Bosh sahifa Blog Sahifa 159

Erdo‘g‘an O‘zbekiston xalqiga minnatdorlik bildirdi

0

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, davlat rahbari Turkiya yetakchisini tavallud kuni bilan qutlab, unga mustahkam sog‘lik va katta muvaffaqiyatlar hamda qardosh turk xalqiga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi. O‘zbekiston—Turkiya munosabatlari bugungi strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlikdek yuksak darajaga ko‘tarilishida prezident Erdo‘g‘anning shaxsiy hissasi alohida qayd etildi.

O‘zbekiston prezidenti Turkiyaning janubi-sharqiy muzofotlarida sodir bo‘lgan vayronkor zilzilalar munosabati bilan yana bir bor dalda so‘zlarini izhor etdi va ularning oqibatlarini bartaraf etishda zarur yordamni ko‘rsatishga tayyorligini tasdiqladi.

Turkiya prezidenti, o‘z navbatida, eng murakkab pallada ko‘rsatilgan ko‘mak uchun O‘zbekiston prezidenti va qardosh xalqiga chuqur minnatdorlik bildirdi. Qutqaruvchilar va tibbiyot xodimlarining faoliyati tufayli o‘nlab insonlarning hayoti saqlab qolindi, Hatay muzofotining minglab aholisiga malakali yordam ko‘rsatildi. Bundan tashqari, O‘zbekiston madaniyati va san’ati, ziyolilari va jamoatchilik vakillarining sa’y-harakatlari katta ma’naviy ko‘mak bo‘ldi.

Suhbatda ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi. 2022 yilning noyabr oyida Samarqand shahrida o‘tgan oliy darajadagi uchrashuvda erishilgan kelishuvlarni so‘zsiz amalga oshirish muhimligi qayd etildi.

Bo‘lajak uchrashuvlar rejasi, shu jumladan O‘zbekiston—Turkiya strategik hamkorlik kengashining navbatdagi yig‘ilishiga hamda Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammiti tadbirlariga tayyorgarlik ko‘rish masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston-Ozarboyjon investitsiya jamg‘armasi tashkil etiladi

0

O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov mamlakatda tashrif bilan bo‘lgan Ozarboyjon iqtisodiyot vaziri Mikail Jabborov bilan uchrashdi.

Muloqot chog‘ida 2022 yilda 53 foizga o‘sgan o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish istiqbollari muhokama qilindi. Ko‘zlangan maqsad – ko‘rsatkichlarni 1 milliard dollarga yetkazish. Bunga, jumladan, neft-kimyo mahsulotlari, ruda va konsentratlar, alyuminiy, oziq-ovqat mahsulotlari, mexanik va elektrotexnika uskunalari, to‘qimachilik va farmatsevtika mahsulotlari yetkazib berishni ko‘paytirish hisobiga erishish rejalashtirilgan.

Meva-sabzavot, oziq-ovqat, to‘qimachilik, charm-poyabzal mahsulotlari yetkazib berishni tashkil etish, shuningdek, ikki davlatning yirik shaharlarida muntazam savdo va ishbilarmonlik missiyalari, milliy mahsulotlar ko‘rgazmalarini o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Aniq loyihaviy tashabbuslar misolida ikki mamlakat o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini kengaytirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Gap yangi loyihalarni ishlab chiqishga tizimli yondashish, ya’ni, raqobatdosh ustunliklarni hisobga olish va ularni birgalikda moliyalashtirishga mo‘ljallangan O‘zbekiston-Ozarboyjon investitsiya jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish haqida bormoqda. Avtomobilsozlik, paxtachilik va to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish, ipakchilik va boshqa sohalar hamkorlikning eng istiqbolli yo‘nalishlari sifatida ta’riflandi.

Xuddi shu tartibda transport va logistika sohasida ham qator loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari o‘rganildi. Temiryo‘l orqali yuk tashish va tranzitni ko‘paytirishga qaratilgan rag‘batlantiruvchi choralarni ko‘rishga kelishib olindi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Ozarboyjon bilan strategik sheriklikni yanada rivojlantirish va mustahkamlashga tayyorlik bildirildi va erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan «Yo‘l xaritasi»ni tasdiqlashga kelishildi.

Toshkentda har 1000 kishiga o‘rtacha 193 ta avtomobil to‘g‘ri kelyapti

0

Statistika agentligining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, hududlar kesimida har 1000 nafar doimiy aholiga o‘rtacha to‘g‘ri keladigan yengil avtomobillar soni bo‘yicha Toshkent shahri yetakchilik qilmoqda – 193 ta yengil avtomobil.

Ushbu ko‘rsatkich qolgan hududlar kesimida quyidagicha ko‘rinishga ega:

  • Toshkent viloyati – 117 ta;
  • Xorazm viloyati – 110 ta;
  • Buxoro viloyati – 109 ta;
  • Navoiy viloyati – 96 ta;
  • Samarqand viloyati – 95 ta;
  • Farg‘ona viloyati – 84  ta;
  • Qashqadaryo viloyati – 79 ta;
  • Namangan viloyati – 77 ta;
  • Sirdaryo viloyati – 75 ta;
  • Surxondaryo viloyati – 74 ta;
  • Qoraqalpog‘iston R. – 71 ta;
  • Andijon viloyati – 70 ta;
  • Jizzax viloyati – 66 ta.

Paxta-g‘allaga ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari ishchilari daromad solig‘idan ozod etiladi

0

“Qishloq xoʻjaligida aholi bandligini oshirish va yer uchastkalaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ–69-son, 23.02.2023-y.) qabul qilindi.

Qarorga koʻra, 2023-yil 1-apreldan 2024-yil 1-maygacha eksperiment tariqasida respublika byudjetidan paxta yoki gʻalla yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xoʻjaliklariga ularning ishchilarining mehnatga haq toʻlash tarzidagi daromadlari boʻyicha toʻlangan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻini quyidagi shartlarga rioya qilinganda qaytarib berish tartibi joriy etiladi:

qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan har bir gektar yer uchun oyiga kamida 1 nafar ishchining bandligi taʼminlanganda;

har bir nafar ishchi uchun oyiga mehnatga haq toʻlash tarzidagi daromad mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 1 baravaridan kam boʻlmagan miqdorda belgilanganda;

paxta yoki gʻalla yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xoʻjaligi oʻtgan yil yakuni boʻyicha Soliq kodeksi talablariga javob berganda.

2023-yil 1-apreldan tadbirkorlar yangi qurilgan koʻp qavatli ishlab chiqarish binolari, shu jumladan 2023-yil 1-yanvardan keyin foydalanishga topshirilgan binolar yuzasidan ularning mol-mulkiga hisoblangan summani quyidagi pasaytiruvchi koeffitsiyentni qoʻllagan holda, bino foydalanishga topshirilgan oydan boshlab 3 yildan ortiq boʻlmagan muddatga toʻlaydi:

— 3 qavatli binoga – 0,9;
— 4 qavatli binoga – 0,8,;
— 5 qavatli binoga – 0,7;
— 6 qavatli binoga – 0,6;
— 7 va undan yuqori qavatli binoga – 0,5.

O‘zbekistonda xodimlarning qancha maosh olishi ma’lum qilindi

0

Iqtisodiyot va moliya vazirligi davlat budjeti daromadlarining 2022 yildagi ijrosi bo‘yicha dastlabki natijalarini e’lon qildi.

Vazirlik relizida 2020-2022 yillarda budjet va nobudjet tashkilotlari kesimida ish haqi darajasi dinamikasi haqidagi raqamlar ham aks etgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, budjet va nobudjet tashkilotlarda 5 018 032 nafar xodim ishlaydi. 2021 yilda bu miqdor 4 802 617 nafar bo‘lgan.

2022 yilda 28 foiz – 1 404 377 mln nafar xodim 1 mln so‘mgacha maosh olgan. Raqamlar 1 mln so‘mgacha ish haqi oladiganlar o‘tgan yilga qaraganda 3,4 foizga kamayganini ko‘rsatmoqda – 2021 yilda 1 058 101 mln xodim shuncha maosh evaziga ishlagan.

1,4 mln so‘m oylik oluvchilarning katta qismi nobudjet tashkilotlarida ishlaydi – 1 mln nafar.

2022 yilda 1 mln so‘mdan 2 mln so‘mgacha oylik oluvchilar soni 1,2 mln nafarni (24,6 foiz) tashkil qilgan. O‘tgan yilga qaraganda 1 mln so‘mdan 2 mln so‘mgacha haq oluvchilar sonida sezilarli o‘zgarish bo‘lmagan.

Shuningdek, 25,2 foiz xodim 2 mln so‘mdan 4 mln so‘mgacha maosh oladi. 2022 yilda 2-4 mln so‘m haq oluvchilar budjet tashkilotlarida 655 ming nafar, nobudjet tashkilotlarida esa 608 ming nafar bo‘lgan.

Ahamiyatlisi shundaki, raqamlar O‘zbekistondagi xodimlarning asosiy qismi – 77,8 foizi 4 mln so‘mgacha maosh olishini ko‘rsatmoqda.

Bundan tashqari, 467 233 nafar xodim 4,5-5 mln so‘m haq oladi. Ularning soni o‘tgan yilga nisbatan 1,3 foizga o‘sgan.

5,5 va undan yuqori maosh oluvchilar 12 foiz – 649 255 nafarni tashkil qilmoqda. Yuqori haq evaziga ishlovchi xodimlar soni 2021 yilga qaraganda 1,5 foizga o‘sgan.

Vazirlikning ma’lum qilishicha, 2022 yilda mehnatga haq to‘lash fondi 156,9 trln so‘mga yetib, 2021 yilga nisbatan 30,7 trln so‘mga yoki 25 foizga oshgan.

Mart oyida o‘zbekistonliklar qaysi sanalarda dam oladi?

0

Prezidentning “2023 yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan:

  • besh kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar – 5 kun (18-22 mart kunlari);
  • olti kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar – 4 kun (19-22 mart kunlari) ketma-ket dam oladi.

Besh kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlarning dam olish kunlari quyidagicha ko‘chiriladi:

  • 11 mart — shanba kunidan 20 mart — dushanba kuniga;
  • 25 mart — shanba kunidan 22 mart — chorshanba kuniga.

Shuning hisobiga besh kunlik ish haftasida ishlaydigan 11 va 25 mart kunlari ishga chiqishlariga to‘g‘ri keladi.

Olti kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun 20 mart — dushanba va 22 mart — chorshanba kunlari qo‘shimcha dam olish kunlari bo‘ladi.

Ish haftasining turidan qat’i nazar barcha xodimlar uchun 23 mart, payshanbadan boshlab odatdagi ish kuni hisoblanadi.

Ma’lumot uchun, 8 mart (chorshanba) — Xotin-qizlar kuni ham Mehnat kodeksining 131-moddasiga asosan dam olish (ishlanmaydigan) kuni hisoblanadi.