot ko‘magida yurtimizdagi butunjahon madaniy meros ob’ektlarini asrab-avaylash, qadimiy Buyuk Ipak yo‘lida mavjud bo‘lgan madaniy aloqalarni qayta tiklash, ta’lim tizimi sifatini oshirish va barkamol avlodni tarbiyalash, O‘zbekistonda yoshlarning mehnat ko‘nikmalarini rivojlantirish bo‘yicha qator muhim dastur va loyihalar samarali amalga oshirib kelinmoqda.

Fursatdan foydalanib, Azule xonimga va barcha chet ellik hamkorlarimizga bu muhim va sharafli ishga qo‘shayotgan hissalari uchun tashakkur izhor etaman.

 

Hurmatli konferensiya ishtirokchilari!

Hozirgi vaqtda dunyo miqyosida kichik yoshdagi bolalarni sifatli maktabgacha ta’lim bilan ta’minlash borasida qator muammolar mavjudligini inkor etib bo‘lmaydi.

Ko‘plab mamlakatlarda qariyb 200 million bola maktabgacha ta’lim bilan qamrab olinmagani natijasida ularning boshlang‘ich bilim olish imkoniyatlari cheklanmoqda.

O‘z navbatida, keyingi bir necha yil davomida koronavirus pandemiyasi ta’lim sohasiga ham katta salbiy ta’sir ko‘rsatgani sir emas.

Mana shunday sinovlar davrida barcha davlatlarning yaqin hamkorlikni yanada chuqurlashtirishi, xalqlarimiz o‘zaro birlashib, muammolarni birgalikda hal etishi naqadar muhimligini yaqqol ko‘rsatmoqda.

Shu ma’noda, bugungi anjumanimiz ham Barqaror rivojlanish maqsadlarining muhim yo‘nalishi hisoblangan bolalar ta’limi masalasida barchamiz bir bo‘lib, yangi yondashuvlar va yechimlar ishlab chiqishimizga xizmat qiladi, deb ishonaman.

 

Aziz do‘stlar!

Biz “inson qadri, uning huquq va manfaatlari – oliy qadriyat”, degan tamoyildan kelib chiqqan holda, mamlakatimiz aholisi uchun munosib turmush sharoitini yaratishni Yangi O‘zbekiston siyosatining ustuvor yo‘nalishi etib belgilaganmiz.

Bu borada, avvalambor, yoshlar va bolalarga e’tibor va amaliy g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularni jismoniy va ma’naviy barkamol etib tarbiyalashga alohida ahamiyat qaratmoqdamiz.

Bolalarni kichik yoshdan boshlab rivojlantirish, ularning o‘qishi uchun munosib shart-sharoitlar yaratish orqali kelajakda yoshlarning o‘zligini to‘la namoyon etishiga mustahkam zamin yaratayapmiz.

Zero, bu kabi ezgu maqsadimiz yo‘lida sarflangan investitsiyalar ertaga bir necha barobar ortig‘i bilan qaytishiga shubha yo‘q.

Shu bilan birga, bola shaxsiyatining asosi aynan maktabgacha ta’lim yoshida shakllanishi, bu davrda uning intellektual va jismoniy kamoloti uchun poydevor yaratilishi hammamizga yaxshi ma’lum.

Hozirgi paytda yurtimizda 3 millionga yaqin maktabgacha yoshdagi bolalar bor.

Hech shubhasiz, ular bizning eng bebaho boyligimiz, erkin va farovon hayotimiz, yorug‘ kelajagimiz bunyodkorlaridir.

Shuni ham aytish joizki, yurtimizda yaqin o‘tmishda bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish ko‘rsatkichi 27 foizga tushib qolgan edi.

Deyarli barcha maktabgacha ta’lim tashkilotlarda zamonaviy texnologiyalar va qo‘llanmalar yo‘q, binolari ta’mirtalab edi.

Bu esa bolalarimizni to‘laqonli sifatli ta’lim va tarbiya olishini cheklagan.

Holbuki, farzandlarimiz tarbiyasida eng asosiy bo‘g‘in hisoblangan maktabgacha ta’lim tizimining ijtimoiy hayotimizdagi o‘rni va ahamiyatini hech narsa bilan o‘lchab, baholab bo‘lmaydi.

Biz islohotlarning birinchi kunlaridanoq mavjud ta’lim sohasini, xususan, maktabgacha ta’limni tubdan modernizatsiya qilishga qaror qildik.

Shu maqsadda, yurtimiz tarixida ilk bor alohida Maktabgacha ta’lim vazirligini tashkil etdik.

Bog‘chalarni zamon talablariga mos ravishda yangi bosqichga ko‘tarish, ilg‘or tarbiya uslublari va metodikalarini keng qo‘llash, o‘quv-moddiy bazasini kuchaytirishga katta e’tibor qaratmoqdamiz.

Sohani keng rivojlantirish uchun xususiy sektor kirib kelishiga ham qulay shart-sharoitlar yaratib berdik.

Bog‘chalarda har bir tarbiyalanuvchi bola uchun Davlat budjeti hisobidan subsidiyalar berila boshlandi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda bog‘chalar soni 6 barobarga ko‘paydi. Olis va chekka hududlarda minglab oilaviy bog‘chalar tashkil qilindi.

Tarbiyachi va pedagoglar soni ham 3 barobarga o‘sib, 160 mingga yetdi. Shuningdek, pedagog kadrlarning malakasini tizimli oshirib borish ishlari ham yo‘lga qo‘yildi.

Ushbu choralar natijasida bog‘chalarda ta’lim va tarbiya oladigan bolalar sonini 600 mingdan 2 millionga yetkazilib, qamrov ko‘lami 70 foizga chiqdi.

 

Hurmatli anjuman qatnashchilari!

“Ta’lim va tarbiyada tanaffus bo‘lmaydi”, degan hikmatli ibora sizlarga yaxshi tanish.

Shu sababli biz O‘zbekistonda olib borayotgan demokratik islohotlarimiz jarayonida ta’lim tizimini zamonaviy talablar darajasiga ko‘tarishga ustuvor ahamiyat qaratmoqdamiz.

Jumladan, hozirgi vaqtda mamlakatimizda 10 mingdan ortiq o‘rta ta’lim maktablari faoliyat ko‘rsatmoqda.

So‘nggi yillarda oliy o‘quv muassasalari soni qariyb 2,5 barobar ko‘payib, 186 taga yetdi. Ularning 31 tasi dunyodagi yetakchi universitet va institutlarning filiallaridir.

Oliygohlarga qabul kvotasi 3,5 barobarga ortganini, oliy ta’lim qamrovi esa 9 foizdan 38 foizgacha oshganini qayd etish lozim.

Sizlarga yaxshi ma’lumki, Buyuk ipak yo‘lining chorrahasida joylashgan mamlakatimiz qadimdan jahon sivilizatsiyasi va madaniyati rivojiga munosib hissa qo‘shib keladi.

Diyorimizdan yetishib chiqqan atoqli allomalar, algebra fani va algoritm tushunchasiga asos solgan Al-Xorazmiy, mineralogiya fanining tamal toshini qo‘ygan Al-Beruniy, dunyoda Avitsenna nomi bilan tanilgan mashhur tibbiyot olimi Ibn Sino, bir ming o‘n sakkizta yulduzning koordinatlarini va harakatini aniq belgilab bergan buyuk astronom Mirzo Ulug‘bek, Nil daryosining sathini o‘lchovchi noyob uskuna yaratgan alloma Ahmad Farg‘oniy kabi ulug‘ ajdodlarimiz o‘zlarining bebaho asarlari, ilmiy va ijodiy kashfiyotlari bilan o‘rta asrlardagi birinchi va ikkinchi sharq renessansi rivojiga ulkan hissa qo‘shganlar.

Bu haqda so‘z borar ekan, o‘tmishda Buxoroda 300 dan ortiq, Samarqandda esa 120 ga yaqin o‘z davrining universitetlari bo‘lgan madrasalar faoliyat ko‘rsatganini alohida ta’kidlash o‘rinlidir.

Azal-azaldan bizning yurtimizda ta’lim bilan birga tarbiya masalasiga beqiyos ahamiyat berib kelinadi.

Buyuk o‘zbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy har tomonlama uyg‘un rivojlangan, yuksak bilim va ma’naviyat sohibi bo‘lgan komil inson g‘oyasini ilgari surgani sizlarga yaxshi ma’lum.

XX asr boshida faoliyat ko‘rsatgan ulug‘ ma’rifatparvar, atoqli adib va pedagog Abdulla Avloniyning: “Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir”, degan so‘zlari biz uchun bugungi kunda ham muhim dastur bo‘lib xizmat qilmoqda.

Biz yurtimizda uchinchi renessansni barpo etish masalasini strategik vazifa sifatida oldimizga qo‘yib, uni milliy g‘oya darajasiga ko‘tarmoqdamiz.

Biz maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi, oliy ta’lim tizimi hamda ilmiy-madaniy muassasalarni bo‘lg‘usi Renessansning to‘rt uzviy halqasi, deb bilamiz.

Bog‘cha tarbiyachisi, maktab muallimi, professor-o‘qituvchilar va ilmiy-ijodiy ziyolilarimizni esa yangi Uyg‘onish davrining to‘rt tayanch ustuni, deb hisoblaymiz.

Bu borada biz o‘zimizning milliy tajribamiz va jahondagi ilg‘or yutuqlarini uyg‘unlashtirgan holda faoliyat olib boramiz.

Barchamizga ayonki, ta’lim va tarbiya bor joyda albatta ilm, albatta madaniyat va taraqqiyot bo‘ladi.

Ta’lim va tarbiya rivojlangan jamiyatda radikalizm va ekstremizm kayfiyatlari hech qachon ildiz otolmaydi.

Biz kelgusida ham bu yo‘lda boshlagan ishlarimizni izchil davom ettirib, 2025 yilda bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasini 80 foizga yetkazish uchun barcha zarur choralarni amalga oshiramiz.

Bundan tashqari, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlarida belgilangan ko‘rsatkichlarga erishish doirasida 2025 yilga qadar 6 yoshli bolalarning 100 foizini maktabga tayyorgarlik dasturi bilan qamrab olishni maqsad qilib olganmiz.

 

Hurmatli tadbir ishtirokchilari!

Anjumanimizda jahonning 150 mamlakatidan vakillar tashrif buyurgani bugungi kunda maktabgacha ta’lim sohasini rivojlantirish global darajada dolzarb ahamiyatga ega ekanidan yaqqol dalolat beradi.

Ishonchim komil, mazkur konferensiya butun dunyoda 2030-yilga qadar maktabgacha ta’lim sohasiga oid siyosatni belgilab olish va shu orqali yosh bolalarga sifatli ta’lim berish yo‘lida xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirishda yangi imkoniyatlar yaratadi.

Shulardan kelib chiqib, biz quyidagi muhim takliflarni ilgari surishni maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.

Birinchidan, shiddatli dunyoda turli xavf-xatarlar kuchayib borayotgan davrimizda eng zaif qatlam bo‘lgan maktabgacha yoshdagi bolalar ham jiddiy aziyat chekmoqda.

Shu sababli, kichik yoshdagi bolalar uchun sifatli ta’lim berish muammolarini global darajada samarali hal qilish, bu masalalarga birgalikda tezkor yechimlar va tizimli yondashuvlarni ishlab chiqish juda dolzarbdir.

Buni inobatga olib, mazkur xalqaro konferensiyani muntazam ravishda o‘tkazib borishni taklif etamiz.

Ikkinchidan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlariga uyg‘un bo‘lgan ta’lim bo‘yicha barcha sa’y-harakatlarimizni tizimli muvofiqlashtirish maqsadida Toshkentda YUNЕSKOning mintaqaviy markazini tashkil etish tashabbusimizni ma’qullaysizlar, deb ishonaman.

Shuningdek, Kichik yoshdagi bolalar ta’limi bo‘yicha jahon tashkiloti bilan qo‘shma loyiha va tadqiqotlarni olib borish, tarbiyaning yangicha uslublarini va metodik qo‘llanmalarni tayyorlash uchun keng qamrovli dasturni ishlab chiqishni taklif etaman.

Shu bilan birga, mazkur yo‘nalishda jahonda to‘plangan ilg‘or tajribalar, zamonaviy interaktiv o‘qitish uslublari, amaliy bilim va ko‘nikmalar bilan o‘zaro almashish maqsadida tarbiyachilar xalqaro hamjamiyatini tashkil etish tashabbusini ilgari suramiz.

Uchinchidan, 2024-yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan o‘tkaziladigan kelajak sammitining umumiy kun tartibidagi asosiy mavzulardan biri sifatida, kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ta’lim berish masalasini kiritish hamda unga alohida sessiyani bag‘ishlash muhimdir.

Bugungi konferensiya yakunlari bo‘yicha Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining bolalar tarbiyasi masalalari umumbashariy taraqqiyotga erishishning muhim omili ekani to‘g‘risida maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish ayni muddao bo‘lar edi.

Ushbu hujjatda ota-onalarni bolalarning sifatli ta’lim va tarbiya olishi, ma’naviy va jismoniy barkamolligini ta’minlashdagi rolini, ularning qobiliyat va salohiyatlarini to‘liq namoyon etish borasidagi mas’uliyatini yanada oshirish kabi masalalar o‘z ifodasini topishi lozim.

 

Muhtaram xonimlar va janoblar!

Bugungi konferensiya qizg‘in munozara va o‘zaro fikr almashuvlar ruhida o‘tishiga, unda yangi g‘oya va tashabbuslar, aniq taklif hamda tavsiyalar ishlab chiqilishiga ishonaman.

Anjuman yakunlari bo‘yicha qabul qilinadigan Toshkent deklaratsiyasi kelgusida ushbu yo‘nalishda biz birgalikda amalga oshiradigan sa’y-harakatlarimiz uchun asos bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.

Fursatdan foydalanib, barchangizga mustahkam salomatlik va omadlar, anjuman ishiga esa ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.

E’tiboringiz uchun rahmat.

To‘lov-kontrakt mablag‘larini to‘lash muddati 10-dekabrga qadar uzaytirildi

0

Davlat qabul komissiyasining tegishli qaroriga muvofiq, 2022/2023 o‘quv yilida OTMlarning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari, magistratura mutaxassisliklariga to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlar hamda o‘qishini ko‘chirayotgan va tiklayotgan talabalar uchun belgilangan kontrakt to‘lovlarini to‘lashning so‘nggi muddati joriy yilning 10-dekabriga qadar (shu kuni ham) uzaytirildi.

Shuningdek, tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qish istagini bildirgan abituriyentlar, xorijiy (filiallar) va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlaridan o‘qishini ko‘chiriyotgan talabalar uchun bir yillik o‘qitish qiymatining 50 foizini to‘lash va talabalar safiga qabul qilishning so‘nggi muddati ham 10-dekabr (shu kuni ham) etib belgilandi.

Turkiy davlatlar tashkiloti Investitsiya jamg‘armasi ta’sis etiladi

0

Bugun, 9-noyabr kuni Samarqand shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti doirasida Tashkilotga a’zo davlatlar iqtisodiyot va savdo vazirlarining 11-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Bosh vazir o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev TDT iqtisodiyot va savdo vazirlari bilan o‘tgan uchrashuvdan so‘ng Turkiy davlatlar tashkiloti Investitsiya jamg‘armasi ta’sis etilishini ma’lum qildi.

“Turkiy davlatlar tashkiloti iqtisodiyot va savdo vazirlarining 11-yig‘ilishida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish maqsadida, Turkiy davlatlar tashkiloti Investitsiya jamg‘armasini ta’sis etish bo‘yicha Bitimni imzolanishini kelishib oldik.

Ishonamanki, Investitsiya jamg‘armasini ta’sis etish ko‘p qirrali munosabatlarimizni rivojlanishida yangi zamin yaratadi”, – ta’kidladi Xodjayev.