Bosh sahifa Blog Sahifa 154

Qaysi biri yaxshiroq: YaTT, MChJ yoki o‘z-o‘zini band qilish? Farqlar, afzalliklar va kamchiliklar haqida

0

Yaran Consulting hammuassisi Yevgeniya Son o‘z faoliyatini endi boshlayotgan tadbirkor uchun biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish shaklini tanlashda nimalarga e’tibor berish kerakligini tushuntiradi.

Bugungi kunga kelib, uchta tashkiliy-huquqiy shakl eng dolzarb hisoblanadi: o‘z-o‘zini band qilish, yakka tartibdagi tadbirkor (YaTT) va mas’uliyati cheklangan jamiyat (MChJ).

Har bir shakl o‘zining afzalliklari va kamchiliklariga ega, har birining xususiyatlarini bilib olgach, eng mos shaklni tanlash mumkin.

O‘z-o‘zini band qilish

Bu biznes qilishning eng yangi usuli. Yakka tartibdagi tadbirkorlarning faoliyati tegishli nizom bilan tartibga solinadi.

Biz doimo tadbirkorlikka intiluvchi shaxslarga tadbirkorlik faoliyatini o‘z-o‘zini band qilish shakli bilan boshlashni, agar biznes jadal rivojlanayotgan bo‘lsa, yanada murakkab tashkiliy-huquqiy shakllarga o‘tishni tavsiya qilamiz.

O‘z-o‘zini band qilish shaklining afzalliklari:

  • soliqqa tortish tizimi juda oddiy: faqat ijtimoiy soliq to‘lash talab etiladi — yiliga 1 BHM (maqola e’lon qilingan vaqtda — 300 ming so‘mga teng). O‘z-o‘zini band qilgan tadbirkorlarning barcha daromadlari shaxsiy daromad solig‘iga tortilmaydi;
  • soliq va moliyaviy hisobotlar talab etilmaydi, buxgalteriya hisobini yuritishga hojat yo‘q;
  • o‘z-o‘zini band qilgan tadbirkor jismoniy va yuridik shaxslar bilan ishlash huquqiga ega;
  • 2023-yil mart oyidan tadbirkorlar o‘z-o‘zini band qilganlarni barcha imtiyozlardan foydalangan holda uydan turib ishlaydigan xodim sifatida yollashlari mumkin;
  • o‘z-o‘zini band qilgan tadbirkor xorijiy jismoniy va yuridik shaxslarga ham xizmatlar ko‘rsatish huquqiga ega;
  • mehnat staji hisoblab boriladi;
  • uydan turib ishlash mumkin, yuridik manzilni olish uchun hech qanday talab yo‘q.

O‘z-o‘zini band qilish shaklining kamchiliklari:

  • faoliyat turlarining miqdori cheklangan — 97 (to‘liq ro‘yxat bu yerda);
  • o‘z-o‘zini band qilgan tadbirkor yollanma ishchi sifatida ishlamasligi yoki yakka tartibdagi tadbirkor bo‘lmasligi kerak. Ammo boshqa MChJlarda ta’sischi bo‘lib ishlash mumkin;
  • xodimlarni ishga olish mumkin emas.

Yakka tartibdagi tadbirkor

Ushbu shakl so‘nggi 5−7 yil ichida sezilarli darajada rivojlandi. Agar ilgari bu eng oddiy va cheklangan shakl bo‘lgan bo‘lsa, endi to‘liq huquqiy bozor ishtirokchisidir.

Biz endi faoliyatini boshlayotgan tadbirkorlarga yakka tartibdagi tadbirkor sifatida biznes boshlashni tavsiya qilamiz, chunki bu shaklni saqlab qolish juda oson va arzon, agar biznes ish bermasa, YaTT juda tez tugatiladi.

Yakka tartibdagi tadbirkor — bu shaxsiy mulkka asoslangan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanadigan jismoniy shaxs.

Shu narsaga alohida e’tibor qaratmoqchimanki, yakka tartibdagi tadbirkor o‘z majburiyatlari bo‘yicha to‘liq shaxsiy moliyaviy javobgarlikni o‘z zimmasiga oladi. Ya’ni, agar biznes o‘xshamasa, qarzlar paydo bo‘ladi — YaTT ularni shaxsiy mulki bilan to‘laydi.

Taqqoslash uchun: MChJning qarzlari MChJning mulki bilan qoplanadi, ta’sischilar shaxsiy mulk bilan to‘lash javobgarligini bo‘yniga olmaydi.

Yakka tartibdagi tadbirkor yashash joyida ro‘yxatdan o‘tgan holda, agar sharoit shunga mos kelsa, yashash joyida ishlashga ham ruxsat beriladi. Biroq, chakana savdo faoliyati amalga oshiriladigan tadbirkorlik alohida yuridik manzilni talab qiladi.

YaTT faoliyat shaklidan qat’i nazar, besh kishigacha ishchi yollashi mumkin. U o‘z-o‘zini ish bilan ta’minlash bilan bir qatorda faoliyat turlari bilan cheklanadi, ularning atigi 88 turi mavjud.

Yakka tartibdagi tadbirkor ham jismoniy, ham yuridik shaxslar bilan ishlash, shuningdek import va eksport bilan shug‘ullanishi mumkin.

Ko‘plab yangi tadbirkorlar sheriklar bilan birgalik biznes ochishadi, bu moliyaviy va psixologik jihatdan osonroq. Ammo, afsuski, bu holda bu shakl to‘g‘ri kelmaydi, chunki YaTT’da faqat bitta shaxs rahbar bo‘lishi mumkin.

Soliqlar to‘langanidan keyin yakka tartibdagi tadbirkorning barcha daromadlari o‘z xohishiga ko‘ra taqsimlash uchun uning mulkida qoladi.

Materiallarni sotib olishga, biznes va shaxsiy ehtiyojlar uchun xizmatlarni to‘lov qilishga sarflash mumkin yoki qolgan pulni istalgan vaqtda foyda sifatida chiqarib olish mumkin.

MCHJdan farqli o‘laroq, yakka tartibdagi tadbirkorda dividendlar uchun soliq yo‘q va dividendlarni taqsimlash uchun kamida bir kvartal kutish shart emas.

Yakka tartibdagi tadbirkorlarni soliqqa tortish va hisobot berish soddalashtirilgan yoki umumiy tartibda belgilanishi mumkin.

Yillik tovar aylanmasi 100 mln so‘mgacha bo‘lsa, buxgaltersiz ham ishlash mumkin, chunki soliq hisobotini taqdim etish shart emas va qat’iy belgilangan soliqni my.soliq.uz‘dagi shaxsiy kabinet orqali bemalol to‘lasa bo‘ladi.

Agar aylanmasi 100 mln so‘mdan ortiq bo‘lsa, buxgalter yollashni yoki buxgalteriya kompaniyasiga murojaat qilishni tavsiya qilamiz.

YaTTning afzalliklarini sarhisob qilamiz:

  • dividendlar uchun soliq olinmaydi;
  • yuritish unchalik qimmat emas;
  • yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish mumkin, alohida yuridik manzilga ehtiyoj yo‘q;
  • yopish oson;
  • 100 mln so‘mgacha bo‘lgan tovar aylanmasi bilan buxgaltersiz ishlash mumkin.

YaTTning kamchiliklari quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  • faoliyat turlarining soni cheklangan — 88 ta;
  • to‘liq moddiy javobgarlik;
  • hamkorlikda ishlab bo‘lmaydi.

Mas’uliyati cheklangan jamiyat

MChJ eng mashhur tashkiliy-huquqiy shakllardan biridir, chunki faoliyatning xususiyatlari va tashkil etilishida deyarli hech qanday cheklovlar yo‘q.

Har qanday faoliyat turiga, shu jumladan eksport va import operatsiyalariga ruxsat beriladi. Ba’zi faoliyat turlari uchun qo‘shimcha litsenziya va ruxsatnomalar olish talab etiladi.

MChJ ta’sischilari jismoniy yoki yuridik shaxslar, shu jumladan xorijiy shaxslar bo‘lishi ham mumkin. Ta’sischilar soni 1 dan 49 tagacha bo‘lishi mumkin.

Ta’sischilarning vakolatlari, huquq va majburiyatlari “Mas’uliyati cheklangan jamiyatlar to‘g‘risida»gi qonunda ko‘rsatilgan va ular ta’sis hujjatlarida ham qo‘shimcha ravishda belgilanishi mumkin.

Har qanday jismoniy shaxs MChJ rahbari bo‘lishi mumkin, buning uchun ta’sischilardan biri bo‘lish shart emas.

MChJ ustav fondining miqdori qonun bilan cheklanmaydi, ta’sischilar uni shakllantirish hajmi va shartlarini mustaqil ravishda belgilashadi.

Konsultatsiyalar davomida ustav kapitali miqdorini hisoblash uchun MChJning taxminan 6 oylik xarajatlarini hisobga olishni tavsiya qilamiz.

MChJ nafaqat mehnat shartnomalari, balki fuqarolik-huquqiy shartnomalar bo‘yicha ham xodimlarni soni bo‘yicha hech qanday cheklovlarsiz yollashi mumkin.

Shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘z-o‘zini band qilgan tadbirkorlar bilan ham ishlashga ruxsat beriladi.

Unda soliqqa tortish, hujjat aylanmasi, soliq, moliyaviy va statistik hisobotlar ancha murakkabroq, shuning uchun biz darhol buxgalter yollashni yoki buxgalteriya kompaniyasi bilan bog‘lanishni tavsiya qilamiz.

Dividend sifatida taqsimlanishi mumkin bo‘lgan daromad har kvartalda, har yili MChJ ustaviga va uning ta’sischilarining qaroriga muvofiq taqsimlanadi. Taqsimlangan dividendlar qo‘shimcha soliqqa tortiladi.

MChJning afzalliklari sifatida quyidagilarni keltirish mumkin:

  • har qanday faoliyat turiga ruxsat beriladi;
  • xodimlarni son cheklovisiz yollash mumkin;
  • ta’sischilar MChJ majburiyatlari bo‘yicha o‘zlarining shaxsiy mol-mulki bilan javob berishmaydi.

MChJning kamchiliklari:

  • dividendlarni kamida bir kvartal kutish kerak;
  • dividendlardan olinadigan soliq;
  • buxgalteriya xizmati talab qilinadi.

O‘zbekistonda 1-iyuldan davlat ishtirokidagi korxona rahbarini tayinlash tanlov asosida amalga oshiriladi

0

“Davlat aktivlarini boshqarish agentligi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Telegram’dagi “Huquqiy axborot” kanalida ma’lum qilindi.

Qarorga ko‘ra, 2023-yil 1-maydan:

  • respublika mulki bo‘lgan davlat ko‘chmas mulklari va davlat aksiya paketlari (ulushlari) Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkaziladi, bundan Strategik islohotlar agentligi, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasiga tegishli ulushlar hamda prezident qarorlarida nazarda tutilgan hollar mustasno;
  • davlat muassasalari va davlat ishtirokidagi korxonalarni tashkil etish bilan bog‘liq taʼsis hujjatlariga kiritiladigan o‘zgartirishlar Davaktiv agentligining tegishli buyrug‘i mavjud bo‘lganda davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi;
  • davlat ko‘chmas mulk obyekti va bo‘sh yer uchastkalari negizida amalga oshiriladigan davlat-xususiy sheriklik loyihalari to‘g‘risidagi maʼlumotlar bitim tuzilgach 10 kun muddatda “Davlat mulki” axborot tizimiga kiritiladi;
  • vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlarining davlat ko‘chmas mulki negizida investitsiya loyihalarini amalga oshirish va ularni begonalashtirish hamda davlat ishtirokidagi korxonalar va ular tizimidagi korxonalarga uchinchi shaxslar tomonidan investitsiya kiritishga oid kelishuvlari (bitim, shartnoma, memorandumlar) bo‘yicha majburiy tartibda agentlik xulosasi olinadi.

2023-yil 1-iyuldan:

  • davlat ishtirokidagi korxonalarning rahbari va uning o‘rinbosarlarini tayinlash (saylash) tanlov asosida amalga oshiriladi, bundan prezident qarorlarida nazarda tutilgan hollar mustasno;
  • davlat organlari va muassasalari, davlat ishtirokidagi korxonalar maʼmuriy binolaridan xodimlar uchun belgilangan meʼyordan kelib chiqib, samarali foydalanish tartibi joriy etiladi.

Shuningdek, davlat aktivlari, ularni boshqarish va xususiylashtirish to‘g‘risida jamoatchilikni xabardor qilishning quyidagi yangi tizimi joriy qilinadi:

  • davlat ko‘chmas mulk obyektlari, davlat ulushi, davlat unitar korxonalari va davlat muassasalari hamda ularga tegishli avtotransport vositalari to‘g‘risidagi maʼlumotlar agentlik rasmiy veb-saytida real vaqt rejimida eʼlon qilinadi.

2023-yil 1-oktabrgacha “Davlat mulki obyektlari bilan savdolarni o‘tkazish to‘g‘risidagi maʼlumotlarni joylashtirish portali” yaratiladi, unda barcha davlat mulki obyektlarini savdoga chiqarish va uning natijalari to‘g‘risidagi axborotlar joylashtiriladi hamda ushbu tizim soliq organlarining axborot tizimiga integratsiya qilinadi.

O‘z biznesini yo‘lga qo‘yishga muvaffaq bo‘lgan tadbirkor Indira Shosalimova

0

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini tamomlagan Indira dastlab Toshkentdagi “LG Electronics” kompaniyasida ishlagan. Chet elda yashab ishlashini kutmagan. Ammo uning turmush o‘rtog‘i har doim AQSHga ko‘chib o‘tishni orzu qilgan va bu amalga oshgan.

Ko‘chib o‘tgandan so‘ng, fotografiya bilan shug‘ullanib, sevimli mashg‘ulotini kichik biznesga aylantirgan. Vaqt o‘tib mijozlar soni oshgan, biznes foyda keltira boshlagan.

“Ammo men katta kompaniyaning ofisida ishlashni orzu qilardim. Shuning uchun turli kompaniyalardagi lavozimlarga onlayn so‘rov qoldirdim. Ko‘p o‘tmay kichik mahalliy kompaniyada maʼmur sifatida ishlay boshlaganman. Keyinchalik esa Googleʼdagi faoliyatim boshlandi”, — deydi Indira.

Uning aytishicha, Googleʼda ish tajribasidan tashqari, nomzodning hayotiy tajribasi, o‘ziga xosligi, muammolarni hal qilishdagi nostandart yondashuvi, muloqot va jamoada ishlash qobiliyati qadrlanadi.

O‘zbekistonda korxonalar faolligi va brendlar muhofazasi indeksi kamaydi

0

O‘zbekistonda 2023-yilning fevral oyidagi korxonalar faolligi va brendlarning muhofaza indeksi e’lon qilindi. Bu haqda  “Daryo”ga Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lum qildi.

Korxonalar faolligi

Faoliyat yuritayotgan korxonalar bo‘yicha komponent 2023-yil fevral oyida 0,8827 birlikni tashkil etib, o‘tgan oyga nisbatan 11,7 foizga kamayganligini ko‘rsatadi.

Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan ham sezilarli darajada 19,2 foizga kamaygan.

2023-yil fevral oyida barcha turdagi faoliyat yuritayotgan korxonalar soni 2023-yilning yanvar oyiga (613 391 birlik) nisbatan 92 795 taga kamayib, 520 596 birlikni tashkil etgan.

Yirik tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi korxonalar soni 63 taga kamaygan.

Hisobot davrida, kichik korxonalar soni 503 804 tadan 429 031 tagacha kamaygan (pasayish 74 773 ta).

Fermer xo‘jaliklari soni 105 948 tadan 87 989 tagacha (kamayish 17 959 ta) kamaygan.

Yirik tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan subyektlar soni 3 576 tani tashkil etib, 2023-yilning yanvar oyiga nisbatan 63 taga kamaygan.

Brendlarni ro‘yxatga olish

2023-yil fevral oyida savdo belgilari muhofazasi bo‘yicha biznes faolligi indeksi 0,6942 birlikni tashkil etib, ushbu ko‘rsatkich 2023-yilning yanvar oyiga nisbatan 30,6 foizga kamaygan.

Joriy yilning fevral oyida yuridik shaxslar tomonidan 252 ta tovar belgilari va tovar nomlari ro‘yxatga olingan.

Sotsiologlar O‘zbekistonda odamlar qanchalik saxovatli ekanini aniqlashdi

0

World Population Review veb-saytida e’lon qilingan 2023 yilgi saxovat indeksida O‘zbekiston 124 davlat orasida 25-o‘rinni egalladi.

The World Giving Index – bu davlatning xayriya faoliyati darajasini monitoring qiluvchi indeks. U 2010 yilda Angliyaning Charities Aid Foundation kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Reyting Amerika Gellap instituti tomonidan olib borilgan tadqiqotlar asosida tuziladi.

Ma’lumotlar shahar aholisi o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovlar natijalariga asoslangan bo‘lib, pul mablag‘larini xayriya qilish, xayriya tadbirlarida ishtirok etuvchilar miqdori (%), shuningdek, mamlakat aholisining xayriya va ko‘ngillilar faoliyatiga umumiy munosabatini hisobga oladi. Shuningdek, ehtiyojmandlarga pul yordamidan tashqari boshqa ko‘mak turlari ham inobatga olinadi.

Mamlakat reytingda qanchalik yuqori bo‘lsa, xayriya ishlariga shunchalik ko‘p odamlar jalb qilingan hisoblanadi.

Shu asosda indeks ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston aholisining 35 foizi xayriya qiladi, 54 foizi begonalarga yordam qo‘lini cho‘zadi va 33 foizi ko‘ngillilik bilan shug‘ullanadi.

O‘zbekistonda xayriyaning umumiy darajasi 41 foizni tashkil etadi – bu dunyo reytingida 25-o‘rin.

Reytingda birinchi o‘rin AQSh va Myanmar fuqarolariga tegishli – 58%. Shuningdek, Yangi Zelandiya (57%), Avstraliya (56%) va Irlandiya (56%) yuqori beshlikka kirgan.

Eng quyi o‘rinlarni Yaman (17%), Gretsiya (16%) va Xitoy (16%) egallagan.

O‘z biznesini yo‘lga qo‘yishga muvaffaq bo‘lgan tadbirkor Nargis Mirzaahmedova

0

“Karyera”, “Beshikdan boshlab karyera” o‘quv markazlari va “Happy Time” bolalar bog‘chasi asoschisi Nargis Mirzaahmedova 16 yoshida kasbi ta’lim sohasi ekanini tushungan. Ko‘p o‘tmay Toshkentdagi o‘sha davrdagi eng yaxshi o‘quv markazlaridan biriga “shogird” bo‘lib ishga joylashgan va tajriba orttirib, 2 yil ichida ofis menejeridan bosh menejer darajasiga ko‘tarilgan.

2002-yilda to‘plagan pullari evaziga o‘z biznesini yo‘lga qo‘yib, “Karyera” nomli kichik o‘quv markazini ishga tushirgan. Undan so‘ng esa “Beshikdan boshlab karyera” nomli o‘quv markazini ishga tushirgan.

«2011-yil boshida katta muammoga duch keldim. Biz ijaraga olgan joy davlatga tegishli bo‘lib, boshqalarga berib yuborildi. Zudlik bilan endigina tugatgan ta’mirlash ishlarini tugatgan joyimni tashlab ketishga majbur bo‘ldim”, — deb eslaydi tadbirkor keyinroq vaziyat iziga tushganini va yana muvaffaqiyatga erishganini qo‘shimcha qilgan holda.

2014-yilda “Happy Time” ochilgan. Bu yerda bolalar ma’lumotni idrok etish va tahlil qilish, o‘z fikrlarini ifoda etish va o‘z “men”i ni tushunishga o‘rgatiladi.