“Ma’muriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish to‘g‘risida»gi prezident farmoni qabul qilindi.

Farmonga ko‘ra, quyidagilar adliya organlarining qo‘shimcha faoliyat yo‘nalishlari etib belgilandi:

  • aholining kundalik hayotida uchraydigan huquqiy muammolarni aniqlash, ularni tahlil qilish va bartaraf etish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rib borish;
  • joylarda aniqlangan tizimli muammolarni bartaraf etishga qaratilgan qonunchilik hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish;
  • fuqarolarga bepul birlamchi yuridik yordam ko‘rsatish tizimini yo‘lga qo‘yish va muvofiqlashtirish;
  • davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy hokimiyat hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida yagona huquqni qo‘llash amaliyotini shakllantirishda metodik yordam ko‘rsatish.

Adliya organlari faoliyatini hududlarda samarali tashkil etish hamda huquqiy xizmatlar qamrovini oshirish maqsadida tuman (shahar) adliya bo‘limlariga ayrim qo‘shimcha vazifalar yuklatildi.

Masalan, joylarda aholi tomonidan ko‘tarilayotgan dolzarb muammolarni ko‘rib chiqish va hal etish uchun har oyda mahallalarda “Adliya kuni” tadbirlarini o‘tkaziladi. Bunda olis hududlardagi mahallalarda har oyda kamida ikki marotaba sayyor davlat xizmatlarini ko‘rsatib borish belgilandi. Aholiga, avvalambor “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” hamda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” tizimiga kiritilgan fuqarolarga bepul birlamchi yuridik yordam ko‘rsatilishi ta’minlanadi.

Yoshlar, xotin-qizlar, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarni, tadbirkorlarni belgilangan imtiyozlar, preferensiyalar, subsidiyalar, grantlar va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning boshqa turlari hamda ulardan foydalanish tartibi haqida xabardor qilinadi.

davlat organlari va tashkilotlarining tuman (shahar) bo‘linmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida yagona huquqni qo‘llash amaliyotini shakllantirishda ularga metodik yordam ko‘rsatib borish

2024-yil 1-iyuldan fuqarolarga bepul birlamchi yuridik yordam ko‘rsatishning quyidagi tartibi joriy qilinadi:

  • Adliya vazirligi tomonidan “Madad” NNT bilan hamkorlikda mamlakatning barcha tuman va shaharlaridagi davlat xizmatlari markazlarida “Madad” NNTning huquqiy maslahat byurolari bosqichma-bosqich tashkil qilinadi;
  • huquqiy maslahat byurolari tomonidan aholiga bepul huquqiy maslahatlar beriladi, shuningdek nizolarni sudgacha va sud orqali hal etishda zarur bo‘ladigan protsessual hujjatlarni tayyorlashda ko‘maklashiladi. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida “Mahalla huquqshunosi” loyihasi amalga oshirilib, loyiha doirasida organ raislarining huquqiy bilim va ko‘nikmalarini uzluksiz oshirishga qaratilgan qisqa muddatli bepul o‘quv kurslari tashkil etiladi.

Maktablarda 2024/2025 o‘quv yilidan vazirlikning maxsus elektron platformasi orqali huquq fani o‘qituvchilarining kasbiy bilim va ko‘nikmalarini uzluksiz oshirib borish hamda ularni metodik ta’minlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

maktab o‘quvchilarining huquqiy bilimlarni mustaqil o‘zlashtirishiga qaratilgan ko‘rgazmali o‘quv qo‘llanmalari, videoroliklar, kompyuter o‘yinlari va mobil ilovalar yaratiladi.