Bosh sahifa Blog Sahifa 13

Tadbirkorlarga xavfsiz oziq-ovqat mahsulotini ishlab chiqarish bo‘yicha majburiyatlar belgilanadi

0

5-fevral kuni Senatning o‘n uchinchi yalpi majlisida “Oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonuni ko‘rib chiqildi. Qonun to‘g‘risida senator Anvar To‘ychiyev ma’ruza qildi.

Amaldagi qonunchilikka muvofiq hozirda oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligini ta’minlash borasidagi davlat boshqaruvi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi, O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi, O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi tomonidan amalga oshirilib kelinmoqda.

To‘ychiyevning qayd etishicha, vakolatli davlat organlarining oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligi sohasidagi vazifalari aniq belgilanmagani sababli ularning funksiyalarini takrorlanishiga, buning natijasida esa mazkur sohada faoliyat yurituvchi tadbirkorlik subyektlariga qo‘shimcha to‘siqlar yaratilishiga olib kelmoqda.

Shuningdek, qonunchilik hujjatlarida oziq-ovqat sohasidagi tadbirkorlik subyektlarning doimiy ravishda xavfsiz oziq-ovqat mahsulotini ishlab chiqish bo‘yicha majburiyati, ularning bu boradagi mas’uliyati belgilanmagan.

“Oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligini ta’minlash tizimi xalqaro talablarga to‘liq javob bermasligi natijasida respublikamizda oziq-ovqat mahsuloti iste’moli bilan bog‘liq kasalliklar hamda ovqatdan zaxarlanish holatlari uchrab turibdi”, — dedi ma’ruzachi.

Uning ta’kidlashicha, taklif etilayotgan “Oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonun prezidentning “O‘zbekiston Respublikasining Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonini jadallashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2023-yil 2-iyundagi PQ-181-sonli qarori talablaridan kelib chiqib ishlab chiqilgan.

Qonunda asosiy tushunchalar va qonunni amal qilish obyektlari xalqaro qonunchilik (Alimentarius kodeksi) talablari bilan uyg‘unlashtirilmoqda, shuningdek, oziq-ovqat mahsuloti xavfsizligini ta’minlashning asosiy prinsiplari belgilanmoqda.

Vakolatli davlat organlarining oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligi sohasidagi vakolatlari aniq ko‘rsatilmoqda.

O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi sanitariya va fitosanitariya choralari va savdodagi texnik to‘siqlarni ajratish maqsadida vakolatli davlat organlari qatoridan chiqarib tashlanmoqda.

Qonun bilan oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligi sohasini idoralararo muvofiqlashtirish maqsadida Oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligi bo‘yicha idoralararo kengash faoliyatini tashkil qilish belgilanmoqda.

Shuningdek, oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligi sohasidagi sanitariya choralari, qoida va normalarni ishlab chiqish va qo‘llash tartibi Jahon savdo tashkilotining sanitariya va fitosanitariya choralarini qo‘llash bo‘yicha bitimi talablari bilan uyg‘unlashtirilmoqda.

Oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligini ta’minlashga qo‘yiladigan talablar, jumladan, oziq-ovqat mahsulotining xatarlar tahlili va kritik nazorat nuqtalari tizimi asosida doimiy tartiblarni ishlab chiqish, joriy qilish va qo‘llashga qo‘yiladigan talablar kiritilmoqda.

Bundan tashqari, qonunda oziq-ovqat mahsulotining chiqindilarini kamaytirish va yo‘qotishlarning oldini olish bo‘yicha norma qayd etilmoqda.

Shuningdek, oziq-ovqat biznesi operatorlarining oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligi sohasidagi majburiyatlari aniq belgilab berilmoqda.

Xalqaro talablardan kelib chiqib oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligi sohasida davlat nazoratini amalga oshirishning asoslari, tartibi va shakllari nazarda tutilmoqda.

Qonun bilan yakuniy mahsulotni sertifikatlash asosidagi nazorat qilish tizimi o‘rniga samarali oziq-ovqat biznesi operatorlarini Yagona reyestrga kiritish va xavfni tahlil qilgan holda nazoratni amalga oshirish tizimi joriy etilmoqda.

Import qilinayotgan oziq-ovqat mahsulotini davlat nazoratini o‘tkazish bo‘yicha talablar xalqaro amaliyotga ko‘ra aniq belgilanmoqda.

Inqirozli holatlarni (oziq-ovqat mahsuloti inson hayoti va sog‘ligiga jiddiy xavf tug‘dirgan holatlarni) boshqarish, xavflar haqida tezkor ogohlantirish tizimi joriy etish bo‘yicha normalar) aks ettirilmoqda.

Fuqarolar murojaatlari bilan ishlash samaradorligini baholash tizimi joriy etildi

0

Davlat organlarining fuqarolar murojaatlari bilan ishlash faoliyati baholanadi. Bu bo‘yicha hukumat qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan Vazirlar Mahkamasining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Jumladan, 341-son qarorga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, “Davlat organlari, davlat muassasalari va davlat ishtirokidagi tashkilotlar hamda ularning mansabdor shaxslarining jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash faoliyatini baholash va toifalash to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi.

Nizom talablari davlat tashkilotlari xodimlarining Prezident Virtual qabulxonasi bilan ishlash tizimida ro‘yxatga olingan va davlat organiga ijro uchun yo‘naltirilgan murojaatlarga nisbatan tatbiq etiladi.

Davlat organlarining murojaatlar bilan ishlash faoliyati kelib tushgan murojaatlar soniga qarab turli toifalarga ajratiladi. Ularga ro‘yxatga olingan, qanoatlantirilgan va rad etilgan murojaatlar, shuningdek ijro muddatlari buzilgan hamda takroriy murojaatlar kiradi.

Murojaatlar bilan ishlash faoliyati tahlil natijalariga ko‘ra uch toifaga ajratiladi: yuqori natijadorlikka ega — yashil toifa, o‘rta natijadorlikka ega — sariq toifa hamda past natijadorlikka ega — qizil toifa.

Baholash natijalariga asosan davlat organlari mansabdor shaxslarining KPI ko‘rsatkichlari belgilanadi.

Yashil toifaga kiritilgan holatlarda KPI 100%ni tashkil etadi. Sariq toifa uchun KPI 50% darajasida belgilanadi. Qizil toifaga kirgan holatlarda esa KPI ko‘rsatkichi 10%ni tashkil etadi.

Qizil toifaga kiritilgan davlat organlarining rahbarlari yoki ularning tegishli o‘rinbosarlariga nisbatan intizomiy taʼsir choralari ko‘rilishi mumkin.

Senat islomiy bank faoliyatini joriy qilishga oid qonunni maʼqulladi

0

Senatorlar “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonunni maʼqulladi. Bu haqda yuqori palata matbuot xizmati xabar berdi.

Hujjat bilan 2 ta kodeks hamda 7 ta qonunga islomiy bank faoliyatini amalga oshirishning huquqiy asoslarini belgilovchi yangi normalar kiritilmoqda.

Xususan, islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya turi joriy qilinib, unga oid talablar belgilanmoqda.

Jumladan, mazkur litsenziya bilan banklar tomonidan to‘liq islomiy bank faoliyatini amalga oshirish yoki bir vaqtning o‘zida ham anʼanaviy, ham islomiy bank faoliyatini amalga oshirish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Shuningdek, islomiy moliya faoliyati bilan bog‘liq masalalarni muvofiqlashtirish maqsadida Markaziy bank va islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi banklarda islomiy moliya kengashini tashkil etish hamda uning faoliyatiga doir talablar belgilanmoqda.

Bundan tashqari, Soliq kodeksi ga islomiy moliya operatsiyalarini soliqqa tortish tartibini belgilovchi alohida bob kiritilmoqda.

Unga asosan islomiy moliya faoliyatidan olingan daromadlar soliq solish maqsadlarida foizli daromadlarga tenglashtiriladi. Banklar va mikromoliya tashkilotlari tomonidan mijozga realizatsiya qilinadigan tovarlarga qo‘yiladigan ustama QQSdan ozod qilinmoqda.

Senatorlarning fikricha, ushbu qonun bank-moliya sohasiga yangi strategik investorlarning kirib kelishiga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Pokistonning Karachi portida tovar omborlarini tashkil etadi

0

O‘zbekiston va Pokiston transport sohasida qator kelishuvlarga erishdi. Bu haqda O‘zbekiston Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Transport vaziri o‘rinbosari Mamanbiy Omarov boshchiligidagi delegatsiya Shavkat Mirziyoyevning avvalroq e’lon qilingan tashrifi arafasida Pokistonga bordi. Unda Pokiston tomoni bilan tranzit va infratuzilma tashabbuslari bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi.

Dengiz ishlari bo‘yicha vazir o‘rinbosari Umar Zafar Shayx va Karachi porti raisi Shahid Ahmad Omarov bilan Pokiston dengiz portlari orqali yuk tashish uchun qulay sharoitlar yaratish masalasini muhokama qildilar. O‘zbekistonlik investorlarga bir qator imtiyozlar berish rejalashtirilmoqda.

Uchrashuv yakunida tomonlar Karachida O‘zbekiston tovarlari uchun omborlar tashkil etishga kelishib oldilar.

Shuningdek, mehmonlar Pokiston temir yo‘l vaziri o‘rinbosari Mazhar Ali Shoh bilan uchrashdi. Loyihalashtirilayotgan O‘zbekiston-Afg‘oniston-Pokiston (Trans-afg‘on magistrali) temir yo‘lining texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish doirasida dala tadqiqotlarini boshlash bo‘yicha kelishuv asosiy natija bo‘ldi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston delegatsiyasi aloqa vaziri o‘rinbosari Ali Shoh Mas’ud bilan Pokiston-Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston transport yo‘lagini yaratish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazdi. U bo‘yicha pilot tashuvlar shu oyning oxirigacha rejalashtirilgan.

Xususiy bog‘cha ochish uchun bir qator imtiyozlar berilishi rejalashtirilmoqda

0

Prezident maktabgacha taʼlim va tarbiya tizimini yana-da takomillashtirish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Yig‘ilishda maktabgacha taʼlim sohasida xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi imtiyozlar ham muhokama qilindi.

Maktabgacha taʼlim sohasida xususiy sektor ishtirokini kengaytirish maqsadida qamrov darajasi 80%dan past bo‘lgan tuman va shaharlarda (Toshkent shahri bundan mustasno) tadbirkorlar uchun qator qo‘llab-quvvatlash choralari joriy etiladi.

Jumladan, maktab va bog‘chalar hududidagi bo‘sh yer maydonlarida DXSH asosida bog‘chalar tashkil etilganda, ijara to‘lovlari 30 yilgacha undirilmaydi.

Shuningdek, har bir tarbiyalanuvchi uchun davlat bog‘chalarida bir bolaga to‘g‘ri keladigan xarajatning 50%i miqdorida subsidiya ajratiladi. Ushbu tartib 2024-yildan tashkil etilgan nodavlat bog‘chalarga ham tatbiq etiladi.

Qamrov darajasi past hududlarda bog‘cha va maktabdan tashqari joylarda quvvati kamida 150 o‘rinli nodavlat bog‘chalar tashkil etilsa, 7 yilgacha muddatga 5 mlrd so‘mgacha imtiyozli kreditlar ajratiladi.

Shu bilan birga, tarbiyachilarga oylik ish haqi to‘lash xarajatlari davlat bog‘chalarida belgilangan meʼyorlar asosida uch yil davomida qoplab beriladi. Har 30 nafar bolaga bir nafar tarbiyachi shtati hisoblanadi.

Mazkur imtiyozlar yangi ko‘p kvartirali uylarning birinchi qavatida tashkil etiladigan xususiy bog‘chalarga ham tatbiq etiladi.

Bundan tashqari, 2030-yil 1-yanvarga qadar quvvati 150 o‘rindan kam bo‘lmagan nodavlat bog‘chalar tashkil etgan tadbirkorlar uchun ijtimoiy soliq stavkasi bo‘yicha yengilliklar beriladi.

Davlat rahbari taqdim etilgan takliflarni har tomonlama puxta ishlab chiqish, ularni bosqichma-bosqich joriy etish hamda maktabgacha taʼlim sifatini oshirish orqali bolalarning har tomonlama rivojlanishi uchun mustahkam asos yaratish muhimligini taʼkidladi. Mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.

Oilalarni Ijtimoiy reyestrga kiritish va toifalarga ajratish tartibi belgilandi

0

Oilalarni Ijtimoiy reyestrga kiritish tartibi belgilandi. Bu bo‘yicha tegishli nizom hukumat qarori bilan tasdiqlandi.

Hujjat oilalarni Ijtimoiy reyestrga kiritish, toifalarga ajratish va reyestrdan chiqarish tartibini belgilaydi.

Nizomga ko‘ra, ariza beruvchi oilasini reyestrga kiritish uchun davlat xizmatlari markazi yoki vakolatli organga borgan holda yoki ijtimoiy xodim orqali murojaat qiladi.

Shuningdek, Yagona milliy ijtimoiy himoya AT, Yagona portal yoki Ijtimoiy karta mobil ilovasi orqali mustaqil ravishda ariza berish ham mumkin.

Har bir oila tomonidan ariza topshirish 1 oyda 1 marta amalga oshiriladi. Dastlab oilaning ijtimoiy-iqtisodiy holati dastlabki baholashdan o‘tkaziladi.

Baholash natijasi bo‘yicha ariza beruvchining oilasini “davlat taʼminotidagi oila” va “kambag‘al oila” deb topishni rad etish uchun asoslar aniqlanmaganda ariza ijtimoiy xodimning shaxsiy kabinetiga savolnoma to‘ldirish uchun yuboriladi.

Ariza beruvchi tomonidan tasdiqlangan savolnoma axborot modulida avtomatik ravishda “mahalla yettiligi»ga yo‘naltiriladi. Xulosa “mahalla yettiligi” tomonidan tasdiqlangandan so‘ng Yagona milliy ijtimoiy himoya 3 ish kuni ichida oilani ijtimoiy-iqtisodiy holatini yakuniy baholashdan o‘tkazadi.

Oilaning har bir aʼzosiga to‘g‘ri keladigan 1 oylik jami o‘rtacha daromad oxirgi 3 oy uchun hisoblab chiqilgan barcha oila aʼzolarining daromadi summasini oila tarkibiga kiritiladigan oila aʼzolari soniga va uchga bo‘lish orqali aniqlanadi.

Reyestrga oilalar “davlat taʼminotidagi oila”, “kambag‘al oila” va “kambag‘allik chegarasidagi oila” toifalariga ajratilgan holda kiritiladi.

Oilalar reyestrga kiritilgan kundan boshlab belgilangan muddatlarda oila aʼzolari ishtirokida savolnomani qayta to‘ldiradi. Davlat taʼminotidagi oilalar uchun bu jarayon har 12 oyda, kambag‘al oilalar uchun esa har 6 oyda amalga oshiriladi.

Qaror bilan “Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga individual reja ishlab chiqish va uning ijrosini taʼminlash tartibi to‘g‘risida»gi nizom ham tasdiqlandi.

Hujjatga ko‘ra, Individual rejani ishlab chiqish mazkur oila Ijtimoiy reyestrga kiritilgan kundan boshlab 10 ish kuni ichida amalga oshiriladi.

Oila reyestrga kiritilgandan so‘ng 3 ish kuni ichida oila yashaydigan mahallaga biriktirilgan hokim yordamchisi tomonidan Onlayn mahalla elektron platformasi orqali, ijtimoiy xodim tomonidan axborot moduli orqali individual reja ishlab chiqiladi.

Individual reja oilaning imkoniyatlari, ko‘nikmalari, qiziqishlari, fikri, yashash sharoiti hamda reyestrga kiritish to‘g‘risidagi arizasida ko‘rsatilgan xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojlari inobatga olingan holda ishlab chiqiladi.

Individual rejada oilaga taqdim etiladigan qonunchilik hujjatlarida belgilangan xizmatlar, ularni taqdim etish tartibi, muddati va ularga masʼul davlat organi ko‘rsatiladi.

Individual rejada xizmatlar shakllantirilgandan so‘ng u oilaning muomalaga layoqatli aʼzosiga tanishtiriladi.

“Mahalla yettiligi” tomonidan individual reja ikki ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Muhokama natijasiga ko‘ra, oddiy ko‘pchilik ovozi bilan rejani tasdiqlash yoki uni hokim yordamchisi va ijtimoiy xodimga qayta ko‘rib chiqish uchun qaytarish haqida qaror qabul qilinadi.

Individual rejalarning ijrosi hokim yordamchisi va ijtimoiy xodim tomonidan har 3 oyda kamida 1 marta o‘rganib boriladi.