Bosh sahifa Blog Sahifa 157

Milliarderlarning hayratlanarli xobbilari

0

Katta miqdordagi pul insonning xayolida nimalar bor ekanligini bilish olish uchun ajoyib vositadir. Bugun sizga taqdim qilmoqchi bo‘lgan reytingimiz orqali dunyodagi eng boy odamlarning sodir etgan eng antiqa va g‘alati ishlari haqida bilib olasiz.

Joseline Vindelshteyn

Fikrimizcha, orangizda ko‘pchilik bu ayol haqida eshitgan bo‘lsa kerak, ammo u hamon atrofdagilarni hayratga solishda davom etib keladi. Shveytsariyalik Joseline Vindelshteyn
o‘z boyligini yo‘lbars ovlashni xush ko‘rgan eri Alik Vindelshteyn bilan ajrashgach, qo‘lga kiritgan.

Ayol erining xiyonatlariga ortiq bardosh bera olmasligi sabab ajrashishga qaror qildi, tushkunlikka tushgach esa o‘zini plastik jarrohliklar bilan ovuta boshladi.

“Agar ulkan yovvoyi yo‘lbarsga o‘xshay boshlasam, erimning mehrini qaytarib olaman” deya xayol qilgan edi u.

Ammo bu borada unga plastik jarrohlik yordam bera olmadi. Eri uni 2,5 milliard dollar bilan birga tashlab ketdi. Ayolning tashqi ko‘rinishi unga mashhurlik olib keldi, Joselinni plastik jarrohlik qurbonlaridan biri sifatida taniy boshladilar. Ayol 4 million dollar sarf qilgancha jarrohlik stolida 7 marta bo‘lishga ulgurdi. Keyinroq esa Nyu-Yorkka kelib o‘rnashdi.
Vindelshteyn uzoq yillardan beri bu yerda dizayner Kloyd Kleyn bilan birga istiqomat qiladi. Yoshlar orasidagi 22 yillik farq, ayolning tashqi ko‘rinishidagi noodatiylik va jarrohliklar sabab bo‘shab qolgan hisob raqamlari dizayner uchun mutlaqo qiziq emas. Balki mana shu ayolning haqiqiy muhabbatidir?

Robert Klark Grem

Insoniyat hamisha tarixni o‘zgartirish uchun harakat qiluvchi odamlar bilan to‘qnash kelgan va keladi ham.
Ayrim odamlar yangi imperiyalarga asos solgan bo‘lsa, ayrimlari devona nomi bilan o‘zlarining yashash joylaridan uzoqlarga ketishadi. Shu kabi odamlardan biri mashhur optik Robert Klark Gremdir. Bu inson ko‘zoynaklar uchun mo‘ljallangan sinmaydigan linzalar ixtirochisi sanaladi.
Ushbu ixtiro unga ko‘p millionlik boylik olib keldi. Barchasi ajoyib tarzda kechayotgandi, ana shu paytlarda erkak Nobel laureatlaridan biri German Millerning ilmiy ishlarini o‘qib qoldi. Shu tariqa uning hayotdagi asosiy maqsadi linzalar emasligi, balki insoniyat genofondini yaxshilash ekanligini tushunib yetdi. Millionner 1979 yilda Kaliforniyada embrionlar repozitoriysini ochdi. Urug‘ donorlari uchun nomzod sifatida Nobel laureatlarini taklif qildi.
Ammo shu yerda kichik kamchilik kelib chiqdi. Aniqlanishicha, katta yoshdagi laureatlarning yuqori darajadagi intellektual salohiyati homilaga ham aynan ushbu funktsiyalarning berilishni ta’minlay olmasdi. Tajribaga bosh qo‘shgan nomzodlar soni esa uchtagina bo‘ldi, xolos. Oqibatda olimni Shnobel mukofoti bilan taqdirladilar.

Jeff Bezos

Sayyoramizning eng badavlat odami, “Amazon” va “Blue origin” kompaniyalari asoschisi, namunali tadbirkor Jeff Bezosning kim ekanligini juda yaxshi bilasiz, albatta. Ammo uning ayrim ishlari, megaloyihalari ko‘pchilikka ma’lum emas. Agar qattiq qoya ustida diametri 150 metrli siferblatga ega va 10 000 yillik vaqtga mo‘ljallangan ulkan soat qurilayotganini bilsangiz qanday xayol qilardingiz?

Bu o‘rinda muallifga tezroq sog‘ayib ketishini tilab qolardingiz, to‘g‘rimi? Biroq Bezos ushbu loyiha uchun 42 million dollar miqdoridagi investitsiya kiritib bo‘lgan. Bir qarashda juda g‘alati bo‘lgan g‘oya keyinroq sizni lol qilishi mumkin. Jeffning ulkan soati insoniyatning strategik ongi va kelajak uchun ma’sul ekanligini yodga solib turadigan timsol bo‘lishi kutilmoqda.

“Hech bo‘lmaganda, uni 4 mingyillikda ko‘rgan insonlar bir birlaridan bu soatni qaysi ahmoq yasattirgan ekan deb so‘raydilar” deya hazil qilgandi Bezos.

Datta Fuge

Og‘irligi 3,5 kg keladigan, 14 mingta oltin bo‘laklari va tugmalar bilan bezatilgan, “Swarovski” kristallari bilan to‘la ushbu ko‘ylak sariq metall ishqibozi, multimillioner Datta Fuge uchun 240 ming dollar evaziga tayyorlab berilgan edi.

U libosni 2012-yilda buyurtma qilgan bo‘lsa, atigi 4 yil davomida kiya oldi, xolos. Qimmatbaho libos erkak uchun tumor vazifasini o‘tay olmadi. 2016-yilning 14 iyul kuni do‘stining tug‘ilgan kunida, o‘g‘lining ko‘z o‘ngida tosh bilan urib o‘ldirildi.

Millioner bu yerga o‘zining oltin libosini kiyib, ammo odatiy qo‘riqchilarisiz holatda borgan. Bu kabi holatga esa iqtisodiy mavzudagi bahs sabab bo‘lgani aytiladi.

Mukesh Ambani

Hindistonning eng boy odami, multimilliarder Mukesh Ambani o‘z qo‘llarining osmonga qadar yetishini juda istardi. “Biznesdagi eng muhim narsa o‘zingga ishonish va buni reallikka aylanita olish” deydi u.
27 qavatli, Mumbayning qoq markazida joylashgan 170 mertli binoga qaraydigan bo‘lsak, ushbu reallikning Mukesh uchun oltin libos va uning egasi tasavvuridagi tushunchalardan ming marta kuchliroq narsa ekanligini tushunib olasiz.

Mukesh bu yerda onasi, rafiqasi, 3 nafar farzandi bilan istiqomat qiladi. Uyning narxi 2 milliard dollarga teng bo‘lib, ichida 168 ta mashina turar joyi, 50 kishilik kinoteatr, spa-salon, basseynlar, osma bog‘lar, qor bilan to‘ldirilgan xona, ikki qavatli favqulodda holatlar xonasi, 3 ta vertolyot maydoni va parvozlarni boshqarish markazi joylashgan. Qiziq, oila a’zolari bu uy ichida bir-birlarini topa olarmikinlar?

Klayv Palmer

Avstraliyalik siyosatchi, multimillioner Klayv Palmerning boyligi 2012-yil holatiga ko‘ra 600 million dollarga baholangan. U o‘z ismini «Titanik 2» kemasi bilan bog‘lashni niyat qilgan edi. Bu Britaniyaning «Titanik» transatlantik layneriga o‘xshaydigan, faqat zamonaviylashgan ko‘rinishdagi kema bo‘ladi. Uning uzunligi 270 metrga teng, Palmerning rejasiga ko‘ra, mazkur kema unga tegishli “Blue star line” kruiz kompaniyasi flagmaniga aylanishi kutilmoqda.

Qiziq, Leonardo di Kaprio bu safar ham kema uchun chipta olishni uddalarmikin? Kemani sinovdan o‘tkazish fikri 2013-yili ma’lum qilingan paytda 40 ming nafar inson unga chiqish uchun istak bildirgan va buning uchun millionlab dollar pul to‘lashga tayyor ekanligini aytgan edi.

Ma’lum qilingan faktlar orasida esa kemaning har bir yo‘lovchisiga o‘tgan asrning boshlariga tegishli liboslar berilishi ham aytib o‘tilgan. Aytganday, bu yerda qutqaruv qayiqlari juda ham ko‘p.

Shayx Hamad

Bolalikda kichik qog‘oz kemalar yasab, ismingizni qum ustiga yozgan paytlarni eslaysizmi? Abu Dabining eng boy insonlaridan biri, hukmron oila a’zosi 63 yoshli shayx Hamad al Nahayyan ham o‘z ismini qum ustiga yozishni juda yaxshi ko‘radi. Albatta, badavlat shayxning qum ustiga surat chizishini tasavvur qilish juda qiyin. Lekin 3 oylik vaqt va bir necha million dollar miqdoridagi pul evaziga buni osongina amalga oshirish mumkin. Endilikda Hamad imzosini Alfa Tayseye orolining yuqori qismidan “Google” xaritalari orqali ko‘rish mumkin. Har bir harfning balandligi 1000 metrga teng bo‘lib, yozuv uzunligi 3 kilometrga qadar cho‘zilgan. Jo‘shqin okean suvlari san’at asarini yuvib ketmasligi uchun esa unga suvni singdirib beradigan maxsus drenaj handaqlar ilova qilingan.

Xassan al Bolkiax

Bruney sultoni, sayyoramizning eng boy odamldaridan biri bo‘lmish Xassanal Bolkiax sulolaning 29 vakili hisoblanadi. 2010-yil ma’lumotlariga ko‘ra, uning boyligi miqdori 20 milliard dollarga teng.

Amerika josuslik xizmati vakillarining aytishlaricha, sultonning 220 million dollarlik shaxsiy samolyoti ichiga kirish yadroviy qurol tizimini ishga tushiradigan xona ichiga kirishdan ham qiyinroq.
Sulton davlat ishlari, ko‘p sonli xotinlari, reyslar va parvozlardan bo‘sh bo‘lgan paytida kattaligi bir necha kvadrat kilometrga teng keladigan garaji ichiga ham kirib turadi.

Bu yerda 5000 ta mashina joylashgan bo‘lib, ichida tilla bilan qoplangan “Rolls-royce”, hukumat kortejlari, “Formula-1”ning chempionlik bolidlari, yuzlab “Porsche”, “Ferrari”, “Bentley” rusumidagi mashinalar bor. Halqaro avtobozor sulton uchun qiziqarliroq taklif bera olmagan paytda u garajdagi bo‘sh joylarni bir hil modeldagi, ammo turli rang va turli raqamlar bilan sifatlanuvchi mashinalarga to‘ldiradi.

Sulton ushbu mashinalarni o‘z vazifasi uchun ishlatib chiqishga ulgurmasligini yaxshi biladi. Eng muhimi, jarayon emasmi?

Bidzina Ivanishvili

Gruziyaning sobiq bosh vaziri Bidzina Ivanishvili konchi farzandi bo‘lib, uning boyligi 5,5 milliard dollarni tashkil qiladi. 2016-yildan boshlab milliarder buyurtmasiga ko‘ra o‘lkaning turli burchaklaridan Qora yer dengizi yonida joylashgan uyidagi orqa hovli uchun yuz yillik daraxtlar olib kelinadi. Milliarder ularning ayrimlari o‘z vatani uchun timsol bo‘lib qolgani va ajarlarning bir necha avlodini ko‘rgani bilan qiziqmaydi ham. Axir, Gruziya qonunlariga ko‘ra, barchasi to‘g‘ri, mamlakat florasi uning hududidan tashqariga chiqqani yo‘q. Kelgusi 4 yil davomida daraxtlar ishqibozi o‘z uyiga 500 ta daraxt o‘tkazishni ko‘zlab qo‘ygan. Uning odamlari daraxtlarni o‘sayotgan joyidan ildizlari bilan birga ko‘chirib olib keladilar.
Axir, katta puling va daraxtlarga nisbatan o‘zgacha mehring bo‘lsa, ularni ko‘chirib olish nima degan gap, to‘g‘rimi?

Uorren Baffet

Bunga ishonish qiyin, ammo 20 yildan beri har yili dunyoning eng badavlat insonlari ro‘yxatidan joy olib keladigan, investitsiyalar bozorining qirollaridan biri bo‘lmish Uorren Baffet yil davomida o‘zi ishtirokida tushlik qilish imkoniyatini sotadi. Ha, ha, noto‘g‘ri eshitmadingiz, aynan shunday!

Tushlikdan orttirilgan pullar esa uysizlarga kerakli mahsulotlar olib beruvchi va giyohvandlarni davolash bilan shug‘ullanuvchi tashkilot hisobiga o‘tkazib beriladi. Mazkur tushliklar Baffetning boyligiga pul qo‘shmaydi, albatta. Ammo odamlar uchun foydali inson bo‘lish Baffetga ajoyib kayfiyat bag‘ishlaydi. Odatda tushlik vaqti 3 soat davom etadi. Rekord darajadagi summa esa 2016 yilda qayd etilgan. O‘z ismining sir bo‘lib qolishini istagan odam kimoshdi savdosi vaqtida milliarder bilan tushlik uchun 3,5 million dollar taklif qilgan.

Bugun dunyoda 2000 nafar milliarder yashaydi. Ko‘rib turganingizdek, boylik ularning ayrimlari uchun sinovga ham aylanadi. Umid qilamizki, ularning hech bo‘lmaganda bir qismi o‘z hisobidagi pullarni xudbinlik emas, jamoatchilik foydasi uchun yo‘naltiradi.

O‘zbekiston—Xitoy hududlari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida kelishuvlar imzolandi

0

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining tashkiliy ko‘magida O‘zbekiston va Xitoy hududlari o‘rtasida energetika va savdo sohalarida hamkorlik to‘g‘risidagi ikki tomonlama shartnomalarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbirda O‘zbekiston tomonidan  Investitsiyalar, sanoat va savdo hamda Energetika vazirliklari rahbariyati, Toshkent va Jizzax viloyatlari hokimliklari rahbarlari, Xitoy tomonidan — hududlar rahbarlari, shuningdek, ikki mamlakat yirik kompaniyalarining 40 dan ortiq vakillari ishtirok etdi.

Shuningdek, O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov va Huadian Xinjiang Power kompaniyasi boshqaruvi raisi Xan Sun Navoiy hamda Farg‘ona viloyatlarida quyosh elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumini imzolagan.

“Bundan tashqari, imzolangan hujjatlar qatorida savdo, qayta tiklanuvchi energetika sohasida hamkorlik memorandumlari hamda Toshkent viloyati va Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni o‘rtasida sheriklik munosabatlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlar bor. Bitimlarda o‘zaro hamkorlikni kengaytirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida birgalikda tegishli choralar ko‘rish masalalari o‘z ifodasini topgan”, — deyiladi xabarda.

Foto: Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

Tadbir doirasida ishtirokchilarni har ikki hududning investitsiyaviy salohiyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida ikkala tomon ham taqdimotlar o‘tkazgan.

Marosim yakunida erishilgan yuqori darajadagi ishonch va sheriklik munosabatlariga asoslangan holda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish, shuningdek, tomonlarni qiziqtirgan sohalarda birgalikda olib borilayotgan ishlarni faollashtirishga sodiqlik bildirilgan.

O‘z biznesini yo‘lga qo‘yishga muvaffaq bo‘lgan sirdaryolik yosh tadbirkor Yusufjon Isroilov

0

Yusufjon Isroilov “Yangiyer Ziyo nur” kutubxona va o‘quv markazi asoschisi hisoblanadi.

Hozirda asosiy faoliyati sifatida xorijiy tillarni mukammal o‘rgatish, abiturientlarni oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishlari uchun tayyorlov kurslarini yo‘lga qo‘ygan.

Muvaffaqiyatga erishgan Yusufjon o‘zi kabi yosh tadbirkorlarga shunday maslahat beradi: “Biznes — doimiy mashaqqatli mehnat. Agar rejalashtirayotgan ishingizga oshiq bo‘lmasangiz, boshlamang. Sizning mahsulotingiz xaridorlar uchun qiziqarli bo‘ladimi yoki yo‘qligini tushunishga yordam beradigan jihatlarni esa e’tiborsiz qoldirmang”.

Dunyo siyosiy yetakchilari tomonidan yozilgan eng sara kitoblar

0

Dunyo bo‘ylab ko‘pgina davlat rahbarlari va siyosat arboblari o‘z faoliyati davrini asosan memuar sifatida ta’riflab, asarlar yozishadi. Ular o‘z kitoblarida siyosiy ishlardagi fikr va mulohazalardan tashqari, o‘z hayotlaridagi ba’zi voqea va hodisalar haqida ham hikoya qiladilar. Asarlar orqali mazkur insonlarning boshqa hislatlariga ham guvoh bo‘lish mumkin.

Dunyo kitobxonlari tomonidan e’tirof etilgan ba’zi davlat rahbarlari va siyosiy yetakchilarning asarlari hamda ularning qisqacha mazmuni haqida «Gazeta.uz» so‘z yuritadi.

«Ozodlik manbai. Gettisberg murojaati» Avraam Linkoln

AQSh prezidenti Avraam Linkoln (1809−1865) Amerika Qo‘shma Shtatlarining tarixiy rivojlanishini belgilab bergan to‘rtta prezidentdan biri hisoblanadi. Quyi qatlamdan chiqqan prezident barcha bilimlarini tirishqoqlik va uzluksiz o‘z ustida ishlash orqali o‘zlashtirgan. U o‘zining axloqiy namunasi, yuksak axloqiy tamoyillari va ishontira olish qobilyati bilan o‘z xalqini ilhomlantirib, mamlakat iqtisodiyotining jadal rivojlanishiga hissa qo‘shdi va AQSh uzoq vaqt davomida dunyodagi eng dinamik rivojlanayotgan iqtisodiyotga aylandi.

«Ozodlik manbai. Gettisberg murojaati» kitobida Avraam Linkolnning asosiy nutqlari va maqolalari, uning tarjimai holi, inauguratsiya nutqlari va xalqqa qilingan murojaatlari bor. Kitob Avraam Linkoln, uning sheriklari va raqiblarining hayoti davomidagi suratlari, AQSh fuqarolik urushi davridagi hujjatli va badiiy materiallar bilan boyitilgan.

«Kamin oldidagi suhbatlar. Inqiroz, oligarxlar va urush haqida» Franklin Ruzvelt

Franklin Ruzvelt «Buyuk depressiya» davrida AQShni boshqargan va uni uzoq davom etgan inqirozdan olib chiqishga muvaffaq bo‘lgan davlat rahbari hisoblanadi. Amerikaliklarda kelajakka ishonchni uyg‘otish uchun, u shaxsan o‘zi xalqqa davom etayotgan islohotlar va hukumat rejalarining ma’nosini tushuntirishga qaror qilgan. Ruzvelt Amerika xalqiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri radio xabarlari orqali murojaat qilib kelgan. Bu nutqlar tarixga «Kamin oldidagi suhbatlar» nomi bilan kirdi. Ruzvelt o‘n ikki yillik boshqaruvining oxirigacha odamlarga murojaat qilib kelgan.

AQSh 32-prezidentining eng yaxshi nutqlari «Kamin oldidagi suhbatlar. Inqiroz, oligarxlar va urush haqida» nomli kitobda to‘plangan.

«Boylikka yo‘l. Avtobiografiya» Benjamin Franklin

Ushbu kitob davlat va jamoat arbobi, diplomat, olim, ixtirochi, yozuvchi, faylasuf, tadbirkor Benjamin Franklin shaxsini ochib beradi. Uning yuzi hammaga tanish — bu AQShning asosiy banknotasi dollardagi son-sanoqsiz marotaba bosilib chiqqan portretdir. Uning «Vaqt — pul» aforizmini hatto hech narsani bilmaganlar ham biladi. Franklin «Avtobiografiya»si esa uzoq vaqtdan buyon hozirda buyuk shaxslar ro‘yxatiga kirgan muvaffaqiyatli odamlarning qayta-qayta murojaat qiladigan kitobiga aylangan.

«Agar siz odamlar bilan qanday munosabatda bo‘lish haqida ajoyib maslahatlar olishni, o‘zingizni boshqarishni va shaxsiy fazilatlaringizni yaxshilashni xohlasangiz, hayotning eng qiziqarli hikoyalaridan biri — Benjamin Franklinning tarjimai holini o‘qing», — degan edi amerikalik pedagog va yozuvchi Deyl Karnegi.

Ushbu kitobda Benjamin Franklin 1771 yildan 1790 yilgacha o‘z hayoti haqidagi yorqin eslatmalarni qoldirgan. Ularning barchasi uning vafotidan keyin birlashtirilgan. Franklin bu asarida istehzo va hazil bilan o‘zining g‘ayrioddiy taqdiri va shunday shaxs bo‘lib yetishishiga nima yordam bergani haqida xikoya qiladi.

«Uchinchi dunyodan — birinchisiga. Cingapur tarixi (1965−2000)» Li Kuan Yu

Li Kuan Yu — Singapur davlat arbobi, 1959 yildan 1990 yilgacha mamlakat bosh vaziri bo‘lgan. Uning rahbarligi ostida resurslari bo‘lmagan kichik oroldagi sobiq Britaniya mustamlakasi kuchli iqtisodiyoti, qulay sarmoyaviy muhiti va barkamol ijtimoiy siyosati bo‘lgan yuqori darajada rivojlangan davlatga aylangan. 2000 yilda Li Kuan Yu «Singapur mo‘’jizasi» haqida memuar yozgan va uchinchi dunyodan birinchi dunyoga chiqish strategiyasini batafsil bayon qilgan.

Kitobda Li Kuan Yu shahar-davlatni takomillashtirish va rivojlantirish uchun qo‘ygan qadamlari asosli xulosalar bilan izchil tasvirlangan. Muallif, shuningdek, foydali tajribaga aylangan xatolarni ham eslatib o‘tgan. Shuningdek kitobda tashqi siyosatga katta e’tibor beriladi. «Uchinchi dunyodan birinchisiga» — bu mamlakat farovonligiga qaratilgan puxta avtoritar boshqaruv bo‘yicha ajoyib darslik hisoblanadi.

«Davlat boshqaruvi san’ati: O‘zgarayotgan dunyo uchun strategiyalar» Margaret Tetcher

«Davlat boshqaruvi san’ati» — 1979−1990 yillarda Buyuk Britaniya bosh vaziri bo‘lgan mashhur «temir xonim» Margaret Tetcherning kitobi hisoblanadi. Tetcher bu kitobni 2003 yilda mamlakat rahbariga qo‘llanma sifatida chiqargan va uni Ronald Reyganga bag‘ishlagan.

«Davlat boshqaruvi san’ati» — ko‘p qirrali kitob bo‘lib, u mamlakat rahbariyatining amaliy qo‘llanmasidan tashqariga chiqadi. Unda Tetcher turli mamlakatlarning muammolarini tahlil qiladi va ularning rivojlanishi uchun prognozlar beradi, barqaror ichki va tashqi siyosat uchun demokratiyaning qadrini isbotlaydi, xalqaro xavfsizlikni muhokama qiladi, ko‘plab taniqli siyosiy voqealarga o‘z fikrini bildiradi. Kitobda XX asrning ikkinchi yarmidagi jahon siyosiy jarayonlari haqida umumiy tushuncha berilgan.

«Fikrlar va xotiralar» Otto fon Bismark

Otto von Bismark — mashhur nemis kansleri, uning siyosiy faoliyati cho‘qqisi Germaniya imperiyasi tuzilishi paytiga to‘g‘ri kelgan. Bismarkning 1898 yilda nashr etilgan «Fikrlar va xotiralar» kitobi haqiqiy bestsellerga aylangan: u o‘z kitobida Ikkinchi Reyxning paydo bo‘lishiga olib kelgan voqealar haqida gapirgan.

Biroq, bu shunchaki memuar emas, bu, birinchi navbatda, «o‘tmishni tushunish va kelajak uchun ibrat bo‘lishi uchun o‘g‘illar va nabiralarga» qaratilgan «temir kansler» ning siyosiy vasiyati hisoblanadi. Siyosiy maydonda o‘z faoliyatini yakunlab, Bismark ushbu kitobda nafaqat zamondoshlari oldida o‘zini oqlamoqchi, balki o‘z vorislarini kelajakdagi xatolar haqida ogohlantirmoqchi ham bo‘lgan.

«Ikkinchi jahon urushi» Uinston Cherchill

Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri nafaqat o‘z davrining taniqli siyosatchisi, balki juda yaxshi yozuvchi ham edi. 6 jildlik «Ikkinchi jahon urushi» asari Cherchillga tegishli.

Birinchi kitobda 1919 yildan 1940 yil dekabrigacha bo‘lgan voqealar tasvirlangan, muallifning so‘zlariga ko‘ra, ular «oldini olish mumkin bo‘lgan va keraksiz» urushga olib kelgan.

Ikkinchi kitobda xotiralarning uchinchi va to‘rtinchi jildlari nashr etilgan va 1941 yil yanvaridan 1943 yil iyunigacha bo‘lgan voqealar tasvirlangan: fashistlar Germaniyasining Sovet Ittifoqiga bostirib kirishi, militaristik Yaponiyaning AQShga hujumi, Gitlerga qarshi koalitsiya tuzilishi, ittifoqchilarning himoyadan hujumga o‘tishi.

Uchinchi kitobda esa beshinchi va oltinchi jildlari nashr etilgan va 1943 yil iyundan 1945 yil iyulgacha bo‘lgan voqealar — Germaniya ittifoqchilarining taslim bo‘lishi, Tehron, Yalta va Potsdam konferensiyalari, Amerika, Britaniya va Kanada qo‘shinlarining Normandiyaga o‘tkazilishi, Sovet armiyasi va ittifoqchilarining tarixiy g‘alabalari, Germaniyaning taslim bo‘lishi natijasida fashist qo‘shinlari mag‘lubiyati tasvirlangan.

«Mening hayotim» Mahatma Gandi

Mohandas Gandi «baniya» savdogar kastasiga mansub o‘ziga to‘q oiladan chiqqan. Vafotidan so‘ng esa undan faqat bir juft sandal, ko‘zoynak va tayoq qolgan. Butun umrini o‘zini chegaralashga va jamiyatga xizmat qilishga bag‘ishlagan, zo‘ravonliksiz qarshilikni kurash vositasi sifatida ishlatgan, zo‘ravonlik va diniy nizolarga tinimsiz qarshilik ko‘rsatgan eng mashhur hind Gandini «Buyuk qalb» sohibi deb atashadi.

Mahatma Gandining «Mening hayotim» kitobi — buyuk donishmand va tajribali, qalbi toza siyosatchining tarjimai holi, Hindistonning ozod qilinishi va Gandining ruhiy izlanishlari haqidagi hikoya hisoblanadi. Kitobda, shuningdek, «Mening iymonim» va «Salomatlik kaliti» risolalari mavjud bo‘lib, unda Gandi o‘z dunyoqarashi bilan o‘rtoqlashadi, dunyoda mavjud bo‘lgan dinlar, shuningdek, vegetarianlik va axloqiy turmush tarzi muhokama qilinadi.

«Kotib xonim» Madlen Olbrayt

Bill Klinton prezidentligi davrida Madlen Olbrayt Yaqin Sharqda tinchlik o‘rnatish harakatlaridan tortib NATOning Kosovoga gumanitar aralashuvigacha bo‘lgan eng muhim va dramatik siyosiy voqealarning faol ishtirokchisi bo‘lgan.

AQSh tarixida birinchi marta yuqori darajali lavozim — davlat kotibi (tashqi ishlar vaziri) bo‘lib tayinlangan ayol o‘zining ochiq memuarida ushbu voqealarni qizg‘in hikoya qiladi va o‘quvchilarga jahon tarixining eng jo‘shqin davrlarida xalqaro munosabatlar sahnasi ortiga nazar solishga imkon beradi.

O‘zining ushbu kitobida Madlen Olbrayt shaxsan muloqot qilgan dunyoning yetakchi rahbarlari va an’anaviy tarzda erkaklar yetakchilik qiladigan diplomatik maydonda qanday qiyinchiliklarni boshdan kechirgani haqida gapiradi. Kitobda Vladimir Putin, Vatslav Gavel, Yasir Arafat, Ariel Sharon, Binyamin Netanyaxu, qirol Husayn, Slobodan Miloshevich, Kim Chen Ir, Bill va Xillari Klinton, Kolin Pauell va boshqa ko‘plab jahon liderlarining qiziqarli portretlari taqdim etilgan.

«Va’da qilingan yer» Barak Obama

AQSh sobiq prezidenti Barak Obamaning «Va’da qilingan yer» kitobi uning memuarlarining birinchi jildi hisoblanadi.

Telegramdan foydalanasizmi? Muhim yangiliklarni o‘tkazib yubormaslik uchun kanalimizga a’zo bo‘ling.

Xotiralarining birinchi jildida Barak Obama o‘zining yoshligi va prezidentlik sari yo‘li haqida hikoya qiladi. U o‘zining siyosiy ma’lumoti va o‘zining tarixiy prezidentligining birinchi davridagi muhim lahzalarni batafsil tasvirlab beradi. Kitob Obama prezidentligining birinchi muddatida Usama ben Ladenni yo‘q qilish bo‘yicha maxsus operatsiyasi bilan yakunlangan. Unda Obamaning tarixda o‘zini tinchlikparvar va «insoniy yuzli siyosatchi» sifatida tarixda qolishga uringanligi ko‘rsatilgan.

O‘zbekistonda fevral oyida ishbilarmonlik faolligi indeksi 2,7%ga oshgan

0

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan baholangan Ishbilarmonlik faolligi indeksi 2023-yil fevral oyida 1027 birlikni tashkil etib, yanvar oyiga nisbatan 2,7%ga oshgan.

Shu bilan birga, ishbilarmonlik faolligi indeksi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan ham 4%lik o‘sish qayd etildi.

cerr, ishbilarmonlik faolligi indeksi, tahlil

2023-yilning fevral oyida Ishbilarmonlik faolligi indeksi o‘tgan oyga nisbatan 2,7%ga oshib, 1027 birlikni tashkil etishi, quyidagi komponentlar darajasidagi o‘zgarishlarga bog‘liq bo‘lgan:

  • xo‘jalik yurituvchi subyektlarning bank hisobvaraqalaridagi opreatsiyalar soni 12,3%ga oshgan;
  • faoliyat ko‘rsatayotgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar bo‘yicha komponent 11,7%ga kamaygan;
  • tovar-xom ashyo birjasida xom ashyo sotib olish jadalligi 4,7%ga oshgan;
  • tovar belgilari bo‘yicha komponent 30,6%ga kamaygan.

Hududlar kesimida Surxondaryoda eng yuqori o‘sish sur’ati qayd etilgan.

2023-yil fevral oyida Ishbilarmonlik faolligi indeksi 11 ta hududda o‘tgan oyga (yanvar) nisbatan o‘sish kuzatilgan. Surxondaryo (47,1%), Buxoro (44,9%), Qashqadaryo (26,3%), Jizzax (25,1%), Navoiy (18,8%) va Namangan (15,9%)da sezilarli darajada o‘sish kuzatilgan.

cerr, ishbilarmonlik faolligi indeksi, tahlil

Shu bilan birga, ushbu ko‘rsatkich 3 ta hududda kamaygan. Xususan, Qoraqalpog‘istonda (- 8,1%), Toshkent (- 1,7%) va Sirdaryo (- 0,9%) viloyatlarida o‘tgan oyga nisbatan kamayish kuzatilgan.

O‘zbekistonda vazirlik va davlat tashkilotlarining ochiqlik indeksi eʼlon qilindi

0

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligida Ochiqlikni taʼminlash sohasida amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi va natijadorligini baholash komissiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.

Unda 2022-yil yakunlariga ko‘ra, davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlik bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarning samaradorligi va natijadorligini baholashga qaratilgan Ochiqlik indeksi asosida to‘plangan barcha ko‘rsatkichlar atroflicha muhokama qilinib, yakuniy natijalar eʼlon qilingan.

Ochiqlik indeksi 84 ta baholash mezonidan tarkib topgan 8 ta indikator asosida baholangan. Samaradorlik ko‘rsatkichlari 71 balldan 100 ballgacha to‘plaganlar — “yashil”, 55 balldan 71 ballgacha bo‘lganlar — “sariq” va 55 balldan past ko‘rsatkich qayd etganlar — “qizil” toifalarga kiritilgan.

Foto: Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi

Baholashda umumiy 86 ta vazirlik, idora va muassasalar qamrab olingan bo‘lib, ulardan 21 tasi vazirlik, 14 tasi mahalliy davlat hokimiyati organlari, 32 tasi davlat ishtirokidagi tashkilotlar hamda 19 tasi qo‘mita va agentliklar.

Ochiqlik indeksining yuqori pog‘onalarini prezident huzuridagi Statistika agentligi (88,8 ball), Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasi (88,3), Toshkent viloyati hokimligi (83,3) egallagan.

Oxirgi o‘rinlarni esa “Yo‘lqurilish” AJ (21 ball), O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (21 ball), “Qishloqqurilishinvest” (21,7 ball) band etgan.

Foto: Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Foto: Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Foto: Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Foto: Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi