Bosh sahifa Blog Sahifa 112

20-iyundan 1-sinfga qabul jarayonlari boshlanadi

0

Bunda ota-onalar 20-iyundan boshlab my.maktab.uz elektron platformasi orqali ro‘yxatdan o‘tib, ariza topshirishlari mumkin.

 

O‘zbekistonda 2024−2025 o‘quv yili uchun 1-sinfga qabul 20-iyundan boshlanadi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xabar qildi.

Reglamentga muvofiq, 1-sinfga qabul jarayonlari 2 bosqichda amalga oshiriladi:

  • 1-bosqich: 20-iyundan 31-iyulgacha mikro-hudud doirasida;
  • 2-bosqich: 1-avgustdan 15-avgustgacha mikro-hududdan tashqarida.

1-sinfga qabul jarayonlari havoladagi tuman (shaharlarda) elektron shaklda davlat xizmatlari orqali amalga oshiriladi. Bunda ota-onalar 20-iyundan boshlab my.maktab.uz elektron platformasi orqali ro‘yxatdan o‘tib, ariza topshirishlari mumkin.

Davlat xizmatlari ko‘rsatilmaydigan hududlarda 1-sinfga qabul qilingan o‘quvchilar vazirlik elektron tizimi (adm.maktab.uz)ga kiritiladi

“Ta’lim to‘g‘risida»gi Qonunga muvofiq, bolalar 7 yoshga to‘ladigan yilda maktabga qabul qilinadi. Bu yil 1-sinfga 2017-yilning 31-dekabriga qadar tug‘ilgan bolalar qabul qilinadi.

 

O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari bir oyda $1,5 mlrdga oshdi

0

Regulyator ilk bor zaxiralarga oid ma’lumotlar tarkibida qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha statistikani taqdim etdi.

 

May oyida O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari $1,5 mlrddan ortiqqa oshdi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumotlarida keltirilgan. Joriy yilning 1-iyun holatiga ko‘ra, mamlakat zaxiralari bir oylik $1,52 mlrd o‘sish bilan, $36,6 mlrdni tashkil etdi.

Xorijiy valyutadagi aktivlar miqdori aprel oyidagi pasayishdan keyin $1,24 mlrdga oshib, $9,26 mlrdga yetdi.

Regulyator ilk bor zaxiralarga oid ma’lumotlar tarkibida qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha statistikani taqdim etdi. Unga ko‘ra, qimmatli qog‘ozlar $35 mlnni tashkil etgan. Avvalroq Markaziy bank birinchi marta xorijiy davlat qimmatli qog‘ozlariga investitsiya kiritgandi.

Shuningdek, regulyatorning boshqa mamlakatlar markaziy banklari hamda XVJdagi depozitlari hajmi sezilarli oshib, $422,7 mlnni tashkil etdi.

Boshqa xorijiy moliya institutlarining hisobvaraqlaridagi mablag‘lar miqdori esa bir oy davomida $1,2 mlrdga oshdi. Natijada, ko‘rsatkich yil boshidagi $8,8 mlrdni qayd etdi.

Mayda mamlakat oltin zaxiralari biroz ($278,8 mln) o‘sib, $26,8 mlrdni tashkil etdi. Zaxiradagi oltinning fizik hajmi biroz pasaydi — 11,4 mln troy unsiya.

O‘zbekiston va Turkiya $10 mlrdlik yangi investitsiya loyihalari portfelini shakllantirdi

0

Turkiya O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishida texnik ko‘mak beradi. Tomonlar ikki tomonlama savdo hajmini $5 mlrdga yetkazishni rejalashtirmoqda.

Shavkat Mirziyoyev va Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an raisligida O‘zbekiston-Turkiya oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining uchinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

So‘nggi yillarda o‘zaro savdo hajmi 1,5 barobarga, qo‘shma korxonalar soni 2 barobarga, O‘zbekiston iqtisodiyotiga turk investitsiyalari hajmi 2,5 barobarga oshdi.

Ikki davlatning yirik shaharlari o‘rtasida haftasiga 90ta parvoz amalga oshirilmoqda, Turkiyadan kelayotgan turistlar oqimi 3 barobarga ko‘paydi. Yaqin kelajakda ikki tomonlama savdo hajmini $5 mlrdga yetkazish maqsad qilingan. O‘zbekistonda turk kompaniyalari tomonidan 100dan ortiq loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Tashrif doirasida $10 mlrdlik yangi investitsiya loyihalari portfeli shakllantirildi.

Ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish maqsadida sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va birgalikda uchinchi davlatlar bozorlariga chiqish muhimligi ta’kidlandi.

Shuningdek, imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim doirasida bojxona tariflarini pasaytirish, Istanbulda O‘zbekiston savdo vakolatxonasini ochish zarurligi qayd etildi.

Qishloq va suv xo‘jaligi, sog‘liqni saqlashni raqamlashtirish va tibbiyot klasterlarini tashkil etish sohalarida Turkiya tajribasi va DXSh mexanizmlarini joriy etishga talab borligiga e’tibor qaratildi. Ikki mamlakatning transport-logistika salohiyatini oshirish, shu jumladan, O‘rta koridor imkoniyatlaridan samarali foydalanish hamkorlikning muhim yo‘nalishi ekanligi ta’kidlandi.

Oliy, professional va texnik ta’lim sohasida hamkorlikni rivojlantirish, teatr festivallari, madaniyat haftaliklarini o‘tkazish, birgalikda tarixiy filmlar suratga olish va madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilish sohalarida hamkorlikni kengaytirish ko‘rib chiqildi.

Shavkat Mirziyoyev va Rejep Tayyip Erdog‘an Keng qamrovli strategik sheriklikni chuqurlashtirish to‘g‘risida qo‘shma deklaratsiyani imzolashdi.

Ikki mamlakat rahbarlari huzurida ko‘p qirrali sheriklikning ko‘plab sohalarini qamrab olgan 19ta hujjat imzolandi. Jumladan:
  • Ilmiy almashinuv va yuqori texnologiyalar sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim;
  • Hududiy rivojlanish sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash to‘g‘risida bitim;
  • Standartlashtirish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
  • O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishida texnik ko‘mak ko‘rsatish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
  • Kosmik fanlar, texnologiyalar va tadqiqotlar sohasida hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
  • Qishloq xo‘jaligi ta’limi sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
  • Energetik rivojlanish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
  • Madaniyat sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
  • Axborot sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
  • Kadastr masalalari bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
  • Turizm sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
  • Oila instituti va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
  • Boshqaruv kadrlarini tayyorlash sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
  • Huquqiy sohada malaka oshirish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma.

Shuningdek, imtiyozli savdo, energetika bozorini tartibga solishga oid ikki tomonlama hujjatlar hamda Qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi qabul qilindi.

Markaziy bank birinchi marta xorijiy davlat qimmatli qog‘ozlariga investitsiya kiritdi

0

Shuningdek, Jahon banki ko‘magida oltin-valyuta zaxiralarini diversifikatsiya qilish uchun investitsiya portfeli shakllantirildi.

Markaziy bank tarixda birinchi marta xorijiy davlat qimmatli qog‘ozlariga investitsiya kiritdi, deya xabar berdi regulyator matbuot xizmati.

Jahon banki missiyasi doirasida xalqaro zaxiralarni boshqarishda diversifikatsiyaning ahamiyati, jumladan, xorijiy davlat qimmatli qog‘ozlariga investitsiya qilish, risklarni baholash, shuningdek, Markaziy bankning tarkibiy tegishli bo‘linmalari ish jarayonini to‘g‘ri tashkil etish bo‘yicha maxsus treninglar o‘tkazildi.

Jahon banki ekspertlari regulyator xodimlarining qimmatli qog‘ozlarga investitsiya qilish, savdo va hisob-kitob operatsiyalarini amalga oshirish, buxgalteriya hisobi va muvofiqlikni o‘rnatishda risklarni boshqarish bo‘yicha malakasini oshirishga yordam berdi.

Markaziy bank oltin-valyuta zaxiralarini diversifikatsiya qilish maqsadida qimmatli qog‘ozlarga birlamchi investitsiyalar bo‘yicha operatsiyalarni amalga oshirdi va tegishli investitsiya portfellarini shakllantirdi.

Tashrif yakunlari bo‘yicha Jahon banki g‘aznachiligi ekspertlari xalqaro zaxiralarni boshqarish tizimi va regulyatorning tarkibiy bo‘linmalari faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar berdi.

Bundan tashqari, oltin-valyuta zaxiralari tarkibiga yangi moliyaviy vositalarni kiritish va Markaziy bank xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha kelgusidagi harakatlar to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

1-may holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning xalqaro zaxira aktivlari $35,1 mlrdni tashkil etdi, bu zaxiralarning to‘rtdan uch qismidan ko‘prog‘i oltin zaxiralariga to‘g‘ri keladi, ularning qiymati 2018-yildan beri eng yuqori ko‘rsatkichga yetdi.

Bill Geyts 2025-yilda o‘zining memuar kitobini chiqaradi

0

Bill Geyts “Microsoft” kompaniyasini tashkil etishdan oldingi hayoti haqida kitob chiqaradi. Bu haqda u o‘z blogida ma’lum qildi. Kitob 2025-yilning fevral oyida “Source Code” nomi ostida chiqariladi, uni allaqachon “Amazon»da oldindan buyurtma qilish mumkin.

Unda Geytsning bolaligidan Garvard universitetini tashlab, “Microsoft” kompaniyasining asoschisiga qadar bo‘lgan hayoti qamrab olingan.

Geyts ta’kidlaganidek, u 20 yoshidan beri diqqat markazida, ammo uning bu yoshga qadar hayoti haqida juda kam narsa ma’lum. Shu bilan birga, undan tarbiya, o‘qishi, kompaniya tuzish qarori haqida doim so‘rashadi. “Bu savollar meni odamlar hayotim va uni shakllantirgan ta’sirlar bilan qiziqtirishi mumkin deb o‘ylashga majbur qildi”, deb yozadi Geyts.

Qayd etishicha, Geyts kitobda men hayotining dastlabki davridagi ba’zi og‘ir damlari: bolaligida qanday qilib omadsizlikka uchragani, o‘smirlik chog‘ida ota-onasi bilan qanday kurashgani, yaqin odamimdan to‘satdan ayrilishni boshdan kechirgani haqida o‘rtoqlashgan.

Shuningdek, u maktabni tashlab, hali mavjud bo‘lmagan sohaga pul tikishga qaror qilganimda duch kelgan qiyinchiliklarim haqida gapiradi.

“Ammo siz menga ishongan, meni oldinga siljitgan va g‘ayrioddiy tomonlarimni kuchli tomonlarga aylantirishga yordam bergan odamlar haqida ham bilib olasiz”, deydi Geyts.

Yosh tadbirkorlar tanlovida ishtirok etish uchun arizalar qabul qilinmoqda

0

Tanlov g‘oliblariga 50 mln so‘mgacha pul mukofotlari berilib, finalchilarga esa imtiyozli kreditlar ajratiladi.

Savdo-sanoat palatasi “Yosh tadbirkor” tanlovida ishtirok etish uchun arizalar qabuli boshlanganini e’lon qildi.

Tanlov Shavkat Mirziyoyev tomonidan e’lon qilingan “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga qaratilgan Davlat dasturi doirasida o‘tkazilmoqda.

Tadbir o‘zbekistonlik yoshlar o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida tashkil etilmoqda. Tanlovda biznes-reja, innovatsion loyiha yoki startap g‘oyasi bo‘lgan 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar ishtirok etishi mumkin. Tanlov to‘rt bosqichda o‘tkaziladi.

Birinchi bosqichda mahallalar bo‘yicha tanlovda ishtirok etish istagini bildirganlar ro‘yxati shakllantiriladi.

Keyin tuman bosqichi doirasida oilakredit.uz platformasi orqali oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun kredit olish uchun ariza topshirish kerak.

Platformaning ball tizimidan ijobiy baho olgan va hokim yordamchisining tavsiyasiga ega bo‘lgan nomzodlar moliyaviy savodxonlik testini topshirishga taklif qilinadi. Hududiy bosqichga yo‘llanma olish uchun kamida 60 ball to‘plash kerak bo‘ladi.

Keyin ishtirokchilar o‘z loyihalarini mutaxassislarga taqdim etishlari kerak. Har bir hududdan beshta eng yaxshi loyiha tanlovning respublika bosqichida yoshlar oromgohiga taklifnoma oladi.

Final ishtirokchilari tadbirkorlik asoslarini qamrab oluvchi ikki kunlik seminarda qatnashadilar. Shundan so‘ng, ular o‘z loyihalarini uchta eng yaxshi tashabbusni tanlab oladigan tanlov komissiyasiga taqdim etishlari kerak. Birinchi o‘rin uchun mukofot to‘lovlari miqdori 50 mln so‘m, ikkinchi va uchinchi o‘rinlar uchun mos ravishda 40 mln va 30 mln so‘mni tashkil etadi. G‘oliblarga malaka oshirish uchun xorijga sayohatlar ham taqdim etiladi.

Bundan tashqari, barcha finalchilar loyihani rivojlantirish uchun BHMning 1000 baravari (340 mln so‘m)gacha imtiyozli kredit olish bo‘yicha tavsiyanomalar oladi.

Batafsil ma’lumotni yoshlarportali.uz saytida bilib olish va ro‘yxatdan o‘tish mumkin.