Matbuot xizmatiYangiliklarShavkat Mirziyoyev Oliy Yevrosiyo iqtisodiy kengashida bir qator takliflar bildirdi

Shavkat Mirziyoyev Oliy Yevrosiyo iqtisodiy kengashida bir qator takliflar bildirdi

Shavkat Mirziyoyev 25-may kuni Oliy Yevrosiyo iqtisodiy kengashining o‘ttizinchi yig‘ilishida videoaloqa orqali ishtirok etdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko’ra, davlat rahbari ushbu integratsiyaviy birlashma sammitlarida O‘zbekiston 2020-yilda kuzatuvchi maqomini olganidan buyon an’anaviy ravishda ishtirok etib kelmoqda. Rossiya prezidenti Vladimir Putin raisligida o‘tgan bu galgi uchrashuvda Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To’qayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan, kuzatuvchi davlat rahbari sifatida Kuba prezidenti Migel Dias-Kanel hamda Yevrosiyo iqtisodiy komissiyasi hay’ati raisi Mixail Myasnikovich qatnashdi.

Taklif etilgan davlat rahbarlari sifatida Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev va Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon ham ishtirok etdi.

Kun tartibiga muvofiq ko‘p tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, sanoat kooperatsiyasi loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarida qo‘shma dasturlarni amalga oshirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Davlat rahbari o‘z nutqida O‘zbekiston YOII huzuridagi kuzatuvchi davlat sifatida birlashma doirasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan tadbirlarda faol ishtirok etayotganini qayd etdi. Savdo munosabatlarini kengaytirish uchun qulay shart-sharoitlarni shakllantirish, yangi o‘sish nuqtalari va imkoniyatlarni izlash bo‘yicha birgalikda ish olib borilmoqda. 2022-yilda O‘zbekistonning YOII mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 23 foizga ko‘paydi. Barqaror o‘sish sur’ati joriy yilda ham kuzatilmoqda.

Sanoat kooperatsiyasi sohasida keyingi yillarda mamlakatning ustuvor tarmoqlarida yuzlab qo‘shma loyiha va korxonalar ishga tushirildi. Ishbilarmonlar muloqotini rag‘batlantirish uchun samarali platformalar yaratildi. Joriy yilning aprel oyida uchinchi bor Toshkentda muvaffaqiyatli o‘tkazilgan va an’anaviy tus olgan “INNOPROM. Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat ko‘rgazmasi shular jumlasidan.

Yevrosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan konstruktiv hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Uch yillik Qo‘shma reja doirasida qonunchilikni xalqaro normalarga uyg‘unlashtirish, iqtisodiyotni tartibga solish tajribasi bilan almashish, savdo-iqtisodiy va transport-kommunikatsiya sohalarida to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha 200 dan ziyod tadbir o‘tkazildi.

O‘zbekiston savdo tartibotlarini soddalashtirish bo‘yicha hamda transport, qishloq xo‘jaligi, ekologiya va turizm sohalaridagi alohida dasturlar va tarmoq loyihalarida ishtirok etmoqda.

“Global xavf-xatarlar, transport-logistika zanjirlarida jiddiy uzilishlar, oziq-ovqat taqchilligi va energetik xavfsizlik tahdidlari va boshqa muammolar kuchayib borayotgani mamlakatlarimiz barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining birinchi galdagi vazifalarini hal etish uchun yaqin hamkorlikni yanada muvofiqlashtirishni taqozo qilmoqda”, – dedi O‘zbekiston yetakchisi.

Foto: Prezident matbuot xizmat

Davlat rahbari mamlakatlar o‘rtasida savdo aylanmasi hajmini tubdan oshirish uchun savdo tartib-taomillarini soddalashtirish va zarur shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha birgalikdagi ishlarni davom ettirish muhimligini qayd etdi. Texnik to‘siqlarni bartaraf etish va sertifikatlarni o‘zaro tan olish to‘g‘risidagi bitimning qabul qilinishi bunga xizmat qiladi.

O‘zbekiston prezidenti bojxona ma’muriyatchiligi, sanitar, fitosanitar va veterinar nazorat hamda tovarlarning kelib chiqishini sertifikatlashning elektron platformalari va onlayn tizimlarini integratsiya qilish muhimligini ko‘rsatib o‘tdi. Ushbu tashabbusni amalga oshirish mexanizmlarini ishlab chiqish uchun ekspertlar darajasida batafsil maslahatlashuvlar o‘tkazish taklif qilindi.

“Yevrosiyo makonida yangi ish o‘rinlarini yaratish va industrial xablarni shakllantirishning muhim omili sifatida sanoat kooperatsiyasi va mahalliylashtirishni kengaytirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar ko‘rilishi lozim, deb hisoblaymiz”, – dedi prezident.

Mamlakat kooperatsiya loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘p tomonlama dasturlarda va YOII Ishbilarmonlar kengashi faoliyatida ishtirok etishdan manfaatdor ekani bildirildi.

Muqobil transport yo‘laklarini shakllantirish va barqaror logistika zanjirlarini yaratish borasida birgalikdagi ishlarni kuchaytirish ahamiyatiga e’tibor qaratib, O‘zbekiston yetakchisi Shimol – Janub xalqaro yo‘laklarini va mintaqani Xitoy, Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan bog‘lovchi boshqa magistrallarni rivojlantirish muhimligini ta’kidladi.

Davlat rahbari tarif siyosati masalalarida yaqindan muvofiqlashuv zarurligini qayd etib, O‘zbekiston—Afg‘oniston—Pokiston temiryo‘li qurilishini amalga oshirish bo‘yicha Loyiha ofisi ishiga qo‘shilishga taklif etdi.

Oziq-ovqat xavfsizligi sohasida O‘zbekiston rahbari qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari importi o‘rnini faol bosishni rag‘batlantirish, “yashil” yo‘laklarning to‘laqonli ishlashini ta’minlash, qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish va innovatsiyalarni joriy etishni qo‘llab-quvvatlash hamda mamlakatlarimiz agrobiznesi vakillari o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini rivojlantirishni rag‘batlantirish takliflarini ilgari surdi.

Foto: Prezident matbuot xizmat

Shu maqsadda O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi vazirlari, oziq-ovqat mahsulotlarining yetakchi ishlab chiqaruvchilari va importchilari ishtirokida “YeOII plyus” formatida Agrar forumni o‘tkazish tashabbusini bildirdi.

Yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash, oliy ta’lim muassasalari va professional ta’lim markazlari o‘rtasida sheriklik munosabatlarini yo‘lga qo‘yish, ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shma loyihalarda ishtirok etish imkoniyatlari qayd etildi. Muhandislik-texnik ixtisosliklar bo‘yicha talab yuqori bo‘lgan kadrlarni birgalikda tayyorlash yuzasidan “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish taklif etildi.

O‘zbekiston prezidenti so‘zining yakunida Oliy Yevrosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishi yakunlari YOII mamlakatlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi yo‘nalishlari, shakl va mexanizmlarini rivojlantirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Bo‘limlar

So'nggi yangiliklar

O‘zbekistonda hududlararo aviaqatnovlar 2030-yilgacha 2,5 baravarga oshiriladi

Keyingi besh yil ichida Toshkentni chetlab o‘tuvchi hududlararo parvozlar soni 1560 taga yetkaziladi, mamlakat bo‘yicha aviaqatnovlar esa 200 mingtagacha oshiriladi. O‘zbekistonda hududlararo aviaqatnovlar soni 1500...

Qishki o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha arizalar qabuli boshlandi

Arizalar 20-yanvargacha onlayn qabul qilinadi hamda talabalar o‘qishini ikkita sabab bilan ko‘chirishi mumkin. Qishki o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha arizalar qabuli boshlandi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar...

Talabalarni ish bilan taʼminlash bo‘yicha yangi tartib joriy etildi

Yangi nizom bilan talabalar shartnoma pulini ish beruvchi hisobidan to‘lashi mumkin. O‘qish yakunlangach ular ishga qabul qilinadi. Talabalarning buyurtmachi tashkilotlar bilan hamkorligi tashkil etiladi. Bu haqdagi...

Tadbirkorlarga soliq hisobotini vaqtida topshirmaganlik uchun jarima miqdori kamaytirildi

Shuningdek, oxirgi 3 oyda soliq hisobotlarini o‘z vaqtida taqdim etib kelgan tadbirkorlik sub’yektlariga ma’muriy jarima qo‘llanmagan holda soliq hisobotini 5 kungacha kechiktirib topshirishga ruxsat...

O‘zbekiston noyabr oyida dunyodagi eng yirik oltin xaridorlari uchligiga kirdi

Markaziy bank bir oyda 10 tonna oltin sotib oldi, biroq yil boshidan buyon sotib olish hajmi bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘rinda qolmoqda. Noyabr oyida O‘zbekiston dunyodagi...

O‘zbekistonda 2027-yili birinchi islomiy bank xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi

2030-yilgacha mamlakatda islomiy moliyaning huquqiy asoslari yaratilib, kamida uchta bankda islomiy mahsulotlar joriy etiladi. 2030-yilga borib O‘zbekistondagi uchta bankda islomiy moliya xizmatlari paydo bo‘ladi. Bu haqda...