Bosh sahifa Blog Sahifa 146

Forbes dunyodagi eng boy ayollar reytingini e’lon qildi

0

AQShning “Forbes jurnali dunyoning eng milliarder ayollari roʻyxatini e’lon qildi.

Anʼanaviy ravishda bu safar ham roʻyxatdan milliarderlarning sobiq xotinlari va merosxoʻrlari yuqori oʻrinlarni band qilgan.

Ketma-ket uchinchi yil “L’Oréal” kosmetika imperiyasi asoschisining nabirasi Fransuaza Bettenkur-Meyers $80,5 mlrdlik boyligi bilan birinchi o‘rinni egallab turibdi.

Ikkinchi o‘rinni esa $59 mlrd bilan tadbirkor Devid Koxning bevasi Yuliya Kox va uning farzandlari band etgan. O‘tgan yili ular reytingning uchinchi pogʻonasidan joy olgandi.

Kuchli uchlikni “Walmart” brendi asoschisi Elis Uoltonning qizi yakunlab berdi. “Forbes” uning boyligini $56,7 mlrdga baholagan. Millarder xonim oʻtgan yili ikkinchi oʻrinda edi.

Yangilangan roʻyxatdan “Mars” shokoladlari asoschisi Jaklin Mars ($38.3 mlrd)ga toʻrtinchi, qimor o‘yinlari magnati Sheldon Adelsonning bevasi Miriam Adelson ($35 mlrd)ga beshinchi oʻrin nasib qildi.

Avvalroq “Forbes” jurnali dunyodagi eng boy odamlarning 37-yillik reytingini e’lon qilgandi.

Ro‘yxatda birinchi o‘rinni Bernard Arno $211 mlrd boylik bilan egalladi. Ikkinchi o‘rinda esa $180 mlrd bilan Ilon Mask egallab turibdi.

Kuchli beshlikda Jeff Bezos $114 mlrd, Larri Ellison $107 mlrd, Uorren Baffet $106 mlrd boylik bilan turibdi.

Alibaba asoschisi Jek Maning 10 ta muvaffaqiyat qoidasi

0

Milliarder Jek Ma – uni xitoylik Mark Sukerberg deb ham atashadi – ajoyib shaxs. U noldan ko‘tarildi, qayerda bo‘lmasin muvaffaqiyatsizlikka uchradi va oxir-oqibat dunyodagi eng yirik kompaniyalardan birini yaratib, 7 milliard dollarlik boylik topdi.

  1. Taslim bo‘lmaslik haqida Jek Ma shunday deydi: mening hayotim muvaffaqiyat emas, balki muvaffaqiyatsizlik tarixi. O‘zining ajoyib qat’iyati tufayli boylikka erishgan va o‘zini o‘zi yaratgan. Jek Ma uzoq vaqt mahalliy universitetlardan birida oyiga 12 dollar maosh oladigan oddiy ingliz tili o‘qituvchisi bo‘lib ishlaydi. Ammo 90 yillarda Xitoyda islohotlar boshlandi va u o‘zining tarjimonlik agentligini ochadi. Keyin AQShga jo‘nadi, u yerda birinchi martta Internet mavjudligi haqida eshitdi, keyin vataniga qaytib, Yellow Pages’ning analogi bo‘lgan China Pages kompaniyasiga asos soldi. Biroq, birinchi Xitoy Internet kompaniyasi foydasiz bo‘lib chiqdi va tez orada yopildi. Jek davlat xizmatiga borishi kerak edi, u yerda to‘rt yil davomida kotib bo‘lib ishladi. Hamma narsaga qaramay, u taslim bo‘lmadi va keyinchalik 1999 yilda Alibaba kompaniyasiga asos soldi. Bugungi kunda uning boyligi 7 milliard dollarga baholanmoqda.
  2. Qat’iyatli bo‘ling, o‘ylab ko‘ring: Garvard uni o‘n marta rad etdi! Qabul qilinmagani emas, balki u yerga o‘n marta hujjat topshirgani ajablanarli. Uni universitetga ham, ishga ham olib ketishmagan. Faoliyatining boshida Ma uzoq vaqt davomida hech qayerda ish topa olmadi. U hatto politsiyaga ishga kirishga harakat qildi, lekin unga rad javobini berishdi: «Siz bizga to‘g‘ri kelmaysiz!». U (24 kishilik guruh ichida) KFC oshxonasida ishga qabul qilinmagan yagona inson edi. Biroq, Ma «tundan keyin albatta tong otishini» – qachondir omad unga tabassum qilishini va uning o‘zi odamlarni ishga olishini bilar edi.
  3. Optimist bo‘ling: «Agar ba’zan yig‘lashga o‘zingizga ruxsat bersangiz, hammasi joyida», deydi Ma. «Ammo agar muntazam ravishda tushkunlikka tushsangiz va hayotdan tez-tez shikoyat qilsangiz, u alkogolizmga o‘xshaydi – qancha ko‘p ichsangiz, uni to‘xtatish shunchalik qiyin bo‘ladi. Muvaffaqiyatga erishgan odamlar nolimaydilar. Dunyo nima deyishingga ahamiyat bermaydi, muhimi nima qilayotganingdir». Ma hazilkash, yengil va ijobiy shaxs sifatida tanilgan. U o‘z kompaniyasining o‘n yilligini shunday nishonlashga qaror qildi: parik, charm kurtka kiydi, buruniga halqa taqib, 16 000 nafar xodimlariga Elton Jonning qo‘shig‘ini kuyladi: «Can you feel the love tonight?»
  4. O‘zingizga namunali shaxs tanlang. Jekning eng sevimli film qahramoni Forrest Gamp, u nima bo‘lishidan qat’i nazar, kundan-kunga yuguraverdi. U o‘z iborasini tez-tez takrorlaydi: Bugun qattiq va og‘riqli, ertaga bundan ham battar bo‘ladi, lekin undan keyingi kun yaxshi bo‘ladi. Gampdan tashqari uning yana bir mafkuraviy ilhomlantiruvchisi bor – uning rafiqasi Chjan Ing. Tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, uni milliarderga aylantirgan. Ular Xanchjou pedagogika institutida uchrashishdi. Jang har doim erini qo‘llab-quvvatlagan va uning har bir biznes loyihasida ishtirok etgan.
  5. Hayotdan zavqlaning. «Pul haqida o‘ylamang; pul ishlashni o‘ylamang, – deydi Ma. – Men doimo o‘zimga eslatib turaman, ishlash uchun emas, balki hayotdan zavqlanish uchun tug‘ilganmiz. Biz boshqalarning hayotini yaxshilash uchun shu yerdamiz. Jekning o‘zi faqat bitta ishga bog‘lanib, qanday yashash mumkinligini tushunmaydi. Biznesdan tashqari, u kung-fu bilan jiddiy shug‘ullanadi va aktyor Jet Li bilan do‘stlashadi. Shuningdek, u xayriya ishlari bilan shug‘ullanadi va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qiladi.
  6. Saxiy bo‘ling. Alibaba’ning birinchi o‘n yetti nafar xodimi, asosan Maning shogirdlari bo‘lib, ular da’vo qilmagan bo‘lsalar ham, kompaniya aksiyalarini olishgan. Konfutsiy falsafasining izdoshi Jek, pul bilan xayrlashishdan qo‘rqmaydiganlarga daromad osonlik bilan keladi, deb hisoblaydi.
  7. Xatolarni tan oling «Men 2001 yilda xato qilganman», deb tan oladi tadbirkor. «Men kompaniyani asos solgan xodimlarimga ularning martaba chegarasi menejer darajasi ekanligini tushuntirdim». Vitse-prezident va yuqori lavozimli rahbarlarni ishga olish uchun tashqaridan mutaxassislarni topish kerak deb o‘yladi. Yillar o‘tib, kompaniyada bu yollangan mutaxassislarning hech biri endi ishlamayapti, lekin u shubha qilganlar vitse-prezident va undan yuqoriroq vazifalarni mukammal bajarishadi.
  8. Umumiy maqsad sari intiling: «Hammani bir xil fikrlashga majbur qila olmaysiz, lekin hammani bitta umumiy maqsadga ishontira olasiz», –deydi Ma. – Xodimlaringizni ham xuddi sizdek fikrlashga undamang, bu imkonsiz. Siz uchun ishlaydigan odamlarning uchdan bir qismi sizga ishonmaydi. Ularning shaxs uchun ishlashiga yo‘l qo‘ymang. Buning o‘rniga ularni bitta umumiy maqsad atrofida birlashtiring». Hamkasblaringiz siz uchun ishlashlari shart emas, ularga umumiy maqsad sari harakat qilishlariga imkon bering.
  9. Har kuni o‘rganing Jek Ma har kuni yangi narsalarni o‘rganish kerakligiga amin, aks holda siz behuda yashagansiz. Ma’lumoti bo‘yicha o‘qituvchi, umri davomida o‘qituvchi bo‘lib qoldi. Bir vaqtlar Xitoyning yigirmata eng yaxshi o‘qituvchilaridan biri edi. Xodimlar u haqida u xo‘jayin emas, balki haqiqiy o‘qituvchi ekanligini aytishadi. U xodimlarni sinchkovlik bilan o‘rganadi, ularning imkoniyatlarini ochishga harakat qiladi va keyin ularni yanada rivojlanishga undaydi.
  10. Foyda keltiring. Ma bosh direktor lavozimidan ketganidan so‘ng, u Alibaba global strategiyasida ishtirok etdi. Kelgusi uch yil ichida kompaniya moliya sektori bilan shug‘ullanadi – Alibaba allaqachon o‘zining Alipay to‘lov tizimiga ega va tez orada Xitoyda birinchi xususiy banklardan birini ochadi. Keyinchalik Ma bulutli texnologiya va big data bilan shug‘ullanmoqchi. Ma internet yordamida nafaqat vatandoshlari uchun yangi ish o‘rinlari yaratmoqchi, balki Xitoyning o‘zini yanada ochiq va shaffof mamlakatga aylantirmoqchi.

Motivatsiya bilan uyg‘onishning samarali usullari

0

Tan oling, motivatsiyani his qilish, ehtimol, siz qila oladigan eng qiyin ishlardan biridir. Agar bu juda oson bo‘lganida, har bir kishi oldinga siljib, o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlariga erishgan bo‘lardi.

Nimadan rohatlanishingiz va sizga chinakamiga zavq beradigan narsa haqida o‘ylab ko‘ring. Keling, kuningizni boshlash uchun sizga kuch bag‘ishlaydigan omillarni ko‘rib chiqamiz.

Budilnik vaqtini kechiktirmang. Budilnikni kechiktirish sizni darhol turishdan ko‘ra, yomonroq kayfiyatda uyg‘otishi mumkin. Har 5-10 daqiqada to‘xtatilgan uyquning foydadan ko‘ra, zarari ko‘p. Budilnikni xonaning narigi tomoniga qo‘yishga harakat qiling, shunda uni o‘chirish uchun yotoqdan turishdan boshqa ilojingiz qolmaydi.

Uyg‘onganingizda ko‘rishingiz uchun eng katta orzularingizni yozing. Bizning miyamiz doimo hayotimizdan nimani xohlayotganimizni eslab turishi kerak. Uni yozib olish bizning ruhiyat va e’tiqod tizimimizda katta o‘zgarishlarni keltirib chiqaradi, chunki oddiy fikr va orzu birdaniga aniq ko‘rinadigan bo‘lib qoladi. U birdaniga jonli tasavvur emas, balki ro‘yobga chiqishi mumkin bo‘lgan narsaga aylanadi.

Suv iching. Uxlayotganingizda tanangiz juda suvsizlanadi va uyg‘onganingizda charchoq hissini tuyasiz. O‘rindan turishingiz bilan bir stakan iliq suv ichishingiz sog‘lig‘ingiz va ichak faoliyati uchun ham foydalidir. Aytgancha, yuzingizni sovuq suv bilan yuvishni ham unutmang.

Mashq qiling. Muntazam jismoniy mashqlar insonda baxtiyorlik hissini uyg‘otadigan dofaminni ishlab chiqarishi ilm-fan tomonidan isbotlangan. Bu biologiyangizning “o‘zini yaxshi his qilish” tabletkasi bo‘lib, ularni tez-tez bajarish nafaqat o‘zingizni yaxshi his qilishingizga yordam beradi, balki tanangiz salomatligi uchun ham foydalidir.

Meditatsiya qiling. Meditatsiya kunni boshlashning yaxshi usulidir, chunki u parasempatik asab tizimini faollashtirishda yordam beradi. Meditatsiya nafaqat ongingiz, balki tanangizga ham tetiklik, quvvat bag‘ishlaydi va uning yosharishiga sabab bo‘ladi.

Yaxshi va foydali nonushta qiling. Yaxshi nonushta sizni tushlikkacha quvvat bilan ta’minlaydi. Nonushtani o‘tkazib yuborish diqqat-e’tiborni yo‘qotish va asabiylashishga olib kelishi mumkin. Ma’lumki, sitrus energiyani oshiradi, shuning uchun uydan chiqishdan oldin to‘g‘ri nonushta qilishga vaqtingiz bo‘lmasa, ertalab apelsin iste’mol qilsangiz, kuchga to‘lib olasiz.

Yangi kunda nima qilishingiz kerakligiga e’tibor qarating. Ertalab kunning eng qiyin vaqti bo‘lishi mumkin, chunki bu vaqtda sizni bajarilishi kerak bo‘lgan juda ko‘p vazifalar va topshiriqlar kutib turgan bo‘ladi. Bunda erishmoqchi bo‘lgan maqsadlaringizning eng kattasiga e’tibor qaratish tufayli ko‘pincha o‘zingizni yo‘qotib qo‘yishingiz mumkin. Lekin shuni yodda tutingki, bugun qilishingiz kerak bo‘lgan ishlar oxir-oqibat sizni o‘z maqsadingizga olib boradi. Maqsadlaringizni kichikroq bo‘laklarga bo‘ling va ularni bosqichma-bosqich muntazam ravishda amalga oshiring.

Kichik tanaffuslar qiling. Ertalab har yarim soatlik o‘z ustingizda mustaqil shug‘ullanish uchun o‘zingizga tanaffus bering. 20 daqiqalik taymerni o‘rnatib, “Pomodoro texnikasi”dan foydalaning. Keyin qolgan daqiqani dam olish, qahva tayyorlash yoki qisqa masofaga yurishga sarflang. Siz o‘sha 2 soat ichida butun kun davomida diqqatsiz ishlaganingizdan ko‘ra ko‘proq ish olib borganingizni bilib olasiz.

Rivojlanishda davom eting. Doimo o‘sishga intiling. Siz bilan birga bo‘lgan odamlar sizni doimo qiziqarli deb bilishsin. Maqsadlaringizga erishgan bo‘lsangiz, o‘z oldingizga yanada yuqoriroq maqsadlarni qo‘yishga harakat qiling va bu sizni keyingi bosqichga olib chiqadi. Darhaqiqat, marshrutlar degan narsa yo‘q, faqat marralar bor!

Shaxsiy blogni boshlang va kashfiyotlaringizni dunyo bilan baham ko‘ring. Ega bo‘lishingiz mumkin bo‘lgan eng katta mamnuniyat – bu bilgan narsangizni boshqalar bilan baham ko‘rishdir. Shuningdek, bu usul blogingiz kuzatuvchilari oldidagi mas’uliyat hissini beradi va natijada, yangi narsalar o‘rganishga, yaxshi natijalarga erishishga harakat qilasiz.

O‘zingizga yoqadigan yangi ko‘nikmalarni o‘rganish uchun kuniga bir soat vaqt ajrating. Yangi ko‘nikmalarni o‘rganish shaxs va kadr sifatida sizning rivojlanishingizga sabab bo‘ladi. Shu bilan birga, o‘z qadr-qimmatingiz va o‘zingizga bo‘lgan ishonchingizni oshiradi.

Kuniga bir necha soatni faqat o‘yin-kulgi va dam olish uchun sarflang. E’tiborni faqat ishga qaratish yaxshi fikr emas. Biz dam olishimiz va qiziqarli mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanishimiz kerak. Aslida, bu shunchalik muhimki, Google buni o‘z ish axloqining bir qismi sifatida ishlatadi. Bizning eng ijodiy g‘oyalarimiz ish bilan bog‘liq bo‘lmagan narsalarni bajarish orqali kelib chiqadi.

Muvozanatli hayot yaratishga e’tibor qarating. Agar butun vaqtingiz va kuchingizni faqatgina bir narsaga sarflasangiz, sizni baxtli qiladigan boshqa hech narsa yo‘qligi sababli shaxsiyatingizga zarar yetkazish xavfi katta. Sizni baxtli qiladigan barcha narsalarga mos keladigan muvozanatli jadval tuzing, shunda bir narsa to‘satdan muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, hayotingizda sizni pozitiv saqlaydigan boshqa narsa bo‘ladi.

Fikr almashish uchun siz bilan maqsadi bir insonlar guruhini tuzing. Siz kabi narsalarni xohlaydigan, o‘xshash fikrli odamlarni qidiring. Muvaffaqiyat yo‘lidan borish ba’zan yolg‘iz sayohat bo‘lishi mumkin. Sayohatda boshqa odamlarning bo‘lishi g‘oyalar almashish va o‘zaro fikr almashish tufayli ishlarni osonlashtirishga yordam beradi. Agar buning iloji bo‘lmasa, kitoblar, audiolar yoki boshqa bloglardan muvaffaqiyatli shaxslarni qidiring va ularning muvaffaqiyatlaridan saboq oling. Bu sizga maqsadga erishish uchun kerakli ijobiy fikrlarni yaratishga yordam beradi.

Hayotni juda jiddiy qabul qilmang. Ba’zan bu hayot vaqtinchalik ekanligini unutish oson. Maqsadlarga erishish va o‘zingizni yaxshilash qanchalik muhim bo‘lsa-da, hech birimiz abadiy yashay olmaymiz. Har doim vaqtingiz va hayotning nozik tomonlarini qadrlashga harakat qiling!

O‘z biznesini yo‘lga qo‘yishga muvaffaq bo‘lgan tadbirkorlar Marina Pak va Yekaterina Kim

0

LOVECO asoschilari Marina Pak va Yekaterina Kim Spot’ga biznesni yo‘lga qo‘yish uchun qancha sarmoya kiritganliklari, uskunalar qanchalik tez o‘zini qoplagani va ekobiznesdan qancha daromad olish mumkinligi haqida so‘zlab berishdi.

Maqolada keltirilgan barcha ma’lumotlar faqat tanishish uchun berilgan. Raqamlar taxminiydir va individual holatga qarab farq qilishi mumkin.


Hammasi qanday boshlandi?

Onalik ta’tilida bo‘lgan paytlarimizda, o‘z ishimizni boshlashni juda xohlagan edik. Pastilalar va meva chipslari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish g‘oyasi gazaklarning xilma-xilligini oshirish va ularni sog‘liq uchun yanada foydali qilish istagidan kelib chiqqan.

Biz, yosh onalar uchun bolalarning to‘g‘ri ovqatlanishi juda muhim edi, shuningdek, o‘z mahsulotlarimiz orqali iste’molchilarga hayot sifatini yaxshilash imkoniyatini berishni xohladik.

Konservantlarsiz, shakar yoki asalsiz tabiiy mahsulotlar ishlab chiqaramiz. Pastilalarning tarkibida faqat mevalar bor. Aynan mana shu xususiyat “LOVECO” kompaniyasining nomi bilan bog‘liq bo‘lib, bu “Men ekologik mahsulotni yaxshi ko‘raman” degan ma’noni anglatadi.

2019-yil may oyidan boshlab biz mahsulotlarni yaqinlar, do‘stlar va tanishlarimizga taklif qilib, faol sinovdan o‘tkazishni boshladik. Takliflarni qabul qildik, maslahatlarni tingladik, mahsulotlarga talab bor-yo‘qligini tahlil qildik.

Dastlab, bizda faqat ikkita meva quritgich bor edi. Boshida mahsulotlarni “Instagram” va “Facebook” sahifalari orqali taklif qildik. Brend yaratish bilan mustaqil ravishda shug‘ullandik, logotip dizayner bilan birgalikda ishlab chiqildi.

Biroz vaqt o‘tgach, biz “Next” savdo markazidagi yakshanba yarmarkasida qatnashdik, shundan so‘ng ko‘plab doimiy mijozlarga va biznesni rivojlantirish uchun foydali tanishlarga ega bo‘ldik. Kun davomida 9000 so‘m turadigan 1 o‘ram pastilalar sotib, 1,5 mln so‘mga yaqin daromad olishga erishdik. Bunday ko‘rsatkichlar mahsulotlarga talab borligini va biznesni rivojlantirishda davom etishimiz kerakligini ko‘rsatdi.

To‘rt oy ichida buyurtmalar hajmi shunchalik ko‘paydiki, ikkita quritgichda mahsulot tayyorlashga ulgurmadik. Keyin biz ishimizni kattalashtirish uchun alohida joy qidira boshladik va qo‘shimcha uskunalarga buyurtma berdik. Bunga parallel ravishda kompaniyani ro‘yxatdan o‘tkazish uchun hujjatlarni tayyorlashni boshladik.

loveco, pastila

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Bozor dinamikasi

So‘nggi bir necha yil ichida Toshkent bozorida sog‘lom turmush tarziga oid mahsulotlarni sotishga ixtisoslashgan ko‘plab do‘konlar paydo bo‘ldi. Agar biz faqat bizning segmentimizni hisobga oladigan bo‘lsak, unda bizning kompaniyamiz paydo bo‘lishidan oldin bozorda pastilalar juda kam edi va ulardan eng ko‘pi esa uy sharoitida tayyorlangan. Biz birinchilardan bo‘lib bu biznesni kengaytirishga muvaffaq bo‘ldik.

Bugungi kunda bozorda shunga o‘xshash mahsulotlarni taklif qiluvchi boshqa bir qancha kompaniyalar paydo bo‘lgan. Bundan tashqari, bizda unchalik foydali bo‘lmagan gazaklar (kartoshka chipslari, shokolad batonlari va boshqalar) ishlab chiqaruvchi ko‘plab raqobatchilar mavjud.

Ammo biz raqobatchilardan qo‘rqmaymiz, chunki bozor juda keng. Bundan tashqari, boshqa o‘yinchilarning paydo bo‘lishi orqada qolib ketishga emas, balki biznesni yanada rivojlantirishga undaydi.

Ko‘pchilik tarkibida shakar va konservantlar bo‘lmagan sog‘liq uchun foydali gazaklarni tanlamoqda. Bundan tashqari, sog‘lom turmush tarzi bugungi kunda trendga aylangan bo‘lib, ko‘pchilik unga rioya qilishga harakat qiladi.

Biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish

Buxgalter va advokat bilan maslahatlashib, biz MChJning shaklini tanladik. Shu bilan, biz QQS va daromad solig‘i to‘lovchisiga aylandik.

Biznesni ro‘yxatdan o‘tkazishda eng katta qiyinchilik muvofiqlik sertifikatini olish edi. Busiz oziq-ovqat mahsulotlarini sotish mumkin emas. Biz bozorda birinchi bo‘lganimiz sababli, texnologiyani ishlab chiqishimizga to‘g‘ri keldi, chunki o‘sha paytda pastilalar uchun davlat standarti yo‘q edi.

Biz texnik ko‘rsatmalar yozdik, har bir turdagi mahsulotni laboratoriyaga jo‘natdik. Umuman olganda, bu jarayon odatda taxminan bir oy davom etadi, ammo bizda pandemiya tufayli biroz kechiktirildi.

Nizom va shaxsiy hujjatlarni ilova qilib, ularni YIDXP (MyGov) orqali ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ariza berdik, shundan so‘ng bankda hisob ochtirdik. Kerakli sertifikatlarni olgach, do‘konlar bilan birinchi shartnomalarni tuzishga muvaffaq bo‘ldik. Biz asosan shartnoma asosida o‘tkazma punktlari bilan ulgurji savdo qilamiz.

 

loveco, pastila

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Boshlang‘ich mablag‘

Dastlab, pastilalar va mevali chipslar ishlab chiqarish sexini yaratish uchun shaxsiy mablag‘larimizdan $7000 ga yaqin miqdorni yo‘naltirdik.

Hozir shunga o‘xshash biznesni ochish uchun sizga quyidagilar kerak bo‘ladi:

Obyekt Miqdor (dollarda)
Binoni ijaraga olish 200
Joyni ta’mirlash 1000
Mebel 500
Uskunalar (quritish mashinalari, muzlatgichlar, blender, slayserlar, pech) 3000
Xodimlarning ish haqi 1000
Kommunal to’lovlar 300
Targ’ib qilish, reklama 100
Mahsulot uchun materiallar 1000 dan boshlanadi

Bizning biznesimizni qo‘llab-quvvatlagan va rivojiga hissa qo‘shgan do‘st va tanishlarimizga minnatdorchilik bildiramiz. Ular Rossiyadan quritgichlarni olib kelishga yordam berishdi, qisman mebel qismlari, muzlatgich va boshqalar bilan ta’minlashdi.

Uskunalar uchun xarajatlarning eng katta qismi quritgich va muzlatgichlarga ketdi. Biz asta-sekin kengayib bordik. Ularning xarajatlari o‘zini qoplagach, yana investitsiya kiritdik va yangilarini sotib oldik.

Shunday qilib, bizning ikkita quritgichimiz to‘rt oy ichida o‘zini oqladi, keyin yana sakkiztasini, bir muncha vaqt o‘tgach, yana o‘ntasini sotib oldik. Hozir seximizda 20 ta degidrator, ta muzlatgich kameralar, pech, blender, bir nechta slayser mavjud.

O‘zini qoplash muddati — 1,5−2 yil. Sarmoya kiritish davrining davomiyligi biznesni kengaytirish uchun imkoniyatlar va istaklar darajasiga bog‘liq. Biz imkon qadar ham xizmat ko‘rsatishni, ham xodimlar uchun sharoitlarni yaxshilashni istaymiz. Shu sababli, bugungi kunga qadar biz foydaning bir qismini qayta investitsiya qilishni davom ettirmoqdamiz.

Hozir korxonaning bir oylik aylanmasi 60 mln so‘m bo‘lib, shundan 20−30 mln sof foyda, marja 50 foizni tashkil etadi. Kuniga 300 dona pastila va 2−3 kg mevali chipslar ishlab chiqaramiz. Pastilalarni bitta o‘ramining narxi 14 ming so‘m, chipslar esa 18 ming so‘m.

Yetkazib beruvchilar bilan ishlash

Biz Rossiyadagi distribyutorlardan Yevropada ishlab chiqarilgan Ezidri quritgichlarini sotib oldik. Yaxshi tomoni shundaki, degidrator sotib olganimizda to‘plam bilan birga foydalanuvchi qo‘llanmasi ham keldi — unda bir nechta retseptlar ham yozilgan edi. Biz barcha boshqa uskunalar va sarf materiallarini mahalliy yetkazib beruvchilardan sotib olamiz.

Pastilalar va chipslarni sinab ko‘rish bosqichida meva olish uchun turli bozor va do‘konlarga o‘zlarimiz bordik. Tovar aylanmasining oshishi bilan biz mezonlarga mos keladigan doimiy yetkazib beruvchini qidira boshladik: o‘tkazmalar bo‘yicha ishlar, kerakli miqdordagi mevani o‘z vaqtida yetkazib berish masalalari bilan qiziqdik.

Uzoq qidirdik, dehqonlar bilan ham gaplashdik. Biz yetkazib beruvchilarni bir necha bor almashtirishga majbur bo‘ldik, chunki hammasi ham mas‘uliyatli emasdi. Natijada bizga har hafta meva yetkazib beradigan doimiy hamkorni topishga muvaffaq bo‘ldik. Bu fermer xo‘jaligining rahbari bo‘lib chiqdi, u ham boshqa fermerlarga marketing borasida yordam berib keladi.

loveco, pastila

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Mijozlar bilan ishlash

Bizning maqsadli auditoriyamiz 20−45 yoshdagi oilasi va farzandi bor ayollardir. Yetkazib berish uchun kuniga o‘rtacha hisob 100 ming so‘mdan, buyurtmalar soni esa 10 dan ortiq.

Bundan tashqari, “LOVECO” mahsulotlari Toshkent shahridagi 30 dan ortiq do‘konlar, tarmoqlar va qahvaxonalarda taqdim etilmoqda. Ular orasida “Botanica”, “Green Apple” va “Tegen” do‘konlari tarmog‘i, “Le Buffet” qahvaxonasi, “Kid’s Plate”, “Ecobozor” va boshqalar bor.

Mahsulotlar ulgurji narxlarda (pastilalar uchun 12 870, chipslar uchun 14 400 so‘m) taqdim etiladi va do‘kon rahbariyati ularning narxini mustaqil ravishda belgilaydi.

“Instagram” sahifasini yuritish davomida biz Samarqanddan ko‘plab mijozlarga ega bo‘ldik. Ilgari pochta orqali yuborardik, ammo bunda yetkazib berishga 2−4 kun ketardi. Ammo bizda mijozlar ko‘p bo‘lib, bundan tashqari, mijozlar, masalan homilador ayollar, mahsulotni darhol olishni xohlashardi.

Shunday qilib, biz savdo nuqtalarini qidira boshladik. Natijada, Samarqanddagi “Ореховый сад” do‘koni bilan hamkorlik qila boshladik.

Ishga qabul qilish va ko‘tarilish

Biznesni “Instagram” va “Facebook»da targeting orqali targ‘ib qilamiz. Biz reklama uchun oyiga 100 dollar sarflaymiz. Dastlab, sahifalar mustaqil ravishda yuritildi, ammo vazifalarning ko‘payishi bilan 2020-yilda SMM mutaxassisini yollashga qaror qildik. Xodim trendlarni kuzatib boradi, statistikalarni taqdim etadi, bizga yangi yechimlarni taklif qiladi.

Do‘konda ikkita doimiy ishchi ishlaydi. Sinov davrida ularga o‘zimiz ish o‘rgatganmiz. Yoz mavsumida ko‘p miqdorda meva va rezavorlarni qayta ishlash uchun qo‘shimcha ravishda 3−4 kishini ishga olamiz. Misol uchun, bir kunda biz 200−300 kg qulupnay yuvamiz, tozalaymiz, muzlatib qo‘yamiz.

Korxonada hisobchi va haydovchi ham ishlaydi.

loveco, pastila

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Qiyinchiliklar va xatolar

Bizning biznesimizdagi asosiy qiyinchilik to‘g‘ri retseptni topish edi. Biz uzoq vaqt davomida turli xil variantlarni sinab ko‘rdik. Ta’mi yoki mahsulot turi bilan bog‘liq muammolar bor edi. Ammo oxir-oqibat, sinovlar va xatolar natijasida biz hozir mavjud bo‘lgan ideal holatga keldik.

Ishonchli yetkazib beruvchini topish qiyinchilik tug‘dirdi. Chunki kelishuvimiz bor, lekin ko‘rsatilgan kuni mevasiz qolib, yana o‘zimiz bozorga chiqishga majbur bo‘lgan holatlarimiz bo‘lgan. Shu bilan, bozorda meva sotib olayotganda, “qancha?” degan savolga, biz yuz kilogrammdan ko‘proq kerak deb javob berardik.

Sotuvchi do‘koningizga qancha kerak bo‘lsa, shuncha olib boraman, dedi. Shunday qilib, bizga omad kulib boqdi va biz mas’uliyatli yetkazib beruvchini topdik.

Rejalarimiz va tadbirkorlarga maslahatlar

Ishlab chiqarishni kengaytirish va avtomatlashtirishni rejalashtirganmiz. Biz mahsulotlarni eksport qilish haqida o‘ylayapmiz, bu borada AQSh, Janubiy Koreya, Rossiyadan xaridorlar ko‘p.

Maslahatlar:

  1. Hech narsadan qo‘rqmang. Baribir xatolar bo‘ladi. Biznesda siz tavakkal qilishingiz va urinib ko‘rishingiz kerak, aks holda siz bu ish beradimi yoki yo‘qmi — hech qachon bilolmaysiz.
  2. Doimo hammasini tashlash istagi paydo bo‘ladi. Bizda ham shunday burilish nuqtasi bo‘lgan edi. Bunday vaqtda vaziyatni tahlil qilib olish juda muhim, ammo agar siz bu ishni chindan ham yaxshi ko‘rsangiz, uni tark eta olmaysiz. Boshlagan ishingizni oxiriga yetkazsangiz hammasi iziga tushib ketadi.

Milliardlarni lol qilgan kitoblar

0
Old vintage books over beautiful bokeh background

Kitob nurdir. U zimiston qalblarni yorug‘ qiladi. Kitob ilmlar xazinasidir. U bilimimizni yuksaltiradi. Aqlimizni charxlaydi. Kitob ma’naviy ehtiyojlarimizni qondiradi. Kitobdan yaxshiroq do‘st yo‘q. Bugun dunyo bo‘yicha nafaqat eng ko‘p mutolaa qilingan, balki o‘z o‘quvchilarining ma’naviy olamini boyitgan, qalbiga ziyo olib kirgan eng sara badiiy asarlarga to‘xtalamiz.

  1. Fyodor Dostoyevskiy – «Jinoyat va jazo» 

Rus yozuvchisining ushbu romani 1886-yilda Rossiyada chop etilgach, uning nomi tez orada butun Yevropaga tanildi. Ko‘hna qit’ada «Jinoyat va jazo»ni mutolaa qilishni istaganlar shu qadar ko‘payib ketdiki, ba’zilar asarning tarjima qilinishini ham kutmay, rus tilini o‘rganishga bel bog‘lashdi. Bugunga kelib «Jinoyat va jazo» 100 dan ortiq tilga tarjima qilingan va qayta-qayta nashr etilgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, Dostoyevskiyning «Jinoyat va jazo»sini 3 milliarddan ko‘proq odam sevib mutolaa qilgan. Qizig‘i, ko‘pgina qamoqxonalarda mahbuslar yonida «Jinoyat va jazo»ni olib yurishi aniqlangan.

  1. Uilyam Shekspir – «Hamlet»

1599 — 1601-yillarda yozilgan ushbu tragediya Shekspirning shoh asarlaridan biri sanaladi. To‘g‘ri, uning qo‘lyozmasi o‘quvchilar tomonidan avvaliga u qadar ko‘p o‘qilmagandir, biroq uning teatrda sahnalashtirilishi «Hamlet» mutolaasini yanada kuchaytirdi. «Hamlet» ham xuddi «Jinoyat va jazo» singari ko‘p tillarga tarjima qilingan. Ammo u dunyoning barcha davlatlari teatrlarida sahnalashtirilganiga shubha yo‘q. Shu bois ham «Hamlet» o‘quvchilar eng sevib o‘qiydigan asarlar ro‘yxatida doimo oldingi o‘rinlarda turadi.

  1. Aleksandr Dyuma – «Graf Monte Kristo»

Dyuma 1827-yilda tanishgan do‘sti Jozef Meri bilan uchrashish uchun Marselga kelgan edi. Dyuma do‘sti Meri tufayli Marsel bilan qattiq bog‘lanib qoladi. 1834 yilda u Fransiya janubiga sayohat qiladi. Marsel esa bu safarning so‘nggi nuqtasi edi. U safarining nihoyasida If qal’asini ko‘rish uchun kemada sayohat qiladi. O‘shanda 1834-yilning 10 dekabr sanasi edi.

Ehtimol, bu yirik asar g‘oyasi ham ana shu pallada dunyoga kelgandir? Ammo shunisi aniqki, u Dantes haqidagi yirik asarni yozishga bel bog‘laganida voqea joyi sifatida o‘zi yaxshi bilgan va ko‘rgan mana shu portni tanlaydi. Adibning tasavvur doirasi shu qadar keng ediki, uning asaridagi voqealar hayotdagidan ko‘ra hayotiyroq, haqiqatning o‘zidan ko‘ra haqqoniyroq chiqqan. If qal’asining bunchalik shuhrat qozonishida Dyumaning asari katta o‘rin tutgan desak, yanglishmagan bo‘lamiz.

  1. Ernest Xeminguey – «Chol va dengiz»

Xeminguey asarlari o‘zining jozibasi bilan har bir o‘quvchining qalbiga kirib boradi. U tom ma’noda kitobxonni asir etadi. Yozuvchiga Nobel mukofotini olib bergan ushbu asar millionlab xonadonlarning kitob javonida saqlanadi. Har bir kitobxon har gal qo‘liga ushbu asarni olishi bilan uning ichiga qanday kirib ketganini bilmay qoladi. Ha, Ernest Xemingueyning mahorati ham shunda. Hatto futbolchilarni ham ilhomlantirgan. «Manchester Yunayted» klubi hamda Fransiya terma jamoasining sobiq hujumchisi Erik Kantonadan «Gol urish uchun nimadan ilhomlanasiz?» deb so‘rashganida «Xemingueyning asarlaridan» deb javob bergan.

  1. Jek London – «Oq tish» 

Jek London doimgiday o‘z qahramonlarini kurashga, hayotga, yashashga intiltirganiday «Oq tish»da ham bu an’anasiga sodiq qolgan. «Tun bilan birga qo‘shilib, atrofga dahshat beruvchi hodisalar ham boshlandi. Uyqusizlikdan Genrining oyoqda turishiga ham majoli qolmagandi. Harchand urinmasin uyqu uni mahv eta boshlagandi… Uyqudan turganida o‘zidan yarim qadam narida dahshatli qurtni ko‘rdi…». Bu asar o‘z vaqtida butun Amerikada qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketgan. «Oq tish» 100 dan ortiq tilga tarjima qilingan. Uning o‘quvchilari soni yildan-yilga ortib bormoqda.

  1. Lev Tolstoy – «Anna Karyenina»

Ro‘yxatdan yana bir buyuk rus yozuvchisi Lev Tolstoyning romani o‘rin olgan. Ushbu roman ham chop etilgan zahoti nafaqat yozuvchiga sharaf olib keldi, balki o‘quvchilari sonini ham kundan-kunga orttirib yubordi. O‘sha paytlarda Yevropadagi kiborlarning obro‘si xonadonida «Anna Karenina» borligi bilan o‘lchanadigan bo‘lib qolgandi. Bugun ham Tolstoyning ushbu shoh asari qadri tobora yuksalib bormoqda. Yevropada ham, Amerikada ham, Osiyoda ham. Yozuvchi sof muhabbatning qadri hamma narsadan ustunligini zo‘r mahorat bilan qalamga olgan. «Anna Karenina»ni o‘qimagan, undan bahra olmagan kitobxon bo‘lmasa kerak, deyishadi ruslar. Shu bois ham ushbu asar jahonning ko‘plab tillariga tarjima qilingan. Ma’lumotlarga ko‘ra, «Anna Karenina»ni o‘qiganlar soni bir milliarddan oshadi.

  1. Volfgang Gyote  «Yosh Verterning iztiroblari»

Gyote hali 25 yoshga to‘lmay turib yozgan bu asari haqiqiy klassikaga aylanishini kutmagan bo‘lsa kerak. Ushbu asar chop etilgach, tanqidchilar Gyotega shunday ta’rif berishgan: «Adabiyotga romantik qahramonni armug‘on etgan adib». «Yosh Verterning iztiroblari» ham kitob holida o‘quvchilar qo‘liga tushishi bilan eng sevimli asarlar qatorida tilga olina boshlagan. Bugungacha ushbu asarni o‘qiganlar soni bir milliardga yetgan.

  1. Rashod Nuri Guntekin – «Choliqushi»

«Choliqushi» ilk bor 1922-yilda Turkiyaning «Vakit» gazetasida parchalar holida chop etilgan. Asar o‘quvchilarni shu qadar o‘ziga bog‘lab olgandiki, gazetaning keyingi soni chiqishini intiqlik bilan kutadigan bo‘lib qolishgandi. Shundan keyin o‘sha yilning o‘zida kitob holida bosmadan chiqdi. 1939 yilga qadar «Choliqushi» besh bor nashr etildi. Shunda ham «Choliqushi» tanqisligi kuzatilgach, Rashod Nuri Guntekin asarni o‘z hisobidan yana nashr ettiradi. Asar ingliz, nemis, fransuz, rus, o‘zbek, ozarboyjon tillariga tarjima qilingan. Uning o‘quvchilari soni ham bir milliardga yetadi.

Latviyada tadbirkorlik: mamlakat nimasi bilan jozibador va u yerda qanday qilib biznes boshlash mumkin?

0

Rigadagi O‘zbekiston savdo uyi rahbari Vladimir Galperin savdo uyi nimalar bilan shug‘ullanishi, Latviyada biznesning qaysi sohalariga talab kattaligi, mahalliy tadbirkorlar Yevropa bozoriga chiqishda nimalarga tayyor bo‘lishlari kerakligi haqida so‘zlab berdi.

Ko‘p sonli portlar, qulay temir yo‘l tizimi, yo‘l almashinuvi va rivojlangan havo qatnovi — bularning barchasi kichik Boltiqbo‘yi mamlakatiga G‘arbiy va Sharqiy mamlakatlar bilan aloqalarni saqlab turish imkonini beradi.

Mamlakat Yevropa Ittifoqiga qo‘shilgach, 2008−2009 yillardagi moliyaviy inqirozdan muvaffaqiyatli chiqib ketdi. Va o‘shandan beri tadbirkorlik muhiti tubdan o‘zgardi: bugungi kunda Latviya ochiq bozor iqtisodiyotini muvaffaqiyatli rivojlantirib, hayot sifatini oshirmoqda va yangi bozorlarga chiqmoqda.

Latviyada chet elliklar tomonidan biznesni ro‘yxatdan o‘tkazishda hech qanday cheklovlar yo‘q — vakillik ochish yoki kompaniyani ro‘yxatdan o‘tkazish oson va arzon.

2021-yil sentabr oyida Riga shahrida O‘zbekiston savdo uyi ochildi. Uning ochilishi ikki davlat ishbilarmon doiralari o‘rtasida doimiy aloqa o‘rnatish, mahsulotlarni tizimli eksport qilishni tashkil etish yo‘lida qadam tashlash imkonini berdi.

Bundan tashqari, mahalliy tovarlar endi nafaqat Latviya bozorida paydo bo‘lishi, balki undan ham ortiqroq — Boltiqbo‘yi mamlakatlari, Skandinaviya, shuningdek, Sharqiy, Markaziy va G‘arbiy Yevropaga ham yetib borishi mumkin.

O‘zbekistonning Rigadagi savdo uyi rahbari Vladimir Galperin “Spot»ga Yevropa Ittifoqi davlatlaridan birida biznesni qanday ochish mumkinligi, bu mamlakat mahalliy tadbirkorlarni nimasi bilan o‘ziga tortishi, latviyaliklarni O‘zbekistonda nima qiziqtirishi va qanday kamchiliklar borligi haqida gapirib berdi.


Xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik

Bir yarim yil avval Rigada Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekistonning Latviyadagi elchixonasi va mamlakat Savdo-sanoat palatasi ko‘magida Savdo uyi ochilgan edi.

Bu mahalliy o‘zbek eksportyorlariga Yevropa bozorlariga chiqishga yordam berish maqsadida ishlab chiqilgan.

Aslida ham shunday bo‘ldi: har hafta biz bir nechta yuk mashinasida ko‘katlarni — piyoz, arpabodiyon (ukrop), petrushka yuboramiz; quyma temir qozon, to‘qimachilik mahsulotlari, keramika sotamiz.

Bu qishda Latviyaga bodring va pomidor, ko‘katlar, quritilgan mevalar olib kelindi — O‘zbekiston hamma narsasi bilan mashhur.

Muvaffaqiyatli tarzda hamkorlik qilish uchun “O‘zcharmsanoat” uyushmasi, “Hunarmand”, Farmasevtika uyushmasi, “O‘zto‘qimachiliksanoat” aksiyadorlik jamiyati bilan hamkorlik to‘g‘risida shartnoma va memorandumlar imzoladik.

Bundan tashqari, savdo uyida “Hunarmand” ko‘rgazma zali ochilib, unda mamlakatimiz ustalarining ishlari namoyish etilmoqda. Yaqin kunlarda Latviya aholisiga O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan charm buyumlarni taqdim etishni rejalashtirganmiz.

biznes, biznes boshlash, latviya

Foto: shaxsiy arxiv. Suratda Vladimir Galperin va “Hunarmand” uyushmasi raisi Ulug‘bek Abdullayev

2023-yilda biz bu bilan to‘xtab qolmoqchi emasmiz — tayyor mahsulotlar — tibbiy bir martalik steril qo‘lqoplarni eksport qilishni, shuningdek, “O‘zbekiston shampani” zavodidan alkogolli mahsulotlarni eksport qilishni rejalashtirmoqdamiz.

Ish ikki tomonlama davom etadi. Masalan, O‘zbekistonda yaqin kelajakda Latviyaning bir qancha kompaniyalari — sut mahsulotlari, muzqaymoq ishlab chiqaradigan zavod, umumiy ovqatlanish va musiqa maydonchalarini ochish ham rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, bugungi kunda O‘zbekistonda 10−15 ga yaqin Latviya kompaniyalari faoliyat yuritmoqda va ular, asosan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishadi.

Hamkorlik har ikki davlat uchun ham foydali: O‘zbekiston bozori aholi soni jihatidan o‘ziga torta oladi. Respublikada 36 mln kishi istiqomat qiladi, butun Latviya bo‘yicha esa 2 mln.

Bu latviyalik tadbirkorlar uchun mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni sotishni kengaytirish uchun deyarli cheksiz imkoniyatlarni ochib beradi.

Yevropa davlatining geografik joylashuvi ham iqtisodiyotning faol rivojlanishiga va butun Yevropa Ittifoqi hududida tovarlarning tez sotilishiga yordam beradi.

Latviyada tadbirkorlik

Latviyadagi biznesning asosiy qismi yog‘ochni qayta ishlash sanoati, mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi va turizm sohalarida jamlangan. Mamlakatda turli xil mebellar tayyorlash uchun ishlatilishi mumkin bo‘lgan juda ko‘p yog‘och resurslari mavjud.

Mamlakatda biznes yuritish uchun ko‘plab egallanmagan sohalar mavjud. Misol uchun, xuddi shu ko‘kat yoki tayyor shisha eksportini olaylik.

Birinchi holatda, ko‘katlar bu siz doimo javonlarda ko‘rishni istaydigan mahsulotdir. Ikkinchisida esa — Yevropadagi ko‘plab shisha zavodlari yopildi, mamlakatda shisha ishlab chiqarish juda ko‘p pul talab qiladi va shuning uchun tayyor mahsulotlarni sotib olish ancha oson.

Qolaversa, dori-darmon, xususan, turli materiallar — paxta, qo‘lqop, doka kabi mahsulotlarga ham talablar yetarli.

biznes, biznes boshlash, latviya

Foto: shaxsiy arxiv. Suratda uyushma raisi Faxriddin Boboyev va Vladimir Galperin. Hamkorlik memorandumini imzolash jarayonidan lavha

Davlat Latviyada biznes ochishga qaror qilgan barcha chet ellik ishbilarmonlarga samarali yordam beradi.

Vakillik ochish yoki kompaniyani ro‘yxatdan o‘tkazish oson va arzon. Eng oson yo‘li — MChJ ochish. Buning uchun siz ta’sis nizomini va shartnomani tuzib chiqishingiz kerak.

Kompaniyani ro‘yxatdan o‘tkazish uchun siz ustav kapitalini ko‘rsatishingiz kerak. Uning standart miqdori 2800 yevro bo‘lib, lekin ma’lum shartlar bajarilgan taqdirda bir yevroni tashkil etishi ham mumkin.

Ro‘yxatdan o‘tish uchun davlat boji 100 yevrogacha.

 

Biroq, vaziyatga qarab, ba’zi hujjatlar ba’zan notarius tomonidan imzolanishi kerak. Shunga ko‘ra, bu qo‘shimcha xarajatlarni talab qiladi: notarial xizmatlar, hujjatlarni tarjima qilish va qonuniylashtirish uchun.

Ma’lumot uchun: kompaniyani ro‘yxatdan o‘tkazish uchun barcha kerakli hujjatlar latish tilida bo‘lishi yoki latish tiliga tarjima qilinishi kerak.

Latviyada rezident ham, norezident ham biznes ochishi mumkin. Ammo yashash uchun ruxsat olish endi avvalgidek bo‘lmaydi. Negaki, Latviya NATO va Shengen zonasining bir qismi ekanligini tushunish kerak.

Shunga ko‘ra, bu yerda o‘z biznesini ochgan har bir kishi yevropalik tadbirkorga aylanadi va butunlay boshqa darajaga ko‘tariladi.

Biznesni rivojlantirish va yordam olishda yordam olish uchun Latviya investitsiya va rivojlanish agentligi LIAA bilan bog‘lanish mumkin.

Shuningdek, u yerda Yevropa Ittifoqida biznes yuritish bo‘yicha to‘liq ma’lumotga ega bo‘lish mumkin: agentlik bu masalada AQSh, Buyuk Britaniya, Shvetsiya, Daniya, Fransiya, Niderlandiya, Norvegiya va boshqa bir qator mamlakatlardagi vakolatxonalar tarmog‘i yordamida ko‘mak beradi.

Bundan tashqari, Ventspilsda Biznesni qo‘llab-quvvatlash markazi, maxsus biznes-inkubatorlar va port mavjud.

biznes, biznes boshlash, latviya

Foto: shaxsiy arxiv

Shunday qilib, Latviyada biznes ochishning afzalliklari quyidagilardan iborat:

  • Yevropa Ittifoqi bozoriga kirish imkoniyati;
  • biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish qulayligi;
  • biznesga davlat tomonidan bosimning yo‘qligi;
  • o‘rtacha soliq yuki;
  • postsovet mamlakatlaridan juda farq qiladigan rivojlangan infratuzilma;
  • oddiy buxgalteriya tizimi;
  • kompaniyani nazorat qilish. Chet ellik tadbirkorlar o‘z kompaniyasini mustaqil boshqara olmaydigan davlatlar bor. Ushbu majburiyatlarni faqat kompaniya faoliyat yuritayotgan mamlakat fuqarolari bajarishi mumkin. Latviyada tadbirkorlikda bunday cheklovlar mavjud emas: har qanday chet el fuqarosi o‘z kompaniyasini tashkil qilishi va mustaqil ravishda boshqarishi, uni tasarruf etishi va nazorat qilishi mumkin;
  • kompaniya chet eldan ham boshqarilishi mumkin, shuning uchun egasi kerak bo‘lsa, Latviya hududini tark etishi (albatta, faqat qonun bilan ruxsat etilgan muddatga) mumkin;
  • til xususiyatlari. Postsovet hududidagi mamlakatlardan birida yashovchi har qanday chet ellik uchun bu mamlakat qulaydir: latviyaliklarning deyarli yarmi rus tilida gaplashadi.

Kamchiliklariga kelsak:

  • boshqa postsovet mamlakatlari bilan solishtirganda yuqori ishchi kuchi narxi;
  • barcha rasmiy hujjatlarni latish tilida yuritish zarurati;
  • ustav kapitali kompaniya tashkil etilgunga qadar to‘liq ishlab chiqarilishi kerak.

Darvoqe, bugungi kunda Latviyada o‘zbekistonlik 600 ga yaqin oila istiqomat qiladi. Ularning barchasi bir vaqtning o‘zida yashash uchun ruxsatnoma olgan va uzoq vaqtdan beri mamlakatda istiqomat qiladi.

Ulardan ba’zilari Rigada o‘zbek restorani, logistika kompaniyasi yoki mebel kompaniyasiga egalik qiladi.

biznes, biznes boshlash, latviya

Foto: shaxsiy arxiv. Rigadagi “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” biznes-missiyasidagi nutqi

Latviyada kompaniyani ro‘yxatdan o‘tkazish

Latviya chet elliklar va ularning bizneslari uchun ochiq. Mamlakat qonunchiligida norezidentlarning (xorijliklarning) Latviya kompaniyalari kapitalida biznes yuritishiga hech qanday cheklovlar yo‘q.

Latviyaning norezidentlari 100% egalik huquqi bilan o‘z bizneslarini yaratishlari yoki ulushlarni taqsimlash formatida tashkil etilgan biznesga a’zo bo‘lishlari mumkin.

Norezidentlar uchun asosiy farq — bu ularning shaxsini va kompaniyaning mavjudligini tasdiqlash zarurati (agar ishtirokchi bo‘lishni xohlayotgan kompaniya norezident bo‘lsa). Buning sababi shundaki, Latviya davlat tuzilmalari faqat mamlakat aholisi haqidagi ma’lumotlarni mustaqil ravishda tekshirishlari mumkin.

Latviyada tadbirkorlik uchun soliqlar

Latviyadagi soliqqa tortish butun Yevropa Ittifoqidagi eng moslashuvchan va yumshoq soliqlardan biridir.

Soliq hisobotiga kelsak, u har oyda, har chorakda yoki har yili mahalliy davlat daromad xizmatiga taqdim etilishi kerak. Bu biznesning turi va xususiyatlariga bog‘liq.

Kichik biznes uchun soddalashtirilgan soliq tizimi:

  • QQS — mamlakatda biznes qilish uchun 21%;
  • QQS 0% — eksport biznesi va tovarlarni Yevropa Ittifoqi hududi bo‘ylab yetkazib berish uchun;
  • xodimlarni yollashda sug‘urta to‘lovlari 31,04%.

O‘zbekiston nimasi bilan qiziq

So‘nggi bir necha yil ichida respublika chet elliklar va xorijiy investitsiyalar uchun sezilarli darajada ochildi.

Amalga oshirilayotgan islohotlar ijtimoiy-siyosiy va moliyaviy muhitning osoyishtaligiga xizmat qilmoqda. Chet ellik tadbirkorlarni esa ulkan davlat investitsiya dasturi jalb qilmoqda.

Qolaversa, paxta boykotining bekor qilinishi ham mamlakat iqtisodiy yuksalishi uchun katta imkoniyatlar yaratdi. Bunday o‘zgarishlar xorijiy investorlarda ishonch uyg‘otmoqda.

Shunga qaramay, yevropalik tadbirkorlar hali ham ba’zi muammolarga ega: ko‘pchilik pul o‘tkazishdan, biznesni rejalashtirishdan yoki bu yerda biron bir reja tuzishdan qo‘rqishadi. Ammo bu vaqt masalasi va bu butunlay hal qilinadi.

Hamma tinmay shikoyat qiladigan yagona narsa bu “kvartira»lar narxining oshishi (kuladi).

O‘zbekistonlik eksportchilar uchun bu oson emas: odatdagi ish usulidan Yevropa usuliga o‘tish ancha qiyin. Shunga qaramay, sabzavotni Yevropaga eksport qilish ularni Qirg‘izistonga olib borish bilan bir xil emas, u yerda biror narsa yuz bersa, “kelishish mumkin”.

biznes, biznes boshlash, latviya

Foto: Ilya Semendeyev / Spot

Sertifikatlash biz uchun muhim, inson omili esa minimallashtiriladi.

Shu bois, mamlakatning moliya va byudjet siyosatidagi o‘zgarishlari haqida imkon qadar ko‘proq odamlarni xabardor qilish, ularning ko‘pchiligi mamlakat haqidagi qarashlarini o‘zgartirishi mening asosiy maqsadlarimdan biridir.

Buning uchun O‘zbekistondagi latviyalik tadbirkorlarni zavod va fabrikalarga olib boraman. O‘ylaymanki, ular butun ishlab chiqarish qismini, mamlakatimizda qo‘llanilayotgan texnologiyalarni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishlari kerak.

Men o‘zbek ishbilarmonlariga sertifikat olishning ahamiyati, omborlar mavjudligi va Yevropa Ittifoqida biznes yuritishning o‘ziga xos xususiyatlari haqida gapirib beraman.

Bundan tashqari, ikkala mamlakat uchun ham katta plyus — yetkazib berish muddatlari. Amaliyotimda hali tovar chegarada ushlab qolingan yoki 10 kundan ortiq qolib ketgan holatlar kuzatilmagan.

Bilasizmi, menimcha, agar odam O‘zbekistonga halol va shaffof biznes qilish uchun kelsa, bu yerda uni hech kim aldamaydi.

Bundan tashqari, men hozir mamlakatga sarmoya kiritishni faol ravishda tavsiya qilaman. Xorijiy investorlar va tadbirkorlar uchun katta imtiyozlar va har xil imkoniyatlar borligini bilaman.

Farq nimada?

Ikki davlatning farqi shundaki, Yevropada biznes yuritish hujjatlashtirish nuqtai nazaridan biroz qiyinroq.

Latviyada barcha jarayonlar avtomatlashtirilgan va raqamlashtirilgan, shuning uchun kompyuter bilan kelishib olishning iloji yo‘q.

Ammo har bir mamlakat o‘ziga xos tarzda go‘zal va murakkab. Yevropalik mahsulot bilan tanishish, unga ko‘nikish uchun ko‘proq vaqt kerak, unga litsenziyalar, sertifikatlar va mahsulot sifati haqida ishonchli ma’lumot kerak.

Bularning barchasida faqat ombori bor kishi g‘alaba qozonadi. Tovarlarni vagon, sisternalar va eshelonlarda sotib bo‘lmaydi. Ammo shunga qaramay, tovarlar doimo javonlarda bo‘lishi kerak.

Autofstoklar muvaffaqiyatsizlikka olib keladi. Har qanday tovar yetishmasligi yoki ularni yaqin kunlarda yetkazib berishning iloji yo‘qligi tadbirkorlarning xuddi shu mahsulotni Yevropadan topishiga olib keladi.

Umid qilamanki, yaqin yillarda bizning mahsulotlarimiz Yevropaning o‘nlab mamlakatlari javonlarida turib, O‘zbekiston imijini ko‘taradi va tadbirkorlarga odatiy chegaralardan chiqishga yordam beradi.