Matbuot xizmatiYangiliklarYoshlarni ish bilan ta’minlayotgan tadbirkorlarga qo‘shimcha imkoniyatlar yaratiladi

Yoshlarni ish bilan ta’minlayotgan tadbirkorlarga qo‘shimcha imkoniyatlar yaratiladi

Barcha oliygohlarda Tadbirkorlik asoslari fani o‘qitiladi, karyera markazlari faoliyati baholanib, eng yaxshi 20 ta oliygohga 500 mln so‘mdan mablag‘ ajratiladi.

8-iyun kuni Shavkat Mirziyoyev mamlakat oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining bandligini ta’minlash yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

2026-yilda respublika oliygohlarini 320 ming nafar talaba bitirishi kutilmoqda. So‘nggi yillarda mehnat bozoriga kirayotgan bitiruvchilar soni ortib bormoqda. Ularning bandligini ta’minlash uchun bo‘sh ish o‘rinlariga yo‘naltirish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va oliygohlardagi karyera markazlari imkoniyatlaridan samarali foydalanish muhimligi qayd etildi.

Bitiruvchilarning tadbirkorlik loyihalarini imtiyozli shartlarda moliyalashtirish bo‘yicha Kelajakka qadam dasturi yo‘lga qo‘yilgan. Uning doirasida 2025-yilda 6 mingdan ortiq loyihalar uchun 378 mlrd so‘m mablag‘ ajratilib, 8 ming nafarga yaqin bitiruvchilarning bandligi ta’minlandi.

Taqdimotda 2026-yilda 8 mingdan ziyod loyihalarni moliyalashtirish uchun 500 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltirish, 10 mingga yaqin yoshlarni band qilish rejalashtirilgani ma’lum qilindi. Dasturni unda ishtirok etuvchi tadbirkorlarga qo‘shimcha moliyaviy imkoniyatlar taqdim etish orqali yanada kengaytirish taklif etildi.

Shuningdek, TalabaExpo-2026 kasb ko‘rgazmalarini ish beruvchi tashkilotlari va tadbirkorlarni faol jalb etgan holda respublikaning boshqa hududlarida ham samarali tashkil etish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Bitiruvchilar bandligini ta’minlashda vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar, yirik xo‘jalik birlashmalari mas’uliyatini oshirish muhimligi qayd etildi. Barcha jarayonlar career.edu.uz platformasi orqali monitoring qilinib, bandlikni ta’minlash masalasi mahalliy hokimliklar darajasigacha tushiriladi. Natijada bitiruvchilar bilan ishlashning vertikal tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Shu bilan birga, talabalarni ish bilan band qilishda oliygoh darajasida ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish bo‘yicha yangi mexanizmlar taklif qilindi.

Barcha oliygohlarda karyera markazlari faoliyati to‘liq yo‘lga qo‘yilib, natijadorligiga qarab rag‘batlantirib boriladi. Markazlar faoliyati Bitiruvchi sifati indeksi orqali baholanib, eng yuqori natija ko‘rsatgan 20 ta oliygohning karyera markazlariga 500 mln so‘mdan ajratiladi.

Joriy yilda oliygoh miqyosida 360 ta, fakultetlar miqyosida 750 ta mehnat yarmarkalari hamda har bir yo‘nalish kesimida mingdan ortiq ish beruvchilar bilan uchrashuvlar (vorkshoplar) tashkil etiladi.

Shuningdek, 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab talabalarda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish, ularni biznes yuritish uchun mavjud imkoniyatlar bilan tanishtirish maqsadida barcha oliygohlarda “Tadbirkorlik asoslari” fanini o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi.

Shu bilan birga, oliygohlarda talabalarning startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, tashkil etiladigan spin-off korxonalariga talabalarni jalb etish, kafedralarning tegishli tarmoq korxonalarida filiallarini ochish, bitiruv loyihalari himoyasini ish beruvchi korxonalarda o‘tkazishni kengaytirish chora-tadbirlari belgilandi.

Aniq buyurtma, moslashuvchan dasturlar asosida kadrlar tayyorlashga qaratilgan maqsadli dual ta’lim shaklini ham yo‘lga qo‘yish tashabbusi bildirildi.

Bunda talabgorlarni dasturga qabul qilish, to‘lov-kontrakt miqdorini belgilash ish beruvchi hamda oliygoh o‘rtasida o‘zaro kelishuvga ko‘ra amalga oshirilib, buyurtmachi talaba o‘qishni tamomlaganidan so‘ng uni ish bilan ta’minlashga kafolat beradi.

Taklif qilingan chora-tadbirlar ijrosini sifatli tashkil etishda oliygohlar rahbariyatining mas’uliyatini oshirish, ularning KPI ko‘rsatkichlarida bitiruvchi bandligining ta’minlanganini asosiy mezon sifatida belgilash zarurligi qayd etildi.

Prezident mutasaddilarga bitiruvchilar bilan ishlashni samarali tashkil etish, bildirilgan tashabbuslarni puxta ishlab chiqish, qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratishda barcha imkoniyatlarni safarbar etish yuzasidan topshiriqlar berdi.

Avvalroq OTMlarga hujjatlar qabuli boshlangani haqida xabar berilgandi.

Bo‘limlar

So'nggi yangiliklar

O‘zbekistonda davlat boshqaruvining yagona raqamli platformasi joriy etiladi

Yangi tizim dastlab Toshkentda sinov tariqasida ishga tushiriladi, 2027-yildan esa barcha hududlarga bosqichma-bosqich joriy etiladi. Shavkat Mirziyoyev davlat boshqaruvining yagona integratsiyalashgan raqamli platformasini joriy etish,...

Tibbiy jihozlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning yangi talablari tasdiqlandi

Yangi yo‘riqnoma tibbiy jihozlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun taqdim etiladigan hujjatlar va ularning markirovkasiga qo‘yiladigan yagona talablarni belgilaydi. Tibbiy jihozlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish hujjatlariga qo‘yiladigan talablar...

O‘zbekiston qish uchun 120 ming tonna avtobenzin zaxirasini yaratadi

Shuningdek, mavsum davomida issiqlik elektr stansiyalariga 4,16 mln tonna ko‘mir yetkazib berilishi prognoz qilinmoqda. 6-iyul kuni Shavkat Mirziyoyev neft-gaz tarmog‘ida navbatdagi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarining...

Baliqchilik xo‘jaliklariga yangi subsidiyalar beriladi, suv obyektlari esa auksionga chiqariladi

Baliqchilikni rivojlantirish markazi tashkil etilib, tadbirkorlarga quyosh panellari, uskunalar va naslli baliq importi uchun subsidiya hamda kompensatsiyalar ajratiladi. Prezidentning baliqchilik tarmog‘ini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi...

15 yillik stajga ega tibbiyot xodimlariga ipoteka krediti uchun subsidiya beriladi

Har chorak 125 nafar xodim onlayn tanlov asosida tanlab olinib, ularga boshlang‘ich to‘lov uchun mablag‘ ajratiladi. Shuningdek, xodimlar farzandlarining kontrakt to‘lovi ham qoplab beriladi. 12-iyun...

O‘zbekistonda 10 ming yoshga noutbuk xarid qilish xarajatining yarmi qaytarib beriladi

Shuningdek, IT yo‘nalishidagi talabalar uchun yangi stipendiyalar, dual ta‘lim va kompyuter xaridini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari joriy etiladi. Avvalroq prezident yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazgani haqida xabar berilgandi. Raqamli hukumat markazida birinchi...