Bosh sahifa Blog Sahifa 122

Yangi kichik biznes loyihalarini moliyalashtirishga qariyb $7 mlrd yo‘naltiriladi

0

Joriy yilning 8-yanvarida prezident aholi bandligini oshirish hamda tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablarni qisqartirishga qaratilgan takliflar bilan tanishgandi.

Shavkat Mirziyoyev 9-yanvar kuni ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligiga ko‘maklashish bo‘yicha yillik dasturni tasdiqladi.

Maqsadli ko‘rsatkichlarga ko‘ra, 2024-yilda 5 mln kishini doimiy, mavsumiy yoki vaqtinchalik ish bilan ta’minlash rejalashtirilgan. Shuningdek, mikromoliyalashni kengaytirish va boshqa turdagi moliyaviy xizmatlarni joriy etish orqali 2 mln fuqaroni tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish rejalashtirilgan.

Xalqaro moliya tashkilotlaridan jalb qilingan $274,5 mln mablag‘ biznes loyihalarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi. Yana 83 trln so‘m (Markaziy bank kursi bo‘yicha $6,68 mlrd) mahalliy manbalar hisobidan ajratiladi.

Shundan 41 trln so‘mi kichik tadbirkorlarga kredit ajratish uchun, 40 trln so‘mi esa mikromoliyaviy xizmatlar uchun yo‘naltiriladi.

Shuningdek, “Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish” kompaniyasi tomonidan kichik va o‘rta biznes loyihalarini moliyalashtirishga 1,5 trln so‘m ajratiladi.

O‘z o‘zini band qilganlarni tadbirkorlikka o‘tkazish uchun banklar tomonidan 1 trln so‘m ajratiladi. Ijtimoiy soliq to‘lovchi o‘z o‘zini band qilganlarga “Biznesga birinchi qadam” kartalari taqdim etilib, 5 mln so‘mgacha mikrokreditlar ajratiladi.

Kamida 6 oy faoliyat yuritgan kichik korxonalarga ham mikrokreditlar ajratiladi. Buning sharti bank hisoblari va kartalar orqali to‘lovlarni amalga oshirgan bo‘lish kerak.

Biznesni rivojlantirish banki o‘z o‘zini band qilganlarga tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun ajratilgan garovsiz kreditlarning yarmini (100 mln so‘mgacha) o‘z kartalariga o‘tkazishi mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, Biznesni rivojlantirish bankiga ikki oy ichida “Mening biznesim” onlayn platformasini ishga tushirish topshirildi. U orqali quyidagilar tashkil etiladi:

  • ish tajribasiga ega bo‘lmagan fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitish;
  • aholiga biznesni boshlash uchun kreditlar berish;
  • faoliyatini boshlagan tadbirkorlarga mahsulotini sotish va xizmatlar ko‘rsatish uchun bozorlarni topishga ko‘maklashish.

2025-yilgacha fuqarolarni “Ijtimoiy himoya yagona reyestri»dan ishga qabul qilgan ish beruvchilar, agar har bir oy uchun ish haqi miqdorini mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan darajada hisoblasa, daromad solig‘ining 50%i qoplab beriladi. Kompensatsiyaning maksimal miqdori BHMning 2 barobaridan (680 ming so‘m) oshmasligi kerak.

2023-yilda O‘zbekistonning tashqi savdo hajmi birinchi marotaba $60 mlrddan oshdi

0

2023-yil yakuni bo‘yicha O‘zbekiston tashqi savdosi hajmi 23,9%ga o‘sib, $62,56 mlrdni tashkil etdi. Bu haqda Statistika agentligi hisobotida keltirilgan.

Eksport 23,8% o‘sish bilan $24,42 mlrdni tashkil etdi, import biroz tezroq o‘sib (+24%), sezilarli darajada yuqori bo‘lib qoldi — $38,14 mlrd. Saldo o‘tgan yilga nisbatan $2,68 mlrdga o‘sib, $13,71 mlrd bo‘ldi.

Dekabr oyida xorijga oltin savdosi to‘xtadi. O‘tgan yili qimmatbaho metallar eksportidan tushgan daromad $8,15 mlrdga yetdi, bu 2022-yildagi ko‘rsatkichdan deyarli ikki barobarga ko‘p.

Xitoy O‘zbekistonning asosiy savdo sherigi mavqeini egallab turibdi — 12 oy davomida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi $13,72 mlrdni (umumiy ko‘rsatkichning 21,9%ini) tashkil etdi. Barcha importning to‘rtdan bir qismidan ko‘prog‘i yoki $11,26 mlrdi Xitoy hissasiga to‘g‘ri keladi.

Ikkinchi o‘rinda 9,88 mlrd (15,8%) bilan Rossiya joylashgan bo‘lib, o‘tgan yili $3,3 mlrd bilan mamlakatning asosiy eksport bozori sifatidagi mavqeini saqlab qoldi. Shuningdek, yetakchi beshlikka Qozog‘iston ($4,39 mlrd), Turkiya ($3,09 mlrd) va Janubiy Koreya ($2,34 mlrd) kirdi.

Eksport

Oltinni hisobga olmaganda, ishlab chiqarilgan mahsulotlar yetakchi tovar eksporti bo‘lib qolmoqda — ularning ulushi 4,05 mlrdni tashkil etdi, shu bilan birga, bunda tushum 7,4%dan ko‘proqqa kamaydi.

Yarimdan sal ko‘pi to‘qimachilik va gazlamalar ($2,05 mlrd, -7,6%), uchdan bir qismi rangli metallar ($1,38 mlrd, -9,9%) hissasiga to‘g‘ri keldi. Po‘lat va cho‘yan eksportidan tushgan daromad 11,3%ga ($185,9 mln), metall buyumlar esa 11,9%ga ($130,2 mln) o‘sdi.

Oziq-ovqat mahsulotlari $1,77 mlrd (+9%) daromad keltirdi, ularning asosiy qismini meva-sabzavot ($1,19 mlrd, +4,3%) va don mahsulotlari ($478,8 mln, +34,4%) tashkil etdi. Go‘sht mahsulotlari eksporti qariyb uch barobarga ($3,4 mln) oshdi.

Mashinasozlik mahsulotlarini yetkazib berish $1,3 mlrdga yetdi (+34%). Elektr texnikasi va elektronika eksporti $118 mlnga (2,2 baravar), boshqa transport vositalari eksporti $100,1 mlnga (8,5 baravar) oshdi.

Shuningdek, avtomobillar va ularning butlovchi qismlari ($493,8 mln, +38,5%), shuningdek, maxsus transport vositalari ($77,6 mln, +44,8%) eksportida sezilarli o‘sish kuzatildi.

Kimyoviy mahsulotlar eksporti $1,31 mlrdni tashkil etdi. O‘g‘itlarning 18%ga ($336,3 mln) kamayishi noorganik moddalar toifasidagi o‘sishni deyarli chorak ($497,6 mln)ga qopladi.

Iste’mol tovarlari va boshqa tovarlar sohasida eksport $1,19 mlrdni (+8,1%) tashkil etdi. Kiyim-kechak yetkazib berish $996,2 mlngacha oshdi, poyabzal ($32,9 mln) va mebel ($15,1 mln) eksporti pasaydi.

Aksariyat tovar turlarida pasayish kuzatildi. Masalan, gaz ($529,9 mln) va elektr energiyasi ($76,6 mln) eksportidan tushgan daromad deyarli ikki barobarga kamaygan. Biroq, neft va neft mahsulotlarini yetkazib berish ikki barobarga oshib, $333 mlnga yetdi.

Import

Tovarlar importi tarkibida mashinasozlik mahsulotlari $14,93 mlrd (+54%) bilan oldinda turibdi. Avtotransport vositalari importiga $4,48 mlrd (+74,4%), jumladan, butlovchi qismlarga $148,3 mln sarflangan. Yana $2,84 mlrd maxsus sanoat mashinalariga, $2,11 mlrd sanoat uchun maxsus bo‘lmagan mashina va uskunalarga sarflandi.

Elektr jihozlarini yetkazib berish $1,89 mlrdni (+91,4%), elektronika esa $871 mlnni (+50,2%) tashkil etdi. O‘zbekiston ham samolyotlar sotib olishga $939,5 mln sarfladi (o‘sish 2,6 barobar).

Ishlab chiqarilgan mahsulotlarni xarid qilish $6,32 mlrdga (+10%) tushdi. Cho‘yan va po‘lat yetkazib berish o‘tgan yilga yaqin ($2,55 mlrd) saqlanib qoldi, shu bilan birga mato importi deyarli chorak ($675,4 mln)ga oshdi.

Uchinchi o‘rinda $4,86 mlrd bilan kimyo mahsulotlari, o‘g‘itlar importi ikki baravarga oshib, $167,2 mln, farmatsevtika mahsulotlarini yetkazib berish esa $1,6 mlrddan oshdi.

Oziq-ovqat importi $3,49 mlrdni (+3%) tashkil etdi, ularning uchdan bir qismi don mahsulotlariga to‘g‘ri keldi. Shakar va qandolat mahsulotlari $558,2 mln (-2,3%), qahva, choy, kakao va ziravorlar uchun $385,3 mln (+23%) yo‘naltirildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston yoqilg‘i-moylash materiallari importini oshirdi. Bunga jami $2,63 mlrd (+46,7) sarflangan bo‘lsa, shundan neft va neft mahsulotlari $1,61 mlrd (+27%)ni tashkil etgan. Gaz xarajatlari ikki barobardan ko‘proqqa oshgan — $694,9 mln, yana $204,4 mln ko‘mirga ketgan (+67,8%).

Qog‘oz fabrikasidan boshlangan Nokia brendi qanday rivojlangan?

0

Har qanday biznes loyihaning, turli brendlarning o‘z tarixi bor. Bugungi kungacha bosib o‘tilgan yo‘l, loyihadagi keskin burilishlar hamda muvaffaqiyatli qadamlar ko‘pchilik uchun qiziq bo‘lishi tabiiy. Bu gal o‘zining tugmachali telefonlari bilan barchaga tanish “Nokia” brendi haqida so‘z yuritamiz.

Maqolada brendning qanday paydo bo‘lgani, nima uchun bu nom tanlangani hamda rivojlanish tarixi haqida ma’lumotlar berilgan.


Qog‘oz fabrikasidan boshlangan tarix

Finlyandiyaning “Nokia” kompaniyasi butun dunyoga ma’lum. Ayniqsa, uning tugmachali telefonlari asr boshlaridayoq mashhur bo‘lishga ulgurgan. Ammo, barchasi qog‘oz zavodi va kauchuk ishlab chiqarishdan boshlanganini ko‘pchilik bilmasligi mumkin.

Brend tarixi 1865-yilda konchilik muhandisi Fredrik Idestam Tampere shahri yaqinida qog‘oz fabrikasini ochgani bilan boshlangan. Kompaniya Nokianvirta daryosi bo‘yida joylashgan Nokia shaharchasi sharafiga nomlangan. Aynan o‘sha yerda Idestam 1868-yilda ikkinchi qog‘oz fabrikasini quradi.

Uch yildan so‘ng (1871-yil) Idstam o‘z do‘sti Leopold Mechelin bilan (o‘sha paytda Finlyandiya Birlashgan Bankiga asos solgan) ikkinchi zavod joylashgan hudud nomi bilan ataluvchi “Nokia Ab” qo‘shma korxonasini tashkil etadi.

biznes tarixi, nokia

Idstam 1896-yilgacha zavodlarni boshqargan, shundan so‘ng u nafaqaga chiqishga qaror qiladi va rahbarlikni Mechelinga beradi. Mechelin esa kompaniyani kengaytirishni boshlaydi, u biznes profiliga elektr energiyasini ishlab chiqarishni qo‘shishga qaror qiladi. Vaholangki, Idstam bunga qarshi bo‘lgan.

Qarshiliklarga qaramay, 1902-yilga kelib “Nokia” elektr energiyasini ishlab chiqarishni boshladi. Bir necha yil o‘tgach, biznesmen Eduard Polonning Finlyandiya kauchuk mahsulotlari zavodi paydo bo‘ladi va u ham “Nokia” nomidan foydalanadi.

Biroz vaqt o‘tgach, uchta sanoat birlashishga qaror qildi: Fin kauchuk zavodi, kabel zavodi va qog‘oz zavodi birgalikda ishlay boshladi. Ular to‘rtta yo‘nalishga e’tibor qaratishadi: qog‘oz, elektronika, kauchuk va kabel. 1960-yillarda kompaniyalar “Nokia” korporatsiyasini tashkil qilish uchun birlashadilar.

Yaqin tarix

1980-yillarning boshidan kompaniya elektrotexnika mahsulotlarini yig‘ish va ishlab chiqarishni faol rivojlantira boshladi. 1990-yillarda brend telefonlar ishlab chiqarishda yetakchiga aylandi.

Birinchi GSM qo‘ng‘irog‘i 1991-yilda kompaniya uskunalari yordamida amalga oshirilgan. Mobil telefon sohasidagi tezkor muvaffaqiyat “Nokia»ga 1998-yilga kelib dunyodagi eng ko‘p sotiladigan mobil telefon brendiga aylanish imkonini beradi.

2003-yilda kompaniya birinchi kamerali, 2004-yilda esa sensorli ekranli telefonlarni taqdim etadi. 2007-yilda esa 200 mlndan ortiq “Nokia 1100” telefonlari sotiladi. U bir vaqtning o‘zida barcha davrning eng ko‘p sotilgan telefoni va eng ko‘p sotilgan elektron qurilmasi edi.

Ammo ilk smartfonlar paydo bo‘la boshlagach barchasi o‘zgaradi: “Apple” va “Samsung” kompaniyalari tez orada Finlyandiya kompaniyasining bir necha yillik yetakchiligini egallab olishadi.

2013-yilda “Microsoft” “Nokia»ning mobil telefonlar bo‘limi va ular bilan bog‘liq barcha patentlarni sotib oladi. Vaqt o‘tishi bilan kompaniya o‘z smartfonlari uchun “Nokia” brendidan foydalanishni to‘xtata boshladi.

Logotip

Kompaniyaning birinchi logotipi 1866-yilda paydo bo‘lgan bo‘lib, unda baliq tasvirlangan. 20-yillarda logotipni yanada mazmunli va zamonaviy ko‘rinishga o‘zgartirishga qaror qilinadi. Yangi logotip qora doiraga o‘xshardi, uning o‘rtasida kompaniya nomi yozilgan.

biznes tarixi, nokia

60−90-yillarda kompaniya logotipi ikki marotaba yangilandi. 1992-yilda “Odamlarni bog‘lash” (Connecting People) shiori kiritilganidan so‘ng, logotip biroz o‘zgartirildi. 2000-yillarda logotipda bir-biriga cho‘zilgan qo‘llar paydo bo‘ldi.

Shuningdek, 2006-yilda “Nokia” logotipi turi va rangi biroz o‘zgartirildi, 2011-yilda bo‘lib o‘tgan so‘nggi modifikatsiyada esa shior olib tashlangan.

2023-yilda logotip qayta ishlab chiqilib, kompaniyaning zamonaviy va progressiv qiyofasini o‘zida gavdalantirdi. Yangi konsepsiya “N”, “K” va “A” harflarining ba’zi shtrixlari mavjud bo‘lmagan ko‘k rangdagi bosh harflarga asoslangan. Faqat “O” va “I” harflarining konturlari to‘liq keltirilgan.

Nokia bugungi kunda

Kompaniyaning patent portfeli taxminan 20 mingta patentdan iborat bo‘lib, ulardan 3500dan ortig‘i 5G texnologiyasi uchun muhim ekanligi aniqlangan. Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha kompaniya Yevropada yetakchi hisoblanadi. “Nokia” mahsulotlari dunyoning 150dan ortiq mamlakatlarida sotiladi.

Brendning 2022-yilgi sof foydasi $4,478 mlrdni tashkil etgan. 2023-yilning 30-sentabrigacha yakunlangan o‘n ikki oylik sof daromadi $4,09 mlrdni tashkil etdi.

2022-yilning avgust oyida kompaniya Rossiya bozorini tark etishi ma’lum bo‘ldi. Yil oxirigacha mamlakatdagi biznesining katta qismini tugatishni rejalashtirgandi.

Shuningdek, 2023-yilning noyabrida “Nokia” brendi ortida turgan “HMD Global” kompaniyasi 2026-yilga borib bu nom ostida telefonlar ishlab chiqarishni to‘xtatishi ma’lum qilindi.

“Nokia»dan estafetani qabul qilib olgan kompaniya 2024-yilning apreligacha Hindistonda o‘zining smartfonlar qatorini ishga tushirishni rejalashtirmoqda.

Tengsizlik va kambag‘allik tasodifmi? – hozirgi dunyoni tushunishga yordam beradigan 8 kitob

0

Dunyodagi tengsizlik va kambag‘allik tasodifiy voqea emas deydi, xalqaro aloqalar va rivojlanish bo‘yicha professor Benjamin Selvin. U insoniyatning hozirgi kunga qadar bo‘lgan rivojlanish yo‘li chuqur ildizga ega ekanini aytib, bugungi murakkabliklarni tushunib olishga yordam beradigan 8 kitobni tavsiya qiladi.

Iqtisodiy o‘sish bosqichlari: Nokommunistik manifest”

Amerikalik iqtisodchi, professor va siyosiy nazariyotchi Uolt Rostov 1960 yilda nashr qilingan “Iqtisodiy o‘sish bosqichlari: Nokumunistik manifest (The Stages of Economic Growth: A Non-Communist Manifesto)” kitobining muallifidir. U 1966—1969 yillarda Amerika Qo‘shma Shtatlari prezidenti Lindon B. Jonsonning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi bo‘lib ishlagan.

Uolt Rostov

Hamma davlatlar boy bo‘lishi mumkinmi, degan savolga Rostov kitobda ha deb javob beradi. Uning fikricha, dunyo bozori va investitsiyalarga ochiqlik, infrastrukturaga pul kiritish, foydani sanoatga qaytarish o‘z-o‘zini barqarorlashtirishga olib boradi va bu mamlakatlarni AQSh usulidagi ommaviy iste’mol asriga yetaklaydi. Mamlakatlar an’ana va urf-odatlarni yengib, uzluksiz o‘sishni qabul qilish va uni modernizatsiya qilishlari kerak.

Uning ta’kidlashicha, AQSh modernizatsiyani osonlashtirish va shu bilan birga bu tahdidni bartaraf etish uchun rivojlanayotgan mamlakatlar elitalari bilan ittifoq tuzishi kerak edi.

Rostov AQShning Viyetnamdagi urushida muhim rol o‘ynagan. U kommunistik tahdidni yo‘q qilish kerak degan fikrda bo‘lgan. Rostovning kitobidan 30 yil o‘tgach, kommunistik tahdid yo‘qoldi. Endi dunyoning har bir burchagida globallashuvni ko‘rish mumkin. Biroq dunyo aholisining qariyb yarmi hali ham Jahon bankining qashshoqlik chegarasidan pastda yashaydi.

Shundan kelib chiqiladigan bo‘lsa, Rostovning barcha mamlakatlar boyib ketishi mumkinmi yoki yo‘qmi degan savolga ijobiy javobi zamonaviy taraqqiyot murakkabliklarini ishonchli tushuntirishdan ko‘ra ko‘proq amerikaparast mafkura bo‘lgan.

Yashil inqilob zo‘ravonligi: Uchinchi dunyo qishloq xo‘jaligi, ekologiya va siyosat”

Hindistonlik olim va ekolog Vandana Shiva “Yashil inqilobning zo‘ravonligi: Uchinchi dunyo qishloq xo‘jaligi, ekologiya va siyosat (The Violence of the Green Revolution: Third World Agriculture, Ecology and Politics)” kitobini 1991 yilda yozadi. Shiva texnologiyaga asoslangan rivojlanishning xavfi haqida ogohlantiradi. Kitob Shimoliy Hindiston Panjobidagi yashil inqilob bo‘yicha o‘rganishlardan iborat. 1980 yillargacha Panjob Hindistonning eng gullab-yashnagan hududlaridan biri bo‘lgan va shu bilan birga Hindistondagi eng katta qotilliklar makoniga ham aylangan edi.

Vandana Shiva

1970 yillarda Panjobda mintaqaviy sug‘orish tizimlariga katta sarmoya kiritiladi. Fermerlarning an’anaviy don navlaridan yuqori hosilli navlarga o‘tishi subsidiya qilindi. Ishlab chiqarish o‘sdi va mintaqa sof don eksportchisiga aylandi, lekin bu panjobliklarga qimmatga tushdi. Shivaning yozishicha, tabiat va odamlar ustidan nazorat qilish yashil inqilobning muhim qismi bo‘lgan. Natijada fermerlar hukumat va agrokimyoviy kompaniyalarga qaram bo‘lib qolgan.

An’anaviy donchilik bilan solishtirganda yuqori navli hosil olish o‘g‘it va suvni ko‘proq talab qila boshlagan. O‘g‘itga talabning oshishi tuproq sifatini pasaytirib, natijada yana ko‘proq o‘g‘itga ehtiyoj sezilgan. Ishlab chiqarish narxlari oshgan. Kichik fermerlar yirik kapitallarning oshishi sabab chetga chiqib qoladi, qishloq xo‘jaligi ishchilari esa yangi texnologiya sabab ishlarini yo‘qotadilar.

Shiva bu qanday qilib nizolar keltirib chiqarganini hujjatlashtiradi. Panjobliklar markaziy hukumatni fermerlarga suvdan foydalanish huquqlarini teng taqsimlamaganlikda ayblaydi. Bu esa ayirmachilik harakatlarini kuchaytirgan. Panjobda yashil inqilob ijtimoiy tinchlik va raqobatbardosh mehnat bozorlarini yaratishga emas, ishsizlik va zo‘ravonliklarga sabab bo‘ldi.

Shunday qilib, Shiva kitobida hokimiyatni davlatlar va agrokimyo gigantlari qo‘lida markazlashtiradigan yangi texnologiyalarga ishonish xavfidan dunyoni ogohlantiradi.

Kapital: Siyosiy iqtisodning tanqidi”

O‘tgan 3 yil davomida dunyoda qariyb 40 trillion yevro yig‘ildi. Bu pul teng taqsimlanmadi. Taxminan 25 trillion yevro dunyoning eng boy 1 foiz odami qo‘lida to‘plangan bo‘lsa, 37 foizi mablag‘ – 15 trillion yevro esa qolgan 99 foiz kishiga to‘g‘ri keladi.

Karl Marks “Kapital: siyosiy iqtisodning tanqidi (Capital: A Critique of Political Economy)” kitobida dunyoni tengsizliklarsiz dunyoga aylantirishni tushuntirishga uringan.

Marks kapitalizmning ildizi, boy va kambag‘allar o‘rtasidagi katta qutblanish qanday qilib kapitalizmga borib taqalishini izohlaydi.

Karl Marks

Kitobda 2 fikr ilgari suriladi. Birinchisida kapitalizm qanday qilib yer o‘g‘irlash, odamlarni ko‘chirish va aholini avtoritar bo‘ysundirish orqali paydo bo‘lganini bayon qildi.

Angliyada yer o‘g‘irlash 15-17 asrlarda paydo bo‘lgan. Bu paytda agrar kapitalist sinflar dehqonlarni yerlaridan siqib chiqarish orqali mulklarini ko‘paytirganlar. Afrika, Osiyo va Shimoliy, Janubiy Amerikada aholi qirib tashlangan, qul qilingan va yerlar yangi sinflar tomonidan tortib olingan. Bu qo‘pol tengsiz dunyoni barpo qilishdagi birinchi harakat edi. Bu yerda ishlab chiqarish vositalariga kamroq guruhlar egalik qilsa, aholining kattagina qismi mehnatdan boshqa narsa sotolmagan.

Ikkinchi qarashga ko‘ra, Marks kapitalistlar ishchilar kuchidan boshlang‘ich qiymatidan ko‘ra ko‘proq qiymat yaratish uchun foydalanishini tushuntiradi. Shu bilan birga, kuchli kapitalistlar texnologik innovatsiyalar orqali ortiqcha qiymatning katta qismini kuchsizroq kapitalistlardan tortib olishga qodirligini ko‘rsatadi.

Kaliban va jodugar: Ayol, tana va ibtidoiy to‘planish”

Silviya Federiki italyan amerika akademigi, feminist. U 2004 yilda nashr qilingan “Kaliban va jodugar: Ayol, tana va ibtidoiy to‘planish (Caliban and the Witch: Women, the Body and Primitive Accumulation)” kitobida Yevropadagi jodugar ovlari ayollarni ijtimoiy hayotdan chetlashtirishning bir usuli bo‘lganligi va ayni paytda ish haqiga asoslangan zamonaviy iqtisodiyotning yuksalishiga hissa qo‘shganini tushuntiradi.

Silviya Federiki

Federiki ibtidoiy to‘planish erkaklar va ayollarga qanday turli xil ta’sir qilganini ko‘rsatadi. Ilgari dehqonlar mahalliy xo‘jayinlar tomonidan ekspluatatsiya qilingan, o‘z mahsulotining bir qismini unga topshirishgan yoki ba’zan foyda olmay ishlagan. Tibbiy yordam, doyalik va tug‘ishdan saqlanish ishlarini esa asosan keksa ayollar qilgan.

Federiki dehqonlarning mulksizlanishi va mehnat bozori evolyutsiyasi bilan bir qatorda, zamonaviy iqtisodiy tartib dehqon xonadonlari o‘rtasidagi birdamlikni yo‘q qilish asosiga qurilganligini ko‘rsatadi. Lordlar va ilk zamonaviy davlatlar bu jarayonni dehqon ayollariga nisbatan mizoginiya to‘lqinini qo‘zg‘atish orqali boshladilar. Boshqalarga tibbiy yordam ko‘rsatgan, ayniqsa tug‘ilishni nazorat qilgan ayollar jodugar deb atalgan va qiynoqqa solingan. Ayollar tobora ko‘proq maishiy, to‘lanmaydigan majburiyatlar bilan chegaralanib, mehnatlari qadrsizlangan.

Federiki yevropalik mustamlakachilar yerlarni egallab olish, qul qilish va yo‘q qilishni oqlash uchun ayollarni jodugarlar deb atagani haqida ma’lumotlar yig‘gan. Ular ayollarning mehnati uyda bo‘lishi kerakligi haqidagi tushunchalarni targ‘ib qilishgan. Zamonaviy iqtisodiy tizim tarixi gender shafqatsiz bo‘lgan va bu bugungi mehnat taqsimotlar ayollar uchun noqulay ekanining sabablaridan biridir.

Yerning baxtsizlari”

Frantz Fanonning «Yerning baxtsizlari (The Wretched of the Earth)» kitobida iqtisodiy va ijtimoiy tengsizlik, zo‘ravonlik va irqchilik avj olgan bugungi kun uchun ham javob bor. Fanon mustamlakachilik va kapitalizmga bog‘liq keskin irqiy to‘qnashuvni tushuntirib beradi. Tengsizlik va irqchilikni yengish, demokratik tenglikka asoslangan taraqqiyotning yangi gumanistik shaklini tasvirlaydi.

Frantz Fanon

Radikal psixiatr va siyosat faylasufi Fanon “Yerning baxtsizlari”ni Fransiya mustamlakachiligiga qarshi Jazoir inqilobining tugash arafasida yozgan. Fanon irqchilikni nafaqat iqtisodiy imkoniyatlardan mahrum qilish, balki insoniylikdan mahrum qilish deb hisoblaydi. Muallifning fikrlari mashhur bo‘lishining sabablaridan biri shuki, u boyroq mamlakatlarga o‘xshashga harakat qilishdan ko‘ra, rivojlangan mamlakatlar o‘zlarining qadriyatlariga, shuningdek, ularga xos uslub va uslublarga e’tibor qaratishlari kerakligini aytadi. Uning taraqqiyot tushunchasi sinfiy, jins va irqiy zulmni yengishni nazarda tutgan. Erkaklar va ayollarga konstitutsiya moddalarida emas, balki kundalik hayotda, fabrikada, maktablarda va yig‘ilishlarda teng darajada ahamiyat berilishi kerak.

Osiyoning navbatdagi giganti: Janubiy Koreya va kech sanoatlashish”

Massachusets texnologiya instituti professori Elice Amsdenning “Osiyoning keyingi giganti: Janubiy Koreya va kech sanoatlashish (Asia’s Next Giant: South Korea and Late Industrialization)” kitobi 1989 yilda yozilgan. Kitob 1950–1980 yillarda Janubiy Koreya agrar sanoatdan qanday qilib yuqori texnologiyali davlatga aylangani haqida.

Elice Amsden

Davlat ko‘zlangan maqsadlarga erishish uchun xususiy biznes ustidan yuqori darajada nazorat o‘rnatgan. Import tariflari, subsidiyalar va tanlangan firmalarga davlat yordami ko‘rsatish va banklarga asoslangan moliya nazoratini tashkil qilishgan. Aslida bularning barchasi Ikkinchi jahon urushidan keyingi o‘n yilliklar davomida dunyoning ko‘p qismida ham bor edi. Janubiy Koreyani ajratib turadigan narsa esa davlat firmalarni yuqori samaradorlik maqsadlariga erishishga majburlash qobiliyatiga egaligida edi.

Amsdenning iborasi bilan aytilsa, davlat «g‘oliblarni tanladi». Subsidiya olgan firmalar eksport qilishga majbur bo‘ldi yoki ularga pul ajratish to‘xtatildi. Hukumat elektr energiyasi, po‘lat, kimyoviy moddalar, gaz va sintetik tolalar narxlarini nazorat qiladi. Materiallar narxini past darajada ushlab turish kompaniyalarga ko‘proq daromadlarini tadqiqot va ishlanmalarga sarflashga yordam berdi. Sanoatni o‘zgartirish jihatidan bu katta muvaffaqiyat edi.

Teskari haqiqatlar: Taraqqiyot tushunchasidagi gender iyerarxiyasi”

London iqtisodiyot maktabi gender bo‘yicha professor Noila Kabir “Teskari haqiqatlar: Taraqqiyot tushunchasidagi gender iyerarxiyasi (Reversed Realities: Gender Hierarchies in Development Thought)” kitobini 1994 yilda yozadi. U ayollar ham xuddi erkaklar kabi bo‘lishi kerak degan aqlli iqtisodiyot g‘oyasiga qarshi chiqadi. Aqlli iqtisodiyot gender tengligi ayollar uchun yaxshi va bu iqtisodiyotni o‘stiradi, ya’ni bu ikkisi bir-birini mustahkamlaydi deydi. Kabir esa nega bu to‘g‘ri fikr emasligi tushuntiradi. Uning ta’kidlashicha, ayollar iqtisodiy bozorda erkaklar bilan teng ishtirok etishi mumkin, deyilganda bu 2 jinsning biologik farqlari e’tiborga olinmagan. Ayollarning uy ishlarini bajarishiga pul to‘lanmagani jinsiy notenglikni paydo qiladi. Aslida, chaqaloqlarni tug‘ish va emizish zamonaviy iqtisodiyotda muhim ahamiyatga ega.

Noila Kabir

Muallif fikricha, ayollar intilishi kerak bo‘lgan zamonaviy erkak (homo ekonomikus) tushunchasi ham uydirma. Rivojlanayotgan mamlakatlarda ishlayotgan ayollar soni ortyapti, lekin uy ishlariga qarashadigan erkaklar emas. Natijada ayollar 2 karra mehnat ostida qolyapti. Maqsad ayollarning ham erkaklar kabi ishlashi bo‘lsa, erkaklar ham ayollar kabi bola parvarishida qatnashishi ham muhimligi nega eslanmaydi?

Ozodlik taraqqiyot sifatida”

Siyosatchi va akademiklar ishonadigan eng muhim haqiqatlardan biri rivojlanish iqtisodiy o‘sishga bog‘liq, jumlasidir.

Hindistonlik iqtisodchi va Nobel mukofoti sovrindori Amartya Sen bu fikr nima uchun noto‘g‘ri ekanligini “Ozodlik taraqqiyot sifatida (Development as Freedom)” kitobida tushuntirib berishga harakat qiladi. Ko‘pgina mamlakatlar 20 asr oxiri va 21 asr boshlarida tez o‘sish va sanoat o‘zgarishiga erishdilar. 1960 va 1970 yillarda Braziliya, Janubiy Koreya va Xitoy kabi davlatlar avtoritar rejim ostida rivojlandilar.

Ba’zilar avtoritarizmni ishchi kuchi rivojlangan mamlakatlarga yetib olish uchun zarur deb hisoblaydi. Senning ta’kidlashicha, inson rivojlanishi haqiqiy erkinlik orqali bo‘lishi kerak. Asosiy erkinliklarga savodxonlik va hisob-kitoblar bilan bir qatorda ochlik, to‘yib ovqatlanmaslik va erta o‘lim xavfidan xoli hayot kiradi. Odamlarning erkinliklari muhim ahamiyatga ega va bu iqtisodiy ishtirokni kuchaytiradi.

Amartya Sen

U kambag‘allikni daromadga qarab hisoblaydigan ko‘rsatkichlarga qarshi chiqadi, lekin qashshoqlik erkinlikni qanday cheklashi va bu erkinlikni qashshoqlikka qarshi choralar bilan qanday erishishga e’tibor qaratadi.

Muvaffaqiyat sari 5 qadam yoxud tadbirkor talabaning biznes sirlari

0

Samarqand davlat universiteti talabasi, “Milliy academy” IT dasturlash maktabi asoschisi, yosh tadbirkor Nilufar Omonova bu haqda o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi:

Har qanday katta muvaffaqiyat ilk qadamdan boshlanadi. Biznesda yuqori natijalarga erishish insondan kuchli mehnat va tinimsiz izlanishni talab etadi. Ko‘pchilikning nazdida har qanday erishilgan yutuq uzoq yillik tajribaning mahsuli bo‘ladi. Xo‘sh, o‘z shaxsiy biznesini ochish, halol mehnat ortidan daromad ishlab topish uchun inson avval ulg‘ayib, oliy ma’lumotga ega bo‘lishi, muayyan sohada tajriba orttirishi shartmi? Muvaffaqiyatga erishish yo‘li necha qadamdan iborat?

1-qadam – o‘z oldiga maqsad qo‘yish

Kompyuter texnologiyalariga qiziqish menda bolaligimdan boshlangan. Boshlang‘ich sinfda o‘qib yurganimda otam kompyuter sovg‘a qilgandi. Shundan keyin asta-sekinlik bilan kompyuterni o‘rgana boshladim. Bu borada meni hamisha qo‘llab-quvvatlovchi inson otam bo‘lgan. Oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirgan paytlarimda yangi kompyuter olishga sharoit to‘g‘ri kelmay bir muddat eski kompyuterda dars tayyorlashimga to‘g‘ri kelgan. Darslarda zamonaviy dasturlar bilan ishlay olmasligim ko‘p qiyinchilik tug‘dirardi. Otam buni sezgan zahoti menga yangi, eng so‘nggi rusumdagi zamonaviy kompyuter olib berdi. Keyin bilsam, uyimizdagi bittayu-bitta sigirni sotib menga yangi kompyuter olgan ekan. Buni eshitgach, uydagilarning oldida o‘zimni aybdor seza boshladim, vijdonim qiynaldi. O‘shanda o‘zimga-o‘zim “Kelgusida yaxshi biznes ochib, oilamga men uchun sarflaganlarini albatta qaytaraman” deb so‘z berganman. Va bu niyatni maqsadga aylantirib, intilishni boshladim.

2-qadam – boshlash

Tinimsiz sa’y-harakatlarimning natijasi o‘laroq 17 yoshimda dasturlash orqali ilk daromadimni ishlab topdim va o‘z o‘quv markazimni ochib, talabalarga IT sohasi bo‘yicha dars bera boshladim. Shundan keyin markazimiz asta-sekinlik bilan kengayib bordi. Dasturiy ta’minot ishlab chiqishga bo‘lgan talabning ortishi hamda dasturlash va axborot texnologiyalari sohasiga qiziquvchi yoshlar sonining kun sayin oshib borishi natijasida ishlarimiz yurishib ketdi.

3-qadam – qo‘llab-quvvatlash

Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov bilan 2021-yil mart oyida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda viloyatda axborot texnologiyalari va dasturlash sohasini rivojlantirishga qaratilgan takliflarimni bildirdim. Taklifim mazmuni yirik ko‘lamda IT sohasiga ixtisoslashgan o‘quv markazi ochish edi. Bu borada viloyat hokimidan amaliy yordam so‘radim. Shundan so‘ng hokim tashabbusi va ko‘magi bilan bizga shahar hududida foydalanilmayotgan bo‘sh binolardan biri hech qanday ijara shartlarisiz rasmiylashtirib berildi. Yangi tashkil etilgan markazimizga Samarqand viloyati hokimligi tomonidan zamonaviy mebel jihozlari va 20 dona kompyuter sovg‘a qilindi. Dastlab 3 kishidan iborat jamoamiz 10 kishiga kengaydi. 100 dan ortiq talabalarga dasturlash sohasidan saboq bera boshladik.

4-qadam – to‘siqlarni yengib o‘tish

Bu orada bir qancha muammolar paydo bo‘ldi. Binomizni ta’mirlash va markaz faoliyatini kengaytirish uchun katta miqdorda pul mablag‘i kerak edi. Buning uchun kredit so‘rab ko‘plab banklarga murojaat qildim, ammo ularning hech biri menga ishonmadi. O‘zgalarning menga nisbatan ishonchsizligi ruhiyatimga ham salbiy ta’sir qildi. Keyin hamma ishimni yig‘ishtirib, chet elga o‘qishga ketmoqchi bo‘ldim. Xuddi shu paytda Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan biznes loyiham uchun foizsiz va garov ta’minotisiz 100 ming AQSH dollari miqdorida kredit ajratilishi haqida xabar keldi. Ushbu sarmoyani o‘quv markaz binosini ta’mirlash va yangi filial ochishga sarfladim. Hozirda markazimizda 10 dan ortiq malakali dasturchi, ular qatorida o‘zim ham 100 dan ortiq talabalarga dasturiy ta’minot ishlab chiqish va IT dasturlari bo‘yicha saboq berib kelyapmiz. Shu bilan bir qatorda hamkasblarim bilan tayanch harakat tizimida nuqsoni borlar uchun harakatlanishni ta’minlovchi uskuna ishlab chiqmoqdamiz. Qo‘l, oyoq, gavda harakatlanish tizimida nogironligi bo‘lgan bemorlar uning yordamida bemalol harakatlanishi mumkin. Ushbu uskunani mamlakatimiz hududida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish jarayonida o‘rtacha 25 ta ish o‘rni yaratiladi.

5-qadam – mukammal o‘ylangan reja

Kelgusida kiberxavfsizlik va sunʼiy intellektga ixtisoslashgan markaz tashkil etish rejamizda bor. Har yili “Milliy academy ” bitiruvchilari orasidan eng bilimli, mahoratli talabalarni tanlab olib, ularni malaka oshirish uchun chet elga yuboramiz. Ular xorijda tajriba oʻrganib qaytgach ushbu yangi markazda faoliyat boshlaydi. Bu yerda xorijiy mamlakatlar bilan oʻzaro hamkorlikda sunʼiy miya yaratish ishlarini yoʻlga qoʻymoqchimiz. Bu sunʼiy miya bosh miya falaji kasalligiga chalingan bemorlarning miyasiga oʻrnatiladi. Uskuna miyadagi falaj hujayralar faoliyatini tiklab, uning risoladagiday faoliyat yuritishini taʼminlab beradi. Ushbu tadqiqot dunyoning ayrim mamlakatlarida sinovdan oʻtkazilgan boʻlsa ham hali amaliyotga joriy qilinmagan. Biz uni mamlakatimizda ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻymoqchimiz. Shuningdek, kelgusi 5 yil ichida taʼlim klasteri asosida faoliyat olib boradigan, IT sohasiga ixtisoslashgan bogʻcha – maktab – universitet taʼlim klasterini tashkil qilmoqchimiz.

Biznes bilan shugʻullanmoqchi boʻlgan yoshlarga tavsiyalarim:

– Har bir yoʻl qoʻyilgan xato ustida ishlash;
– Asosiy koʻnikmalarni puxta egallash;
– Muammoli vaziyatlarga nisbatan pozitiv yondashish;
– Izlanuvchanlik va kerakli maʼlumotlardan unumli foydalana olish;

O‘zbekiston YaIM 1 kvadrillion so‘mdan oshdi

0

2023 yilda O‘zbekistonining yalpi ichki mahsuloti hajmi joriy narxlarda 1 kvadrillion 66,5 trln so‘mni tashkil etdi. Bu haqda Statistika agentligi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston iqtisodiyoti 2023 yilda 6 foizga o‘sgan.

Xususan, sanoat tarmog‘ining o‘sishi 6 foizni tashkil etib, YaIM o‘sishiga qo‘shgan hissasi 1,5 foiz punktga, qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligining o‘sishi 4,1 foizni tashkil etib, YaIM o‘sishiga qo‘shgan hissasi 1 foiz punktga, xizmat ko‘rsatish sohasining o‘sishi 6,8 foizni tashkil etib, YaIM o‘sishiga qo‘shgan hissasi 2,6 foiz punktga baholangan.

Shuningdek, qurilish sohasi 6,4 foizga, sof soliqlar miqdori 7,4 foizga o‘sgan.

O‘tgan yili respublika iste’mol sektorida inflatsiya darajasi 8,8 foizni tashkil etgan. Bunda oziq-ovqat mahsulotlari o‘rtacha 9,7 foizga, nooziq-ovqat mahsulotlari esa o‘rtacha 7,7 foizga qimmatlashgan.

2023 yilda AQSh dollarining so‘mga nisbatan o‘rtacha rasmiy kursi 11 741 so‘mga teng bo‘lgan. Shunga ko‘ra, mazkur kurs bo‘yicha hisoblangan YaIM hajmi 90 mlrd 841 mln dollarni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 10 mlrd 457 mln dollarga ko‘p.

O‘tgan yili aholi jon boshiga hisoblangan YaIM hajmi 29,3 mln so‘m yoki 2494 dollarga yetgan. Bunda, yil davomidagi doimiy aholi soni o‘rtacha 36 mln 412 ming kishi deb olingan.